Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abdulla Qahhor. Toyda aza (hikoya)

18.08.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• Quyosh botish uchun chiqadi, inson o‘lish uchun tug‘iladi.
• Quloq ― ikkita, og‘iz ― bitta. Bas, ikki marta eshitib, bir marta so‘zla.
• Yomon xabarning qanoti bor, xushxabarning ― oyog‘i oqsoq.
• Quyon toqqa achchiq qilibdi, tog‘ sezmabdi ham.
• Ilon po‘stini tashlaydi, fe’lini tashlamaydi.
Qrim-tatar maqollari
 
 

Abdulla Qahhor. Toyda aza (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
TO’YDA AZA

Zo‘ri behuda miyon meshikanad

Dotsent Muxtorxon Mansurov nihoyatda istarasi issiq, nihoyatda dilkash chol, shu qadar dilkashki, uni ko‘rgan kishi har faslning o‘z husn-latofati bor degan gapni yil fasllari to‘g‘risidagina emas, umr fasllari to‘g‘risida ham aytsa bo‘lar ekan, deb qolardi. Uning bitta-ikkita qora tuk chap berib qolgan oppoq cho‘qqi soqoli... Yopirimay, soqol ham odamga shuncha yarashadimi-ya!..
Cholni bunchalik istarasi issiq, dilkash qilgan, soqolidan tortib yurishigacha hamma narsasini, har bir harakatini chiroyli, yoqimli qilib ko‘rsatgan, ehtimol, uning odamoxunligi ham bo‘lsa. O’zi shunaqa bo‘ladi-ku: yaxshining yuzida zuluk ham xol bo‘lib ko‘rinadi.
Ammo, lekin Muxtorxon domla nafsambiriga odamning joni edi. Uning xushfe’lligi, to‘poriligi... mahallada katta-kichik hamma bilan salomlashar, yosh bilan yosh, qari bilan qari bo‘lib gaplashar, xursand kishi bilan chaqchaqlashib, xafa bilan dardlashar edi. Bu odam mahalla hayotiga, har bir kishining diliga kirib, shu qadar singib ketgan ediki, otpuskaga yo komandirovkaga ketsa butun mahalla huvillab qolganday bo‘lar edi.
Kunlardan bir kuni mahallada duv-duv gap bo‘lib qoldi: «Muxtorxon domla uylanarmishlar!..»
Domla bundan uch yil burun beva qolib, unga goh singlisi, goh uzatgan qizi qarab yurar edi. Uning niyatini eshitib mahallada xursand bo‘lmagan odam qolmadi.
Hech kim qarigan chog‘ida juftidan qolmasin. Osonmi, kishi nima bo‘lishini bilmaydi, bosh yostiqqa tegishi bor... Qari odamga mahram kerak...
Hali hech kim ko‘rmagan bo‘lsa ham, Muxtorxon domla yoqtirgani uchun juda aqlli, tamizli ayol chiqishi muqarrar bo‘lgan kelinni hamma g‘oyibona yaxshi ko‘rib qoldi.
—    Mahallamizning tolei bor ekan, — deyishar edi. — Domla otaxonimiz edilar, kelinimiz bizga onaxon bo‘ladilar...
Mish-mish rost bo‘lib chiqdi: domla bozor qilishni, magazinga kirishni jinidan battar yomon ko‘rar edi, kimdir uni univermagda ochered turganini ko‘ribdi; ertasiga choyxona oldidan chamandagul to‘ppi kiyib o‘tdi.
Mahalla aktivlari kengashib, mahalla nomidan yaxshiroq bir to‘yona qiladigan bo‘lishdi. Ularning fikricha, bu narsa kuyovga ham, kelinga ham butun aholining hurmat va muhabbatini izhor qilishi kerak edi.
Shu orada domla qayoqqadir ketib bir haftadan keyin paydo bo‘ldi. Uning avtobusdan tushib kelayotganini ko‘rgan choyxonadagi odamlar hang-mang bo‘lib qolishdi; chol o‘lgur soqolini, shunday chiroyli soqolini, tag-tugi bilan qirdirib tashlabdi! Achinmagan, xafa bo‘lmagan odam qolmadi.
U biron yoqqa borib qaytganida choyxonaga kirmasdan, katta-kichik bilan ko‘rishib hol-ahvol so‘ramasdan o‘tmas edi, hozir choyxonaga yaqinlashganida ko‘chaning narigi yuziga o‘tib oldi-yu, yerga qarab, jadallaganicha o‘tdi-ketdi. Uning o‘zigagina emas, butun mahallaga fayz kirgizib turgan soqolini oldirgani, buning ustiga yana choyxonani chetlab o‘tgani ba’zilarni tashvishga solib qo‘ydi:
—    Domlamizga nima bo‘ldi ekan? Domlamiz nega bunaqa bo‘lib qoldi ekan?..
Domlaga hech bir g‘ubor qo‘nishini istamagan boshqalar bu ikki gunohni bir-biriga yegizib, uni oqlashga tirishdi:
—    Domlamiz biron xayolga borib soqolini qirdirganu hozir pushaymon, uyalganidan bizga ro‘para bo‘lmadi...
Oradan ko‘p o‘tmay choyxo‘rlardan biri qiziq bir gap topib keldi. Bu yigit domlani shaharning narigi chekkasidagi parkda ko‘ribdi. Domla, boshida chamandagul to‘ppi, egnida kalta va tor shim, katak ko‘ylak, yengini baland shimargan, bilagida kattakon tilla soat, o‘zi yakka pivo ichib o‘tirgan emish! Uning bunday odati yo‘q edi, shuning uchun yigit hayron bo‘lib bir oz qarab turibdi. Domla ikki shisha pivoning ustidan yuz gramm aroqni bitta otib o‘rnidan turibdiyu, gulchidan kattakon guldasta sotib olib, parkning orqasidagi jinko‘chaga kirib ketibdi. Bu gapni eshitib odamlarning dami ichiga tushib ketdi. Ba’zi birovlarning ko‘ngliga allaqanday jirkanch, domlaning sha’niga hech to‘g‘ri kelmaydigan gaplar keldi... Shunda mahallaning qariyalaridan Karim ota hozir ba’zi birovlarning ko‘ngliga kelgan gapdan ham xunukroq bir taxminni aytib qoldi:
—    Xayr, ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin, — dedi, — kelinimiz yoshga o‘xshaydi... Kiz bo‘lmasa deb qo‘rqaman!
Karim otaning bu taxmini, domlaning keyingi vaqtlardagi raftoriga qaraganda ehtimoldan uzoq bo‘lmasa ham, odamlarga qattiq malol keldi. Bir-ikki kishi Karim otaning dilini og‘ritdi.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, Karim otaning taxmini to‘g‘ri chiqib qoldi: «Domla o‘zining studentkasi — yigirma yashar bir juvonga uylanayotgan emish» degan gap tarqaldi.
To‘yga yaqin qolganda kelin ko‘chaning boshidagi atelega ko‘ylak buyurgani kelgan ekan, nima bo‘lib bundan habar topgan ayollar ko‘rgani borishdi. Kelin, darhaqiqat, yosh, lekin xuddi qiziqchilikka semirganday yum-yumaloq; egnida yengsiz qizil ko‘ylak, boshida popushakning tojiga o‘xshagan, lekin qizil shlyapa; qo‘lidagi sumkasi, oyog‘idagi poshnasi bir qarich tuflisi ham qizil. Uni adovat va nafrat bilan boshdan-oyoq kuzatgan ayollardan biri, burilib ateledan chiqib ketar ekan:
—    Xo‘rozqandga o‘xshamay o‘l! — dedi.
—    Karigan chog‘ida xo‘rozqand yalamay domla ham o‘lsin! — dedi yana biri.
Bu laqab darrov tarqalib ketdi. Domlaga qo‘l urish bilan mahallaning fayzini o‘g‘irlagan, odamlarning dilini hamisha yoritib turadigan chiroqni so‘ndirgan bu ayolni ko‘rgan ham, ko‘rmagan ham toshni teshadigan bir g‘azab bilan yomon ko‘rar edi. Bu g‘azab odamlarning ko‘nglidagi domlaga bo‘lgan hurmat va muhabbat tuyg‘usini chirita boshladi. Bora-bora domla deganda odamlarning ko‘ngliga g‘ashlik tushadigan bo‘lib qoldi. Domla, shuni o‘zi sezsa kerak, mumkin qadar odamlarning ko‘ziga ko‘rinmaslikka tirishadigan bo‘ldi.
To‘y kelinnikida bo‘lib o‘tdi. Buni mahallada Karim otadan boshqa hech kim bilmay qoldi. Karim ota ham to‘yga emas, kabob pishirib bergani chaqirilgan ekan. Bundan xabardor bo‘lgan mahalla yoshlari uni hol-joniga qo‘ymay, choyxonaga olib chiqishdi va to‘y qanday o‘tganini gapirib berishga majbur qilishdi. Karim ota «birovning sirini aytmayman» deb avval tarxashlik qildiyu, bir-ikki savolga javob berganidan keyin qulfi-dili ochilib ketdi: ikki gapning birida peshonasiga urib, goh bo‘g‘ilib va goh qotib-qotib kulib, odamlarni kuldirib hikoya qildi.
To‘yga kelin tomondan ellikka yaqin, kuyov tomondan sakkiz kishi aytilgan ekan, ikkala tomondan hammasi bo‘lib o‘n bir kishi kelibdi. Bir dutorchi, ikki ashulachi va Karim ota ham shu hisobga kirar ekan. Soat oltiga belgilangan to‘y soat o‘ndan oshganda boshlanibdi. Kelin birpas boshiga oq ro‘mol yopinib o‘tiribdiyu, bir-ikki ryumka ichgandan keyin, alamiga chidolmay o‘yinga tushibdi. Domla chapak chalibdi, ashulaga qo‘shilibdi...
— Ha, aytganday, — dedi Karim ota piqirlab kulib, — domla sochlarini bo‘yatibdilar!.. Azbaroyi xudo, kuya tushgan po‘stakka o‘xshaydi!.. Mayli, bo‘yoq topilgan bo‘lsa bo‘yasin, lekin shu bo‘yoq bilan qilig‘ini ham bo‘yashga, sochiga mos qiliqlar qilishga urinsa uncha yaxshi chiqmas ekan.
Darhaqiqat, domlaning fikr-yodi o‘zini iloji boricha yosh ko‘rsatishda bo‘lib qoldi. U nima qilsa, nima desa shuni esdan chiqarmas, yosh ekanini ko‘rsatish uchun qulay kelgan hech bir imkoniyatni qo‘ldan bermas, «hali yoshsiz» degan kishiga jonini, jahonini berishga tayyor edi.
To‘ydan keyin oradan bir oy o‘tar-o‘tmas kelin g‘alati bir dardga yo‘liqdi: ba’zan kechalari hadeb chuchkiradigan bo‘lib qoldi; doktorga ko‘ringan ekan, doktor «bu dardning davosi — dengiz havosi» debdi. Domla ertasiga ertalabdan idorama-idora yugurdi, soat to‘rtga qolmasdan putyovka bilan poezd biletini keltirib kelinga topshirdi.
Kechqurun eshik oldiga ko‘kish taksi ko‘ndalang bo‘ldi. Domla, kuni bo‘yi yelib-yugurib holdan toyganiga qaramay, ikkita og‘ir chamadonni mashinaga o‘zi olib chiqdi va bagajnikka o‘z qo‘li bilan joyladi; o‘sha yengsiz qizil ko‘ylagini, qizil shlyapasini kiyib hovlidan yana xo‘rozqand bo‘lib chiqqan kelinga mashinaning eshigini ochib berdi, keyin chiqib yoniga o‘tirdi. Mashina jo‘nadi, jo‘nadiyu, tezlab do‘ngroq ko‘prikdan o‘tishda nima bo‘lib bagajnikning qopqog‘i bir ko‘tarildi-da, boyagi ikkala chamadon otilib chiqdi. Ikkala chamadon, xuddi bir-biri bilan chopishganday, irg‘ishlab-irg‘ishlab talay yergacha bordiyu, biri yo‘lning o‘rtasida, ikkinchisi tro-uarga chiqib to‘xtadi. Shofyor bundan kechroq xabardor bo‘ldi shekilli, mashina qirq-ellik qadam narida to‘xtadi. Mashina to‘xtashi bilan domla eshikdan otilib chiqdi, chamadonlarga qarab yugurdi va ketidan chopgan shofyor, choyxonadan yugurib tushgan uch-to‘rt kishining ko‘magini rad qilib, har birini bir odam zo‘rg‘a ko‘taradigan ikki chamadonni o‘zi yakka ko‘tardi va mashinaga tomon yurdi. U yarim yo‘lgacha chamadonlarni azod ko‘tarib, bardam qadam tashlab bordi-yu, undan nari rangi oqarib, tizzalari qaltirab tentiray boshladi; shundoq bo‘lsa ham, nomus kuchli, bir iloj qilib mashinaga yetib bordi; chamadonlarni qo‘ydiyu, birdan ko‘zlarini ishqab, mashinaga kirib ketdi. Shofyor chamadonlarni yaxshilab joyladi.
Mashina qo‘zg‘aldi, qo‘zg‘aldiyu, o‘n-o‘n besh qadam yurmasdan, birdan eshigi ochildi, xo‘rozqand dodlaganicha o‘zini yerga otib, ikki-uch yumalab ketdi. Odam yig‘ildi. Xo‘rozqandni ko‘tarib olishdi. Xo‘rozqand gapirolmas, dir-dir titrab, kishnaganday bir tovush chiqarar va qo‘li bilan mashinani ko‘rsatar edi.
Bir necha kishi mashinaga tomon yugurdi. Shofyor qo‘rqib, nima bo‘lganiga tushunolmay, bir chekkada turar edi. Odamlar mashinani ochib qarashsa, domla... o‘lib qolipti!
Ertasiga domlani ko‘mish marosimi bo‘ldi. Marosimga mahalladan odam ko‘p qatnashmadi, aftidan, domla ko‘p odamning qalbida bundan bir oy burun o‘lgan, ko‘plar o‘sha to‘yni domlaning janozasi hisoblashgan edi...
1956
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 81056798

Yandex