Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abdulla Qahhor. Ogri (hikoya)

13.12.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• "Dada, bu yetishmovchilikka yana qancha chidashimiz kerak?" ― "Qirq kun" ― "Keyin-chi?" ― "Ko‘nikib ketamiz".
• Ehsonni shunday qilki, hatto ko‘ylaging bilmasin.
• Odamlar yalaydigan darajada shirin bo‘lma, odamlar tupuradigan darajada achchiq ham bo‘lma.
• Men ro‘mol o‘rashni o‘rgangunimcha erim mendan ketib qoldi.
Arman maqollari
 
 

Abdulla Qahhor. Ogri (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
O’G’RI
(O’tmishdan)

Otning o‘limi itning bayrami.
Maqol

Kampir tong qorong‘isida xamir qilgani turib ho‘kizidan xabar oldi. O!.. Ho‘kiz yo‘q, og‘il ko‘cha tomondan teshilgan... Dehqonning uyi kuysa kuysin, ho‘kizi yo‘qolmasin. Bir qop somon, o‘n-o‘n beshta xoda, bir arava qamish—uy, ho‘kiz topish uchun necha zamonlar qozonni suvga tashlab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Odamlar dod ovoziga o‘rganib qolgan: birovni eri uradi, birovning uyi xatga tushadi... Ammo kampirning dodiga odam tez to‘plandi. Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan og‘il eshigi yonida turib dag‘-dag‘ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi; ko‘zlari javdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni ko‘rmaydi. Xotinlar o‘g‘rini qarg‘aydi, it huradi, tovuqlar qaqag‘laydi. Kimdir shunday kichkina teshikdan ho‘kiz sig‘ishiga aql ishonmasligi to‘g‘risida kishilarga gap ma’qullaydi.
Qobil boboning qo‘shnisi - burunsiz ellikboshi kirdi. U og‘ilga kirib teshikni, ho‘kiz bog‘langan ustunni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi; negadir ustunni qimirlatib ham ko‘rdi, so‘ngra Qobil boboni chaqirdi va past tovush bilan dedi:
–    Ho‘kizing hech qayoqqa ketmaydi, topiladi!
Uning og‘ilga kirib qilgan taftishi Qobil boboga bir umid bag‘ishlagan edi, bu so‘zi haddan ziyod sevintirdi. Chol yig‘lab yubordi.
–    Xudo xayr bersin... Ola ho‘kiz edi...
Odamlar, o‘g‘ri devorni qachon va qanday asbob bilan teshgani, ho‘kizni qaysi tomonga olib ketgani, uni qaysi bozorda sotishi mumkin ekanligi to‘g‘risida bahslasha-bahslasha tarqaldi. G’ovur bosildi. Qobil boboning kampiri yig‘idan to‘xtab, ellikboshini duo qila ketdi.
Ellikboshi o‘g‘ri teshgan yerni yana bir ko‘rdi. Qobil bobo qo‘l qovushtirib uning ketidan yurar va yig‘lar edi.
—    Yig‘lama, yig‘lama deyman! Ho‘kizing oq poshsho qo‘l ostidan chiqib ketmagan bo‘lsa, topiladi.
Ellikboshi ho‘kizni juda naqd qilib qo‘ydi – go‘yo u ko‘chaga chiqsa bas – ho‘kiz topiladi. Bu "xudo yallaqagur" shunchalik qilgandan keyin bir nima berish lozim-da. Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi. Bu odam ellikboshi bo‘lish uchun ozmuncha pul sochganmi? Mingboshining bir o‘ziga yetti yuz bog‘ beda, bir toy bergani ma’lum. Poshsholikdan oylik yemasa! Qobil bobo hamyonini qoqishtirib, borini ellikboshiga berdi, yana qancha duo qiddi. Ellikboshi beto‘xtov aminga xabar qil-moqchi bo‘lib chiqib ketdi.
Kechqurun Qobil bobo aminning oldiga boradigan bo‘ldi. Quruq qoshiq og‘iz yirtadi, aminga qancha pul olib borsa bo‘ladi? Berganga bitta ham ko‘p, olganga o‘nta ham oz. Chol-kampir kengashib shunday qarorga kelishdi: bu chiqim oxirgi va ho‘kizni bo‘ynidan bog‘lab beradigan chiqim, shuning uchun pulning yuziga qarash aqldan emas.
Qobil bobo ro‘para bo‘lganda amin og‘zini ochmasdan qattiq kekirdi, keyin bag‘baqasini osiltirib kuldi.
—    Ha, sigir, yo‘qoldimi?
—    Yo‘q... sigir emas, ho‘kiz, ola ho‘kiz edi.
—    Ho‘kizmi?.. Ho‘kiz ekan-da! Himm... Ola ho‘kiz? Tavba!..
—    Bori-yo‘g‘im shu bitta ho‘kiz edi...
Amin chinchalog‘ini ikkinchi bo‘g‘inigacha burniga tiqib kuldi.
—    Yo‘qolmasdan ilgari bormidi? Qandaqa ho‘kiz edi?
—    Ola ho‘kiz...
—    Yaxshi ho‘kizmidi yo yomon ho‘kizmidi?
—    Qo‘sh mahali...
—    Yaxshi ho‘kiz birov yetaklasa keta beradimi?
—    Bisotimda hech narsa yo‘q...
—    O’zi qaytib kelmasmikin?.. Birov olib ketsa qaytib kela ber, deb qo‘yilmagan ekan-da! Nega yig‘lanadi? A? Yig‘lanmasin!
Qobil bobo yerga qarab tek qoldi.
—    Qidirtirsakmikin-a?—dedi amin chinchalog‘ini etigining ostiga artib, - suyunchisi nima bo‘ladi? Suyunchidan chashna olib kelinmadimi?
 Aminning bu gapi Qobil boboga "Ma, ho‘kizing" degan-day bo‘lib ketdi.
—    Kam bo‘lmang,— dedi pulni uzatib,— yana xizmatingizdaman.
—    Men beto‘xtov pristavga xabar beraman. O’zi chaqirtiradi. Bir hafta o‘tdi. Bu bir hafta ichida kampir "duoning zo‘ri bilan qulf ochadigan" azayimxonga obdastagardon qildirgani qatnab yarim qop jiyda, uch yelpish tovoq jo‘xori, ikki kalava ip eltdi, ammo ish chiqmadi. Sakkizinchi kuni Qobil bobo yana aminning oldiga bordi. Aminning tepa sochi tikka bo‘ddi:
—    Ha, ho‘kizni uylariga eltib berilsinmi?! Axir, borilsin, arz qilinsin-da! Fuqaroning arzga borishi arbobning izzati bo‘ladi!
Qobil bobo yor-do‘stlari bilan kengashdi — pristavga puldan boshqa nima olib borsa bo‘ladi? Ma’lum bo‘ldiki, uni begim deguncha kishining beli sinar ekan.
Uchta tovuq, garchi biri kurk bo‘lsa ham, Qobil boboning o‘zidan chiqdi. Yuzta tuxumni qo‘ni-qo‘shni, yor-birodarlar o‘zaro yig‘ib berdi. Ammo bu tortiq bilan tilmochdan nari o‘tib bo‘lmadi. Tilmoch tortiqni oldi va beto‘xtov pristavga yaxshilab tushuntirishni va’da qildi. Cholning butun bo‘g‘inlari bo‘shashib ketdi, keyin tutoqishdi, ammo go‘rda bir narsa deya oladimi! "O’ynashmagil arbob bilan - seni urar har bob bilan". "Yaxshilab tushuntirilgan" pristav bitta kulangir, bitta farangi tovuq, uch so‘m pulni olganidan keyin, Qobil boboning baxtiga, "beto‘xtov hokimga xabar beraman" demasdan, "aminga bor",  deb qo‘ya qoldi. Amin "ellikboshiga borilsin", dedi.
—    Gumoningizni ayting bo‘lmasa! — dedi ellikboshi tajang bo‘lib, - kim olganini men bilmasam, avliyo bo‘lmasam! Olgan odam allaqachon so‘yib saranjomladi-da! Uzoq demasangiz, erinmasangiz ko‘nchilikka borib terilarni bir qarab chiqing. Ammo terisi ko‘nchilikka tushgan bo‘lsa, allaqachon charm bo‘ldi; xudo biladi, kavush bo‘lib bozorga chiqdimi...
—    Endi bizga juda qiyin bo‘ldi-da. Peshonam sho‘r bo‘lmasa... — dedi chol yerga qarab.
 — Ey, yosh bolamisiz! Nega yig‘laysiz? Kap-katta odam... Bitta ho‘kiz bo‘lsa bir gap bo‘lar, xudo ajalga to‘zim bersin! Men qaynagamga aytayin, sizga bitta xo‘kiz bersin. Bitta ho‘kiz odamning xunimi?
Ertasiga ellikboshi Qobil boboni boshlab qaynatasi— Egamberdi paxtafurushning oldiga olib bordi. Paxtafurush cholning holiga ko‘p achindi va yerini haydab olgani bitta emas, ikkita ho‘kiz berdi, lekin "kichkinagina" sharti bor. Bu shart kuzda ma’lum bo‘ladi...
1936
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 84052362

Yandex