Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abdulla Qahhor. Xotinlar (hikoya)

13.12.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Gunohlar yuki ostida ezilib, umidsizlikka tushish og'ir falokatdir.
La Erdi
 
 

Abdulla Qahhor. Xotinlar (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
XOTINLAR

Asqar ota inqilob uchun qurol ko‘targan o‘zbek ayollari-dan Ma’rifatxon voqeasini eshitganidan beri uning qabrini ziyorat qilish niyatida yurgan edi. Qish kunlarining birida qulay payt keldi: bir necha ovchi o‘sha tomonga — daryo bo‘yiga ovga chiqadigan bo‘lib qoddi. Asqar ota shularga qo‘shildi.
Miltiqlar taxt, otlar tayyor, lekin kimningdir qush olib kelishini kutishar edi. Asqar ota ko‘ziga yuvoshroq ko‘ringan bir otni sinamoqchi bo‘lib mingan edi, ot anhorga intildi. Shu onda mayin bir tovush:
—    Otajon, sug‘ormang! — dedi.
Asqar ota otning boshini tortib, orqaga qaradi. Paxtalik nimcha, qo‘pol ag‘darma etik kiygan yoshgina bir juvon turar edi.
—    Yo‘q, qizim, sug‘ormoqchi emasman. Bu otlarning ichida yuvoshrog‘i qaysi?
—    Yuvoshrog‘imi? Mening otimni mina qoling.
—    O’zing-chi?
—    Menga baribir.
Bu gap Asqar otaga, umrida bir marta ot minib, o‘zini zo‘r chavandoz hisoblagan yosh bolaning qo‘rsligiday tuyuldi.
Qushga ketgan kishi qushni olib keldi. Ovchilar otlanishdi. Asqar ota juvonning otini mintani ikkilanib turgan edi, o‘zi jilovidan ushlab:
—    Mining, ota! — dedi.
Asqar ota noiloj mindi. Juvon saroyga kirib ko‘k toy minib chiqdi. Toy uning ostida gijinglar, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa tashlar edi. Buni ko‘rib Asqar otaning kayfi uchib ketdi.
—    Qizim, bo‘lak ot yo‘q ekanmi?
—    Nima edi?
—    Bu oting... ovga yaramaydi.
—    Men ovga bormayman, otajon, ikkinchi MTS ga ketyapman. Juvon toyni bemalol yengib ketayotgan bo‘lsa ham qishloqdan chiqquncha Asqar ota juda toliqib ketdi, chunki toy har o‘ynoklaganda entikib nafasi ichiga tushib ketar edi. Juvon buni payqab borayotgan ekan:
—    Xavotir bo‘lmang, ota, yikilsam yer ko‘taradi, - deb kuddi.
—    Xavotir bo‘lmayman, qizim, lekin bu oting gaplashib ketgani qo‘ymayapti-da. Alishtirib olsang gaplashib, chaqchaqlashib ketar edik.
Ovchilar xiyla ilgarilab ketdi. Juvon tizginni sal bo‘shatgan edi, shunga mahtal bo‘lib turgan toy birdaniga ko‘tarib ketdi. Asqar ota avval qo‘rqdi, keyin juvonning ot chopishini ko‘rib shunchalik zavqi keldiki, otiga ustma-ust qamchi bosganini o‘zi ham bilmay qoldi. Juvon saman ot minib uni kutib turar edi.
—    Otga juda epchil ekansan-ku, qizim! Barakalla-e... Kolxozda nima ish qilasan?
—    MTS da traktorchiman.
Asqar ota uni boshdan-oyoq kuzatib chiqdi. Jo‘nashdi. Ikkala ot bir qiyomda, baravar qadam tashlab borar edi.
—    Otga ham ishing tushib turadimi?
—    Hozir uncha ishim tushmaydi.
—    Ilgari ishing tusharmidi? Kuyoving nima ish qiladi?
—    U kishi ham traktorchi edilar. Hozir frontda.
—    Qachon ketgan?
—    Urush boshlangan kunlari.
—    Farzand bormi?
—    Bor. O’g‘lim bor. Otni o‘rganishimga shu bola sabab bo‘lgan.
—    Bola sabab bo‘lgan?
—    Ha. Men sizga aytsam, otajon, urushdan ilgari bizdan xomlik o‘tgan ekan: uy qilibmiz, ro‘zg‘or qilibmiz; o‘rtog‘im katta-katta topib kelganiga, men yaxshi-yaxshi tikkanimga, pishirganimga xursand bo‘lib yura beribmiz. Men yetti yillik maktabni bitirganimdan keyin o‘rtog‘im «bas, kamlik qilsa keyin o‘qiysan» dedilar. Ishlamadim ham. Shu bilan «uy qizi» bo‘lib qolaverdim. Buning oqibati shu bo‘ldiki, urush boshlangandan keyin tengqurlari^m joy-joyini topib olganda men shoshib qoldim; ularning erlari ko‘ngilla-ri o‘sib jo‘naganda, mening erim o‘ksib jo‘nadi... O’rtog‘im jo‘nagan kuni ertasiga kechqurun hovliga Komila xolam keldilar. O’zingiz bilasiz, u kishi frontga ketgan yigitlarning hammasini ham o‘z farzandlariday ko‘radilar; hol-ahvol so‘radilar, keyin: «Qani endi, qizim, yurtdan qarzingni uz, qo‘lingdan nima ish keladi?» dedilar. Alamimga chidolmay turgan edim. «Uy qizi bo‘lib o‘tirishdan boshqa hamma ish keladi!» deb javob berdim. O’g‘lim olti yarim oylik edi. «Undoq bo‘lsa, — dedilar, — bolang to‘g‘risida tashvish tortma, men bola boqishni sendan yaxshi bilaman». Oradan bir hafta o‘tgandan keyin meni MTS ga boshlab bordilar. Shu kishining ukalari brigada mexanigi ekanlar. Shu kishining qo‘llarida ikki oy juda qatgiq ishladim. O’n besh kunlik sinovdan keyin traktorchi nomini oldim. Tengqurlarim ichida yuzim yorug‘ bo‘ddi. Bolaga butkul Komila xolam qaradilar. Men kuniga bir marta peshinda ro‘para kelgan otni minib, emizgani kelar edim. Otni shunda o‘rganganman...
—    Kuyoving, «kamlik qilsa, keyin o‘qirsan» deb seni qiynab qo‘yibdi-da!
—    Mendan ko‘ra o‘zi ko‘p qiynaddi. Uyda o‘tirishimga o‘rganib qolgan emasmi, ko‘chaga chiqishim sog‘ tishini sug‘urib olganday bo‘ldi. Shunday bo‘lishini bilar edim. Bir xatida
bunday debdi: «Katta poxoddan keyin hozir dam olib o‘tiribmiz. Juda charchaganman. Bilasizmi, kishi charchagan vaqtida ko‘ngilni g‘ash qiladigan xayollarga boradi. Hozir soat
to‘qqizdan yigirma minut o‘tdi. Men sizga xat yozib o‘tiribman.
Shu minutda siz nima qilib o‘tirgan ekansiz?..» Men bu gapga uncha og‘rinmadim, erkak kishi ba’zan shunaqa yuragi torlik qiladi, deb qo‘ya qoldim. Oradan uch kun o‘tmay yana xat keldi. «Yangi yilga oz qoldi, — debdi, — yangi yilni qaerda qarshi olasiz? O’rtoqlaringizni uyga chaqirasizmi, o‘zingiz biron yerga borasizmi? Uyga chaqirsangiz Qrimdan nomingizni yozdirib kelgan piyolamda o‘zingiz choy iching!» Men bunga kisqacha javob yozib, «Yangi yil siz eson-omon kelgan kuni kiradi» dedim. Bu xatim borib yetmasdan tag‘in xat keldi:
«Yangi yil kechasi tushimga kirdingiz: kimningdir ayvonida birov bilan gaplashib turibsiz. Tong yorishganda uyga qaytib keldingiz, betingizni yuvmasdan, uxlab yotgan bolaning yuzidan o‘shshngiz...» Bu gap jon-jonimdan o‘tib ketdi.
Juvon engashib otning yolini siladi. Uning harakati, o‘pkasi to‘lib, gapdan to‘xtash uchun bahona izlayotganini ko‘rsatar edi. Asqar ota buni fahmlab, o‘zini bilmaslikka soldi. Juvon anchadan keyin qomatini rostladi va qor bosib yotgan uzoq adirning etagida qorayib turgan qishloqni ko‘rsatdi.
—    Ikkinchi MTS hu o‘sha yerda. Men ana u so‘qmoqdan yursam ham bo‘ladi. Lekin sizni nariroqqacha kuzatib, katta yo‘ldan keta qolay. Aytganday, ovga miltiqsiz boryapsiz-ku, otajon?
Juvon boshda MSTga boraman deganda Asqar ota MTS ni negadir daryo bo‘yiga yaqinroq yerda deb o‘ylagan ekan, hozir hayron bo‘lib qoldi. U o‘zining niyatini aytib, agar juvon ovga boradigan bo‘lsa, MTS ga birga borishini aytdi. Juvon Ma’rifatxonga juda ixlosmand ekan, bu taklifni darrov qabul qildi. Bular, ovchilarga «ketaveringlar» ishorasini qilib, so‘qmoqqa burilishdi. Ovchilar ko‘chma qumlar orasiga kirib, ko‘zdan yo‘qoldi.
Qishloqning kiraverishida talay bolalar muz tiyg‘an-moqda edi. Bular ikkita otliqni ko‘rib, yo‘l bo‘yiga tizilishdi. Otliqlar yaqinroq kelganda yetti-sakkiz yoshlardagi qiz bola bir qo‘li bilan to‘nning ustidan ishtonini mahkam ushlab, ularga qarshi yugurdi.
—    Sobiraxon opa!
Juvon otning boshini tortdi.
—    Opang o‘rgilsin! Beri kel, qo‘lingni ber! - juvon qizni otga mindirib oldi. — Voy, muzlab ketibsan-ku! Kimning qizisan?
—    Bozorvoy akaning... Tog‘amning bayroqlarini qachon qaytib berasiz? Olib ketgansiz-ku...
—    Voy, Normat akaning jiyani bo‘lasanmi? ~ dedi ju-von va Asqar otaga tushuntirdi. - Kuzgi shudgorda ko‘chma qizil bayroqni biz olgan edik, shuni aytayotibdi... Tog‘ang uydamilar?
—    Tog‘am rayonga ketganlar. Ukachamga beshik olib keladilar.
Kattakon bujun ostidagi qizil darvozadan temir bochka
yumalatib chiqqan bir mo‘ysafid qomatini rostlab bularga bir qaradi-da , yugurganicha kirib ketdi. Bular yetib borguncha darvozadan uch kishi chiqdi. Bular, kichigi yigirma, kattasi o‘ttiz yoshlardagi nihoyatda kelishgan yigitlar edi. Bu-larning juvonga qilayotgan muomalasini ko‘rib Asqar ota yo‘l bo‘yi uni sansirab kelganidan qattiq xijolat tortdi. Yigitlar, keyinchalik kelgan haligi mo‘ysafid ham, uni shunchalik izzat qilishar ediki, Asqar ota bu juvonning oddiy traktorchigina ekaniga shubhalanib qoldi. Biroqorada o‘tgan butun gap remont, ehtiyot qismlar, brigada, yonilg‘i to‘g‘risida bordi va hatto hazil, o‘rni kelib, qilingan bir-ikki askiya ham shu mavzudan chetga chiqmadi. Asqar ota er-kaklar qoshida ko‘p muhtaram xotinlarni ko‘rgan, lekin bularning ko‘pchiligi rais, mudir, direktor deganday rahbarlik o‘rindagi xotinlar edi. Bu oddiy traktorchi juvonga bo‘lgan ehtirom uni ayrim o‘ringa qo‘yar edi. Asqar ota ichida «Ering haligiday xatlar yozgan bo‘lsa, seni yaxshi bilmas ekan; sen o‘z qadringni bilasan, o‘z qadrini bilgan xotinga erkak kishi yomon ko‘z bilan qaragani botinolmaydi» deb qo‘ydi; bu gapni hozir o‘ziga aytgisi va erining o‘sha xatiga nima deb javob yozganligini so‘ragisi kelar edi.
Biroq hash-pash deguncha yetti-sakkiz chokdi xotin-xalaj to‘planib bu gaplarning mavridi bo‘lmay qoldi. Bular Sobiraxonning yoru do‘stlari, o‘rtoqlari edi. Asqar ota bu hurmatli juvon boshqa xotinlardan raftori bilan ajralib turar degan bir o‘yda edi, biroq Sobiraxon yoru do‘stlari orasida shularning biri bo‘lib qolganini ko‘rib, ajablandi. Bular kimningdir uyiga kirishganda, Sobiraxon hatto to‘rga o‘tgani ham unamadi. Boshqalar uncha qistashmadi ham. To‘rga Asqar ota bilan o‘rta yoshlardagi ikki xotinni o‘tqazishdi. Asqar ota shuncha xotinning ichida yakka o‘zi bo‘lganligidan nechukdir o‘ng‘aysizlanar va har qaysiga alohida-alohida «yaxshimisiz» der va duo qilar edi.
Deraza yonida turgan kimdir:
—    Oqsoqol kelyapti, — dedi.
«Oqsoqol» deganda Asqar otaning ko‘z oldiga o‘z tengquri biron mo‘ysafid kelib, ancha yengil tortgan edi, eshikdan qirq yoshlardagi bir xotin kirdi. Hamma o‘rnidan turdi. Asqar ota ham turmoqchi bo‘lgan edi, oqsoqol yetib kelib yelkasidan bosdi.
—    Qimirlamang, otaxon! Siz kelganda biz tursak yarashadi, biz kelganda siz tursangiz xunuk ko‘rinadi.
Oqsoqol qishloq Kengashining raisi edi. U, Sobiraxon bilan quchoqlashib ko‘rishdi, yuz-ko‘zidan o‘gosh; shu payt ob-rez bo‘yida piyoz to‘g‘rayotgan bir qizga ko‘zi tushib:
—    Bahri! Hu, afting qursin! — dedi.
Bahri, rangi bo‘zarib, qo‘lidan pichoq tushib ketdi.
—    Nima qiddim, opajon?
—    Dard!
Bahri ko‘zi javdirab hammaga bir-bir qaradi va birdan qizarib, ko‘ziga yosh keldi.
—    Nima gunohqildim!..
—    Nega eringga xat yozmaysan?
—    Voy bundan bo‘lak ham tuhmat bormi? Nega xat yozmas ekanman? Mana, so‘rang!
—    Xat yozmasligingni bular biladimi, ering biladimi? Ma, o‘qi-chi, xat yozar ekansanmi, yo‘qmi?
Xatni Sobiraxon olib, ko‘k qalam bilan ostiga chizil-gan yerini o‘qidi:
«... Bahrixon bir qo‘y bilan bir ko‘ylaklik atlas muko-fot olgan ekan. Shuni nima uchun olganligini so‘rab ikki martaba xat yozdim, aytmadi. Mumkin bo‘lsa, o‘rtoq Ibrohimova, shu to‘g‘rida menga o‘zingiz ma’lumot bersangiz...»
—    Xo‘sh? - dedi oqsoqol.
Bahri yengi bilan ko‘z yoshini artar ekan, kulimsiradi.
—    Xat yozmaydi demabdilar-ku! Shoshmang, opajon, men sizga tushuntirib beray. U kishi o‘tgan yili «Qizil yulduz» ordeni olganlarida «ordenni nima uchun oldingiz?» deb uch marta xat qildim, uchala xatimga ham «seni mudofaa qilishda ayrim ish ko‘rsatganim uchun oldim» deb javob qaytardilar, anig‘ini hech aytmadilar. Men ham mukofotni nima uchun olganligimni aytmadim, xatlariga «sizni esimdan chiqarmaganligim uchun oldim» deb javob berdim.
Jiddiy gap kulgi bilan tugab, oqsoqol uni nohaq urishgani uchun o‘sal bo‘ldi. Asqar ota, Bahri hech bo‘lmasa o‘zicha do‘ng‘illab qo‘yar deb o‘ylagan edi, undoq qilmadi. U, boyagiday ochilib, ishini qilaverdi. Shundan keyin Asqar ota unga alohida e’tibor bilan razm solgan edi, ko‘ziga juda yosh ko‘rindi.
—    Nechaga kirding, qizim?
Bahri Asqar otaga yer ostidan bir qarab, so‘ng javob berdi:
—    O’n sakkizga kirsammikin, kirmasammikin, deb o‘ylanib yuribman.
Oqsoqol, Asqar ota bu savolni nima uchun berganini fahmlab, tushuntirdi:
—    Ering diymizu, lekin u yigitga hali tekkan emas, so‘z bergan, xolos... Urushga ketayotganda nima degansan, Bahri?
«Agar sizdan bo‘lakni desam, dushmandan ortgan o‘qlaringizdan biriga ko‘ksim nishona bo‘lsin». Shundoqdeganmisan?
Bahri qizarib, javob bermadi. Asqar otaning nazarida, Bahrining bu so‘zi gul ko‘tarib, ashula aytib oh chekib, zo‘r kelganda hatto picha ko‘z yoshi to‘kib arz qilinadigan, lekin anchayin qarshilikka uchrasa chok-chokidan so‘kilib ketadigan muhabbatning emas, gulsiz, ko‘z yoshisiz arz qilinadigan va qarshilikka uchragan sayin kamol topadigan muhabbatning ifodasi edi. Birinchi xil muhabbat tilda, ikkinchi xil muhabbat dilda bo‘ladi. Birinchi xil muhabbatdan gul bilan ko‘z yoshi olib tashlansa, chunonchi, parranda muhabbatidan farq qilmaydi. Parranda bilan inson orasida qancha farq bo‘lsa, birinchi xil muhabbat bilan ikkinchi xil muhabbat orasida ham shuncha farq bor. Asqar ota shu so‘zlarni ko‘nglidan o‘tkazdi-yu, Bahriga nisbatan ko‘nglida mavj urgan mehrini ifodalaydigan biron kalima ham so‘z topolmay, faqat:
—    Umring uzoq bo‘lsin, qizim! — dedi.
Uy egasi dasturxon yozar ekan:
—    Umridan shuncha uzoq bo‘lgandan keyin, xudo xohlasa umri uzoq bo‘ladi, - deb so‘z o‘yini qildi.
Kimdir «piq» etib kulib yubordi. Nima gap ekanini anglay olmagan Asqar ota o‘zidan-o‘zi qattiq xijolat tortdi. Oqsoqol buni fahmlab, tezroq uni xijolatdan chiqarishga shoshildi.
—    Qishlog‘imizda Umri, Umriniso degan bir xotin bor edi, shuni aytayotibdi, — dedi.
Asqar ota bu javobga qanoat qilmay:
—    Kim o‘zi u, qanaqa xotin? — dedi.
Uning savoliga oqsoqol ham va boshqa hech kim ham javob bermadi. Og‘ir jimlik cho‘kdi. Shunday jimlik cho‘kdiki, bu xildagi jimlik aytgani til bormaydigan, eslashni ko‘ngil ko‘tarmaydigan biron dahshatli fojiaga uchrab halok bo‘lgan kishining nomi bexosdan tilga olingan vaqtda bo‘ladi. Jimlik uzoq davom etdi. Buning sirini anglay olmagan Asqar ota yana so‘z qotgani istihola qildi.
Sobiraxon qo‘ynidan bir dasta qog‘oz chiqarib oqsoqolga berdi va sekin:
-    Bo‘taboy aka rayonga ketgan ekanlar, shuni berib qo‘yasiz, — dedi. — Biz otam bilan daryo bo‘yiga bormoqchimiz.
Bu kishi Ma’rifatxon opaning qabrini ziyorat qilmoqchi ekanlar, birga borib kelaylik, dedilar. Qaytishda tusholmasmiz...
Ma’rifatxon nomi aytilishi bilan suhbatga yana jon kirdi. Ayollardan ikki kishi bular bilan birga boradigan bo‘ldi. Bulardan biri qishloq maktabining qorovuli va farroshi — Qumriniso degan nimjongina bir xotin, ikkin-chisi - frontcha ishlaydigan yoshlar brigadasiga yaqinda brigadir bo‘lgan yigirma besh yoshlardagi Risolat degan norg‘ul bir juvon edi. Risolatning eri askarlikka 1942 yilning bahorida ketgan va o‘shandan beri goh Leninoboddan, goh Olmaotadan xat yozar ekan.
Jo‘nagani otlanayotgan oqsoqol:
—    Sobiraxon, Bahrini ham olib boringlar, o‘ynab kelsin, - dedi.
Bahri borgisi kelsa ham, nimaningdir andishasini qilib turgan ekan shekilli, bu gapni eshitib go‘yo qanot chiqardi. U, hammadan burun otlanib, yo‘lga chiqib turdi.
Jo‘nashdi.
Bahri xiyla oldinda Risolat bilan birga borar va otning qadam tashlashi maqomiga ashula aytar edi.
Asqar ota Sobiraxon bilan Qumrinisodan ham keyinda, otni o‘z mayliga qo‘yib, xayol surib borar edi.
Odamlar shundayki, bor narsa asta-sekin yo‘qolsa ham payqaydi, lekin yo‘q narsa asta-sekin paydo bo‘lsa payqamaydi. Asqar ota o‘ylab qarasa, xotinlar suhbatida sira bo‘lmagan ekan va bugungi suhbat ko‘zini ochib yuboribdi: ko‘zini ochib qarasa, o‘z qishlog‘ida, bo‘lak joylarda ko‘rgani, bilgani xotinlarning nimadan iborat ekanliklariga yaxshi razm solmagan va ularning kamolotini payqamagan ekan. Endilikda «munglug‘», «mushtipar» singari so‘zlar qovushmay qol-gan, bu xotinlardan hech biri qilayotgan ishiga, kasbi-koriga sababi tirikchilik deb qaramaydi. Bularda qandaydir bir ichki dard bor. Shunday ichki dard, kundalik tirikchilik-dan yuksakroq bir sabab bo‘lmasa hech qanday qonun, hech qanday shaxsiy manfaat bularni bu xilda ishlashga majbur qilolmaydi.
Sobiraxon otining boshini tortib:
—    Ota, juda xayol surib qoldingiz? — dedi.
Asqar ota unga yetib oldi.
—    Yo‘q, qizim, xayol surayotganim yo‘q... hali gapimiz chala qoldi. Eringizning o‘sha xatiga javob qaytardingizmi, yo‘qmi?
Sobiraxon miyig‘ida kulib:
—    Shunaqa, — dedi, — «betingizni yuvmasdan uxlab yotgan bolaning betidan o‘pdingiz» debdilar. Bu gap jon-jonimdan o‘tib ketdi. Yig‘ladim. O’tirib xat yozdim. Bu bilan ham alamdan chiqmay, xatni ko‘tarib Komila xolamning oldilariga arzga bordim. Hamma gapni aytdim, yozgan javobimni o‘qib berdim. U kishi o‘rtog‘imning xatini eshitib kuldilar, mening javobimni eshitib koyidilar, «Issiq-issiq xatlar yozib yurib, birdan sovuq xat yozsang ko‘ngli shamollab qolmaydimi!» dedilar, xatimni yirtib tashladilar. Jahlimdan tushganimdan keyin bunday tanamga o‘ylab qarasam, bechora o‘rtog‘imdan unchalik qattiq gina qilishning hojati yo‘q ekan... «Urush deganda bizning qulog‘imizga gumburlagan tovushlar eshitiladiyu, ko‘zimizga qon ko‘rinadi; biron qo‘rqoq miltig‘ini tashlab qochdi degan xabarni eshitsak, «xoin» deymiz qo‘yamiz, lekin u xoinni jang maydonida yarador bo‘lib yotgan yoki olg‘a intilib, shu paytda sherigining yordamiga muhtoj bo‘lgan jangchining ko‘zi bilan ko‘rolmaymiz.
Xuddi shunga o‘xshagan «qishloq» degan vaqtda o‘rtog‘im urushga ketmasidan burungi qishloqni ko‘z oldiga keltiradi; erga xiyonat qilishni «ko‘ngil xushligi» deb, buzuqlikka qadam qo‘yish deb biladi, lekin jang maydonida ming bir ajalga chap berib olg‘a borayotgan erining yuziga oyoq qo‘yib «ko‘ngil xushligi» qiladigan makiyonni bizning ko‘zimiz bilan, yurt qayg‘usida hamma narsani unutgan, azob chekayotgan og‘ir va juda og‘ir mehnatda tasalli topayotgan kishilarning ko‘zi bilan ko‘ra olmaydi. Ko‘ra olmaydi!»
Sobiraxon «ko‘ra olmaydi» degan so‘zni pisanda qilib emas, afsuslanib aytdi.
—    Sizga hali Umri to‘g‘risida gapirishdi, — dedi Sobiraxon so‘zida davom etib, - yo‘q, uning to‘g‘risida hech kim gapirmadi, gapirgisi kelmadi. O’rni kelmaganda men ham gapirmas edim. Men ham bu xotinning nomini yana bir kishi eshitishini xohlamas edim. Erim bunaqa xotinlarni bizning ko‘zimiz bilan, hech bo‘lmasa ana u Bahrining ko‘zi bilan ko‘ra olganda, menga bu xilda xatlar yozmas edi.
Asqar otaning kutganiga qarshi Sobiraxon so‘zida davom etmadi, aftidan, u xotin haqida endi gapirmoqchi emas edi. U nima to‘g‘ridadir o‘ylar, ixtiyorsiz bo‘lsa kerak, allaqanday hazin kuyni burni bilan kuylab borar edi. Asqar ota o‘ng tomonda borayotgan Qumrinisoga qaradi. Qumriniso bu qarashga o‘zicha ma’no berib qizarganday bo‘ldi va jilmayib:
—    Ishi yo‘q it sug‘oradi, otajon, — dedi.
Uning xijolat tortganday bo‘lishidan Asqar ota Umrining bu xotinga biron yaqinligi bor gumon qilib:
—    Umri sizning nimangiz bo‘ladi? — deb so‘radi.
Kumriniso yalt etib Asqar otaga qaradi, bir nima demoqchi bo‘lib ikki-uch og‘iz rostlaganidan keyin:
—    Mening hech nimam bo‘lmaydi, Risolatdan so‘rang, — dedi.
Bular gap bilan bo‘lib, xiyla orqada qolib ketishdi.
Risolat bilan Bahri esa allaqachon yulg‘unzordan o‘tib, yo‘l bo‘yidagi ko‘chma qumtepada tevarak-atrofni tomosha qilib, kutib turishar edi. Yulg‘unzordan o‘tilgandan so‘ng Sobiraxon ot qo‘yganicha qumtepaga chiqib ketdi. Buning ketidan Asqar ota bilan Qumriniso ham chiqdi. Bu yerdan uzoq adir etagida yarqirab turgan daryo ko‘rinar, qaerdandir o‘rdaklarning g‘ag‘illashi eshitilar edi. Hamma jim, tevarak-atrofdagi manzaraning gashti bilan mast edi.
Bular qumtepadan tushib, talay yo‘l yurguncha ham jim borishdi. Nihoyat, Asqar ota hech kim gapirmagani, o‘zi ham boshqa gap topolmagani uchun:
—    Qizim, Risolatxon, Umri sizga nima bo‘ladi? – deb so‘radi.
Risolat avval Qumrinisoga, keyin Sobiraxonga qara-di, ikkovining ham yuzida tabassum ko‘rib:
—    Menga-ku hech narsa bo‘lmaydi, bir o‘zi ham Sobiraxonga, ham Qumriniso opamga kundosh bo‘lmoqchi deb eshitganman, — dedi.
Askiya ketdi. Bu askiya shundoq ediki, bular go‘yo yo‘lda tushib yotgan bir parcha jirkanch lattani cho‘pga ilib, «ma, ro‘molchang» deb bir-biriga otayotir.
Kula-kula hammaning darmoni qurigach, Risolat kulgi yoshlarini artib dedi:
—    Toza hayron bo‘larsiz-a, otaxon! Bizning qishloqda G’afforjon degan, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan, buning ustiga hech kimi yo‘q bir yigit bor edi. Uni hamma, hammadan ko‘ra ham men yaxshiroq bilar edim. Hamma bilganiki, G’afforjon bir yildan ortiqroq selpoga mudir bo‘lib turdi; men yaxshiroq bilganimki, biz hammahalla edik. Shu yigit birdan uylanish taraddudiga tushdiyu. bir haftaning ichida to‘y ham bo‘la qoldi. Kelin «muqovasi» tuzukkina, lekin xiyla o‘ziga bino qo‘ygan dovruqlik Umri degan bir qiz ekan. Bular to‘qqiz oyga yaqin birga turishgan bo‘lsa, shu davr ichida G’afforjonni ko‘rgan erkak kishining g‘ashi, xotin kishining rahmi kelar edi: xotini har bir og‘iz so‘zi, har bir bosgan qadami bilan «senga tekkanimga shukr qil» deb turganday bo‘lar edi. Buni G’afforjonning o‘zi yo payqamas, yo payqasa ham «nozaninning nozi» deb bilar edi. Shu xilda olti oycha umr qilishgandan keyin nima bo‘ldiyu, G’afforjon selponing mudirligidan bekor bo‘ldi. Shundan keyin orada o‘tgan yaqin uch oy mobaynida bular ikki-uch martaba qo‘ydi-chiqdi bo‘lishdi. Qiz har safar o‘zining qishlog‘i Dovruqqa ketib qolar, yana paydo bo‘lar edi. G’afforjonning fe’li ma’lum bo‘lgani uchun ko‘p kishi aybni Umriga qo‘yib yurar edi, lekin G’afforjon askarlikka ketayotganda Umri shunday dod soldiki, «ayb Umrida» deganlar tilini tishlab qoldi. Agar muhabbat shunday kezlarda to‘kiladigan ko‘z yoshi bilan o‘lchansa, yuzta Shirinu yuzta Laylining muhabbati bunikiga urpoq ham bo‘lmas edi. «Judolik» degan so‘z bino bo‘lgandan beri bunaqa ko‘z yoshini ko‘rmagandir... Ana yig‘iyu mana yig‘i!
—    O’zini parovoz tagiga tashlamoqchi ham bo‘lgan, — dedi orqada kelayotgan Bahri.
—    Ha, o‘zini o‘ldirmoqchi ham bo‘ldi. Xayr, oradan uch-to‘rt oy o‘tdi. Bir kuni men uyda sal tobim qochib yotgan edimb bexosdan Umri kirib keldi. Eri bor paytda salom bersangiz, «bekor aytibsan» deganga o‘xshab Alik oladigan odam, juda shirin so‘z bo‘lib hol-ahvol so‘radi, hovlimni supurib berdi, hatto boshimni uqalab qo‘ydi. Ichimda «yolg‘izlik kor qilibdi-da» deb quya qoldim. Ancha gaplashib o‘tirdik. Shundan keyin tez-tez kiradigan bo‘ldi. Men ham undan xabar olib turadigan bo‘ldim. Kisqasi, xiyla inoq bo‘lib qoldik. Umri qishlog‘imizga kelganidan beri bironta o‘rtoq orttira olmaganiga hayron bo‘lib yurar edim. Inoq bo‘lganimizdan keyin buning sirini bildim. Uning uchun olamda o‘ziga teng odam yo‘q, u bilgan odamlar yo o‘zidan past, yo o‘zidan yuqori; o‘zidan past odamni oyog‘i bilan ko‘rsatar, o‘zidan yuqori odamning esa oyog‘iga yiqilar ekan. Biron odamning o‘zidan past yo balandligini esa uning uyida nechta gilami borligi yoki necha kishiga so‘zi o‘tishi bilan o‘lchar ekan... Bahorda dala ishlari juda qizib ketdiyu, men bir hafta uyga kelolmadim. Bir haftadan keyin kelsam, Umri yo‘q — Dovruqqa ketibdi; shu ketganicha yaqin bir oydan keyin keldi. Qarasam, to‘qimi o‘zgargan: qoshlarida o‘sma ko‘zlarida surma, ikki chakkada gajak, labida ko‘k xol… bo‘ynini doka bilan bog‘lab olibdi. «Nima qildi, tomog‘ing og‘ridimi?» desam, «eshik qisib oldi» deb xir-xir kuladi. Qo‘lida G’afforjondan kelgan xat bor ekan, nima deyishimni bilmay, xatni qo‘lidan oldim. U ham indamadi, o‘qidim. O’qisam... bechora G’afforjon! Shunday xat yozibdi, shunday gaplarni yozibdiki, ko‘zlarimga yosh keldi... Risolatning ko‘ziga hozir ham yosh keldi.
-    Bir joyda nima debdi deng: «Kunim bitgan bo‘lsa-yu, o‘q tegsa «Onajon!» deb yiqilarmikinman, «Umrixon!» deb yiqilarmikinman?»
Asqar ota beixtiyor otiga qamchi berdi, yana boshini tort^ Uning ko‘z o‘ngidan butun olam yo‘qolib, faqat ikki nag. qoldi: qonsirab oqarishgan va g‘oyibona so‘nggi bo‘sa olii chog‘langan dudoq, doka bilan bog‘langan tomoq...
Risolat davom etdi.
-    Shundan keyin men unga ro‘yxush bermay yurdim. Shunday bo‘lsa ham, hali uni bahona qilib, hali buni bahona qilib kirib yurdi. Bu xarish otday muncha menga surkanaveradi deb yursam, buning tagida gap bor ekan. Uning zar bilan tikilgan juda chiroyli bir to‘ppisi bor edi. Dovruqqa bir borganimda shu to‘ppini amakivachcham Aminjonning boshida ko‘rib qoldim. Zimdan surishtirsam, bola bechora urgimchak uyaga tushib qolibdi: Umri «men seni qizligimda yaxshi kurib qolganman, qaramaganingdan keyin senga o‘chakishib erga tekkan edim, hozir erimdan chiqqanman», debdi. Aminjon, o‘zi yosh bo‘lsa ham, juda pishiq, og‘ir, g‘ayratli bo‘dganligi uchun kolxozga rais qilingan, uning kolxozi Dovruqda birinchi edi. Men unga Umri to‘g‘risida bilganlarimni zytdim, so‘zimning oxirida «o‘z eriga vafo qilmagan xotindan vafo kutma» dedim. Shundan keyin u ancha vaqg Umri bilan ko‘risholmadi, chunki yig‘im-terimni olganidan keyin Farhodga ketib, qishi bilan o‘sha yerda qolib ketdi. Orada o‘tgan bu gapni Umriga bildirmay yurdimu, bir kuni qiyshanglab kirganida jo‘rttaga «Umrixon, to‘y qachon?» deb so‘radim. Umri bir oqardi, bir qizardiyu meni quchoqlab yig‘ladi. «Xo‘p, ishondim, Aminjonni yaxshi ko‘rar ekansan, eringga nima javob qilasan?» desam, «bir yarim oydan beri xat kelmaydi, baribir yaxshi ko‘rmas edim» dedi. «Eringdan bir yarim oydan beri xat kelmasa ham, har qalay, o‘lganligi ma’lum emas, el-yurtga nima deysan?» dedim. Umri mening bu gaplarimni o‘zaro maslahat deb tushundi, shekilli, yugurib uyidan bir qog‘oz olib chiqdi. Bu qog‘oz birovning nomiga yozilgan qoraxat ekan. «Ha?» desam, «Shuni o‘chirib o‘zimning nomimni yozsammikin?» dedi.
Asqar ota to‘satdan otning boshini tortdi, tizginini tashlab, ikkala qo‘lini ko‘tardi.
-    Ilohi omin! - dedi. Hamma to‘xtab unga qaradi. Uning ko‘zlaridan oppoq soqoliga qatra-qatra yosh tomar edi. - Ilohi omin! Shu ayolning ko‘zi oqib tushsinu, G’afforjon sog‘-salomat kelib, uni ko‘cha-ko‘yda yetaklab yursin. Xudoyo xudovando, shu yoshga kirib dargohingdan hech narsa suragan emas edim...
Gapirgani hech kimda majol yo‘q edi. Otlar uz-uzidan asta-sekin yurib ketdi.
-    Xo‘sh, undan keyin nima bo‘ldi? - dedi Asqar ota tizginni qo‘liga olib.
Risolat «gapiraymi, yo‘qmi» deganday hammaga bir-bir nazar tashladi, hech kimdan sado chiqmagandan so‘ng davom etdi.
-    Mening, albatta, Aminjon Umrini oliglligiga sira ko‘zim yetmas edi. Shunday bo‘lsa ham bo‘ydoqning aqli ikki ko‘zida bo‘ladi, deb Umrining chin basharasini unga ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Bu yosh yigit, dunyoda muhabbatni har qanday qulfga tushadigan kalitga aylantirib olgan xotinlar ham borligini bilib qo‘ysin, dedim. «Qoraxat to‘g‘risida o‘zi bilan maslahat qilgin, ering borligini yashirganing bilan Aminjon bilar ekan», dedim. Umri uning Farhoddan kelishini sabrsizlik bilan kutib yurdi, kelganini eshitgan kuniyoq, o‘ziga oro berib, yo‘lga tushdi-yu ikki kundan keyin lunjini bog‘lab keldi; gap so‘rasam, tishim og‘rib qoldi, u-bu deb mujmal javob berdi. Gapning mujmalligidan «ora ochiq bo‘libdi-da» deb qo‘ya qoldim. Orada nima gap o‘tganligini Aminjon ham aytmadi. Buni bir necha kundan keyin uning qalin o‘rtog‘idan eshitdim. Uning aytishiga qaraganda, Umri haligi qoraxatni ko‘rsatib, menga aytgan gapini gapirgan ekan, Aminjon: «Xo‘p, eringni o‘ldiga chiqarasan, uning yoru do‘stlari yig‘iladi, gap-so‘z bo‘ladi, shunda bir chekkada yolg‘ondan yig‘lab o‘tirish qo‘lingdan keladimi?» deb so‘rabdi. Umri hech pinagini buzmay «Keladi!» debdi. Aminjon bu gapni o‘rtog‘iga juda kuyib-pishib, so‘kinib gapiribdi, lekin Umriga nima deganini aytmabdi. Lunjiga tushirgan bo‘lsa kerak. Har qalay, shundan keyin Umri meni ko‘rganida ko‘chaning u yuziga o‘tib ketadigan bo‘lib qoldi. Shunaqa qilib oradan olti oycha o‘tgandan keyin qishlog‘imizning boshiga musibat tushdi. Bir kuni ko‘chada ketayotsam, Umri bir bosh uzum ko‘tarib kelyapti; meni uzoqdan ko‘rib chaqirdi, «Mana buni qarang, mana buni ko‘ring!» deb bir qog‘ozni ko‘rsatdi. Qarasam, G’afforjon nobud bo‘lganligi to‘g‘risida uning nomiga kelgan qoraxat. Bunga ishonishimni ham bilmay, ishonmasligimni ham bilmay: «Qalbaki emasmi, o‘zing qilganing yo‘qmi?» deb so‘radim. Qalbaki emasligiga ishonganimdan keyin: «Xayr, niyatingga yetibsan, eringga o‘q tegib, o‘zi aytganday «Umrixon» deb yiqilganda sen qaerda, nima qilib o‘tirgan eding?» dedim.
Umri aftimga qarab bezrayib turibdi. «Ering ketayot-ganda stantsiyada to‘kkan ko‘z yoshlaringdan pichasini olib qo‘ymagan ekansan-da», dedimu xatni ko‘tarib kolxoz pravleniesiga bordim. O’sha kuni kechqurun katta-kichik yig‘ladi, yig‘i-sig‘i bo‘ldi, Umri yo‘q, hech kim, biron kishi «Umri qani?» deb so‘ramadi. Uning kirdikorini men bilaman, undan men jirkanaman deb yursam, butun qishloq bilar ekan, butun qishloq jirkanar ekan. Shundan keyin odamlarning ichidagisi yuziga chiqib, Umri yakkamoxov bo‘lib qoldi, oradan ko‘p o‘tmay Dovruqqa ko‘chib ketdi; Dovruqda ham turolmabdi, onasidan qolgan uyni buzdirib, yog‘ochini sotmoqchi bo‘lgan ekan, hech kim olmabdi. Bu yog‘ochlar hali-hali chirib yotibdi. Shu bilan Umri benom-nishon yo‘qoldi. Qumriniso so‘z qotdi:
—    Alamon quvgan o‘g‘ri alamonga qo‘shilib, «ushla, ushla!» deb qochganday, Umri qishlog‘imizning ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlar to‘g‘risida har xil bo‘htonlar tarqatar edi.
—    Ha, odamlar unga qo‘lini bigiz qilishini biladi-da, shuning uchun «bir men emas, ana u ham, bu ham shunaqa» degisi kelar edi.
—    Oltin o‘tda bilinadi, - dedi Sobiraxon, - urush tamom ham bo‘lar, o‘yin-kulgi uchun to‘planganimizda bu kunlar ertakday bo‘lib ham qolar... Suv ketar tosh qolar, o‘sma ketar qosh qolar.
Qumriniso Sobiraxonga ko‘z qisib:
—    O’yin-kulgimizning boshi Bahrixonning to‘yi bo‘ladi, - dedi.
Bahri labidagi tabassumni yashirish uchun bosh barmog‘i bilan burnini qashladi; so‘ngra, gapni chalg‘itmoqchi bo‘lib, irg‘aylar, yovvoyi jiydalar orasidan oqarishib ko‘rinayotgan daryoni ko‘rsatib:
—    Ota, daryoni xudo yaratishga yaratib qo‘yib, o‘zi ham qo‘rqib ketgandir-a? — dedi.
Asqar ota zavq qilib kuldi.
—    Sen hali dengizni ko‘rganing yo‘q, qizim! Xudo xohlasa, kuyoving bilan birga ko‘rasan.
—    Siz ko‘rganmisiz, ota?
—    Yo‘q, ko‘rganlardan eshitganman. Urush bo‘lmaganda ko‘rar edim. Sen ham ko‘rar eding. Ko‘p narsani ko‘rar edik. Endi keyinroq ko‘ramiz.
Bular yulg‘un, qamish, yovvoyi jiyda, changal, irg‘ay va boshqalardan iborat bo‘lgan to‘qaydan chiqib, kattakon soylikka tushayotganda Sobiraxon soylikning narigi yuzidagi to‘qayni ko‘rsatib:
—    Ana, Ma’rifatxon opam shu yerdalar, — dedi.
Soylik daryoning bahorgi toshqin vaqtidagi izi bo‘lib, «Kichik daryo» nomini olgan, kichik daryo paydo bo‘lganda haligi to‘qay orolga aylanar ekan. Qirg‘oqqa yaqin yerda to‘rt qoziq ustida kattakon bir qayiq turar edi. To‘qayga yaqinlashganda Asqar ota va undan keyin boshqalar ham otdan tushdi, Asqar otaning nazarida bundagi har bir daraxt, har bir buta motamsaro, bahorda yaproq chiqarganda ham qora yaproq chiqaradigan va hozir «endi keldingizmi, Asqar ota» deb turganday ko‘rinar edi. Bular, otlarini pastda qoldirib, katta-kichik xarsanglarni oralab o‘tgan so‘qmoqtsan kichikroq bir maydonga chiqishdi. Maydonning bir chekkasidagi keksa majnuntol ostida bir-biriga suyab qo‘yilgan ikkita qora toshtaxta sag‘ana shaklini olib turar edi. Asqar ota borib sag‘ananing bosh tomoniga cho‘kka tushdi va baland ovoz bilan Qur’on o‘qidi. Xotinlar oyoq uchida borib maydoncha atrofiga maxsus qo‘yilgan xarsanglarga o‘tirishdi. Asqar ota fotiha o‘qib bo‘lgandan so‘ng, o‘rnidan turib toshni tavof qildi. O’ng tomondagi toshga arab alifbesining qadimgi imlosida yirik qilib «Ma’rifatxon jannatmakon» deb yozilgan va hijriy bilan «1335» deb ta’rix qo‘yilgan edi. Har ikkala toshda bundan boshqa ham arab, lotin va hozirgi alif-beda yozilgan yozuvlar ko‘p, bularni ziyoratchilar pichoq, tosh va boshqa narsalar bilan ko‘p mashaqqat tortib yozganliklari ko‘rinib turar edi. No‘noqqina bir rassom o‘sha vaqtda askarlar kiygan qalpoqning suratini ham solibdi:
— Bu yerni kim obod qilgan? Bu og‘ir toshlarni kim olib kelgan? — dedi Asqar ota va o‘ziga-o‘zi javob berdi. — Qim olib kelardi? Bu yerga meni kim olib keldi? Shunday odamlar ham bo‘ladiki, tug‘ilganda hech kim sevinmagan bo‘lsa ham, o‘lganda butun yurt aza tutadi. Qizim, Bahri, shundaqami? Shundoqmi, Sobiraxon?
Orolni Risolat yaxshiroq bilar ekan, hammani olib yurib tomosha qildirdi. Orol to‘rt-to‘rt yarim tanobcha kelar edi. Ma’rifatxon otib o‘ldirgan Sangin qo‘rboshining go‘rini ko‘rishdi. Go‘r orolning shimol tomonida, daryo burilib oqadigan yerdagi jar yoqasida bo‘lib, odamning belidan keladigan bir chuqurlikdan iborat edi.
Ziyoratchilar to‘qaydan chiqqanda, kuni bo‘yi osmonni qoplab yotgan kul rang bulut kunbotish tomonidan yorilib, botib borayotgan quyoshning shulasi daryoni qip-qizartib yubordi. Risolat olovdek yonib turgan ufqqa qarab:
— Ertaga havo ochiq bo‘ladi, — dedi.
Ziyoratchilar otlanib jo‘nashdi. Ko‘chma qumlar orasida bularga ovchilar yetib oldi. Ovchilar juda xursand, har qaysisi bir nechadan quyon, o‘rdak olib bormoqda edi.
Chorrahada Risolat, Bahri va Qumriniso ular bilan xayr-lashdi. Asqar ota har qaysisining peshonasidan o‘pib duo qildi.
Qishloqqa qorong‘i tushganda yetib kelishdi. Sobiraxon ovchilar in’om qilgan ikki quyon va uch o‘rdaqdan bir quyon va ikki o‘rdakni Asqar otaga berdi. Asqar ota Sobiraxon va ovchilarga minnatdorlik bildirib jo‘nadi.
1944
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 84052504

Yandex