OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

http://www.ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/kaipbergenov.jpgTo‘lepbergen Qaipbergenov 1929 yili Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida tug‘ildi. Mehnat faoliyatini 1947 yili maktab o‘qituvchisi sifatida boshladi. Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tamomlaganidan so‘ng ko‘p yillik ijodiy va tashkilotchilik faoliyatini qoraqalpoq milliy matbuoti rivojiga bag‘ishlab, “Qaraqalpaqstan jaslar?” gazetasi muharriri, “Qaraqalpaqstan” nashriyoti direktori, “Sovet Qaraqalpaqstan?” gazetasi muharriri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Radioeshittirishlar va televideniye qo‘mitasi raisi, Matbuot, poligrafiya va kitob savdosi bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari kabi mas’ul vazifalarda sidqidildan mehnat qildi. 
U 1980 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasining raisi lavozimida samarali faoliyat olib borib, qoraqalpoq adabiyoti va san’atini rivojlantirish, yosh shoir va adiblarni tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shdi. 
T.Qaipbergenov jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, bir necha bor Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va Nukus shahar kengashi deputatligiga saylandi.
To‘lepbergen Qaipbergenov o‘zining yarim asrdan ziyod davom etgan yozuvchilik faoliyati davomida katta va sermazmun ijod yo‘lini bosib o‘tdi. O‘z asarlarida qoraqalpoq xalqining tarixi, bugungi hayoti, milliy qadriyat va an’analarini yuksak mahorat bilan tarannum etdi. Uning qalamiga mansub “Rahmat, muallim”, “Sovuq bir tomchi”, “Kotib”, “Qoraqalpoq qizi”, “Mamanbiy afsonasi”, “Baxtsizlar”, “Gumrohlar” singari qissa va romanlar,“Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasi adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin egalladi. Bu asarlarning aksariyati jahondagi ko‘plab tillarga tarjima qilinib, bir qator nufuzli adabiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan edi.
Jonkuyar adibning keyingi yillarda e’lon qilingan publitsistik chiqishlarida mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, qoraqalpoq zaminida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonini aks ettirish, bag‘rikeng xalqimizning bunyodkorlik mehnatini ulug‘lash, Orol muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratish mavzulari alohida o‘rin egalladi.
Atoqli yozuvchining adabiyotimizni rivojlantirishdagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi”, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlari, “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari hamda Vatanimizning oliy mukofoti — “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.