OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Turk hikoyachiligining mumtoz vakili, jurnalist va zobit Umar Sayfiddin 1884 yili Turkiyaning Belikesir shahrida dunyoga keldi. Avval Usmoniya maktabida, so‘ngra harbiy bilim yurtlarida o‘qigan Umarning ilk ijod mahsuli 1900 yili “Majmuai adabiyya”da chop etildi. 1906 yili Izmirdagi jandarm maktabiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Shu yillarda Izmirda chop etiladigan “Sebat”, “Xizmat”, “Sarbast” kabi gazetalarga maqolalar yozdi.
Umar Sayfiddin harbiy harakatlarda ishtirok etarkan, ijodni ham tark etmadi. 1911 yili “Yosh qalamkashlar” jurnalida uning “Yangi lison” nomli maqolasi imzosiz chop etildi. Maqolada milliy tilni asrab qolish, boshqa tillardan so‘z olgandan ko‘ra, uning milliy muqobillarini topish, adabiyotni xalq tiliga yaqinlashtirish kabi jiddiy masalalar ko‘tarilgan edi. Uning “Bahor va qaldirg‘ochlar”, “Qo‘zg‘olish xabari”, “Primo Turk bolasi”, “Ont” va “Ishq to‘lqini” kabi hikoyalari ham ayni shu jurnalda bosildi.
Leytenant Umar Sayfiddin 1912 yilda Bolqon urushida qatnashdi va Yanya yaqinida yunon armiyasiga asirga tushdi. “Pastkash”, “Mahdiy”, “Hurriyat Bayroqlari” nomlı hikoyalarida asirlikdagi hayotini qalamga oldi. Bu hikoyalar “Xalqqa to‘g‘ri”, “Turk yurti” va “Zako” kabi jurnallarda nashr etildi.
Bir yillik asirlikdan so‘ng, 1913 yili Istanbulga qaytdi va harbiylikni tashlab, “Turk So‘zi” jurnaliga muharrirlik qila boshladi. 1914 yildan umrining oxirigacha Kabatash maktabida adabiyotdan dars berdi.
Umar Sayfiddin 1920 yili 36 yoshida qand kasalidan vafot etdi.
Umar Sayfiddinning “Tarix azaliy takrordir” (1910), “Haram” (1918), “Efruz Bey” (1919), “Qahramonlar”, “Bomba”, “Haram”, “Uzun poshnalar”, “Halollik”, “Yolg‘iz bahodir”, “Iskanja”, “Ishq to‘lqini”, “Oq Lola”, “Sirli amaliyot”, “Forsa”, “Badal” (“Yoshlik” jurnalida chop etilgan), “Pushti durli yoqa” kabi asarlari mashhur.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.