Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abulqosim Mamarasulov. Somonchilar (hikoya)

15.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• Uzoqdagi akadan yaqindagi qo’shni yaxshi.
• Bo’ron kichik olovni o’chiradi, lekin kattasini alangalatadi.
• Kalla bilan bitirish lozim bo’lgan joyda musht bilan hech narsaga erishib bo’lmaydi.
• Hamma ishning boshi qiyin.
• Vaqtida aytilmagan dono gap ham ahmoqona qabul qilinadi.
• Pul - bu najas, ammo najas - pul bo’lolmaydi.
Yahudiy maqollari
 
 

Abulqosim Mamarasulov. Somonchilar (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
   O’zlari shu holga tushib ko‘rganlarida bilishardi. O’tirib olib, har narsani gapiraverishadi. Do‘stlik bormi ularda? Yo o‘tkazib qo‘yishganmi? Yo uning og‘ziga xo‘jayinmi? Kerak bo‘lsa o‘ziga o‘zi bek, xohlaganini qiladi, o‘ylaganini gapiradi. Hech kimdan til qisiqlik joyi yo‘q. Aslida aytish kerak edi. Yaxshilik qilaman, deb tuhmatga qoldi. Rost-da, uchalasi ham birday aybdor bo‘lsa. Qo‘lga tushgani jarima to‘lab, tushmagani oppoq bo‘lib qolaveradimi? Nimaga u jarima to‘laydiyu, boshqalar jirttak chalib turishi kerak? Odamga alam qiladi-da. Shuncha pulni qurtdek sanab, o‘z qo‘li bilan kassaga topshirdi. Axir bu pulni topguncha ozmuncha mehnat qilganmidi? Boshida, puldan ayrilsa ham tinchgina shu mashmashadan qutulayotganiga xursand ham bo‘lgan edi. Keyin, turib-turib, alam qilib ketdi. Ayniqsa, pulni kassirga topshirayotganida qo‘llari dag‘-dag‘ titradi. Qani haqiqat? Nega uning puli ketadiyu, boshqalarniki kissasida qoladi? U somon tashigan bo‘lsa, boshqalar ham tashigan. Demak, jarimani ham baravar to‘lashlari kerak. Asli, hamma gap xotinidan chiqdi. Xotin zotining esi pastligi azaldan ma’lum. Doim erlarini to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishgani chalg‘itishgan. Bo‘lmasa, Niyozmat  ishdan charchab qaytgandi. Yonboshlab yotib, televizorda futbol tomosha qilmoqchi edi. Jahon chempionati ketyapti axir! Angorga ham oyog‘i tortmay chiqdi… Toza sharmanda bo‘ldi-da. Uch kun avval xo‘jalik rahbari kelib, o‘n kunlikda yaxshi ishlagani uchun unga mukofot topshirgan edi-ya!
   … Uyga kelib, kechki ovqatni yeb, endi televizorning oldiga cho‘nqaygandi, xotini yostiqni tortib oldi-da:
   - Somonga chiqmaysizmi? – deb so‘radi.
   - Qanaqa somon?
   - Ko‘rmayapsizmi? Hamma tashiyapti. Arpazorni o‘rib bo‘lishganiga bir haftadan oshdi. O’shandan beri odamlar daladan beri kelishmaydi. Xudo biladi-ku, Yo‘ldosh bilan Bahrining somonxonasi to‘lib ketgandiro-ov. Ikkovi boya qorong‘i tushar-tushmas eshagiga minib, tag‘in jo‘nashdi. Siz yotaverasizmi?
   - E qo‘ysang-chi, bunaqa ish menga to‘g‘ri kelmaydi. Yana qo‘lga tushib…
   - O’zingiz qo‘ying! Yo‘ldosh bilan Bahrini ushlamagan qorovul sizni tutadimi? – dedi xotini bidillab. – Nima, bu yil ham qishda bolalaringizni oqlikdan qantarib qo‘ymoqchimisiz?  Yo‘ldosh bilan Bahrining bolalari qishi bilan qaymog‘u-qatiq ichsin, mening bolalarim ko‘zlari  mo‘ltillab o‘tirsinmi? Shuncha odam tashiyapti, ular qo‘lga tushmayapti-ku. Sizning joningizni oladimi?
   Xotini u dedi-bu dedi, janjallashdi, xullas, Niyozmat eshagiga qanorni tashlab, angorga jo‘nadi. Bir hisobda xotinining gapi ham to‘g‘ri. O’tgan yili lanjlik qilib, somon tashimadi. Oqibatda qishning yarmida sigirga beradigan hech vaqo qolmay, uni sotib  yuborishga  majbur bo‘ldi. Ko‘klamda esa ikki baravar qimmatiga boshqasini oldi. Sigir boqmayin desang – yana bo‘lmasa, qishloqchilik. Hammaning o‘ziga yarasha mol-holi bor. Ilgarilari yaxshi edi. Angordagi g‘allani o‘rib ketgandan keyin somoni qolar, hech kimning ishi bo‘lmas – odamlar xohlaganicha tashib olardi. Endi qo‘riqlagani odam qo‘yishyapti. Onda-sonda ba’zilarni ushlaydi, sharmanda qiladi. Bari bir mol boqqandan keyin, yemishini ta’minlash kerak. Odamlar qo‘yarmidi? Qorovulning ko‘zini shamg‘alat qilib, kechasi tashishadi. Yo‘ldosh bilan Bahri ham shunaqa, xudoning erinmagan bandalaridan. Bularning charchamagani! Hech iloji bo‘lmasa, yarim kechadan keyin chiqishadi. Hamma dong qotgan, hech kim xalaqit bermaydi. Tong otguncha bemalol uch-to‘r qanordan tashib olishadi. Niyozmat ham o‘shalardan bir-ikki hafta jonini koyitsa, somonxonasi to‘lib qoladi. Keyin qish bo‘yi bola-chaqasi  bilan sut ichadi, sariyog‘ yeydi. Rost, xotini to‘g‘ri aytadi.
   Qishloqdan chiqib, angor yo‘liga tushib olgandan keyin Niyozmatning ko‘ngli yayrab ketdi.  Havo toza. Eshagiga xala bosdi. Osmonda yulduzlar charaqlaydi. Oy yo‘q. Bir hisobda shunisi tuzuk. – Begona ko‘zdan pana. Qanorini bamaylixotir to‘ldirib qaytaverishi mumkin. Ana, somon g‘aramlari qo‘l tekkizilmaganicha turipti. Shartta-shartta ustki poxolini ochib tashlaydiyu, tagidagi qipig‘iga qanorini to‘ldiradi. Keyin g‘izillab iziga qaytadi. Xotinining kallasi ishlaydi. Hozir, qizig‘ida harakat qilib qolgani ma’qul. Hamma yoqni tozalab ketishgandan keyin g‘aramning joyini xaskash bilan qirtishlab yuradimi?
   Niyozmat yo‘l chetidagi birinchi g‘aramning oldida eshakdan tushdi. G’aramning ustini ochib tashladi: Mayda somon! Niyozmat eshagining qozig‘ini qoqib, qanorga endi somon solayotgandi, katta yo‘l bo‘ylab, chiroqlarini yoqqancha, bir mashina kela boshladi. Niyozmatning esxonasi chiqib ketdi: Nahotki qorovul bo‘lsa? Mashinasiga bosib olib ketsa-ya?! Chiroqlar tobora yaqinlashib kelardi. – Nima qilish kerak? Kela solib, sudrasa, nima deydi? Yashirinsa-chi? Qaerga? G’aramning  ichiga kirib ketsa bo‘ladi. Eshak-chi? Qanor-chi? Hozir yetib keladi, hozir! Nahotki qo‘lga tushdi? Yo‘q, nega qo‘rqyapti o‘zi? Nima, somon tashigan bitta umi? Ana, Yo‘ldosh bilan Bahri ham yuripti. Juda qo‘ymasa: «odamlar chiqayotgan ekan, men ham chiqdim», deydi. Ular nima bo‘lsa, Niyozmat ham shu. «Qanaqa odamlar?», deb so‘rasa, ikkovini ko‘rsatadi. Lekin… lekin chaqimchilik bo‘lmasmikan? Bordiyu, qo‘lga tushsa, ularni ushlab bergandan nima foyda? Bari bir jarima soladi. Yaxshisi, aytmagani  ma’qul.  Qutulib qolishsa – baxtlari, bo‘lmasa – o‘zlari javob  beraverishsin. Yo‘q, hech kimni aytmaydi. Chaqimchilik … yaxshi emas.
   Ammo hozir bir iloj topish kerak…
   Mashina juda yaqin kelib qoldi. Niyozmat qo‘rqib, shosha-pisha qanorning ustiga somon tashlay boshladi. Qanday bo‘lmasin, qanorni yashirish kerak. Eshak bir gap bo‘lar. Haydashsa, qochib ketaveradi. Niyozmat  keyin ushlab olaveradi. Biroq eshakdan gumon qilishsa-chi?  E-e, dalada nima ko‘p, daydi eshak ko‘p. Bari bir… gumon qilishsa-chi? Axir eshak egarlangan, qozig‘i, arqoni bor. Gumonsirab, g‘aramni ag‘darishsa-ya! Keyin nima bo‘ladi? – Niyozmat behol tortib, o‘zini g‘aramning ustiga tashladi. – Tamom! Qo‘lga tushdi! Endi hech qanday najot yo‘q. Ko‘z oldiga balo-qazodek, xotini keldi. G’avg‘oning bari o‘shandan chiqdi. Tinchgina futbol ko‘rmoqchi edi. «Ana Yo‘ldosh bilan Bahri ketdi,  somonxonasini to‘ldirdi, biz quruq qoldik», deb qaqshayverib, boshini qotirdi. «Sigir», dedi, «qaymoq» dedi, balo dedi, battar dedi. Sigir bo‘lsa, ochdan o‘lmasdi. Bir amallab qishdan chiqarishardi. Mana endi… Endi bo‘lsa… Niyozmatni Yo‘ldosh bilan Bahriga tenglashtiradimi?  Ikkovi azaldan bunaqa ishlardan tap tortmaydi. Niyozmat bir-ikki marta yashirincha somon tashigan bo‘lsa ekan. Aslida o‘zida ham ayb bor. «Bormayman» deb turib olsa, xotini nima qila olardi? Javrab-javrab, oxiri tinchirdi. Ha, er kallani ishlatmagandan keyin, xotinining yo‘rig‘iga yuravergandan keyin…
   Ana! Mashina shundoq yoniga kelib to‘xtadi. Ichidan kimdir tusha boshladi.
   Niyozmat g‘aramga  kirib ketguday bo‘ldi. Go‘yo vujudidagi jon havoga uchib ketganu, o‘rnida quruq tanasi qolganday. U osmonga qaradi. Yulduzlar charaqlaydi. Boya ko‘ziga hammasi yaxshi ko‘rinayotgandi. Endi xuddi undan kulishayotganday… Endi nima bo‘ladi? Ilg‘or ishchi nomi bor edi! Sovxoz rahbarlari majlislarda uning nomini hurmat bilan tilga olardi. Qo‘lga tushgani ularning ham qulog‘iga yetadi. «Yaqinda ordenga yozamiz», deb va’da qilishgandi. Hammasi tugadi. Brigadir nima derkin? Boshliqlarga  o‘sha aytgan edi-da, ilg‘or ishchimiz Niyozmat aka shu kishi bo‘ladi, deb. Endi unga ham gap tegadi.
   Niyozmat yonginasida g‘aramni tumshug‘i bilan titkilab, to‘kilgan donlarni terib yeyayotgan eshagiga gangib tikildi. Birdan eshakka avasi kelib ketdi. Qani endi, hozir eshakka aylanib qolsayu,bemalol somon chaynab tursa. Kelganlar hayron bo‘lib qaytib ketishardi. Keyin Niyozmat yana o‘z holiga qaytardi-da, uyiga yugurardi. O’unaqa yugurardi, shunaqangi yugurardiki, somonining ham, eshagining ham, qanorining ham padarlariga ming la’nat! Unga desa, shu dalada qolib, chirib ketmaydimi?
   - Aka…
   Niyozmat qandaydir ovoz qulog‘iga chalinganidan hayron bo‘ldi. Ovozda buyruq o‘rniga iltimos ohangi kuchli edi. Battar taajjubi  oshdi. Axir, yengidan changallab, mashinaga sudrashlarini kutgandi-da. Bu qanaqasi? Yoki qulog‘iga chalindimi? Ajabmas!
   - Ho‘-o‘v, aka! – degan iltimosli ovoz yana takrorlandi.
   Niyozmat xayolida emas, chindan iltimos qilishayotganiga ishonch hosil qilgandan so‘ng sekin o‘girilib qaradi. Qarshisida yaxshi kiyingan, galstuk taqqan bir kishi muloyim boqib turardi.
   - Aka, bir iltimos, -  dedi po‘rim kishi umid bilan. – Samarqanddan kechroq chiqqandik., adashib qoldik. Muzbel qishlog‘iga borishimiz kerak edi. Yo‘lni ko‘rsatib yubora olmaysizmi?
   Hanuz  hushini yig‘ib ololmagan Niyozmat serrayib o‘tirardi. Qattiq tortilgan asablari birdan bo‘shashib, vujudi xaltadek osildi. O’takasini yorib yuborayozgan bu odamning basharasiga to‘yibqarab olgisi, uning bezarar ekaniga qayta-qayta ishonch hosib qilgisi kelardi. Niyozmat «ha» degandek bosh silkidi. «Bilaman» demoqchi edi, ovozi chiqmadi, bundan o‘zi ham hayron bo‘ldi.
   Esini chiqarib yubordi-e! Qorovul keldi, deb o‘tiribdi-ya! O’zi, yurakdan ham bergan ekan-da. Qorovul bo‘lganda-chi? Yeb qo‘yarmidi? Buncha qo‘rqmasa? Olsa, bir qanor somon olibdi. Hamma yoqni somon bosib yotibdi, kamayib qolarmidi? Eplaganlar mashinalab tashiyapti. Bari bir shuncha qo‘riqlashgani bilan somonning yarmi dalada qolib, chirib ketadi.
   Niyozmat yo‘lovchini jo‘natgandan kein qanorini qaytadan yozib, shosha-pisha somon tiqa boshladi. Bir ozdan so‘ng to‘la qanorlarini eshakka ortib, Yo‘ldosh bilan Bahri o‘tishdi. Ular yo‘lning yoqasi xavfli ekanini, o‘tgan-ketgan ko‘rib qolishini, shuning uchun angorning ichkarirog‘iga kirishni maslahat berishdi.
   - Qorovul yo‘qmi? – so‘radi Niyozmat ishdan to‘xtamay.
   - Ichkariroqqa kirsangiz hech kim bo‘lmaydi, - dedi Yo‘ldosh.
   Ha, mana, gap qaerda! Axmoq bo‘lmasa, Niyozmat katta yo‘lning yoqasidagi g‘aramga tegadimi? Qanor yarimdan oshib qolgan edi. Endi sudrash battar qiyin. Yaxshisi tezroq to‘ldirib, jo‘nash kerak. Yana ikkita mashina o‘tadigan bo‘lsa, yuragi yorilib o‘lishi hech gap emas.
   Naridan beri qappaytirilgan qanorni eshakka ortib, hovliqib kelarkan, angorga qaytib ketayotgan Yo‘ldosh  bilan Bahrini ko‘rdi. Bular charchamaydiyam, qo‘rqmaydiyam! Ikkovining somonxonasi to‘lib ketgandir. Niyozmatning somonxonasi bo‘m-bo‘sh. O’tgan yili qishda sigirining shikoyatomuz mo‘ngrashlarini eslasa, hali-hali yuragi uvushadi. Ming to‘g‘ri bo‘laman, degani bilan sigir kerak, sut kerak, sigirga yem-emish kerak. Manavilar qo‘rqmasdan tashiyapti. Nega u qo‘rqadi? Hozirgina ikkovini qanorlarini to‘ldirib-to‘ldirib ketgan edi, yana qaytib kelyapti. Niyozmatniki bor-yo‘g‘i to‘rvadek qanor, shuni ham yolchitib to‘ldirishga yuragi dov bermadi. Bir-ikki hafta g‘ayrat qilsa, qishlik somonni  g‘amlab qo‘yadi. Futbol ko‘raman, deb yotsa, yotaveradi-da. Futbol sigir bo‘larmidi. Ikki hafta tomosha ko‘rmay tursa, ikki hafta sal kamroq uxlasa, uch qishda joni tinch bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i ikki hafta!
   Qanorini bo‘shatayotganda ham Niyozmatning  xayolidan shu fikrlar ketmadi. Somonxonaning burchagi oqarib qoldi. Fonusni ko‘tarib, yoritib turgan xotini somonni ko‘rib, ko‘zlari yashnab ketdi: «Qipiq somon ekan, qishda sigirning joni kiradi!»
   - Yo‘ldosh bilan Bahri yana ketdi, - dedi xotini, hovliga chiqishganda eriga sinovchan tikilib.
   - Eshakni olib kel, - deb buyurdi u, ust-boshini qoqarkan.
   Yana bir borib kelsa nima qiladi? Ancha havosini olib qoldi. Endi yo‘lning chetrog‘ida yuradi. Bari bir borsa ham, bormasa ham kun o‘taveradi. Shuning uchun yaxshisi… Albatta, sovxoz somon beradi, bermaydi emas. Lekin yotib yeganga tog‘ chidamaydi.  U somon bir oyga yetmaydi. Qolaversa, sovxoz Bahri bilan Yo‘ldoshlarning sarqiti – poxol somonni beradi.  Keyin-chi? Keyin yana sigirni sotadimi? Yo‘q, hozir qiynalsa qiynalar, hozir mayda somonni tashigani ma’qul. Bahri bilan Yo‘ldoshning joni temirdan emas, ular ham charchasa kerak, ammo tashiyapti.
   Niyozmat eshakka mindiyu, yana dalaga ravona bo‘ldi. Endi o‘zini bosib, ancha dadil tortgandi. Buncha qo‘rqmasa? Nimaga anavi ikkovi qo‘rqmaydiyu, Niyozmat qo‘rqishi kerak? Ular nima bo‘lsa, bu ham shu!
   Niyozmat ularga yaqinroq joydagi g‘aramni tanladi. Yonida o‘zi kabi ilinj bilan yurgan odamlar borligini his qilib, ko‘ngli yanada xotirjam tortdi. Avvalgidek, atrofga  qorovulning qorasini qidirib emas, havas bilan tikildi. Har yer-har yerda qator-qator do‘ppaygan somon g‘aramlari uyulib yotardi. Shu g‘aramlarning o‘ntasi, yo‘q, o‘n beshtasi, yo‘q, yigirmatasi somonxonasiga borib qolgandami, Niyozmat ikki yil qo‘lini sovuq suvga urmasdi. Yoki… sigirini ikkita qilardi. Sigirlarning yoniga bittadan tana qo‘shib sotib olsa ham bo‘ladi. Yigirma g‘aram somon , kerak bo‘lsa, o‘nta qoramolni bir qishdan chiqaradi. Yigirma g‘aram somonga nafaqat somonxonasi, balki butun hovlisi  to‘lib ketadi. Qani o‘shanda ham xotini: «Yo‘ldosh bilan Bahri ketyapti», deb chegrayib ko‘rsin-chi! Biladi nima qilarini! E, xotin zoti to‘yarmidi!? O’shanda ham: «Manavilar qatori yana ikki marta borib kelsangiz bo‘lmaydimi? Xudo biladi, kelasi yil somon qanaqa bo‘ladi? Borida arakat qilsangiz-chi!», deydi. Ishqilib, tinchitmaydi. Ammo unda Niyozmat pinagini buzmaydi. Bemalol yotaveradi.
   Niyozmat katta yo‘lga qaradi. Mashinalar hamon o‘tib turardi. Ana, ikkalasining qanori to‘lay deb qolipti. U shoshib, g‘aramning poxolini ag‘dardiyu, maydasini qoplashga  tushdi.
   - Tezroq to‘ldiring-u, keting. Yana chiqsangiz  ikki soatlardan keyin chiqing. Anavilarning keladigan vaqti yaqinlashyapti. Ular kelsa, bir soatcha aylanishadi. Ketsa, yana kelamiz, - deya ogohlantirdi Yo‘ldosh jo‘nayotib.
   Bu gapni eshitib, Niyozmatning yuragi chiqib ketay dedi. Ular ko‘zdan yo‘qolgandan  keyin keng dalada bir o‘zi qolib, xayoliga har xil fikrlar kela boshladi. O’zini o‘zi chalg‘itish maqsadida zo‘r berib somonni qanorga  tiqdi. Azbaroyi hovliqqanidan qanor to‘lgandan keyin eshagiga ortolmay, ancha ovora bo‘ldi. Qanorni eshakning ustiga tashlagan edi, narigi tomonga og‘ib ketdi. Tutaqib, eshakni bir tepdi. Eshak tisarilib, qanor ag‘darilib tushdi. Niyozmat bir balo qilib, qanorni ortib, eshakni ham, qanorni ham, somonnni ham, Yo‘ldosh bilan Bahrini ham, xotinini ham aralash-quralash so‘kib, uyiga jo‘nadi. Hammasi ana shunda yuz berdi.
   Endi katta yo‘ldan o‘tayotganda g‘iyq etib, oldiga bir mashina kelib to‘xtadiyu, ichidan bir kishi chiqdi. Niyozmat angraygancha to‘xtab qolgan, hatto qo‘rqish xayoliga ham kelmasdi. Faqat vujudi bo‘shashib, oyoqlari qaltirayotganini sezdi.
   - Assalomu alaykum, aka, - dedi qorovul xushmuomalalik  bilan  qo‘l olib ko‘risharkan. – Ha? Bi-ir chiqqan ekansiz-da, a?! Ismi-familiyangiz?
   Niyozmat indamadi.
   - Ismi-familiyangizni ayting deyapman! – dedi qorovul tovushini balandlatib.
   Niyozmat noiloj aytdi. Aytdiyu, o‘zi hayron qoldi. Chunki, mabodo qo‘lga tushib qolsa, boshqa familiyani aytishni mo‘ljallab, ehtiyot shart uch-to‘rttasini o‘ylab qo‘ygandi. Hozir birortasi esiga kelmay, o‘z familiyasini aytib o‘tiribdi.
   - Qachondan beri tashiyapsiz? Somonxonangiz to‘laydeb qoldimi? – deya qorovul yana birdan yumshab, oshnasi bilan  suhbatlashayotganday so‘radi.
   - O’zi… bugun chiqqandim, ikkinchi qanor… shu, - dedi Niyozmat qult yutinib.
   - Yolg‘on gapirmang! – qorovul yana do‘q urdi.
   - Yo‘q, rosti bilan, ishonmasangiz borib ko‘ring, - dedi Niyozmat, yuragi taka-puka bo‘lib. Qorovulning gap ohangi bunchalik tez o‘zgarishidan cho‘chib qolgandi.
   - Aldamayapsizmi? – deya qorovul sinovchan ko‘zlarini qattiq tikdi.
   - Yo‘q! Aytyapman-ku, ishonmasangiz borib ko‘ring.
   Yana bir-ikki o‘shqiradigan bo‘lsa, Niyozmat: «Nima, somon tashiyotgan bitta menmi? Ko‘zlaring bitta meni ko‘rib qoldimi? Ana, Yo‘ldosh bilan Bahri hozir o‘tib ketdi», deyishga shaylanayotgandi, yaxshi ham qorovul:
   - Qanordagi somonni to‘king-da, uyingizga jo‘nang. Ertaga punktga boring, o‘sha yerda gaplashamiz, - deya mashinasiga o‘tirib, jo‘nab ketdi.
   Niyozmat nima qilishini bilmay, hayron bo‘lib turardi. Darrov mashinasiga solib, olib ketmagani  yaxshilikning alomatimi, yomonlikning? Bormasa-chi? Yo‘q, bo‘lmaydi. Ism-familiyasini to‘g‘ri aytib qo‘ydi. Bundan tashqari qorovul sovxozning hamma odamlarini yaxshi taniydi. Ismini bilmasa-da, yuzidan ajratadi. – Niyozmat  o‘zini yo‘ldan urganlarni bisotida bor so‘kishlarga ko‘mib tashladi.
   Ertasiga qorovulning buyrug‘iga binoan jarima pulini to‘ladiyu, keyin  birdan  alam qilib ketdi. Rost-da, Niyozmat to‘rvadek qanor bilan qo‘lga tushib o‘tirsayu, Yo‘ldosh bilan Bahri somonxonasini to‘ldirib, hech narsa ko‘rmagandek, oppoq  bo‘lib yuraverishsa! Qani adolat?
   Ertasiga  Barlos  talato‘p bo‘lib qoldi. Yo‘ldosh bilan Bahrini, yana talay somon tashiganlarni punktga olib ketishibdi. Niyozmat ko‘chadan o‘tayotsa, hamma unga boshqacha qaraydi. Nafrat bilanmi-ey, istehzo bilanmi-ey… Hayron bo‘lib uyiga kelsa, xotini to‘rsayib o‘tiripti. Keyin bilsa, butun Barlosda: «Yo‘ldosh bilan Bahrining ustidan Niyozmat ma’lumot bergan», degan mish-mish tarqapti. Kimdir uning punktda o‘ralashib yurganini ko‘rgan ekan. Odamlar Niyozmat  haqida har xil yomon gaplarni aytishayotganmish: «Bu odamdan qo‘rqish kerak, ertaga bir yomon kun tug‘ilsa, o‘z jonini asrab qolish uchun butun Barlos qishlog‘ini sotib yuborishdan  ham toymaydi», deyishayotganmish.
   Axir u chaqimchilik qilgani yo‘q. Asli, aytishi kerak ekan! Ana undan keyin alam qilmasdi. Kim ekan uni punktda ko‘rgan?
   Niyozmatning mushti tugilib, ko‘chaga chiqdi. Kim bo‘lmasin, qaerda bo‘lmasin, hozir o‘sha tuhmatchini topadiyu, yoqasidan oladi. Keyin rostini aytib berishga, bo‘htonini qaytib olishga majbur qiladi.
   - He onasini… uni!..
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89505918

Yandex