|
Sahifa 1 8
Erkin Usmonov
TUZOQ
Tosh barmoqlari orasida tutayotgan sigaret qoldig‘ini kuldon chetiga bosib o‘chirdi-da, ro‘parasida turgan yigitchalarga yer ostidan o‘qrayib qaradi va stol ustida yotgan tugunchaga imo qildi: — Bu nima? Yigitchalar tezda bir-birlariga qarab olishdi. — Boya aytganim, o‘lja... — ming‘illab qo‘ydi yigitchalardan biri — qo‘l-oyoqlari kalta, ko‘zlari o‘ynab turadigan Chittak laqabli o‘g‘ri. Tosh och degandek imo qildi. Yo‘g‘on bo‘yniga ingichka zanjir taqqan, sochlari jo‘xoripopukka o‘xshagan sap-sariq bola chaqqonlik bilan tugunchaning uchlarini yoyib, yana o‘rniga borib turdi. Tosh belidan rezin, ba’zilariga ip o‘tkazib bog‘langan bir dasta eski yuz so‘mlik, ikki yuz so‘mliklarni ko‘rib, xuddi bemaza narsa yegandek aftini burishtirdi-da, savolini qaytardi: — Nima bu? — Soqqa, — dedi Chittak iljayib. — Men sendan so‘rayapman, Malla? — ovozini balandlatdi Tosh. — Bugungi «ov»imiz shu bo‘ldi, Tosh aka, — deya Malla laqabli o‘g‘ri ko‘zlarini olib qochdi. — Qaerdan oldilaring? — unga qattiq tikildi Tosh. — Chorsu bozori oralab o‘tib ketayotuvdik, — dedi Chittak tirjayib. — Qarasak, bir chol bilan kampir bir-birini «podrujka» qilib ketishayapti. Qo‘llarida ro‘zg‘or xalta. Ichida shu bor ekan. Oldik. Shu... Bu g‘alati suhbatni, Toshning gap-so‘zlaridagi sovuq ohangni sezib, nariroqdagi pastak kursi yonida «durak» o‘ynab o‘tirgan bir-biriga juda o‘xshash ikki yigit va qop-qora, basharasi sovuq yigit jim bo‘lishdi. — Qancha ekan? — so‘radi yana Tosh qoshlarini chimirgancha, qo‘llarini qovushtirib o‘tirarkan. — Bilmadim? — yelka qisdi Malla. — Sanamadik... — Ko‘rinishidan yigirma-o‘ttiz ming chiqib qoladi, — gapga qo‘shildi Chittak stol ustidagi pullardan ko‘z uzmay. — Kunlaring endi chol-kampirlarning pensiyasiga qoldimi? — istehzoli kulimsiradi Tosh. — Uyalmadilaringmi? — Nega uyalish kerak? — tushunmadi Chittak bidirlab. — Ikki qo‘lni burunga tiqib qaytgandan ko‘ra, yaxshi-ku! — Yomon! — stolga tap etib urib, o‘rnidan turdi Tosh va yigitchalarga ro‘baro‘ keldi. — Men senlarga nima deganman? Hech kim javob bermadi. — Kambag‘al, zo‘rg‘a sudralib yurgan bechora odamlarning pullariga tegmalaring deganmanmi? — ko‘zlarida sovuq bir o‘t yaltirab ketdi Toshning. — Gapirlaring! — Nima deymiz? — xo‘rsinib qo‘ydi Malla boshini egib. — O‘l deysan, dard deysan! — to‘satdan baqirib yubordi Tosh mushtlarini qisib. — Eplasang o‘g‘rilik qil, xo‘pmi?.. Bo‘lmasa, ana katta ko‘cha! Palosmi, namatmi yo kafanlik olishga tushgan chol-kampirning arzimagan pulini o‘marib kelib, yana o‘lja deb oliftalik qilasan! Yigitchalar indashmadi. — O‘g‘il bola bo‘lsalaring, ana, beli sinmagan dollarlarni sanab o‘tirgan boyvachchalarni, ko‘zini lo‘q qilib xaridorning haqidan urib qoladigan savdogarlarni shilinglar! Olib borib beringlar buni! — Qayoqqa? — hayron bo‘ldi Chittak. — Katta xolangnikiga! — unga yeb qo‘ygudek qaragan Toshning taqa mo‘ylovi asabiy titrab ketdi. — Eslaringda bo‘lsin, gadoning dushmani gado bo‘ladi. O‘g‘ri o‘g‘rilarni shilishi kerak! — Bir-birimizni demoqchimisan? — luqma tashladi qora yigit o‘rnidan turarkan. — Sendan hech kim gap so‘ragani yo‘q, Qora! — yelkasi osha unga xo‘mrayib qarab qo‘ydi Tosh. — Sen bilan meni dog‘da qoldirib ketadigan o‘g‘rilar bor. Bo‘yniga galstuk bog‘laganmi, boshiga shlyapa kiyganmi, ahamiyati yo‘q. Ana o‘shalarni shilish kerak! — u shunday deb yana ro‘parasidagi yigitchalarga o‘girildi. — Bu pullarni kimning sumkasidan olgan bo‘lsalaring, o‘sha joyga qo‘yib kelasanlar. — Tosh aka... Shartmikan? — ming‘illadi Chittak lablarini qimtib. — Menga qara, Chittak, — Tosh ovozini pasaytirdi, — agar yana bir marta shunaqa gap qilsang, patlaringni bittalab yulib tashlayman... Chittak ma’qul ishorasini qilib, stol ustidagi pullarni yana ro‘molchaga tugarkan, nariroqda suhbatga quloq solib jim turgan Qora Toshga yaqinlashdi. — Nima qilayapsan o‘zi, Tosh? — dedi norozi ohangda. — Qayoqqa yuborayapsan bularni? Qaysi kissavur o‘g‘irlagan narsasini joyiga qaytarib olib borib qo‘yadi? Qo‘lga tushib qolishsa nima bo‘ladi? — Sen aralashma dedim, — dedi Tosh unga qaramay. — O‘zingni kambag‘alparvar, vijdonli qilib ko‘rsatmoqchimisan? — kinoyali tirjaydi Qora tilla tishlarini yiltiratib. — Ming tovlanma, sen ham o‘zimiz qatori o‘g‘risan!.. Tosh unga o‘girildi-yu, indamadi. Sekin yoniga keldi. — Yana? — dedi ko‘zlarini qisib. — Bo‘ldi. — Yo‘q, bo‘lmadi. — Nima bo‘lmadi? — xuddi uni mazax qilayotgandek atrofdagilarga namoyishkorona qaradi Qora. — Mana bu! — tizzasi bilan uning chotiga tepdi Tosh. Qora uh degancha bukchayib qoldi va hali boshini ko‘tarib ulgurmay, jag‘iga tushgan kuchli zarbdan gurs etib ag‘darildi, og‘zi-burnidan tirqirab qon otilib, tipirchilagancha yotib qoldi. Xonadagilar qimirlashga, biron nima deyishga ham hayron edilar. — Agar yana bitta shunaqa qichiq gap qilsang, chotingni yirib tashlayman, — Tosh shunday derkan, xo‘mraygancha Malla bilan Chittakka qaradi, — endi borib, aytganimni qilinglar. Tomosha tamom. Yigitchalar shosha-pisha xonadan chiqib ketishdi. — Hasan, — dedi Tosh bir-biriga o‘xshaydigan yigitchalarga qaramay. Ulardan biri yaqinlashdi. — Eshitaman, Tosh aka. — Sen anavi ikkalasining orqasidan sezdirmay bor. Qara! Agar biron o‘yin qilishmoqchi bo‘lsa, yaxshilik kutishmasin. — Xo‘p, aka, — Hasan shunday deya qoziqdagi kalta charm kurtkasini yelkasiga tashlab, eshik tarafga yurdi. Eshik ochilib, yopildi. — Husan, — dedi yana Tosh hamon yerda ingrab yotgan Qoraga jirkanganday tikilib. — Labbay, aka? — Husan unga yuzlandi. — Sen Qoraga yordamlash, yuz-qo‘lini yuvib olsin. U shunday derkan, kulimsiragancha gapida davom etdi: — Juda ishqalab yuvmasin. Qora narsa oqarib ketsa, tanimay qolmaylik tag‘in. — Xo‘p bo‘ladi, — dedi Husan Qora tomon yurarkan. Tosh labiga sigaret qistirdi-da, to‘pponcha shakldagi yondirgichni yoqib o‘t oldirdi va indamay eshikdan chiqib ketdi...
|