OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Taniqli yozuvchi va jurnalist Ibrohim Rahim 1916 yilning 15 oktyabrida Farg‘ona viloyatining Quva tumanida dunyoga keladi. Uch yoshida otadan yetim qolib, onasi To‘xtabibi tarbiyasida voyaga yetadi. Adabiyotga ixlos ham Ibrohim Rahimda onasi tufayli uyg‘onadi. Ana shu ixlos uni 1933 yilda Toshkentga yetaklab keladi.
Ibrohim Rahim dastlab «Kolxoz yo‘li» nomli gazetada faoliyat ko‘rsatadi. Uning ilk asarlari shu davrdan boshlab dunyo yuzini ko‘radi. Matbuotda uning she’r, ocherk va hikoyalari bosila boshlaydi. U ikki urushda - Finlandiya va Germaniya fashizmi bilan bo‘lgan janglarda (1937-1945) qatnashgan. Ibrohim Rahim o‘zbek tilida chiqadigan front gazetalariga muharrirlik qilgan. Jangchilarimizning otashin vatanparvarliklarini aks ettiruvchi ocherk, hikoya, xabarlar yozgan.
1946 yilda harbiy xizmatdan qaytgan adib respublikamizdagi gazeta va jurnal tahririyatlarida ishlab keldi.
Ibrohim Rahim O‘zbekiston radiokomitetida (1946-1947) mas’ul lavozimda xizmat qilgan, «O‘zbekiston ovozi» (sobiq «Qizil O‘zbekiston») gazetasida muharrir (1950-1961), «O‘zbekfilm» kinostudiyasida rahbar (1960-1966), «Guliston» (1966-1970), «Mushtum» (1976-1982) jurnallarida bosh muharrir vazifalarida ishlagan. Yozuvchining ijodiy faoliyati 1938 yildan boshlanadi. Birinchi yirik asari chegarachilar hayotidan yozilgan «Bahodir» (1939) dostonidir.
Ibrohim Rahim 1953 yili «Hayot buloqlari» romanini yozdi. Keyinchalik bu asar adabiy tanqidchilarning fikr va mulohazalari asosida qayta ishlanib, «Ixlos» (1958) nomi bilan chop etildi. Ibrohim Rahim «Chin muhabbat» (1958), «Fidoyilar» (1972), «General Ravshanov» (1985) kabi romanlarida Ikkinchi jahon urushi qahramonlarining jangovar hayotini aks ettirdi.
1966 yilgi Toshkent zilzilasi va uning oqibatlarini mardonavor tugatish yozuvchining «Tinimsiz shahar» (1968) romaniga mavzu bo‘lib xizmat qilgan.
Uning «Taqdir» romani esa yangi shahar qurilishiga bag‘ishlangan. Muallifning «Hilola» (1960) qissasi xotin-qizlarning jamoa xo‘jaligidagi o‘rni, ularni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish, jamoa xo‘jaligi iqtisodiyotini kjsaltirish singari davrning muhim muammolarini badiiy hal qilishga qaratilgan.
Yozuvchining «Zangori kema kapitani», «Olovkor» (1960) qissalarida ham kishilarimizning yuksak ma’naviy qiyofasi, mehnatdagi qahramonliklari aks etgan. «Oqibat» nomli romani uchun yozuvchiga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan (1983).
Ibrohim Rahim «Jonim fido» va «Chaqmoq» nomli dramalar ham yaratgan (1974). «Chaqmoq»da Belorussiya o‘rmonlarida nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashgan o‘zbek yigiti Mamadali Topiboldiev obrazi yaratilgan. Adib «Farhodning jasorati» kinofilmining stsenariy muallifi hamdir.
Ibrohim Rahim «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi», «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvonlari bilan taqdirlangan.
Adib O‘zbekiston mustaqilligining besh yilligi va tug‘ilgan kunining 80 yilligi munosabati bilan «Do‘stlik», so‘ngra «El-yurt hurmati» ordenlari bilan mukofotlangan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.