Ziyo.uz
SHE'RIYAT
» Sayt haqida
» Yangiliklar
» Islom
» Iqtisod
» Siyosat
» Ma'rifat
» Ajoyibotlar
» Forum
» Muallif haqida
» Tashrif kitobi
 

Ziyo Uz forumi - Sizni qiziqtiradigan har qanday mavzu muhokamasi, bahslar maydaoni... Siz ham ishtirok eting...

 

MOHLAROYIM NODIRA
(1792 - 1842)
   
Taniqli shoira, davlat arbobi. Asl ismi Mohlaroyim, Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga keldi. 1808 yilda o’sha paytda Marg’ilon hokimi bo’lgan Amir Umarxonga turmushga chiqadi. 1810 yilda akasi Olimxon o’rniga taxtga chiqqan Umarxon bilan Qo’qonga keladi. 1822 yil Umarxonning fojeali vafotidan so’ng o’g’li Ma’dalixon bilan birga Qo’qon xonligini boshqaradi. Madrasa, masjid, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. 1842 yil Buxoro xoni Amir Nasrulloh tomonidan qatl etiladi.

O’zbekcha she’rlarida Komila va forsiyda Maknuna taxalluslari bilan ham asarlar yaratgan. Uning 10.000 misraga yaqin asari yetib kelgan. G’azal, muxammas, ruboiy, fard kabi ko’plab janrlardan faol foydalangan. She’rlarida Navoiy, Fuzuliy, Bedil an’analarini davom ettirgan. Nodira g’azallarida firoq, dard iztiroblari samimiy bayon qilingan.

Nodira hayoti va ijodini o’rganish o’z davridanoq boshlangan. Hakimxon To’raning “Muntaxabut-tavorix”, Avazmuhammad Attorning “Tuhvatut-tavorix”, Ishoqxon To’raning “Tarixi Farg’ona”, Mushrifning “Ansobus-salotin va tavorixi xavoqin” kabi tarixiy asarlarda, Uvaysiyning “Voqeoti Muhammadalixon”, Nodir-Uzlatning “Haft gulshan” nomli dostonlarida Nodiraning iqtidori, faoliyati borasida qimmatli ma’lumotlar bayon etilgan.

   
Vasl uyin obod qildim…
Nodira ahvolidin ogoh bo’ling
Marhabo
Muhabbatsiz kishi odam emasdur
Yorsiz na lazzat
Dodim eshit
Dahrni imtihon etib ket
Ko’zlarim mushtoqdur diydor uchun...
Ehtiyoj
Tushumda ko'rsam edi
Sog'indim
Shukr ayla xudoga
::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::

VASL UYIN OBOD QILDIM…

Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat,
Seli g’amdin bu imorat bo’ldi vayron oqibat.

Qildi choki piroqan dog’I dilimni oshkor,
Qolmadi ko’nglumda zaxmi ishq pinhon oqibat.

Ahdu paymonlar qilib erdi, vafo qilg’um debon,
Ayladi tarki vafo ul ahdi yalg’on oqibat.

Orzu qildim tutarmen deb visoli domanin,
Pora bo’ldi hajr ilgida giribon oqibat.

Zohido, ishqu muhabbat ahlini ma’zur tut,
Yor ko’yida na bo’ldi shayx San’on oqibat.

Baski, qon bo’ldi yurogim gavhari ashk o’rnig’a,
Qatra-qatra ko’zlarimdin tomdi marjon oqibat.

Ohkim, bo’ldi yana subhi nishotim shomi g’am,
Chehra pinhon etti ul xurshidi tobon oqibat.

Garchi bor erdi musaxxar devlar farmonida,
Poymoli hayli mo’r o’ldi Sulaymon oqibat.

Nodira, bulbul kibi to nola insho ayladim,
Navbahor o’tti, xazon o’ldi guliston oqibat.

NODIRA AHVOLIDIN OGOH BO’LING

Yorning vasli emas ozorsiz,
Gulshan ichra gul topilmas xorsiz.

Ul parivash vaslidin bo’ldim judo,
Rohati dil qolmadi dildorsiz.

Yor uchun ag’yor dardin tortaman,
Ko’rmadim bir yorni ag’yorsiz.

Tan buzuldi, endi rohat qolmadi,
Soya paydo bo’lmadi devorsiz.

Berma nisbat qaddiga, ey bog’bon,
Sarvdur bu bog’ aro raftorsiz.

Nodira ahvolidin ogoh bo’ling,
(Ey musohiblarki, qolmish yorsiz).

MARHABO

Marhabo, ey payki sulton, marhabo,
Hudhudi mulki Sulaymon, marhabo.

Tal’ating farrux, muborak maqdaming
Qildi kulbamni guliston, marhabo.

Xo’b kelding, yaxshi keltirding xabar,
Aylading dardimga darmon, marhabo.

Bo’ldi mavzun qomatingdin munfail,
Sarvi nozi bog’i rizvon, marhabo.

Qilg’asen ul moh mehrin oshkor,
Subh yanglig’ pokdomon, marhabo.

Mujda keltirding visoli yordin,
Topti taskin dardi hijron, marhabo.

Kel beri, to xoki poyingni qilay
To’tiyoyi chashmi giryon, marhabo.

Ravshan aylarman chirog’i ohni,
Ko’zlarimdur gavharafshon, marhabo.

Bu kecha hijron shabistonidadur
Anjumi ashkim charog’on, marhabo.

Qo’y kafi poyingni diydam ustina
Bir dam, ey sarvi xiromon, marhabo.

Nodira, har so’zki insho ayladim,
Aydi anga ahli davron: “Marhabo!”

MUHABBATSIZ KISHI ODAM EMASDUR

Na gul sayr ayla, na fikri bahor et,
Jahondin kech, xayoli vasli yor et.

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et.

Uzoru qaddu raftoringni ko’rsat,
Chaman sarvu gulini sharmisor et.

Labi maxmurdadurmen, jomi may tut,
Karam qil, soqiyo, daf’i humor et.

“Analhaq” mojarosin aylading fosh,
kel, ey Mansur, istiqboli dor et.

Duru ashku aqiqi xuni dilni
Kelu yoring ayog’ig’a nisor et.

Kuyib, ey Nodira, olam elig’a
Muhabbat shevasini oshkor et.

YORSIZ NA LAZZAT

Jon ko’rmadi ro’zadin halovat
Iftorda yorsiz na lazzat?

Yor aylasa yori birla iftor,
Yo’q ro’zada mundin o’zga davlat.

El barcha visol bazmida shod,
To subh chekib surudi ishrat.

Har shom menga navolayi g’am
Iftor qilurg’a bo’ldi qismat.

Mohi ramazonki, fayzi cho’qtur,
Men xastag’a yorsiz na rohat.

Har shom ko’zimni yoshi sham’im,
Xuni jigarim ba joyi sharbat.

Hijron ila ro’za javr etolmas,
Gar yor esa, Nodira, salomat.

DODIM ESHIT

Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit,
Sen shohu, men benavo, lutf ayla, faryodim eshit.

Dudi ohim shu’lasi husning dabiristonida
Misra’i barjastadur, ey sarvi ozodim, eshit.

Sarvinozim, sendin ayru naxli ohim bo’ldi xam,
Qomating hajrida sindi shoxi shamshodim, eshit.

Har nechakim, sabr ta’mirini bunyod ayladim,
Ashk selobida vayron o’ldi obodim, eshit.

Barcha yoru oshnodin aylading begonalig’,
Necha kunlar bo’ldi hargiz qilmading yodim, eshit.

Kelki, bir soat seni ko’rmoq uchun mushtoqmen,
Telba bo’ldim sendin ayru, ey parizodim, eshit.

Nodira bodi sabodin senga irsol etgali
Qildi insho bu g’azalni tab’i noshodim, eshit.

DAHRNI IMTIHON ETIB KET

Kel, dahrni imtihon etib ket,
Sayri chamani jahon etib ket.

Bedardlaring jafolaridin
Faryod etib, fig’on etib ket.

Dunyo chamanini bulbulisen,
Gul shoxida oshyon etib ket.

Ey ashk, ko’zimni maktabidin
Hayrat sabaqin ravon etib ket.

Olam chamaniki bevafodur,
Bir oh bila xazon etib ket.

Ushshoq maqomi bo’stondur,
Azmi rahi bo’ston etib ket.

Maqsad na edi, jahona kelding?
Kayfiyatini bayon etib ket.

Fosh etma ulusqa ishq sirrin,
Ko’ngulda ani nihon etib ket.

Kel, ishq yo’lida ko’zlaringni
Ey Nodira, durfishon etib ket.

KO’ZLARIM MUSHTOQDUR DIYDOR UCHUN...

Ko’zlarim mushtoqdur diydor uchun, ruxsora och,
Pardani yuzdin, ko’zim qilg’uncha bir nazzora, och.

Pardayi nozu hayo xomush la’lingdin ko’tar,
Ikki gul bargini birdin guhar guftora och.

Besutun tog’ida ko’p jon chekmag’il, ey ko’hkan,
Ko’kragimdin jo’yi shir o’rnig’a o’tlig’ yora och.

Ey ko’ngul, dudi fig’oningdin kavokib tiyradur
Oh ko’p chekma, hijobi sobiti sayyora och.

Shavq komil bo’lsa, muxlis ko’chasi masdud emas,
Ey sharar, bir jazba birla rohi sangi xora och.

Muncha pinhon dog’kim, ey jon, falak qo’ydi senga,
Yor agar kelsa, giriboningni aylab pora, och.

Nodira, ohu dilu sho’ri junun barpoy qil,
Ushbu lashkar birla olam mulkini yakbora och.

EHTIYOJ

Qilmag’il zinhor izhor ehtiyoj
Kim, aziz elni qilur xor ehtiyoj.

Hech kim olamda forug’bol emas,
Har kima o’z miqdoricha bor ehtiyoj.

Ganji husningni zakoti ber menga,
Sen g’anisan, menda bisyor ehtiyoj.

Ko’zlarim aylar yuzingni orzu
Kim erur ko’zguya diydor ehtiyoj.

Mustamand etti meni muhtojlik,
Qildi hojatmanding, ey yor, ehtiyoj.

Gar tilarsen obro’ ahbob aro,
Aylama zinhor izhor ehtiyoj.

Qil ravo, albatta, oshiq hojatin,
Boqmag’il arz etsa ag’yor ehtiyoj.

Bir tarahhum zohir etsang, netgusi,
Qildi husningg’a meni zor ehtiyoj.

Yor vaslini tilarmen, Nodira,
Ayladi ko’nglimni afgor ehtiyoj.

TUSHIMDA KO'RSAM EDI

Nigori gulbadanimni tushumda ko'rsam edi,
Labi shakarshikanimni tushumda ko'rsam edi.

Ko'z ochmayin g'amida ro'zg'orim o'tquchidur,
Ki yori siymtanimni tushumda ko'rsam edi.

Chu davri rohatim o'tti zihi saodat edi,
Murodi jonu tanimni tushumda ko'rsam edi.

G'amida shona kabi chok-chokdur ko'nglim,
Ki, kokili Xo'tanimni tushumda ko'rsam edi.

Yuzi gulu qadi shamshod, ko'zlari nargis,
Bahori yosumanimni tushumda ko'rsam edi.

Jafoi hajr bila ko'ksumi nigor qilay,
Nigohi sehr fanimni tushumda ko'rsam edi.

Labimg'a keldi aning vaslini tilab jonim,
Balo o'ti figanimni tushumda ko'rsam edi.

Hamisha bulbuli tab'im fig'onu zor etar,
Ki,orazi chamanimni tushumda ko'rsam edi.

Firoqi Nodira ko'nglumg'a dog'lar qo'ydi,
Amiri safshikanimni tushumda ko'rsam edi.

SOG'INDIM

Qolib furqat diyori ichra jononimni sog'indim,
Charog'i ro'zg'ori munisi jonimni sog'indim.

Gulistondur visoli mahfili,men andalib anda,
Guli ayshim xazon o'ldi,gulistonimni sog'indim.

Ko'rub ko'nglumda yuz ozor,ey bedard,ta'n etma,
Muruvvat ko'rguzib rahm etki,sultonimni sog'indim.

Chamanda jilva qildi sarvu gul ham sabza bosh egdi,
Qadi sarvu yuzi gul xatti rayhonimni sog'indim.

Havoyi ishq sargardoniman,oromu sabrim yo'q,
Parishon zarradek xurshedi tobonimni sog'indim.

Ko'zimdin yosh to'kub,giryon bo'lib,qon yig'lamay naylay,
Ki,hangomi takallum la'li xandonimni sog'indim.

Menga davri falaldin bo'lmadi bir lahza osoyish,
Parishonholman, sultoni davronimni sog'indim.

Arabdin to Ajam mashhur edi ul shohlar shohi,
Skandar saltanatlig' shohi Turonimni sog'indim.

Qizil qondur ko'zim yoshi, sabo yetkur salomimni,
Guli sadbarg yanglig' pok domonimni sog'indim.

Tikarman,Nodira,g'am yo'lida ko'zni Zulayhodek,
Kim, ul Yusufliqo sulton Umarxonimni sog'indim.

SHUKUR AYLA XUDOGA

Farhod agar ursa menga lofi muhabbat,
Bor oh ila aylaram ani dog`i xijolat,

Harchandki bemori g`ami ishq edi Majnun,
dardimni ko`rib tishladi angushti nadomat.

Farhodda bo`lsaydi mening g`ayrati ishqim,
Bir oh ila aylar edi ul tog`ni g`orat.

Majnunda agar bo`lsa edi sabru tahammul,
Qilmasmu edi men kabi shahr ichra iqomat.

Gar bo`lsa zulayhoda mening zarracha ishqim,
Qolmas edi Yusufni firoqida salomat.

Ishq ofatig` tog` tahammul qila olmas,
Men menki qilurmanbu g`amu dardga toqat.

Dardu alamu g`ussaki h`jrida chekarman,
Bu mennatu g`am kimdadur, ey ahli muhabbat.

Yuzdin biri Majnunda agar bo`lsa g`amimni,
Bir oh ila olamg` solur sh`ri qiyomat.

Har holda, ey Nodira, shukr ayla xudog`a,
Ki berdi senga ishqu muhabbat ila davlat.

 
Sayt haqida | Yangiliklar | Islom | Siyosat | Iqtisod | Ma'rifat | Ajoyibotlar | Forum | Muallif haqida | Mehmonlar kitobi
Copyright 2004 © Tojialiyev Davronbek Rustamovich
. All rights reserved ®