Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abdulla Qahhor. Ojar (hikoya)

13.12.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Kimki, yolg’on so’zni birovga to’nkagay, o’z qora yuzini yog’ga bulaydi. Ozgina yolg’on ham ulug’ gunohdir; ozgina zahar ham halok qiluvchidir.
Alisher Navoiy
 
 

Abdulla Qahhor. Ojar (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
O’JAR

Ul tuta ot quyrug‘indan, «bo‘l uzun soch» deb qo‘ya,
«Tek nega boshda tugul?» Tanqidga muhtoj deb qo‘ya.
A. To‘qay

Qutbiddinovga ovchi oshnasi ikkita tustovuq in’om qildi. Tustovuqlar tozalanib, tuzlanayotganda Qutbiddinovning fe’li aynidi, ya’ni bironta shinavanda ulfat bilan birpas dilkashlik qilg‘usi keldi. Unint qo‘shnisi Zargarov yaqin bir oy bo‘ladi, chorakam bir litr xushbo‘y vinoni dumba-jigar bilan ichgani asrab yurar edi, semiz tustovuqning daragini eshitib: «Xayr, qo‘y so‘ysak, yana vino topilar», dedi.
Bu ikki ulfat ahyonda mana shunday dilkashlik qilgan-larida suhbat boshdan-oyoq ikki mavzudan chetga chiqmas edi: biri — shu ketishda shaharimiz yana ellik yildan keyin qanday bo‘lar ekan; ikkinchisi—so‘nggi vaqtlarda fan ki-shilarni yoshartirish to‘g‘risida nega indamay qo‘ydi?
Qutbiddinovning o‘g‘li Suyar ovqatdan keyin pionerlar saroyiga ketgan edi, soat oltidan o‘tib borayotir — daragi bo‘lmadi. Shu vajdan Qutbiddinov suhbatning boshlanishida jinday tashvishmand bo‘lganidanmi, bu safar mavzu shaharning kelajagi, fanning jimib ketgani emas, bola tarbiyasi bo‘lib qoldi. Zargarovning ham o‘g‘li bor. Ikki ota hozirgi tarbiyani xo‘p maqtashdi. Zargarov uzun so‘zdan xulosa chi-qarib, «men yoshligimda shunday tarbiya ko‘rgan bo‘lsam, hozir yerda turib oyda chorvachilik qilar edim», dedi.
— Men ham, — dedi Qutbiddinov,— men ham ko‘p hikmatlar ko‘rsatar edim. Lekin birodar... Qani, ichaylik! Auf... Lekin, birodar, har yomonning bir «ammo»si bo‘lishi kerak, har yaxshinint bir «lekin»i. Hozirgi tarbiya yaxshi. Hech shubhasiz yaxshi! Lekin kamchiligi yo‘qmi? Bor, albatta, bor! Masalan, bolalarga shaxmat o‘ynatishni olaylik. Bolaning miyasi shunday miyaki, chunonchi... bizning moliya tili bilan aytganda, alohida paragraf!
— Oh-oh-oh! Otangizga rahmat! Kamol toping, do‘stim! Men ham xuddi mana shuni aytaman, deb turgan edim. Shundoq, do‘stim, bola deganingizning miyasi... Ie, siz nega oqichmadingiz?
Fikrlar bir joydan chiqib, ikki tanqidchi ko‘p mamnun bo‘lishdi. Suhbat yana ham jonlanib ketdi. Hozirgi tarbiyani olib shaxmatga urildi, shaxmatni olib tarbiyaga; ikkovining ham dabdalasi chiqarildi. Qutbiddinov ryumkalarni yana to‘ldirdi, vilka bilan iyagini qashlab davom etdi:
— Shaxmatning yana bir zarari shuki, agar g‘irrom odam bilan o‘ynasangiz, asabingiz buziladi. O’ttiz to‘rtinchi yilda Bobojonov bilan o‘ynagan edim, g‘irromlik qilib shohimni olib qo‘ydi. Shohimni ber, men senga bo‘lak narsa beray, desam ko‘nmadi, cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Jahlim chiqib qolgan ekan, shohsiz o‘ynay berdim, baribir qoldirdim. Shundan beri o‘ynamaydigan bo‘lib ketdim. Nima keragi bor? Xo‘sh, ana qoldirdim, nima bo‘pti?
—    Shuni ayting, poezddan qoliptimi?
Soat sakkizda o‘tganda Suyar keldi. U, eshikdan juda hovliqib kirgan edi, bularni ko‘rib shashti qaytdi; sekin ichkarigi uyga kirib ketayotganida Zargarov ko‘rib qoldi.
—    E, e, yigitcha! Qani, bu yoqqa keling-chi! Ho‘, barakalla, mulla Suyar! Otasini suyarmi, onasini suyarmi, a? Yo ikkalalarini ham suyarmi?
Qutbiddinovning otalik mehri jo‘sh urib ketdi. Suyarning boshidan, yuzidan o‘pdi, quchoqladi.
—    Albatta, otasini suyar-da, a, o‘glim? Bizning o‘g‘il ko‘p yaxshi-da: birov bilan urishmaydi, papiros chekmaydi, onasidan otasini yaxshi ko‘radi, shaxmat o‘ynamaydi...
Suyar o‘zining quvonchini tantana bilan e’lon qildi:
—    Bugun instruktorimizni qoldirdim, dada!
—    E, ana endi! Ko‘p bema’ni ish qilibsiz-da, o‘g‘lim! Shaxmat o‘ynamagin, demabmidim? Qara, burningdan suv oqyapti, miyang suyulibdi!
Suyar bo‘shashib ketdi.
—    Shaxmat o‘ynagandan emas,— dedi burnini artib, — kecha o‘zingiz ariqdan ko‘zoynag‘ingizni izlatdingiz...
Qutbiddinov labini burdi.
—    Ko‘zoynak izlasa burundan suv oqar emishmi? Ming la’nat! Bor, uyga kir, darsingga qara!
Suyar ta’bi xira bo‘lib, kirib ketdi. Qutbiddinov o‘g‘lining noqobilligidan, andishasizligidan qattiqxafa bo‘ldi; nahot otasi shaxmat o‘ynamagin degan bo‘lsa-yu, o‘ynasa; o‘ynaganini yana, ayniqsa mehmonning oldida, bu qadar tantana bilan e’lon qilsa. Zargarov ko‘p bolalar shunaqa ekanligi va Suyar eslik bola bo‘lgani uchun bu xildagi qusurlarini yo‘qotish qiyin emasligini aytib, ranjigan otaning ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi.
—    Mening o‘g‘lim-chi, bundan ham battar. Men unga tog‘ injeneri bo‘lgin desam, «yo‘q, dada, bilmaysiz, men uchuvchi bo‘laman» deydi. Xa-xa-xa... voy, itvachcha-ey, men bilmas emishman!
Ikki tanqidchi bolalarning otalarga gap qaytarishla-rini, otacharning so‘zlarini ba’zan yerda qoldirishlarini hozirgi tarbiyada bo‘lgan eng katta kamchilikning natijasi hisoblashdi va buni har kuni, har soatda ko‘rib turganlari holda bunga qarshi jamoat fikrini qo‘zg‘aguday bir ish qilolmaganlari uchun o‘zlarini ham ayblashdi.
—    Men shu to‘g‘rida gazetaga bir maqola yozsammi deb ham o‘ylagan edim,— dedi Zargarov, — lekin kelishtirolmasman deb qunt qilmadim. Chala-chulpa yozib birovning oldiga «shu to‘g‘rimi?» deb borgani nomus qilaman. Rostini aytsam, ellik oltiga kirib ham birovdan aql o‘rganishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Endi, men sizga aytsam, biz birovga aql o‘rgatsak tuzuk. Nima dedingiz?
—    Albatta. Lekin men ham maqola yozishga yo‘qman, birodar. Endi biz-ku, o‘tdik, bolalarimiz ham bizday bo‘lmasin deng. Buning uchun bolalarga har xil adabiyotlardan o‘qitish kerak. Bu to‘g‘rida ham hozirgi tarbiya o‘choqlarimizning beparvoligi bor. Chunonchi, men u kuni o‘glingizni imtihon qilib ko‘rdim. Mazasi yo‘q! Hatto Saltikov bilan Shchedrin, degan mashhur yozuvchilarni bir-biridan farq qilolmaydi, ikkovi bitta odam deydi. Kula-kula o‘libman. Sizga aytaman deb esimdan chiqibdi.
Zargarov «o‘g‘lim a’lochi» deb hech kimga so‘z bermas edi, Qutbiddinovning bu kulgisi uni tamom o‘ldirdi.
—    Rosti bilan shunday dedimi? Adabiyotdan ham a’lo baho olgan edi-ku.
— Adabiyot muallimi oshnangizdir.
— Be, Saltikov bilan kim dedingiz hali, Shchedrinmi? Shuni bilmasa men qulog‘ini tagi bilan sug‘urib olaman. Qutbiddinov hamon kular edi.
—    Bilmaydi, bahazur sug‘urib ola bering, azbaroyi xudo, ikkovi bir odam deydi.
Kugbiddinovning me’yordan ortiq kulgisi Zargarovning g‘ashini keltirdi. Nima bo‘lib uning og‘zidan «meningo‘g‘lim bilmasa, sening o‘g‘ling ham bilmaydi» degan mazmunda so‘z chiqib ketdi. Qutbiddinov ham o‘zining o‘g‘liga ishontanliti uchun, Zargarovning bu bo‘htoniga darrov, issig‘ida zarba bergisi keldi.
—    Hozir, hozir,- dedi,- Suyar! Ho, Suyar! Bu yoqqa chiq, o‘g‘lim! E, yotganmiding? Mayli, bu yoqqa o‘tir. Bizga bir narsani hal qilib ber: Saltikov katta yozuvchimi, Shchedrin katta yozuvchimi?
Suyar goh otasiga, goh Zargarovga qarar va hayron edi.
—    Yo‘q, siz savolni noto‘g‘ri qo‘ydingiz,— dedi Zargarov. — Bunday: Saltikov ilgari o‘lganmi, Shchedrin?
—    Ikkovi bitta odam-ku!— dedi Suyar, nima gap ekanini bilolmay.
Zargarov qiyqirib kuldi, chapak chaldi va bunga ham qanoat qilmay o‘rnidan turib o‘yinga tushdi. Qutbiddinov do‘q urdi:
—    Saltikov bilan Shchedrin-a? Kim aytdi senga?
—    O’zim bilaman, kitobda bor.
—    Kitobda bor? Shaxmatni ko‘proq o‘yna, itvachcha!
Qutbiddinov bola bechorani xo‘p urishdi. Zargarov Qutbiddinovni o‘larday kalaka qilib toza alamini oldi, buning ham og‘irligi Suyarga tushdi. Suyar yig‘lab yubordi.
—    Undoq demagin, o‘g‘lim,— dedi Zargarov birpas jimlikdan keyin,— dadang bir narsa degandan keyin darrov «xo‘p, bilmabman» deyishga o‘rgan. Yaxshi emas.
—    Noto‘g‘ri aytsalar-chi?
Ikki tanqidchi yalt etib bir-biriga qaradi va bu qarashda ikkovining ham ko‘nglidan bir gap o‘tdi: «Bola ham shunday o‘jar bo‘ladimi?» Suyar ichkariga kirib ketdi. Qutbiddinov ertagayoq Suyarning maktabiga borib katta g‘alva ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Zargarov maktabdan ham ko‘ra pionerlar saroyiga borishni ma’qul ko‘rdi. Anchadan keyin Suyar kattakon bir kitob ko‘tarib chiqdi:
 — Mana,— dedi portretni ko‘rsatib,— mana, Saltikov-Shchedrin!
Qutbiddinov «bu o‘jar bola hamon o‘zinikini ma’qul qilmoqchi» deb juda g‘azablandi, ammo mehmonning oldida o‘zini tiydi. Zargarov portretning ostidagi yozuvni o‘qib, xuddi qanotli tuya ko‘rganday ajablandi va kitobni sekin Qutbiddinovning oldiga surdi. Qutbiddinov portret va uning ostidagi yozuvga uzoq tikildi, so‘ngra ko‘zoynagini sekin qulog‘idan bo‘shatar ekan:
—Him...—dedi,— Saltikov-Shchedrin! Ko‘rdingizmi, o‘sha vaqtdagi yozuvchilar ham soqol qo‘ygan ekan...
Jimlik cho‘kdi. Suyar indamay ichkariga kirib ketdi. Shu yerda hikoya ham tamom, chunki uning mantiqiy davomi g‘alaba qozongan Suyarning bu ikki tanqidchidan o‘ch olishi bo‘lar edi. Suyar buni lozim topmadi.
1939
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 84052618

Yandex