Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Shukur Xolmirzayev. Xumor (hikoya)

13.11.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
“Hazrati Muhammadning (alayhissalom) odam bolasi bo‘lgani butun insoniyatga faxrdir. Chunki u zot umumiy bo‘lsa-da, o‘n to‘rt asr avval shunday qonun va asoslarni keltirdiki, biz ovrupaliklar ikki ming sanadan keyin ularning qiymati va haqiqatini anglab yetsak, eng mas’ud, eng saodatli nasllar bo‘lamiz”.
Shebol, faylasuf
 
 

Shukur Xolmirzayev. Xumor (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
XUMOR

Assalomu alaykum!.. Rahmat. Yo‘lda tushaman. Termizga yetmasdan. Statsionarga boryapman. Rangimni ko‘rib, hayron bo‘ldingizmi? Kasalim yuqumli emas. Ishonavering... Rahmat-e. Avtobusga yetib borgunimcha jo‘nab qoldi... Kuz tushib qoldi-ya. Ah, qanday yaxshi fasl. Shoirlarning sevgan fasli. Abdulla Oripovni yaxshi ko‘rasizmi? Menga juda yoqadi. Eslaysizmi, kuz turkumi bor:
«Ochiq ayvon ostin maskan etgan dam
Xazon davrasida kutaman seni...»
Yaxshi-i.
Paxta tergansiz-a? E, nima deyapman. Paxta termagan o‘zbek bolasi bor ekanmi!
Ammo-lekin boshqalarni bilmayman-ku, men... paxta terimi desa, jonim qolmasdi: qanot bog‘lab uchgim kelardi. O’ziyam yaxshi-da, a?
Shunday ochilib, charv moyday oqib yotgan bo‘lsa! Etakni emas, qopni sudrab ketaversang-u, og‘zini ochib, tergan paxtangni ichiga otaversang. Men shunaqa qilib terardim. Yaxshi terimchi edim o, iltor edik. Texnikumdayam aloxida brigadada terardim... Sizga xalaqit bermayapmanmi? Yo‘q, chalg‘itmayapmanmi demoqchiman?.. Raxmat. Juda zerikdim... Bir kishi bilan gaplashgim keldi. Qarasam, yap-yangi mashina yaltirab kelyapti. Kel-e, deb tavakkal qilib qo‘l ko‘targandim. To‘xtadingiz. Baraka toping. O’zi bu yerning odamiga o‘xshamaysiz? A-a, o‘zimam sezdim-ov! Tomosha yaxshi-da, birodar! Ayniqsa, kuzda!..
Men «kuz-kuz» deyapman, hayron bo‘lmang. Mana shu dardim ham kuz bilan bog‘liq, aka. Shunday... E-e, kuz! Ha-ha-ha! Siz she’r yozganmisiz? Men yozganman. «Kuz» deb... «Ku-uz!» deb, yo‘g‘on undovni qo‘yganman-u, tamom! Nimani yozishni bilmayman. Bir kecha oy haqida yozmoqchi bo‘ldim. Undayam shu ahvol: «Oy!» deb sarlavha qo‘ydim-u, qoldim. Deraza oldida o‘tirgandim. Oyga tikilaman deng. U ham shahar osmonida xira bo‘lib ko‘rinadi.
Texnikumda o‘qib yurganimda... Xadradagi «Gorkiy texnikum»ni bilasizmi? Imoratning nomi shu. Biz qurilish texnikumida o‘qirdik, yotog‘imiz ham o‘sha yerda edi.
Men to‘rtinchi qavatda turardim. Pastda — fontan. Qizlarning kokillaridek...
Yaxshi vaqtlar edi.
Ba’zan texnikumga shoirlarni chaqirardik. O’zim to‘garak boshlig‘i edim. Haligi ashula, raqs to‘garagimiz bor edi. Rubobniyam o‘shanda durust chertardik.
Ajoyib vaqtlar edi.
Lekin bizni biron qiz ham yaxshi ko‘rmas edi-da!.. Mana, aftimga qarang... Kechirasiz, qaramasangiz ham mayli. Juda badbashara man-da. Tag‘in, garmon bezlari taraqqiy etganmi, qarang, mirzaterakday bo‘lib ketganman. Mana, kallada soch ham yo‘q... Soch-ku keyin to‘kildi... Lekin bitta marg‘ilonlik qiz sal mayl bildirgan edi. Yolg‘onchi bo‘lmay. O’zlariyam juda novcha, xipcha qiz edilar. Yonimizda filfakda o‘qirdilar. Yaxshi ashula aytardilar. Biz rubobda jo‘r bo‘lardik... Goho filfak bilan kelishib, kontsert qo‘yardik-da. Shunda repititsiyada uchrashardik. Bir marta... xonamga kelganlar. E, aytishga uyalaman: xonani ozoda qilib o‘tirsang, o‘lasanmi deng! O’zing shoirtabiat-u, ahvoling bu... Xonaga kirishingiz bilan achigan nonu yuvilmagan paypoqning hidi anqirdi.
O, u kishi o‘shanda mening bir maykamni yuvib bergan edilar. Begona qiz-a! Voy, qanday olijanob edi!.. Men bo‘lsam, uyatdan o‘lib qo‘ya qolay derdim. Rostini aytsam, keyinini o‘ylamasam, to‘rtinchi qavatdan o‘zimni tashlardim...
U kishimi?
Bitta domlasiga tegib ketdi.
Ular Bo‘ka rayonida paxta terishardi-da. Biz Oqoltinda. Borib turardim. Qovun-tarvuz olib... Bir ajoyib yigit bor edi. Tarixdan juda zo‘r edi. Ularning brigadasiga yetgandan keyin, o‘sha yigitni topardim. U Nasibaxonni chaqirib chiqardi.
He, ba’zan kechasi yetib borardim. Biz ham paxta teramiz-da! Keyin u yoqqa jo‘nardim... Keyin u kishi shiyponga ketardi. Men Oqoltinga qaytardim. Yo‘li anchagina bor. Ba’zan xo‘rozlar ikki qichqirganda yetib kelardim... Lekin sira xafa emasman. Xafalik qayda! Chopib-chopqillab o‘sha yo‘lni bosib o‘tardim.
E, u tunlar!
Kechirasiz, bu juda laqqi bola ekan demang... Rahmat. Endi odam xijolat bo‘ladi-da.
Biz borganda, ya’ni, men borganda, Nasibaxon chiqqandan keyin xirmonjoyga o‘tardik-da, yashirinib, paxtaning ichiga kirib olardik. Yosh bolakaylardek-a! Keyin yonma-yon cho‘zilib yotib, gurung qilardik. Haligi paxtaning chigitini qirs-qirs chaqib... G’alati ta’mi bo‘ladi, bilarsiz?
Nima to‘g‘risida gaplashganimiz esimda yo‘q. Romantik ekanmiz-da! U kishiyam g‘irt romantik ekan!
Ana shunda uchinchi yili paxtaga chiqqanda, Nasibaxon aytdilar. «Men erga tegaman», dedilar. Lekin, «Siz xafa bo‘lmang, hamisha yuragimda qolasiz», dedilar.
Ana!
Sentimentallikmi? Ha. Lekin bo‘lgan gap — shu. Men indamadim. Keyin, ishonasizmi, yig‘labman: «Siz ham mening yuragimda qolasiz», debman.
Endi o‘sha gaplarni eslasam, uyalaman.
Lekin, o‘shanda... kiziq-da, shunday deyish, hatto yig‘lash ham menga yoqqan edi.
Shunday holatga tushganmisiz? E, kechirasiz...
G’alati ekanmiz-da...
Keyin biz o‘qishni bitirib vatanga qaytdik. Nasibaxonni burnog‘i yili televizorda ko‘rdim. Vodiyning qaysidir bir rayoni havaskorlarimi, folklor ansamblimi — chiqish qildi. Shunda xorda ko‘rdim. Kim biladi, balki, o‘xshatgandirman.
Nima?.. Uylandim, uylandim. Xotinimdan roziman. Juda xursandman.
Rayonga kelgandan keyin qurilishda ishlay boshladik. Injener yordamchisi. Pul bor... Lekin bu yerdayam bitta qiz qaramasa bo‘ladimi! Tavba qildim: mendan xunuklar uylanib ketyapti. Men — so‘qqabosh. Bitta kampir onamiz bor. Kimning uyiga borsa, rad javobi olib keladi.
Sababini keyin eshitaman: sochim kammish, yuzim bujirmish... Yuzga donacha chiqqandan keyin buziladi-da...
Bor-e, o‘zbek topilmasa, boshqasiga uylanaman, dedim. Qo‘l ostimda qizlar ko‘p edi: biri — betonchi, biri g‘isht teradi. Bechoralar qora mehnatdan qochmaydi-da. Bizda, masalan, rus qizlari paxta terishni bilmaydi, og‘ir mehnatdan qochadi, deyishadi. He, bekor gap. Qaysi o‘zbek qizingiz qurilishga borib, g‘isht terib yuripti? Qaysi biri bo‘yoqchilik qilyapti? Kombinizonni kiyib olib... To‘g‘ri, boshqa joylarda bunaqa ishlarda o‘zbechkalar ham bordir, albatta. Lekin bizda yo‘q edi. Bu — fakt.
Shunday qilib, bittasiga uylanib oldim. Meni tushunadi. Shundan ortiq baxt bormi?
Men savolni dangal qo‘yganman: «Xunukman. Kalman... Mana, arvohga o‘xshayman», deganman. Anisa: «Seni shu xunukligingni, arvohga o‘xshashligingni yaxshi ko‘raman», degan.
E, sevishib qolganmiz!
Oldin haligiday uzoq-uzoqdan qarash, keyin salom-alik... Keyin qo‘lim bo‘sh bo‘ldimi, unga qo‘shilib g‘isht tera boshlardim: nima uyati bor?
Shunday qilib... Yo‘q, bola yo‘q, aka. Ikki marta yetti oylik, sakkiz oylik bo‘lib tushdi. Hayronman, Lekin endi-endi buning sababini tushunyapman...
Aka, siz paxtaga sepiladigan dorini hidlaganmisiz? O, unda gapimiz qovushmaydi...
E, qiziqmisiz! Hidlash ham gapmi!.. Men sizga qanday tushuntirsam ekan?
O’ylab ko‘ring: oltinchi sinf bolasisiz. Endi o‘n ikki-o‘n uchga kirgansiz. Lekin, bizning rayondasiz... Bizda paxta ekilmaydi-da. Tog‘lik. Ammo paxta terishga orzumand bo‘lib yuribsiz. Yo‘q narsa — hamisha qiziq bo‘ladi. Buning ustiga, paxta — o‘zbek xalqining boyligi, g‘ururi deb tursalar!
Kitoblarda — uning rasmi! Pioner jurnallari, gazetalarida yosh terimchilarni to‘xtovsiz maqtashadi deng.
Eslang: paxta naq ochilganda, dalaga kirganingizda, dastlab dimog‘ingizga nimaning hidi urilgan?
Dorining,
Balli!
Endi, aka, har kim — har xil bo‘ladi. Men o‘zi go‘daklikdan ta’sirchan, har narsaga beriluvchi bo‘lsam kerak-da. Ishoning-ishonmang: ilk bor paxtazorga kirdim-u, dimog‘imga o‘shaning qo‘lansa hidi urildi. Sal boshim aylanib ketdi.
Keyin o‘zimga keldim. Keyin, yana ishonmasangiz o‘zingiz bilasiz, paxtaning hidi deganda — men o‘sha dorining hidini tasavvur qiladigan bo‘lib qoldim.
O’ziyam shunday-da.
Ayniqsa, o‘sha yillarda...
Yo‘q-yo‘q, siz uning hidini hidlab, ochig‘ini aytaman, menday rohatlanib ko‘rmagansiz.
Nega kulasiz?
Tasavvur qiling: keng paxtazor! Orzu qilgan paxtazoringiz! Oppoq ochilib yotibdi. G’ururingiz, faxringiz... Xo‘sh, uning hidi sal qo‘lansa ekan, nima bo‘pti?
Buning ustiga, o‘shanda uni hech kim «ximikat-yomon» demasdi. Bemalolchilik... Shiyponimiz anavi yerda-yu, bu yoqdagi ikkinchi terimdan chiqqan dalaga samolyotdan dori sepishardi. Sal sasirdi-yu, baribir-da: u sepilishi kerak, g‘o‘zaning bargi to‘kilishi kerak. Aks holda mashina kirolmaydi. Terim kechikadi.
Keyin sharmandalik!
Men uning hidini yomon degan kishi bilan o‘shanda ham... bo‘g‘ishardim-ov.
Ishoning, u mening... o‘sha hid mening eng aziz taassurotlarim bilan bog‘liq!
Bundan tashqari, men sizga ochig‘ini aytishim kerak, kishi o‘sha hidga o‘rganar ekan! Mana, sigareta chekasiz, yaxshi. Birovlar nos otadi, nasha chekadiganlaram yo‘q emas... Xullas, dastlab chekishganda, boshlari sal aylanadi, ko‘ngil bezovta bo‘ladi, hatto qusadi. Lekin keyin-chi?
Men bu doriga ana shunday xumori bo‘lib qolgan edim desam, hayron bo‘lmang.
E, aka!
Bu dunyoda yaxshilab, o‘ynab-kulib, zavkdanib yashash kerak... Endi o‘zingiz o‘ylang, mening butun zavqim-yashash tarzim o‘sha hid bilan bog‘liq-da! Hali men «dardim kuz bilan bog‘liq» dedim shekilli. Qarang, to‘g‘risini aytib qo‘ya qolgan ekanman.
Bolalik ham, he, texnikum, Nasibaxon bilan xir-monda gurung... O’sha xirmondan ham men rohatlanardim-da: nima, chigitni qirs-qirs sindirib — tishingizda sindirib yotganingizda, o‘sha hidni sezmaysiz-mi?
Siz sezmagansiz-da, xolos.
Biroq, o‘shaning nash’asi sizning tomirlaringizdayam bor!
E, nimalar deyapsiz?
Kechirasiz...
Nima? Paxtadami?
E, o‘n yilcha ishladik-da!
Qurilishda ishlab yuribman deng. Keyin... Turib-turib yuragim siqilardi. Bir narsalarning xumori tutadi. Nasibami deyman. Aylanaman, izg‘iyman... Ittifoqo kuz kelib qoldi-yu, bizdan ham besh-o‘n kishini qo‘shni rayonga paxta terimiga olib chiqishdi.
Bordim. Xirmonjoydan o‘tdim. Dalaning yoqasida turibman. Ishonasizmi, aka, xuddi begona joyga kelib qolgan musofirdekman. Paxtayam paxta emasday.
Bilsam, bu dalaga ancha kunlar oldin bir marta dori sepilgan ekan-u, havoga uchib ketgan ekan.
Ta’bim xira bo‘lib, orqaga qaytdim: dalaga kirgim kelmaydi. Tentirab yurib, bir garajga borib qoldim. Ko‘p tunuka banka, temir bochkalar qalashib yotgan ekan.
Shunda dimog‘imga go‘yoki atirning hidi kelib qoldi-ku! Chopib bordim. Xuddi ovcharkaga o‘xshab iskalanib ketdim. Bular butifosdan bo‘shagan idishlar ekan.
Shu hidlayman-e!
Ko‘pdan beri hidlamaganim uchun bo‘lsa kerak, bir mahal boshim aylandi, ko‘zim tindi, o‘xchib chiqib ketdim. Ariq bo‘yiga borib o‘tirdim. Biron soatdan keyin o‘zimga keldim.
Keyin... shunday roha-at!
Bilaman, siz menga qarshi gapirasiz hozir: bu fikrlarimga mutlaqo qo‘shilmasligingiz mumkin. Mayli. Men sizga «Nega chekyapsiz? Sigareta ziyon?» demayman ammo.
Mensiz ham, ana, qutisiga yozib qo‘yipti.
Endi-endi paxta dorisi ham zararli degan gaplar chiqa boshladi.
Inkor etmayman: bo‘lishi kerak!
Ammo... paxta-chi? U davlatga kerakmi, yo‘qmi, aka? Axir, paxta davlatimizning tirgaklaridan, ustunlaridan-ku! Boyligimiz, faxr...
Biz uni yetkazishimiz kerak ekan, sal ziyon ko‘rsak, nima qipti?
U yog‘ini so‘rasangiz, zararsiz narsaning o‘zi yo‘q!
Shu nafas olayotgan havoingizdayam zararli mikroblar bor. Mashinaning orqasidan chiqayotgan tutun ham — koni ziyon... E, hamma narsani o‘ylab, har narsadan hadiksirab yashasang, yashashning qizig‘i qolmaydi...
Hozirmi?
Yarim kilo selitram bor. Ustiga suv purkab tura-man. Shuni iskab-iskab qo‘yaman. Namiqqan tuzning hidi keladi-yu, harna-da...
Ha-da, chiqdim-da keyin ham...
Bultur Jindibuloqqa borib, sakkiz kun mexanizatorlarga qarashdik. U yerda ikkita dalaga samolyotdan butifos sepishayotgan ekan. Keyin men atay ularning xizmatiga o‘tdim.
Yaxshi to‘lasharkan. Shunga qaramay, u yerda ishlovchilar, talabgorlar kam ekan.
Qiladigan ishim — beton hovuzdan dorini paqirlab olish, oborib, samolyotning bakiga quyish. Ba’zan hovuzdagi doriga suv ozroq qo‘shilgan bo‘lsa, odamni juda tentiratib qo‘yadi. Shunda hech kim ishlamay qo‘yadi.
Men ishlardim...
Axir, kimdir ishlashi kerak-ku?
Keyin, ancha-muncha pul bilan, maza qilib qaytib keldim.
Nega menga munday tikilasiz?
Rangim...
Aytdim-ku, agar kasalligim bo‘lsayam, yuqumli emas. Yuqumli bo‘lganda, allaqachon Anisaga yuqib qolgan bo‘lardi. U xotinim, axir...
A? Yo‘q, bilmaydi. Aytmayman: nima qilaman aytib?
Bilaman: u qarshilik qiladi. Yaxshi bilaman: u mening aroq ichmaganimdan xursand. Sigareta chekmaganimdan xursand. Rus ayoliga nima kerak?
Kechirasiz, men endi... o‘zimizning ayollarga qiyoslab gapiryapman.
Labbay? Ha, ba’zan qon qusaman. «Tuberkulo‘z bo‘ldimmi?» deb do‘xtirlarga uchrovdim... statsionarga jo‘natishdi. Bir tekshiruvdan o‘tishing kerak deyishdi...
Bugun rayonga qaytsam kerak.
Ha-ha, soch ham keyin, ayniqsa, bultur to‘kilib ketdi. Og‘izga qarang, o‘zimning tishim emas. Yarmi sadaf, yarmi plasmassa...
Ha, quvvatim yo‘q... juda oz, aka... Hali aytdim-ku, avtobusga yetolmadim.
O’zimizning doktorlar «malakrov» deyishdi. Jigar ham sal og‘rigan bo‘lishi kerak.
E, issiq jon-da! Odamlar samolyotga tushishdan qo‘rqadi. Mashinaga minishdan qo‘rqadiganlari ham bor. Ammo o‘shalar to‘g‘ri yo‘lda bir qoqilib tushishsa, olamdan o‘tib ketishi mumkin.
Ammo ertalab juda mazam qochdi. Ta’bim ancha xira bo‘ldi...
Nima dedingiz?
Yot desa — yotamiz-da...
Kuz kelib qoldi-ya, aka!
Qarang, chug‘urchiklar ham kelibdi! He-e! Ku-uz!.. Shoirlarga yaxshi-da!
Bizlar... bizlar zavq olishni bilamiz, xolos.
A? Uzoqroq yotib qolsam, o‘rmalab bo‘lsayam chiqaman. Kuz kelibdi-yu, dalani ko‘rmasam bo‘ladimi?
Maqsad? Ham xumorni qondirish, ham hissa qo‘shish.
Labbay?.. Siz bir narsani tushunmayapsiz: u dori — mening... Kayfim, mahbubam, Nasibam... Qolaversa, tarjimai holimga singib ketgan, axir! Tushunyapsizmi? Mening butun... hayotimning ma’nosi, Vatan oldidagi burch, ilk muhabbatim... o‘shalar qatorida turadi.
Undan voz kechish...
... Ha-ha-ha! Siz sigaretani tashlab ko‘ring-chi! Qayda! O’pkasi chirib ketayotganini apparatda ko‘rganlarning ham chekishni tashlamaganini bilamiz.
Shunaqa bo‘lar ekan-da hayot!
Amerikada ta’qiqlangan?
Iltimos, to‘xtating... Anavinga qarang! Yo‘l yoqasiga! Ajriqzorgayam sepishipti-ku? Sap-sariq bo‘lib yotipti!
Nima?
Yo‘q-yo‘q, bir kayf qilib olay... Boshqa mashinaga osilarman keyin. Bu yog‘i yaqin qoldi.
1987
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 83158322

Yandex