Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Shukur Xolmirzayev. Ukki sayrayapti (hikoya)

19.11.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Demokrat, sen o‘tmishga tosh otma. O’tmishga tosh otish, o‘likni tepkilash demakdir. O’lik tirilib, xatolari uchun sendan kechirim so‘ramaydi. O’lik tirilib, qayta qurish uchun bir ish qilib berib bermaydi. Demokrat, o‘tmishdan saboq olish kerak, saboq. Ana shu saboqni xulosalab, bugunni o‘ylash kerak, bugunni. Bugunni xulosalab, kelajakni o‘ylash kerak, kelajakni. Demokrat, sen o‘tmishga to‘pponcha otsang, o‘tmish seni to‘pga tutadi!
Tog‘ay Murod
 
 

Shukur Xolmirzayev. Ukki sayrayapti (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
UKKI SAYRAYAPTI

— Ariq labida qo‘lini yuvayotgan Iqlima shart o‘girilib, yerga mushtladi:
— Yo‘q, nimaga shu manjalaqini olib borasiz?
Men aytdim-ku, xudo xayringizni bersin, boshqa o‘yinchi bilan boring deb. Lekin nimaga o‘chakishganday yana shu bilan borasiz? A?..
— U... — so‘ridan oyog‘ini osiltirib o‘tirgan Hafiz aka tilla tishlarini ko‘rsatib, siniq iljayganicha chaynaldi.
— Bilaman, — deb eriga o‘nglanib oldi Iqlima. — U pulni yaxshiroq teradi! Pul bermaganni askiya qilib bo‘lsayam pulini chiqartiradi. U chiroyliroq boshqa o‘yinchi qizlardan... Lekin... E, sizga gapirdim nimayu devorga gapirdim nima! — Iqlima shart turib, etagini yelpib tushirdi. Ayvon tomon jadallab o‘tar ekan, o‘zicha shang‘illadi: — Enamnikiga ketaman hozir. Kecha ukang Termizdan keladi degandilar. Kelgan bo‘lsa, u bilan Termizga ketaman, bolasini boqib yuraman. Nima ko‘rdim sizga tegib? — yalt etib qarab, qaddini bukdi. — Ayting, nima ko‘rdim? Topgan pulingiz boshingizdan qolsin! O’zi esini yegan xotin artistga tegar ekan. — U to‘la yelkalarini silkitib uyga kirib ketdi.
Hafiz aka xo‘rsinib so‘ridan tushdi. Kalishini oyog‘iga ilib, o‘sha siniq iljayganicha uyga qarab yo‘naldi. Yo‘lakay qari tutning g‘adir-budir sarg‘ish tanasiga suyanib, buzoqnikidek ko‘zlari ola-kula bo‘lib turgan o‘g‘li Xoliqqa jahl bilan o‘shqirdi:
— Bor, o‘yna ko‘chada! Necha marta aytaman senga, ota-ona gaplashayotganida quloq solma deb. A? Marsh! — Hafiz aka shart egilib, o‘ng oyog‘idagi kalishni yechib oldi.
Xoliq zing‘illagancha uy biqinidan o‘tgan toshloq yo‘lkaga chikdi, otasiga qo‘rquv, xavotir bilan qarab:
— Mana, ketyapman-ku... — dedi.
— Bor-bor! — Ota kalishni yuqori ko‘tardi. Xoliq ura qocha yaqinda shag‘al to‘kilgan ko‘chaga o‘tdi. Hafiz aka iljayib, kalishni yerga tashlagan edi, to‘nkarilib tushdi, u tirnoqlari qiyshiq oyog‘i bilan kalishni o‘nglab kiyib oldi. Uyda shang‘illayotgan xotinining ovozini o‘chirish uchun ildamladi.
Xoliq ko‘chada bir dam gangib, qiya ochiq darchalarga tikilib turdi, so‘ng yalang, kir oyoqlariga qadalayotgan toshlarga ko‘z tashlab, nariroqqa o‘tdi va bir vaqt uy orqasidagi ariq ichida o‘lja qilgan musichasini tishlab turgan qora mushukka ko‘zi tushdi. Sekin yerga engashib, tosh olmoqchi edi, mushuk zorlanib «miyav», dedi va dik sakrab, qaldirg‘och kulcha o‘tinning tagiga kirdi. Xoliqqa qarab, uning yerdan ilkis tosh olganini ko‘rdi-da, yana «miyav», deya dik-dik sakrab, ariq ustidan o‘tgan devor kovagiga kirib ketdi.
Xoliq o‘lik musicha oldiga keldi, qo‘llarini tizzasiga tirab, unga boqdi va xuddi musichadek ovoz bilan «ku-ku, ku-ku», dedi.
Keyin u ota-onasi urishgan chog‘larida borib o‘tiradigan joyi — jar yoqasidagi changalzorga jo‘nadi. Yo‘lning nari tomonidagi kultepani chetlab, shudgorga tushdi. Yirik-yirik kesaklarga oyog‘ining uchini qo‘ya-qo‘ya traktor iziga tushib oldi. Ammo bu yerdagi mayda, qattiq kesaklar ham oyog‘iga ozor bera boshladi. U yana yirik kesaklar ustidan chopa-chopa shudgor pushtasiga yetdi.
Jar labida egilib o‘sgan yong‘oq ostiga borib, pastga qaradi, qamishlar oralab oqayotgan suvga tikildi. «Bunda andatra yo‘qmikin?» deb bir oz angraydi. So‘ng yong‘oq shoxlariga alanglay boshladi. Ko‘ziga bironta ham po‘st ajrab, ilinib turgan yong‘oq ko‘rinmadi. Xoliq quyiga qarab ketgan yolg‘izoyoq, tuproqli so‘qmoq yo‘ldan yurib, qamishzor bo‘yiga keldi. Qamish soyasida oyoqlarini suvda yozib, pufagini pishirib «quvaq-quva» deyayotgan baqaga o‘qraydi. Qalin lablari asta uchdi, yutindi va xuddi qurbaqadek «quvaq-quvaq», degan palag‘da ovoz chiqardi. Qamish ostidagi baqa shishadek ko‘zlarini baqraytirib yana vaqilladi.
Xoliq hafsalasi pir bo‘lgandek nari sohilga o‘tish uchun temir quvur tomonga qarab yurdi. U quvurdan dorbozdek pildirab o‘tarkan, onasining «Termizdan ukam keldi», degani yodiga tushdi. Tuprog‘i o‘ynab yotgan sohilga o‘tib, to‘xtadi. Uzog‘i yili tog‘asi unga: «Qani, yana bir sayrab ber-chi, jiyan, bulbul bo‘lgin, bulbul!» deganini xotirladi. Shunda Xoliq bulbul bo‘lib sayraganda, tog‘a tizzasiga urib: «Sendan mana shunaqangi taqlidchi chiqadi. Buni rivojlantir, xo‘pmi?» degan edi...
Xoliq xursand bo‘lib ketdi, tag‘in iziga qaytib, quvurdan o‘tdi-da, jar yoqalab ketgan so‘qmoqqa tushdi. So‘qmokda sochilib yotgan somon qipiqlari va beda gullarini bosib ildamladi...
— Ke, jiyan, malades, jiyan! O’tir bu yerga! — deb qo‘li bilan yoniga imladi shaharlik tog‘a.
Xoliq qip-qizarib ketib, supaga chiqdi va oyoqlarini sholchaga tegmasin uchun ko‘tarib, tizzasi bilan yurib bordi. Tog‘a uning boshini bag‘riga bosib, terlagan manglayidan o‘pdi.
— Menga qara, o‘, katta yigit bo‘p qopsan-ku? — dedi. — Balli, balli... O’, soqollaring ham sabza urib qopti. Ha, malades! Qani, hozir ham taqlidchilik qilasanmi yo tashlab yubordingmi? Tashlamaslik kerak, u juda-a noyob kasb.
— Yo‘-o‘q, bu yil Termizgayam borib keldi ashula bayramida. — dedi supa labida bir oyog‘ini bukib o‘tirgan o‘n bir yashar Egamcha.
— Ha, oblastda ikkinchi o‘rinni oldi bu, — dedi Egamning yonida cho‘kkalab o‘tirgan Shaydul. — O’zidan so‘rang, o‘zi aytib beradi...
— O’zlariyam ko‘rgandirlar, — dedi supaning nari labida oyokdarini chalishtirib o‘tirgan Hamdam g‘ilay va qo‘llarini sholchaga tirab, Xoliqqa tikildi. — A? Xoliqcha... Hoy, bulbul, artistning o‘g‘li! Gapirib ber tog‘angga...
Xoliq sariq, dag‘al sochli boshini quyi solib iljaydi:
— E-e, — dedi. Keyin Hamdam g‘ilayga yer suzib qaradi. — O’zing xo‘roz urishtirganingni ayt avval.
— Nega aytmas ekanman, — dedi Hamdam. — Aytdim, mana Egamchayam tovuq o‘g‘irlaganini aytdi... Nimaga yashiramiz!
— Men ham soyda cho‘milganimizni aytdim, — dedi Shaydul va sholcha chetiga yonboshlab oldi.
— Ha, mayli, bizning jiyanni uyaltirmanglar, — dedi shaharlik tog‘a va Xoliqning yelkasiga urib qo‘ydi: — Enang yaxshimi? — boshqa, dilkash ohangda so‘radi: — A? Otang-chi? Nimaga kelmadi ular!.. Xoliq? Yaxshi yuribsizlarmi? Urishmaydimi bir-biri bilan ota-onang?
Xoliq boshini ko‘tarmay pichirladi:
— Hozir ham urishyapti...
— A-aa! — Tog‘a tizzasiga tap etkazib urdi. — Shunday de... O’zi artistlar ko‘p  urishishadi. Sen parvo qilma, jiyan. Sen... o‘qi, yaxshi o‘qi! Institutga kir... Endi, jiyan, xapa bo‘lma-yu sen ham artist bo‘lasan-da, a? Xapa bo‘lma, artistilik ham bir san’at! El-xalq
hurmat qiladi san’atchilarni! Bir zo‘r artist bo‘l, haqiqiy artist bunday bo‘ladi de!
Shunda yaktagini lipa urgan basavlat bobo keldi, iljayib qo‘lidagi ikki palla tarvuzni o‘rtaga qo‘ydi.
— Qani buni olinglar, bolalar! Hoy, Egamcha, ke, o‘g‘lim, Shaydul, sen ham yaqinroq ke, G’ilay nimaga urishganday teskari qarab o‘tiribsan... Olinglar! — bobo shaharlik o‘g‘lining yoniga cho‘nqayib, kiftiga so‘laqmondek qo‘lini qo‘ydi. — Hech qayoqqa bormaysanmi, o‘g‘lim? Bugun ziyofat yo‘qmi? Enangga aytay, bir osh qilsin, a?
— Mayli, ota, — deb kulib unga yelkasi osha qaradi shaharlik o‘g‘il. — Lekin men bular bilan bir Do‘lta g‘origa borib kelsammikin, deb turibman... Bir bolalik o‘tgan yerlarni ko‘raylik, a?
— Ha, borsinlar-da! — deb to‘ng‘illadi Hamdam.
— Bobojon, boraylik, — dedi Egamcha, bir karch tarvuzni olib, boboga zimdan qaradi.
— Boramiz, boramiz! — dedi shaharlik tog‘a. — Havotir olmanglar, mana endi Xoliqboyniyam olib boramiz.
Yirik ko‘zlari javdirab goh uning, goh buning og‘ziga qarab o‘tirgan Xoliq birdan tirjayib, bosh egdi. Tog‘a yana uning yelkasiga qoqib qo‘ydi:
— Boramiz, ol tarvuzdan!.. Ota, — u «bobo»ga murojaat qildi. — Esingizdan chiqibdi-da, a? Men torvuzni xush ko‘rmas edim. Ha, shu bilan kakku qushdan qimobman! Shu qushning ovozini eshitganimdan beri hech uyqu kelmaydi. Hov toqqa borganimda qo‘rqib kelganmanu?..
— Bilaman, bilaman. O’shanda lablaringga uchuq toshib qayttan edi! — dedi «bobo».
Tarvuz birpasda sob bo‘ldi, pallalar ichida qo‘lchalarning kiri aralashgan qizg‘ish suv qoldi. Bolalar bu suvni ham maza qilib ichib yubordilar.
— Omin! Oblo akbar! Ketdik! — deb irg‘ib turdi shaharlik tog‘a, sidirg‘a ko‘k ko‘ylagining old tugmalarini qaday boshlar ekan, otasi pastdan tuflisini olib, supa labiga qo‘ydi, u otaga jilmayib, rahmat deganday bo‘ldi.
— O’g‘lim, tezroq qaytinglar-da, bo‘lmasam, — dedi «bobo», — a, Bakirjon? Bolalargayam ehtiyot bo‘l-da. — U shaylanib, shimini ko‘tarayotgan Egamchaga qarab oldi, allaqachon yo‘lga tushgan Xoliqqa ko‘z tashladi. — E, oyog‘ingda hech narsa yo‘qmi? — dedi. — Tikan-pikan kiradi, to‘qishib yiqilasan yo‘lda... U yoqda nima ko‘p, tikan ko‘p!
Tuflisini kiyayotgan tog‘a Xoliqqa tikildi-da:
— E, jiyan, bu ishing yaxshi emas-ku? — dedi. — Qanaqa qilib boramiz bunaqada, a? Sen har qadamda oyog‘imga tikan kirdi, deb to‘xtasang, qachon yetib boramizu, qachon qaytamiz... Bu ishing bo‘lmabdi.
Xoliq javdirab, Egamchaning orqasiga bekinib olgan Shaydulga qaradi, uning ham oyog‘ida hech narsa yo‘qligini aytgisi keldi. Biroq tog‘asiga mo‘ralab:
— Men... kiyib kelaymi yo‘masam? — dedi.
Bakir qaddini rostlab, pastga tushdi, hovuz panjarasidan somon shlyapasini olib:
— Uylaring uzoq-ku, chopib borib, chopib kelasanmi? — dedi.
— Ey, borib kiyib kelsin-e, — dedi bobo. — Sizlar sekin-sekin ketaverasizlar-da! Bor, Xoliq! Chop, bolam!.. Ha, sher yigit!
Xoliq ko‘zlari ola-kula bo‘lib, «ketib qolmaysizlar-da!» deganday bo‘ldi, so‘ng supa pastidagi qovjirab qolgan gulzor tarafga ikki qadam bosib:
— Tog‘a, men darrov kelaman! — dedi.
— Darrov kelasanmi, bo‘pti. Biz asta ketaveramiz, o‘zing yetib olasan, a, bolalar?
Bolalar ham chuvillab, Xoliqning tezroq borib kelishini tayinlashdi, sekin ketishlarini aytishdi.
Xoliq gulzorni oralab chopdi, bedapoyadan o‘tayotib, yo‘ng‘ichqaning yaqinda qirqigan pochlari oyog‘iga qadalganini sezdi, lekin unga parvo qilmay, chopa borib devorga yopishdi. Naryoqqa dumalab oshib tushdi. Yo‘tala-yo‘tala yo‘lkaga chikdi...
Xoliq qaytib kelganida oyog‘ida sandalchasi, qip-qizarib ketgan, sochlari orasidan ter oqar edi. U hansirab, u yoq-bu yoqqa qaradi. Bolaxona ostida o‘tin yorayotgan bobosi qoshiga chopib bordi.
— Bobo, bobo.
— Bobo deguncha chop! — deb boltani g‘o‘laga sanchganicha qomatini rostladi bobo. — Chop!.. Ular qishloqdan endi chikdiyov !
Xoliq shu yerdan burila solib uy biqinidagi devor kemtigidan oshib o‘tdi. G’ovlab ketgan olchalar orasida to‘xtab, Do‘lta g‘orining qaysi tomonda ekanini bilmoqchidek, u yoq-bu yoqqa alangladi. Olchalar adog‘idagi sim to‘r devor tomonga birdan otildi-yu, yana iziga qaytdi. Ko‘zi g‘ilt yoshga to‘lib, bobosi yonida yana paydo bo‘ldi.
— Bobo, bobo! Ular qayoqdan ketdi? — Do‘lta g‘ori qayoqda? A?
Bobo yana qomatini rostladi:
— E, nimaga yig‘layapsan?.. Shu, — bobo qarshisidagi uyning tomiga qaradi. — Shu... maktabning yoni bilan ketdi-ya ular... Sen, — bobo burilib, so‘l tomondagi devorni ko‘rsatdi, — sen bu yoqdan chiq, yaqin. O’zimiz suv bog‘laydigan ariq bilan ko‘chaga chiq, uchrashib qolasizlar. Agar o‘tib ketishgan bo‘lsa, to‘g‘ri chinorga boraver.
Ko‘zlarini baqraytirib turgan Xoliq ura chopib, takxona muyulishidan o‘tdi. Tutga chirmashgan pastak tok zanglariga tegib ketishni ham o‘ylamay, chopib ketaverdi. Qo‘shnining buzilgan devoridan sakrab, ariq bo‘yiga tushdi, o‘ng-so‘liga qaramay chopganidan kolxoz kartoshka poyasini o‘ragan simga borib urildi, ariq bo‘yida donlab yurgan tovuqni qoqalatib, nam so‘qmoqdan yugura ketdi.
U tuproq tagidan do‘qir-do‘qir toshlari chiqib yotgan ko‘chaga yetib borganida, bir chol eshagini arikda sug‘orib turgan ekan.
— Bobo, anavi... manavi yoqqa bolalar o‘tmadimi? — dedi Xoliq. — Bitta shlyapali odam ham bor...
Semiz, qora kamzul kiygan, qora yuzida oq dog‘lari bor chol Xoliqning savoliga javob bermay, unga chuchmal iljayib turaverdi.
— A, bobo, o‘tmadimi, a? — dedi Xoliq. — Ayting...
— Kim deding? — o‘sha tabassumida so‘radi chol. Xoliq yig‘lab yubordi:
— Bolalar, bitta shlyapali odam ham bor.
Chol ko‘cha boshidagi burchagi ko‘rinib turgan oq maktab tomonga jiddiy o‘ylanib qarab:
— Yo‘q, — deb sallali boshini qimirlatdi. — O’tmadiyov.
— E! — Xoliq o‘sha yoqqa qarab chopib ketdi. Maktab yonidan pionerlar lageri joylashgan chinorlar tomonga o‘tuvchi qumloq yo‘lda to‘xtab, xuddi bolalar bilan tog‘asi bu yerdan hali o‘tmagandek, ular kelishi mumkin bo‘lgan yo‘lga qaradi va so‘ragani bironta odam izlab alangladi.
Ko‘chadan chopib ketgan edi, o‘ng tomondagi pastak devor ortida uyning poydevorini qurayotgan ikki yi-gitga ko‘zi tushdi, taqqa to‘xtab:
— Xo‘v, aka! — dedi pishitilgan loyda to‘pig‘igacha botib turgan yigitga. — Ho‘v, aka, shu yoqqa bolalar o‘tmadimi? Bitta shlyapali bilan?
Yigit manglayini tang‘igan ro‘mol uchida ko‘zini artdi:
— O’tdi, e-e, ancha bo‘ldi, uka. Hozir chinorga yetdi ular, — dedi.
Chimzorda, paxsa yonida cho‘nqayib bir ko‘zini qisgancha uning to‘g‘riligini chamalayotgan sherigi ham:
— Ha, ular hali soyga tushishmagan bo‘lsayam, chinorga yetdi! — dedi.
Xoliq chinorlar qad ko‘tarib turgan tepalik bag‘riga qizil qumni changitib chiqib borganida, tupuklari tanglayiga yopishib, bo‘g‘riqib ketgan edi. U ko‘prikda turib, suvda koptok o‘ynayotgan maykachan bolalarga qaradi va bir nafas serrayib qoldi. So‘ng olisdagi sarg‘ish gaza boshida bir necha bolalarni ko‘rdi. «Shular!» deb o‘ylab, yana chopa ketdi.
Ular shu mahallaning bolalari bo‘lib, chillak o‘ynayotgan ekan.
Xoliq gazaning tepasida qaqqayib, shimoldagi tog‘ yon bag‘rida yastanib ketgan adirlarga bokdi, bir eshakni arnaga solib, ustiga minmoqchi bo‘layotgan tengquridan so‘radi:
— He, jo‘ra, shu yoqqa bolalar o‘tmadimi?
— Bolalarmi? Bolalar o‘tdi, hozir o‘tdi, anavi do‘ngning orqasida! — dedi u va Xoliq bug‘doypoyaga oralashi bilan qornini ushlab kula boshladi. — Aldadim, anavini aldadim! — dedi sheriklariga.
Xoliq bu gapni eshitmay chopib borardi. Belgilagan gazasi o‘rkachiga chiqqanda, oyoqlari qaltirar, tomog‘i achishar, afti allanechuk shishib ketgan edi. Oldinda tekis, tobora ko‘tarilib borgan adirlar...
Shunda Xoliqning yonginasiga boshi katta, eshaktikan uchiga qanotlari qizil, ko‘ksi sariq tog‘ bulbuli kelib qo‘ndi va «Chu-chu! Chu-lu-lu-lu!» deb sayradi. Xoliq unga gangib qaradi. Qush g‘oyat beparvo, shu adirlar kabi loqayd edi.
Xoliq bo‘ynini cho‘zib, yana uning sayrashini eshitdi-da:
— Chu-lu-lu-lu! — dedi beixtiyor.
Qushcha hurpayib silkindi, so‘ng pir uchib, hali sarg‘aymagan yantoqning qizil gulli shoxini mayishtirib qo‘ndi, yana sayradi.
Xoliq cho‘nqayib o‘tirdi, boshini tizzalari orasiga oldi va xo‘ngrab yubordi...
So‘ng bir-bir bosib, orqasiga qaytdi. Boya chillak o‘ynayotgan bolalar yonidan o‘tayotib, eshak minib o‘tirgan bolani izladi. U yiqilib tushgan devorga minib o‘tirar, shisha sinig‘i bilan devorga chizar edi.
— Ha, topdingmi bolalarni? — dedi u va chalqancha bo‘lgudek o‘zini orqaga tashlab qotib-qotib kuldi.
— Ha, seni... — Xoliq uni bolaxonador qilib so‘kdi-da, pastga g‘izillab ketdi. Ko‘prikdan o‘tib, ko‘chaga tushdi.
Xoliq maktab yonidan o‘tayotib, uning hovuzidan suv ichdi, tizzalari zirqirab og‘rir edi, nam yerda bir oz o‘tirdi. Yalang yurib o‘rgangan oyoqlarini sandalcha urib qo‘ygan edi. Xoliq uni yechib oldi, barmoqlari qavargan oyoqlarini yerga asta-asta bosib, yurib ketdi.
U bobosi chorbog‘iga kirib borarkan, nazarida, ular o‘zidan avval yetib kelgandek tuyuldi. Ildamladi. Takxona muyulishidan o‘tib, mang‘alga o‘t yoqayotgan bobosini ko‘rdi-da, yana yig‘lab yubordi.
— Ha, — dedi bobo. — Topolmadingmi?
— Yo‘q, — dedi Xoliq hiqillab.
Bobo achindi, payrahani tizzasida qars sindirib, o‘tga tashladi.
— Hey, shu Bakir ham yosh bolaga o‘xshaydi-da. Yig‘lama, bolam. O’t supaga, qovun so‘yib ye... Yo tarvuz yeysanmi? Ana, xohlaganingni polizdan o‘zing olib chiq... Bakir tog‘ang kelsa, davara qilib qo‘yaman. Nimaga aldading yosh bolani deyman. Bor, qo‘zim.
Xoliq bu erkalashlardan bir oz yengil tortib, supaga bordi. Supa labiga mung‘ayib o‘tirdi. So‘ng bu yerda yaqinginada tarvuz yeganlari, tog‘asining iljayib: «Ota, men tarvuzni xush ko‘rmasdim-ku!» degani yodiga tushdi.
Shunda uning kakkudan qo‘rqaman deganini ham eslab qoldi-yu, biror narsa qiladiganday qo‘llarini supa labiga tiradi. Keyin tog‘asining hamisha qishloqqa kelganida «bir toza havo olay» deb shu supada baxmal ko‘rpalarda yotishini xotirladi. U bedapoya yoqasidagi bahaybat yong‘oqqa, uning bo‘z rang tanasi, silliq shoxlariga tikildi...
— Bobo, men uyga boray, enam xavotir oladi, — dedi.
— Bironta qovun ola ket, — dedi bobo. — Yeysizlar. E, Bakiri tushmagur-ey... Qiziqib ketganda uyam... Enangga ayt, tog‘am uyda de, kelib ko‘rsin, xo‘pmi? Otanggayam tayinla.
Xoliq poliz oralab, dum bergan oq novvotni uzdi-da, qo‘ltiqlab yo‘lkaga tushdi: .
— Bobo-o, mana qovun oldim.
— Yaxshi qipsan, — dedi bobo. — Xafa bo‘lma, nevaram... O’zim bir kuni olib boraman seni Do‘lta g‘origa, tarixiniyam aytib beraman.
Xoliq shunda supa yonida poyafzalini unutganini esladi, qovunni yo‘lkaga qo‘yib, sandalini kiyib qaytdi, qovunni qornida ko‘targanicha lapanglab chiqib ketdi.
Oradan biron soat chamasi vaqt o‘tdi, shaharlik tog‘a shlyapasi bilan yelpinganicha uy ortidagi devordan oshib tushdi, unga ergashgan bolalar ham chug‘urlashib oshib tushdilar.
— Xo‘-o‘p, — dedi tog‘a yo‘lkada to‘xtab. — Endi, yigitlar, sizlarga javob. Ertaga uchrashguncha xayr.
Bolalar xo‘shlashib tarqalishdi. Tog‘a tuflisini yerga urib qoqa-qoqa chorpoyaga yaqin keldi.
— Da-a, — dedi.
Supada cho‘zilib yotgan «bobo» unga qaradi.
— Keldingmi?
— Ha, ota! — dedi shaharlik o‘g‘il. — Uff... — u chorpoya chetiga o‘tirib, otasiga qaradi. — Ota, Xoliq keldimi?... Biz uni rosa kutdik, bormadi orqamizdan?
— Ey, qo‘yinglar-e... Bolani aldamaslik kerak, ko‘ngli nozik bo‘ladi, — dedi «bobo» chalqancha yotib, so‘ng davom etdi: — Bechora yig‘lab-yig‘lab uyiga ketdi. Sen o‘zing bola bo‘lmagansanmi, o‘g‘lim...
Shaharlik o‘g‘il qomatini rostlab, xayolga cho‘mdi.
— Ha-a, yaxshi ish bo‘lmabdi-da, xafa bo‘lgan bo‘lsa! — dedi. — Qayoqqa boribdi u?.. Adashgandir-da?
— Adashgan-da, — dedi ota. — Aytib ketish kerak edi.
— Men... men endi o‘zi biladi, deb o‘ylabman-da. Lekin yo‘lda hayolimga kelgan edi-ya... Da-a, chatoq bo‘pti-da!
— Qo‘y, gapirma.
Shaharlik yalang oyoq bo‘lib, pastga tushdi, ko‘ylagini yechdi va paqir ko‘tarib, hovuzning suv oladigan tomoniga ketdi. Suv olib, yuvindi. Sovqotgandek bo‘lib, bolaxonaga chikdi va karavotga cho‘zilib, yerda yotgan gazetaga tikildi. Shu bo‘yi uxlab qoldi...
Kechasi allamahal edi, oy bedapoya adog‘idagi jiyda shoxlari ustida nur taratib turar, hovuzda baliq cho‘lp-cho‘lp etib o‘ynardi. Jimjitlik. Qaerdadir kaltakesak tak-tak etib sayraydi. Bakir tog‘a shoxsupada tunda sovuq bo‘lishini bilganidan baxmal ko‘rpaga o‘ranib yotar, erta uxlab olgani uchun to‘shak yomon solingandek u tomonidan bu tomoniga ag‘darilar edi.
Nihoyat, u uf tortib chalqancha bo‘ldi-da, oyga qaradi. Xo‘rsindi, yodiga rahmatli momosining oyga ko‘p qaramaslik kerak, degan nasihati tushdi, beixtiyor ko‘zini yumgan edi, oy yoritib turgan jimjit bog‘dan dahshatli titroq ovoz taraldi:
— Kak-ku, kak-ku...
Tog‘a qulokdariga ishonmay, boshini ilkis ko‘tardi va o‘rnidan turib ketmoqchi bo‘ldi. Atrof jimib qoldi. «Menga shunday tuyuldimi?» deb o‘ylab, boshini yostiqqa qo‘ydi, yana titroq, qo‘rqinchli ovoz yangradi. Endi ovoz etak tomondagi yong‘okdan kelayotgan edi. Bakir o‘rnidan tura solib, shosha-pisha poyafzalini izladi. Shunda ovoz yana takrorlandi, tog‘a ura qochib chorpoya yoniga bordi.
Sharpadan uyg‘onib ketgan ota:
— Ha? Kim u?.. Bakirmisan, tinchlikmi? — dedi.
— Men, men, Bakirman, ota, — dedi Bakir hayrat va hayajondan hansirab. — Kakku sayrayapti, ota... Quloq soling... Ana-ana! — U chopib zina qoshiga bordi. Shunda ovoz tag‘in takrorlandi. Bakir zinadan lipillab, bolaxona ayvoniga chiqib oldi.
— Ota-a, miltiq bormi? — dedi mungli ovozda. — Oting!
Shu vaqt onasi va kenja ukasi Hamdam g‘ilay ham uyg‘onib ketdi.
— Rost, — dedi ota quloq solib. — Qaysi go‘rdan paydo bo‘ldi u? Otib o‘ldiraymi, onasi?
— Qo‘ying-e, uchib ketadi, — dedi kampir, — Tunda miltiq otasizmi? Ziyodning xotini boshqorong‘i, tag‘in bolasi tushib, baloga qolib yurmang!
Bobo iyagini lo‘la bolishga qo‘yib jimidi.
— Ha, ota? Nimaga indamaysiz? — dedi Bakir.
— E, uchib ketadi-e, o‘g‘lim... Qo‘rqsang, bolaxonada yot! — dedi u va xotiniga to‘ng‘illadi: — Uyga joy solib ber.
Ona uyquli qadam bosib, dovdirab zinadan bolo-xonaga chiqar ekan, Bakir:
— Hayronman, — deb ming‘illadi va yana qulog‘i ding bo‘ldi.
Shunda yong‘oq shoxi qars etdi, «ih» degan ovoz keldi. Hamma o‘sha yoqqa quloq tutdi. Jimlik. Keyin yong‘oqdan kimdir tap etib, o‘zini yerga tashladi-da, devor tomon chopdi, nari yoqqa gup etib tushdi.
— Bu... Xoliq artist, ota, — dedi Hamdam. — Alamidan shunday qilyapti.
— Yo‘g‘-e? -Ha.
— Chaqir uni bo‘lmasam, uyiga borib yuradimi?
— E, boradi... Ketdi.
— Viyy, — deb qoldi kampir.
Bakir tushib, joyiga borib yotdi, oy tepaga kelganida uyqu elitdi uni. Tush ko‘rdi: tushida Xoliq ukki qiyofasida emish... G’o‘ldirab uyg‘ondi.
Ertasiga Bakir opasining uyiga yo‘l oldi, darvozasiga yetganda, tomda olmaqoqi supurayotgan Xoliq uni ko‘rib, sakrab pastga tushdi-da, sevimli changalzori tomonga ketdi.
Bakir ham uch kundan keyin shaharga jo‘nadi.
1972
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 83304459

Yandex