Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Shukur Xolmirzayev. Qadimda bolgan ekan... (hikoya)

19.11.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Intellektuallar xalq hisobiga yashovchi betayin bir toifa bo‘ladi. Ular kitobga qarab o‘ylaydi, kitobga qarab fikrlaydi. Og‘zini to‘ldirib tsitatalar keltiradi, tarixdan saboqlar o‘qiydi. Ammo ko‘chat ekib, daraxt o‘tqazolmaydi. Kitob boshqa hayot boshqa ekanligini tasavvur ham eta olmaydilar. Oqibat, hayot haqida qog‘ozday quruq o‘ylaydi, qog‘ozday jonsiz o‘ylaydi. Biroq ular o‘zlarini nihoyatda aqlli hisoblaydilar.
Tog‘ay Murod
 
 

Shukur Xolmirzayev. Qadimda bolgan ekan... (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
QADIMDA BO’LGAN EKAN...

O’sar ko‘prikchadan shipillab o‘tib ayvon chetidan choydishni oldi, ariq labiga cho‘nqayib, qop-qora charmdek bo‘lib ketgan kaftiga — hovuchiga suv quyayotgandi, ariqning u tomonida — supada urchuq yigirib o‘tirgan rangpar xotini:
— Momongizga salom bermadingiz-a? — dedi.
O’sar yalt etib unga qaradi.
— Momom enangdi... — deb so‘kib yubordi. Va shosha-pisha qo‘lini yuva boshladi — Iloyi, shu kampirning yoshiga yetma... O’zing ham-ku bo‘lganingcha bo‘lgansan... — Keyin ulfati Nurqul nashavandan eshitgan gapini unga uqtirdi: — Hoy, birovga o‘lim tilagandan ko‘ra, o‘ziga umr tilashi kerak kishi!
Hojar urchuqniyam, kalavaniyam ko‘rpachaga tashlab, mushtlarini tizzalariga tiradi; eriga o‘xshatib bir nimalar deyishga shaylandi-yu, behol tortib teskari qaradi.
— E, xudo, nima gunoyim bor edi? Muncha meni ezadi bu erkak... Tentak! Suyulib ketgan miyasi... Huvv, sho‘rim qursin. Terakka chiqib imlaganlariga uchippan... Sevadi, suyadi deb o‘ylappan. Bu jallod ekan!
— He, enag‘ar, — deb iljayib turdi O’sar. — Jallod ekan... Kim shu gapga ishonadi? Jallod amir zamonida bo‘lgan, savodsiz!
— Siz savodli bo‘ldingizmi? — xotin unga o‘nglandi. — Siz-a? Alifni kaltak deysiz-u! Qizingiz xatongizni topib o‘tiradi-yu! Gazeta o‘qiyolmaysiz-u!
— Bo‘ldi. Gazetangni osib qo‘ydim! — O’sar ayvon oldini to‘sib turgan sholcha tomonga jilarkan, Hojarga yana uqtirdi: — Gazetang bir pul hozir! Hech kim o‘qimaydi... Faqat Nurqul bobo nay qilib, nasha chekadi! — U kulib, allanechuk quvonib, ustunga yetdi. Sholchaning chetini qaytarib, ichkariga qaradi.
Momosi Maqsad beva deraza tagida, shishib ketgan o‘ng oyog‘ini uqalab o‘tirar, oppoq sochlari qo‘qib ketgan — ajinadan farqi yo‘q edi.
— Momojon, — dedi O’sar ayvon labiga asta o‘tirib. — Salomalaykum... Azonda chiqib ketib edim. Uxlayotgan ekansiz. Hozir keldim. Moshina oldim, momo. Eski-yu, eplasa bo‘ladi. Zavgar uch yuz so‘mimni shilib qoldi, enasini...
Kampir nursiz ko‘zlarini g‘iltillatib va xiyol iljayib, qiziq bir narsani tomosha qilayotgandek qarab turardi.
— E, Asaljon? — dedi birdan. Va birdan yuzi tirishib, ko‘ziga yosh keldi. — Tanimappan... Xayolim joyida emas. Anovu yerda bir xotin ming‘irlagani ming‘irlagan. Kim u o‘zi?
O’sarning ham ko‘ziga yosh keldi.
— Momojon, axir u — keliningiz-ku! — dedi. — Sizdi onasiday ko‘radi...
— Uvv, men o‘lay, — dedi kampir va qiqirlab kula boshladi. Ko‘rpacha chetida yotgan kir qiyiqni olib boshiga yopdi, sochlarini bostirgan bo‘ldi. Oyog‘iga ko‘zi tushib: — Bod, — deb shivirladi. — Bod bu... Meni opketadi...
«Opketsa, tezroq opketsin-e!» degan o‘y kechdi O’sarning ko‘nglidan. Ammo tag‘in shu o‘y dilidan o‘tgani uchun o‘z-o‘zidan azoblanib ketdi.
— Yo‘q, momojon, — dedi. — O’limni o‘ylamaslik kerak. Kishi o‘ziga umr tilashi kerak.
— Ho‘, umrdi sizlarga bersin, — dedi momo. — Bizdi ishimiz pishgan... Tushimga bobong kiradi. «Haliyam juribsanmi?» deydi. — Momo kulibgina qo‘ydi. — «Ha, jurippan, deyman. Omonatini olmasa, nima qilay?» — So‘ngra u O’sarga o‘ychan tikilib qoldi. — Kenjaboy qaerda?
Nos otib olgan O’sar:
— Shahayda, — dedi. Va bir zum boshini burib, ho‘mrayib qoldi. Keyin xo‘rsinib yubordi. — Uniyam isi ko‘p-da, momo. Jo‘jalayi boy. Etajda tuyadi...
Kampir gap ma’nosini yaxshi uqmagan bo‘lsa-da, bosh irg‘adi.
— Omon bo‘lsin, qaerda bo‘lsayam... Meniki emas, davlattiki. Ha, o‘zginang yaxshi juribsammi? Bolalaring... — Kampir yana o‘ylanib qoldi. — Bolam, men xayolati bo‘p qoldim... Kelinimgayam ko‘p azob beraman. Kecha kechasi darvozadan chiqib ketippan. Bechora ko‘tarib olib keldi. «Uyga qama meni! Men o‘lay!» dedim. Keyin u yig‘ladi, men yig‘ladim. Qarilik shu ekan... — Shunda birdan iliqqina jilmayib, nevarasiga boqdi.— Biron-biron joyga oborib adashtirib kelmaysanmi?
— Nima-a? — dedi O’sar va nosini yo‘lkaga tuflab tashladi. — Esingiz joyidami?
— Endi, — kampir iljaygancha davom etdi: — bo‘lgan ekan-da qadimda...
— Qadimni qo‘ying! Bir narsa yedingizmi?
— Jedim. Ekki bo‘lak qand bilan non berdi kelinim. Iloyi, baraka topsin... Hoy, — dedi so‘ngra mo‘ltirab. — Urush-purush bo‘ladimi yana, bolam?
— Nimaga? Urush yo‘q endi, — dedi O’sar o‘rnidan turmoqchi bo‘lib. — Davlatlar yarashganiga ming yil bo‘ldi.
— A, nimaga qimmatchilik bo‘larmish?
— Kim aytdi? — O’sar sholcha chetini tutgancha ko‘zg‘aldi. — Tavba... Hojar aytdimi, enasini...
Kampir kuldi.
— Hazil... So‘k, so‘k. Tus bobongga o‘xshaysan... Umring o‘xshamasin, iloyi. Voy, men sonimdi ochib o‘tirippan-ku, o‘lay men... Bod bu... Bobong o‘lgandan keyin qor kechib, cho‘pchak yig‘ib, tandir qizitaman deb... Huvv...
O’sar sholcha chetini tashlavorib, kerishdi.
— Hojar, nimang bor? — deya ko‘prikchadan o‘tib, yarim gaz baland supaga sakrab chikdi.
Hojar urchug‘i bilan eshilmagan kalavasini chetga qo‘yib, ihrab o‘rnidan turdi.
— Nima dedi momongiz? Yana kim yomon — men yomon... Kechasi uyqu yo‘q, kunduzi — tinim. Uf, shu qizingiz ham odam bo‘lsin, joyini topib ketsin, men ham ketaman...
— Ha, ketasan... O’liging chiqadi bu vatandan, — dedi O’sar. U ko‘rpachaga chordona qurib o‘tirdi. Keyin, bugun bir necha marta tomiri tortgan oyoqlarini yoniga uzatib yuborib, lo‘la bolishni qo‘ltig‘iga oldi. — Xudoga shukur, o‘ziga shukur, — dedi mamnun tortib. — Kampir! Buyog‘iga yaxshi bo‘p ketadi!..
Maqsad momo eridan qolgan uychada yashar, uycha peshayvoni haligi sholcha bilan to‘silgan edi: kampir hadeganda chiqib ketavermasin hamda... birov-yarim kelganda unga ko‘zi tushmasin uchun. Momo shishgan, yuzida okish dog‘lar paydo bo‘lgan, buning ustiga, chindan ham xayoli kirdi-chiqdi ediki, uni birovlarga ko‘rsatishdan or qilardi kelin, zero kelinning bu tadbiri O’sarboygayam oxiri ma’qul tushgandi. Biroq kampir baribir kechasi bir necha marta pastga tushadi...
Kunduzi uxlaydi-da, kechasi uyg‘oq: goho o‘zidan-o‘zi (balki qo‘rqqanidan) xassasi bilan eshik-derazani urib, kimlarnidir so‘kadi va go‘yo allakimlar bilan gaplashadi...
O’sar Hojarga uylangach (uylanganigayam yigirma yildan oshdi), ana shu eski uychaga taqab bir dahliz va bir mehmonxona-yotoqdan iborat boshpani qurib olgan edi: hamon shu boshpana — bularning qo‘rg‘oni.
Hojar ana shu «qo‘rg‘on» ayvonchasiga chiqarkan:
— Yaxshi bo‘p ketadi? Nima yaxshi bo‘p ketadi? — deb burildi. — Yana nashani urib avariya qilasiz...
— Bo‘ldi-i! — bo‘kirib yubordi O’sar. — He, enangdi... Men nima g‘amda-yu, bu nima deydi! Og‘zingdan chiqib yoqangga yopishsin, silkasal! Ha?
— Siz meni sil qildingiz.
— Vey, enang nima kasal bilan o‘lib ketdi?.. Bo‘l, bo‘l! Qorin och...
Hojar uh tortib, chayqalib daxdizga kirib ketdi. O’sar yana kerishib: «Ah, qo‘l chiqib ketgan ekan-da, — deb o‘yladi: u moshina pedallarini bosishdan «oyog‘i chiqib ketgani»ni ko‘zda tutardi. — Mayli. Ana endi bir moshina tosh — o‘n so‘m... Yo‘q, hademay yigirma-o‘ttiz so‘m bo‘ladi, — deya o‘yini davom zttirdi. — Xo‘sh, kechasi tashiyman... Zavgarga yana berish kerak. Io‘g‘asam, moshinani chiqartirmaydi garajdan. He, enag‘ar...»
Uning baribir kayfi joyida edi.
Hojar inqillab-sinqillab bir kosa dimlama olib keldi. Chetda chetlari qatlab qo‘yilgan dasturxonga ishora qilib, yana iziga qaytdi. O’sar dasturxonni uzalib tortib, ochdi. Qora-qora go‘shtlaridan sarg‘ish-sarg‘ish kartoshka va bo‘kkan non burdalari ko‘p dimlamani qo‘li bilan olib tushirarkan, chodir-sholcha qimirlayotganiga e’tibor qildi-yu: «Momomgayam ovqat berdingmi? — deya so‘ramoqchi bo‘ldi. Xotini yana ayvonga yetgan edi, tilini tiydi: kampir eshitadi. — Lekin baribir hidini sezdi», dedi ichida va ta’bi xira bo‘lib, battar jaxdi chiqa boshladi.
— Hoy!
— Choy qo‘ydim, — dedi xotini.
— Choying... — «Bo‘lmaydi. Bu ishni biryoqli qilmasam bo‘lmaydi! — deb o‘yladi-da, qo‘lidagi kartoshkani kosaga tashlab, bunga sari fig‘oni chiqib (egisi kelyapti!), irg‘ib turdi. Shunda charchoq ham o‘zini bildirib va bir alami o‘n bo‘lib, supadan sakrab tushdi.
Yalangoyoq yugurib borib dahlizga kirgandi, ikki otashxonali gaz-plita yonida turgan Hojar tappa o‘tirib oldi.
— Urmang-urmang, otasi.
Bu gapni eshitib, O’sarning urgisi kelib ketdi. Hatto qo‘liniyam ko‘tardi-yu, so‘ngra o‘ziyam shilq etib, kigizga o‘tira qoldi.
— Hoy, menga qara, — dedi xirillab. — urmayman. Ursam, qo‘lim sinsin.
— Nima?
— Kampir, menga ayt, — dedi O’sar boshini egib. — Shu momom ortiqchalik qilyaptimi, a? — Bu gapni ilk bor tilidan chiqargani va, demak, qulog‘iyam eshitgani uchunmi butun vujudi titrab ketdi. — Ayt, xotin, — dedi yig‘lamsirab. — Ayt... Enasini uray bu dunyoni, birim ikki bo‘lmadi. Ertadan kechgacha ishlaysan, qizingga bir tupli oberolmaysan. Bu nima... — Keyin o‘ng qo‘lini choynakday musht qilib, o‘zining chakkasiga bir tushirdi. — Bu kallayam vaqtida ishlamagan. Kenja o‘qisin, shu odam bo‘lsin deb rabochilik qilib ketdim. Mana, uyam o‘z kunini ko‘rib ketdi...
— Bachadan nolimang, — dedi shunda Hojar. — Chorbog‘di tashlab ketdi-ku?
— Gapti bo‘lma! — O’sar endi kigizni mushtladi. Kigizdan ko‘tarilgan chang dimog‘iga urib, negadir nasha chekkisi keldi. Biroq bir tutun olsayam to‘pig‘iga suv chiqmay qolishini yaxshi bilgani uchun, yo‘q, momosi yo‘rig‘idagi «ish»ni, nihoyat, «bir yoqli» qilish ahdida turishni va «bir yoqli qilish»ni shart deb bilib: — Ayt! — deya yana xirilladi. — Aytmasang, yo seni, yo o‘zimni bir balo qilaman.
Xotin devorga tiqildi.
— Mening u kishiga yomonligim bormi?
— Yomonliging yo‘q... Bilaman. Kampir ham sendan rozi... Lekin seni o‘ylaganing bor... — Usar xotiniga ko‘zlari qonsirab tikildi. — Men sezib yurippan... Ha, meni ahmoq dema! He, sen ushlagan tovuqning dumpatini uzib qo‘yganman!
— Axir...
— Gapir. Ichimdi yeb ketyapti... Ochman. Seniyam yeb qo‘yaman, enag‘ar.
— Enamdi so‘kmang.
— Bo‘pti, so‘kmayman.
— U rahmatli men baxtsizni tuqqanki, sizdi uyingizda cho‘rilik qip jurippan...
— Uh! — O’sarning yuragi ezilib ketdi: Hojarni yaxshi ko‘radi, Hojarni yaxshi ko‘rib olgan... — Meni kechir, — deb yubordi birdan. — Seni chertishga qo‘lim bormaydi, shunday yaxshi ko‘raman! Lekin... tiling yomon...
— Men ham sizga... azob beray deb gapiramanmi... — Hojar piq-piq yig‘lab yubordi.
Uni ko‘rib O’sarning ham ko‘ngli buzildi.
— Gapir, — dedi hiqillab. — Muddaoni ayt... Bo‘ldi, yig‘lama. Yig‘lama deyappan! — deya baqirib yubordi. — Yana piq etsang, aylantirib solaman, enang... Astag‘furillo! Odamni kopir qilib yuborasan-a!
— Men, men sizga... — Chaynalib gapira boshladi Hojar. — Sizga momongizni u qiling-bu qiling deganim yo‘q. U kishi — meniyam momom... — Uning ko‘zidan yana yosh quyila boshladi. — Qizingiz texnikumiga ketadi. O’zim kasal...
— Endi seni do‘xtirga ko‘rsataman. Boshingni ko‘rsataman! Toshkentga oboraman! — deb yubordi O’sar va ayolining siniq jilmayganini ko‘rib, endi chap mushti bilan o‘zining bu chakkasiga soldi. — O’lay agar, qasam ichaman!
— Mayli, rahmat. O’zingizni urmang, — dedi Hojar. — O’zi siz kallaga urishni odat qipsiz.
— Bas! Xumori tutayotgan bo‘lsa...
— Voy, xudo.
— Ayt!
— Uf, endi bir marta og‘zimdan chiqib ketib edi-da.
— Ha, balli!
— Axir, tuzuk-tuzuk kishilar ham...
— Ha-ha.
— Anavi... — Ayol tag‘in ingrab yig‘lashga tushdi. — O’lay agar, men o‘ylab topgan bo‘lsam...
— O’ylagansan. O’ylamagan bo‘lsang, o‘sha gapti aytmas eding! Xo‘sh, nima edi u?
— Axir, bilasiz-ku? — Battar ho‘ngrab yubordi ayol. — Boshda... o‘zingiz topib kelgan edingiz o‘sha gapti!
— A-aa, o‘zimmi?
— Ha!
— Malades. Keyin siz nima deb edingiz? A? — Tag‘in hayqirib qoldi O’sar.
— Astaroq gapiring, e, — yolvordi kelin. — Kulog‘im ochiq axir. Menga qarang, choljon... Ovqatingizni jeng. Qorningiz och, jahlingiz chiqyapti.
— Yo‘q, Hojar, — dedi O’sar. — Pichoq borib suyakka qadalgan. Endi bu ishni orqaga surib bo‘lmaydi... Bugun hal qilamiz, bugun! Eshityapsanmi? Hozir...
— A yana nima deyin?
— Hali aytdingmi gapingni?
— Uh... — Ayol birdan eriga baqrayib qoldi-da: — Ha, — dedi so‘ngra ovoziyam o‘zgarib. — Shu momongizdi... shu qariyalar detdomiga oborsangiz... nima bo‘ladi deb edim. Siz nashani urib olgan edingiz, xo‘p kuldingiz. Ertasi urho-ur... Mana, chakkamdi yordingiz.
— Ha-a, xo‘b ish qilgan ekanman-da. Qani, qaysi chakkangdi yoribman ekan? Endi sog‘ini ko‘rsat... — Shunday dedi-da, ikki qo‘llab kigizni mushtladi. Yana gup etib ko‘tarilgan chang aftiga urildi. — He, enasini... bu hayotti...
U sapchib turib eshikdan tashqariga qaradi, beixtiyor ko‘zi katta yong‘oqning bargi to‘kilib so‘ppayib qolgan shoxlariga tushdi. Bir shoxga qo‘nib turgan chug‘urchuqlar duv ko‘tarildi. O’sar mahzun tortib: «He-e ketdi... Momoyam ketadi. Shu, shu yong‘oqniyam ekib o‘stirgan-a! — dedi. — Ha-ha, anavi o‘riklarniyam, behi, qizil olma, loyxonadagi olchalar... Bu daraxtlar ham kampirning bolalari. O’zi shunday der edi... Ajab, daraxtlar odamzotdan erta qarir ekan-a? Yo‘q, bular teng qartayibdi, chamamda. Biroq baribir momom o‘lgandan keyin ham bu daraxtlar hosil beraveradi: bizga...»
— Chol, — dedi Hojar.
— Nima? Ko‘r bo‘lgir! — dedi O’sar. — Qara, biz uchun o‘stirgan bu bog‘ni! Se-ening bolalaring uchun, g‘alcha! Mevasiga nevaralarimning og‘zi tegadi deb... E-e, falak! — O’sar titrab-qaqshab, bir nimalarni ostin-ustin qilib yuboradigandek shishinib ketdi. So‘ngra ming‘irlayotgan xotiniga qarab: — Hoy, nokas, oborib... oborib tashlab kelolmaymanmi? — deb yubordi birdan. Bu gapidan o‘zi hayron qolib hamda nihoyat, topolmayotgan nimarsasini topgandek bo‘lib avj qildi: — Yo‘q, men hazillashayotganim yo‘q.
— Voy, bas, — dedi kelin. — Yaxshisi, meni oborib tashlang o‘sha g‘aribxonaga.
— Seni? Seni bo‘kirtirib ishlatadi-ku u yerda! — Hayqirib kuldi yigit. — Nodon! Buning topgan gapini qarang!
— Bo‘-o‘ldi, boshqa gapirsam, o‘lay.
— Sen o‘lmaysan, ming gapirsang ham o‘lmaysan. — G’udirlagan ko‘yi boz otashin bo‘la boshladi O’sar. — Shu kecha... Yo‘q, ertagayoq ming‘ir-ming‘irni boshlaysan yana.
Shunda Hojar yana eriga boqib qoldi-da, sekin turib eshikka yo‘l oldi.
— Ha? — dedi O’sar uzalib.
— Torting qo‘lingizni...
— Yana nima bo‘ldi? — Shunda yigitning yuragi qattiq siqilib ketdi: nimaga buncha gapiryapti? Mayda-chuyda gaplar... Axir, muddao aniq-ku.
«Shoshma, biron haptaga oborib qo‘ysam-chi, o‘sha yetimxonaga?» — degan o‘y keldi xayoliga. Va bu «reja» unga shunchalik ma’qul tushib ketdiki, bu o‘yning ilgariroq kelmaganidan hatto hayron qoldi: axir, bir haftada kampirning qadri o‘tadi, pushaymon yeydi bu... Buning ustiga, qo‘ni-qo‘shnilarning ta’nasiga chidolmaydi... Yoki, ularga bildirmaydimi? «Ukalari Kenjanikiga oborib qo‘ydilar. Sog‘ingan ekanlar», deydi. Lekin Kenja bu «ish»ni bilsa, rosa yig‘laydi... Balki kampirni o‘z uyiga olib ketadi...»
Bu orada xotini Hojarning g‘oyat iztirobga tushishi — o‘zini ming bor la’natlashi va, demak, O’sar «tantana» qilishi — xotini ustidan mardona kulishini o‘ylab:
— Bo‘ldi! — dedi. — Momomning uyiga kir. Ul-bulini yig‘ishtir... — Xotini unga baqrayib qoldi. — Senga aytyapman, ko‘zing o‘yilgir! — o‘dag‘ayladi O’sar. — Bo‘ldi, muddaongga yetding... Ennasini... bu dunyoni! —
Keyin o‘zining gaplari o‘ziga kor qilib, ko‘zlariga yosh to‘ldi. — Bu hukumat nomard ekan, enag‘ar... Kampirni ishlatib-ishlatib, oxiri pensiya ham bermadi... Xayriyat, otam urushda o‘lgani uchun o‘ttiz so‘m beradi...
— Bo‘ldi qiling, shahdingizdan tushing, — erining yelkasigami-yoqasigami qo‘l uzatgan edi, O’sar tislanib ketdi.
— Yo‘qol! Bor, aytganimni qil!
Hojar iziga qaytdi-da, gazni shartta o‘chirib, boyagi joyiga o‘tirib oldi.
O’sar uni tepadigandek xezlandi.
— Turmaysanmi?
— Yo‘q,
O’sar bir zumda uni sulaytirib tashlashni o‘yladi, ammo o‘zi kasalvand, o‘lib qolsa...
«Yo‘q» deyapti-ku? Pushaymon yeya boshladi hozirdan. To‘xta, bir ish qilamanki, o‘zi yugurib qoladi»...
Ana shunda O’sar shodon qahqaha otadi.
U ildam yurib ayvonga chikdi-da, ayvonchani bu yokdan ham to‘sib turgan sholchani shart tortib yuborgandi, sholchaning supaga qaragan tomoniyam shalop etib yerga tushdi. Ayvonga quyosh nuri yopirildi.
Maqsad momo tag‘in ochilib qolgan boshiga qiyig‘ini yopmoqchidek paypaslanib, oxiri kaftlari bilan tepasini pana qilgan bo‘ldi.
— Momo! — dedi nevara ovozi xirillab va tuyqus yig‘lamokdan beri bo‘lib baqirdi: — Kenjangiz chaqiryapti ekan sizni! Kenjaboy!.. Bittasi aytib ketdi...
— Kim? — deb pichirladi kampir va yuzi yorishib, ko‘zlari yolqinlanib ketdi. — Kenja?
— Ha! Sizni mehmonga aytipti! — dedi O’sar bir tabaqali, zanjiri tepaga ilinadigan eshik tomon yurib. — Munday odamga o‘xshab borishingiz kerak. Boshqa kiyim-bosh bordir... — Keyin narigi uyga qarab baqirib yubordi: — Hojar! Baqqa ke!
Hojar eshik og‘ziga kelib turgan ekan, darrov qaradi.
— Nima?
O’sar ko‘zlarini ola-kula qilib, kampirga ishora qildi.
— Kiyintir momomdi! Axir, axir... aytdim-ku.
Kenja uyiga chaqiripti deb! — So‘ng jilmaydi. — Yoki...
Er-xotin uzoq muddat birga yashasa, bir-birining vajohatidan nima demoqchi bo‘layotganiniyam so‘zsiz bilib ketishadi. Shundayki Hojar angladi: eri «Yoki... hazar qilasanmi?» demoqchi.
Hojar kalovlanib buyoqqa yo‘naldi.
— Qani, tez bo‘l! Him, yana ul-buli bo‘lsa, uniyam ol... Bo‘g‘cha qil!
O’sar shunday deb ayvondan tushdi. Ko‘prikchaga yetganda supadagi dasturxonga qaradi-da, jadal borib uning chetidan tortdi. Dimlamani apil-tapil yeb olib, barmoqlarini yalay-yalay darvozaga qarab ketdi.
Uning ko‘ngli xiyla tinchib qolgan edi. Momoni Kenjaning uyiga obormasligi aniq. Lekin yetimxonagayam obormaydi-yu...
Biron o‘n daqiqadan keyin O’sar bodomgulli chit ko‘ylak kiyib, boshiga doka ro‘molini o‘ragan kampirni ko‘tarib yuk mashinasining kabinasiga o‘tqazmoqda edi.
Kampir o‘rnashib olgach, qo‘llarini ko‘ksida tutib, ko‘zida halqa-halqa yosh bilan oyoqqo‘ygich qoshiga kelgan Hojarga:
— Men sal kunda qaytaman, kelinjon. Bu bog‘dan, sizlardan ajralib yasholmayman, — dedi. — Ke, bir o‘pay... Oh!
— Momojon, tez kelmasangiz, o‘zim borib opkelaman, — dedi Hojar.
— Be, mana moshina... Asaljonimdan aylanay! G’ir etib boradi-yu, obkeladi-da momosini. Selsovetdan telefon qilib tur. Ovozingni eshitib turay... Kelinjon, nevaralarimga ena suti bermagan bo‘lsam ham, ena bo‘lib boqqanman... Huv, u kunlarni xudo ko‘rsatmasin!
O’sar xotinini tirsagi bilan turtib yuborib, eshikni yopdi.
— Qolganini menga aytasiz!
Momo qiyqillab kulib, mashina derazasidan qo‘lini chiqarmoqchi bo‘ldi: barmoqlari oynaga tegib qaytdi. Va keliniga: «Buning gapiga parvo qilma. Hazilkash-da» deganday jilmayib, har ikkala ko‘ziniyam qisib qo‘ydi.
Kampir behad shod edi. Shodligi shunchalikki, esi-yam butkul o‘ziga kelganday...
Hojar ro‘molning uchi bilan ko‘zini artdi, so‘ng uni og‘ziga bosib tislandi.
O’sar mashinani tartarlatib va birdan silkitib haydab ketarkan, negadir cho‘zib-cho‘zib bubuplatdi.
— Momo!
— Labbay, jonim.
— Anavi yerdan ushlang. Ushlang deyapman... He, enag‘ardi momosi! — O’zi o‘ng qo‘li bilan kampirning dast-panjasini olib, g‘aladonning tutqichiga qo‘ydi.
— Ha, mundaychikisiyam bor ekan-da... Aylanay mehribonimdan... Sizlarni halol yedirdim, halol kiydirdim. Xudoga shukur. Eshitgansan, bobongdi «virag narog» deb otishganda, bizdan yetti chaqirim tgariga qochib edi qarindoshlar ham. Ha, «xalq dushmani»ning bevasi edim-da.
— Xalq dushmani emish...
— A? Ha, uning nimasi dushman edi? Ikkita qo‘sh xo‘kizi bor edi bor-yo‘g‘i. Otang bilan lalmikorda yer haydar edi...
— Bobom hukumatga bermaganmi o‘sha ho‘kizlarni?
— Saman otini berib edi. Nuqra juganlari bilan... Huv, opto‘ymas, yebto‘ymas ekan bu hukumat. Oxiri ho‘kizlargayam ko‘z...
— Davlat deb gapiring!
— Ha-e... Lekin davlat baribir adolatli ekan. Bobongdi oqladi-ku oqibat.
— Ha. O’ldirib bo‘lib keyin oqladi.
— Hammasi xudodan... Shukur qil, bolam, shukur qil. Urushdan keyingi ocharchilikda beshtalab bolasi o‘lganlar bo‘ldi. Bir kechada. Xudoyo, tavba qildim...
— Tavba qiling, tavba qilavering... — O’sar mashinani surib tor ko‘chadan chiqararkan, chambarakka shap-shap urib: — Dod! — deb qo‘ydi. — Urdim nashani, surdim pashani degan ekan bir Nurqul degan avliyo!
Mashina katta ko‘chaga tushgach, to‘g‘riga yo‘l oldi. O’sar tezlikni oshirib va har qadamda signal berib, go‘yoki o‘zining qandaydir «Borsa qaytmas»ga borayotganidan o‘tkinchilarni ogoh etayotgan kabi ko‘zi ilg‘agan tanish-bilishlarga beixtiyor bosh irg‘ab, qishloqdan chiqa boshladi. Nihoyat, qishloq soyi qirtog‘iga — qizg‘ish tovatoshlardan iborat qir bag‘riga ilonizi bo‘lib o‘rlagan yo‘lga tirmashtirib, hademay o‘rkachga chiqardi mashinani va u yog‘i — adirga tushirdi.
Bepoyon tekis dasht. Asfalt buzilmagan, biroq yozda erigani bo‘yi qat-qat bo‘lib qolgan. Yo‘lning o‘ng tomonida — yiroqda Qoratog‘ tizmalari tuman ichida mudrab yotardi. Cho‘qqilarda bulut karvonlari sudraladi.
— Momo!
— Ha. Jon... Voy, qo‘llaringdan! Bir haydayapsan, belanchakda yotganday maza qilyapman... Hi-hi-hi. Qarilikka yo‘rg‘alik... — Keyin O’sarga angrayib qaradi. — Sen Asaljon-a?
— He, enag‘ar... Boshladingizmi yana?
— Nimani?
— Talmovsiramang.
— Voy... — Kampir jimib qoldi. — Kenjaning uyiga oboryapsan-a meni? Nechta bolasi bor uning? Uf, esar bo‘p qoldim, bolam.
— Borganda, sanab bilasiz, — dedi O’sar, — Sanaysiz... — Shunda jigarbag‘ri bo‘g‘ziga sapchigandek bo‘lib entikib ketdi: «Kenjanikiga oborsam mabodo... Nima deb topshiraman buni? O’zi to‘rtta bolasi bilan domda siqilib... Gap shu! Momomni biron joyda bir-ikki soatga qoldirib, qaytaman! Shuning o‘zi Hojarga yetadi...»
So‘ngra kampirni shu atrofda... biron yerda qoldirishga joy izlab, oldinga va yon-atroflarga ko‘z sola boshladi: anavi yulg‘unzordagi oq tug‘ ko‘tarib yotgan qabr — Xotin shahid... Io‘lto‘sarlar o‘ldirib ketishgan bechorani. Him, xavfli joy...
Buyoqdagi soylikda pana joy yo‘q: toshlokda o‘tirgan kampirga o‘tkinchilarning ko‘zi tushadi, qiziqishadi.
Shunda olisda — yo‘lning ikki chetida ikkita pakana g‘ujumdek bo‘p ko‘rinayotgan daraxtlarga — qo‘sh tutga ko‘zi tushdi-yu, tuyqus shodlanib ketdi.
Qo‘sh tutni shofyorlar «darvoza» deyishar, u qandaydir darajada bekat ham edi. O’sar esini tanigandan beri biladiki, shu tutlar bor: bundan o‘n-yigirma yillar burun ham ular — qari, tomirlari yer bag‘irlab-bukchayib o‘sgan, quchoqqa sig‘mas tanasida po‘stloqlari kam qolgan, doimo chakalak-kallaklangan shoxlari orasida mitti jiblajibonlar chuv-chuvlab yurishar edi; hamma vaqt otli-eshakli yo‘lovchilar tuman markaziga kelishayotgandayam, chiqib ketishayotgandayam shu tutlar tagiga qo‘nib, biroz hordiq olishar, ulovlarini sug‘orish uchun yo‘ldan sal narida qoq bor ediki, yozning jaziramasida ham unda suv bo‘lardi.
O’sarning «GAZ-157» mashinasi ana shu «darvoza»ga yetgan chog‘da birdan tormoz berdi-da, sapchib ketgan kampirni bir qo‘lida quchganicha ulovni yo‘ldan chiqarib to‘xtatdi.
— Voy, nima bo‘ldi, bolam?
— Hech nima, hech nima... — dedi O’sar va xuddi o‘g‘rilikka tushayotgan singari allanechuk qo‘rquv-hadik ila: — Tushaylik, momo, tushaylik, — deya eshiklarni lang ochdi. — Men radiatorga suv quyib olay.
Buyoqdan aylanib kelib, qo‘lini cho‘zdi va birdan kampirni ko‘tarib olib, tut ostiga eltdi. Oyoqqa qo‘yib: — Suyaning! O’tirmang, — degancha iziga qaytdi.
Kampirning bo‘g‘chasiniyam keltirgach:
— Buning ustiga o‘tiring!.. — deb qandaydir dag‘dag‘a qildi-da, tislanib, yo‘lning uyog‘i va buyog‘iga boqdi: hech qora ko‘rinmasdi.
Maqsad kampir tuguniga o‘tirib-o‘rnashib, tutning tanasini siypaladi.
— Voy, qabig‘ini mol g‘ajigan, a? — dedi. Keyin O’sarga qarab kuldi. — Nashaga cho‘g‘ bo‘ladi deb olishgan.. Sen nasha chekmaysan-a, Asaljon?
— Chekaman! Bilasiz-ku — dedi O’sar. — Xo‘sh... — U o‘zi anglamagan holda ko‘zlarida boyagi qo‘rquv, tag‘in hayajon-xijolat va o‘ta sergaklik bilan kampirning qoshiga keldi. Unga qattiq tikildi-da: — Qimirlamay o‘tiring, eshittingizmi? — dedi.
— O’tirippan-ku, Asaljon.
— Ana, qoqti suvi qurigan ekan. Ana... Orqaga qaytmasam bo‘lmaydi. O’n minutda kelaman.
— A, qaerga borasan?
— Aytdim-ku, suvga!
— Mayli-mayli. Bor, bolam. Men o‘tiraman... Moshinang ko‘p lo‘xshidi. Damimdi olaman... Aylanay sendan. Muni qara, dunyo keng-a, tavba...
— Dunyo — torga tor, kengta-keng ekan, momo! — O’sar ixtiyorsiz bir holda Nurqul nashavandning hikmatlaridan yana birini aytib yubordi va bu gap ittifoqo o‘ziga ta’sir etib: «Biz — tor, men — tor... — deb o‘yladi. — Kenjayam biladi meni. Bekorga «injiqsiz» demaydi. Bu hayot nervinniy qilib qo‘ygan bo‘lsa, nima qilay? Axir, Hojarniyam yaxshi gap bilan ovutsam bo‘lardi. Nuqul unga achchiqma-achchiq gapiraman. Qo‘lim ham...
— Besh minut! — deb barmog‘ini o‘qtaldi kampirga. — Xo‘p, yarim soat... Tushundingizmi? Birov gap so‘rasa, javob bermang!
Kampir shunda qiqillab kula boshladi.
— Nimaga kulyapsiz? — deb birdaniga do‘q qildi O’sar. Va yana ko‘ngli buzilib ketdi. — Momojon...
— He, o‘zim... Qadimda bo‘lar ekan-da, — dedi momo ko‘rsatkich barmog‘ini bukib, ko‘zlarini artib. — Shu-shu... qarigan chol-kampirlardi oborib-adashtirib...
— Aljimang!
— Xayolimga keldi-da.
— Bo‘lmasa siz ana shunday xayol suri-ib, o‘zingizni aldab o‘tiring, men tezda qaytib kelaman.
— Xo‘p-xo‘p, otajon, — dedi kampir va gangib qo‘lini fotihaga ochdi. — Iloyim, eson-omon borib kel. Yo‘ling oq...
— Hey-hey! Nimalar deyapsiz? Hozir kelaman deyapman-ku, enag‘ar!
— Yana xayol...
— Xayoldi joyiga qo‘yib... a? — O’sar yana tahdid qilgan bo‘lib tislandi-chetlandi va yana bir daqiqa bu yerda tursa, kampirni olib uyga jo‘naydigan kabi otilib mashina yoniga bordi. O’toldirgich kalitini izlamoqchi bo‘ldi-yu, motor tir-tirlab turganidan vaqti xush bo‘lib, kabinaga kirib o‘tirdi.
Keyin shaloq mashinani gurillatib, «darvoza»dan to‘g‘riga o‘tkazib ketdi: kampirga qaragisi keldi — o‘zini tiydi. Biron yuz qadamlar olislagach, yana qarashni istadi: ammo qarasa, tag‘in bir kor-hol bo‘ladigan singari tezlikni oshirdi-yu, soylikka enaverib, taqqa to‘xtatdi: qayoqqa boryapti?
O’ziyam xayolati bo‘lib qopdi.
Axir orqaga burib, tag‘in kampirning oldidan o‘tkazishi kerak-ku mashinani?
Tezroq uyga yetishi kerak!
Shunda uning yana yig‘lagisi kelib ketdi: «Butun hayotini bizlarga bag‘ishladi shu kampir. Bobomdan qolganida yosh bo‘lgan-ku! Lekin er qilmagan... Enag‘ar enam bo‘lsa, otamdan kelgan izvishenini o‘kiboq fe’li aynigan. Ukam bilan meni tashlab, bir dizirtirga ergashib ketgan...
Momom chapak chalib qolavergan.
Kuygan banda bu... «Endi men ham mazax qilyapman!»
O’sar shu alfozda yana mashinani to‘g‘riga haydab ketganini bilmay qoldi. Mashina toshloqda chindan ham uf-uflab to‘xtab qolganidan keyin o‘ziga keldi.
Ha, radiator ish ko‘rsatmokda edi...
U yig‘lab yubordi-da, kopotni ochib qo‘yib, qaynoq bug‘ning ko‘tarilishini bir oz tomosha qilgach, pachoq chelakni olib buloq izlab ketdi.
Alqissa, allaqancha vaqtdan keyin shaloq mashinani qaytarib qishloq yo‘liga tushirdi. Tutlar orasidan shitob bilan o‘tdi. Va qishloqqa yaqinlashganda...
...Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisidan kelayotgan tanish yuk mashinasi ustida...
Hojar tik turgancha kabina tomiga qo‘llarini tirab kelmokda, ro‘moli uchlarini tishlab olgan edi.
O’sar mashinani yo‘l o‘rtasiga burib to‘xtatdi.
Kabinadan boshini chiqargan tanish qariyaning salomiga ham alik olmay, oynadan qo‘liniyam chiqarib baqirdi:
— Hey! Baqqa tush, enag‘ar!
Hojar erini tanib, titroqli iljaydi-da, kuzov ortiga qarab ketdi. O’sar uning yerga tushishi mushkul ekani uchun o‘zi kabinadan chiqdi, aylanib borib, xotinini ko‘tarib oldi. Yoshli ko‘zlariga tikilib:
— Ha? — dedi va... uning nega yo‘lga chiqqanini tusmollagani holda: — Gapir! Qaerga borayapsan, enag‘ar... a? — deb baqira boshladi.
— Sekin, sekin, — dedi xotin boshini egib va chap qo‘lini ko‘ksiga bosib.
Shunda narigi mashina qimirladi. Yo‘l yoqasiga chiq-di. O’sar beixtiyor xotinining bilagidan ushlab, o‘z mashinasi tomon yo‘naldi. Anavi «ZIS» o‘tib ketgach, ikkisiyam changga belanib va qo‘llarini pashsha haydaganday qilib kabina qoshiga yetishdi.
— Xo‘sh? — dedi O’sar. — Uyga qaytamiz-a? Momo qo-oldi... Yuraging sovudimi, haromi? Endi yaylov keng bo‘ladi senga! Bog‘da javlon urasan, silkasal! Xotin uning qo‘llarini o‘pa boshladi.
— Unday demang... Yolton gapiryapsiz... Borsangiz, o‘zingiz boring o‘sha boqqa... uf, o‘laman. — Keyin Hojar chinqirib yubordi. — Qaytaring moshinani! He, nevara bo‘lmay o‘ling! Mashinani qaytaring!
O’sar qanoatlanib — tomoq qirib, kabinaga kirdi. Motori tag‘in o‘chiruvsiz qolgan ulovini yurgizib, aylantirib keldi. Hojar yo‘lning bu tomoniga o‘tib, ichkariga arang kirib o‘tirdi-da, tutqichdan mahkam ushlab, boshini egdi.
— Ha? Pushaymon qilyapsizmi? — dedi O’sar mashinani haydab. Xotin miq etmadi. — Battar bo‘l! — keyin yana mamnun bo‘lib ketdi...
So‘ng... momosini qo‘sh tutda sarg‘aytirib... qoldirib kelganidan...
Yigitning chunonam alami kelib ketdiki:
— Uh, — deb ihradi. — Nimaga tug‘ildim men? Shu azoblarni chekish uchunmi?.. Birovlar tug‘ilganidan shod, dimog‘i chog‘! Uyida tinch, qulog‘i tinch... — Keyin, nosqovoqni tishlariga tiq-tiq urib nos otdi. — Gapiy!
Xotin yana churq etmay oldinga boqdi. U qandaydir shishinqiragan, qovoqlari osilib ketgan, faqat ko‘zlari g‘iltillar edi. O’sarning ayoliga yana rahmi keldi-da, tuyqus uning egnidan o‘ng qo‘li bilan quchib qo‘ydi.
— Bilardim.
Hojar ko‘zini yo‘ldan uzmay so‘radi:
— Qaerga oborib tashladingiz u kishini?
— Qaerga, qaerga... Detdomga-da! Bildingmi? Xursanddirsan?
Xotin ming‘irladi:
— Yo‘q. Detdomga emas.
— Kenjaning uyiga! Bo‘ldimi?
— Bekor gap. Uydan chiqqaningizga bir soat ham bo‘lmadi.
O’sar o‘ng qo‘li bilan xotinining basharasiga urib yubordi.
— Anavi shopir bilar ekan, — dedi Hojar.
— Nimani? Nimani?
— Sizni, fe’lingizni!
— Hali unga aytib berdingmi, enag‘ar?
-Ha.
— Voy, do-od!
O’sar gazni bosdi-ya! Bosdi. Boyagi «ZIS» qaytib kelayotgan ekan, to‘qnashib ketishiga oz qoldi. Nihoyat, juft tutlar ko‘rindi. Asta-sekin kattalasha boshladi. Keyin O’sar og‘zini ochib, lablarini yalay boshladi: goh yutinadi, goh xotiniga yalt etib qarab qo‘yadi.
O’sar mashinani sekinlatarkan, kampir suyanib o‘tirgan tutning toqqa qaragan yog‘igayam boqdi: hech narsa yo‘q. So‘ng mashinani sal nariga o‘tkazib to‘xtatdi-da, sakrab yerga tushdi. Chopib daraxt tagigabordi, nega-dir tutning shoxlariga qaradi. Keyin esa tanani gir aylandi va kampir o‘tirgan yerga tikildi: chumolimidi—erga kirib ketsa?..
Qojar kabina eshigini ochib, eriga qarab turardi.
— Nima qilyapsiz? — deb so‘radi.
— E!.. E, xu-do, enag‘ar... — O’sar og‘zini kappa-kappa ochib nafas olgancha, qoq tarafga ko‘z otdi-yu, ko‘lning u sohilida uyulib yotgan toshlar, bodomcha va yantoqlarga tikilib qolib, chuqur xo‘rsindi. — Tush endi... Yetib keldik! — dedi. — He, po‘kka... Senga kim qo‘yib edi yo‘lga chiqishni!
Hojar o‘rdak yurish kilib keldi.
— N-nima gap o‘zi?
— Nima, nima... — O’sar tag‘in tosh uyumlari yoqqa boqdi. Va yana xo‘rsinib yubordi. — Xudo urgan badbaxtlarmiz... O’, u kampirning biz uchun qilgan ishlari! Hisobi yo‘q... — Shunda ko‘ngliga boz xavotir tusha boshladi. — Ey, bo‘g‘chasiyam yo‘q-ku!
— Nima? Shu yerda qoldirib edingizmi?
— Momo-a! — deb chinqirib yubordi O’sar. So‘ng yugurgilab qoqning beri tomonidagi tosh uyumlari ustiga chiqdi. — Momo-oo! Ho‘, enag‘ar, momo-o! — Shunda payqab qoldiki, nariyoqdagi qalama toshlar orti baralla ko‘rinib turibdi: hech zog‘ yo‘q. — E, enangdi... Yerga kirdimi, osmonga chiqdimi? — Oyog‘i ostiga va ko‘kka qarab olib, hovliqib pastga tushdi.
Tut tagiga kelib, yo‘lning u boshiga ko‘z tikdi, keyin bu boshiga. So‘ng kampirni o‘tqazgan yeriga.
— E, xudo! Bu nima ko‘rgulik? Mana shu yerga...
Bukri tomirga endi Hojar o‘tirib qoldi. O’sar yo‘lning u betiga o‘tdi. Keyin to‘g‘ridagi soylik tomonga chopib ketdi. Yetdi. Buloq suvi toshchalar oralab oqar, qandaydir o‘troq qushchalar chiy-chiylashar edi.
O’sar dodlab, yana orqaga qarab chopdi. Tut ostidan o‘tib, yana toshlar ustiga chiqdi.
— Momo-o... — dedi endi ovozi bo‘g‘ilib. — Axir... — Shunda kamshfning boya (O’sar ketayotganda) kulgani, «Qadimda bo‘lgan ekan-da...» deganini eslab: «Tag‘in birov-yarimga aljigan bo‘lsa...» deb o‘yladi. Va o‘zini — Usarniyam tanimay qolishi yodiga tushib, holsiz shivirladi:
— Obketishibdi.
Yigit xotinining yoniga keldi.
— Balki anavi shopir obketgandir, — dedi xotini.
— Ha, enag‘ar-a, sharmanda kilding-ku! Yuqolgan kampir «topildi». Ammo, u yog‘ini yozib
o‘tirish shartmi?
1990
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 83304357

Yandex