OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

http://www.ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/kvitka.jpgUkraina mumtoz adabiyotining taniqli vakili Grigoriy Fyodorovich Kvitka-Osnovyanenko (1778–1843) XIX asrning birinchi yarmida ijod qilgan adibdir. U Xarkov shahri yaqindagi Osnova qishlog‘ida tavallud topdi. Adabiy taxallusi Griyenko Osnovyanenkodir. 
1827 yilda Kvitka “Poytaxtdan kelgan janob yoki uyezd shahrida yuz bergan mashmasha” komediyasini yozadi. Bu komediyada jamoatchilik ishlarida bo‘lib turadigan jinoyatlar, shuningdek, mansabdor ma’murlar hamda zamindorlarning qiyofalari hajviy misralarda tasvirlangan edi.
Shu paytdan boshlab Kvitka-Osnovyanenkoning hayoti va ijodida yangi davr boshlanadi. U Peterburg va Moskvaning taniqli adiblari, adabiyotshunoslari bilan, “Sovremennik” hamda “Otechestvenniye zapisi” jurnallari va boshqa nashriyotlar bilan aloqa bog‘ladi. Uning asarlari jurnallar va nashriyotlarda chop etila boshlaydi. Uning hanuzgacha Ukraina teatrlari sahnalarida namoyish qilinib kelayotgan “Shelmenko bo‘lis mirzasi”, “Shelmenko – denshchik” pesalari, “Goncharovkada sovchilik” komediyasi va ikkita kitobdan iborat “Malorossiya qissalari”da muallifning realistik tasvirga moyilligi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Kvitka-Osnovyanenko o‘z asarlarida kazak mansabdorlarining aqli noqisligi, fahm-farosatsizligini fosh qilish, badmastlik, mechkaylik va shu singari o‘zga illatlarni qoralash bilan birga (“Konotoplik jodugar”, “O‘liklar pasxasi”, “Yolg‘onchi” qissalari), oddiy xalq namoyandalarini teran hurmat-ehtirom bilan tilga oladi. Jumladan, “Marusya”, “Balo” qiz”, “Sho‘rlik Oksana” qissalarida ularning mashaqqatli turmushlarini yorqin lavhalarda aks ettiradi.
“Pan Xolyakovskiy” romani adibning eng mashhur asarlaridan biridir. Muallif bu asarida Ukraina dvoryanlarining johillik, nodonlik, tanballik, tekinxo‘rlik illatlarini hajviy yo‘lda zo‘r mahorat bilan tasvirlab beradi.
V.Belinskiy Kvitka-Osnovyanenkoning hajvchilik iste’dodini e’tirof etgan. T.Shevchenko uning nosirlik ijodini yuksak baholagan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.