OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili Samarqandda tug‘ilgan. Yassaviy avlodidan. 18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, mufti darajasiga ko‘tariladi. 
Behbudiy haj safarida bo‘lgan chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan (1899—1900). Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlog‘ida Ajziy, Rajabaminda Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktab ochadi. 
Behbudiy Qozon va Ufaga borib (1903-04), u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. «Risolai asbobi savod» («Savod chiqarish kitobi», 1904), «Risolai jug‘rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish», 1905), «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya», 1906), «Kitobat ul-atfol» («Bolalar xati», 1908), «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909) kabi kitoblar chop ettiradi. 
Keyinchalik (1908 yilda) Shakuriyning Rajabamindagi maktabini Samarqanddagi o‘z hovlisiga qo‘chirib keltiradi. Behbudiy 1911 yilda «Padarkush» dramasini yozdi. Bu birinchi o‘zbek dramasi edi. 3 parda 4 manzarali bu asar mazmunan sodda bo‘lib, o‘qimagan, johil va nodon bolaning o‘z otasini o‘ldirgani haqida edi. Behbudiy bu asar janrini «milliy fojia» deb atagan. Nashr qilishga chor senzurasi yo‘l qo‘ymaydi. «Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bo‘lishining 100 yillik yubileyi sanasiga bag‘ishlanadi» degan vaj bilan Tiflis (Tbilisi) senzurasidan o‘tkazadi. Drama 1913 yil bosilib chiqqan, ammo sahnaga qo‘yish uchun yana bir yilcha vaqt ketadi. Asar Samarqandda 1914 yil 25 yanvarda sahnaga qo‘yildi. Drama xalqqa kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Abdulla Qodiriy «Baxtsiz kuyov» dramasini shuning ta’sirida yozgani ma’lum. «Padarkush» ham janr, ham mazmuniga ko‘ra yangi o‘zbek adabiyotini boshlab bergan asar bo‘ldi. Drama Toshkentda 1914 yil 27 fevralda Avloniy tomonidan qayta sahnalashtiriladi. 
Behbudiy «Samarqand» gazetasini chiqaradi. Gazeta o‘zbek va tojik tillarida, haftada 2 marta chop etildi. 45-soni chiqqach, moddiy tanqislik tufayli nashr to‘xtadi. Shu yil 20 avgustdan u «Oyna» jurnali chiqara boshladi. Haftalik, suratli bu jurnal asosan o‘zbekcha bo‘lib, she’r, maqola (forscha), e’lonlar (ruscha) ham berib boriddi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaldi. 
Behbudiy kitob nashrini ham yo‘lga qo‘yadi. Fitratning «Bayonoti sayyohi hindi»sini ruschaga tarjima qildirib bostirdi (1913). 
Behbudiy 1914 yil 29 mayda ikkinchi marta Arab mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohati davomida Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa shaharlarida bo‘ladi, 8 iyunda Istanbulga keladi. Undan Adanaga o‘tib, yana Istanbulga qaytadi va 20 iyunda Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashadi. So‘ng Quddus, Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Port-Said, Shom shaharlarida bo‘ladi. Sayohat xotiralari «Oyna» jurnalida bosilib turadi. Bu «xotiralar» har jihatdan muhim bo‘lib, an’anaviy tarix-memuar janrining 20-asr boshidagi o‘ziga xos namunasi edi. Muallif unda yo‘l taassurotlariga, kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli tomonlariga keng o‘rin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida ma’lumotlar to‘playdi. Turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Ayniqsa, din, e’tiqod masalalariga katta ahamiyat beradi.
«Oyna» jurnalida millat va uning haq-huquqiga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisobladi. Jurnalning birinchi sonidayoq «Ikki emas, to‘rt til lozim», degan maqola bilan chiqib, o‘zbek, tojik, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (mas, fransuz) tilini bilish shart deb hisobladi. Ayni paytda tilning muhofazasi («Har millat o‘z tili ila faxr etar» —1914, ? 35), o‘zaro munosabatlari («Til masalasi» — 1915, ? 11,12) haqida muhim va zarur maqolalar chop etdi. Adabiy tanqidga katta e’tibor berdi. Uning xususiyatlarini belgilashga urindi. Boshqa adabiy janrlar bilan tenghuquqligi masalasini ko‘tardi («Tanqid saralamoqdir» — 1914, ? 27). Millat sha’nini oyoqosti qiluvchi fikr-qarashlarga zarba berib, Turkiston xalqini o‘z nomi bilan atamoq lozimligini talab qilib chiqdi («Sart so‘zi majhuldur» 1915, ? 22,23,25,26).
Behbudiy matbuotimiz tarixida maqolanavis sifatida alohida mavqega ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi. Ular xilma-xil mavzuda. Ilk maqolalaridayoq kommunistik mafkurani keskin rad etgan, «xayoliy», «bu toifaga qo‘shulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik» deb yozgan edi («Xayrul umuri avsatuho» — «Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir», «Xurshid» gazetasi, 1906, 6-son). O‘zlikni anglashni muhim biladi. «Qabilasini(ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni «marquq» derlar», deb yozadi («Sart so‘zi majhuldur», «Oyna» jurnali, 1914, ? 23). 
1917 yilning oxiri 1918 yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal bo‘layotgan bir paytda o‘lka xalqlarini birlikka chaqiradi.
Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizg‘in qo‘shildi. Aslida bu faoliyat 1906 yildan boshlangan. Shu yili «Rusiya musulmonlari ittifoqi»ning Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan qurultoyida qatnashgan edi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan (1917) Turkiston musulmonlarining qurultoyida ishtirok etib, nutq so‘zladi. U musulmonlar orasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqdi. Behbudiy shu qurultoyda o‘lka musulmonlar sho‘rosining raisi etib saylandi. 1917 yil 26 noyabrda Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabrga o‘tar kechasi «Turkiston muxtoriyati» e’lon qilindi. Uning g‘oyaviy asoschilaridan biri Behbudiy edi. Muxtoriyat sho‘rolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda ko‘p tura olmay Toshkentga keladi. Turkiston sho‘rolar hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi, ammo natija chiqmaydi. 1919 yilning erta bahorida mamlakatdan chiqib ketayotganida Shahrisabzda Inqilobiy favqulodda komissiya ayg‘oqchilari ko‘magida Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinadi, hamrohlari Muhammadqul va Mardonqul bilan birgalikda Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi. Bu voqea Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Fitrat, Cho‘lpon, Ayniy va boshqa shoirlar Behbudiy ga atab marsiyalar yozganlar.
O‘zbekistonda (H. Sayid, N. Avazov, Z. Ahrorova), Tojikistonda (R. Xodizoda), Germaniyada (I. Baldauf; B. Qosimov bilan hamkorlikda), AQShda (E. Olvort) va boshqa mamlakatlarda Behbudiy hayoti va ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Toshkent shahrida ko‘cha va maktabga Behbudiy nomi qo‘yilgan.

Begali Qosimov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.