Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Xayriddin Sultonov. Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot! (hikoya)

29.09.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Hayotning har lahzasi go`zal, Umrning har dami g`animat.
Anvar Obidjon
 
 

Xayriddin Sultonov. Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot! (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
Xayriddin Sulton

BUNCHALAR SHIRINSAN, ACHCHIQ HAYOT!

«Oloy malshasi» — Qurbonjon dodxoh 1865 yildan to 1880 yilgcha Pomirda bir sarkarda sifatida xalqni o‘z atrofiga to‘plab. ko‘lida yalang qilich bilan fon Kaufmanga qarshi kurashdi. U shu darajada jasoratli bir xotin ediki, rli Qamchibek Kaufman tomonidan asir qilinib, dorga osilayotganda, dor tagiga kelib, o‘g‘liga xitoban:
— Xayr, o‘g‘lim, ota-bobolaring ham dushman ko‘lida halok bo‘lki, Shahid o‘lmoq bizga meros. Senga bergan sutim oq bo‘lsin! — deya olgan va otining jilovini ters burib, o‘g‘lining tortayotgan azob uqubatlaridan shartta yuz o‘girib keta olgan xotindir».
G’afur G’ulom

* * *

Ming sakkiz yuz yetmish oltinchi yil, yigirma oltinchi fevral. Marg‘ilon.
Qahraton qahridagi rutubatli, xazin bu kun qishning odatiy kunlaridan deyarli farq qilmay nihoyasiga yetmoqda edi. Bu kun ham shahar odatdagidek tong qorong‘isida muazzinlarning ovozi bilai uyg‘ondi Azonni eshitgan ahli muslim bu kun ham shosha-pisha tahorat olib, yaxlagan yo‘laklardagi qor-qirovlarni g‘ijirlatgancha ertalabki izg‘irinda junjika-junjika masjid sari shoshildi; bu kun ham past-baland tomlar ustida har doimgidek zaif, beqaror ko‘kish tutun xiyla vaqt muallaq osilib turdi; bu kun ham quyosh xuddi sovqotayotgandek osmonda bir muddat siyqa tanga kabi xira yaltirab, so‘ng pag‘a-pag‘a kulrang bulutlar ostiga kirib ko‘zdan yo‘qoldi, tirikchilik g‘amida yaydoq ko‘chalarda sarson suringan turfa odamlar bu kun ham shaharning ruhsiz qiyofasiga ma’yus bir jonlanish bergandek bo‘ldilar...
Xullas, qahraton qishning befayz, jimjit bu kuni shu choqqacha bu ko‘hna shahar o‘z boshidan kechirgan minglab kunlar singari yo‘qlik sari botib, bir palla, tuyqusdan misli ko‘rilmagan ola-to‘polon boshlandi. Bozor maydoni to‘rt tomondan guras-guras oqib kelayotgan odamlar bilan to‘ldi.
Maydon shahar bunyod bo‘lgandan buyon hali bu qadar tumonatni ko‘rmagan edi. Achchiq izg‘irin yuz-ko‘zga ignadek sanchiladi, suyak-suyaklarni zirqiratadi, bo‘g‘otlardagi, tomlar boshidagi sumalaklarni qamchisi bilan savalaydi, bor tirik jonni in-iniga haydaydi, ammo molbozorga tutash yalang sahnda chumolidek g‘ujg‘on o‘ynagan olomon tinimsiz qaynab-toshadi. Shop-mo‘ylov, ko‘zlari chaqchaygan kazaklarning vajohatidan quti o‘chib do‘konlarini apil-tapil taqa-taq yopib chiqqan baqqol va hunarmandlar, bozillagan tanchalari oldidan haydab keltirilgan, nima gapligini anglayolmay garang bo‘lib, chimmat ostidan sarosima va qo‘rquv bilan mo‘ralab turgan xotin-xalaj, «La havla...»ni bir lahza tilidan qo‘ymagan kampirlar, xo‘mraygan, yalangto‘sh chollar, burnining suvi oqib yig‘lamsiragan bola-baqralar...
Hammaning og‘zida bir gap, hammaning yuragida bir vahima: «Qamchibek osilarmish!»
Maydonni otliq kazaklar xalqa shaklida qurshagan. Minbarga o‘xshatib taxtadan yasalgan to‘rdagi omonat shohsupadan Turkiston o‘lkasi general-gubernatori fon Kaufman, Farg‘ona jazo ekspeditsiyasining boshlig‘i, sochlari oppoq, qosh-ko‘zlari qop-qora general-mayor Trotskiy, xushqomat, xushfe’l fligel-ad’yutant knyaz Boyarskiy, pakana, oqsoq polkovnik Lusarov, Farg‘ona harbiy gubernatorligining amaldorlari, tulki tumoq kiygan Abdurahmon oftobachi va sovuqdanmi, qo‘rquvdanmi qunishgan bir necha mahalliy a’yonlar birin-ketin joy oldilar.
Shamol tobora kuchliroq esa boshladi.
Maydonga yana ikkita piyoda askarlar rotasi kirib keldi-da, saf boshidagi yag‘rindor ofitserning komandasiga binoan to‘rtburchak hosil qilib to‘xtadi.
Yag‘rindor ofitser — Lyaxov familiyali mayor shohsupaga yaqinlashib, Kaufmanga chest berdi:
— Hamma narsa tayyor, zoti oliylari. Boshlashga ijozat etadilarmi?
Kaufman soatiga qaradi:
— Bir minutga, mayor. Mening rafiqam ham kelmoqchi edi. Bir oz kutsak. A, ana, o‘zi ham kelyapti shekilli.
Ikkita yo‘rg‘a to‘riq qo‘shilgan zangori kareta shaldiragancha maydonga kirib keldi. Shohsupa yonida turgan ad’yutantlardan biri shosha-pisha borib kareta eshigini ochdi. Barra qunduz mo‘ynali po‘stinlari ostidagi moviy ko‘ylaklarning burma etaklarini avaylab ko‘targancha ikkita xonim oldinma-keyin karetadan tushdi. Yoshi o‘tinqirabroq qolgan, lekin hali raso qaddi-qomati buni yashirib turgan birinchi ayol sherigiga nimanidir uqtira-uqtira, shohsupa sari yurarkan, Kaufman uning istiqboliga ikki-uch qadam peshvoz chiqdi. Gubernatorni qurshagan a’yonlar tabassum bilan unga ergashdilar.
—Ah, azizam, afv etasan, xiyol ushlanib qoldik. Achchig‘ing chiqmasin, bilasan-ku biz ayollarni: ko‘zgu degan narsa shunday ohanraboki... — Oldinda kelayotgan xonim Kaufmanga shunday deya, ofitserlarga navozish ila jilmaydi. — Salom, janoblar!
Trotskiy, Lusarov, Lyaxov va fligel-ad’yutant Boyarskiy bir-bir kelib, uning qordek oq, nozik barmoqlaridan o‘pdilar.
—Oh, knyaz, knyaz! — deya bosh chayqadi Kaufman xonim Boyarskiyga qarab istig‘no bilan lablarini burarkan. — Bizni butunlay unutib yubordingiz. Yaxshi emas, xudo haqqi, yaxshi emas. Axir, bizning safarimiz ham oxirlab qoldi, hademay... Tanishing, bu xonim polkovnik Shcherbakovning rafiqasi grafinya Anna Ippolitovna, «Biz tanishmiz», deysizmi? Oh, knyaz, knyaz!
Fligel-ad’yutant xiyol qizarib, kulimsirab turardi.
—Men bunday qo‘rqinchli tomoshalarga aslo ishtiyoqmand emasman, — dedi gubernator xonim Lusarovga murojaat qilib. — Kecha erimdan: «Bu isyonchilar qanday odamlar?» deb so‘rasam. «Ertaga maydonga borsang, o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan», dedi. Ayting-chi, polkovnik, ular rostdan ham shu qadar dahshatlimi?
Lusarov og‘zini ochmasdan kuldi, ko‘zlarini qisgancha jiddiy qiyofada allanimani so‘zlay ketdi. Gubernator xonim quloq solayotgandek ko‘rinsa-da, xayoli parishon ekani sezilib turardi.
—Boshlang! — dedi Kaufman Lyaxovga qarab. — Olib chiqing!
Maydon o‘rtasida ivirsib yurgan qizil etikli, patak soqol, qari soldat shinelini yechdi, dor tagidagi to‘nkalarni qimirlatib ko‘rdi, sirtmoqning tugunini sinchiklab tekshirdi-da, qo‘njiga yopishgan qorni qoqib, maydonning narigi boshiga qarab ketdi.
Olomon orasida birdan shovur-shuvur ko‘tarildi: to‘rt azamat kazak odamlar halqasini yorib, ko‘k shohi to‘nining paxtasi oqib yotgan, kulcha yuzlari momataloq, qo‘llari kishanband bir yigitni haydab kelardi.
— Shumi? — deb so‘radi grafinya Shcherbakova chiroyli moviy ko‘zlarini hayrat ichra katta-katta ochib.
— Ha, grafinya, — dedi Boyarskiy.
— Bechora!
— Oh, monsier, men chidayolmayman shekilli, — dedi gubernator xonim uh tortib. — Kun ham sovib ketdimi?
— Azizam, yaxshisi uyga qaytaqol, — dedi Kaufman. — Senga shamol qattiq ta’sir qilishi mumkin. Kecha «Boshim og‘riyapti», degan eding. Har qalay, bu yer Sankt-Peterburg emas.
—  Mayli, hechqisi yo‘q, bir oz turay-chi, — deya ohista shivirladi gubernator xonim.
Polkovnik Lusarov qo‘lidagi qog‘ozni shohsupaga chiqib kelgan Lyaxovga uzatdi. Mayor oldinga o‘tib qog‘ozni ochdi, baland, tiniq ovoz bilan dona-dona qilib hukmni o‘qiy boshladi:
—«...Farg‘ona gubernatorligi harbiy-dala sudi ayblanuvchi — sartiya millatiga mansub, mahalliy Oloy beklaridan Qamchibek Olimbek o‘g‘lining imperator a’lo hazratlari saltanatiga qarshi qaratilgan fitnakorlik xatti-harakatlaridan iborat jinoiy faoliyatini ko‘rib chikdi. Ko‘pdan-ko‘p ashyoviy dalillar va bevosita guvohlarning shohidliklari asosida, chunonchi, mahalliy nufuzli boyonlardan Abdurahmon oftobachining sidqidildan bergan ko‘rgazmalari oqibatida, ayblanuvchi Qamchibek Olimbek o‘g‘lining chindan ham imperator a’zamga, uning saltanatiga, harbiy gubernatorlik vakillari o‘rnatgan tartibotlarga katta Shikast yetkazuvchi yirik zararkunanda shaxs ekanligi aniqlandi. Ayblanuvchi Qamchibek Olimbek o‘g‘li aka-ukalari — qurolli to‘dalarning boshliqlari bo‘lmish Abdullabek, Mahmudbek va Hasanbek bilan birgalikda Oloy vohasida bir qancha buzg‘unchilik va qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirgan, mahalliy aholi gubernatorlik tomonidan qaror topdirilgan turg‘un tartibotlarga qarshi oyoqlantirilgan. Uning qo‘l ostida bo‘lgan, davlat jinoyatchilaridan iborat kallakesarlar shaykasi keyingi uch yil ichida ayniqsa faollasha borib, harakatdagi armiya otryadlariga, ularning jonli kuchlari va oziq-ovqat manbalariga sezilarli zarar yetkazgan. Harbiy gubernatorlikning Qamchibeq Olimbek o‘g‘liga yo‘llagan bir qancha ogohlantirishlari bepisandlik bilan rad etilgan. Bu yovuz shaykalarning sakkiz yildan ortiq davom etgan bosqinchi-lik, xunrezlikdan iborat faoliyati natijasida...»
Orqa tomondan past bo‘yli bir ofitser shohsupaga yaqinlashib, polkovnik Lusarovning qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Polkovnikning rangi oqardi, shosha-pisha Kaufmanga yuzlandi:
—Zoti oliylari... — deb pichirladi u.— Zoti oliylari, Qurbonjon dodxoh kelayotgan emish!
Kaufman unga yalt etib qaradi:
— Ya’ni, qanday qilib? Yo‘llarga soqchi qo‘yilmaganmidi?
— Qo‘yilgan, zoti oliylari. Knyaz Boyarskiyning o‘qchi divizioni bilan uchinchi dragun polki barcha darvoza va asosiy yo‘llarni qo‘riqlamoqda. Biroq... dodxoh yolg‘iz o‘zi kelayotgan emish!
— Nima-a?
— Shunday, zoti oliylari.
Kaufman lablarini chimirdi:
— Demak, u shaharda ekan-da. Tushunolmay qoldim. Nima, bu xotin aqldan ozganmi? Boshi uchun o‘n besh ming so‘m assignatsiya tikilganini bilmaydi shekilli?
— Yaxshi, polkovnik, — dedi Kaufman o‘zini bosib. — Davom etavering. Qani, voqealar rivojini ko‘raylik-chi.
— Demak, tutishga buyruq beraymi?
— Nega? Qurolsiz, yarog‘siz, ojiz bir ayolni kuppa-kunduzi, shahar maydonida, olomon oldida... Yo‘q, polkovnik, faqat kuzatib turishga buyruq bering. U. ehtimol, o‘g‘li bilan vidolashmoqchidir. Nega endi uni bundan mahrum etmoq kerak? Gumanist bo‘ling, polkovnik!
— Xo‘p bo‘ladi, zoti oliylari!
— «...sartiya millatiga mansub, mahalliy Oloy beklaridan Qamchibek Olimbek o‘g‘lining imperator a’lo hazratlari saltanatiga qarshi qaratilgan jinoiy faoliyatini ko‘rib chiqib, Farg‘ona gubernatorligi harbiy-dala sudi uni o‘lim jazosiga — osib o‘ldirishga hukm qiladi. Qukm qat’iy, shikoyat qabul etilmaydi.
Harbiy-dala sudining raisi general-gubernator fon Kaufman. Yangi Marg‘ilon, 1876 yil, 26 fevral».
Mayor Lyaxov hukmni o‘qib tugatdi-da, Kaufman xomonga o‘girilib, bosh silkib qo‘ydi.
Soqchi kazaklar Qamchibekni dor ostiga olib keldilar. Kaufman poruchik formasidagi tilmoch Sibgatullinni chaqirib, buyurdi:
— So‘rang-chi, mahkumning so‘nggi istagi bormikan?
Tilmoch so‘rashga ulgurmadi — pang tovushi birdan ko‘tarilgan olag‘ovur ichida ko‘milib ketdi: ko‘k baxmal peshmat kiyib, oq dakana o‘ragan Qurbonjon dodxoh ro‘paradan shitob bilan ot o‘ynatib kelar edi!
Orada o‘ttiz odim chamasi masofa, barchaning yuzida hayrat, taajjub, taraddud. Qo‘rquv...
— Polkovnik! — Kaufman oq qo‘lqopli qo‘li bilan Lusarovni imladi.— Mana, qarang-a, dodxoh tap tortmay kelyapti. Sizning ko‘pgina ofitserlaringiz jasorat bobida shu ayoldan ibrat olsalar chakki bo‘lmas edi. Biror burchakdan daydi o‘q otilib, uni halok qilishi mumkin-a, to‘g‘ri emasmi?
Lusarov unga tikilib qoldi.
— Qarang-a, mutlaqo qo‘rqmayotganga o‘xshaydi-ya! — deya Kaufman miyig‘ida kulib qo‘ydi. — Vaholanki, daydi o‘q — daydi-da. Nima deysiz, Lusarov?
— Tushundim, zoti oliylari, — dedi Lusarov shivirlab. — Mening polkimda bir mohir mergan bor. Uryadnik Yepifanov.
— Yaxshi, polkovnik. Faqat, dodxoh maydondan sog‘-salomat chiqib ketishi kerak. Daydi o‘q unga istagan muyulishda ham tegishi mumkin, uqdingizmi?
— Tushunarli, zoti oliylari.
Tilmoch ming‘illab, savolni uchinchi bor takrorladi. Qamchibek javob bermadi, ko‘zlarini — hasrat, alam va sog‘inchdan qovjirab yongan ko‘zlarini onasining yo‘liga o‘rtanib tikdi, jismi jahonni o‘rtab:
— Ena-ey-y! — deb hayqirdi. — Jonim enam!..
Olomon yalpisiga guvlab yubordi.
Suvori esa o‘ktam matonat bilan tobora yaqinlashib kelar, to‘riq bedov bir tekis yo‘rg‘alar, dodxohning yuzlarida, mahkam qimtilgan lablarida sokin, xotirjam, hatto ulug‘vor bir ifoda aks etar edi. Go‘yo u o‘lim changalidagi o‘g‘lini ko‘rmayotgandek, uning sitamkor nolasini eshitmayotgandek, oppoq sochlari to‘zg‘igan boshini baland ko‘targancha mag‘rur ot yo‘rttirib kelardi.
Xaloyiq to‘lqin urib dengizdek chayqaldi, g‘azabnok guvilladi. Soldatu ofitserlar ham tosh qotgan. Biror kimsa nima qilarini, nima deyarini bilmas edi. Hatto Kaufman ham sarosima aralash vahshat bilan qovoq uyib turgan haykalga o‘xshardi.
Dodxoh soldatlar halqasiga yaqinlashdi, besh qadamlar narida jilovni tortdi. Toshdek og‘ir, toshdek qattiq sukunat cho‘kdi.
— Bolam! — dedi dodxoh. Ovozi bir lahza titrab ketdi-yu, shu ondayoq mardona, qahrli tus oldi. — Bolam! Shahid o‘lmoq bizga meros! Ota-bobolaring ham dushman qo‘lida o‘lgan! Alvido, bolam! Bergan sutim oq bo‘lsin! — U shunday deya oyog‘ini uzangiga tirab, otning sag‘risiga zarb bilan qamchi urdi. Bedov osmonga sanchib, suvorini ko‘tara ketdi.
—Rozi bo‘ling, ena! — Qamchibek o‘pkasi to‘lib xirqirab qoldi. — Rozi bo‘ling!
—Mingdan-ming roziman! — Dodxoh qo‘lini fotihaga ochdi. — Diydor qiyomatga qoldi, bolam! — So‘ng ilkis orqasiga qayrilib, kunchiqar tomon ot qo‘ydi.
Ot yoliga ikki tomchi qaynoq yosh tomdi. Ikki tomchi yosh arabi bedovning vujud-vujudini kuydirib yuborgandek bo‘ldi.
Olomon hamon g‘alayon solib guvillar, to‘lg‘anib-toshar edi.
— Ha... Qiziq, — Kaufman o‘yga tolgan edi.
— «Oloy malikasi» deganlari shumi? — deb so‘radi xotini. — Axir, uni juda keksa deyishardi-ku? Bu esa bemalol ot choptirib yuribdi. Ayt-chi, nega uni tutishmadi?
— Hojati yo‘q edi, azizam, — deya kulimsiradi Kaufman. — U... o‘zi taslim bo‘lib keladi! Men uni shunga majbur etaman!
— Menga qara, monsier, bilaman, ishlaringga aralashishlarini yoqtirmaysan, lekin shu yigitni o‘ldirmay qo‘ya qolishning iloji yo‘qmi? — dedi Kaufman xonim po‘stinning yoqasini tuzatayotib. — Judayam yosh ekan, odam achinadi. Albatta, men uni jazosiz qoldirish kerak, demoqchi emasman. Lekin boshqacha chora ko‘rilsa bo‘lmaydimi? Masalan, surgun yoki katorgaga... .— Yo‘q! — dedi Kaufman va qat’iy ohangda ta’kidladi. — Yo‘q! Hukmni eshitding-ku. Dushmanga hech qachon shafqat yo‘q. Lusarov!
— Eshitaman, zoti oliylari!
— Tezlating!
— Xo‘p bo‘ladi!
— Uryadnik kim... Yepifanovmidi?
— Xuddi shunday, zoti oliylari, Yepifanov!
— Yaxshi.
Lusarov Lyaxovga qarab imo qildi. Lyaxov qo‘lidagi ro‘molchasini silkib orqaga chetlandi.
Barabanlar gumburladi. Ikki norg‘ul, devqomat kazak Qamchibekning bo‘yniga sirtmoq soldi. Yuz-ko‘zini qora niqob bilan to‘sib olgan shinelsiz qari soldat tiz cho‘kib cho‘qindi-da, o‘rnidan turib arqonga qo‘l cho‘zdi...
—Yo rabbiy! — Grafinya Shcherbakova rangi bo‘zdek oqarib, knyaz Boyarskiyning qo‘lini muzdek barmoqlari bilan mahkam siqdi. — Yo rabbiy! Naqadar dahshat!
—Qo‘rqmang, grafinya, qo‘rqmang. Bu faqat bir lahza, xolos, — dedi Boyarskiy uning tirsagidan tutib.
—Ach, mein Gott, das is schleht! Ach, mein Gott! — deya shivirladi quti o‘chgan gubernator xonim va ko‘zlarini chirt yumib oldi.
Qamchibek, oyog‘i yerdan uzilib borarkan, ko‘ksidan armon to‘la xo‘rsiniq otilib chiqdi:
—...bandam degaysan!
Olomon birdan junbushga keldi. Kimdir o‘krab yubordi.
Niqobdor soldat dor tagidagi to‘nkani zarb bilan tepdi...
Navqiron, bahodir vujud bir lahza dorda tebrandi, so‘ng shu tebrangan bo‘yi gursillab yerga quladi.
Lyaxov oniy hayrat bilan dovdiradi, keyin qilich
yalang‘ochlagancha dor tagiga yugurib bordida, mahkumning tepasida haykaldek qotdi. Kaufman ko‘zlari chaqchayib, Lusarovga o‘qraydi. Olomon suroni olamni buzdi:
—Yo qudratingdan!
—Nima bo‘ldi? Matkarim, nima bo‘ldi?!
—Ollohga xush kelmagach...
—Xaloyiq, nega qarab turibsiz?
—E, hoy, kallangni ol-e!
—O’zing qoch, xumsa!
Shovqin-suron orasidan Trotskiyning guldiragan yo‘g‘on ovozi yangradi:
— Jim! Jim bo‘llaring, deyman! Hammangni to‘pga tuttiraman, jim!
To‘pchilar bu gapni tasdiklagandek, zambaraklarning og‘zini olomonga qarab to‘g‘rilab qo‘ydilar.
Ko‘zlari shilpiq bir yigitning ingichka, asabiy qichqirig‘i Trotskiyning tovushini bosib ketdi:
— E, belida belbog‘i bor erkak bormi o‘zi bu yerda?
Kaufman bejo ko‘zlarini Lusarovga qahr bilan qadadi:
—Lusarov! Bu qanday gap?!
—Zoti oliylari...
—Bu qanday gap deyapman?!
—Ijozat eting, zoti oliylari...
—Bas! Sharmandalik! Xiyonat!
—Zoti oliylari, afv etsinlar, tasodif...
— Tasodif! Tasodif emish! Bu dorga hozir o‘zingiz osilishingiz mumkin! Lekin unda tasodif yuz bermaydi! Sharmandalik! Muttahamlik! Boring!
—Nima bo‘ldi? Oh, aytsalaringiz-chi, nima bo‘ldi? Menga qarang, knyaz, nima bo‘ldi, axir? — dedi gubernator xonim atrofga olazarak alanglab.
Boyarskiyning ensasi qotdi, nazokatni yig‘ishtirib:
—Nima bo‘lardi, arqon uzilib ketdi! — dedi.
—Oh, ana, men aytmadimmi axir! Ko‘rdingizmi, uning o‘limi hatto xudoga ham yoqmayapti! — deya gubernator xonim eriga qaradi.
—Charchagan ko‘rinasan, azizam, — dedi Kaufman ijirg‘anib. — Yaxshisi, uyga boraqol. Knyaz, iltimos, xonimlarni kuzatib qo‘ysangiz.
— Yo‘q, yo‘q! Biz endi oxirigacha ko‘rmasdan ketmaymiz, to‘g‘rimi, Anna Ippolitovna?
Rangi bo‘zdek oqarib ketgan grafinya dastro‘moli bilan yuz-ko‘zi, peshonasini artdi.
Qamchibek dor tagida hanuz behush yotardi. Soldatlardan biri uning yuzini qor bilan ishqay boshladi. u ko‘zlarini ochdi, atrofiga javdirab, bir zum garangsib turdi-da, qaddini rostlashga urinarkan, ko‘karib ketgan lablarining burchidan silqib tushayotgan; qonni kafti bilan artib:
— Chirib ketgan ekan, — deb shivirladi. So‘ng yag‘rinini ilkis ko‘tarib o‘rnidan turarkan, intihosiz bir g‘urur bilan hayqirdi. — Chirib ketgan ekan!
Aft-basharasi qo‘rquv va g‘azabdan burishib, mudhish tusga kirgan qari soldat qalt-qalt qaltiragancha uning momataloq bo‘yniga yana sirtmoq tashladi...
Barabanlar yeru ko‘kni zirillatib gumburladi.
Qamchibek qult etib yutindi, entikib-entikib nafas oldi. Peshonasida marvariddek reza ter tomchilari paydo bo‘ldi. So‘nggi nafas!
So‘nggi lahza!
So‘nggi azob!
Bunchalar shirinsan, achchiq hayot!..
Osmonda oppoq bulutlar ko‘pirib toshar, Aravon tog‘lari tomondan esayotgan pokiza nasim ona yurtning armon to‘la so‘nggi bo‘ylarini olib kelar edi.
Keyin na bulutlar, na shamol, na osmon qoldi.
Kaufman shohsupadan tushib, xotinini kuzatib qo‘yish uchun bir zum to‘xtadi. Baronessa tirsagigacha chiqadigan qo‘lqopini kiyarkan, tinmay so‘zlab borar edi: — Oh, naqadar achinarli! Axir, bari bir odam-ku! Odam-a!— Keyin Boyarskiyga o‘girilib, davom etdi.— Xo‘p, hozircha xayr, knyaz. Darvoqe, ayting-chi, kechqurun biznikiga preferans o‘ynagani kelasiz-a? Albatta keling, kutamiz. Aybga buyurmaysiz, knyaz, yagona ko‘ngilochar ermagimiz shu. Bu yovvoyi o‘lkada biz ham hademay butkul yovvoyi bo‘lib ketamiz shekilli. Na muzika, na teatr... Loaqal, tezroq Toshkentga qaytsak ham mayli edi. Oh, knyaz, nimasini aytasiz! Xo‘p, Demak, sizni kutamiz, albatta keling. Grafinya Shcherbakova bilan yaqindan tanishib olasizlar. O, siz juda Ham ucharsiz, knyaz! Xo‘p, mayli! Orivoir monsier!
Kareta jo‘nadi. Kaufman ofitserlar hamrohligida bozor darvozasi tomon yurdi. Yoshgina ad’yutant qora turkman otni ro‘para qilgan edi, bosh chayqab: «Yo‘q!» dedi-da, maydon etagidan tor ko‘chaga qarab burildi.
Hech kimdan sado chiqmas, Lusarov ham yerga tikilgan ko‘yi churq etmay borar edi.
O’ttiz odimlar shu taxlit yurilgach, Kaufman polkovnikka savol nazari bilan qaradi:
— Polkovnik Lusarov?
— Eshitaman, zoti oliylari?
— Uryadnik?..
— Hozir, zoti oliylari. Mana shu muyulishdan keyin, hozir...
O’n besh qadam naridagi jinko‘cha muyulishida xomush sudralib kelayotgan uryadnik Yepifanovning daroz gavdasi ko‘rindi. U boshliqlarga ko‘zi tushdiyu joyida tek qotdi.
—Xo‘sh, Yepifanov?— dedi Lusarov unga yaqinlashib.
Yepifanovning qop-qora soqolli uzun iyagi titrab ketgandek bo‘ldi-yu, churq etmay turaverdi.
— Nega indamaysan, Yepifanov? — deya muloyim, homiy ohangda so‘radi Kaufman uryadnikning keng yelkasiga kaftini qo‘yib.
— Zoti oliylari... — Yepifanov tili og‘ziga sig‘mayotgandek g‘o‘ldiradi. — Zoti oliylari...
— Tegizolmadingmi?! — Lusarovning ko‘zlariga qon to‘ldi.
Yepifanov miltiq qo‘ndog‘ini shu qadar mahkam siqdiki, tirnoqlarining ostiga zirqirab og‘riq kirdi.
— Otolmadim, zoti oliylari... — U qalin, do‘rdoq lablarini arang qimirlatib, eshitilar-eshitilmas shivirladi. — Otolmadim...
— Nega otolmading, Yepifanov?— Kaufmanning ovo-zi hamon boyagidek muruvvat to‘la ohangda yangrar edi.
—Zoti oliylari... Xudo haqqi, afv eting, zoti oliylari... — Yepifanov chag‘ir ko‘zlarini katta ochgancha gubernatorga yolvorib qaradi. — O’zim ham bilmay qoldim, zoti oliylari. Anavi tomdan hammasini ko‘rib turgan edim... Qo‘lim bormadi, zoti oliylari... Onam esimga tushib ketdi...
Bir lahza og‘ir, asabiy jimlik cho‘kdi, so‘ngra Lusarovning vahshatli baqirig‘i eshitildi.
— E, o‘sha onangni... — U mislsiz qahrdan ko‘karib so‘kingancha vahshat bilan uryadnikka tashlangan edi,
Kaufman ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarib, polkovnikni to‘xtatdi, so‘ng Yepifanovga yaqinlashib, unga boshdan sinchiklab razm soldi.
—Yepifanov, — dedi u nihoyat baland tovush bilan, — barakalla! Sen haqiqiy soldatning ishini qilgansan, barakalla! — Angrayib qolgan uryadnikning yelkasiga yana bir bor qoqib qo‘ydi-da, orqasiga o‘girilib, ad’yutant jilovidan tutib turgan otga ildam mindi. Otliqlar Yepifanovni qor to‘zoni ichra qoldirib jo‘nadilar.
— Lusarov! — dedi Kaufman garnizon kazarmasi oldida otdan tushayotib. — Uryadnik Yepifanovning bu xizmatlarini taqdirlash lozim, deb hisoblayman. Uqdingizmi? — U ma’nodor chimirilib qo‘ydi. — Albatta, taqdirlash kerak!
— Tushunarli, zoti oliylari! — Lusarov itoatkorona bosh egdi.
Oradan ikki oy o‘tgach, pochta aravasida chayqalib o‘tirgan mast yamshchik Orlov guberniyasiga qarashli jimjit, mudroq Gribovo qishlog‘idagi kulbalardan birining eshigini qoqib, minglab chaqirimlar osha adashib-uloqib yetib kelgan bir parcha qog‘ozni qora ro‘mol o‘ragan, ko‘zlari nursiz kampirga topshirdi.
Kampir xatni o‘qib, shilq etib yiqildi. Kulba ostonasini izillab yalayotgan izg‘irin shamol maktubni varakdadi:
«...chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamizki, o‘g‘lingiz — Yefim Yepifanov podsho va vatan xizmatida qahramonlarcha halok bo‘ldi.
Polk komandiri polkovnik Lusarov».
Shamol uv tortib yubordi.
1979
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 91479737

Yandex