OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Emil Zolya (1840.2.4 — Parij — 1902.29.9) — fransuz yozuvchisi. Ilk ijodi romantizm ruhida: «Ninon ertaklari» (1864), «Klodning tavbasi» (1865), «Marhumning vasiyati» (1866) va boshqa 60-yillarda naturalistik ruhdagi «O‘liklar vasiyati» (1866), «Tereza Raken» (1867), «Madlen Fera» (1868) kabi romanlar yezdi. «Rugon-Makkarlar» 20 jildli romanlar turkumida (1871-93) Napoleon davridagi siyosiy tuzum qoralangan («Rugonlarning ulg‘ayishi», 1871; «Tor-mor», 1893), jamiyatdagi moliyaviy hiyla-nayranglar fosh etilgan («O‘lja», 1872; «Pul», 1891), kiborlarning axloqsizligi ko‘rsatilgan («Nana», 1880), amalparast, ma’naviy qashshoq kimsalar kalaka qilingan («Parij qurtlari», 1873), nasroniylarning teskarichilik harakatlari fosh etilgan («Plassanning zabt etilishi», 1874). 
3olya bir qator romanlarida oddiy mehnatkashlarning olijanob timsollarini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlagan. Xususan, «Qopqon» (1877) romanida kosib va hunarmandlar hayoti, «Hamal» (1885) romanida esa ishchilarning turmush tarzi aks ettirilgan. «Tereza Raken» (1873 yilda sahnalashtirilgan) dramasi va «Rauberden vorislari» komediyasi yozuvchining eng yaxshi sahna asarlaridir. 3olya ijodida ijtimoiy mavzular ustuvor mavqega ega. «Uch shahar» trilogiyasi («Lurd», 1894; «Rim», 1896; «Parij», 1898), tugallanmay qolgan «To‘rt injil» tetrologiyasi («Hosildorlik», 1899; «Mehnat», 1901; «Haqiqat», 1903) bunga misol bo‘ladi. 
3olya ijtimoiy hayotga ham faol aralashgan va 19-asr oxirlarida Fransiyada juda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan «Dreyfus ishi» (boshqa millat vakilining soxta ayb bilan qamalishiga qarshi) bo‘yicha Fransiya Respublikasi Prezidentiga «Men qoralayman!» (1898) nomli ochiq xat bilan murojaat qilgan. Respublika hukumati 1898 yil 23 fevralda yozuvchini qamash haqida hukm chiqaradi. 3olya chet elga qochadi (1899 yilda Vataniga qaytadi). 
3olya xalq uchun teatr yaratishni orzu qilgan edi. «Fransiyaning olg‘a yurishi» turkumidagi dramalarida inqilobiy shior ostida mustabidlik ruhini yashirgan Uchinchi respublikaga qarshi kurashni davom ettirishni maqsad qilgan edi. Lekin bu maqsadini amalga oshirolmadi. 
3olya romanlarida garchi qaltis ijtimoiy ziddiyatlar tasvirlangan bo‘lsa ham, u ma’lum siyosiy tuzumga dastyorlik qilishni or deb bilgan. U har doim o‘zi tanlagan tamoyilga — haqqoniyat tamoyiliga sodiq qoladi. Uning romanlarini o‘qib butun bir davr haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin. 
3olyaning «Hikoyalar» (1937), «Tegirmon qamali» (1942) va «Hamal» (1981, tarjimon Xayrulla Ergashev) asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.