Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abulqosim Mamarasulov. Ismatning qismati (hikoya)

15.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
... Adabiyot chin ma'nosi ila o’lgan, so’ngan, qoralangan, o’chgan, majruh, yarador ko’ngilga ruh bermak uchun faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qarab singishgan qora balchiqlarni tozalaydirg’on, o’tkir yurak kirlarini yuvadurg’on toza ma'rifat suvi, xiralagan oynalarimizni yorug’ va ravshan qiladirg’on  buloq suvi bo’lg’onlig’idan bizga g’oyat kerakdir...
Cho’lpon
 
 

Abulqosim Mamarasulov. Ismatning qismati (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
   Trestdan xafa bo‘lib chiqdi u: «…shunaqa, Ismatvoy, - deyishdi, - intizom qattiq bizda, - ertalab soat sakkizdan kech soat…» Tag‘in maoshi sakson so‘m emish. Bor-yo‘g‘i sakson so‘m, a?  Institutni bitirgan bo‘lsa-ku, keyinroq kattaroq bir ishga ko‘tarilish mumkin edi. O’rta maxsus ma’lumoti bilan… umri yugurdaklikda o‘tib ketadi endi. Hali ham kech emas. Politexnika institutiga kiradi. E-e, onasi omon bo‘lsin. Ham uni uylantirmoqchi, ham uy olib bermoqchi. Bugun xo‘roz qichqirmay turib, Barlosga ketgan. O’sha qishloqda Ismatning xolasi turadi. Xolasining oyday qizi bor. «Shuni olib beramiz, shu qishloqda yashaysan. Rayonga qatnab ishlayverasan», degan  onasi. «Ichkuyov bo‘lib, a?» - «Nega endi? Rahima xola degan uyini sotayotgan ekan…» . «Shuni olib berasizmi?» - «Ha». Ana shunaqa. Diploming bo‘lsa, ishing, uy-joying, tag‘in oyday xotining ham bo‘lsa, yana nima kerak o‘zi? Yap-yangi kostyum kiyib, galstuk taqi-ib yuradi. Boradi, sakkiz soat ishlaydimi, yo‘qmi, qaytib kelaveradi.
   Asli… trestdagilar ko‘pdan mushtoq bo‘lib kutayotgandek, nazarida quchoq ochib qarshi oladigandek tuyulgandi. «Keling, keling, Ismatjon!», deya qo‘shqo‘llab  ko‘rishib, to‘rdagi kresloga o‘tiring, deyishsa. «Bizga sizday mutaxassis yigit juda kerak-da», deb rosa quvonishsa. Birdan boshliqqa muovin qilib qo‘yishmas-ku-ya, har qalay u martabaga chiqish uchun bir yil-yarim yil ishlash kerak, lekin… «Siz uchun atay katta bir bo‘limimizning mudirligini saqlab turgandik, endi shu bo‘limni  o‘zingiz ko‘tarib berasiz. Qo‘l ostingizda besh-oltita xodim…», deyishsa. Ismat kamtarlik qilsa, odob yuzasidan: «Yo‘q, yo‘q, sizlar nima deyapsizlar o‘zi? Bizda tajriba bo‘lmasa. Kuni kecha diplom olgan bo‘lsak, axir bu lavozim… og‘irlik qilar», desa. «Eplayolmayman», demasa. Aynan «og‘irlir qila-ar», desa. Ular: «Biz sizga ishonamiz. Siz yosh, serg‘ayrat, nazariy jihatdan, xo‘-o‘sh yaxshi qurollangan yigitsiz. Axir ishning og‘irini si qilmay, biz qilaylikmi?», deyishsa. Shunda Ismat tang ahvolda qolganday, o‘ziga ishonch bildirgan boshliqning gapini ikki qilganidan go‘yo mulzam bo‘layotganday, yerga qarasa. O’zini, endi nima qilsam ekan, deya o‘ylayotganday ko‘rsatsa. Boshliq: «Tashvishlanmang, uka! Biz ham chetda qara-ab turmaymiz. Ko‘maklashamiz, ishni eplab ketasiz!», deb yana qiyin-qistovga olsa. Axiri Ismat boshini ko‘tarsa-da, noiloj roi bo‘lganday, uff tortsa. «Sizday rahbar shunday deb turgandan keyin…», desa. Boshliq: «Barakalla! O’g‘il bolacha gap bo‘ldi bu! Qani yuring endi, xodimlaringiz bilan tanishtiray», desa. Keyin boshliq oldinda, Ismatboy keyinda, seki-in bo‘limga kirib borishsa. Xodimlarning har biri o‘rnidan turib, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, u bilan so‘rashsa. Boshliq:  «Tanishinglar – yosh, serg‘ayrat bu yigit bugundan boshlab sizlarning mudiringiz – Ismat Sa’dullaevich!», desa. Qarsaklar yangrasa, Ismat nimtabassum bilan har bir xodimga rahmat, rahma-at, deganday, yengilgina bosh silkib qo‘ysa. Yoki qovog‘ini solib turgani ma’qulmi? Yo‘g‘-e, birdan, qolaversa, boshliqning oldida qovoq solish odobdan emas… Xullas, yarim yil o‘tar-o‘tmas boliq boshqarmaga ko‘tarilib ketsayu, oblastdagilar: «Ismat Sa’dullaevich! Gap bunday: biz sizga ishonamiz… «yo‘q» demang. Bu trestni sizdan boshqa hech kim eplab ololmaydi!», deyishsa…
   Ismat, cho‘ntagida yo‘llanma, xayolida – ana shunaqa o‘ylar, o‘pkasini qo‘ltiqlab azonda trestga kelgan edi. Boshliq oldiniga uni hatto qabul qilmadi. Bir amallab choshgohda uning huzuriga kirdi, kirsa… charcha-a-ab  o‘tirgan ekan shekilli, yo‘llanmayu-hujjatlarga ensasi qotganday bir qarab qo‘ydi-da, «ishlayman desang falon shtat bo‘sh… oyligi sakson so‘m», dedi. «Bir yil-yarim yil ishlab turasiz, keyin yana o‘ylashib ko‘ramiz. Shunaqa, Ismatvoy intizom qattiq bizda – ertalab soat sakkizdan kechki…»
   Ismat qattiq ranjidi. Maoshi sakson so‘m bo‘lar emish. Yegan-ichganiga yetmaydi-ku. Agar boshini ikkita qilishsa, anaviniyam boqishi kerakmi? Shahar joyda qadamingda pul ketadi. Yor-do‘st bor, ulfatchiik qilishga   to‘g‘ri kelari bor. E-e, bo‘lim mudirligi… zo‘r bo‘lardi-da. Shunda yap-yangi kostyum kiyib, qishloqqa kirib bormoqchi edi. Boshida professorlar kiyadigan shlyapa. Ko‘pdan buyon shuni orzu qiladi u:  mudir bo‘li-ib, shlyapa kiyib yursa!
   Unga alam qiladi: hamma balo shundaki, na otasi, na onasi… jillaqursa, brigadir ham emas. Ko‘ryapti-da, hatto kassir-passirlarning bolalari ham hech qiynalmay o‘qishga kiryapti, institutni bitirmay, ish joyi tayin. Ular hech nimaga qayg‘urishmaydi. Ismatning ham ishi yurishib ketar edi-ya, shu…  bir professorning qizini qo‘lga kiritishga oz qoldi, lekin… bo‘lmadi. Vohidning, ha o‘sha, Barloslik Vohidning – u hozir universitetda o‘qiyapti, - tug‘ilgan kunini nishonlashayotgan edi. Ismat o‘tirish chog‘i o‘sha qiz bilan tanishib qoldi. Suqsurdaygina ekan. Onasi bolaligidan, xolangni qizini olib beraman, deb yurardi.  Xolasining qizi ham oyday    , suluvgina. Lekin chiroyiga non botirib yeydimi? Manavi huriliqoning otasi professor. Avval-boshda ular shiringina suhbatlashib o‘tirishdi, hatto qiz bir-ikki marta jilmayib ham qo‘ydi. Keyin Ismat ishni puxta qilay, deb joniqib: «Ertaga kinoga boraylik!» dediyu, baloga qoldi.  Qiz g‘alati qarash qildi. Keyin iddao bilan o‘rnidan turdi-da, ketdi-bordi. Ismat izza bo‘lib qolaverdi. Shunda ham ko‘ngil uzmadi – uning yo‘lini ko‘p poyladi. Qiz esa… Ismatni ko‘rsa, labini jiyiradigan, yo‘lning narigi chetidan betini teskari burib o‘tadigan bo‘ldi. Ha, qalovini topa olmadi Ismat! O’shanga uylanganda-ku, institutga ham kirardi, bo‘lim mudirligi ham tayin edi. Bir kun kelib, zo‘r olim yoki yozuvchi bo‘lib ketsa! Kimsan Ismat Sa’dullaevich!  Tagida nimqora «Volga». O’ziyam chakana qiz emas edi! Trest boshlig‘i qabulxonasida o‘tirgan kotiba-potibalar uning tirnog‘iga arzimaydi. Xolasining qiziyam shularning biri-da. Na madaniyatni, na bunda-ay brishni biladi bular. Uylanganingga yarasha kimsan  falonchi  professorning  qizini olsang ekan. Studentlar iborasi bilan aytganda, o‘shanda uning «tankasi»  ham zo‘r bo‘lardi. Yo‘lidagi  har qanday to‘siqni bosib-yanchib  o‘taverardi. U – Ismat Sa’dullaevich bo‘lsa, «tanka»ning orqasidan ko‘kragini keri-ib  boraverardi. Endi «tankang» zo‘r bo‘lgandan keyin anavi – mudirlik-pudirliklar hech gap emas-da.
   Balki o‘sha qiz: «Bu bir texnikum studenti-da», deb pisand qilmagandir-a? Haliyam kech emas. Bir yo‘lini qilib, institutga kirishi kerak. Yashaganingdan keyin shaharda – ko‘p qavatli uyda yasha-da. Tagingda mashinang bo‘lsin, yoningda xotining…
 
   Ismat hali-beri qishloqqa qaytgisi yo‘q edi. Borganda uyga sig‘maydi, yuragi tars yorilib ketyapti. Tentirab yurib, bozorga kirdi. Undan attorchilik do‘koniga o‘tdi. Qarasa, uchta qiz bir nima xarid qilishayotgan ekan. Iy-e! Ularning biri – xolasining qizi-ku! Ha, o‘sha, oydan qiz, xuddi shuni Ismatga olib berishmoqchi! Atlas ko‘ylak kiyib, sochlarini mayda o‘rib olganini qarang! Tuzuk, tuzuk, uylansa bo‘ladi. Ko‘rinishi yomon emas-a! Qaddi qomati ham… har qalay… bo‘ladi… O’zi, bir qarichligida xushro‘ygina edi. Picha oliftaligiyam bor shekilliyu Chiroyli qizlar sal tantiqroq bo‘ladi. Hechqisi yo‘q, keyinchalik gah deganda qo‘lga qo‘nadigan qilib olinadi. Lekin bari bir professorning qizi zo‘r edi-da. Nima bu?! Endi o‘shandan kechib, mana bunga uylanishi kerak. Ota-onasi shunday deb turgandan keyin… Yaqinda o‘ninchi sinfni bitiryapti. Buyam o‘qishga kirmoqchi emish, hamshiralikka. Mayli-da, oldin to‘y o‘tsin, keyin uy-ro‘zg‘or ishlari akademiyasiga joylashtirib qo‘yadi Ismatvoy. Hamshiralik ham gap bo‘liptimi?
   - Salom berdi-ik, - dedi u ishshayib, qizning yoniga borgach. – Xo‘-o‘sh, nima xarid qilyapsizlar?
   Qiz unga sovuq qiyo boqqan ko‘yi bilinar-bilinmas bosh qimirlatib, salomlashgan bo‘ldi. Keyin allambaloni olib, ko‘zdan kechira boshladi. Uning bu qilig‘i – e’tiborsizligi Ismatning hamiyatiga tegdi.  Mayli, har qalay u ko‘pni ko‘rgan yigit. «Munaqa tannozlarning nechtasini qo‘ldan o‘tkizdik. Kerak bo‘lsa buniyam…»  Ismat shunday deb o‘zini ovutdi, ovutmadi, o‘zini ko‘klarga ko‘tardi. Garchi haligacha biron qizning qo‘lidan tutmagan bo‘lsa-da, bu borada o‘zini katta malaka egasi, deb hisoblardi. Ha, hali shunaqa qiladiki, bu tannoz huzuriga yetti bukilib kiradigan bo‘ladi. Bu tanqaygan burun yerga tegadi hali. Ammo hozir… diplomat  bo‘lish kerak. Mayli-da, undan nima ketdi, bir-ikki kun to‘ygacha – noz-istig‘no qilsa qilar. Undan keyin… o‘zi chindan ham oydaygina, a?! Qo‘ldan chiqarib qo‘yish hech gap emas. Bu yog‘iga yuganni mahkam ushlash kerak.
   - Atir olib berayinmi? A? – dedi u, xayoliga kelgan fikrni bayon etib. Rosti, topag‘onligidan quvonib ketdi. Atay qizning yelkasiga kiftini  tekkizib, cho‘ntagidan pul chiqardi-da, sotuvchiga o‘girildi:
   - Ta-ak, duxingizning eng zo‘ridan oling-chi!
   Banogoh qiz o‘zini chetga oldi, «nega muncha tirg‘alasan? Nima, men sening xotiningmanmi?» deganday o‘qraydi. Ismat pulni sotuvchiga uzatgan ko‘yi qotib qoldi. Nima qilsa ekan? Duxini olsinmi yoki… Nega manovi qo‘pollik qilyapti? Xolamning  qizi shunaqadir, deb sira xayoliga keltirmagan edi. Nazarida uni ko‘rgan zahoti qiz duv qizarib, yashirinishga joy topolmay, yugurgancha qochib ketishi zarur edi. Bu esa… pichoqsiz so‘ydi Ismatni! So‘ydi-e! Onasi Ismat esini taniganidan beri: «xolangning qizi oydaygina. Begonalashib ketmaylik, sen shuni ol», deb yalinadi. Ismat ham, qarindoshlar uzilishib ketmaylik, deb… hatto professorning qizigayam ko‘p tirg‘almadi. Bu esa… Yo‘-o‘q, esini kiritib qo‘yishi lozimga o‘xshaydi.
   Bir paytlar Samarqanddagi  yoshlar xiyobonidagi bir voqeaga guvoh bo‘lga edi: Bir qiz bilan yigit chiqisholmay turgan ekan. Qiz nimadir deb jerkindi. Shunda yigit o‘xshati-ib shapaloq tortdi. Bechora qiz yuzini berkitdiyu… Yigit esa hech vaqo bo‘lmaganday uning qo‘ltig‘idan oldiyu, qani yur, dedi. Qiz yurdi. «Ko‘z yoshingni art. Ko‘chada menga hunar ko‘rsatma. Sen o‘ylagan yigitlardan emasman, tushundingmi?», dedi yigit qizga. Ismat aniq  eshitdi. Shunday. U ham shunday qilsamikan? Kerak bo‘lsa, Ismat ham xolasining qizi o‘ylagan yigitlardan emas…
   Ismat shartta uning bilagidan tutdi. Shu payt naq qulog‘ining ostida bir nima sharaq etdi. «He o‘l-e, yigit bo‘lmay!» - Kimdir qarg‘andi. Bunday qarasa, xolasining qizi do‘kondan otilib chiqib  ketyapti. Dugonalari  ortidan ergashdi. Sotuvchiyam. Ismat ham angraygancha qolaverishdi. Yaxshiyamki, do‘konda bo‘lak hech kim yo‘q edi. Bo‘lganida Ismat isnodga  chidolmay, Barlosdan bosh olib chiqib ketishiga to‘g‘ri kelarmidi har qalay… Bu qanday ko‘rgulikki, onasining necha yillik o‘tinchidan so‘ng manavinga uylanishga  Ismat rozilik bersayu, ona suti og‘zidan ketmagan bu tannozcha o‘yin ko‘rsatsa. Hammasiga chidash mumkindir, lekin dabdurustdan qo‘l ko‘targaniga nima deysiz? Shu qilganiga sochidan torti-ib, bir… xumordan chiqish kerak ediyu, ammo… hali adabini berib qo‘yadi, shoshmay tursin! – Ismat negadir bo‘shashgancha turib qoldi. Negadir jahli ham chiqmasdi. Nihoyat u shalviragan ko‘yi do‘kondan chiqdi. Xolasining qizi bir daraxtga suyangancha hiqillar, dugonalari esa uni yupatish bilan band edi. Ular borib to avtobusga  chiqishgancha Ismat do‘kon oldida kalovlanib turdi. E-e, nimasini aytasiz, o‘zi bugun hech ishi yurishmadi, yurishmadi-da. Bir balo bo‘ldi o‘zi. Chap tomoni bilan turganmidi? Trest boshlig‘i-ku, mayli, Ismatga qayishmaydi, begona. Lekin manav tannoz, erta-indin xotini bo‘ladigan oyimcha uning ra’yiga qarasa o‘larmidi? – Ismatning dilidagi norozilik kuchaya borib, g‘azabga aylandi. Shunday yigit mushtday qizchadan, tag‘in jamoatchilik joyida shapaloq yedi-ya! Endi Ismat ikki dunyodayam unga uylanmaydi. Ersiz qolsa qolib ketsin-e!
   Ismat ham avtostantsiya tomon yurdi. Bir to‘xtamga kelganicha xolasining qizi mingan avtobus jildi. Shundan keyin Ismatga battar alam qildi. Tannoz hozir shu yerda bo‘lganida hech esidan chiqmaydigan qilib, bi-ir ta’zirini berardi-ya, lekin… shuginadan kaltak yedimi?  Yo‘-o‘q, shoshmay tursin, hozir orqasidan boradi, xolasining oldida bi-ir adabini beradi – sochidan bura-ab… Xolasiyam qizini ajratib bo‘pti. Yaxshilab hisob-kitob  qiladi, keyin: «Endi qizingizni pishirib yeng! Men professorning qiziga uylanaman», deydi. Ona-bolani bi-ir kuydirsin, bi-ir sochlarini yulib qolishsin. E tovba! Urdi-ya! Ismatni urdi-ya!  Hech bo‘lmasa sababini aytib, keyin ur, nomard! Ha-a, shoshmay tursin! Avtobusda besh minutlik yo‘l-ku. Ko‘z ochib yumguncha orqasidan yetib boradi. – Ismat keyingi avtobusga chiqdi. Boradi, ora ochdi qiladi. Xola, onam begonalaashib ketmaylik, dedi. Oqibatini o‘ylab, xo‘p devdik, lekin bu qizingiz, yo‘q , qizingiz demaydi, bu tannoz, yo‘q, tannoz ham emas, echkicha, ha, aynan shunaqa  deydi, ha, echkicha… shunaqa, ha, shunaqa , dey    di. Keyin to‘g‘ri borib, institutga kiradi. Kerak bo‘lsa, professorning qiziga uylanadi. O’shanda modni kiyingan xotinchasi bilan qo‘ltiqlashi-ib  Barlosga keladi. Atay mana shu ko‘chadan – xolasiyu, uning tentak qizi oldidan o‘tishadi. Ular angrayi-ib qolishadi. Xolasining qizi o‘shanda ham ersiz qari qiz bo‘lib o‘tirgan bo‘ladi. Kelib Ismatning oyog‘iga yiqiladi: «Men axmoq ekanman! Men tentak ekanman! Men echkichani kechiring!», deydi, yig‘laydi. Ismat esa … hatto qayrilib qaramaydi. Hech narsani ko‘rmaganday, to‘g‘ri o‘tib ketaveradi. Xolasining qizi izillab, yana unga yopishadi: «Agar tarsakimni unutmagan bo‘lsangiz, - unuting! Mana, haqqingizni oling. Meniyam uring! O’ldiring! Men shunga loyiqman! Sizday olijanob insonning qadriga yetmadim. Endi menga hayot hayotmi? Bu kunimdan o‘lganim yaxshi! O’ldiring! Sizning qo‘lingizda jon beray!», deydi. Shunda Ismat nima qilish kerakligini o‘ylayotgan kishiday,  viqor bilan gastugini to‘g‘rilaydi, so‘ng… E-e, aytganday, o‘shanda yonida professorning qizi ham bo‘ladi-ku, a? U hayron bo‘lib, bir yoqavalangar qizga, bir qimmatbaho shlyapasini to‘g‘rilayotgan eri – Ismat Sa’dulaevichga qaraydi. «Chto takoe?», deb so‘raydi. «Ne obrashay vnimaniya! Yerunda!», deb qo‘yadi Ismat Sa’dullaevich.
   Xolasining uyi Barlosga kiraverishda katta yo‘lning yoqasida. Ismat avtobusdan tushgan zahoti  xolasiga nima deyish haqida o‘ylay boshladi. Shunday gapirsinki, shunaqa gapirsinki, uyalganidan anavilar yerga kirib ketishsin. «Ismatjon, o‘lgulay!», deb ona-bola yalinishsin, yolvorishsin. Ha-a, birovda haqqini qoldiradiganlardan emas Ismat.
   Xolasi darvozaga chiqib, qo‘llarini beliga tiragancha, hoynahoy, uning yo‘liga ko‘z tikib turgan ekan. «Yo‘g‘-e, nahotki?!.»   Ismat orqasiga o‘girilib qaradi. Hech kim yo‘q. Demak, xolasi uni kutyapti. Mayli, kutsin. Borib, hozir o‘g‘il bolachasiga gaplashib qo‘yadi. – Ismat o‘ziga har qancha dalda bermasin, yaqinlashgan sayin yuragi uvusha boshladi. Xolasi ko‘p yomon-da.  Achchig‘i burnining uchida turadi. Sa-al jahli chiqsa, bas, yuzingda ko‘zing bormi demay… Ismat yaqinlashgach, haqiqatan ham xolasining avzoyi buzuqligini payqadi. O’ziyam, qo‘lida tayoqmi-ey. Ismatning qadami sekinlashdi. – Nima qilsa ekan? Boraversinmi, yo biror yumush bilan ho‘-o‘ bittasinikiga borayotganday, o‘tib  ketaversinmi? Xolasi bari bir… quvsa-ku, yetolmaydi. Ismat yugurishga usta, oyoqlari yengil, lekin… oriyat deganday… lo‘killab qochib yursa… E-e, nimadan qo‘rqadi o‘zi? Axir xolasining qiziga qo‘lini tekkizgani yo‘q-ku! Urgan –u, qochgan – u, tag‘in… indamagani uchun xolasi Ismatdan minnatdor bo‘lsin. Obbo! Oyoqlari nega qaltirayapti? Xolasiga nima deyishni boya obdon o‘ylab qo‘ygandi, hammasi esidan chiqib ketdi. Endi nima qilsa ekan, a?!
   Xolasini ko‘rib, qo‘vonib ketganday: «Iy-e, xola, assalomu-alaykum!  Nima qilib turibsiz bu yerda?!», degancha. Isma qo‘l cho‘zdi. Lekin xolasi: «Tort qo‘lingni!», dedi to‘rsayib.
   - Iy-e, xola, tinchlikmi? Nima gap?  Siz… oldin bu yog‘ini eshiting! – dedi Ismat ortiga tisarilgancha, so‘ng yon-veriga qarab oldi. Har qalay, qochadigan yo‘lini chamalab olgani ma’qul-da.
   - Nega qizimni urding, qo‘ling singur!?
   - Iy-e, xola, nimalar deyapsiz o‘zi?! – Ismat hamon xushmuomala bo‘lishga urinar edi. Axir madaniyatli kishilar har qanday sharoitd ham nazokatli bo‘lishlari lozim-da. – Qizingizga biz tekkanimiz yo‘q, tegmaganga kesak otgan…
   - Uribsan-ku, ana, dugonalari aytdi. Ho‘y, e yo‘q, be yo‘q, bu nima xurmacha qiliq, a?! Sen tentakka qoldimi boyaqishning kuni?!
   Xolasining keyingi gapi Ismatning et-ustixonidan o‘tib ketdi.
   - Pishirib yeng o‘sha echkichangizni! O’lib qolganim yo‘q, shunga oshiq bo‘lib! Chaqiring o‘zini bu yoqqa! Birovning bolasini urib, tag‘in tuhmat qiladimi? U zamonlar o‘tib ketgan!
   - Mana! Mana qizim! Mana!..
   Gap bilan bo‘lib, Ismat tayoq yetgulik joyga borib qolgan ekan, o‘zini chetga olgunicha avval soniga, keyine haligi… uchta zarb tegdi. Yo xolasi ayadi, yo o‘zi epchillik qildi – uncha joni og‘rimadi. Bari bir qayrilib qochdi. Qochayotib, xolasining oydaygina qizi derazadan mo‘ralab turganini ilg‘adi. O’ziyam, shu yerga ipsiz bog‘lanib qolganday taqqa to‘xtadi. Bor gapni yotig‘i bilan tushuntirmoqchi bo‘ldi. Qarasa, xolasi tayoqni  havolatgancha, orqasidan quvib kelyapti. Bir xayoli, «ho‘-o‘v xolajon, hadeb meni quvgancha, echkichangizga qarang. O’zi o‘li-ib, io‘ltayii-ib turipti-ku. Tanacha ko‘zini suzmasa…» deb xolasini uzib olmoqchi bo‘ldiyu, yana tayoq yeyishdan, to‘g‘rirog‘i qiz bolaning oldida o‘sal bo‘lishdan qo‘rqdi. Aytib bo‘ladimi, taqdir deganday… Erta-indin…
   Ismat o‘zini uzumzorga urdi.

* * *

   Oradan ikki-uch kun o‘tgandan keyin Toshtemirning soqol oldirib, hammaga kulgu bo‘lgani bir chekkada qolib ketdiyu Barlos bo‘ylab yangi gap tarqadi: Ismat xolasining qizini olib qochib ketganmishmi-ey…
   Shu kunlarda meni shoshilinch Toshkentga chaqirib qolishdi. Yozganlarimni tez nashriyotga topshirishim kerak ekan. To‘rva-xaltamni ko‘tarib borayotsam, Norxolning onasi ko‘chada besh-oltita xotinning o‘rtasida: «Ha-a! Aytmabmidim?! Ismatni anoyi demanglar! U axir… otasi bo‘sh bo‘lgani bilan…   onasi Banot ko‘r bo‘ladi, demaganmidim?!»,  deya gap ma’qullatayotgani qulog‘imga chalindi. Bu yog‘i nima gap deysizmi? Shoshmay turing, men yana qishloqqa boraman-da, hammasini aniqlab, sizga aytib beraman.
   Kelishdikmi?
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89506716

Yandex