Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Olmas Umarbekov. Yolda (hikoya)

04.08.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Bilishini biladigan odamga ergashing, bilishini bilmaganni ogohlantiring, bilmasligini biladiganga o'rgating, bilmasligini bilmagandan qoching.
Konfutsiy
 
 

Olmas Umarbekov. Yolda (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
YO’LDA

Toshkent — Namangan poezdi yo‘lga chiqqanda, qosh qoraya boshlagan edi. Boyagina ko‘zga tashlanib turgan past-baland imoratlar, daraxtlar asta-sekin qorong‘ilik ichiga g‘arq bo‘la boshladi. Shahardan chiqilganda esa, hech narsa ko‘rinmay ketdi. Faqat olislarda tup-to‘p bo‘lib chiroqlar miltillar va vagon derazasi ortida semaforlarning ko‘m-ko‘k ko‘zlari lipillab o‘tib turardi.
Olis safarga chiqqaningda atrofingdagi odamlar bilan tezroq tanishib, birpasda kadrdon bo‘lib ketasan va ko‘pincha hammadan, hatto eng yaqin do‘stlaringdan ham sir tutgan narsalarni uyalmay-netmay aytib berasan, bu ham yetmaganday, sirli, nozik, faqat o‘zingga, juda bo‘lmaganda, do‘stingga tegishli bo‘lgan orzularingni o‘rtaga tashlab, begona odamlardan maslahat so‘raysan. Xullas, boshqa paytda izzat-nafsingga tegadigan ancha-muncha gaplar bilan o‘zingni ovutib, safarni ko‘ngilli o‘tkazishga harakat qilasan. Bizning kupeda ham shunday bo‘ldi. Poezd bir stantsiya yo‘l bosar-bosmas, hammamiz tanishib oldik. Hamrohlarimning bittasi yoshi elliklardan o‘tib qolgan bank inspektori ekan. Qora qunduz yoqali, ko‘kimtir palto kiyib olgan bu odam asli namanganlik bo‘lib, hisobot ishlari bilan markazga tushgan ekan. U vagonga chiqqanidan beri qora mayiz yeyishu ko‘k choy ichish bilan ovora edi. Aytishiga qaragan-da, mayiz bilan choy har qanday dori-darmondan afzal emish.
— Ota-bobolarimiz buning sirini yaxshi bilishgan, — derdi u gap orasida. — Yozda nonushtadan uzumni kanda qilishmagan, qishda mayizni. Shuning uchun-da, kasal nimaligini bilishmagan. Mana, men o‘zim ham shu yoshga kelib, haligacha biron marta doktorga murojaat qilganim yo‘q. Yo ishonmaysizmi?
Uning gaplariga ishonmay bo‘lmasdi. Qip-qizil mag‘izdek yuzlari, oq oralay boshlagan soch-soqolidan sog‘lom, baquvvat odamning nafasi ufurib turardi.
Ikkinchi hamrohimiz birinchisidan bir oz keksaroq, qotmadan kelgan, ko‘z osti qovoqlari salqib tushgan... Cheksa kerak, moshkichiri mo‘ylovi sarg‘ayib ketgan edi. Bu odam shahar arxivida ishlar ekan. Qarindoshlarini ko‘rgani kelayotgan ekan. Uchinchi hamroh bilan faqat salom-alik qildik, xolos. Charchagan ekanmi, poezd yurishi bilanoq, bir oz mizg‘ib olaman, uzr, deb tepaga chiqib olgan edi.
Poezd qandaydir bir stantsiyaga kelib to‘xtadi. Bank inspektori termosini qo‘ltiklab g‘izillaganicha pastga tushib ketdi. Men ham o‘rnimdan turdim. Pastga tushaymi, tushmaymi, deb birpas derazadan tashqariga qarab turdim. Stantsiya kichkina bo‘lsa kerak, ikki-uch joydagina chiroq yonib turibdi. Boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Tushishga axd qilib, endi eshik tomon yuruvdimki:
— Ulgurmaysiz, — deb qoldi xirildoq ovoz bilan mo‘ylovli hamrohim. — Bu yerda poezd ko‘p to‘xtamaydi.
Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. U gapni tugatishi bilan qo‘ng‘iroq chalindi. Poezd bir siltanib, sekin qo‘zg‘aldi. Bank inspektori hovliqib kirib keldi. Uning yuzida sevinch barq urib turardi.
— Sal bo‘lmasa qolib ketardim-a! — dedi u nafasini rostlar ekan. — Yo‘lda issiq choy bo‘lmasa qiyin. Ayniqsa, mendaqa choyxo‘rlarga! — U katta og‘zini to‘ldirib kulib qo‘ydi. — Piyoladan bug‘ chiqib turmasa, choy ichganday bo‘lmayman, gapimdan adashib ketaveraman. Hozir yangitdan damlaymiz. Qani, marhamat qilinglar!
U menga ro‘parasidagi bo‘sh joyni ko‘rsatib, paltosini yecha boshladi. Keyin, kissasidan bir siqim mayiz olib stolga sochdi-da, choy damlay boshladi. U bu ishni shunday hafsala bilan qildiki, go‘yo choy damlash hayot-mamot masalasini hal qiladigandek tuyuldi. Damlab bo‘lib, og‘ir xo‘rsindi, hammaga bir-bir qarab chiqdi. Undan ko‘zimizni uzmay turganimizga qanoat hosil qilgach:
— Qani, olinglar, — dedi mayizga ishora qilib va termosning kumush rang qalpog‘iga choy quyib birinchi o‘zi icha boshladi. — Asil choy bo‘libdi.
Biz kulib qo‘ydik.
— Qani, qarasinlar, taqsir, — dedi ko‘p o‘tmay u va termos qopqog‘ini yangitdan to‘ldirib, yonidagi mo‘ysafidga uzatdi. — Bu, oshnamiz deyman, rosa uyquni uryaptilar-ku, a?!
Beixtiyor tepaga qaradim. Yuqori polkadan yengil xurrak tovushi eshitilardi.
— Har kimning tabiati har xil ekan-da, — inspektor jilmayib ko‘ydi. — Yo‘lda uxlash u yoqda tursin, men ko‘zimni ham yumolmayman.
— Men ham shunday, — uning gapini quvvatladi arxiv-chi, — o‘zimni majbur qilsam ham bo‘lmaydi. Yo‘l azobi — go‘r azobi, deyishadi-ku, ammo yo‘l qanchalik og‘ir bo‘lsa ham uyqu kelmaydi. Ishxonada-chi? Qanday hujjatni tekshirma — qiziqmi, qiziqmasmi, baribir tushdan keyin esnoq bosaveradi. Ha... har kimning tabiati har xil. Go‘yo ming yillik arxiv deysiz. Qayog‘idan kirib o‘qimang, tushunib tagiga yetolmaysiz.
— Yo‘lda gaplashib ketganga nima yetsin? — inspektor yana og‘zini katta ochib jilmaydi. — Ba’zilar vagonga chiqdimi, tamom, yo o‘zini uyquga uradi, yo biror narsa o‘qishga tushib ketadi. Zarurmi shu, nozarurmi, cho‘t qoqib ko‘rmaydi. Ishqilib, bironta narsa ustida ko‘z yugurtirib tursa bo‘lgani. Ha, aytganday, yangi gazeta olib chiqdim, talabgorlar bo‘lsa, marhamat.
U qo‘lini cho‘zib, kupe eshigi yoniga osib qo‘ygan paltosi cho‘ntagidan to‘rt buklog‘liq gazeta oldi.
— Gazeta o‘qisam, avvalo to‘rtinchi betini ko‘rib chiqaman. Qiziq-a? Hamma ham shundaymikin? Tag‘in qaerini deng? E’lonlarini. Qo‘ydi-chiqdilar yozilgan yerini. Nega shunday, o‘zim ham tushunolmayman. Aytganday, bu gazetda ham bir-ikkita qo‘ydi-chiqdi bor.
Inspektor choyni qanday jiddiylik bilan damlagan bo‘lsa, gazetani ham shunday jiddiylik bilan o‘qiy boshladi. Uning burgutniki kabi o‘ynoqi ko‘zlari e’londan e’longa o‘tar, lablari xuddi mayiz chaynayotganday nimalarnidir shivirlardi. Bir mahal qoshlari chimirilib ketdi, peshonasi tirishdi. Lekin darrov avvalgi holiga qaytdi.
— Tavba, hozirgi yoshlarga hayronman-da, — u yuzini burishtirib, bitta e’lonni chertib qo‘ydi. — Mana bu yigit bultur uylangan edi, ajralishga tushib qolibdi. To‘yida bo‘lganman. Xotinini ko‘rganman. Suqsurday juvon edy. Nimasi yoqmaydikan?..
— Xarakterlari to‘g‘ri kelmagandir-da, — so‘z qotdi mo‘ysafid arxivchi.
— Xarakter? Xarakter nima o‘zi? — inspektor qizishib gapira boshladi. — Xarakter deb, men fe’l-atvor, odob, tarbiya, izzat-ikromni tushunaman. Shunday emasmi?
U o‘z gapini tasdiqlash uchun menga bir qarab qo‘ydi. Jim o‘tirganimni o‘zicha tushunib, gapini davom ettirdi:
— Shunday ekan, xarakterlari to‘g‘ri kelmadi, degan gap — bittasi odobli, bittasi odobsiz, degan gap bo‘ladi, menimcha. Demak, bu yigit xotinini odobsizga chiqargan. Men bunga qo‘shilmayman. Odamning qanaqaligini bir ko‘rishdayoq bilib olish mumkin. To‘y kuniyoq bu qiz menga yoqib qolgan edi. Kiroyi kelin qilsang, shunaqasini qilsang-da, debo‘ylagandim o‘zimcha. Shu qiz endi beodob bo‘lib qoldimi?! Yo‘q, bunga qo‘shilib bo‘lmaydi. Shuncha yoshga kirib, odam ajratishni bilsak kerak, axir!
Inspektor jahl bilan kupeni aylana boshladi. Lekin joyning torligidan battar jahli chiqib, mo‘ysafidning yoniga o‘tirdi.
— Men sizga rostini aytsam, hozirgi yoshlarning, umuman, mazasi yo‘q. Ayniqsa, yigitlarning. Bular o‘zlariga shunaqangi bino qo‘ygan, shunaqangi katta og‘iz, mahmadanaki, bunaqalarni bizning davrimizda qidirib topib bo‘lmasdi. Kiyim tanlash, ovqat tanlash, o‘yin-kulgi tushimizga ham kirmasdi. Oilaviy hayot biz uchun qandaydir sirli, muqaddas dunyo edi. Hozir-chi, kechqurun topishib, ertalab ZAGSdan o‘tib kelishyapti.
— Bunchalik emas, — dedi istehzo bilan arxivchi. — ZAGSda, bir oy o‘ylab keling, deyishadi.
— Boring, shunday deyishsin ham. Bir oy nima degan gap? Bir oy ichida ikkita butun boshli odam bir-birini o‘rganib, bir-biriga ko‘ngil qo‘yishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Aql bovar qilmaydi bunga. Lekin hozirgi yoshlarga shu muddat ham ko‘p. Bir oyning ichida bir necha marta qo‘ydi-chiqdi bo‘lishlari mumkin.
— Hamma yoshlar ham shunday emas.
Biz yalt etib tepaga qaradik. To‘rtinchi hamrohimiz o‘ng yoniga yonboshlaganicha, bizga tikilib yotardi. Uyg‘onganiga ancha bo‘lgan bo‘lsa kerak, qiyiq ko‘zlari tetik, suyagi yo‘g‘on yuziga qizillik yugurgan edi.
— Hamma yoshlar ham shunaqa emas, — dedi u yana dona-dona qilib.
Inspektor, yaxshi ovqat paytida eshik taqillab ishtahasi bo‘g‘ilgan odamdek, o‘rnidan bir qo‘zg‘alib qo‘ydi. Keyin bizga ko‘zlarini javdiratib, tepa tomonga yuzini burdi.
Mo‘ysafid arxivchi beparvolik bilan papiros tutata boshladi.
Men inspektordan ko‘zimni uzmasam ham, qulog‘im tepada edi.
Kupega bir zum sukunat cho‘qdi.
— Yoshlarning ko‘pchiligi hozir biz kattalar qilolmagan ishlarni qilyapti, — dedi nihoyat jimlikni buzib yuqori polkadagi yo‘lovchi. — Qurilishlarda — yoshlar, qo‘riq yerlarda — yoshlar. Oliy matematika, fizikaning biz tushunmaydigan sehrli uchastkalarida ham yoshlar. Yana nimani istaysiz?
Inspektor kulib qo‘ydi.
— Siz meni tushunmadingiz. Men yoshlarning faoliyati xaqida gapirayotganim yo‘q. Bu hakda bahs boylash haqiqatdan ko‘z yumish bo‘lar edi. Mana, mening boshlig‘im ham xuddi siz aytgan yoshlardan. Endigina yigirma sakkizga kirdi. Agar u hozirgi g‘ayrati bilan ishlayversa, bilmadim, uch-to‘rt yilda nima ishlarni qilmasikin?! Men bu hakda emas, yoshlarning hayoti haqida, ularning ma’naviy, axloqiy tomonlari; oilaviy turmush masalalariga bo‘lgan munosabatlari haqida gapiryapman. Soddaroq qilib aytganda, men yoshlarning muhabbat, vafo kabi nozik fazilatlarga qarashi haqida gapiryapman. Bu masalalarda ularni yengiltak deb hisoblayman. Mana, o‘zingiz qarang-a, yoshgina yigit, yaxshi kasb egasi bo‘lgan odam uylanganiga bir yil bo‘lar-bo‘lmas, xotinidan ajralmoqchi. Uylanmasdan ilgari qayoqda edi esi? Bir yil turar-turmas ajralar ekan, ekan, nega uylanadi?!
— Bunaqalar juda ham oz. Ular sevgi nimaligini bilishmaydi. Hali haqiqiy sevgi kelmasdan turib yo uni o‘tkazib yuborib, ishq-muhabbat haqida lof urishadi. Natijada hayotlari buziladi. Boshqalarning hayotini ham buzishadi. Lekin... lekin, bilasizmi, ilgarilari..
— Ilgarilari biz sevgi nimaligini bilmasdik, — gapni bo‘ldi arxivchi. — Bunaqa so‘zlarni qariganimizda eshityapmiz. Men kampirimni nikoh kuni go‘shangada ko‘rganman.
— Ajrashmaganmisiz, ishqilib? — kulgi aralash so‘radi inspektor.
— Nega ajrashar ekanman, yaxshi bo‘lgandan keyin, — g‘urur bilan javob qildi u. — Qirq yildan beri yashab kelyapmiz.
— Barakalla. Ko‘rdingizmi? — inspektorga jon kirdi. — Ilgari bunaqa qo‘ydi-chiqdilar kam edi yoshlar orasida.
— Balki shundaydir. Lekin siz bitta e’longa qarab baho bermang. Yoshlar biz keksalarga qaraganda, hayotni yaxshi tushunadi. Chunki ularning ko‘z oldida shunday voqealar sodir bo‘lyaptiki, bu voqealarning har biri katta tarix. Bizning ilgarigi bir yilimiz hozirgi yoshlarning bir kuniga ham teng kelmaydi. Bularning hammasi, shubhasiz, yoshlarning ichki dunyosiga ta’sir etyapti. Ko‘p narsalarni o‘ylashga majbur qilyapti, yoshlar jiddiylashib ketyapti. Agar xo‘p desalaring, men bir voqeani aytib beraman.
Hammamiz rozi bo‘ldik.
Hikoyachimiz o‘rnidan turib, pastga tusha boshladi. Shu mahal deraza ortida chiroqlar ko‘rinib ketdi. Poezd yurishini sekinlatdi.
— Stantsiyaga kelib qoldik shekilli? — dedi inspektor ixtiyorsiz ravishda termosga qo‘l cho‘zib. — Ha, stantsiyaga kelibmiz. Qaer ekan?
— Bilib bo‘lmayapti, — dedi arxivchi yangitdan papiros tutatib.
— Buning ahamiyati yo‘q. Dog‘ suv bo‘lsa, bo‘ldi. — Inspektor shunday deb eshik tomon yurar ekan, hikoyachimizga qarab jilmaydi. — Yangi choy bilan eshitadigan bo‘ldik-da endi, a?
Poezd to‘xtaganda, men ham tamburga chiqdim. Eshikni ochishim bilan yuzimga gup etib muzdek havo urildi. Beixtiyor orqamga tisarildim, eshikni yopdim-da, derazadan osmonga qaradim. Havo ochilibdi, u yer-bu yerda yulduzlar charaqlab turibdi. Ikki soat chamasi bulutlar orasida yashirinib yurgan kulchadek oy sezilar-sezilmas nur sochyapti.
— Shunaqa stantsiyalarning sadag‘asi ketsang arziydi-da! — Termosini ko‘tarib vagonga inspektor chiqdi. Sovuqdan qizarib ketgan yuzlarida har doimgidek sevinch barq urib turardi. — Dog‘ suv bor ekan. Qani, yuring!
Uning ketidan kupega kirdim. Ko‘p o‘tmay yana yo‘lga tushdik. Inspektor yaxshilab choy damlab, hammamizga bir siqim-bir siqimdan mayiz ulashib chiqqach, tepadagi hamrohimiz o‘z hikoyasini boshladi.
— Men quruvchi-injenerman. Toshkentdagi Olmazor massivida bo‘lgan bo‘lsalaringiz kerak. Shu massivdagi yangi uslubdagi ko‘p qavatli turar-joy binolarini biz qurganmiz. Ilgarilari Olmazor nomiga mos tushmagan qup-quruq dasht edi. Suv yo‘q, daraxt yo‘q. Bitta-yarimta mashina o‘tib qolsa, yozda tuproqqa, qishda loyga botardi. So‘nggi ikki yil ichida massiv o‘zgardi-qo‘ydi. Birinchi bino qad ko‘tarishi bilan ko‘pchilik quruvchilar butun mavsum bo‘yi shu yerda yashab ishlashga axd qilishdi. Binoning quyosh kam tushadigan tomoniga chodirlar tikib yashay boshladik.
Men ko‘p qurilishlarda bo‘lganman. Mirzacho‘lda ham, Ohangaronda ham. Lekin Olmazorning nimasidir meni o‘ziga rom qilib qo‘ygan edi. Balki ishning ko‘p va tezkorligidir, bilmadim. Har holda qandaydir yangicha kuch va hayajon bilan men ham ishga kirishib ketdim. Kompleks brigadasiga boshliq qilib qo‘yishdi. Buni qarangki, hammasi yoshlar. Avval ranjidim. Xuddi boyagi siz aytgan gap miyamdan o‘tdi. Hatto boshliqlarga to‘polon qilib kirdim. Kulishdi. Oyog‘imni tirab turib oluvdim, mayli, boshqa brigadalarni ko‘r, istagan odamingni ol, deyishdi. Lekin olmadim. Bunday qarasam, qolgan brigadalarda ham deyarli yoshlar ekan. Buning ustiga, bekorga ranjigan ekanman, meni shoshirib Qo‘yishdi. Hammasi emas, albatta, lekin ko‘pchiligi. Ishdan qochish degan gap yo‘q, brak yo‘q. Aytganingizni kilishadi. Qurilishda bundan muhimroq yana nima bo‘lishi mumkin? Qirq sakkiz kvartirali g‘isht uyni birinchi gal roppa-rosa bir yarim oyda bitkazdik. Bu, albatta, katta yutuq. Ishlar, umuman, yaxshi edi, bolalarning dimog‘i chog‘. Ular xursand bo‘lgandan keyin, mening ham do‘ppim yarimta edi. Boshqarmada Olmazorning orqa tomoniga tushadigan binoni bermoqchi bo‘lishuvdi, ko‘nmadim. Bu yerda anchagina qiynalishga to‘g‘ri kelardi. Chunki imorat pastlikka qurilishi kerak edi. Bu, poydevorni chuqur qazish degan so‘z. Lekin yigitlar g‘ayrati jo‘shib ketganidanmi yo bu qiyinchilikni qiyinchilik sanashmaganidanmi, olavering, quramiz, deb qolishdi. Oldim. Keyin bilsam, bularning gapida ham jon bor ekan. Olmazorning orqa tomonida katta ariq bo‘lib, yonverida ozmi-ko‘pmi daraxtlar bor ekan. Yoshlik-da, ish og‘ir bo‘lsa ham mayli, lekin ko‘ngil chog‘ bo‘lsin.
Shunday qilib, yana ishga tushib ketdik. Ikkita buldozer yerni tekislay boshladi, ikkita ko‘tarma kran keltirildi. To ularni o‘rnatguncha, yigitlarning bo‘shlari chodirlarni ko‘chirish bilan ovora bo‘lishdi. Yozning o‘rtalari edi o‘shanda. Jazirama issiq tomoqni quritadi, ko‘ylak-shim o‘shanda. terdan badanga sirachday yopishib ketgan... Imoratni qurib bitirgandan keyin gashti kat-ta-yu, azobi ham chakki emas. Axir, o‘ylab ko‘ring, uyingizda bitta cho‘pni u yerdan-bu yerga olib qo‘yish uchun necha marta egilasiz-turasiz! Bu imorat-ku! Tag‘in qanaqasi deng! Yoshlikda e’tibor bermas ekansan kishi. Ammo ulg‘ayganing sari mehnatning qadriga yetar ekansan. Ayniqsa, har bir g‘ishtida o‘zingdan bir nima qolgan binoni ko‘rsang, shunday bo‘lar ekan.
Ana shu paytlari brigadamizda yangi bir yigit paydo bo‘lib qoldi. Boshqarmada, institutga kirolmabdi, biron ishga qo‘y, otasi iltimos qilib keldi, deyishdi. Nima derdim, xo‘p, dedim. Lekin uni ko‘rdimu, ensam qotib ketdi. Nega desangiz, u hali yuziga oftob tegmagan nozik yigitlardan edi. Jussasi ham kichkina, qurilishdagi yigitlarga mutlaqo o‘xshamaydi. Maktabni bitirganu, institutga ariza bergan, lekin kirolmagan. Hayotidagi birinchi ko‘rgan qiyinchiligi ham shu bo‘lsa kerak. Lekin nima qilasiz? Ishga kelgandan keyin bironta ish berasiz-da. Avval boshim qotdi. Nima ishga qo‘yishni bilmadim. Oxiri, o‘ylab-o‘ylab sim qirqadigan dastgohga qo‘yib qo‘ydim. Bilasizlarmi, yo‘qmi, beton plitalarni poydevorga yotqizilganda orasiga sim tiqib ketiladi. Birinchidan, bu, plitalarni bir-biri bilan ulaydi. Ikkinchidan, g‘isht terayotganda ko‘z adashmaydi. Shunday qilib desangiz, yigitcha ishga tushib ketdi. Lekin rosa bizni xunob qildi. Ish boshlagan kunidayoq undan shikoyat ustiga shikoyat yog‘ilib ketdi.
Avval men kuldim-qo‘ydim. Besh panja baravar emas, bir kun oldin-bir kun keyin o‘rganib ketar, deb o‘yladim. Lekin men o‘ylagancha bo‘lmadi. Bir kuni tush payti hammamiz ovqatlanib bo‘lib ariqning labida o‘tirgan edik, slesarimiz Fatxilla degan yigit bir bog‘lam sim ko‘tarib kelib qoldi. Qovog‘i soliq, ko‘zlaridan o‘t chaqnaydi. Uni hech qachon bunaqa ahvolda ko‘rmagandim. Fatxilla brigadamizdagi eng quvnoq, sho‘x yigitlardan edi. Hatto, o‘zi bilan o‘qiydigan bir qizni talashib, o‘rtoqlaridan bittasini pichoqlab qo‘ygani uchun institutdan haydalgan, qamalib ham chiqqan. Qamoqdan hunarli bo‘lib kelib, qurilishlarda ishlab yurgan. Ohangaronda mening brigadamga tushib qoldi. Shu-shu qayoqqa borsam, men bilan birga. Ana shu yigitning avzoyini ko‘rib, hayron qoldim.
— Ha, nima bo‘ldi? — so‘radim undan.
Fatxilla javob o‘rniga qo‘lidagi simlarni oyog‘im tagiga tashladi. Keyin, ro‘paramga o‘tirib, «chirs» etib tupurdi-da, yer ostidan menga tikildi.
— Bu oyimqizni qaerdan topdingiz?
Hamma kulib yubordi.
— Nega kulasanlar? — dedi Fatxilla do‘q aralash tishlarini qisirlatib. Bolalar jim bo‘lishgach, u yana menga qaradi. — Qilgan ishini ko‘ring! Axir ko‘r odam ham bunaqa qirqmaydi-ku!
Men oyog‘im tagida yoyilib yotgan simlarga qaradim. Fatxillaning jahli chiqqanicha bor ekan: simlarning hammasi har xil qirqilgan edi.
— O’lchab bermaganimdayam mayli edi, bilmagan-da, der edim, — kuyunib gapirdi Fatxilla. — Ertalab kelishlari bilan qo‘llariga metrni tutqazdim. Uch metr-uch metr qilib qirqasiz, dedim. Bu ham yetmaganday, bittasini o‘zim qirqib o‘lchov qilib berdim. Skladga borib kelgunimcha hammasini rasvo qilibdi-qo‘yibdi!
— O’ziga ko‘rsatdingmi?
— Ko‘rsatish ham gapmi? Burniga tiqib olay dedimu o‘zimdan cho‘chidim. — Yigitlardan bittasi, piqir-piqir kula boshladi, lekin Fatxillaga ko‘zi tushishi bilan kulgisi og‘zida qoldi. — Innaykeyin, Usmon aka, jon aka, rostini aytsam, menga shogird kerak emas. Ana, Vosiqqa bering, g‘isht terishga o‘rgatsin.
— Nima? Nima deding?! — oyoqlarini suvga solib o‘tirgan Vosiq Fatxillaga o‘qraydi. Fatxilla butun qurilishda faqat undan hayiqardi. Oralarida nima o‘tgan, bilmayman, lekin kamgap, og‘ir tabiatli, to‘ladan kelgan bu yigitning gaplarini Fatxilla nimagadir hech mahal ikkita qilolmasdi. Bilasizmi, ba’zan shunday odamlar bo‘ladiki, ular seni nimalari bilandir o‘zlariga sehrlab oladilar, ularni xafa qilging kelmaydi. Yo bo‘lmasa, doim ularning aytganlarini bajo keltirging keladi. Vosiq ham nima bilandir Fatxillani o‘ziga sexrlab olgan edi. Uning shu, nima deding, so‘zining o‘zidayoq Fatxilla gangib qoldi.
— Hazil-ku bu, hazilni tushunmaysanmi? — dedi guldirab.
— Xo‘p, bu ikkinchi masala, — dedim men. — O’zi qani?
— Ushatda, — ensasi qotib gapirdi Fatxilla. — Oyisi bir xalta varaqi somsa berib yuborgan ekan, kavshab o‘tiribdi.
— Qani, chaqir-chi!
— Men bormayman, ko‘rgani toqatim yo‘k.
— Somsa yevotgan bo‘lsa, Parpi borsin, — dedi kulib Vosiq.
Parpi pakana, baqaloq yigit. Unga yaxshi ovqat bo‘lsa bo‘ldi, boshqa hech narsa bilan ishi bo‘lmasdi. Dam olish kunlari qurilish choyxonasida osh qilishadigan bo‘lsa, yarmi hazil-yarmi chin qabilida unga alohida laganda uyub berilardi. Shunday bo‘lsa ham, o‘zinikini yeb bo‘lib, bizning laganga qo‘l cho‘zardi. O’shanda ham somsaning daragini eshitib:
— Mayli, borsam bora qolay, — deb dik etib o‘rnidan turdi.
— Ja bo‘lmasa, xaltasi bizga qolsin, — dedi kimdir.
— Xomtama bo‘lma, ochofat, oyimqizga o‘zim tuya qilib beraman.
Ko‘p o‘tmay Parpi ikki lunjini somsaga to‘ldirgancha oyimqizni, ya’ni Shavkatni — uning asli ismi shunday edi, boshlab keldi. Bechorani ko‘rdimu rahmim kelib ketdi. Hech kimga qarolmaydi, ikki yuzi sholg‘omday qizarib ketibdi. Bitta-bitta yurib yonimga keldi-yu, nima qilishini bilmaydi: dam labini tishlaydi, dam oyog‘i bilan yer chizadi.
— Ha, ishlar chatoqmi? — dedim uni xijolatlikdan chiqarish uchun.
— Ha, chatoq, — dedi sekin labilabiga tegmay.
— Nima qilasan endi?
— Bilmadim.
— Varaqi yeydilar, — dedi kimdir. Gur etib kulgi ko‘tarildi.
— Jo‘nalaring!
Jahlim chiqqanini sezishdi shekilli, yigitlar o‘rinlaridan turishdi. Ular ketishi bilan.
— Xo‘sh, nima qilasan endi? — deb so‘radim yana.
— Hayronman. Sim qirqishniyam bilmaganimdan keyin, yana nima qilardim...
Uning lablari titray boshladi. Hozirgina uni urishmoqchi bo‘lgan odam, yupatishga tushib ketdim.
— Hechqisi yo‘q, o‘rganib ketasan, qunt kerak. Men yoshligimda sendan battar edim. Diqqat qilsang, hammasini o‘rganaverasan.
Shavkat boshini etgancha jim turardi. Nazarimda, hamma gapni tushunganday bo‘ldi, ammo ertasiga aqlga sig‘maydigan hodisa yuz berdi. Shavkat ishlayotgan dastgoh cho‘rt ikkiga bo‘linib ketibdi. Qanday qilib, nima sababdan — hech kim bilmasdi. Uni o‘zi ham tushuntirib berolmadi. Keyin bilsak, Fatxillaning qovog‘iga dosh berolmay, stanokka yetti-sakkizta simni qatorlashtirib qo‘yib, bolg‘a bilan uraveribdi. Ehtiyot qilmasa, tosh ham sinadi-da, axir! — Usmon aka sovib qolgan choyini bir ko‘tarishda simirib, bo‘sh idishni bank inspektoriga uzatdi-da, hammaga bir-bir qarab chiqdi. — Ana shunaqa, ehtiyot qilmasa tosh ham sinadi. Lekin har bir kishining hayotida uni yo tubanlikka tushiradigan yo ko‘klarga ko‘tarib martabasini baland qiladigan bir narsa bo‘ladi. Shaxsan menga, urush shunday narsa bo‘ldi. Urushga borib kelib hayotga boshqacha ko‘z bilan qaraydigan bo‘ldim. O’tmishni gapirishning hojati yo‘q, rostini aytsam, urushdan odam bo‘lib qaytdim. Shavkatning hayotida esa, shunday burilish yasaydigan narsa muhabbat bo‘ldi. Gap shundaki, bizning brigadamizga o‘sha kezlari yangi bir kranchi qiz keldi. Bu texnikumni bitirgan, Mahfuza ismli yoshgina, ko‘hlik qiz edi.
— Qiz deysanmi? — hayron bo‘lib so‘radi arxivchi. — Kranchi-a?
— Ha, ha! Kranchi qiz! — gapida davom etdi Usmon aka. — Men ham sizga o‘xshab juda hayron bo‘ldim. O’n besh yillik ish davrimda ayol kishidan kranchi chiqqanini ko‘rmaganman. Albatta, o‘zbeklardan. Bilasiz-ku, bizda negadir, bunday ishlarga panja orasidan qarashadi. To‘g‘rirog‘i, qara-shardi. Hozir bunday emas. Men yaqinda buldozer haydayotgan o‘zbek qizlarini ko‘rdim. Vaholanki, bundan og‘irroq ish yo‘q... Mahfuza juda alomat qiz edi.
— Alomat edi? — uning gapini bo‘ldim men nimadan-dir cho‘chib. — Unga biron narsa bo‘ldimi?
— Aytib beraman, hali yo‘l olis. Qani, domla, choydan
quying-chi! — Usmon aka inspektorga o‘girilib, yutinib qo‘ydi. Termos qopqog‘idagi bug‘i ko‘tarilib turgan choydan bosib bir-ikki ho‘plagach, yana menga yuzlandi. — Men sizga boya uni ko‘hlik dedim. Balki bir oz oshirib yuborgandirman. U uncha chiroylik emasdi. Lekin nimasidir, sal cho‘ziq-roq rangpar yuziga omonatgina o‘rnatilib qo‘yilgan kichkina dumaloq burnimi va tiyrak, qo‘ng‘ir ko‘zlarimi, yo bo‘lmasa, o‘ng kulgichi ustidagi moshdek xolimi, bilmadim, ishqilib, allanimasi o‘ziga mahliyo qilardi. Jussasi ham aytarli emas: ko‘pchilik qizlarnikidek yelkalari bir oz egilib tushgan, bo‘yni ingichka, lekin qo‘llari... bunaqa qo‘llarni men uchratmaganman. Ham nozik, ham baquvvat bu kelishgan qo‘llar unga husn bo‘lib tushgan edi. Menga u birinchi ko‘rishimdayoq yoqib qoldi. Ertalab ishga kelganida hamma bilan tanishtirdim. Yigitlarga avval xush kelmadi -shekil-li, istar-istamas ko‘rishishdi. Parpi bo‘lsa hatto:
— Ishimiz xurjun ekan-da endi, — deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
— Xurjun ham gapmi, sassiqalaf! — dedi kimdir.
— Parpi! Endi qorinni siqibroq bog‘laysan-da, uka, — gap kistirdi Fatxilla.
— Nega? — Parpining ko‘zlari yiriklashib ketdi.
— Nega bo‘lardi? G’isht poylab sarg‘ayganingdan keyin mullajiring kamayadi-da!
— Bas qilinglar, — dedi Vosiq jahlim chiqayotganini ko‘rib. — Ketdik. Yaxshi qiz, borarsiz-a?!
Mahfuza indamadi.
— Xafa bo‘lma, qizim, — dedim men. — Qizlar bilan ishlashmagan, bilishmaydi-da. Yomon bolalar emas, ko‘nikib ketasan.
— Men ham shunday o‘ylayapman, — dedi Mahfuza jilmayib. — Uning ovozi juda shirali edi. — Boraveraymi?
—Ha.
Mahfuza ketdi. Anchagacha orqasidan qarab qoldim. Rostini aytsam, o‘zim ham cho‘chigan edim. Yosh bo‘lsa, buning ustiga qiz bola, eplay olarmikin?..
O’yim noto‘g‘ri chiqdi. Kechqurun chodirga yig‘ilganimizda gap faqat shu hakda ketdi. Parpi bilan Vosiqning boshi osmonda edi.
— Besh mingta-ya, qoyil!
— Yo‘q, sen qaragin o‘zing, charchadim demaydi-ya. Tag‘in, yana olib beraymi, degani qiziq.
— Ishqilib, ko‘z tegmasin. Lekin ertalab bekorga xafa qildilaring.
— Kim? — Vosiq Parpiga o‘qraydi. — O’zing-ku boshlagan, pakana.
— Men nima dedim? Aytdim-qo‘ydim-da... — Parpining lablari osildi. — Fatxilla-ku, sasigan.
— O’zi qani, o‘zi? — so‘radi Fatxilla.
— Ketdi. Shirinda turar ekan.
— Shirinda? Yaqin ekan-ku, — Fatxilla iljaydi. — Lekin o‘zi ham yomon emas-a, Vosiq?
— Tuzuk.
— Tuzuk ham gapmi! Lablariga e’tibor berdingmi? Xuddi pishgan olchaning o‘zi. Bilasanmi, men uni taniyman.
— Taniysan? — hayron bo‘ldi Vosiq.
— Ha.
— Nega aytmading?
— Nima keragi bor? — Fatxilla yana iljaydi.
— Ha, nima?
— Shunday, o‘zim. Yoshligim esimga tushib ketdi. Eh... agar istasam, ertagayoq shu qiz meniki bo‘ladi.
— Yurakdan urdimi deyman-a? — domino terayotgan Parpi piq-piq kuldi.
— Jig‘imga tegma, pakana, — zarda bilan gapirdi Fatxilla. — Yurakdan uradigan hali onasining qornida.
— Nega bunaqa deysan bo‘lmasa?
— O’zim shunday. Ermak uchun-da, — Fatxilla yana iljaydi. Hech kim indamadi. Uning ba’zan shunaqa jinniligi tutib turishini, qo‘pol hazil qilishini bilganim uchun men ham indamadim, Shunday bo‘lsa ham ovqatlanib bo‘lib, domino o‘ynagani o‘tirganimizda bir og‘iz gap tashlab qo‘ydim:
— O’ylab gapir. Hazil ham evi bilan, — dedim. O’shanda men chindan ham hazil deb o‘ylagan edim. Fatxilla menga bir qarab qo‘ydi-yu, javob bermadi. O’yinga berilib ketganimdan javob ham kutmadim. Ko‘p o‘tmay u yana shu gapni boshladi.
— Vosiq, ishonasanmi?
— Yo‘q.
— Istasam, bir kunda qo‘lga olaman.
— Ololmaysan. Ancha pishiqqa o‘xshaydi.
— Sen uni bilmaysan-da. Qanchadan o‘ynaysan?
— Kanchadan emas, nimadan degin.
— Xo‘p, nimadan?
— Bir litr bilan bitta oshdan.
— Bo‘pti, faqat hozir emas.
— Mayli. Ko‘chgunimizgacha.
— Bo‘pti.
— Bu axir pastlik-ku!
Hammamiz birdaniga boshimizni ko‘tardik. Bu — Shavkat edi.
— Bu axir pastlik-ku! — dedi u yana baland ovoz bilan. Uning mushtlari tugilgan, ingichka lablari titrar, rangi quv o‘chib ketgan edi.
Palatkaga birdan jimlik cho‘kdi. Shavkatning jur’atidan hamma hayron qolgan edi. Rostini aytsam, men ham undan buni kutmagan edim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, anchagacha indamay qoldim. Boshqalar ham shunday. Bir mahal Fatxilla bir lunji bilan iljaydi, keyin sekin o‘rnidan turdi. Hammamizning ko‘zimiz unda. Lekin bittamiz ham qimir etolmaymiz.
— Qaytaring-chi, oyimqiz, nima dedingiz? — dedi u bo‘g‘iq ovozda. — Yana bir marta eshitay.
— Qaytarishim mumkin! — avvalgiday shahd bilan gapirdi Shavkat. — Siz qiz bolani haqorat qildingiz. Bu — pastlik!
Fatxillaning tishlari qisirlab ketdi. Kosaday musht bilan ko‘tarildi. Men o‘rnimdan turib ketdim. Biroq kechikkan edim. Fatxilla bilan Shavkatning o‘rtasida Vosiq paydo bo‘lgan edi. U menga qarab jilmaygan bo‘ldi-da:
— Yotsak-a endi, kech bo‘lib qoldi, — dedi va Fatxillaga karavotni ishora qildi.
Yigitlar sekin-sekin tarqalishdi. Fatxilla ham joyiga borib yotdi. Shavkat esa hamon joyidan qimirlamasdi. Men ham yotdim. Hozir biron narsa deyish befoyda edi. Ammo ko‘zim Shavkatda. Undan xursand edim. U anchagacha qimir etmay turdi, keyin yugurib chodirdan chiqib ketdi. Ko‘zimga uyqu kelmadi. Bitta menmi desam, Parpi ham uyg‘oq ekan. Qo‘lida kitob, lekin o‘qimayapti. Chamamda yarim soatcha vaqt o‘tdi. Shavkatdan darak yo‘q edi. Bir mahal Parpi sekin o‘rnidan turdi. Fatxilla tomonga qarab qo‘ydi-da, eshikka chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay qaytib keldi. Palatkaning o‘rtasida birpas xayol surib turgach, Vosiqning yoniga borib, uni turta boshladi. Lekin hech uyg‘ota olmadi. Ittifoqo, ko‘zi menga tushib qoldi, oldimga keldi.
— Usmon aka, — dedi shivirlab. — Yig‘lab o‘tiribdi!
— Qaerda?
— Ariq bo‘yida.
— Chaqirdingmi?
— Yo‘q, oldiga borganim yo‘q.
— Borma. O’zi keladi.
— Kelmasa-chi?
— Keladi. Qayoqqa borardi?!
Parpi joyiga borib yotdi. Uyqu butunlay qochgan edi. Hamma yoq jimjit. Faqat ahyon-ahyonda qurbaqa qurillagani, it vovillagani quloqqa chalinadi. Palatkaning ochiq eshigidan osmonga qaradim. Havo ochiq. Yulduzlar charaqlab turibdi. Olisda, juda balandda to‘lin oy suzib bormoqda. Bir mahal u to‘satdan xiralandi. Cho‘chib qaradim. Bir parcha olataroq bulut unga yopishib qolganday edi. Qaerdan paydo bo‘ldi ekan, o‘ylab tagiga yetolmayman. Rostini aytsam, tabiat sirlariga uncha tushunmayman, qiziqishim ham yo‘q. Lekin o‘shanda behuzur bo‘lib ketdim. O’rnimdan dast turib, ko‘ngli ozor chekkan bolani bag‘rimga bosgim, o‘rniga olib kelib yotqizgim kelib ketdi. O’zi kelib qolmaganda shunday qilishim turgan gap edi. Keldi-yu, Parpining yonidagi karavotiga chuzildi. Parpi uni ko‘rishi bilan kitob o‘qishga tushib ketdi. Ko‘zimni yumdim. Bir mahal Shavkatning ovozini eshitib qoldim: — Nima o‘qiyapsan?
P a r p i. «Samarqand osmonida yulduzlar». O’qiganmisan?
Sh a v k a t. O’qiganman.
P a r p i. Yaxshi-a?
Sh a v k a t. Nimasini aytasan? Senga Temur obrazi yoqadimi?
P a r p i. Temur, nimasi?
Sh a v k a t. Obrazi.
P a r p i. Bu nima?
Sh a v k a t. Kitobdagi asosiy qahramonlarni obraz deyiladi.
P a r p i. Balosan-ku!
Sh a v k a t. Agar istasang, g‘alati kitoblarim bor. Beraman. «Qutlug‘ qon»ni o‘qiganmisan?
P a r p i. Yaxshimi?
Sh a v k a t. Zo‘r. Yo‘lchi degan bir yigit haqida.
P a r p i. E, bo‘ldi, kinosini ko‘rganman. Bitta boyni rosa do‘pposlaydi-da. Mazza!
Sh a v k a t. Kitob undan zo‘r. O’qisang, Yo‘lchi, Gulnorlar xuddi yoningda turganday bo‘ladi. Sevgi deb shularning sevgisini aytsa bo‘ladi.
P a r p i. Hozir bunaqalar yo‘q.
Sh a v k a t. Yo‘q, bor. Faqat biz bilmaymiz-da. Bizning bir qo‘shnimiz bor, ko‘rga tekkan.
P a r p i. Qo‘y-e?!
Sh a v k a t. Rost. Boyagidaqa gaplarni eshitganingdan keyin, bunga ishonmaysan-da.
P a r p i. Qo‘y, o‘shani eslama. Fatxilla o‘zi yomon odam emas.
Sh a v k a t. Odamda hamma narsa yaxshi bo‘lishi kerak.
P a r p i. Bizga o‘tmaysanmi?
Sh a v k a t. Hozir emas. Juda bo‘lmasa, sim qirqishni o‘rganib olay.
Mudroq aralash ularning kulgisini eshitdim.
Ertasiga ertalab go‘yo hech narsa yuz bermagandek, hamma o‘z ishi bilan ovora bo‘lib ketdi. Tushga yaqin Vosiq oldimga keldi. Uning to‘la yuzlari kulib turardi.
— Usmon aka, — dedi birpas o‘ylanib turgach. — Parpi bilan bir narsani maslahat qiluvdik. Aytsam, yo‘q demaysizmi?
— Yo‘q. Nima edi? — so‘radim men ham beixtiyor jilmayib.
— Bugun osh qilsak?
— Ha, tinchlikmi o‘zi?
— Tinchligu lekin brigadamizga ikkita yangi odam keldi. Yuvsak bo‘lardi. Ishdan keyin, albatta.
Nima derdim? Xo‘p dedim. Hatto yigitlarning ziyrakligidan xursand ham bo‘ldim. Gap, albatta, oshda emas, ikkita yangi odamga bo‘lgan hurmatda.
— Lekin, — dedim unga, — qiz bola choyxonaga borarmikin?
— Olib bormaymiz, — dedi hozirjavoblik bilan Vosiq. — Oshni qilib, chodirga olib kelamiz.
— Mayli, bo‘lmasa aytib qo‘y, ketib qolmasin.
— Io‘q, o‘zingiz ayting. Men nima deyman? — dedi u qizarib.
Kuldim.
Kechqurun hammamiz chodirga yig‘ildik. Mahfuza ochiq qiz ekan. Birpasda bizga qo‘shilib ketdi. Yuvinib-taranib, ikki-uch partiya domino o‘ynab bo‘lishimiz bilan, katta tog‘orani ko‘tarib Vosiq bilan Parpi kelib qolishdi. Qaerdandir ikki shisha «Oq musallas» ham topildi. Vosiq menga ayyorona qarab qo‘yib, shishalarni ochdi. Birinchi qadahni, odat bo‘yicha, yoshi kattaroq odam, ya’ni men ko‘tardim. Keyin Vosiq allanima degan bo‘ldi. Xullas, juda shirin o‘tirdik. Bir mahal Mahfuza ketamanga tushib qoldi. Xavotir olishadi uyda, dedi. Yo‘q demadim.
— Men kuzatib qo‘yaman, — dedi Fatxilla o‘rnidan turib. Ko‘proq ichganidan quloqlarigacha qip-qizarib ketgan edi. Boshqa hech kim indamadi. Ittifoqo, ko‘zim Mahfuzaga tushib qoldi. Uning hozirgina kulib turgan ko‘zlarida so‘lg‘inlik paydo bo‘lgan edi. Nima bo‘ldiykin? Nega birdan xafa bo‘lib qoldi? Fikrimni Shavkat bo‘lib yubordi:
— Men ham boraman, — dedi u menga qarab.
— Nima qilasan? — Fatxilla iljaydi. — Men kichkina bolamanmi? Yaxshisi, uxla, ertaga uzilib qolmagin tag‘in.
Kimdir kulib yubordi. Shavkat biron narsa desa xunuk bo‘ladi-da, deb turgan edim, haytovur indamadi. Faqat tuflisini kiyib bo‘lib:
— Men ham boraman, — dedi qat’iy qilib.
— Bormaysan! — Fatxilla tutaqdi.
— Qo‘yinglar, o‘zim ketaman, — dedi Mahfuza jilmayishga harakat qilib. — Qo‘rqmayman.
Vosiq gapga aralashdi:
— Fatxi, sen charchading, dam ol, — dedi vazminlik bilan. — Shavkat kuzatib kelsin. Yo hammamiz boraylik.
— Ovora bo‘lmanglar, o‘zim ketaman, — dedi yana Mahfuza. Bu gal u rasmana jilmaydi. Nazarimda, Vosiqning gapidan keyin ko‘ngli joyiga tushdi shekilli.
— Yo‘q, Shavkat boradi, — dedi Vosiq Fatxillaga tikilib.
— Mayli, rahmat, — Mahfuza shunday deb palatkadan chiqdi.
Shavkat ham ketdi. Palatkaga jimlik cho‘qdi. hamma birin-ketin yechinib yota boshladi. Faqat Fatxilla qimir etmay o‘tirardi.
— Men ham seni yubormasdim, — dedim yotganimdan so‘ng unga. — Kecha nimalar deding?!
— Hazil edi, nahotki ishonmasangiz? — Fatxillaning ko‘zlari olayib ketdi. — Sen-chi, Vosiq?
— Hazilning tagi zil, — dedi Vosiq.
— Shu tirrancha, ko‘lidan bir tiyinlik ish kelmaydigan oyimqiz mendan afzal bo‘ldimi?
— Bo‘ldi, yot, — dedim zarda bilan. — Tiling qichishyaptimi?
Shu voqea sabab bo‘ldimi yo o‘zlik-o‘zi topishib ketishdimi, Shavkat bilan Mahfuzani ko‘pincha birga ko‘radigan bo‘lib qoldik. Tushlik paytida birga ovqatlanishadi, kech-qurunlari bo‘lsa, Shavkat apil-tapil yuvinib, g‘oyib bo‘ladi. Hammamiz bunga ko‘nikib qoldik. Bu orada yangi binoning beton plitalarini yotqizib bo‘ldik, birinchi qavatni ko‘tarib, ikkinchisiga unnay boshladik. Shu kunlarning birida men, ittifoqo, g‘alati suhbatning guvohi bo‘lib qoldim. Yakshanba edi. Ertalab hammamiz yasanib, shaharga tushadigan bo‘ldik. Har dam olish kuni odatda o‘zi shunday qilamiz. Men bolalarning oldiga tushaman. Vosiq ham. Fatxilla bilan Parpi shaharni aylanadi. Yo uylariga posilka jo‘natishadi. Fatxilla asli qarshilik, hech kimi yo‘q. Parpi pskentlik, o‘qishga mehri bo‘lmay, ishga berilib ketgan. Oilaning kattasi shu. To‘rtta ukasi bor. Shavkat Toshkentning o‘zidan. Otasi katta injener-geolog. Onasi ham o‘qimishli ayol. Bir-ikki marta uylarida bo‘lganman. Yaxshi odamlar. Shavkat uyga borib qolsa, o‘tqazgani joy topisholmaydi. Lekin o‘shanda u negadir uyga bormadi. Keyin boraman, dedi. Men ham zo‘rlamadim. Uyga borib, kechqurun qaytdim. Endi qorong‘i tusha boshlagan edi. Chodirga yaqinlashganimda ayol kishining ovozi eshitildi. Kirishimni ham, kirmasimni ham bilmay to‘xtab qoldim.
— Yo‘q, yo‘q, unday demang! — gapirardi qiz bo‘g‘iq ovozda. — Siz meni bilmaysiz. Nima qilasiz o‘zingizni ham, meni ham qiynab?! O’sha kuni, ariq labida o‘tirganimizda aytganlarim rost... O’tinib so‘rayman, qo‘ying.
Bu — Mahfuzaning ovozi edi.
— Nahotki, menga ishonmasangiz? O’sha kuniyoq, sizni o‘sha birinchi marta ko‘rganimdayoq buni sezgan edim. Mahfuza, menga qarasangiz-chi!
Bu ovozni ham tanidim: Shavkat.
Bilmayman, o‘shanda menga nima bo‘ldi, nimadandir xa-votirlanar, cho‘chir va shu paytning o‘zidayoq nimadandir quvonar edim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, joyimdan jilmadim. Chodirga bir zum jimlik cho‘kdi. Lekin ko‘p o‘tmay yana Shavkatning ovozi eshitildi:
— Nega indamaysiz? Yo meni...
— Unday demang. Yo‘q, unday demang, Shavkatjon, — Mahfuzaning ovozi qaltirardi. — Lekin men sizga aytdim-ku, meni bilmaysiz. Bilganingizda bunday demas edingiz. Aytsam... Mendan kulmaysizmi?
Sh a v k a t. Yo‘q, nega kularkanman?
M a h f u z a. Kulmang, xo‘pmi? Rosti, menga bari-bir. Chunki endi hech kimni sevolmayman... Ha, sevolmayman.
Sh a v k a t. Nima gap o‘zi? Tinchlikmi?
M a h f u z a. Eshiting... men... men... siz o‘ylagan, siz orzu qilgan qiz emasman. Men aldangan, xo‘rlangan, baxtsiz bir odamman...
Sh a v k a t. Qo‘ying, Mahfuza, o‘zingizni qiynamang. Menga buning keragi yo‘q. Gapirmang.
M a h f u z a. Yo‘q, endi aytmasam bo‘lmaydi. Eshiting, hammasini eshiting. Men o‘n uch yoshimda o‘gay ota ko‘lida qolganman. Oyim og‘ir kasallikdan vafot etgan. O’z otamni esa mutlaqo bilmayman. Urushda halok bo‘lganligini eshitganman, xolos. Oyimning vafotidan ko‘p o‘tmay o‘gay otam uylandi. Uylandi-yu, boshim g‘alvadan chiqmay qoldi. Har kuni goh puldan, goh ovqatdan janjal chiqardi. Chiday olmadim. Shahardagi xolamnikiga qochib ketdim. Oradan to‘rt yil o‘tdi. Maktabni bitiradigan payt keldi. Shunda bir yigit bilan tanishib qoldim. Kinoda tanishdim. Chiroyli yigit edi. Puli ko‘p edi. Xolam bo‘lsa, o‘z bolasidan orttirib, menga kinoga ham zo‘rg‘a pul topib berardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Buning ustiga u, sizni sevaman, sizsiz turolmayman, deb kunda ont ichardi. Maktabni bitirgan kunim u, bugun bir joyga yig‘ilsak, uydan bir amallab chiqing, dedi. Rozi bo‘ldim. Kechqurun xolamga allanimalarni bahona qilib, uydan chiqdim. Belgilangan joyda uchrashdik. Keyin... keyin... yo‘q, aytolmayman, aytolmayman!..
Mahfuza yig‘lab yubordi. Tomog‘iga bir narsa kelib qadaldi. Shavkatning ham ovozi titrardi.
— Qo‘ying, yig‘lamang, — derdi u nuqul. — Yig‘lamang.
Ko‘p o‘tmay palatka yana jimjit bo‘lib qoldi. Mahfuza o‘zini tutib oldi shekilli, yig‘isi eshitilmay qoldi.
— Fatxilla biladi, — dedi u bir ozdan so‘ng og‘ir xo‘rsinib. — Bir mahallada turganmiz.
Bu gapni eshitdimu miyamga bir narsa kelib urildi. Mahfuza yangi kelgan kundagi Fatxillaning gaplari esimga tushib, o‘zidan o‘zi qo‘llarim musht bo‘lib tugildi. Mana, nima uchun u maqtangan ekan! Beixtiyor yo‘lga qaradim. Lekin hech kimning qorasi ko‘rinmas edi.
— Keyin xolam bilan Shiringa ko‘chib keldik, — gapida davom etdi Mahfuza. — Mana endi meni bildingiz. Fikringizdan qaytgandirsiz?
Sh a v k a t. Yo‘q. Endi qarorim qat’iy!
M a h f u z a. Achinyapsizmi?
Sh a v k a t. Bu achinishdan emas. Sizni... sevaman!
M a h f u z a. Shuncha gapdan keyin-a?
Sh a v k a t. Ha.
M a h f u z a. Sizdan katta bo‘lsam ham-a?
Sh a v k a t. Ha. Meni qiynamang, Mahfuza. Sevsangiz bo‘ldi. Nima desangiz shuni qilaman. Sevasizmi?
Mahfuza indamadi.
Ertasiga u ishga chiqmadi. Kechqurun trestdan telefon qilib, uning bo‘shab ketganini aytishdi. Hamma hayron edi. Hech kim o‘ylab o‘yining tagiga yetolmasdi. Faqat men bilardim. Lekin aytmadim. Nima keragi bor? Shu kuni tuni bo‘yi Shavkat mijja qoqmay chiqdi. Ertalab yonimga kelib, ketmoqchi ekanini aytdi. Rozi bo‘lmadim. Shunda u, bilmadim, nima uchun shunday qildi, yuragini bo‘shatgisi keldimi, yo bo‘lmasa, meni o‘ziga yaqin oldimi:
— Men Mahfuzani topishim kerak, — dedi.
Nima deya olardim? Xo‘p, dedim. Shu kuniyoq u ham ketdi.
— Ha... — dedi xayolga cho‘mib bank inspektori. — Shunaqa sevgi ham bo‘lar ekan.
Hech kim indamadi. Kupeda jimlik hukm surar, faqat poezd g‘ildiraklarining bir ohangdagi taq-tuqigina bu jimlikni buzib turardi.
— Choydan bormi, inspektor? — dedi anchadan so‘ng Usmon aka kulimsirab.
Bu kulimsirash o‘tirganlarga jon kirgizdi shekilli, hamma joy-joyidan qimirlab qo‘ydi.
— Choy sovib qolibdi-da, — dedi inspektor termosni olib.
— Mayli, bizga bo‘laveradi.
— Marhamat.
— Ular hozir qaerda ekan? — dedi o‘zicha keksa arxivchi yangi papiros tutatar ekan, o‘ychan holda.
— Shu yerda, Toshkentda.
Usmon akaning bu gapidan hammamiz bir cho‘chib tushdik.
— Kecha birga edik.
— Shavkat, Mahfuzalar bilan-a? — ishonqiramay so‘radi inspektor.
— Ha. Ikkovi ham Qarshidan quruvchilar s’ezdiga delegat bo‘lib kelishibdi. Kichkina qizaloqlari ham bor. Xuddi otasining o‘zi.
Usmon aka faxr bilan hammamizga bir-bir qarab chiqdi.
— Siz s’ezddan kelyapsizmi? — so‘radi keksa arxivchi.
— Ha.
— Barakalla, barakalla.
Uning bu gapi kimga qaratilganini bilib bo‘lmadi.
— Ha, aytganday, s’ezdda Vosiq va Fatxilla ham bor edi, — dedi Usmon aka. — Kecha kechqurun hammamiz biznikida yig‘ildik. Faqat Fatxilla kelmadi. Mahfuzalarning
bo‘lishini bilib uyalgan chog‘i.
— Barakalla, barakalla, — dedi gapini cho‘zib arxivchi.
Bank inspektori unga bir qarab qo‘ydi-da, ko‘zlarini yumdi. U xayolga cho‘mgan edi.
Men kupedan chiqib, ro‘paradagi derazaning pardasini ochdim. Havo ochiq edi. Ko‘kda charaqlab turgan son-sanoqsiz yulduzlar va kulchadek oy biz bilan barobar suzib borardi.
1960
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 90051778

Yandex