OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Chex yozuvchisi. Praga universitetining falsafa fakultetini tugatgan (1915). 1921 — 22 yillarda Praga teatrida rejissyor, keyinchalik butunlay yozuvchilik va jurnalistika bilan shug‘ullangan. 
«Krakonot bog‘i» (1918) hamda «Shu’lavor tubsizliklar» (1916) to‘plamlariga kirgan dastlabki hikoyalarini akasi Iosif Chapek (1887-1945) bilan hamkorlikda yozgan. «Chormixga tortish» (1917) va «G‘amgin hikoyalar» (1921) to‘plamlaridan joy olgan hikoyalarida urush yillarining sertashvish muhiti, kishilararo munosabatlardagi ziddiyatli manzaralar aks ettirilgan. «Qaroqchi» lirik komediyasi (1920) da o‘zi e’tiqod qo‘ygan «har kim o‘zicha haq» falsafasini badiiy yoritishga harakat qilgan.
Chapek nomini, asosan, ijtimoiy-fantastik mazmundagi asarlari dunyoga yoygan. Temirtan (robot; «robot» so‘zini Chapek o‘ylab topgan)lar qo‘zg‘olonidan hikoya qiluvchi «R. V. R.» (1920), «Mikropulosning quroli» (1922) dramalari, «Absolyut fabrikasi» (1922) va «Krakatit» (1924) romanlarida yuksak insonparvarlik borasidagi o‘y-mushohadalarini bayon etgan. 
«Adamsavdogar» pyesasi (1927; akasi bilan hamkorlikda), «Cho‘ntakdagi hikoyalar», «Boshqa cho‘ntakdagi hikoyalar» (1929) o‘tmishdagi adabiy va diniy syujetlar asosida yozilgan. «Apokriflar»da ana shu holat seziladi. «Gordubal», «Meter», «Oddiy hayot» (1933—34) romanlarini qamrab olgan trilogiyasi noinsoniy urf-odatlar, fashizm reaktsiyasiga qarshi kurash g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan. 
«Salamandrlar bilan jang» (1916) romani Chapek ijodining cho‘qqisi hisoblanadi. Unda umuminsoniy qadriyatlar fashizmning irqiy nazariyasi va siyosatiga, g‘ayriinsoniy munosabatlarga qaramaqarshi qo‘yilgan. Ayni shu g‘oyalar «Oq kasallik» (1937), «Qutqaruvchi» (1937), «Ona» (1938) kabi qissa va dramalarida ham davom ettirilgan.
Chapek hozirgi zamon ijtimoiy fantastikasiga samarali ta’sir ko‘rsatgan, uning badiiy olamini boyitgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.