Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Shukur Xolmirzayev. Xorun ar-Rashid (hikoya)

19.11.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• O’lim eshiklari hamma uchun ochiq.
• To‘qning ko‘ngli qo‘shiq istaydi.
• Katta qalbning og‘rig‘i ham katta bo‘ladi.
• Boshsizning o‘rmonida tulki xo‘jayin.
• Odamga doim nimadir yetishmaydi.
Osetin xalq maqollari
 
 

Shukur Xolmirzayev. Xorun ar-Rashid (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
XORUN AR-RASHID

G’o‘labir-miqti Meliboy Bo‘riev — viloyat firqa qo‘mitasining mafkura kotibi bugun, nihoyat, sobiq sekretarning hovlisiga joylashib oldi, uylar yaqinda ta’mirdan chiqqani ham unga qo‘l keldi: yotog‘i — yotoq, yemakxonasi — yemakxona, kutubxonasi — kutubxona bo‘ldi.
Mana, oqibat, u bolalarini yotqizib, choqqina hovlini ham kezib kelib, kutubxonasida, to‘g‘rirog‘i, ish hujrasida, stol yonida o‘tiribdi.
Yon tomonidagi harir pardali deraza qiya ochiq, undan toza havo kiryapti. O’qtin-o‘qtin qurvaqalarning og‘ziga suv olib g‘arg‘ara qilganday sayrashlari eshitiladi: bahor-da.
Kotib kontslager mahbuslari kiyimini eslatadigan yo‘l-yo‘l oq-pushti, yumshoq kiyimda.
U «BT»dan tutatib, o‘zicha rohatlanib xayol suradi: ipshi boshlashga boshladi — institut, redaktsiya, sog‘liqni sakdash boshqarmasi boshliqlari bilan alohida-alohida gaplashdi, — nazdida, ularning dardini bildi; sobiq kotibdan nolishlarini eshitib jilmaydi. O’zining xodimlari ham ancha ma’qul, ya’niki, xushomadgo‘y ko‘rindi: hali ularni ham bitta-bitta bilib oladi.
Umuman, ish yaxshi boshlandi. Biroq... biroq hozirgi talab, xususan, mafkura bobidagi «ming»lab gazetalarda yozilayotgan e’tirozlar, bu yo‘rig‘da boshqacha — haligiday — umuminsoniy qadriyatlar dasturilamal bo‘lmog‘i kerakligi, illo, partiyaviy mafkura ko‘p jihatdan o‘zini oqlamagani va hokazolarni ham hisobga olish lozimki, bu borada bosh qotirmay desa, Birinchi kotibning qat’iy talabi shu: partiyaning obro‘sini ko‘tarish kerak, dyomak, odatdagi partiyaviy mafkurani yangicha-samarador qilish joiz, buning ilk sharti — xalqqa yaqin bo‘lish, demak, uning qalbiga kirish, xo‘sh, uning barcha ehtiyojlarini bilib — ishni shunga moslash...
Ana shu «xalq ichiga kirish» masalasi Meliboy Bo‘rievni ko‘proq o‘ylatar, bu gap hamma vaqt bo‘lgan, deputatlik jo‘nidan saylovchilar bilan uchrashish ham, paxta terimi mahallarida «Volga»ni yo‘l bo‘yida to‘xtatib, uvat boshida terimchilar ila to‘rt og‘iz gaplashish ham — «xalq ichiga kirish» hisoblanardiki, endi o‘sha tadbirlar Meliboyning o‘zigayam kulgili tuyulardi: demak, qandaydir boshqacha yo‘l tutish lozim.
U qanday yo‘lki, oh, partiyaning obro‘sini bir ko‘tarib bersa! Unga odamlarning ixlosini birdan oshirib, deylik, Birinchining oldida yuzi yorug‘ bo‘lsa!
Lekin nachora...
Meliboy ana shunday jiddiy va murakkab o‘ylar og‘ushida esa-da, uning kayfi chog‘, «BT»ni rohatlanib tutatar va yumshoq kreslodan turgisi yo‘q edi.
Bir mahal kerishib, sigaret qoldig‘ini billur kuldonda ezib, qo‘zg‘aldi. Va beixtiyor deraza tomonga yo‘nalar ekan, qarshisidagi qizil javon ichida — tokchalarda yarqirab turgan kitoblarga ko‘zi tushdi. Chamasi, ularni tomosha qilish — qanday joylashgani, deylik, «Dunyo adabiyoti durdonalari» ko‘zga daf’atan yaqqolroq tashlanadimi yoki «Leninning jildlari», ana shu holniyam bir qur ko‘zdan kechirgali javon oldiga bordi-yu, eng yuqori tokchada ko‘rimsiz bo‘lib, hatto bu go‘zal «manzara»ga yopishmayroq turgan bir saf asarlarga tikilib qoldi.
— «Ming bir kecha», — deb pichirladi. Kayfiyati yanayam ko‘tarilib, sho‘xligi tutib, ulardan birini barmog‘ida tortdi. Oldi. Bu asarlarning aksarini yoshligida xatm qilgani, ulardagi sevgi sarguzashtlari ko‘p zamonlar yodidan chiqmay yurgani xotirasida uyg‘onib, yana stol yoniga qaytdi. Kitobni taxta oyna ustiga qo‘yib, tavakkal ochdi-da, ko‘zoynagini olib taqdi.
Harflari yiriklashib ketgan sahifaning ilk qatori:
«Bag‘dod xalifasi Xorun ar-Rashidning vaqt-vaqti bilan tunlari darvish libosini egniga ilib, qalandarxonalar, takyaxonalarda yurish odati bor edi. Shu asno u fuqaroning ahvol-ruhiyatidan xabardor bo‘lar edi...».
Meliboy o‘qishdan to‘xtadi-da, apil-tapil «BT»dan birini oldi. Ko‘zoynakni yechib qo‘yib, sigaretni yapon yondirgichida tutatdi va birdan iziga qayrilib ketdi.
Axir, buni biladi-ku? «Chor darvish»niyam o‘qigan-ku? Shohlar, shahzodalar ham qalandar jomasida...
Meliboy hayajonlanar, go‘yo izlagan-istagan narsasini topganday hovliqib nafas olar, ha-ha, u chindan ham muhim bir kashfiyot yaratganday edi.
— Da, vot ta-ak.
Tag‘in stol qoshiga qaytdi-da, endi bu kitobning keragi yo‘qdek shartta yopib, qo‘ygali joy izladi. Javonga oborsa xayolini tortaveradigandek tuyulib, stolning quyi tortmasiga tiqib yubordi. Eshigini yopib, serrayib qoldi.
Yarim soatdan keyin u darvoza sirtida — yomg‘ir savalab o‘tgan xiyobonda baayni paxta terimiga chiqqan azamat libosida bezovtalanib turar, tepadan — o‘risi daraxt yaproqlaridan tomayotgan tomchilarni go‘yo sezmas edi.
Egnida o‘n sakkiz yashar o‘g‘lining ayni terim mahallari kiyadigan qalin paxtaligi, kirza etigi va telpagi. Albatta, bu kiyimlar iflos, kir, ter hidi o‘rnab qolgan... ammo na chora, kiyishga majbur edi.
Meliboy, bu ust-boshga sira yarashmaydigan bir jiddiy nigoh bilan ariqning u betidan o‘tgan — neon chiroqlarida yiltirab turgan asfalt ko‘chaning u boshi-bu boshiga qarar, xayol qilish mumkin ediki, xizmat «Volga»si negadir kechikib qolayotir: kotib bundan darg‘azab!
Bir mahal o‘ng tomondan — daraxtlar panasidan asta jilib kelayotgan yengil mashina ko‘rindi. Meliboy unga qatgiq tikildi va ko‘rdiki, u — «Volga», oldoynasi chetida yashil chirog‘i yonib turibdi.
U ariqdan hatlab o‘tib, qo‘l... ko‘tarmadi: qo‘lini sal oldinga cho‘zib yerni ko‘rsatdi: shu yerda to‘xta!
Mashina ham uning qoshida to‘xtadi. Oynasi tushirib qo‘yilgan derazadan sho‘rtumshuq, ko‘zi yiltiroq, qoracha bosh chiqdi.
— Ha? — uning og‘zidan «Prima»ning achchiq hidi keldi.
— Nima «ha?» Yo‘l bo‘lsin?
— O’zing qaerga borasan?
Kotibning badani jimirlab ketdi: ming yildan buyon birov senlamagan edi.
— O’zing-chi, o‘zing? — Chamasi, bu savolni unida qattiqroq senlash uchun berdi.
— E, bor-e!
— To‘xta-to‘xta! — Meliboy shoshib, eshik tutqichidan ushladi. — Shu yoqqa! To‘g‘riga! — dedi.
— Shunday demaysanmi!
Meliboy «Volga»ning ortidan aylanib o‘tib, beixtiyor orqa eshikni ochdi. Boyagi achchiq hid o‘rnab qolgan kabinaga kirib, kirgan joyida o‘tira qoldi va shoshilinchda yon oynani tushirdi.
Shofyor mashinani yana jildirgach:
— Oynani ko‘tar, — dedi. — Shamollab qolasan.
— Bo‘lmasa, sen tushir oynangni. Haydovchi unga boshini burib qaradi.
— Kimsan o‘zing?
— Menmi? Men... mexanizator, — javob berdi Meliboy va derazaga qaradi.
— Chto-to ne poxoj, — to‘ng‘illadi haydovchi. — Qaerga boramiz?
— Haydayver!
Meliboy Bo‘riev qo‘shni viloyat firqo‘m kotibligidan kelgan, bu yurtda ilgari ikki-uch marta bo‘lgan, ushbu yo‘l esa bora-bora bir gal mehmon bo‘lgani — tog‘ bag‘ridagi Qaynarbuloq degan qishloqdan o‘tishini bilardi.
U ana shuni birdan eslab:
— Qaynarga! He, buloqqa! — dedi bepisandlik bilan. — Bilasanmi uni?
— Be.
— Bilsang, o‘sha yerga!.. Restoran ishlayaptimi?
— Ha, Pasajir olamizmi?
— Qanaqa pasajir?
— Avtostantsiyaga burilsak, olamiz-da. Yo bir o‘zing to‘laysanmi?
— Bir o‘zing emish... Men senga buyurdim. Haydayvermaysanmi! Him, ha, o‘zim to‘layman. Him, juda g‘alati bo‘p ketgansizlar-a?
— Tushunmadim.
— Endi... Shu sigaretni tashla. Mana, mundan chek! — Meliboy «BT» qutisini uzatgandan keyin xato qilganini... umuman, xato qilayotganini angladi. — Obkomning do‘koniga kirib qolgan edim, shunda bor ekan... — deb to‘ng‘illadi. Yana xatoga ketayotganini fahmlab izoh bergan bo‘ldi: — Xo‘jayinlar bilan kelgan edik... Ular obkomning dachasiga kelishdi.
— Sen o‘zing qaerliksan? — so‘radi shofyor. — Buningdan chekmayman. Slabiy.
— Men ham chekmas edim-u... — Keyin kulib yubordi. — Chekib o‘rganmaganlarga bu yaxshi... Nimani so‘rading? Ha-a, «qaerliksan»... E, jo‘ra! Shu yerlikmiz-da! — dedi Meliboy Bo‘riev va chapanachasiga yastanib oldi. — Da-a... O’zing-chi?
— Biz ham, — dedi u istamay, — shu yerlik. Keyin Meliboyga iljayib qaradi. — Mabodo KGBga aloqang yo‘qmi?
Meliboyning kapalagi uchib ketdi. Ayni chog‘da o‘tgan kuni viloyat va shahar DXBlari boshliqlari bilan ham Birinchi kotib huzurida uchrashganini, reketchilar bu yerda ham paydo bo‘lishgani haqida qayg‘uli suhbat kechganini esladi. Shofyorga allaqanday qarab:
— Nima deding? — dedi.
— KGBchimisan?
— Bekorlarni aytibsan! — og‘zidan chiqib ketdi Meliboy Bo‘rievning. — Tavba...
— Kim biladi endi.
— Shuning uchun bilmasdan gapirma, uka! — Tag‘in xato qildi: shofyorini «uka» der edi. — Xo‘sh, nima gaplar bor olamda? E, aytmoqchi, pudratga o‘tdinglarmi?
— Arendaga de, — dedi shofyor va sigaretasini tortib, uzun pufladi. — Kuch yetmadi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga-da... Taksining yangisini olish uchun falon pul berish kerak. Eskisi yaramaydi. Buning ustiga, remont o‘z hisobingdan. E, og‘a, bu ishlar bo‘lmaydi... Ey, menga qara! — O’zi Meliboyga qarab qo‘ydi. — Bu ishlarning oxiri nima bo‘ladi, a? Mana, obkomga kirib turar ekansan. Kattalar...
— Kattalar ham bilmaydi, — dedi Meliboy Bo‘riev tuyqus. Lekin o‘z gapidan ori keldi. Kattalar... hamma vaqt hamma narsani bilishardi: ayniqsa, kommunistlar... — Menga qara, — dedi endi u shofyorga, — sen shu, partiya... deganiga qanday qaraysan? Umuman, sizlar — hamkasblaring qanday qaraysizLar?
Haydovchi yelkasini qisdi.
— Bizning zavgar partiyadan chiqdi... Lekin baribir zavgar! — xitob qildi kulib. — O’ris shopirlar oyoq tirab olishdi. — Demokratiya! — U yana qah-qah otib kuldi. — Partkom changallab qoldi. Bechora...
Bo‘rievning ta’bi tirriq bo‘ldi: ha, bunday ishlar ko‘p bo‘layotir. Ayniqsa, Toshkentda, ayniqsa, haligiday ishchi sinfi orasida. Mana bu yergayam yetib kepti.
— Ey, partiyaning nimasi yomon-a, nimasi? — birdan do‘q qilgudek bo‘lib so‘radi.
— Sen partiya a’zosimi?
— Albatta!
— Unda o‘zingdan so‘ra... Bizga baribir, og‘a. Ishqilib, qorin to‘q bo‘lsa, ust but bo‘lsa, tagimizdan shamol o‘tib tursa — bo‘-o‘ldi.
— Axir, partiyaviy e’tiqod-chi?
— Nimalar deyapsan o‘zi?
— E’tiqod.
— Men bunaqa gaplarni tushunmayman.
— Esiz.
— Jim o‘tir.
— A?
— Tushirib tashlayman. Mana, ikki kilometr yurdik. Haqiniyam olmayman.
«Tushirib tashlayman, — o‘yladi Meliboy alam bilan. — Bunga qanday chidash mumkin? Bu — o‘zboshimchalik-ku? Yo‘q, bu ahvolga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!»
— Menga qara, qaysi parkdansan? — deb so‘radi-yu, boz xatoga ketganini anglab qoldi: bu bilan janjal qilish — o‘chakishishdan nima foyda? Buning qalbini bilish kerak-ku? — Sizlarda hamma shopirlar ham shunaqa qo‘polmi?
Mashinani sekinlata boshlagan yigit yana tezlatdi.
— Yo‘q. Men shunaqa... Sen ham kattalardan yiroq yur, otdan tush. Anavi «BT»ni «Prima»ga almashtir, mendan battar bo‘lasan... He, bilaman, mexanizatorlarni! Bari o‘g‘ri-aldamchi. Bitta orden-medal deb yuradi. Qarabsizki, deputat!..
Meliboy kulimsiradi.
— U zamonlar o‘tib ketdi.
— Baribir...
— Shoshma! — Meliboy oldinga intilib so‘radi: — O’sha kunlar yomonmidi, a?
— Kimga qanday. Lekin o‘shanda ul-bul topilib turardi. Bozorlar ma’mur edi.
— Ana! — dedi birdan Meliboy shoddanib. — Partiyaning obro‘si tushgani uchun shunday bo‘ldi! Endigi maqsad — uni ko‘tarish! Tushundingmi? Him, bunga sen ham hissa qo‘shishing mumkin... — U yangi sigaret tutatib oldi. Shofyorning yondirgichga qarab qo‘yganini ko‘rib ishshaydi. — Sovg‘a... Xo‘sh, — shiddat bilan davom etdi yana, — haligiday pravakatorlarga qarshi turish lozim! Zavgaringni aytyapman!..
— Ey, sen kim o‘zi, a? — Shofyor mashinani chetga burib yubordi.
— Hayda, hayda!
— Oldin kimligingni bilay.
— Aytdim-ku?
— Tuf-e! — U yana «Volga»ni shiddat bilan haydab ketdi. — Menga partiyasini maqtaydi! U qil, bu qil... E, tavbangdan ketay! Men bunga tushuntiraman: osh-non kerak, ust-bosh kerak... deb! Vot, tushunmaydi i vsyo!
Meliboy uning dardini tushunib turardi. Lekin o‘rgangan og‘izdan o‘rgangan gap chiqar ekan.
— Da-a, — dedi u beixtiyor xo‘rsinib. — Sizlarga faqat shu... kerak: yeyish, ichish, kiyinish, pul...
— Senga-chi? — U baqirib yubordi, tag‘in tormozni bosdi. — Bola-chaqang bormi o‘zi? Uy-joy?
— Bor, bor, — dedi Meliboy. Uning ko‘z oldiga uy-joyi, kutubxonasi kelmadi: firqo‘m kotibining bunday narsalarga ega bo‘lishi tabiiy hol. — Lekin menda... jo‘ra, e’tiqod ham bor! — deb xitob qildi.
— Yana e’tiqod... Mening e’tiqodim — yaxshi yashash. Halol yashash. Lekin halol yashashning iloji yo‘q. Turmush majbur qiladi. Mana, men avtostantsiyaga o‘taylik dedim. O’tsak, kamida yana ikki kishini olardik. Ko‘nmading. O’zingdan ko‘r.
— Bu nima deganing?
— Hammasini o‘zing to‘laysan endi.
— To‘laymiz.
— Mayli-e! — xo‘rsinib yubordi shofyor. — Aytmoqchi, obkomning do‘konida yana nimalar bor ekan?
— Ko‘p narsa.
— Tufli-chi?
— Bo‘lsa kerak.
— O’g‘il injiklik qiladi. Chayqovga chiqsa, yuz ellik so‘m depti..
— Qimmat... — Meliboy o‘zini o‘nglab oldi. — Endi ular — chayqovchi-da!
— Ochiq magazinda bo‘lsa-ku, o‘zimgayam olardim. He! Kerakmas! Shu galgi maoshni shunday qo‘liga tutaman! Bor, o‘g‘lim, deyman. Ol, kiy! Yayra! Tepkilab-tepkilab kiy... Voh! Avtostantsiyaga o‘tsak bo‘lardi-da.
— Aytdim-ku, o‘zim to‘layman deb!
Shofyor mashina tezligini yana oshirdi. Ro‘parada, chap qo‘lda yolg‘iz chiroq miltillab turar, bir-ikki odamning qorasi ko‘rinardi.
Haydovchi «Volga»ni o‘sha yerga — tosh devorli bekat va yo‘lovchilar qarshisiga yetganda to‘xtatdi-da, motorni o‘chirib, butun gavdasi bilan Meliboyga burildi.
— Pulni cho‘z.
— Him, Qaynar... ga boramiz. Olasan! — dedi Meliboy va bekatdagilarga qarab kulimsiradi. — Bu yerda pasajirlar bor ekanmi?
— Ha. Men senga ishonmayapman. Mana, schyotchikka qara, uch so‘m urdi. U yokda ikki so‘mlik yo‘l qoldi. To‘la-chi? — U endi qo‘lini uzatdi. Meliboy hayron qoldi.
— Vey, boraylik. Menga ishonmayapsanmi? — Keyin qo‘shimcha qildi: — Balki yana birga qaytishimizga to‘g‘ri kelar...
— Xo‘p. Lekin hozircha borini to‘lab qo‘y. Bo‘l-bo‘l! — Shunda bekatdan chopib kelayotgan o‘smirni ko‘rib baqirdi: — Mashina hech qayoqqa ketmaydi.
Meliboy nihoyatda xijolatga tushdi: nahotki bu yigit unga ishonmasa!
— Ey, odammisan? — deb yubordi birdan. — Insonga ishonmaysanmi? Men axir...
— Uf!
— Obormaguningcha bermayman!
— Shundaymi?
Shofyor motorni yurgizib, mashinani vangillatib jildirdi va ellik qadamlar masofadan keyin keskin chapga burdi. Shunda «Volga» shag‘al uyumiga duch kelib sapchib ketdi. U yokdayam shag‘al ko‘p ekan.
Yigit mashinani jahl bilan tislantirdi. Kelgan yo‘llariga to‘g‘ri qilgach, motorni o‘chirdi-da, yoniq qoldirilgan chiroqlar oldidan aylanib kelib, eshikni ochdi.
— Chiq!
Meliboy uyatdan, haqoratdan terlab ketdi. Va shofyorning qo‘li cho‘zilmasdan burun chiqishni ma’qul ko‘rdi. Surilib, sipolik bilan chiqdi.
— Ishonmading-a?
— Cho‘z! Cho‘z! — Shofyor mashina tumshug‘i tomon jildi: olgan haqini nurga tutib ko‘rmoqchi.
Meliboy esa u yerga borsa... anavi bekatdagilar tanib qoladigandek joyidan jilmay, har ehtimolga qarshi deya olib chiqqan pulidan uch so‘mni ajratdi-da, uzatdi.
U olasolib tikildi.
— Kam-ku bu?
— Nega? Ana, schyotchiging...
— Schyotchikning onasini... Yana uch so‘m ber! Tuda-sudaga... O’zim ham bilgandim-a! Apirist! Tag‘in orqaga qaytmoqchilar bu kishi. Oltmish so‘m planim bor!.. Moshina haqini to‘lashim kerak! Meni kafangado qilmoqchi bu haromi!
Meliboy uning dardini darhol angladi: ha, bunaqa yap-yangi «Volga»ni garajdan olmoq uchun xo‘jayinlarga kamida ming so‘m cho‘zish kerak: bu haqiqat... Biroq, endi shofyorning qattiq-qurum gaplariga, hatto senlashiga-da ko‘nikkan esa-da, uning «apirist, haromi» degani... yo‘q, bunga toqat qila olmaydi. U firqo‘m kotibligidan ketsa ketadi-yu, o‘zini bunchalar yerga urdirmaydi: u o‘rganmagan axir!
— Beri ke, — dedi unga.
— Pulni cho‘z... — Tislandi u. — Bu yo‘lda odat shu! Hamma biladi! Qani, bo‘l!
Shubhasiz, shofyor yigit g‘o‘labir-miqti Meliboyni tik holda ko‘rib, tag‘in uning ishonch bilan «beri ke» deganidan qo‘rqqan edi.
Shunda har ikkisining ham joniga ora kirib... boyagi o‘smir bilan novcha, sallali kishi ham yaqinlashib kela boshladi. Meliboy o‘zini orqaga tortdi, shofyor esa battar avj oldi:
— Ey, musulmonlar, mana bu apiristni ko‘ringlar! Pulni bermayapti! Men kommunist deydi. Yana bir balolarni aytadi. Pulni bermaydi... — Keyin qo‘lidagi uch so‘mlikni yoruqqa tutib ko‘rsatdi. — Bergani shu! Xo‘sh, aytinglar-chi, markazdan shu yergacha shumi?
Sallali:
— Men besh berardim, — dedi.
— Buning bergani shu!.. Hoy, buyoqqa chiq, nomard! Men ketishim kerak. Vremya — dengi!
Melivoy Bo‘riev, nihoyat, mashinaning bu yog‘idan o‘tib, ular qoshiga bordi.
— Assalom alaykum! — U avomga salomning kuchini bilardi: ayniqsa, qaltis vaziyatda.
— Alekum, — dedi qariya.
— Qarang, bu salom berishniyam biladi-yu! — Chiyilladi haydovchi. — Munday qarasang, duppa-durust odam...
— Men senga bir so‘m ham ortiqcha bermayman, — dedi Meliboy Bo‘riev. — Schyotchik ko‘rsatganini olding. Endi... ketaverishing mumkin. Lekin biz sen bilan Qaynarbuloqqacha kelishgan edik. Buyam esingdan chiqmasin!
— Voy, nomard-e, — qiqillab kuldi shofyor. — Voy, iplos-e! Axir, ey nokas, hammasini to‘layman deb aytgan kim? U va’da seni esingdan chiqdimi?
— Haliyam to‘ladim, — dedi Meliboy. U yo‘lovchilarda yaxshi taassurot qoldirish uchun o‘zini mumkin qadar sipo-vazmin tutmoqda edi.
— Voy, qizzig‘ar-e!
— So‘kinma.
— Axir, men avtostantsiyaga o‘tsam... Voy, tavbangdan ketay! Bu qanday balo, a, musulmonlar?
— He, shopirni haqini bering-e, — dedi sallali. — Buniyam bola-chaqasi bor. Falokat oyoq ostida, to‘rt g‘ildirak ustida yuradi. Buning ustiga, buyoqlar ovloq...
— Qaynargacha yigirma besh so‘m berishganini ko‘rganman, — dedi o‘smir.
Chamasi, bu gap shofyorning alamiga yermoyi sepdi, u tutatmoqchi bo‘layotgan sigaretini yerga urganda, Meliboy:
— Yo‘q, o‘rtokdar, — dedi. — Men printsipialli odam, ortiqcha pul bermayman. Bundan tashqari, endi... — Qolgan gapni ichiga yutdi. «Endi Qaynargacha oborib qo‘yishini talab etaman!» demoqchi edi. Bu gap g‘oyat xavfli tuyuldi: shofyorni butkul quyushqondan chiqarib qo‘yishi ustiga, qishloqqa yetgandan keyin ham janjal ko‘tarsa...
Haydovchi o‘pkasi to‘lib:
— Otaxon, men umrimda bunday naxalga birinchi duch kelishim, — dedi. — Nima qilay, a? Nima qila-aay? — baqirib yuborib, Meliboyga yuzma-yuz bo‘lgandi, Meli uni urib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi-da:
— Men obkom sekretariman, — dedi. Degach: «Bular baribir bilishardi. Bo‘lgan ish bo‘ldi», — deb o‘yladi. — Endi ajralishamiz. O’zi, bu mashmasha jonga tegdi.
Lekin u katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi: fuqaroning viloyat begi — obkom sekretari haqidagi muqim tasavvurini hisobga olmagandi.
Shofyor qotib qoldi.
— Nima, nima?
— Obkom sekretariman.
Shofyor jahl bilan oldga yurib qulochkashlab urdi. Meliboy Bo‘riev — sipogina, hatto viqor bilan turgan yigit chayqalib uchib ketdi. Shag‘alga borib tushdi. Shofyor unga intilib borib tepa boshladi.
— Obkom sekretari! Obkom sekretari emish... He, onangni... seni, apirist! Boshdayam sezgan edim bir balosi bor, bu makkor, deb... Mana, senga Qaynarbuloq! Mana... diligatliging uchun! Mexanizatorliging... Yo‘q, bu mexanizator ham emas... Voy, otaxon-e, shu yerda to‘xtaganimni qarang!
Ko‘zidan o‘t chiqib ketib, yiqilgach aqli og‘gudek bo‘lib qolgan Meliboy Bo‘riev endi faqat yuzini bekitish uchun yuztuban bo‘lib olgan, miq etmas, hatto tepki tushgan a’zosini ham qimirlatmas — ag‘darilmas edi.
— He, onangni... — Shofyor uning yuzini ehtiyot Qilayotganini, bir so‘z qotmaganidan o‘z gaplari haqqa chiqqaniga inonib, tantanavor kuldi. — Tur endi! Obkomingga bor... Enag‘ar! Voy, buning tayinli joyi Ham yo‘q, otaxon! Qani, mashinaga kiringlar. Xudo haqqi, aytmadi... Hozir yurtda kim ko‘paygan — reketchi, apirist.
— Rost, rost, — dedi qariya. — Zamon buzildi... He, la’nati-e.
Shofyor eshikni ocharkan, yana kuldi.
— Obkom sekretari! Sal pastroq tush...
— A, bo‘lsa-chi, obkom sekretari bo‘lsa-chi? — dedi o‘smir. — Men raykom sekretarini ko‘rganman, xuddi shunday kiyinib paxtada yurgan edi.
— Paxtang boshingdan qolsin. Kir ichkariga!..
— Bizdan qancha, bolam?
— O’n so‘m berasiz, otaxon. Mana, nevarangiz ham bor...
— He, pulniyam qadri ketdi.
Shofyor oyog‘i uchida ko‘tarilib, hamon to‘nkarilib yotgan Meliboyga qaradi-da, kabinaga kirib, motorni yurgizdi. Mapshnani yaxmalak otganday qilib haydab ketdi. Salda uning orqa chiroqlari ham o‘chdi.
Meliboy, nihoyat, turib o‘tirdi-da, biqinlari qattiq zirqirayotgani, og‘zi sho‘rtak ekanini tuyib tupurdi. Xo‘rsindi va alam-o‘kinch bilan toshbekatdagi yolg‘iz chiroqqa qaradi.
So‘ng inqillab yig‘lab yubordi. Tizzalari ko‘ziga manglayini qo‘yib xo‘p silkindi. Bir mahal mashina tovushi eshitilayotgandek bo‘lib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, ingrab yubordi. Beli... nam, mayda toshchalar. Egnida qalin paxtalik borligiga shukrona qilib qoqindi.
So‘ngra kimdir qarab turgandek qomatini tik tutib, bekatga yo‘l oldi.
Bu yerlar — chindan ham ovloq edi. O’ng tarafda — qop-qora tog‘ soyaga o‘xshab turardi, so‘l tomon — eniga adirlar. Havo namxush, zax.
Meliboy bekatga borib toshkursiga o‘tirgani ma’qulmi yoki panaga o‘tib o‘tirganimi — shuni o‘ylarkan, badanidagi og‘riq uni shu yerga cho‘ktirdi. U qiyshayib qolgan telpagini bostirdi-da: «Ishqilib, tanishlar o‘tmasin-da», deya boshini egdi.
U chayqalar, pushaymon yeyishniyam, yemaslikniyam bilmas edi. Bir payt moshina nomerini eslamoqchi bo‘ldi: nomerga qaramapti.
«Uni-ku toptirish mumkin... — deb o‘ylab ichida kulimsiradi. — Nima foydasi bor?» Ammo shu onning o‘zida u yigitdan... bir qasd olmasa, uni bir marta dabdalasi chiqqanini ko‘rmasa, sira-sira xumordan chiqmasligini his qildi. Va hatto: «Ko‘ramiz!» deb ham qo‘ydi.
Ammo ayni chog‘da bu o‘ylar — xomxayol, alamzadalik natijasi ekanini anglab turardi.
Nihoyat, g‘ijimlangan «BT» qutisini chiqarganida, ajabo, Qaynarbuloq yo‘lida ko‘zini... ko‘kartirib kelayotgan mashina ko‘rindi.
Meliboy o‘zini tutib o‘rnidan turdi. Beton supachadan tushib, qo‘lini... yerga qadayottandek qildi. Oq «Volga» kelib to‘xtadi. Meliboy ishonch bilan tag‘in... orqa o‘rindiq eshigini ochmoqchi bo‘ldi, ochilmadi. Shofyor ichkaridan unga tikilib turardi.
Meliboy eshikka imo qildi. Shofyor yo‘lovchining basharasidan o‘ziga kerakli ma’noni uqib oldimi, tugmachani ko‘tardi.
— Assalom alaykum, — Meliboy Bo‘riev ichkariga kirib o‘tirdi. — Xavotir oldingiz-a?
— Vaalaykum assalom... Endi, ehtiyot shart yaxshi-da.
U kishi o‘rta yashar, do‘ppi kiygan, horg‘in ko‘rinar edi.
— Ma’qul, ma’qul, — dedi Meliboy.
— Markazgami? — Ha..
Mashina jildi. Shofyorning haydashi ham o‘ziga o‘xshardi: bir maromda.
— Cheksam maylimi?
— Oynangizni tushirib qo‘ying.
— Rahmat... — Meliboy sigareta tutatib, o‘rindiqqa yastanib oldi-da: — Aka, sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? — dedi.
— So‘rang, uka.
— Him, raykom... yo‘q, obkom sekretarining mana shunday ust-bosh bilan tunda yurishiga ishonasizmi?
Shofyor unga qaradi.
— Obkom sekretarimisiz? Meliboy horg‘in bosh irg‘adi. — Ha..
— Bilmadim.
— Nega? — qizishib so‘radi Meliboy. — Axir, xalqni o‘rganish uchun yurishi... mumkin-ku? Shu tariqa. partiyani xalqqa yaqinlashtirish uchun, demak, partiyaning obro‘sini ko‘tarish uchun... Umuman, rahbarlikning...
— Yo‘q, uka, — dedi u. — Buning uchun sekretar... Xorun ar-Rashid bo‘lishi kerak. Ana shunday bo‘lolmagani uchun ham partiyamizning obro‘si ketgan...
— Obro‘si qayta ko‘tarilmaydimi?
Shofyor kiftini uchirdi.
— Uka, siz ham bizga o‘xshab oddiy odam ekansiz, — dedi u yo‘ldan ko‘z uzmay. — Keling, pastroq tushib, oddiy gaplardan gaplashaylik.
— Xo‘p.
— Bekatda o‘tirgan edingiz...
— E, shu...
— Yo‘lda ishlaysizmi?
Meliboy Bo‘rievning tag‘in yig‘lagisi kelar, et-badanidagi og‘riq yetmayotganday bag‘ri-dili xun bo‘lib eza boshladi.
U ko‘zlarini yumdi va... ochdi.
Mashina naq hovlisi yonidan o‘tmoqda edi. Birdan shofyorning yelkasiga turtdi.
— Keldik!
Mashina to‘xtadi. Meliboy cho‘ntagidan pul chiqardi. Undan bitta uchtalikni ajratdi-da, o‘ylanib qolib, tag‘in bitta uchtalikni qo‘shdi, uzatdi.
Shofyor olti so‘mni olib:
— Yaxshi boring, — dedi. — Lekin partiyaning obro‘si...
Meliboy tez-tez bosh irg‘agancha kabinadan chiq-di-yu, qotib qoldi.
1990
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 83304638

Yandex