Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abdulla Qahhor. Yillar (hikoya)

13.12.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Millatchilik — iblislar panoh topajak eng so‘nggi panoh, demak. Millatchilik — jaholat, demak. Millatchilik — bir xalqni boshqa bir xalqqa nisbatan nafrati, demak. Shu boisdan, juda ko‘p fojialar ana shu millatchilikdan kelib chiqadi.
Tog‘ay Murod
 
 

Abdulla Qahhor. Yillar (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
YILLAR
O’tdi umrim, voh darig‘...
Qadimgi qo‘shiq

Hojimirsiroj avtobusda joy talashib bolalik bir xotin bilan aytishib qoldi. Bir maktab bola ham kelayotgan ekan, shu oraga tushdi-yu, yomon bo‘ldi. Bu qoqvosh «shu ishingiz noto‘g‘ri» deyish bilan-ku, Hojining qorniga qoziq qoqqandek bo‘lgan edi, yana «xo‘mraymang» degani nimasi?
Hoji birpas zaharini yutib turdi-da, bola avtobusdan tushib ketayotganida, sekin qo‘lini uzatib, qulog‘ini ushladi va uch buklab turib qattiq qisdi; qisdi, jonining boricha qisdi! Bola, «quloqdan ayrildim» deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, qo‘rqib darrov ushlab ko‘rdi — yo‘q, quloq joyida. U avtobusdan tushib, lovullab turgan qulog‘ini ushlaganicha Hojiga qaradi va bisotidagi eng og‘ir, eng dahshatli haqoratni ishlatdi, ya’ni «tarbiyasiz!» dedi.
Hoji huzur qilib o‘ch olganidan, bolaning so‘kkani boshqa so‘z topolmaganidan xursand bo‘lib, orqasiga suyandi va atrofiga nazar tashladi; qarasa, hamma, ayniqsa shofyorning orqasida kitob ko‘rib o‘tirgan kishi o‘zini kulgidan zo‘rg‘a tiyib turganga o‘xshaydi. «Haromi, meni toza rasvo qilganga o‘xshaydi, — dedi o‘zicha.— Bu hozir kulib yuboradi, hozir kulmasa keyin, uyiga borib kuladi; bola-chaqasi bilan kuladi! Nega men u itvachchaning qulog‘ini shartta uzib qo‘liga bermadim?»
Hojimirsiroj shoshib avtobusdan tushdi, bolaning ketidan ketdi. Bola hamon qulog‘ini ushlab borar edi; bir orqasiga qarab Hojini ko‘rdi-yu, jadallab muyulishdagi kattakon ikki qavatli binoga kirib ketdi. Hoji uni bu yerga qochib kirdi degan o‘yda eshikning oldida uzoq poylab o‘tirdi. Quyosh botdi hamki, bola chiqmadi. Hoji asta eshikni ochib kirdi. Bolani pastdan topolmay, oyog‘ining uchida yurib ikkinchi qavatga chiqaetgan edi, kimdir zinaning ustidagi chirog‘ini yoqib yubordi. Hoji bir cho‘chib tushdi va yuqoriga qaradi. Yuqorida o‘ziga ma’lum Orziqul turar edi. Hoji uni qaerdadir qorovullik qiladi deb eshitgan, lekin qaerda ekanini bilmas edi.
—    E, ha, Orziqul, — dedi, — bu yerda nima qilib yuribsiz? Shu yerdamisiz?
—    Ha, biz shu yerda, — dedi Orziqul, to‘nining yengini kiyib. — O’g‘limizga shu yerdan joy tekkan. Siz nima qilib yuribsiz?
Hoji gangib qoldi. U, «Orziqulning o‘g‘li yaxshi yigit chiqdi, hozir bitta o‘zi o‘ttiz ikkita mashinaga qarar emish» deb eshitgan, lekin uning shunday joyda turishini xayoliga ham keltirmagan edi.
—    Shunaqami, — dedi Hoji boshqa so‘z topolmay, — bu joy o‘g‘lingizga tekkan ekan-da, men o‘zingizga tekkan deb eshitgan edim... Buyursin... Shunday o‘tib ketayotgan edim, esimga tushib qoldingiz, bir kiray dedim, Orziqul uyida bo‘lsa, qulluq bo‘lsin qilib chiqay...
—    Juda soz bo‘pti-da, Hojim! Ko‘p yaxshi qilibsiz. Qani kirsinlar... Yo‘q, yo‘q, kavushni ichkariga yechadilar... Zab kelibsiz-da. O’zim ham sizni bir aytib kelaman, birpas gapirishib o‘tiramiz deb yurgan edim.
Orziqul bu gapni mehmonning ko‘ngliga bo‘lib aytmadi, rostdan ham Hojimirsirojning bir kelishiga orzumand edi. Lekin, rostini aytganda, Hojini uyiga taklif qilishdan murodi birpas gapirishib o‘tirish emas, unga o‘z turmushini ko‘rsatish edi. U, uy-joyini, maishatini ko‘rsatish bi-lan maqtanmoqchi emas, chunki qo‘lga kirgizgan narsasi o‘z qadr-qimmatidan yuqori bo‘lgan odam maqtanadi. U faqat haqiqatni aytmoqchi, «cho‘loq cho‘loqligidan, kambag‘al kam-bag‘alligidan norizo bo‘lsa, xudoning qahri keladigan» zamonda xokisor bo‘lgan odamlarning o‘t kechib, suv kechib olib borgan kurashlari natijasida turmushlari qanday o‘zgarganligini ko‘rsatmoqchi, xolos. Orziqul bu haqiqatni ko‘rsatish bilan ta’na qilmoqchi ham emas, chunki ta’na qilish — qattiq o‘pkalash degan so‘z. Hojidan nima deb o‘pkalaydi? «Shuncha yil sening zavodingda ishlab qornim ham to‘ymadi, ochdan ham o‘lmadim; sen meni ot qatori ko‘rar eding; toypaxtalar ostida qolib qovurg‘am singanda kasalimni mahalla boqqan» deb o‘pkalaydimi? Hoji shunday qilmasligi ke-rak emishmi? Zavod egasi-ya? Lekin Hoji o‘sha vaqtda shunday qilmasam bo‘lar ekan, deb hozir aytishi mumkin va aytadi ham, chunki shu gap bilan birovning ko‘nglini yumshatib bir piyola choyini ichadi.
Orziqul Hojini koridorning oxiridagi eshikka — o‘zining bo‘lmasiga boshladi. Bu bo‘lmada balkonga chiqiladigan eshikning tutqichiga ilingan allaqanday bir xaltadan bo‘lak hamma narsa Hojining ko‘ziga qalbaki ko‘rindi shekilli, butun jihozlarni alohida-alohida ko‘zdan kechirdi, hatto devorlarni chertib ko‘rdi.
Orziqulning kelini Tojixon kirdi. U, mehmon bilan ko‘rishib, narigi uyga taklif qiddi. Orziqul Hojini oshxo-naga boshlab chiqdi. Oshxonada Murod xarita ko‘rib o‘tirar edi.
—    Keldingmi, o‘g‘lim, — dedi Orziqul, — mana Hoji bobong ham keldilar.
Murod darrov turib Hoji bilan so‘rashdi va nazokat bilan unga joy ko‘rsatdi.
—    Keling, Hoji bobo. Ko‘rinmaysiz, kelmaysiz...
—    Barakallo, o‘glim, barakallo,— dedi Hoji kursiga ehtiyot bilan o‘tirayotib. — Umringiz uzoq bo‘lsin. Ko‘pdan-ko‘p xursand bo‘ldim... O’g‘il degan shundoq bo‘lsin, otasini rozi qilsin. Ko‘p xursand bo‘ddim. Xo‘p... Bu gilam... bu gilam-ni necha pulga oldingiz?
—    Esimda yo‘q. Ancha bo‘ldi olganimizga.
—    O’tgan hafta bozorga bir gilam chiqdi, gilammisan gilam edi-da. Bir ming uch yuzga savdo qilib, Qodiralining o‘g‘liga olib berdim. Gilam tanigan odam ikki mingga indamasdan oladi. Shunaqa narsalar kerak bo‘lsa menga aytib qo‘ying. Xo‘sh... yashang, o‘g‘lim, kam bo‘lmang. Endi Orziqul oyog‘ini uzatib, bahazur yota bersa ham bo‘lar ekan. Biz burun zamonda shuncha davlat bilan ham bu xilda orzu-havas ko‘rgan emasmiz. Endi ishlamassiz-a, Orziqul?
—    Nega ishlamas ekanman, qirqto‘rtinchi maktabda qorovullik qilaman. Men ishlamasdan turolmayman... o‘rganmaganman...
—    Ana shu chakki-da, Orziqul, ana shu chakki! Noshukurchilik...
—    Noshukurchilik bo‘lsa ham o‘rganmaganman.
Murod kuldi:
—    Ko‘rdingizmi, o‘rganmaganlar! Bu kishini ishlash huquqidan mahrum qilishga haddim sig‘maydi.
Tojixon ovqat keltirib qo‘ydi. Ovqat vaqtida Hoji hech kimga so‘z navbati bermay, burungi zamonni yomonlab ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, burun zamonda, zavod egasi bo‘lishiga qaramay, u ham jabr ko‘rgan ekan: uezd hokimi «akangizni mingboshi qilaman» deb uch ming yigirma yetti so‘m pulini yeb, saylovda degrezlik Isomiddin degan jallobni saylagan ekan. Tojixon «piq» etib kulib yubordi va Murodga qaradi:
—    U qanaqa saylov? — dedi.
—    Men qayoqdan bilay. Dada, u qanaqa saylov?
Orziqul anchadan keyin javob berdi:
—    Mingboshi saylov deb eshitar edim-ku, hech ko‘rgan emasman... Qanaqa saylov bo‘lar edi, mana Hojim aytdilar-ku... Obbo xotintaloq-ey, shunaqa qilgan deng, Hojim!..
Tojixonning kulishi, Orziqulning so‘zidagi kalaka ohangi Hojiga yoqmadi. U, kichkina pichoqchasi bilan suyak tozalar ekan, so‘zni boshqa, bularga xush keladigan mavzuga burish niyatida birdan so‘radi:
—    O’g‘lim, — dedi, — staxanovchilik deysizlar, buning hikmati nimada? Juda ko‘p narsalarni aqlim ola bermas edi, endi sekin-sekin fahmlayapman. Lekin shu staxanovchilik hech aqlimga sig‘maydigan ish bo‘lib chiqdi. Burungi zamonda bitta odam, mening bilishimcha, juda nari borsa uch yarim pud paxta terar edi, hozir yigirma besh pudga yetkazib terar emish. Mana, siz, bitta o‘zingiz o‘ttiz ikkita mashinaga qarar emishsiz...
Murod miyig‘ida kulib, Tojixonga qaradi:
—    Tojixon, siz ayting, nima uchun hozirgi odamlar Hoji boboning aqllariga sig‘maydigan ishlarni qilishadi? Ayting, siz ham staxanovchi-ku.
Tojixon javobga lab ochganida eshik taqilladi-yu, tu-rib ketdi. Javobni Murodjon o‘zi berdi:
—    Staxanovchilikning hikmati shundaki, hoji bobo... o‘zimizda bir maqol bor-ku: «Birovning ishiga saratonda qo‘l sovqotadi». Staxanovchilikning hikmati hammadan burun shundaqa, men boshqaradigan o‘ttiz ikkita mashina ham, bu mashinalar bilan kilinadigan ish ham birovniki emas. Bu — bir...
Eshikni taqillatgan O’lmas ekan, yo‘laqda onasiga nima to‘g‘ridadir quvona-quvona so‘zlayotgan tovushi eshitildi. U, shu quvonchini otasiga ham aytish uchun bo‘lsa kerak, shoshilib kirgan edi, ne ko‘zi bilan ko‘rsinki, hali avtobusda «tarbiyasizlik» qilgan kishi o‘tiribdi! O’lmas ixtiyorsiz qulog‘ini ushlab, sekin yotoqqa tomon burilgan edi, Murod to‘xtatdi:
—    Xo‘sh, o‘rtoq komandir, qanaqa kino ko‘rdingiz?
Bolani tanib, Hojining esi chiqib ketdi. «Obbo haromi,— dedi ichida, — hozir arz qiladi. Agar arz qilsa, cho‘nta-gimga qo‘l soldi deyman!»
—    O’rtoq komandir tankist bo‘lar emishlar, - dedi Tojixon kulib. - Uchuvchi bo‘lishdan aynibdilar... O’lmas, mehmon bilan so‘rashmaysanmi?
O’lmas so‘rashgani qo‘l uzatdi. Hoji uning qo‘lini olar ekan, o‘rnidan turdi:
—    Endi men ketay, bemahalga qolmay, - dedi.
U, bolaning shikoyat qilishidan va buning natijasida o‘ng‘aysiz ahvodda qolishidan qo‘rqmasa ham bo‘lar edi, chun-ki O’lmas hech shikoyat qilib o‘rgangan bola emas. Orziqul uni pastgacha kuzatib xayrlashdi. Hoji ko‘chaning u yuziga o‘tib, bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, o‘ylar edi: «Mashina ham, bu mashinalar bilan qilinadigan ish ham o‘zingniki... tankist... tank ham o‘zingniki! Yillar, yillar o‘tdi! O’tgan bu yillar dunyoni ostin-ustun qildi!..»
1939
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 84052389

Yandex