Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Shukur Xolmirzayev. Xorazm, jonginam (hikoya)

19.11.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• Bo‘sh idishning jarangi ko‘p, bo‘sh kallaning gapi ko‘p.
• Bilag‘on yarimta so‘zdan tushunadi, nodon bilmasa ham og‘iz ochaveradi.
• Ot qochsa ushlab kelish mumkin, aytilgan so‘zni qaytarib bo‘lmaydi.
• Mehnatda ayb yo‘q.
• Senga qanday ot olib kelishsa, o‘tir, faqat ehtiyot bo‘l, oyog‘ing yerga tegib qolmasin.
Oltoy xalq maqollari
 
 

Shukur Xolmirzayev. Xorazm, jonginam (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
XORAZM, JONGINAM

Shoir ukam Qadamboyga

Men bir sayoq odamman, aka. Bugun bu yerda bo‘lsam, erta Farg‘onadaman. Indin sizning yurtingizgayam ketaveraman. Mijozlar ko‘p! Mana, daftarchamda, hey, o‘nlab to‘ylar bor. Barining kuni aniq. Rubob omon bo‘lsa, ovozni olmasa, eng muhimi — o‘zbek xalqi bor bo‘lsa oshig‘im olchi. Umuman, bizning ashulani tojiklar ham, turkmanlar ham yaxshi ko‘radi... Chet elga borgan ansambllarimiz ham juda obro‘ olib kelishadi.
Lekin men o‘zimni katta san’atkor deb bilmayman. Mendaqalar Xorazmda son mingta!
Endi, men sal olg‘irroqman-da... O’yinchi qizlarniyam juda haligiday ketvorganlaridan olib yuraman. Haqiniyam bas deguncha beraman. Shuning uchun «O’yinchi qizlar» ansamblida ham, filarmoniyada ham men bilan yurishga ishqiboz qizlar ko‘p. Ya’ni, to‘yga yurishga-da... Yo‘q-yo‘q, men ularga singlimday qarayman. Ha, endi, ba’zan birontasi bilan, shundayam...
Xullas, aka, avvalo O’zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsak, men uchun bu zahmatkash o‘lkaning har bir qishlog‘i aziz: axir, qaeriga borib to‘rtta ashula aytsam — chapak, olqish!
O’zingniki-da... Hali bitta yozuvchi yozganiday, ilgari bo‘lingan edik: he, xonliklar zamonida. Mana, hozir bittamiz. Men inqilobning mana shu tomonidan roziman ammo. O’zbek xalqining boshini biriktirdi. O’zaro janjallarga chek qo‘ydi. Hozir ham ba’zilar: «Biz bir millat bo‘lib shakllanmadik», deyishadi. Balki shu boismi, O’zbekistonning har bir go‘shasi ham — bizning vatan degan gapga biroz panja orasidan qaraydigan bo‘lganman.
Sababki, har birimizning ham tug‘ilgan makonimiz, kindik qoni tomgan tuprog‘imiz bor-da axir. Uni otga o‘xshab aylanib-aylanib topar ekan kishi. Ot aylanib, qozig‘ini topadi, deganlaridek.
Xo‘sh, bir boshdan aytaman.
Xorazmga tuz yog‘ila boshladi. Har kvadrat metriga falon kilo. Devorlar zax tepgandek shishib, uvalanib to‘kilishga boshladi. Madrasalar, qal’alar ham shu ahvolda. Havoning ham mazasi qochdi. Bularning bosh sababi, albatta, Orolda... Ha-ha, buni hamma biladi. Qoraqalpoqda ahvol biznikidan ham yomon. Turkmanistonning ko‘p joylaridayam. Buxoroda ham...
Paxtadan ham putur ketdi. Yer, ekiladigan yer kasal, dabdalasi chiqqan, bangi. Ximikatni shimiyverib, narkaman bo‘lib qolgan... Eng yomoni — Orolning halokati...
Bu to‘g‘rida mendan ham yaxshi bilsangiz kerak: gazetalar har kuni yozishadi.
Xullas, aka, Xorazmda yashash qiyin bo‘lib qoldi.
Men-ku onda-sonda boraman. Shunda ham mehmon bo‘lib... Lekin Xivaning o‘zida, Ichan qal’aning shunday yonida hovlimiz bor. Katta hovli. Otam turardi unda...
Otam eskitdan rubobsoz edi. Shunaqangi torlar ham yasardiki, san’atkorlar uyimizga kelib, zakaz berib ketishardi. Ustalar ham g‘alati bo‘lar ekan-da: otam ko‘ngliga yoqqan san’atkorga soz yasab berardi. Keyin: «Xorazm maqomlarini ko‘proq o‘rgan. O’lib ketmasin, qo‘shilib qorishib ketmasin», der edi... Xorazmni yaxshi ko‘radigan u kishidek odamni hali uchratmadim. Ammo mening fojiam shundaki, otamning tug‘ilgan yurtga bunchalik yopishib olishini «eskicha fikr, qarashlar oqibati», deb hisoblardim. U kishini «ko‘ngli tor»likda ayblardim, o‘zimcha...
Hozir ham ko‘z oldimda turibdi: men u kishini ko‘rgani borgan vaqtlarimda goho tong saharda uydan topolmay qolaman. Ko‘chaga chiqsam, po‘stin egnida, boshida cho‘girma, kimsasiz, baland koshonalar orasida gangib, bir kuyga quloq solgan kabi yurgan bo‘ladi. G’alati manzarada: hech kim yo‘q ko‘cha. Karvich devorlar baland. Ular osha qadim gumbazlar ko‘rinib turadi. O’tmish, o‘tmishning o‘zi... Shular orasida birov aylanib yursa! Tag‘in u odam gangib-garangsib yursa! Tomosha qilib emas, yo‘q. Nima desam ekan, otam bunday ko‘chalarda qandaydir... mana shu manzara bilan uyg‘unlashib ketardi: uning uzviy bir bo‘lagiga aylanardi.
Endi meni — soch qo‘ygan, galstuk taqqan, kostyum-shimdagi yigitni o‘sha ko‘chada tasavvur qiling: turistdan farqim yo‘q.
Shuning uchun goho menga shunday tuyulardiki, men va menga o‘xshashlar bu yerda muvaqqatmiz: sayyohlar kabi kelib, tezda g‘oyib bo‘lamiz. Bu — ming yillardan qolib kelayotgan koshonalar, devorlar, gumbazlar, tor ko‘chalar esa qolaveradi.
Ertaklardagidek, faqat shu ko‘rinishda qolaveradi va istiqbolda o‘ziga mos keladigan, o‘zi bilan uyg‘unlashib ketadigan, ya’ni, otamga o‘xshagan odamlarga to‘ladi: ular bir butun holda yashashni davom ettiradilar.
Ammo... bu xayolim ham ertakka o‘xshash narsa edi. Aslida esa...
Otamga o‘xshaganlar tobora kamayib, menga o‘xshaganlar tobora ko‘payib boradi.
Va bu qadim maskan — insoniyatning qadim madaniy beshiklaridan biri istiqbolga ekzotikaga o‘xshash narsa bo‘lib, to‘g‘rirog‘i, muzey kabi bo‘lib qololsayam xo‘b gap.
Men o‘z tuyg‘ularim haqida gapira ketdim... Bundan bir yil burun bu tuyg‘ular qayoqda edi!
Men qattiq tashvishda edim: «Hovlimiz nima bo‘ladi?» Ana shuning tashvishi tushgan edi menga: Axir, bu imoratning qurilganiga yuz yillardan oshgan. Unga bobom rahmatlikning ham qo‘llari tekkan. Bu imoratga ham Xivaning kichik bir nusxasi deb qarash mumkin edi: buzilgan, vayrona bo‘lgan eski qasrlarning tashlandiq g‘ishtlaridan tiklangan va...
Eski qasrning o‘rniga tushgan ekan.
Eshiklarimiz ham o‘ymakor, ikki qavat o‘ymali eshiklar edi: ular ham — o‘sha qasrning qoldiqlari hisoblanadi. Ayvonimiz ham dim xorazmcha edi: usti yopiq, qo‘shni hujralarga tor yo‘laklar ketgan. Yo‘lkalardan doimo yelvizak esib turardi, salqin bo‘lardi! Yozning jaziramasida ham!
Ana shuni pullash payiga tushgandim... Meni hozir ichingizda so‘kdingizmi-a?
Lekin men imoratning biqinlari uvalanib to‘kila boshlaganini ko‘rdim. Devorlarga musht ursang, po‘killardi. Yo‘laklarda izg‘igan yelvizak ham zaharli eka-niga shubham yo‘q edi: havoda tuz bor. Tuz esa, eng, eng qattiq po‘latlarni ham yemiradi. Odam deganimiz uning oldida nima!
Xullas, shuning taqdiri boshimga tushgan edi.
Ammo otamning bu joyga mehri qanchalik ekanini aytishim ortiqcha bo‘lsa kerak.
Shuning uchun ne-ne andishalar bilan bir kuni gap ochdim:
— Aka, men Toshkentdaman-u, ko‘nglim bu yerda bo‘lib qoldi, — dedim. Bizda «ota»ni «aka»yam deydi. — Shuning uchun yana keldim. Sizni, hovlini o‘ylayman...
— Nasini o‘ylisan? Qismat ekan, — dedi otam. Chol mening nima demoqchi bo‘lganimni o‘zicha tushungan edi.
— Qismat ekan deb o‘tiraversak, hovlidan ajralib qolamiz-ku, — dedim.
— Xo‘, ko‘pchilik na bulsa, biz ham shu, — dedi otam.
Men bu gapga hayron bo‘lmadim.
— Lekin ko‘plar ham... kunini ko‘ryapti, — dedim. — Misol uchun, hovlisini sotib ketishipti.
— Qayoqqa?
— Qayoqqa bo‘lardi! O’zbekiston keng! Katta mamlakat, ota! Buyog‘i Fargona, uyog‘i Surxondaryo! Buxoroning o‘zi bir mamlakatcha joy! Qaerga borsak ham joy topiladi...
Otam menga mung‘ayib qarab qoldi. Keyin... Men kutmagan gapni qildi:
— Sen buzilib bo‘libsan, o‘g‘lim.
— Yo‘q, ota, balki men... tuzalib, aqlim to‘lishib... qolgandirman. Men yurt degan narsaga kengroq qarayman... — Albatta, bu gaplarni xorazmcha qilib aytdim. Ammo mazmuni shu.
Otam miq etmay qoldi. Men: «Hozir uradi!» deb o‘yladim, hech qachon urmagan bo‘lsayam. Lekin gapdan qayta olmas edim.
— Mana, Toshkent — poytaxtimiz! — dedim. — U yerda yuz xil millat yashaydi. Biz — o‘zbek-ku?!
— Xo‘sh? — dedi chol bosh ko‘tarmay.
— A, bizni quchoq ochib kutib oladi! — deb xitob qildim. Shunday deyishim kerak-da: bo‘lmasam Toshkentdan joy olish osonmi? — Men hatto bittasi bilan gaplapshb keldim, — dedim. — Qrim-tatarlarning yurtiga qaytishga ruxsat berilgan. Ushalar hovli-joylarini arzonga sotib ketishyapti. Juda chiroyli hovlilar! Biz bu hovlini sotsak... Otam menga qaradi.
— Ha, sotsak... hozir sotsak, — dedim. — Puliga uchta hovli olish mumkin!
Otam yana indamay qoldi-da, piyolani choynakka urdi, choynakni piyolaga. Eshikniyam sharakdatib ochib, chiqib ketdi. Hay-haylab ergashdim, qaramadi.
Juda ta’bim xira bo‘ldi. Men ham ko‘chaga chiqib ketdim... Kim ko‘p, jo‘ralar ko‘p...
Ularni topdim. Amuga jo‘nadik. Qayiq bor. Tushib, kechgacha aylandik. Amuniyam suvi kamayib qolgan, uniyam kelajagi... Oqshom Odamboy degan bir doktor jo‘ramning uyiga bordim. Sud-ekspertizada bosh vrach bo‘lib ishlaydi. Juda beli baquvvat yigit. O’ziyam odamijon! Kitobning ishqivozi...
Qo‘shiq aytishib, she’r o‘qishib, ichishib, qolib ketibman uyida. Shu oqshom ikkovimiz yig‘ladik ham. Endi, Xorazmning taqdiri kimni yig‘latmaydi: shunday qadimiy, ulug‘ o‘lkaning boshida ajal sharpasi aylanib turgan bo‘lsa! Baribir farzandlari kuyar ekan-da...
To‘g‘ri aytasiz, men o‘shanda unchalik kuymagan bo‘lishim mumkin. Ichkilikning ta’siridanmi, Odamboyning gaplari ta’sir qildimi, otamning ahvolimi...
Sahar turib kelsam, otam uyda yo‘q.
Ko‘chadan topdim.
Menga qaramadi.
Uyga kelgandan keyin:
— Ketaver, — dedi. — Onang o‘lgandan beri yolg‘iz edim. Ko‘nikkanman...
Cholga biroz rahmim keldi. Keyin: «Bari bir aytar gapimni aytdim», deb... Toshkentga jo‘navordim.
Yana to‘yma-to‘y yurish, maishat... Pulim bor edi: sakkiz mingcha bor edi. O’zi, aka, menda pul turmaydi. Tushdimi — ketadi. Kim biladi, yengil yo‘l bilan topilgani uchunmi... O’zim ham ayamayman. Shuning uchun pulga ruju qo‘ygan otarchilarni yomon ko‘raman... Xullas, bor aqcham — o‘sha ekan. Toshkentda esa bir hovli... falon yuz ming so‘m! Bu pulimga kooperativ kvartirayam ololmayman... Qisqasi, yana to‘yma-to‘y yura boshladim.
Hademay ancha-muncha yig‘ilib qoldi. Men... shu gal ham biron eski joy olib, keyin yangilashim mumkin edi. Lekin Xivadagi uy-joyga achinardim: kun sayin narxi tushyapti-da.
He, Lunacharskiyda besh-o‘nta xorazmlik tanishlar-ning zo‘r-zo‘r hovlilari bor. Ilgari ko‘chib kelishgan. O’zlari — usta odamlar. O’sha yerdan...
Umuman, masalaga real qaragandayam shu-da: uying ko‘z oldingda to‘kila boshlasa, narxi tushaversa — nima qilish kerak? Uning bir so‘mga qimmat bo‘lishini kutib, demak, boshpanasiz qolishni kutib o‘tirish kerakmi?
Tag‘in Xivaga bordim. Otamning ahvoli ancha chatoq edi: shishganmi-e, sarg‘aygandek ham edi. Ko‘chaga kam chiqqanmi... Barmoqlarida qandaydir oq dog‘lar paydo bo‘lgan, ko‘zlari o‘qraygan...
— Keldingmi yana? — dedi.
— E, shu hovlyushng tagiga o‘t qo‘yib yuboraman! — dedim. — Shusiz kunim o‘tmaydimi? Sizga... sizgayam achinaman-da, ota! Afti-angoringizga qarang! Oynaga qarang bir! Shuyam tuzdan deyman... Tavba! Dolonning havosiyam buzilib ketipti! — Keyin birdan yalindim: — Jon ota, ketaylik! Men shu bugun Toshkentga qaytib, zo‘r bir uchastka topaman! Uni topdik deb hisoblayvering... Shu oqshom, xoxdasangiz, hovliga xaridorniyam topib kelaman!
Hovliga xaridor topilardi, albatta! He, Xorazmdayam bir savdogarlar bor, bir afiristlar bor! Qo‘qonlik afirist uning oldida ip esholmaydi. Denovlik afiristlar ham uning oldida bir pul.
Bugun shu hovlini, masalan, yigirma mingga olib, ertaga o‘ttiz mingga pullaydiganlar bor!
Otam yana miq etmasdan o‘tirdi-da, keyin eshiklarni ochib qo‘yib, uylarni supura boshladi. Qarab turibman... Shu-shu, yomon ish bu...
— Chiq, men uyni supuraman, — dedi.
Bu — meni haydagani edi.
«E, kizzingni...» deb chiqib ketdim. Yana o‘sha jo‘ralarni topdim. O’zim bir restoranning zalini oldim. Juda maza qildik. Keyin haligiday qizlar ham topila qoldi. Yana ketdik Amuga. Qayiqqa tushib suzdik. Yana ashula, o‘yin...
Rosa aytdim o‘zim ham. Juda to‘lib-to‘liqib aytgan ekanman, shekilli, jo‘ralar meni Komiljon akaga yetkazib qo‘yishdi. Bizda endi, ashulachilarning etaloni— Komiljon Otaniyozov-da! Xudoyshukurov bilan Ortiqlar keyin yuradi...
Daryo miltillaydi deng. Oqqani bilinmaydi-da. Biz ketyapmiz. Xudai bir yoqqa bosh olib ketayotgandek! Aka, mening jo‘ralarimni o‘ziga o‘xshagan otarchi, sayoq deb o‘ylamang, zo‘r-zo‘r yigitlar ular! Ha, endi bitta-yarimta afiristiyam bor... Lekin Xorazmning chin farzandlari ular!
Bir aqlli yigitlar borki!.. E, ularning gaplarini eshitib tursangiz, bu dunyoning boshidan kirib, adog‘idan chiqasiz. Adog‘idan kirib, bugungi kunidan chiqasiz!
Shohlar, urush-janjallar... Jaloliddin Manguberdi! Shu haqdagi piesani chiqarib yaxshi ish qilishdi-ya? Lekin unchalik zo‘r emas ekan. Atay o‘qidim.
Jaloliddin haqida bitta hikoyami, qissami yozilgan ekan. Uniyam o‘qidim, qiziq... Uning o‘limi oldidagi hayoti tasvirlangan. Gangib qolgan odam. Mayli, endi, shohlar ham oxir-oqibat shunday g‘arib holga tushar...
Lekin bu fikrni bayon qilish uchun Vatan ozodligi uchun kurashgan insonning... shohning so‘nggi soatlarini shu tarzda tasvirlash shartmi? Qaytamga bir qonxo‘r iblis shohning shunday damlari tasvirlansa, yaxshi chiqardi, menimcha...
Jaloliddin. U — ertak! U — bizning ka’bamiz, jonimiz! Biz unga, uning ruhiga hamma vaqt hurmat bilan boqishimiz kerak. To‘g‘rimi? Axir, biz ham xalqmiz-ku!
Har bir odamning tarixda tutgan o‘rni bo‘lar ekan: uning o‘rni boshqacha!..
E-e, o‘sha kecha Amuda ko‘p gurung bo‘ldi! Biz xuddi oqib, bir tomonlarga ketayotgandek edik!
Ikki kundan keyin charchab-horib uyga qaytib kelsam, otam olamdan o‘tgan... ishonasizmi, endi bedapoyada janoza o‘qishayotgan ekan. Uyimizning shunday orqasida...
O! Bo‘zlab kirdim. Domlaning oldiga bordim.
— Qayta o‘qing, qayta o‘qing, yoshulli! — dedim.
Domla udumga ko‘ra menga bir-ikki savol berdi:
otangni ma’rakalarini o‘tkazasanmi? U-bu...
— E, ming karra qilib o‘tkazaman! — dedim.
Shu bilan tobutni ko‘tar-ko‘tar qilib jo‘nadik. O, juda dahshatli bo‘ladi bu payt: tobutni (sizlardayam shundaymi?) shiddat bilan olib ketishadiki, chopib zo‘rg‘a yetib olasan: bu olamdan tezroq chiqarishga shoshilishayotgandek tuyuladi!
Ko‘mdik! Sizlardaqa qilib emas. Shundoq yerga qo‘yib, ustiga sag‘ana ko‘tardik. Yerga ko‘mish, haligiday lahm qazishning iloji yo‘q-da, suv chiqib ketadi. Shuning uchun Xorazmda zindonlar ham yer ostida bo‘lmagan.
Mozordan qaytdik. Uch-to‘rt kun qanday o‘tdi — bilmayman. Soqollarim o‘sib ketgan. Ozib qolibman. Cholning yettisidan keyin yigirmasiga taraddud qilib qo‘ydim-da, yana jo‘ralarni topdim... yana ichipti, maishat qilipti, deb meni so‘karsiz? Mayli... Otam aytganidek, balki buzilib ketganim rostdir.
Lekin odamning dardini do‘stlari ko‘tarar ekan. Yuragingni bo‘shatasan... Keyin bilasanki, sen ham shu olamda omonatsan: boradigan joying — o‘sha joy.
Ana shu xayollar boshingni qamraganda, olamning barcha tashvish-tahlikalari bir pul bo‘lib qolarkan. E’tiqodlar ham... Xudo haqqi, hech narsaning qimmati qolmaganday bo‘larkan. Biroq meni tag‘in otam... uning ruhi qandaydir tutib qoldi: u nimaga sadoqat bilan o‘tdi olamdan?
Xorazmga. Ha. O’sha yurtga... Bir parchagina bo‘lib qolgan, buyog‘iyam noma’lum yurtga...
Bu narsani men ko‘proq bilardim, albatta. Boshqalar uchun otam — oddiy usta, qariya edi.
Men boshqa narsaniyam bilardim: chol tushmagur gapimga ko‘nganda, Toshkentga kelsak, men ishonaman, hali ancha yashardi. Ammo shuni istamadi u!
Balki mening o‘sha taklifimoq cholning umrini qisqartirdi, jon aka!
Tag‘in bu falokat: tuz yomg‘iri, Orol fojiasi... Chol ularni bilmasmidi?!
Vo, hamma narsaga aqli yetardi. Lekin ular — boshqacha odamlar ekan. Ichidagi ichida, hadeb sirtiga chiqaravermasdi... E, bechora otam!
Cholning yigirmasini bergach, Toshkentga qarab uchdim. Xorazmda yasholmadim.
Biron oylar o‘tgach, kechikib bo‘lsayam, qirqini bergani bordim-da, bir yo‘la hovli-joyni yigirma uch mingta sotdim.
«Bor-e!» dedim.
Shu joy uchun shuncha gap-so‘z bo‘ldi!
Keyin yana Toshkentga qarab uchdim... Lekin endi ko‘nglim g‘alati edi: bir narsa nuqul Xorazmga tortar, xuddi oyoqlarimga tushov solinganu arqonning bir uchi u yoqda qolganday edi. Men esa... qaysar o‘lgur, u ishsh rezinkaday cho‘zib qochardim.
Yurdim: yana sang‘ib ketdim.
Ammo endi to‘ylar ham menga tatimay qo‘ydi: oxirida yig‘lashni odat qilibman ekan.
Keyin madaniyat institutidagi hujjatlarni to‘g‘rilashga kirishdim. Uchinchi kursda bir domla bilan urishib, o‘qishni tashlab ketgan edim-da...
Lekin endi yosh bolalar bilan bir auditoriyada ham o‘tirolmadim: nima qilish kerak?
Pul bo‘lsa, ko‘p. Juda ko‘p!
«E, nima bo‘lsa bo‘lar!» deb, bir kuni Qoraqamishga chiqdim. Bozorga. Eskiroq bir «Volga»ni yigirma uchga oldim. Xuddi hovlining puliga...
Nima? Yo‘q, hovli-joy olishni negadir o‘ylamasdim: bilmayman, nimaga shunday bo‘ldi?
Hovli-joyning bebaholigidanmi?
Harholda, aka, men, mana, yana Xorazmga ketib borayotirman. Ha, to‘g‘ri o‘sha yoqqa!
Uyoqda nima qilaman? Bilmayman.
Sig‘madim-da! Yo‘q, tushunmayapsiz: shunday katta O’zbekistonga sig‘madim!
Xiva, o‘sha minorlar, eski karvich devorlar, torko‘chalar, sag‘anazor mozorlar meni tortdi.
Mayli, bari to‘kilib, chirib ketmaydimi!..
Men o‘sha yerga boraman.
Balki... balki bu bir holatdir?
Lekin men tug‘ilgan yurtimni qaytadan kashf etdim: u tap-taqir cho‘l, sahro bo‘lib qolgandayam — mening tuprog‘im ekan. O’liblar ketmaymanmi o‘sha yerda!
Xorazm, jonginam.
Bu manglayi qora o‘g‘ling tag‘in bag‘ringta borayotir... Bu sayoq farzanding dunyoning ko‘p o‘yinlarini tushunmaydi: o‘yladi, o‘yladi. Kuchi shunga yetdi, xolos.
1988
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 83304496

Yandex