OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Aleksey Nikolaevich Tolstoy [1882.29.12(1883.10.1), hoz. Saratov viloyati, RF — 1945.23.2, Moskva] — rus yozuvchisi, jamoat arbobi. SSSR Fanlar Akademiyasi akademigi (1939). Peterburg Texnologiya institutida o‘qigan (1901—07). 1918—23 yillarda Parijda yashagan. Ilk to‘plami — «Lirika» (1907). «G‘alati odamlar» nasriy to‘plami (1911) va «Oqsoq boy» (1912) romanida zodagonlar hayoti aks etgan. «Aelita» (1922—23) va «Injener Garinning mo‘‘jizasi» (1925—27) ilmiy-fantastik romanlari bor. «Sarsonlik — sargardonlikda» trilogiyasi («Opa-singillar», 1922; «O‘n sakkizinchi yil», 1927—28; «Bulutli tong», 1924—41) rus ziyolilari haqida. «Ulug‘ Pyotr» tarixiy romani (1-kitob, 1929-30; 2-kitob, 1933-34; 3-kitob tugallanmagan)da Pyotr I zamonining ijtimoiy-tarixiy voqealari aks etgan. Tolstoy shu mavzuda pesa (1934— 1938) va kinostsenariylar ham yozgan. Italyan folklori motivlari asosida «Oltin kalit yoki Buratinoning boshidan kechirganlari» kitobi (1936) bolalarga bag‘ishlangan. 2-jahon urushining boshlanishi bilan aksar rus, ukrain va belorus yozuvchilari qatori, Tolstoy ham 1941 yil noyabrda Toshkentga kelgan. U shu yerda «Ivan Grozniy» dilogiyasining 1-qismini tugatib, ushbu dilogiyaning 2-qismi «Mashaqqatli yillar» (1942)ni va «Yovuz kuch» pesasini yozgan. «Buyuk Pyotr» romani va «Sarsonlik — sargardonlikda» trilogiyasiga esa sayqal bergan. Shuningdek, sovet axborot agentligining muxbiri sifatida markaziy va respublika gazetalari uchun, jumladan, o‘zbek xalqining urush yillaridagi hayotiga bag‘ishlangan publitsistik maqolalar yozgan. Shu yillarda O‘zbekistondagi adabiy hayotda faol ishtirok etgan. Oybek, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Izzat Sulton, Yashin va boshqa bilan ijodiy aloqada bo‘lgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.