OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

XX asrning eng buyuk fantast-yozuvchilaridan biri – Rey Bredberi (Ray Bradbury) 1920 yili Illinoys shtatidagi Uokigan shahrida tavallud topgan. Bo‘lajak yozuvchi faqat o‘rta ta’lim bilan cheklanib, hech qachon oliy ma’lumotli bo‘lmagan. 
Bredberi 12 yoshida yozuvchi bo‘lishga qaror qilgan. O‘zining dastlabki ishlarida u viktorian prozasi vakili – Edgar Poning uslubiga taqlid qilgan. Bredberining hikoyalari, odatda, arzon jurnallarda chop etilgan va faqatgina “Mars xronikalari” hikoyalar to‘plami unga dastlabki tijoriy muvaffaqiyatni taqdim etgan (1950 yil).
1953 yili Bredberining “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” roman-antiutopiyasi chop etilganidan so‘ng, uning shuhrati butun dunyoga yoyildi. Shundan keyin, yozuvchining har bir yangi kitobi katta bir voqelikka aylandi.
U to‘qqizta roman, jumladan, “Falokat yaqinlashmoqda” (1962), “O‘lim – yolg‘iz qilinadigan ish” (1985), “Aqlsizlar uchun qabriston” (1990) romanlari, shuningdek, ko‘plab qissa (ular orasida qisman avtobiografik bo‘lgan “Momaqaymoq vinosi” (1957) alohida ajralib turadi) va hikoyalar muallifidir. Yozuvchining o‘zi 400 dan ortiq hikoya yozganini, ularning ba’zilari nisbatan katta asarlarning yozilishi uchun asos bo‘lganini qayd etgan.
Rey Bredberining bir qator asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan (“Marsga hujum”, “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” (“Jahon adabiyoti” jurnalining 2010-yil sonlarida) va boshqalar). 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.