Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abulqosim Mamarasulov. Uchinchi yol (hikoya)

15.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Qabrdagilarni pushaymon qilayotgan narsalar ustida tiriklar qirpichoq bo'lmoqdalar.
Imom G'azzoliy
 
 

Abulqosim Mamarasulov. Uchinchi yol (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
O, do‘stginam!
Axir besh  barmoq
Tugilmasdi sabab bo‘lmasa.
Uning nohaq  tugilmaganin
Isbotlayman agar o‘lmasam.
Abdulla Qo‘shboq

   Hademay  tong otadi. Kecha kechqurun boshlangan  yomg‘ir hamon maydalab, ezib yog‘ayapti. Shoshilish kerak, ammo...
   Barlosning yo‘lida “Volga”-taksi loyga tiqilib qolgan. Shofyor  hamrohi bilan yomg‘irda ivib, to‘rt soatdan beri ovora, lekin taksi tobora botsa botib boryaptiki, asfalt yo‘lga  qaytib chiqolmayapti. Yarim kecha yo‘l usti xalqob bo‘lib qolganini ko‘rib, shofyor aylanib o‘tmoqchi bo‘lgandi. Asfaltning shundoq chekkasi yaqinda uyilgan tuproq ekan, taksi botib ketdi. La’nati yomg‘irni aytmaysizmi? Bir dam to‘xtab turay demaydi. Bir-ikkita mashina o‘tdi, shofyor ularni yordamga chaqirmoqchi edi, Tojiboy ko‘nmadi. Buning ustiga to ular o‘tib ketgancha taksining chiroqlarini ham o‘chirtirib qo‘ydi. “Shunday qilganimiz ma’qul. Menga bari bir, agar sizga tinchlik kerak bo‘lsa, aytganimni qiling”, dedi. Shofyor noiloj ko‘ndi. Oz emas, ko‘p emas, rosa besh yuz so‘mga kelishib, yo‘lga chiqishgan: “Bizning qishloqqa boramiz, Bor-yo‘g‘i yarim soat, nari borsa bir soatlik ishim bor. Siz ko‘chada kutib turasiz. Men ishimni bitiramanu, qaytib chiqaman”, degan. Shofyor rozi bo‘lgan. To‘g‘ri-da, unga bari bir. Tojiboy qanaqa ishni bitirgani bilan uning necha pullik ishi bor, faqat savil yomg‘ir... yo‘l... Bu yog‘i Barlosga yayov o‘rtacha tezlikda  yurilsa, bir soatlik yo‘l. Shudgor oralasa, yanayam yaqin, ammo bu yomg‘irda... Yetdik degan joyda yiqilib o‘tirishipti. Shofyor yo‘l chetlaridan xas-xashak topib kelib, g‘ildiraklarning tagiga tashladiyu, yana motorni o‘t oldirdi. Befoyda. Tojiboy soatiga qaradi, mashinani bir aylandiyu, yo‘lga chiqqancha, oyoqlarini qoqib, botinkasidan loylarni tushirdi.
   - Sho‘pir aka, endi men qishloqqa ketdim. O’zingiz bir amallarsiz. Bundan bu yog‘iga mashinalar serqatnov bo‘lib qoladi. Iltimos qilsangiz, tortib chiqarib qo‘yishadi. Eplab chiqolsangiz, qishloqqa kiradigan joyda yo‘lning chetida turing. Men darrov qaytaman.
   Shofyor ma’qul ishorasida bosh silkidi. Tojiboy plashiga mahkam o‘randiyu, asfalt yo‘l bo‘ylab, jadal yurib ketdi. – Avval-boshdan omadi yurishmagan odamning omadi  keyin ham yurishmas ekan. Bo‘lmasa oqshomgi “sayohat” uchun rosa ikki yil tayyorlangandi axir. Boshliqni ko‘ndirish uchun rosa ikki yil kerak bo‘ldi. Endi alamimdan chiqaman deganda, loyga tiqilib o‘tirishganini... Tezroq yurish kerak. Tong otib qolsa, keyin qishloqqa kirib ham bo‘lmaydi, chiqib ham... Ishni ko‘nildagiday bitirolmasa... “Tong otgancha qaytib kelaman!”  deb va’da bergan. Soat to‘qqizgacha yetib bormasa, “Tojiboy qochipti” deb e’lon qilishadi. Boshliq bilan shunga kelishishgan. “Lekin ilojini top. Kechikma. Kechiksang, menga bari bir, chora ko‘rishadi”, degan boshliq.. Uni aldamaslik kerak... edi. Mo‘ljal aniq: to‘rt soat qishloqqa, to‘rt soat ortga qaytishga, ikki soat ishni bitirish uchun, yana ikki soat har eo‘timolga qarshi... Jami o‘n ikki soat ichida, ya’ni  ertalab soat sakkiz yarimda Tojiboy o‘z joyida bo‘lishi kerak edi. Afsus... afsus, endi... Tojiboy o‘z yurishiga qanoat qilmay, yugurib ketdi. Tezroq, faqat tezroq. Haliyam imkon bor. Yarim soatda qishloqqa kirib, o‘n minutda ishni bitirsayu, yarim soatda qaytib kelolsa,.. ulgurishlari mumkin. Badbaxt shofyor!  Sal ko‘ziga qarab haydasa o‘larmidi. Tekis asfalt yo‘lda tiqilib o‘tiripti.
   Yomondan xudo bezor deganlari rost. Ikki yil burun Tojiboy bitta mashina deb direktor Xidir Sobirovichni pichoqlaganda es-hushini yo‘qotgan, sal bo‘lmasa, o‘zini o‘zi o‘ldirib qo‘yayozgan edi. Keyin bilishsa, pichoq direktorning biqiniga suqilgani tufayli jon joylariga zarar yetmagan, ikki oy kasalxonada yotib, yana direktorligini qilavergan edi. Ikki  o‘rtada Tojiboy kesilib ketdi. Kesilgani alam qilmasdi. Mayli, tezlik qildi, birovlarning yo‘rig‘iga yurdi, tergovchi aytganday, “mansabdor shaxsga xizmat vazifasini o‘tayotganda suiqasd qildi”, o‘ldirolmagan bo‘lsa ham beriroq, ishqilib, Xidir Sobirovichning ko‘zini qo‘rqitib, o‘zini yarimjon qildi. Tojiboy bu qilmishi uchun jazoga tortilishi muqarrar, deb hisoblagan, hatto hech bir qarshiliksiz o‘zini militsionerlarga tutib bergan edi. Tergovda ham bor gapni ro‘y-rost aytdi.  Direktor har bir yangi masho‘inani ikki ming so‘mdan sotyapti, dedi. Mening pulim bo‘lmagani uchun bermadi, dedi. Ustidan yozgandim, itdan badtar qilib haydadi, taftishchilarga pora berib, meni tuhmatchiga chiqardi, dedi. Keyin alam o‘tib, qanday pichoq urganimni... E, Tojiboy bo‘lib o‘tgan voqealarni rosa ezg‘ilab tushuntirdi. Faqat tergovchi – yuzi-ko‘zi zahil, basharasi qarimsiq  tergovchi – avvaliga uch-to‘rt kun u bilan yaxshi muomalada bo‘lib, hamma gaplarini batafsil yozsa-da, keyin birdan o‘zgardi.
   - Avval oralaringda nima gaplar bo‘lib o‘tgani meni qiziqtirmaydi, - dedi. Xidir Sobirovichga o‘zingiz pichoq urganingiz rostmi?
   - Rost, - dedi Tojiboy ajablanib. – Ishonmasangiz,  borib garajdagilardan so‘rang. Hammasi tasdiqlashadi. Yangi mashinani Abdullaga bergandan keyin alam o‘tib...
   - Abdulla meni qiziqtirmaydi, - tergovchi uning gapini kesdi. – Demak, siz alam o‘tib, ya’ni qasddan Xidir Sobirovichga suiqasd qilgansiz.
   - Suiqasdi nima?
   - Ya’ni Xidir Sobirovichni o‘ldirmoqchi bo‘lgansiz. Shundaymi?
   - Ha, o‘sha yangi mashinani Abdullaga bergandan keyin menga: “yo‘qol, yozuvchi! Barlosdan chiqib ket!”, dedi.
   - Yozuvchiligingiz boshqa masala. Buni qo‘ya turaylik. Siz shikoyat yozib, o‘z da’vongizni isbotlay olmagansiz, ya’ni tuhmatchisiz. Buning uchun sizga besh yil, suiqasd uchun o‘n yil, jami o‘n besh yilga kesilasiz. Lekin... lekin ikki kundan beri Xidir Sobirovich o‘ziga kelib qoldi. Gapiryapti. Mening Tojiboy Toshboevda da’vom yo‘q, uni qo‘yib yuboringlar, deyapti.
   - O’lmaptimi?! – Tojiboy yoqa ushladi.  Nega o‘lmaydi?! Uzun pichoqni yarmigacha tiqib yuborgandim-ku!
   - Qiziq odam ekansiz! Xidir Sobirovichning o‘lmay qolgani sizning baxtingiz-ku! Quvonmaysizmi?
   Tojiboy ma’yuslanib, yerga qarab qoldi.
   - Ana shunaqa, - dedi tergovchi nasihatkorona, - siz haqiqatan ham Xidir Sobirovichni o‘ldirish niyatida pichoq urgansiz. U kishi esa o‘z jallodini oqlashlarini iltimos qilyapti.
   - Xidir aka rostdanam shunday dedimi? – Tojiboy ishonqiramadi.
   - Ha, “ot tepkisini ot ko‘taradi, Tojiboy haqiqiy yigit ekan, men uni shu vaqtgacha tushunmagan ekanman. Ba’zi birovlarning gapiga kirib, unga qattiq gapirib yuboribman. Asli ayb mendan ham o‘tgan. Tojiboyda hech qanday da’vom yo‘q. Iloji bo‘lsa, Tojiboyni qo‘yib  yuboringlar. Unga yangi mashina beraman”, dedi. Siz esa...
   Tojiboy boshini egdi. Ko‘ngli yumshadi. Har qalay Xidir akaning unchalik yomon odam  emasligini o‘zi ham biladi. Unga ham qiyin. Rahbarlikning o‘zi bo‘lmaydi. Sendan bir nima olsam, o‘ndan biri ham menda qolmaydi. Sendan bitta men so‘rasam, tepamda mendan so‘raydigan o‘nta, deb necha bor to‘g‘ri gap bilan tushuntirgan. Tojiboy tushunardi hammasini, ammo yo‘qchilik qursin... Buning ustiga anovi uchovi tezladiyu,.. ana endi qovoq boshini toshlarga ursin... Yanayam Xidir aka mardlik qilipti. To‘g‘ri-da, rahbarman deganning bari bir go‘r. Barlosda nechta katta o‘tgan bo‘lsa, hammasi Xidir akadan badtar bo‘lsa bordir, yaxshiroq emas. Xidir aka har qalay muomala qilardi.  Tushuntirardi. E. Xidir aka tilla odam! Shunday odamning qoniga zomin bo‘lib o‘tiribdi-ya! Yaxshiyam o‘lmay qolipti. Lekin nega Xidir aka o‘lmay qolaginag u suyunmayapti? Axir jazo muddati kamayadi-ku! Yengillik beriladi. Negadir yuragi tosh. Hamon og‘ir yuk yelkasidan bosib turipti.
   - ... Ana shunaqa, - derdi tergovchi, - Xidir Sobirovich asl kommunist, insonparvar kishi ekan. Xidir Sobirovich Leninning ishini qilyapti. Bunaqa rahbar kamdan-kam topiladi.
   - Endi men nima qilishim kerak? – so‘radi Tojiboy, “ozodmanmi? Ketaveraymi”, deyishga  yuragi betlamay.
   - Mana bu deloni to‘ldiraylik, yopaylik, kattalarga topshiraylik. Nima qilishingizni o‘shalar aytadi, - dedi tergovchi. – Faqat so‘roqlarimga to‘g‘ri, xolisona, yolg‘on aralashtirmay javob bering.
   - Shu vaqtgacha ham to‘g‘ri gapni aytyapman, - dedi Tojiboy mung‘ayib.
   - Yo‘q, siz ishni chalkashtiryapsiz. Xidir Sobirovich siz uchun iltimos qilgani bilan bu yer davlat idorasi. Jabrlanuvchi indamagani bilan davlatning o‘zi da’vogar bo‘ladi. Sizning javoblaringiz esa jinoyatingizni yengillashtirishga emas, og‘irlashtirishga xizmat qiladi. “Es-hushim joyida edi, o‘zim qasddan pichoq urdim”, deyapsiz. Bu javobingiz uchun ertaga sud’ya sizga kamida o‘n besh  yil beradi, bo‘lmasa otuvga hukm qiladi. Siz axir davlat kishisiga xizmat vazifasini o‘tayotganda suiqasd qilgansiz.
   - Nima, Xidir Sobirovich davlat odami bo‘lib, biz yerdan chiqqanmizmi? Biz ham shu davlatga xizmat qilib yuribmiz-ku, - dedi Tojiboy achchiqlanib.
   Tergovchi stolning ortidan uzalib, Tojiboyning basharasiga musht tushirdi. Tojiboy o‘tirgan stuliga qo‘shilib ag‘darilib tushdi. Alam qildi, lekin alamini ichiga yutishga majbur edi. Shu dargohda yotganidan beri kaltaklarga o‘rganib qoldi. Agar qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, chet xonaga olib o‘tadilar-da, o‘ch-to‘rtta bo‘lib o‘rtaga oladilar. Yaxshisi, mum tishlab turaverish. Hech kim sening oh-voyingga quloq solmaydi. Ichi achimaydi. Ming yomon degani bilan ichi achigan, holini so‘ragan yanayam  o‘sha Mamat akasi bilan yangasi bo‘ldi. U dedi-bu dedi, zorlandi, so‘kdi, lekin bari bir jigarchilik ekan, kelib xabar oldi. Tezlagan anovi xabar olish u yoqda tursin, Barlosda uning ustidan gap tarqatishipti: “Asli o‘zi tentaknamo edi, qilg‘ilig‘iga yarasha!”, deganmish Katta aka. Ana shunaqa. Bu joyga tushganingdan keyin odam sonidan chiqar ekansan. Yomon bo‘lsa ham akasining boriga shukr. Mana bular esa... Asli tilni tiyish... Tojiboy chappa gapni aytishga aytib yuborib... Barlosda asli shuning uchun ham hamma undan o‘zini olib qochadi. Bu yerda esa darrov surobingni to‘g‘rilasharkan. E, bu joylarni dushmaningga ham ravo bo‘rmaysan. – Tojiboy darrov o‘rnidan turib, stulini to‘g‘riladi. Hech narsa bo‘lmaganday, achiyotgan labini artgancha, joyiga o‘tirdi.
   - Kim sizni urdi? – so‘radi tergovchi.
   - Hech kim urgani yo‘q, - Tojiboy bu  borada ancha-muncha ta’lim olib qolgan edi. Ko‘proq kaltak yemaslik uchun “rost” gapirish kerak.
   - Hech kim urmasa, - tergovchi tahqirona kulimsiradi, - unda nega labingiz ko‘kargan?
   - O’zim,.. qattiq tishlab qo‘yibman.
   - Yaxshi, demak so‘roqni davom ettiramiz. Bu yerdan tezroq chiqib ketishni istaysizmi?
   Tojiboy angraydi.
   - Modomiki, tezroq chiqishni istar ekansiz, savollarimga aniq, qisqa va lo‘nda javob bering. Yana meni chalg‘itadigan bo‘lsangiz... Faqat rostini ayting. Ikki ming so‘m pul kimniki edi?
   - Sizga men bir haftadan beri aytyapman: Ikki ming so‘m Xidir Sobirovichni pichoqlaganimdan keyin qo‘lidan tushib ketgan sumkasidan...
   Tojiboy gapini tugatolmadi. Musht zarbidan uchib borib, boshi devorga urildi. Gangib qoldi. Bir muddat ko‘zlari tinib, devorga suyandi. Tergovchi yuziga suv sepdi va yana joyiga o‘tirg‘izdi.
   - Siz agar jinoyatingiz yengillashishini istasangiz to‘g‘risini ayting. Ikki ming so‘m pul kimniki edi?
   - Meniki edi, - dedi Tojiboy behol, ortiq chiday olmasligini anglab. Axir bir haftadan beri shu savolni berishadi. To‘g‘risini aytsa, “nega yolg‘on gapirasan?” deb urishadi E, borsin endi. Nima bo‘lsa bo‘ldi. Bir boshga bir o‘lim, pishirib yeyishsin.
   - “Ikki ming so‘m pul meniki edi”, deb yozing, dedi tergovchi, uning oldiga katta daftarini surib, qo‘liga qalam tutqizarkan.
   Tojiboy qaltiroq qo‘llari bilan egri-bugri yoza boshladi. Tergovchi bir piyola suv tutdi. Tojiboy suvni ichaman, deb tishi takillab, piyolani ag‘darib yubordi. Suvning bari  naq daftarni bo‘yardi, yaxshiyam  tergovchining o‘zi epchillik  qildi. O’zi daftarni bir chetga olib, stolning ho‘l bo‘lgan tarafini kissasidan ro‘molchasini olib, artdi. Nihoyat Tojiboy u talab qilgan narsani o‘z qo‘li bilan yozdi.
   - Ikki ming so‘m pulni nega garajga ko‘tarib bordingiz?
   “Qanaqa pul?” demoqchi ediyu, tergovchining gurziday mushtiga ko‘zi tushib, cho‘kdi. Yutindi va bir haftadan beri talab qilishayotgan “to‘g‘ri gap”ni aytdi.
   - Yangi mashinani menga bering, deb direktorga tutqizmoqchi edim.
   - Yozing.
   Tojiboy daftarga yozdi.
   - Direktor pulni oldimi?
   - Yo‘q, olmadi.
   -Yozing.
   Tojiboy yozdi.
   - Direktor pulni olmagandan keyin siz nima qildingiz?
   “- Alamimdan unga pichoq urdim. O’sha payt qo‘limdagi pul  direktorning yoniga tushib qolgan. Buni men qattiq hayajonlanganim tufayli sezmaganman, - deb yozdi va yana qo‘shdi. – Yuqoridagi  gaplarning hammasi to‘g‘ri. Avvalgilari noto‘g‘ri. Tushuntirish xatini o‘z qo‘lim bilan to‘g‘ri yozdim deb imzo chekuvchyai Toshboev Tojiboy”.
   - Ha, mana bu boshqa gap, - dedi tergovchi xursand bo‘lib. – To‘g‘ri gapni aytsangiz hech kim sizni qiynamaydi. Shu bir og‘iz gap uchun meni bir hafta ovora qildingiz. Xo‘-o‘sh, sudmedekspertiza xulosasi bor, guvohlarning ko‘rsatmasi bor: Safar, Abdulla,.. sovxoz partiya tashkiloti skeretari Hamroqul Bozorovich... Sizning o‘z ko‘rsatmangiz ham bor. Bo‘ldi. Yetadi. Endi biz delongizni yopamiz. Ishimiz bitdi.
   Tojiboy yalt etib tergovchiga qaradi. Demak, endi meni chiqarib yuborisharkan-da, degan xayolga bordi, lekin xursand bo‘lolmadi. Tergovchi qog‘ozlarni jamlab, papkasini yopdi-da, stolga tarsillatib tashladi.
   - Endi, Tojiboy aka, delongizni sudga o‘tkizamiz.  Bu yog‘i oson ko‘chsin desangiz, kattalarni chalg‘itmay, bugungi to‘g‘ri gapingizda turing. Aks holda... bilasiz, Xidir Sorbirovichning tomiri mahkam. Rayon, oblastda unga hech kimning tishi  o‘tmaydi. Tak chto  siz tilingizga ehtiyot  bo‘ling. Bu mening sizga birodarlik maslahatim. Uch-to‘rt yilda chiqib kelasiz. Agar u-bu deb o‘tgan kunlardagi gaplaringizni yana valdirasangiz, naq o‘n besh yilni bo‘yningizga ilishadi. U dunyo-bu dunyo tug‘ilganingizga pushaymon yeb ketasiz. Kaltaklar esa,.. – tergovchi do‘stona ko‘z qisdi, - buning uchun xafa bo‘lmang. Sizga ichim achiganimdan... soqchilarga topshirganimda sizni po‘la qilib tashlashardi.  O’zim ozgina chiniqtirdim, xolos. Hali hammasi oldinda...

* * *

   Haqiqatan  ham oldinda ekan. Mana ikki yildan beri axloqini tuzatyapti.  Bu maskan shunaqangi axloq tuzatkichlarga boyki... Tojiboyning yergovchida ginasi yo‘q. U haqiqatan ham tojiboyni sal-pal chiniqtirgan ekan, xolos. Sudda esa... Tojiboy bir so‘zli mard yigit-da. Tergochiga bergan va’dasida turdi. Xidir Sobirovich ham mard ekan. Xo‘jalik ishlari bilan bandman, deb sudga kelmadi. “Tojiboy Toshboevda mening da’vom yo‘q”, deb yozib beripti. Abdulla bilan Safar naynov qatnashdi, ular ham Tojiboy haqida yomon gap aytishmadi. Sudlov imi-jimida o‘tdi, birov bilib, birov bilmay qoldi. Ishlar shunday oson bitayotgani uchun (axir Tojiboyning o‘zi ham kamida o‘n yilni bo‘yniga olib o‘tirgandi-da) u tergovchidan ham, Xidir Sobirovichdan ham, Safar naynov bilan Abdulladan ham, hattoki o‘zidan ham rozi edi. Besh yil nima degan gap? Ha-hu degancha o‘tadi-ketadi. Lekin  bu axloq tuzatadigan joyida shunaqva bilimdonlar, kallasi zo‘r ishlaydiganlar bor ekanki, ularning gaplarini eshitib, Tojiboy beixtiyor “tovba!” deb yoqa  ushladi. Ayniqsa, Irismat degani ikki ohiz gapini eshita solib, nima bo‘lganini, nima qo‘yganini, tergovchi nimaga uni bir hafta urganinni oynada ko‘rib turganday Tojiboyning o‘ziga aytib berdiki, beixtiyor uning mushi tugildi. “Obbo Xidir tulki-ey, yanayam menga pand beripti-da”, deb yandi.
   - Xidir Sobirovichni so‘ygan bilan ish bitmaydi, - dedi o‘sha bilimdon. – Uning o‘rniga talabgor bo‘lgan Katta akangiz undan yaxshimi?
   - Yo‘q, undan-da iflos.
   - Mana ko‘rdingizmi? Rahbarni almashtirish bilan ish bitmaydi. Aslini olganda qayta qurish negizi bu – kishilarning asosan past tabaqa – ishchi-dehqonlarning o‘zligini tanishidir. O’z haqlarini talab qilib ola bilishni o‘rganishidir...
   E-e, Tojiboy qoyil qoldi. Qirq yil ochiqda yashab, sira bunchalik hayratlanarli gaplarni eshitmagandi. “O’g‘rinig bari ochiqda. Kallasi zo‘r ishlaydiganlar, hamma narsaga aqli yetadiganlar bu yerda... axloqini tuzatyapti”, deb o‘yladi. Shularning gapini eshitib, Tojiboy ba’zan shu joylarga tushganiga ham shukr qilib yurdi. Bo‘ladi-da, ba’zan  shunaqa damlar. – Qishloqda qirq yil yashab, uchovoraga qo‘shilolmagan odam, - uning qaysidir bir xislatini axloqini tuzatayotganlarning Qoplon degan eng zo‘ri yoqtirib qoldi. Shu-shu Tojiboyning  hurmati oshib ketdi. Lekin Qoplon boshqacha gap qildi.
   - Sen jo‘ra, to‘g‘ri ish qilgansan, malades! Faqat  o‘ldirolmaganing sa-al chatoq bo‘lipti-da. Pichoqni tiqqandan keyin bura-ab olmaysanmi? Joyida qotardi. Xidiringga o‘xshaganlar hamma yoqda itday bolalab yotipti. Barini so‘yish kerak! – dedi u. – Seni bir martaga o‘zim chiqarib jo‘nataman. Xidirni bir yoqli qilishing shart. Hayotingda eng katta savob ish shu bo‘ladi.
   Aytishlariga qaraganda Qoplonning bir qancha dushmanlari bor emish. Birinchi marta birvarakay to‘rttasini so‘yiB, o‘n ikki yilga qamalgan ekan. To‘rt yilda chiqiptiyu, yana ikkitasini tinchitib, o‘n besh yil olipti. “Hali so‘yishim kerak bo‘lgan yana uch-to‘rtta maraz bor, deb qo‘yadi.
   Bir safar Tojiboyni ko‘rgani kelgan Mamat akasi kuyib-pishib kelib qoldi. Uchrashuv payti ancha pand-nasihat qildi. Yaxshi yur, yaxshi tur, boshliqlaringni gapidan chiqmasang ertaroq javob berib yuborishlari mumkin ekan, dedi. Turgan gapki, quruq nasihat Tojiboyga yoqmadi, bir necha bor akasini qaytarib tashlashga og‘iz juftladi, lekin... lekin Tojiboyga qayishgan, Tojiboy deb xarajat  tortib, yo‘l yurib kelgan, yanayam keladigan  bitta shu yomon akasi-ku! Uni ham ranjitsa, keyin... Ishqilib, ko‘p mulohazalarga bordi-da. Tojiboy bo‘yin egib o‘tiraverdi. Nihoyat akasi Barlosdagi voqealarga ko‘chdi.  Yaqinda qishloqni melisa bosipti. Uyma-uy kirib, tekshirish o‘tkazishipti. Uch-to‘rt kishini o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushirib, birdaniga mashinasiga bosib ketib, qamab qo‘yishipti.
   - Men jiyaningni velosipediga o‘tirg‘izib, uylaringga yuboruvdim, - dedi Mamat qizishib, - gumondor narsasi bo‘lsa, hozirligini ko‘rib qo‘ysin, devdim. Shalviragan xotining ko‘ra-bila turib, to hovliga melisalar kirib kelgancha choyini ichib  o‘tiraveripti...
   Tojiboyning ichi muzlab ketdi.
   - ...keyin ular molxonaning eshigi og‘zidan yarim xalta yem topib olishipti-da, xotiningniyam sharmanda qilib, Barlosning o‘rtasidagi ko‘chadan haydab o‘tib, mashinalariga bosishdi.
   - Men o‘sha, Xidir akani pichoqlashdan ikki kun avval do‘kondan sotib olib kelgan to‘rt xalta yemning qolgani bo‘lish kerak u, - dedi Tojiboy zirqirab.
   - Xotining shunday dedi, menam aytdim. “Do‘kondan sotib olgan bo‘lsang hujjati qani?” dedi. Hujjat ko‘rsatolmagandan keyin haydadi. Ming yalindim, melisalar ko‘nmadi. “Hozir  qayta qurish, biz tashmachilarga, mehnatsiz daromad topuvchilarga qarshi ayovsiz kurashamiz, bu haqda SK KPSSning alohida qarori bor, bu yem Eshqobilning  fermasidan o‘g‘irlangan”, deyishdi. Men ham bir xizmatkor odam bo‘lsam, qo‘limdan hech ish kelmadi. Asli, urib o‘ldiradigan xotining bor! Odam yubordim, aytdim, xudoning zorini qildim, bari bir... bo‘lmaydigan xotin bo‘lmas ekan-da.
   “Xotinim haqidagi fikr yangamni-ki!”
   - Xotinimniyam qamashdimi? – Tojiboy qahr, alam bilan o‘rnidan turib ketdi. “Qoplon aytgan ishni qilish kerak. Endi Xidirni bir yoqli qilmasa,... boshqa iloj yo‘q”.
  - Bor-yo‘g‘i uch kun, - dedi Mamat. – Aytishlariga qaraganda yarim xalta yem uchun uch yilgacha qamash mumkin emish. Qamaydigan qilib, bir talay hujjat ham yig‘ishgan ekan. Shuni bildimu, menda jon qoldimi? Yugurib, Xidirga bordim... O’-o‘, ukam, sen uchun qilmagan ishlarni qildim, yemagan b...larni yedim. Ishonsang, Xidirning oyog‘iga yiqildim, etagini ko‘zlarimga surtdim, ko‘nmadi. “Rejali tekshirish. Soyuz bo‘yicha tashmachilarni jazolashyapti. Men iltimos qilsam jinoyatchiga sherikligingiz bormi, deyishadi, menga ham gap tegadi”, dedi. Bezrayib turib oldi...
   Tojiboy o‘tirgancha boshini changalladi: “ Xidirlar xohlagancha o‘g‘irlik qiladilar. Gazetalar ularni “zamonamiz qahramonlari” deb maqtaydi. Yarim xalta yem uchun menga o‘xshash xudo urganlarni  payg‘ambari ham tepib o‘tadi. Nimaga men Katta akaning gapiga kirdim??? Tinchgina yursam o‘larmidim...”
   - O’-o‘ nomard!? Qancha alami bo‘lsa  mendan olavermaydimi? Nega  oilamga changal soladi? Ah-h!
   - Shu naping xato, uka. Men keyin ham surishtirdim, bildim, bunday tekshirishlar boshqa qishloqlardayam bo‘lipti. Ko‘p odamlar qo‘lga tushgan. Epchilroqlar tayyorgarligini ko‘rgan, sening xotiningga o‘xshaganlar... Asli hamma kasofat xotiningda. Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin, deb bekorga aytishmagan.
   “Bo‘ldi-da-e! Muncha xotiningizni maqtaysiz!” deb yuborishiga sal qoldi. O’zi ne ahvoldayu, jerkinishga balo bbormi.
   - Xotining yaxshi bo‘lganda uka-a, seni allaqachon yo‘lgayam solardi, boy ham qilardi. Er topib kelgan  narsani xotin degan tugib, bittasini ikkita qilib o‘tirmasa, bir so‘m topgandan bozorga chopaversa, ro‘zg‘orning barakasi bo‘ladimi? Unday xotinga hayf! Nima deyotgan edim? Ha-a,.. Xidir avvaliga ko‘nmadi, menam bo‘sh kelmadim, qo‘ltig‘iga suv purkadim, otang yaxshi, onang yaxshi, sendan it yaxshi. Barlosning otasi, butun bir xalqning egasi sensan, shu xalqning savobiyam, uvoliyam sening bo‘yningda, deb  gapni uzoqdan aylantirib keldim. Ha endi... yaxshi gapga ilon inidan chiqipti, deydi. Avradim, ko‘-o‘p avradim. Yangang aytib qoldi-da, - kallasi ishlaydi uning! – Xidirdan boshqa odam buni uddalay olmaydi, dedi. Boring, nima qilsangiz qiling, Xidirni kko‘ndiring, yomon bo‘lsayam jigaringiz, bola-chaqasi to‘zg‘ib ketmasin, kasofati bizga tegadi, dedi.
   “Yangam tashvishdan qochib aytgandir bu gapni”.
   - Xullas, shu maslahat bilan men Xidirni idorasida mahkam ushlab oldim. O’nta bolaning zig‘ircha gunohi yo‘q, dedim Shularning uvoli tutmasin, dedim.
   “Nega o‘nta. O’n bitta-ku!”
   - Shundayam ko‘nmaydi, zang‘ar. Ish sudga oshib ketgan, endi uni to‘xtatib bo‘lmaydi, deydi. , Xidir aka, sizdan zo‘r eshshak yo‘q, siz bajarolmaydigan ish yo‘q, deb etagiga yopishdim. O’tgan gaplarni unuting, agar Tojiboy gunoh qilgan bo‘lsa, jazosini tortib yotibdi, dedim. Xullas, ko‘ndirdim. “Bo‘pti, boravering, o‘zim telefonlashib ko‘raman”, dedi. Shu kuni kechqurun xotining uyga kelib turipti-da.
   - Indamasdan chiqarib yuboraveriptimi?
   - Ha endi-i,.. Xidir ham iltimos qilgan bo‘lsa kerak, bechora xotin degandir, o‘nta bolasi  ko‘chada qoldi, degandir...
   “Nega yana o‘nta deyapti? – Tojiboy sergaklandi.
   - O’nta emas, o‘n bitta!
   - Ha, ishqilib, xotining bajarolmasayam itday, yilma-yil tug‘ib tashlayvergan ekan, men sog‘-omon borini aytyapman.
   Tojiboy nimanidir anglaganday, vujudi qaqshab, akasiga savolomuz tikildi. Akasi yerga qarab, jim bo‘lib qoldi. Tojiboy beixtiyor o‘rnidan turib ketdi, yana o‘tirdi.
   - Nima bo‘ldi??!
   - Ishqilib, qolganlari omon bo‘lsin, uka, qolganining duosini qilaver. Bandachyailik ekan, xudo olaman desa, bandasining qo‘lidan hech ish kelmas ekan.
   Tojiboy yeb qo‘yguday bo‘lib akasiga qaradi: - Qaysi biri?
   - Kenjatoying!
   Tojiboy ixrab, panjalarini yuziga bosdi.
   - Kasal ekan, kambag‘al. Otang qamalib ketdi, badtar bo‘llaring, deb xotining yaxshi qaramagan shekilli-da, mening bilishimcha. Yangam ham shu gapni aytdi...
   - Qachon?!
   - Nima qachon?
   - Qachon o‘ldi?
   - Ha, shu, xotiningni opketishdandan keyin ertasi kuni kechasi uzildi kambag‘al. Men ham, yangang ham boshida edik,  duxturlarni tizillatib chaqirdik. Keldi, tinmay ukol qilib turdi. Yaxshi xizmat qildi lekin bechoralar.. O’limga shak yo‘q. Birov erta ketadi, birov kech. Hozir bolalar o‘limi ko‘payib ketgan, deb hamma yoqda gapirishyapti-ku. Ilojing qancha, qolganining haqqiga duo qilaverasan. O’zingni yurish-turishing bu bo‘lsa. Xotining aytgan gapni qilmasa. “Kenjatoyim oqshomi bilan yig‘lab, meni ham uxlatmadi. Kallam garang bo‘lib turgan edi, o‘g‘lingiz nima deganini anglamapman”, deydi. O’l anglamay! Mana endi, bitta xaltani sal panaga olmagani evaziga ham sharmanda bo‘ldi, ham farzanddan ajradi, tag‘in besh yuz so‘mga tushdi.
   - Yana qanaqa besh yuz so‘m?
   - E-e, uka, sen nimani tushunarding? Qamab qo‘ygandan keyin chiqarib yuborish oson ish emas ekan-da! Men Xidirga “uncha-muncha xarajati bo‘lsa, qarindosh-urug‘lar o‘rtada qarz-havola qilib yig‘ib beramiz, dedim. Xidir bo‘pti, devdi. Bu gap ertalab bo‘ldi.  Uyga borsam, ozroq pul bor edi, men xabar topmay qolibman, yangang sarflab qo‘ygan ekan. Keyin Yo‘ldosh, Bahri, Usmon uchovidan iltimos qilib, besh yuzni jamlab, tushgacha Xidirga obborib berdim. Bu zamonda pulsiz ish  bitadimi, uka. Sen uchun qildim-da, ilojim qancha. Xotining ishlab topib berar, topolmasa sen bor. Chiqarsan-da bir kun. Yotmaysan-ku bu yerda bir umr, to‘g‘rimi? Yanayam Xidirga rahmat. Kek saqlamadi. Boshqa odam sening shu ishing uchun u dunyo-bu dunyo yordam bermas edi. “Da’vom yo‘q”, deb sudga yozib berganini aytmaysanmi. Tushunish kerak-da, uka. Bular bilan olishib bo‘ladimi? Qayta qurish degani hammasi quruq gap. Qani, nima o‘zgardi? Yaxshirov yashayapmizmi?  Yaxshiroq kiyinyapmizmi? Avval qanday bo‘lsa  hozir ham shu. Xidir haliyam Barlosni yeb yotibdi. Eshqobil fermada bilgan axmoqchiligini qilyapti. Eng bechoradan bittasi men bo‘lsam, “bitta xaridor kelsa, bir bog‘ beda sotsam”,   deb o‘tiraman. Shu-da endi. Lekin o‘sha o‘g‘rilarni ushlab berib ko‘r. Ushlolmaysan. Sendan zo‘rroqlarning ham qo‘lidan kelmagan bu. Sen esa... Eh-he... – Mamat qo‘l silkib, o‘rnidan turib ketdi. – Endi qaytib borsang Xidirga qulluv qil. Qulluq qiladi, deb men aytdim. Boshqa ilojing ham yo‘q. Yuitta odam Xidirdan ortiq odamgarchilik qilmaydi. Rahmat o‘shanga!
   Mamat akasi o‘sha kuni yana ko‘p gaplarni aytdi. Tojiboy boshini egib, eshitdi. Qaytarmadi. G’ing-ding demadi. Keyin... akasi ketgandan keyin mung‘ayi-ib qoldi. Uch-to‘rt kun shu ahvolda yurdi. Uyini, oilasini, bolalarini shunaqa sog‘indiki... Iloji bo‘lsayu, “E bor-e, nima bo‘lsa bo‘lar”, deb qochib chiqib, Barlos qaydasan, deb jo‘nasa, ammo...
   - Badtar bo‘lasan, - dedi Irismat, - uyinga yetmay ushlab kelishadi, yana uch-to‘rt yil qo‘shishadi. Xidirni ko‘r, qanchalar aqlli inson u.  Aslida kenjatoying nobud bo‘lgandan keyin qo‘rqqanidan xotiningni chiqartirgan. Lekin... xotiningni qamatgan ham o‘zi.  Shubha uyg‘otmaslik uchun hatto boshqa qishloqlardayam tintuv o‘tkazishni taklif qilgan. Bu yog‘i tashmachilarga qarshi kurash avjida. Juda puxta tadbir. O’-o‘, bu odamga qoyilman. Ministr bo‘ladigan kallasi bor ekan. Hozir u qahramon. Hamma uni duo qilib, seni so‘kyapti. “O’z  qotiliga  yaxshilik qildi”, deb uni alqashyapti. Endi sen ham puxta bo‘lishing shart.
   - Borasan, Xidirni o‘ldirib kelasan. O’ldirmasang gunohing bo‘yningda ketadi, - dedi Qoplon, - bu yog‘ini o‘zim to‘g‘rilayman.
   Qoplon aytganini qildi. Qamoqxonaning boshlig‘i bilan gaplashdi, ko‘ndirdi, boshliq kecha kechqurun ertagabgacha yetibkelish sharti bilan  Tojiboyni chiqarib yubordi. Bir hafta oldin Tojiboy “falon kuni uchrashuvga ruxsatnomam bor, keling”, deb  akasiga telegramma yubordi. Akasi hozir  qamoqxonaning eshigida sarg‘ayib o‘tirgandir. Tojiboy haqiqatan ham tong otgancha yetib borishi kerak edi-da. Barlosda hech kimga ko‘rinmasdan, hech kimga bildirmasdan Xidirni tinchitishi va qaytib borib, “hech narsa ko‘rmadim, bilmadim, akamni kutib yotibman”, deyishi kerak edi. Axir qaytib bormasa,.. Tojiboyning qo‘liga safar xarajatlari uchun pul tutqizgan ham Qoplon. “Agar Xidirni o‘ldirib kelsang qarzimdan kechaman”, degan. Qiziq odamlar ham ko‘p-da dunyoda. Odamning  qoniga buncha tashna bo‘lmasa? Xidirning unga nima aloqasi bor? O’zining  dushmanlari bo‘lsa boshqa gap. “Biz yomonlarni qancha ko‘p qirsak, shuncha tez  yashi jamiyat quramiz”, deydi. “Buning uchun hamma bir jon, bir tan bo‘lib, qo‘liga qurol olishi kerak” emish.  Yotgan joyni qarangu, gapini qarang. Qoplon shunday degandan keyin Irismat ham indolmadi. Qo‘rqadi-da bari Qoplondan. Bu maskanlarda odamning joni sariq chaqa turmaydi. Nechtasini Tjiboyning  ko‘z o‘ngida tinchitishdi. – Qoplonning ishtirokida. Buni Irismat yaxshi biladi. Shuning uchun Tojiboyga “borma” deya olmadi. Qiziq-da, qamoqda o‘tirib ham  xohlagancha pul ishlash mumkin ekan. Qoplonning kissalari doim to‘la. Hatto ba’zan qamoqxonaning boshlig‘iga qarz berganini ko‘rganlar bor. Boshliq aynan Qoplonning hurmati uchun Tojiboyga ruxsat berdi. Tojiboy esa... borayapti, yomg‘irda ivib, shalvirab. Tojiboyning kelmasligi mumkin edi, lekin kenjatoyning o‘limiga chidab bo‘ladimi? Yanayam indamasligi kerakmi? Xidirdan qanday bo‘lmasin qasos olishi shart. Ana undan keyin to‘pning og‘ziga qo‘yib otib yuborishsin. Avvali xudo xohlasa, ish o‘ngidan kelsa, pirlar madadkor bo‘lsa, hech kim hech narsani  payqamay qoladi. Ishqilib, taksi eson-omon loydan chiqib, ortidan yetib kelsa edi. Bu yog‘i tavakkal. To‘g‘ri uyga kirib, uxlab yotgan joyida bo‘g‘izmaydi. Agar yonida xotini, bola-chaqasi bo‘lsa, ularni ham... Ha-a, kerak bo‘lsa axmoq yo ko‘r emas. Irismat,  Qoplonlarning qo‘lida ta’lim olyapti. O’-o‘ Xidir-a! Uch kun qamatsa, besh yuzini olsa-da, yana chiqarsa. Bu orada Tojiboyning kenjatoyi nobud bo‘lsa... Shuncha qilg‘ilikdan keyin ham nahotki Xidir: hech kim hech narsani payqamadi, deb yurgan bo‘lsa. Mamat akasiki alqayaptimi, payqamagani rost. Bitta-yarimta payqaganlar jim.  Bundan tashqari Abdulla, Eshqobilga o‘xshaganlar esa “ol, Xidir o‘z dushmaniga yaxshilik qildi”, deydi. Irismat aytmaganda, balki Tojiboy ham... E, o‘zi xalqning ko‘zi ko‘r! Xalq – poda, qayoqqa boshqarsang, o‘sha yoqqa ketaveradi, deganlari haqqas rost. Birgina o‘zidan misol. Qirq yilki, podaday yashadi. Odamday bo‘laman, deb endi... yo‘-o‘q, Xidir bilan hisob-kitobni to‘g‘rilab qo‘ymasa o‘g‘lining, eng yaxshi ko‘rgan kenjatoyining qpsdini olmasa, Tojiboyning ko‘zi  budunyodan ochiq ketadi. Rahmat Qoplonga! Qani endi Qoplondek odamlar ko‘p bo‘lsa... Kattalik qilaman, deganning bittasi omon qolmas edi. Kichkinagina “katta” Xidir aka bo‘lsa, shugina ham o‘g‘lini o‘ldirib, ham besh yuz pora olib, ham xalqning rahmatini olib... E-e, bu... Xidirniyam...
   Tojiboy  kiyimi ustidan yonini silab ko‘rdi. Pichoq joyida turipti. Qoplon ataylab Tojiboy uchun tayyorlatib berdi. Allanimadan emish, uchi og‘irmish, mabodo otsang ham uchi borib kirarmish. Kirdimi, orqasidan havo kiradigan, ya’ni o‘ldiradigan qilib yasalganmish. Qoplon Tojiboyni safarsha qattiq tayyorladi. Qoplonning o‘zida hatto to‘pponcha bor. Buni Tojiboydan boshqa hech kim bilmaydi. Faqat o‘zi kam. Bor-yo‘g‘i ikkita. Hozir Qoplon o‘qni ko‘paytirish rejalarini tuzyapti. “Ikkita  o‘q bilan kurashga tushib bo‘lmaydi”, deydi Qoplon. E, u alomat! Ana o‘shanaqalarga duch kelsa ekan Xidir. Lekin... Xidir o‘shaniyam aldaydi, o‘shangayam dum buradi. Bo‘lmasa... yo‘-o‘q, Xidir endi Tojiboyning esi kirganini bilishi shart. Hozir boshqacha zamon. Irismat aytganday, “qayta qurish, oshkoralik zamoni. Ana shu zamon sharofati bilan  odamlar  o‘zlarinig kimligini, bir umr molday yashashganini bilib qoldilar!  Lekin  bari bir haligacha hech narsa o‘zgargani yo‘q. Bir xil qo‘riqchilar bor, yoqmagan mahbusni  ermakka chiqarib olib, axloqini tuzatish bilan shug‘ullanishai. Har kuni uch-to‘rt mahbus hamma yog‘i shishib,  momataloq bo‘lib, axloqi tuzalib qaytadi. Avvaliga ikki oy Tojiboy ham o‘sha qo‘riqchilarning qo‘lida ko‘p “chiniqdi”. Tug‘ilganiga pushaymon yedi. Lekin g‘azabi ortsa ortdi, kamaymadi. Keyin Tojiboy Qoplonning nazariga tushib qoldiyu... O’sha joygayam taftishchilar boradi, deng. Xidirni tekshirishga kelganlardan hech qancha farqi yo‘q. Bir og‘iz arz qilib ko‘r, keyin... ozodlikda shikoyat qilsang, o‘zing tuhmatchiga chiqasan, o‘zing qamalasan. Qamoqxonada shikoyat qilsang, taftishchilar ketgandan so‘ng o‘zingga alohida  “axloq tuzatish choralari” ko‘riladi. Ikkinchi bor taftishchi kelsa, “hammadan yaxshi, jannatdagiday yashayapmiz. Kommunistik partiyamizga ming rahmat”, deb turaverasan.
   Tojiboy  Barlosga kirdi. Bir-ikkita ko‘chani aylanib o‘tdi. Katta akaning hovlisidagi radiodan ovoz eshitildi: “Endi tonggi kontsertimizni boshlaymiz...” Keyin qo‘shiq eshitildi:
                
       Munofiqlar baxtli,
                Ablaxlar shodon,
                Gohi razil zotlar qahramon, jasur.
                Sening bir so‘zingga mushtoqdir zamon,
                Senga ko‘z tikadi bechora asr.


               Tong otar,
               Tongning ham vujudi yara.
               Ketib borayapsan yangi kun tomon.
               Oyog‘ing ostida ko‘rinar, qara,
               Xoin jur’atsizlik qurboni – jahon.


   Yo‘q. Tojiboyning jur’atsizlik davrlari o‘tib ketdi. Tojiboy endi chiniqqan, oqu-qorani tanigan, o‘z haqqini ajratib ola biladi. Tojiboy Barlosga o‘zining kimligini, nimalarga qodirligini ko‘rsatish, Qoplon aytganday, ikki yil burungi xatosini to‘g‘rilash uchun kelyapti. Otayotgan tong – Tojiboyga tegishli. Tojiboy shu dunyoda yashab, eng katta savobli ishini hozir amalga oshirishi shart. Barlos xalqini Xidirning changalidan  ozod etadi. Odam fidoyi bo‘lishi kerak. Irismatning gapi xato. Xidirni, Xidirga o‘xshaganlarni o‘ldirish, o‘ldiraverish kerak. Toki, Qoplon aytganday, yomonlar soni kamayaversin. To‘g‘ri, Tojiboyning Xidirda alami bor. Tojiboyning mushti tugilgan, ammo... Radio ovozi tinib qoldi. Tojiboy simto‘r bilan o‘ralgan tomorqaning chetidan – ko‘chadan hovliga qaradi. – Katta aka hovliga chiqib, ayvondagi radioga cho‘zilib turibdi. Hali bu odam bilan ham hisoblashadi. Shoshmay tursin. Vaqti keladi, hozircha... hozircha tezroq Xidirga yetishi kerak. Boshqa har qanday narsa  –  ahamiyatsiz.  Aksl holda... aks holda reja amalga oshmaydi.. Hali qorong‘i, lekin tezda tong otadi. Umuman, taksining tiqilganini hisobga olmaganda yomg‘ir yog‘ayotgani ham yaxshi. Hech kim ko‘chaga chiqmaydi, ya’ni Tojiboyni hech kim ko‘rmaydi. – G’azabkor o‘ylari dalda bo‘lib, Xidirning hovlisini o‘ragan paxsa devordan yengil sakab o‘tdi. Gupillab yerga tushdiyu, o‘zini devorning panasiga urdi. – Yelkasiga chopon tashlagan Xidir kelbatli kimsa oynavand ayvon eshigini yopgancha, hovlining nari chekkasidagi hojatxona tarafga imillab ketib borardi. Gusurni eshitib u o‘girildi. Tojiboy miq etmay o‘tirgani, atrof qorong‘i bo‘lgani uchun hech narsani ilg‘amay, yana yo‘lida davom etdi. O’girilganda Tojiboy uning yuzini Xidirga o‘xshatdi. – Aniq o‘zi. Xidirning hovlisida Xidirdan boshqa yana kim bu qadar emin-erkin yura oladi?    Ammo uning nimasidir  Xidirga  o‘xshamasdi. Qorong‘ilikda esa aniqlab o‘tirishga fursat yo‘q.. Xudoning o‘zi Tojiboyni qo‘llayapti. Kutmoqchi, iloji bo‘lsa, yotgan joyiga kirmoqchi edi. Mana, o‘z oyog‘i bilan duch kelib turipti.  Bola-chaqasi hali uxlab yotgan bo‘lsa kerak. Bittasiyam payqamay qoladi. Bundan ortiq omadning o‘zi bo‘lmaydi. – To‘g‘ri yursa, hojatxonaning eshigi. Ko‘rib qolishi mumkin. Shuning uchun Tojiboy shoshilgancha tomorqa bo‘ylab, devor cheti bilan aylanib o‘taverdi. Bir joyda oyog‘i ko‘lmakka tushib, botinkasi suvga to‘ldi. Har qadam bosganda g‘irchillayverdi. Ammo hozir bunga e’tibor berib o‘tiradigan fursat emas. Shoshildi. Sezsa sezar. Qochishga ulgurmasa bo‘ldi. Tinchitadi. O, tangrim, o‘zing  madadkor bo‘l! Bir marta, bi-ir martagina umr bo‘yi ko‘r  bo‘lib yashagan bandang Tojiboyga ham “ol qulim!” de. Tojiboy sendan davlat tilamaydi, amal tilamaydi, qiliqlari senga ham yoqmaydigan Xidirni huzuringga javob berish uchun jo‘natmoqchi. O xudojon! O’zing qo‘lla! Qo‘lla! – Tojiboy titroq ichida qo‘ynidan pichog‘ini oldi. O’ng‘aylab ushladi. – Qasos! Qasos!!! – Tojiboyning vujudi yondi. Bu bir necha lahzalik yonishdan kiyimlarining nami qurib ketdi. O’ziyam alangaga aylanib, shu yerda qovrilib qolmasa bo‘lgani. – Tojiboy hojatxonaga yon tomondan yaqinlashib borardi. Xidirni o‘tirgan joyida... Ishqilib titrayotgan qo‘llari pand bermasin. Nega  titrayapti? Ha mayli, har qalay bu titrash qo‘rqishdan emas, balki g‘azabdan-ku! Iy-e! Obbo la’nati-e! Sezib qoldimi? – Tojiboy yetib bormasdan  Xidir hojatxonadan chiqdi. To‘nining yoqalarini to‘g‘rilagancha, imillab, oynavand ayvonga tomon yurdi. Qandaydir imillashimi-ey, Xidirga o‘xshamayroq ketardi, lekin hozir... tezroq, tezroq... Xidir yana o‘n-o‘n  besh  qadam yursa, keyin... kech bo‘ladi. Endi yetib olish mushkul. Juda yaqinlashsa, sezib qolishi bor, shuning uchun... Tojiboy pichoqni otishga mo‘ljallab – bu borada Qoplondan yaxshi ta’lim olgan – mahkam qisimladi, tezlik bilan yaqinlasharkan, pichoqni boshi uzra ko‘tardi  va “Xidir aka!” deya chaqirdi. “Xidir aka” imillagancha yelkasini burib, orqaga o‘girildi. O’girilayotganda shiddat bilan otilgan pichoqning uchi  bo‘ynining bir  tomonidan kirib, ikkinchi tomonidan teshib chiqib ketdi va... Tojiboyning ko‘zlarida o‘t chaqnadi. So‘ndi. Kulga aylandi. Alamdan ingrab yubordi.  -  Tojiboy shuning uchun besh yuz chaqirim yo‘l bosib keldimi? E xudo, bu nima ko‘rgulik!? Omadsizlik shunchalar bo‘ladimi? Bu o‘limning Tojiboyga nima keragi bor?
   Tojiboydan uch-to‘rt qadam narida Xidirning yetmishga kirgan kar otasi qoniga belanib yotardi.
   - Xidir aka, ho‘ Xidir aka!  - kimdir darvozani taqillatib, chaqirdi.
   Ichi kuyib, bir burda bo‘lib qolgan Tojiboy joyidan qo‘zg‘alib,  tezlik bilan o‘zi oshib kirgan joydan qaytib ko‘chaga chiqdi. Ko‘chada ketayotib, Xidirning  hovlisidan ayol kishining, - xotinidir, qizidir, nima ahamiyati bor, - chinqirig‘ini eshitdi, lekin parvo qilmadi.
   Qishloq chetida taksi yo‘q edi.
   Bemaqsad, behis, faqat tirik jon bo‘lgani, ya’ni nimadir qilishi kerakligi uchun, bu ko‘rguliklardan tezroq nari ketish uchun shudgor oralab, kesaklarga urinib-surinib, loylarga botib, taksi tomon jo‘nadi. Yo‘l-yo‘lakay bolalari esiga tushib, endi yaqin orada ularni ko‘rish nasib qilmasligini, endi ular butkul sho‘rpeshana otasining kasriga qolishini. Bu tunda kirib, bir og‘iz ularga maqsadini tushuntirish imkonini boy berganini anglab, yig‘lab yubordi.
   Tojiboy taksiga yaqinlashganda yomg‘ir tingan, tong yorishib qolgandi. O’z o‘y-xayollariga g‘arq bo‘lib borayotibYu nogoh g‘ovur-shuvur  qulog‘iga chalindi va boshini ko‘tardi: Taksi qoshida besh-olti  odam turar, bir-ikkitasi militsiya formasida edi. Tojiboy beixtiyor qo‘yniga qo‘l yugurtirib, ikkinchi pichog‘ining dastasini mahkam tutdi va yo‘lini o‘zgartirib, qishloqqa ham emas, taksiga ham emas, uchinchi tarafga jo‘nadi.
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89506996

Yandex