OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Murodjon Mansurov toshkentlik, Cho‘lpon otaning yonbag‘ridagi Qatortolda bog‘bon oilasida 1941 yilda tavallud topgan. Otasi Mansurxo‘ja To‘raxo‘ja o‘g‘li mirishkor bog‘bon bo‘lgan. U o‘g‘li Murodjon bolaligida olamdan o‘tgan. Bo‘lajak yozuvchi onasi Karomatxon Umarxo‘ja qizining tarbiyasida voyaga yetgan. O‘rta maktabdan so‘ng Toshkent politexnika institutining qurilish fakultetiga o‘qishga kirgan. Uni tugatgach, injener-loyihachi bo‘lib ishlagan. Shu yillardan boshlab unda ijodga mayl uyg‘onib, ocherk, lavha, hikoyalar yoza boshlagan. «Qalamimni ko‘rib, respublika markaziy gazetasi «Qizil O‘zbekiston»ga (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») chaqirib olishdi», - deya yozadi muallif o‘z tarjimai holida.
Shundan so‘ng o‘sha gazetaning Farg‘ona viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlaydi. Keyin «Yoshlik» jurnali bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib xizmat qiladi. So‘ng esa «Sharq yulduzi» jurnalida faoliyat ko‘rsatadi.
Murodjon Mansurovning birinchi asari «Aziz inson» (1963) deb atalgan bo‘lib, u yozuvchining mushtipar, mehribon va zahmatkash onasi haqida edi. Asar ma’lum sabablarga ko‘ra bosilmay qolgan.
Shundan buyon adibning o‘ndan ortiq qissa va romanlari chop etilgan.
Uning «Sadarayhon» (1965), «Umr chorrahalari» (1972), «Qirg‘oqlar» (1975), «Hammaning yashagisi keladi» (1980), «Yombi» (1988) kabi qissalari, «Mangu jang» (1985), «Gunohi azim» (1995) kabi romanlari talabchan kitobxon tomonidan iliq qarshi olingan.
Uning uch jildlik «Judolik diyori» romanining I-II-III kitoblari nashr etilib, kitobxonga taqdim etilgan. Asar ma’lum ma’noda sarguzasht xarakterida bo‘lib, unda o‘z diyoridan adashib, hamon to‘zib yurgan qavm hayoti va kechinmalari islomiy bir ma’rifat, ma’naviyat yog‘dulariga omuxta tarzda ifoda etiladi. Murodjon Mansurov yaratgan qissalar va ayniqsa, «Mangu jang» romani o‘zining hayotiyligi va samimiyligi, tilining sodda va shiraliligi bilan ajralib turadi. «Judolik diyori» (2001-2003) esa hali ko‘p bahslarga yo‘l ochsa ajab emas. Yozuvchi 2014 yili Toshkent shahrida vafot etgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.