Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Shukur Xolmirzayev. Ustoz (hikoya)

19.11.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• Boshing yorilmasdan avval bog‘lab ol.
• Mushuklar yo‘q shiyponda sichqonlar tantana qiladi.
• Tarix qaytmaydi, pakana o‘smaydi.
• Asalari va pashsha bitta uyaga sig‘maydi.
• Tog‘ toqqa mehmonga boribdi desa ― ishon, insonning fe’li o‘zgaribdi desa ― ishonma.
Avar xalq maqollari
 
 

Shukur Xolmirzayev. Ustoz (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
USTOZ

Meni bilasan, birovdan til qisiq joyim yo‘q, hamma narsam bor: mashina, dacha; kitoblarim chiqib turibdi. Hamma unvonlarni olib bo‘ldim. Nimadan qo‘rqaman?.. Faqat ehtiyot bo‘lish kerak: odam og‘ziga ehtiyot bo‘lishi kerak. Til o‘lgur yomon: bejiz tilni «suyaksiz» demaydilar. Har xil gapni har kimning oldida gapiravermaslik kerak. To‘g‘ri endi, hozir rostgo‘ylik — modada. Ammo moda — o‘tkinchi. Siyosatning buqalamundan farqi yo‘qligini ko‘rganmiz-da...
Meni bir shogirdim bo‘lardi. Sen uni bilmaysan: asarlari chiqmadi. Eh, attang. Uziga o‘zi qildi. Keyin...
Juda dangalchi edi-da. Eng «nozik» gaplarni ham bemalol gapiraverardi. Kattani — katta, kichikni — kichik demasdi. Ko‘ngliyam ochiq edi-da, ul bechoraning. Eh... Uning talanti! Yo‘q, mana, salkam yetmishga borib, adabiyotimizda unday talantni ko‘rgan emasman! Io‘q! Yozganda, shundoq ko‘z oldingga keltirib qo‘yardi. Tili! Biram obrazli de. Shunday detallar topardiki, og‘zim ochilib qolardi. Qahhordayam, Chexovdayam topolmaysan u topgan detallarni. Ko‘zi o‘tkir edi!
Boyoqish o‘ziyam ancha qiynalib o‘sgan. Qilmagan hunari qolmagan. Hayotni yaxshi bilardi. Lekin hayotni bilgan, achchiq-chuchukni tatigan kishilar odatda kamsuqum, vazmin bo‘lishadi. U bo‘lsa... mag‘rur edi. Odamga tik qarasa, men ham qo‘rqib ketardim.
Bir kun Yozuvchilar uyushmasiga kirsam, kitob do‘koni oldida bir bola turibdi. Meni ko‘rib:
— Assalom alaykum, ustoz, — dedi.
Men hayron bo‘lmadim, uni qaerdadir bir ko‘rganimni esladim. Odatim shu-da, bolam, qaysi oblastga bormayin, yoshlarning boshini silayman.
— Keling, shogird, — dedim.
— Sizni so‘roqlab kelgan edim, — dedi u. — O’sha uchrashuvdan keyin ko‘p vaqtlar o‘tib ketdi... To‘xtovsiz yozaver, mashq qilaver. O’zingga ishon, degan edingiz... Mana, endi ishonib, bir-ikkita mashkdarni olib kelgan edim. Iloji bo‘lsa, shunga bir ko‘z yugurtirsangiz. Agar yoqmasa, mana shu axlat paqirga yirtib tashlayman.
Eshityapsanmi uning gapini?
Har qalay, uni «jinniboy» deyish ham mumkin edi. Darvish desang ham bo‘ladi. Bir hisobda yozuvchilar o‘zi — darvish xalq. Mana, men ham bir darvish bo‘lmasam, seni mashinangga tushib, shu yoqqa yo‘l olamanmi? Material yetmayaptimi menga? Yozuvchi uchun har qanday narsagayam bir qarash — kifoya. Qolganini o‘zi fantaziyasi bilan to‘ldirib olaveradi...
Bolaga qiziqqanimdan uning qo‘lyozmasini uyimga olib ketdim. Shu kecha: «Qani, nimani yozipti ekan?» deb varaqlay boshladim-u, uzilolmay qoldim.
U bir balo ekan: tasvirlaydigan narsasini shu qadar yaxshi biladiki! Lupa bilan qaraganmi deysan. Qahramonlarning dialogi. Ko‘tarilgan problemalarini aytmaysanmi!.. Ha, hech kimga o‘xshamaydigan bir talant edi.
Kechasi bilan uxlolmadim. O’ylatadi-da... Lekin senga aytishim kerak: qaltis joylariyam ko‘p. Masalan, bir joyda raykom sekretarini tanqid qiladi... Bilama-an, Markazqo‘mning ko‘ziga cho‘p solib yurgan arboblar xam bor! Ammo ularni adabiyotga olib kirib urish? Yo‘o‘q... Oddiy xo‘jalik odamini ol: ana uni xoxdagancha tanqid qilaver. Shuning uchun men ko‘proq peyzajga zo‘r beraman, lirikaga zo‘r beraman: bular beziyon mavzular. Qolaversa, umrboqiy mavzular. To‘g‘rimi? Ana shunday...
Ertasi vaqtli turib, uyushmaga kelsam, zinapoyada kiyshayib turibdi.
Salom yo‘q-alik yo‘q:
— Sizga yoqmasayam yirtib tashlamayman, ustoz, — dedi u. — O’ylab ko‘rsam, ulardan ham tuzuk narsalar yozolar ekanman.
Men o‘sha hikoyalar ta’sirida edim. Do‘konchi ayol ham, qorovul ham shu yerda. Bolani shartta quchib o‘pdim.
— Tabriklayman, o‘g‘lim. Sen allaqachon yozuvchi bo‘libsan, — dedim.
U bir minutlar dirillab qoldi. Keyin:
— Rahmat, — dedi.
— Seni tushunibmanmi?
— Ha..
Bolani podvaldagi oshxonaga olib tushdim. Rangidan sezgan edim: maishatining mazasi yo‘q. Ovqat olib berdim... Bilasan, men pulga sig‘ingan odam emasman: ziqnalarni o‘lgudek yomon ko‘raman.
Bechora bola! Odobli-da, ovqatni oxirigacha yemadi. Chamamda, mening maqtovim bilan to‘yib qolgan edi...
Keyin:
— Jur, redaktsiyaga boramiz, — dedim.
Lo‘mbillab yonimga tushdi. Sen ustozning bunday paytdagi holatini bilmaysan-da: yonida shogirdi bo‘lsa, tag‘in talantli bo‘lsa, o, undan quvonchli bayram yo‘q uning uchun!
Shunday qilib, jurnalga bordik... Ha, o‘sha jurnalga. Hikoyani kam beradi-yu, lekin beradi. Redaktori yo‘q ekan, bo‘limga opkirib, mudir bilan tanishtirdim. Hikoyalarini maqtadim. Lozim bo‘lsa, «Oq yo‘l» yozib beraman, dedim.
Bola xursand bo‘lib ketdi... Xursandligi shunchalikki, hoziroq «mardikor bozori»ga borishini aytdi...
Oradan uch-to‘rt kun vaqt o‘tdi. Bolaga telefonimni bergan edim. Qo‘ng‘iroq qilmadi. Bir kun yana uyushmaga kelsam, xuddi o‘sha kitob do‘koni oldida turibdi.
— Salom, ustoz! — dedi.
— Nega telefon qilmaysan?
— Xalaqit bergim kelmadi. Ishlayotgan bo‘lsangiz... Ko‘rdingmi uning odobini? Boya aytganimday dangal, o‘lgudek mag‘rur bola, tagan bunaqa andishali edi.
— Ha, nima yangilik bor? — dedim.
— Bosilarmish! — dedi u ko‘zlari chaqnab. — Sizni so‘rashayotgan edi.
— A, ketdik!
Tag‘in uni mashinamga o‘tqazib, redaktsiyaga bordim. Bo‘limga kirsak, hikoyalarni allaqachon tahrirdan chiqarib, mashinistkaga berishgan. Bolani tabrikladim.
Keyin o‘zim redaktor kabinetiga kirdim... Uni bi-lasanmi? O’lgudek qo‘rqoq odam-da. Jurnalda bitta orfografik xato o‘tib ketsa, sochini yuladi.
U ham bolaning hikoyalarini o‘qigan ekan.
— Tabriklayman! Zo‘r talant topibsan-ku? — dedi.
— Topamiz-da, — dedim. — Talantlar seni redaktsiyangga emas, redaktsiyam bo‘lmasayam menga keladi.
Keyin u bolaning qaerdan ekani, nima ish qilishi, xullas, rosa surishtirdi. Aytib berdim.
Yetimlar uyida o‘sgan, universitetning filologiya fakultetiga kirolmagan. Sirtdan jamiyatshunoslik bo‘limida o‘qirkan.
Xullas, u o‘sha kuni redaktsiyadan chiqqandan keyin nimalarni gapirib bergan bo‘lsa, aytib berdim.
Keyin, redaktor mendan unga «Oq yo‘l» yozib berishni so‘radi.
— Jonim bilan yozib beraman! — dedim.
Lekin, uka, men o‘zimni vijdonli odam deb hisoblayman. To‘g‘rimi? Unga qarshi borolmayman. Yo‘q-yo‘q... Xullas, redaktorga masalani yotig‘i bilan tushuntirdim:
— Sen bemalol bosaver, — dedim. — Tanqidchilar bor, ular o‘z hukmini chiqarishadi. Qo‘rqadigan joyi yo‘q... Lekin, ba’zi qaltis momentlar bor, — dedim. — Masalan, ayrim joylarda rahbar shaxslarga tegib ketgan. Raykom sekretarigayam... Demak, siyosatga!
He, yaramas! Rangi o‘chib ketsa bo‘ladimi? Aytdim-ku, o‘lgudek qo‘rqoq deb!
Lekin o‘sha paytda boshqa gap gapirmadi.
— Yaxshi, o‘ylab ko‘ramiz, — dedi.
Shu gapidan sal gumonsiragan edim. O’ylaganimday bo‘lib chiqdi.
Hikoyalarni qoldiripti!
Ha.
Tag‘in bir kun bolani o‘sha kitob do‘koni oldida ko‘rdim. G’amginlik bilan kuldi-da:
— Meni tushunishmadi, — dedi. — Niyatimni...
Redaktorni, — og‘aynim bo‘lsayam, — rosa so‘kdim: unga o‘xshagan kishilar talantga yo‘l berishmaydi, uka. Ba’zan hayron bo‘lasan: shunday kishilarga matbuotning rulini berib qo‘yishadi.
— Xafa bo‘lma, boshqa bir ish qilamiz! — dedim. — Jur, mashinaga kir.
Mashinada nashriyotga borayotganimizda, boyoqish asta so‘radi:
— Rahbar ham odam-ku, a? Unda ham insoniy ojizliklar bo‘ladi-ku?
Nima, men unga «ojizliklar» — kamchiliklardir, ularni tuzat, yumshat, zamonaga boq, deyishim kerakmidi? Yo‘q, bu gapni mensiz ham aytishgan bo‘lsa kerak redaktsiyada. Balki chiqib qolsa, keyin tanqidchilar aytishardi.
— Bo‘lganda qandoq! — dedim.
Yosh talantning darrov yo‘lini kesib, qo‘rqitib qo‘yishim mumkin. Talantni o‘z holiga qo‘yish kerak: ana shunda u bemalol o‘sadi. O’zligini topadi: mening unga aytadigan har bir gapim — go‘yo mening yo‘limga tush deganim bo‘ladi.
Endi o‘ylab qarasam, uka, unga o‘sha paytda ochiq gapirsam bo‘lar ekan...
Lekin, uning qabul qilmasligini ham bilardim-da! Asarlaridan ko‘rinib turardi!
Hikoyalarni u chin e’tiqodlan yozgan.
Birinchi kundagi bir gapini aytdim, shekilli:
«Hikoyalarim sizga yoqmasayam, yirtib tashlamayman!»
Tushunarli-da.
Mening vazifam — uni qanday bo‘lsa, shu holida chiqarish edi.
Buni adabiyotdagi demokratizm deydilar, bolam. Hech kim birovga o‘z fikrini o‘tkazmasligi kerak.
Nashriyotga bordik. Direktori — eski og‘aynim. Bolani to‘g‘ri uning oldiga olib kirdim. Rosa maqtadim.
— Kitobi chiqsa, nashriyotingga obro‘ keltiradi, — dedim. — Buning ustiga, bitta talantni ochgan bo‘lasan!
Direktor mening gapimni ikki qiladimi?
— Bosh ustiga. Bitta retsenziyaga beramiz. Tamom. Planga kiritamiz. Qarabsizki, ikki yildan keyin kitobi chiqib turipti, — dedi.
— Bir yildan keyin, — dedim.
— Ha, bir «okno» ochilsa, tushirib yuboramiz, — dedi.
— Lozim bo‘lsa, «So‘zboshi» yozib beraman.
— Olam guliston!
Keyin, bolani chiqarib yubordimda, direktorga yotig‘i bilan tushuntirdim.
Nima, men rost gapni... O’z e’tiqodimni aytmasligim kerakmi?
Qolaversa, uka, uning mas’uliyati — mening bo‘ynimda edi: asari chiqqandan keyin biron joyda gap qo‘zg‘alsa, men javob berishim kerak. Ustozning burchi bu...
Shuning uchun bu tomonini ham puxta qilishim ke-rak.
To‘g‘rimi?
— Mana shunday gaplar... Sal qaltis demasang, bunaqa hikoyalar yaratilmagan...
E, odamlar, odamlar!
Qo‘lyozmani olib ketib, direktorning o‘zi o‘qib chi-qipti-da, keyin retsenziyaga beribdi.
Retsenziyachilar ham har xil bo‘ladi, bolam. Ba’zisi rahbarning qovog‘iga qarab turadi. Agar o‘sha asar haqida direktorningmi, bo‘lim mudiriningmi sal gumoni bo‘lsa, bas, «yaramaydi» deb retsenziya yozib keladi.
Ana shunday bir ablahning qo‘liga tushgan ekan: yo‘qqa chiqarib kelibdi.
Bola hikoyalarini olib ketganini eshitdim. Endi o‘zini surishtiraman de!
Hech yo‘qki — topilsa!
Senga o‘xshagan shogirdlar ko‘p-da, o‘g‘lim. Meni o‘zi yoshlar yaxshi ko‘radi.
Birigayam qattiq gapirmayman.
Nima uchun endi gapirishim kerak?
Uning yo‘lini o‘zgartirishim kerak?
Yo‘q!
Lekin, u bola...
Xullas, daragi o‘chib ketdi.
Bir kuni de, uyushmaga kelsam, xat bor. Olsam, o‘shandan. Falon kasalxonada yotibman, siz bilan bir hasratlashgim keldi, ustoz, deb yozibdi. Tag‘in ming bir andisha... Sezdim: u bejiz meni yo‘qlamayapti. Uyimga telefon qilishdan cho‘chigan bola kasalxonaga chaqirib tursa!
Kun sovuq edi. Dekabr oyi edi-da. Avtoni surib haydab, bozorga bordim. Olma, nok xarid qildim. Ikkita issiq non. Bir qog‘oz xaltaga solib, kasalxonaga bordim.
Men u kasalxonada hech bo‘lmagan edim. Shaharning chekkasi. Aytgiligi yo‘q.
Palatasiyam sassiq, tor, olti kishi yotibdi.
Osma ukol olayotgan ekan.
Rangida rang yo‘q.
Ko‘nglim buzilib ketdi:
— Nima bo‘ldi? — dedim.
— Jigarim shamollapti.
— Ko‘zing sariq emas-ku?
— Sarig‘i sirtga tepmapti.
Voy-voy, cho‘p bo‘lib qolgan ekan. Bir oz gaplashib o‘tirdim: shunda uning bolalari tashlab ketgan bir rus kampirning balkonida — ijaraga turishini bildim. Rosa urishdim.
Axir, menga ochig‘ini aytsa, men unga joy topib berolmasmidim? Ana shunaqa edi-da...
— Xo‘sh, mendan nima yordam kerak? — dedim. — Bu yer juda iflos-ku?
— Iflosligiyam mayli, — dedi u. — Lekin dorilar uzilib qolgan. Bu yilgi dori ado bo‘pti. Yanvardan berishar ekan. Shunga sal-pal... Bu yerda odamlarning qarindoshlari topib kelishyapti. Mening hech kimim yo‘q...
Dod deb yuborayozdim.
— Seni yaxshiroq kasalxonalardan biriga o‘tkazaman, — dedim.
Tashqariga chiqqach, vrachlar bilan sal aytishdim ham: bunaqa kasalxona-yu, undagi dori problemasini fantaziya qilib ham topolmaysan, axir. Juda g‘alatida...
Keyin yugur-yugur boshlandi: bilmadim, uning o‘z otasi bo‘lgandayam menchalik chopmasdi.
Chopgan bilan hech narsaga qo‘li yetmasdi.
Rayzdravga kirdim. Keyin oblzdravga kirdim. Gorzdravga kirdim. Qor, muz. Mashinamning balonlariyam dabdala bo‘ldi hisob. Ijodim qolib ketdi.
Ishqilib, shunga yordamim tegsin, deyman-da.
... Oxiri yo‘li topildi.
Hukumatga yaqin shifoxona bor edi. Kirib, o‘zimni tanishtirdim.
Juda yaxshi qabul qilishdi.
— Shunday-shunday... Bir shogirdimiz bor, ahvoli chatoq... — deb tushuntirdim.
Bosh vrach yaxshigina odam ko‘rindi.
— Xo‘p bo‘ladi. Bir og‘iz so‘zingiz... Telefon qildirmasdan to‘g‘ri opkelaversangiz bo‘lar ekan, — dedi. — Bizda zapas dorilar bor, yaxshi qarashamiz...
— Rahmat. Salomat bo‘ling!
U meni koridorga kuzatib chiqdi.
Xayrlashayotib... nima deb o‘ylaysan?.. Indamay ketishim kerakmidi?
Yo‘q. Vijdonim yo‘l qo‘ymasdi, uka. Qurg‘ur vijdon azobi qattiq bo‘ladi-da!
Buning ustiga, u menga shogird bo‘lgandan keyin, uni bu yerga o‘zym keltirib yotqizganimdan keyin... haligi mas’uliyati ham bo‘ynimda bo‘ladi...
— Kechirasiz, — dedim. — Juda yaxshi, o‘ta talantli bola-yu, ba’zan jindak, nima desam ekan, betga choparlik odati bor... Yosh-da. Sizlarda hukumat odamlari kelib davolanadi... Shu, nima desam ekan, uqtirib qo‘yasizmi...
— Tushundim, tushundim, — degandi bu... yaramas ham! Keyin ko‘chaga ham kuzatib chiqqanini ko‘rib, juda ko‘nglim tinchigandi. Lekin: «— Bolani o‘zimiz olib kelamiz. Yo bugun, yo erta... Ishqilib, joy bo‘shashi bilan», — deganiga parvo qilmapman.
Juda charchagan ekanman, uyga ketdim. Shu kecha toza havodan nafas olay deb hovliga chiqqan edim, boshim shamollagan ekan, haroratim ko‘tarilib, to‘rt kun yotdim.
Beshinchi kuni zo‘rg‘a o‘rnimdan turdim.
Xayolim bolada!
Sen hozir tushunmaysan: katta bo‘l, yozuvchi bo‘l...
Keyin birovni shogird tut. Ana undan keyin mening holatimni tushunib olasan: bamisoli bolang-jigaringga aylanib qoladi shogirdlaring!.. Ammo u bitta edi!
Mashinani bir amallab garajdan chiqardim. Xotinim hay-haylab turibdi. Qaramadim.
Eski kasalxona oldidan o‘tayotib, to‘xtadim. Tavakkal qilib ichkariga kirdim. «Priyomni pokoy»ning oldidan o‘tayotgandim, o‘sha kuni aytishib qolgan vrachim chiqib qoldi.
— Assalomu alaykum, domla!
— Va allaykum, — dedim. — xayolim joyidamas-da. O’tib ketishimga...
— Marhamat, kiring.
— Bizning bolani opketishdimi? Qachon opketishdi?
— Yo‘q. Hech kim so‘rab kelmadi, — dedi vrach. Qarasam, rangi bir xil...
E, nima deysanki, uni o‘tgan kuni opchiqishgan ekan. Shu tobda morgda yotgan ekan...
He, shunday kuydim, shunday kuydim...
Uni kim o‘ldirdi? Endi o‘ylab ko‘r, o‘g‘lim: odamlar mana shunaqa. Qo‘rqoq, vahimachi, vijdonsiz!.. Bu gaplarni senga aytyapman.

* * *

Men mashinani to‘xtatdim.
— Tushing, domla!
— E, nimaga?
— Men o‘lishni istamayman.
1987
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 83304740

Yandex