Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Olmas Umarbekov. Boboyongoq (hikoya)

04.08.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Haddan ortiq g‘azab vahshiylik keltiradi va bevaqt qilingan lutf obro‘ni ketkazadi.
Abu Rayhon Beruniy
 
 

Olmas Umarbekov. Boboyongoq (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
BOBOYONG’OQ

G’ulomqodir ota ayvonning burchagidagi ustunga suyanib o‘tirardi. Uch kundan beri u shunday, oqshom bo‘ldimi, tamom, o‘zi birinchi g‘ishtini qo‘ygan boloxonali uyning oldidagi ochiq ayvonga o‘tirib olib xayol suradi. Ilgarilari bunday emas edi, qorong‘i tushdimi, bo‘ldi, eshikni orqasidan zanjirlab choyxonaga chiqib ketardi. U yerda oshna-og‘aynilari, o‘rtoqlari bilan gurunglashib yarim kechada qaytardi. Faqat yakshanba kunlari hech qayoqqa bormay, uyda bo‘lardi. Internatda o‘qiyotgan nevarasi, o‘n to‘rt yoshga endi qadam qo‘ygan Mamadalini kutib osh damlab o‘tirardi. Mamadali ham buvasiga o‘xshab palovni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, po‘stdumba solinganini. G’ulomqodir ota buni bilib, har shanbada bozor qilib keladi. Ba’zida Mamadali bundan xafa bo‘lib qo‘yadi.
— Nima qilardingiz ovora bo‘lib? — deydi lablarini osiltirib. — Koshki bozor yaqin bo‘lsa!
— E, bolam-a, qari odamga ovorasi bor ekanmi, — javob qiladi G’ulomqodir ota beparvogina, lekin ichida nevarasining mehribonligidan xursand bo‘lib qo‘yadi. — Bizning avlod o‘zi oshxo‘r avlod. Dadang rahmatli iloji bo‘lsa kunda osh qildirardi. Oying ham. Balnisada ham oshdan boshqa narsa yemasdi.
G’ulomqodir ota shunday deydi-yu, o‘ylab ketadi. Qovoqlari bujmayib osilib tushgan yirik ko‘zlari ustidagi uzun, lekin siyrak kul rang qoshlari chimiriladi. Lablari bir-ikki tortilib, gapga tushib ketadi. G’ulomqodir ota o‘tmishni eslab ancha o‘zini ranjitishini bilsa ham o‘g‘li, kelini va kampirini gapirishni yaxshi ko‘rardi. Mamadali ular haqida juda ko‘p eshitgan bo‘lsa ham, buvasining gapini bo‘lmaydi. Diqqat bilan quloq soladi. Oyisini u es-es biladi. Uch yoshligida kasalxonada vafot etgan. Oppoq, to‘ladan kelgan xotin edi oyisi. Doim kulib turardi. Bir marta u buvasi bilan kasalxonaga borganda — bahormidi o‘shanda — ikkala qulog‘iga qo‘shaloq gilos taqib qo‘ygan. Dadasini esa ko‘rmagan, faqat uyning to‘rida osig‘lik turgan suratidan biladi. Innaykeyin, Germaniyaning qaysi bir shahrida, nomini aytishga tili kelmaydi, mina portlab halok bo‘lganini eshitgan. Bunga ancha bo‘ldi. Shu-shu katta hovlida buvasi ikkalovi turishadi. Kolxozda internat ochilganda Hakim aka uni olib ketdi. Keyin bilsa, Hakim aka dadasining o‘rtog‘i ekan, birga frontda bo‘lishgan ekan, internatda ona tili va adabiyotdan dars beradi. Buvasi uni yaxshi ko‘radi. Hakim akangning aytganini qil, bo‘lmasa shartta qulog‘ingni kesib tashlayman, deydi ko‘pincha hazillashib. To‘g‘risi, ilgari shunday derdi. Hozir Mamadali katta bo‘lib qolgan, buvasidan endi bunaqa gap eshitmaydi. Endi buva bilan nevara teng odamday gaplashishadi. Buvasi gapiradi, Mamadali tinglaydi. Shuning uchun ham u ko‘p narsani biladi.
G’ulomqodir otaning gapi qorong‘i tushganda ham tamom bo‘lmaydi, shunda Mamadali sekingina:
— Buva... — deb, yulduzlarga ishora qiladi.
 G’ulomqodir ota miltillab birin-ketin yonayotgan sarg‘ish yulduzlarga qarab, avval hech narsani tushunmaydi, keyin nevarasiga ko‘zi tushib, internat esiga keladi. Gap uziladi. Katta qizil piyoladagi sovib qolgan ko‘k choyni yigitlarga xos shaxd bilan simiradi-da, nevarasiga tikilib jilmayib qo‘yadi. Mamadali buvasining shu jilmayishiga ishqiboz. Jilmayganda ko‘zlari kichrayib, ikki chakkasida yirik-yirik uchta chiziq paydo bo‘ladi. Yo‘g‘on dahanini qoplab turgan ko‘kimtir soqoli yoyilib, sersavlat bo‘lib ketadi.
G’ulomqodir ota shu jilmayganicha, bir-ikki yo‘talib:
— Qani, do‘xtir, daptarizni ko‘rsating-chi, — deydi.
 Nega «do‘xtir» deydi, Mamadali bilmaydi. Darrov papkasidan kundalik daftarini olib ko‘rsatadi. G’ulomqodir ota undagi qator beshlarni ko‘rib, jiddiylashadi, chakkasidagi chiziqlar yo‘qoladi, soqoli joyiga tushadi. Ehtiyotlik bilan daftarni xontaxtaga qo‘yib, shoshmasdan arabchalab qo‘l qo‘yadi. O’zining ismiga uzoq tikilib, daftarni yopadi-da, nevarasiga qaytaradi.
— Barakalla, — deydi vazminlik bilan, — barakalla.
 Bobo bilan nevara shundan keyin internatga yo‘l olishadi. U yerdan qaytib, vaqt hali erta bo‘lsa ham, G’ulomqodir ota choyxonaga bormaydi, to‘g‘ri uyga kiradi-da, hozirgina nevarasi o‘tirgan joyga o‘tirib, miriqib choy ichadi, ertasiga qiladigan ishlarning rejasini tuzadi. Xo‘jalikning o‘n gektarlik yong‘oqzori uning qaramog‘ida. Ertadan kechgacha o‘sha yoqda bo‘ladi. Kechqurunlari o‘rtoqlari olib ketishadi yo choyxonaga chiqadi. Uch kundan beri esa hech qayoqqa bormaydi, faqat uyda. Qishloq kengashining raisi kelib ketgandan beri shunday bo‘lib qoldi.
Gap shundaki, G’ulomqodir otaning uyi buziladigan bo‘ldi. Qumariq bilan Qorasuv qishloqlari birlashib o‘rtadan katta ko‘cha o‘tar ekan. Ko‘cha shunday G’ulomqodir otaning uyini kesib chiqar ekan. Ota uyning buzilishiga qarshi emasdi. Qishloq obod bo‘lsa, katta-katta ko‘chalar tushsa, kim qarshilik qiladi. Buning ustiga hukumat yo‘lning ustiga, qishloq markaziga uy qurib bersa! G’ulomqodir ota qishloq kengashining raisiga hech narsa demadi. Faqat ma’qul deganday boshini engashtirib soqolini tutamlab qo‘ydi. Lekin yolg‘iz qoldi-yu, bir narsa yuragini chimchilab ketdi. Mevalarni nima qiladi? Shunday tashlab ketaveradimi? O’n tup olma, o‘n tup gulos, o‘rik, shaftolilar nima bo‘ladi? Yong‘oq-chi, yong‘oqni nima qiladi? Kun qizib ketgan saraton paytlari terak bo‘yi keladigan shu boboyong‘oqning ostidagi supada u dam olardi. Kuzda esa uchiga yapaloq tunuka qoqilgan xoda bilan qoqib, nevarasining o‘rtoqlariga bir etak-bir etak ulashib chiqardi. Qishloqda shu yong‘oqqa suq bilan qaramagan odam yo‘q edi. Qulochga sig‘maydigan tanasi, bo‘yi, hosilining ta’rifi yon-atrofdagi qishloqlarda ham doston bo‘lib ketgan edi. Hammadan ham uning tarixi qiziq edi.
G’ulomqodir ota kurash yillari eskadronga komandirlik qilgan. Hovlisidagi boboyong‘oqni shu yillari o‘tqazgan.
Bir kuni u g‘anim odamlarini quvib o‘z qishlog‘idan o‘tib ketayotganda, ko‘cha labida qonga bo‘yalib yotgan cholni ko‘rib qoladi. Shartta otini to‘xtatib tushadi-da, uning yoniga boradi. Cholning aft-basharasini tanib bo‘lmasdi. Hamma yog‘i qon, loy. Bir ko‘zi oqib tushgan, Aftidan, otning dumiga bog‘lab sudrashganga o‘xshaydi. Qo‘lida esa ingichka bir tayoqcha bor edi. Xuddi bir qimmatbaho buyumday mahkam changallab olibdi.
G’ulomqodir ota uzoq tikilib turib uni taniydi. Bu odam qishloq mutavallisi Saidazim dehqon edi. Qo‘lidagi tayoqcha esa endigina nish urgan yong‘oq ko‘chati edi.
G’ulomqodir ota ikki yigitga dehqonning jonsiz murdasini topshirib, uning qo‘lidan ko‘chatni sekingina bo‘shatib oladi-da, o‘zi bilan olib ketadi. Jangdan keyin, g‘animlar o‘t qo‘yib ketgan uyiga tushib, hovlining o‘rtasiga o‘tqazib qo‘yadi.
Boboyong‘oqning tarixi ana shunday. Xo‘jalikning yong‘oqzori ham asosan shu yong‘oqning urug‘idan.
Mana shunday gaplarning sababchisi boboyong‘oq endi qirqib tashlanadi. O’rniga ko‘cha tushadi.
G’ulomqodir ota yer ostidan unga qarab qo‘ydi. Yong‘oqning butun hovliga soya tashlab turgan yapaloq barglari kechki shamoldan xuddi quroqning qo‘shpirpiragiday yoqimli shitirlardi. G’ulomqodir ota anchagacha shu ovozga mahliyo bo‘lib o‘tirdi. U bu ovozni kunda eshitsa ham, quloq solib to‘ymasdi. Ko‘m-ko‘k, nimrang, sarg‘ish barglar kunda ingichka ohang kashf etib shitirlardi. Ba’zida ular otaga yoshligini, ko‘cha changitib ot chopgan, qilich o‘ynatib yurgan navqiron yigitlik yillarini eslatib yuborardi. Ba’zida esa uning hozirgi tinch, sokin hayotini ko‘z oldiga keltirib, mayin shabadada ohanrabo «sayqal»dek tebranardi. Bunday paytlarda G’ulomqodir ota o‘zining ancha keksayib qolganini ham, ilgarigi quvvati yo‘qligini ham unutardi. Yirik qoramtir qo‘llaridagi hisobsiz chiziqlarga tikilib, ko‘ngli to‘lishardi-da, «ha, hali ko‘p ishga yaraysan, chol», deb qo‘yardi.
Qosh qoraya boshladi. Shabada sovidi. G’ulomqodir ota hamon joyidan qimirlamasdi. Yong‘oqning ayvon tarnoviga chuzilib kelgan ingichka shoxidan ikkita chumchuq «pir» etib yerga tushdi. Chiq-chiriqlab o‘choq yonidagi qum uyumiga yaqinlashdi. U yoq-bu yoqqa bir-ikki qarab olib, hafsala bilan cho‘mila boshladi.
«Yomg‘ir yog‘adi, — dedi ichida ota buni ko‘rib. — Cho‘milishini qara, suv ko‘rmagan odamga o‘xshaydi-ya!»
Bitta chumchuq qanotlarini yozib sakray boshladi. Ikkinchisi uzala tushib yotib oldi.
«Bozorga borish kerak, — xayolidan o‘tkazdi G’ulomqodir ota. — Aytganday, bugun kun nima o‘zi? Jumami, shanbami?»
U qishloq kengashining raisi kelgan kunni esladi. Seshanbada kelgan edi. Demak, bugun juma. Ertaga bozorga tushsa bo‘lar ekan.
— Kelmasa bo‘lardi shu hafta, — dedi ovozini chiqarib.
Shunday dedi-yu, o‘zining ovozidan o‘zi cho‘chib ketdi. Atrofga alanglab qarab chiqdi. Hovli jimjit. Faqat ariqda bir baqa zavq bilan qurillardi.
— Tavba, o‘zimdan o‘zim cho‘chiydigan bo‘b qopmanmi? — ota ranjib gapirdi. Ilgari bunaqa odatim yo‘q edi, shekilli. Ha... kelmasa bo‘lardi. Mamadali tushmagur juda ziyrak. Meni ko‘rib ancha o‘ksinadi. Yaxshisi o‘zim borib kela qolay. Hali kun uzoq.
G’ulomqodir ota shunday deb o‘rnidan turdi, hovliga bir-ikki razm solib, yong‘oqning tagiga bordi, birpas tikilib turdi-da, o‘zining bo‘ynidek to‘r bog‘lab ketgan tanasiga shapillatib urib qo‘ydi.
— Ha, jonivor, qarimaysan-a, qarimaysan, iliging baquvvat. Mayli, yashab qol. Necha kunliging bor ekan hali.
Allaqaerda chigirtka chirilladi, qurbaqaning qurquri avjiga chiqdi. Quyosh bo‘zarib, paxsa devorning orqasiga berkindi. Shamol yong‘oqqa birdan yopirilib, allaqaerdan piyozdog‘ning hidini olib kelib dimoqqa urdi.
— Shunaqa, oshna. Necha kunliging qoldi, bilmaysan.
G’ulomqodir ota og‘ir xo‘rsinib, eshik tomon yurdi. Internatga yetganda o‘zidan o‘zi to‘xtab qoldi.
«Nima qilaman kirib, bezovta qilib? — dedi ichida. — Nahotki tushunmasa, xabari bor-ku!»
Shu fikr o‘ziga ma’qul tushdi shekilli, orqasiga qaytdi. Qishloq markaziga yetganda choyxonada chiroq ko‘rindi. Ota bunga e’tibor bermadi, bitta-bitta qadam tashlab, uyi tomonga yo‘l oldi...
Ertalab, hali xo‘roz qichqirmasdan o‘rnidan turganda, ko‘k betini bulut qoplagan, hatto yomg‘ir bir-ikki tomchilagan ham edi. Ota hovliga tushib ariq labida yuvindi-da, samovarga o‘t tashlab yubordi.
— Mayli, yog‘sin, mevalarning tanasi yayraydi. Yo to‘g‘rimasmi?
U endi o‘zi bilan o‘zi ovoz chiqarib gaplashishga ko‘nikib qolgan edi.
— To‘g‘ri. Suv bo‘ladi-yu, ziyon qiladimi? Hali saratonga erta. Endi o‘rik dumbul bo‘ldi. Yong‘oq-chi, yong‘oq hali shundoq sut.
G’ulomqodir ota shunday dedi-yu, ichini allanarsa timdalab ketganday bo‘ldi. Samovarning yonida turib, o‘ylab ketdi.
— Chakki bo‘ldi, chakki. Uvol ketadi.
U oppoq yaktagi yomg‘irdan ivib ketayotganiga ham, kar-nayi ag‘darilib, samovar o‘chib qolganiga ham parvo qilmasdi. Ko‘zlari olmadan o‘rikka, olchadan shaftoliga o‘tib, beixtiyor yong‘oqqa tushardi. Nazarida yong‘oq kushxonaning hidini sezib, bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib ma’ragan sigirday yig‘lardi. Yomg‘irning yong‘oq barglarini tebratib, bir ohangda shitirlatishi yana nimani eslatishi mumkin?
G’ulomqodir ota seskanib ketdi.
— Yo tavba, bu nima ko‘rgilik o‘zi? Bunchalik bo‘sh emasdim-ku!..
Shu payt kimdir uni chaqirib qoldi. Ota o‘ziga kelib eshik tomon yurdi. Abdujalil aka bilan qishloq kengashining raisi ekan.
— Tuzukmisiz? Kecha choyxonada ko‘rinmadingiz? — dedi Abdujalil aka unga qo‘l uzatib. — Yangiyo‘ldan Sayfi qiziq kelgan ekan, yarim kechagacha hangamalashib o‘tirdik. Yo tob yo‘qmi?
— Yo‘q, otdayman. — G’ulomqodir ota bazo‘r jilmayib gapirdi. — Qani, ichkariga.
— Xo‘sh, bu yangi uyga qachon ko‘chasiz? — so‘radi qishloq kengashining raisi, ayvonga ko‘tarilishganda. — Yo uy yoqmadimi?
— Nega? Uy yaxshi. Qachon desangiz o‘taveramiz. Ikki kishiga bundan ortik yana nima kerak?
G’ulomqodir ota kulib qo‘ydi.
— Unday bo‘lsa, hali odam yuboraylik. Kerakli narsalarni ko‘chirishsin.
— Daraxtlarni nima qilamiz? — gapga aralashdi Abdujalil aka. — ularni ko‘chirib bo‘lmaydi-ku!
— Qirqiladi-da, — cholning o‘rniga javob qildi rais. — Bu axir problemamas-ku.
— Nima?! — so‘radi G’ulomqodir ota uning so‘nggi so‘ziga tushunmasdan.
— Bu qiyin masala emas, deyapman. Bahona bilan qishga o‘tinli bo‘lib qolasiz.
G’ulomqodir ota seskanib ketdi. Endigina yozmoqchi bo‘lib turgan dasturxoni qo‘lida taxlog‘ligicha qoldi. U nima deyishini bilmasdi. Rangi o‘chib, lablari titrardi.
— Yomg‘ir ham tindi, — dedi Abdujalil aka o‘rnidan qo‘zg‘alib. — Bu yil meva yili bo‘ldi-da, o‘ziyam.
Ota indamadi.
— Hay, biz turdik. Hali ko‘risharmiz-a, bog‘da ota?
 Abdujalil aka shunday dedi-da, o‘rnidan turib eshikka yurdi. Ketidan qishloq kengashining raisi turdi.
— Odamlar kelishganda ishni daraxtlardan boshlay qolishsin. Bu yong‘oqni ag‘darish ham hazil emas.
— Yo‘q.
— Labbay?
— Yo‘q, odam kerakmas. — G’ulomqodir ota qishloq kengashining raisiga eshikni ko‘rsatib gapirdi. — Marhamat. O’zim qirqib beraman.
— Yo‘g‘-e, qo‘ying...
— Qo‘yingi bor ekanmi, o‘zim qirqaman. Vassalom. O’tinni to‘g‘ri siznikiga olib borib tashlayman!
— Yo‘g‘-e, to‘xtang. Nima deyapsiz o‘zi? Abdujalil aka, bu yoqqa qarang! — Biroq Abdujalil aka qaramadi. U allaqachon ketib qolgan edi. — Axir men sizning foydangizni o‘ylab gapiryapman. Tushuning.
— Tushundim, tushundim. Xayr.
G’ulomqodir ota eshikni shartta yopib orqasiga qaytdi. Uning butun vujudi titrardi.
— O’tin emish! O’zingni o‘tin qilish kerak!
U yanada achchiqroq bir gapni aytmoqchi bo‘lib, og‘iz juftlagandi-yu, lekin tiliga hech narsa kelmadi.
— Tavba! — dedi alam bilan, biroq bu so‘z qishloq kengashining raisiga qaratilganmidi, o‘zigami, bilib bo‘lmasdi.
Ayvonga kelib, ustunning yonida turgan bir kosa yaxna choyni oxirigacha simirdi-da, mo‘ylovini yengi bilan artib yong‘oqqa qarab qo‘ydi. Keyin tez-tez yurib ko‘chaga chiqdi. Ko‘cha jimjit. Hech zog‘ yo‘q. Faqat ishtonchan bir bola yo‘l chetiga o‘tirib olib «hammopish» o‘ynardi. G’ulomqodir otani ko‘rib, bola og‘zini katta ochib iljaydi. Uzoqdan, yong‘oqzor tomonidan tom baravar beda ortgan ho‘kiz arava ko‘rindi. Ota shu tomonga yurdi. Bugun shanbaligi, bozorga borishi kerakligi xayolidan ko‘tarilgan edi.
Kechqurun u uyga qaytganda chehrasi ancha ochiq edi. «Bog‘ aro qo‘ysam qadam»ni yarim ovozda xirgoyi qilib, go‘sht to‘g‘radi. O’choqqa olov yoqa turib, nimadir esiga tushib ketdi-da, ovozini baralla qo‘yib kuldi.
— Obbo Abdujalil tushmagur-ey!! Yong‘oq jinnisisiz, deydi-ya. O’zing-chi, xo‘sh, o‘zing nima jinnisisan? Uloq chopaman deb, ikkita to‘riqni uch yildan beri boqtirib yotganingni bilmaymanmi? Har bir kishi bir narsaga ixlosmand bo‘ladi. Men yong‘oqni yaxshi ko‘raman. Bunga rahmatli Saidazim aka, mana shu yong‘oq sababchi bo‘lgan.
G’ulomqodir ota devdek qulochini yozib turgan boboyong‘oqqa qaradi-yu, darrov ko‘zini oldi. Nimagadir ikki qulog‘ining uchi qizarib ketganini sezdi.
— Ha, mana shu yong‘oq sababchi bo‘lgan...
U shundan keyin qanday qilib ovqat pishirganini bil-madi. Pishganda esa tomog‘idan o‘tmadi.
— Mamadali bo‘lganda hozir yaxshi bo‘lardi, — dedi xo‘rsinib karavotga chuzilar ekan. — Ikkalamiz gaplashib yotardik. Nega endi mening hovlimdan ko‘cha o‘tarkan? Juda hozir zarurmidi, shu?! O’tinmish-a, o‘tin!
Ota hovliga nazar tashladi. Qop-qorong‘i tun, hovlida hech narsa ko‘rinmasdi. Devorda qandaydir cho‘zinchoq sharpalar suzib yurardi. Bu barglarning soyasi, yong‘oq barglarining soyasi. Ota ularga tikilib-tikilib, ko‘zi ilinganini sezmay qoldi.
Ertalab nimadandir cho‘chib barvaqt uyg‘ondi. Boshi g‘uvillardi. Anchagacha karavotda oyoqlarini osiltirib o‘tirdi. Allanarsalarni o‘zicha shivirladi. Keyin, odaticha, ariq labida yuvinib, hujraga kirdi. Bu yerda uning duradgorlik asboblari turardi. Asboblar hujra devorlariga qator qilib, bir tekisda qoqilgan mixlarga osig‘liq edi.
G’ulomqodir ota qo‘larra bilan teshani olib yong‘oqning tagiga keldi. Yuragi duk-duk ura boshladi. Havo salqin, shabada esib turgan bo‘lsa ham, peshonasida ter yiltiradi.
— Mamadali kelguncha bir yoqlik qilib qo‘yay. Tag‘in buvam bitta daraxtniyam kesolmadi, bo‘sh ekan, demasin.
U shunday dedi-yu, arrani yong‘oqning metin bo‘lib ketgan tanasiga soldi, biroq tortolmadi, qo‘li titrab arra tushib ketdi.
G’ulomqodir ota ichida sevinib qo‘yganini payqadi.
— Yo‘q, lozim bo‘lgandan keyin kesish kerak. Bu nima degan gap o‘zi? Har kim o‘zi ekkan narsani o‘zi kesolmasa, qaerga ko‘cha tushadi-yu, qaerga imorat quriladi. Qorasuvgayam hozir yong‘oq zarurmi, ko‘cha zarurmi? Albatta, ko‘cha. Kesish kerak.
U qo‘liga yana arrani oldi.
— Obbo chol-ey, muncha ivirsiysan? Solsang-chi, sol. Nega qo‘ling titraydi? Sol!
Shu payt qanday kuch bilan arrani uloqtirib yuborganini o‘zi sezmay qoldi. G’ulomqodir ota hansirab u yoq-bu yoqqa alanglab qaradi-da, uydan chiqib ketdi. To‘g‘ri idoraga bordi. Abdujalil aka qishloq kengashining raisi bilan qandaydir qog‘ozni ko‘rib o‘tirardi.
G’ulomqodir otaga ko‘zi tushib, qishloq kengashining raisi sekingina:
— Keling, — dedi-yu, qo‘l uzatishini ham, uzatmasligini ham bilmay, qizarib ketdi.
— Abdujalil! — dedi ota salomlashishni unutib. — Mashina ber, ko‘chaman.
Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas, besh-olti kishi otaning yuklarini mashinaga joylab, yangi uyga olib ketishdi. Huvillagan hovlida otaning o‘zi yolg‘iz qoldi. U qandaydir gunohkor nazar bilan boboyong‘oqqa tikilib, ayvonning burchagida o‘tirardi. Shu alpozda u qancha o‘tirdi, bilmaydi. Bir mahal oldida jilmayib turgan nevarasini ko‘rdi-yu, sevinchdanmi, yo xo‘rligi kelganidanmi, ko‘zlarida yosh yiltirab ketdi.
— Keldingizmi, o‘g‘lim, — dedi u yuzini yaktagi ichiga yashirib. — Sizni kutib o‘tiribman. Oshni endi yangi uyda qilamiz-da, a? Ko‘rganmisiz?
— Ancha bo‘lgan, — dedi Mamadali go‘yo siri ochilganday uyalinqirab. — Abdujalil aka ko‘rsatganlar. Shunaqa ham chiroyliki!..
— Qani, boshlang bo‘lmasa.
Mamadalining gapi to‘g‘ri chiqdi. Yangi uy haqiqatan ham chiroyli edi. Katta hovli, to‘rt xonali uyning oldida baland ayvon.
G’ulomqodir ota yangi o‘chokda osh damlar ekan, eski uy tomondan buldozerning ovozini eshitib, ko‘ngli yana buzildi, ruhi tushib ketdi. Ammo darrov o‘zini tutib, nevarasiga sezdirmaslik uchun o‘zi sevgan «Bog‘ aro qo‘ysam qadam»ni xirgoyi qila boshladi. Buldozerning ovozi esa tun bo‘yi tinmadi.
Oradan bir hafta o‘tgach, Mamadali buvasini yangi ko‘chaga boshlab bordi. G’ulomqodir ota o‘sha tomonga bormaslikni qanchalik istamasin, nevarasining ra’yini qaytarolmadi. Ko‘chani birpasda o‘tkazishibdi, hatto tosh ham yotqizishibdi.
Uyga yaqinlashar ekan, yuragi uvusha boshladi. Ana, hov anavi joyda ayvon bor edi. Endi yo‘q, tep-tekis bo‘lib ketibdi. Ariqdan ham asar qolmabdi. Iy-e, yangi ariq qazilibdimi?
G’ulomqodir ota ariq ketgan tomonga razm soldi. Shu payt... Shu payt qay ko‘z bilan ko‘rsinki, ko‘chaning labida bir daraxt, o‘ziga tanish bahaybat daraxt savlat to‘kib turardi. Tagida havo rang skameyka. Nega ilgari ko‘rmadi. Bu axir yong‘oq-ku! O’sha o‘zi o‘tqazgan boboyong‘oq!
G’ulomqodir ota nima qilishini, nima deyishini bilmasdi. Ko‘zlarida yosh yiltirardi. U endi buni yashirmasdi. Mamadalini mahkam bag‘riga bosib:
— Rahmat, rahmat, — derdi.
Mamadali bu so‘zlar kimlarga qaratilganini yaxshi bilardi.
1961
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 90053332

Yandex