OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Mashhur o‘zbek ma’rifatparvari, shoiri va jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Eski maktabda savod chiqardi, madrasada tahsil oldi. Oiladagi moddiy qiyinchiliklar tufayli bolaligidan odamlar eshigida mehnat qildi, g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik, binokorlik kabi kasblar bilan shug‘ullandi, «Imoratchi usta» degan nom oladi.
Abdulla Avloniy she’rlari 15 yoshidan boshlab matbuotda ko‘rina boshladi. Jadidchilik harakati rahbarlaridan biri bo‘lgan Avloniy 1904 yilda Toshkentning Mirobod mahallasida jadid maktabini, 1909 yilda «Jamiyati xayriya» uyushmasini tashkil etadi. 1905-1917 yillarda matbuotdagi qizg‘in faoliyati, ko‘plab publitsistik maqolalari bilan «bir yoqdan milliy islohot uchun mafkura hozirlag‘on, ikkinchi yoqdan el orasiga o‘zgarish tuxmini sochg‘on» ham( Abdulla Avloniy bo‘ldi. Avloniy o‘zi nashr etgan «Shuhrat» (1907) nomli gazetasi faoliyatini shunday baholagan edi.
U Turkistonda birinchilardan bo‘lib maktabga geografiya, kimyo, xandasa, fizika fanlari kiritilishiga ta’sir ko‘rsatdi, ta’limni real turmush bilan bog‘lashga intildi, bir dars bilan boshqasi o‘rtasida muayyan tanaffusni, bir sinfdan ikkinchisiga o‘tishdagi imtihonni joriy etdi, ta’lim tizimining dunyoviy yo‘nalishini kuchaytirshiga alohida e’tibor berdi. Uning «Birinchi muallim» («Muallimi avval», 1909), «Ikkinchi muallim» («Muallimi soniy», 1912) nomli darsliklari, «Turkiy guliston yoxud axloq» (1913), «Gulistoni maktab» (1917), «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» (1909-1916, 6 qism) kabi qo‘llanmalari maktablarda o‘qitilgan.
Avloniy «Turon» (1917) gazetasiga «Yashasin xalq jumhuriyati» degan shiorni tanladi, «Turon» nomli teatr to‘garagini tashkil etib, iqtidorli yoshlarni to‘pladi, ayrim rollarni ijro etishda o‘zi ham qatnashdi. Shoir Afg‘onistonda elchi bo‘ldi, turli o‘quv yurtida dars berdi. Abdulla Avloniyning Hijron, Nobil, Indamas, Shuhrat, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chegiboy degan taxalluslari bo‘lgai. U 1934 yil 24 avgustda Toshkentda vafot etdi. Avloniy ijodi bo‘yicha Begali Qosimov ilmiy izlanishlar olib borgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.