Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Olmas Umarbekov. Gayduk qizi (hikoya)

15.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Biz hech qachon o‘zimiz kirmagan va kirmaydigan qiyofada ko‘rinishga harakat qilmay, hamisha qanday bo‘lsak shundayligimizcha ko‘rinadigan bo‘lsak, borligimizcha namoyon bo‘lsak, odamlarning nazarida ko‘p narsa yutgan bo‘lardik.
Laroshfuko
 
 

Olmas Umarbekov. Gayduk qizi (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
GAYDUK QIZI

1
Kuprivshitsa voqeasi qo‘shiq bo‘lsa arziydi, ruxsat eting, kuylab beray, qoyil qoling eshitib...

2
Besh bor qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi uzoq yili bu qishloq, yuzlab bolgar halok bo‘ldi, qancha-qancha uy yondi, dalalarda kishnar edi egasiz qolgan otlar, buruqsagan o‘t ichida yetimlar yig‘lar edi.

3
Oltinchi bor hujum qildi dushman yana kuch to‘plab, tog‘ ichiga yashirindi — chorasiz isyonkorlar. So‘nggi marta nazar soldi qishloq tomon Bay Krum, beixtiyor ko‘z yoshlandi, lablar nedir so‘zladi. Kim biladi ne dedi u? Reja tuzdi nelarga?! Balki qasam ichgandir u, yana qaytib kelishga, qonxo‘r dushman kallasini nayzasiga ilishga! Balki o‘ylar uyda qolgan ikki arzandasini. Uyda qolgan Liliana, Xristoni ezilib!
— Ataman, — der allakim. — Bo‘ldi, endi ketaylik.
— Bo‘ldi, — dedi ko‘krak kerib bizning jasur Bay Krum. — Ketsak ketdik, ammo bilki, qaytishimiz muqarrar!

4
Yo‘lga tushdi Bay Krumning g‘azabnok yigitlari, yo‘lga tushdi qasam ichib yana qaytib kelishga, qonxo‘r yovlar kallasini nayzalarga ilishga!

5
Uyda yolg‘iz atamanning ikki baxtsiz farzandi — yetim qolgan Liliana, yetim qolgan Xristo. Ko‘zlari to‘rt ikkovining ota ketgan tomonga, ikkovining ko‘zlarida yaltirardi yoshlari. Liliana o‘sha yozi to‘lgan edi o‘n to‘rtga, Xristo-chi, endigina o‘nga qadam qo‘ygandi.

6
Gayduklarim, ko‘ryapsiz, ular hali yosh edi, ular hali hayot nima, o‘lim nima — bilmasdi, ular hali bola edi, zulm nima bilmasdi, ular hali bola edi, qullik nima — bilmasdi!

7
Kechga yaqin Liliana tanbaladi eshikni, zanjir soldi ichkaridan darchalarning bariga. Yaxshi tushlar orzusida o‘rin to‘shab ertaroq, ukasini quchoqladi, majbur qilib uxlashga... Shu top birdan gumburladi nedir eshik yonida, derazalar chil-chil bo‘ldi, g‘ala-g‘ovur boshlandi.

8
Nima bo‘ldi, ne falokat yana keldi bu uyga?

9
Liliana cho‘chib tushdi va yugurdi eshikka, qay ko‘z bilan ko‘rsin sho‘rlik — eshik to‘la yov edi. Eshik to‘la qon deb kelgan, mol deb kelgan odamlar!

10
— To‘xta, opa, ocha ko‘rma! — dedi shunda Xristo. — To‘xta, opa, seni avval yashirayin bir yerga...
Xayoliga nelar kelib, rozi bo‘ldi sho‘rlik qiz, yashirindi taxmonga u, ukasiga mo‘ltirab.

11
O’n nafardan ortiq edi bostirib kirgan dushman, har bittasi Xristoga to‘rtta kelardi lofsiz.

12
— Qani so‘yla, kofir o‘g‘li, otang ketdi qayoqqa? — dedi biri Xristoning yelkasiga musht urib. — Xristodan sado chiqmas, ko‘zida o‘t chaqnardi. — So‘yla, deyman, kofirvachcha, otang ketdi qayoqqa? — Xristo jim, tishi tishda, qo‘llar mushtga tugilgan...

13
— So‘yla, — dedi yana biri. — Aytsang omon qolasan, qishloqning eng go‘zalini xotin qilib olasan...
Dushman bari qah-qah urdi. Xristodan sado yo‘q. Shunda kimdir qulochkashlab urdi yuzi aralash, gandiraklab yiqildi u, ammo ovoz bermadi. Shundan keyin nima bo‘ldi, bilolmadi Xristo.

14
Momataloq bo‘ldi badan, biron sog‘ joy qolmadi, suyaklari zirqirardi tepkilarning zarbidan, oxir chidash berolmadi, hushdan ketdi Xristo.

15
Ko‘z ochganda sho‘rlik bola, Liliana boshida — o‘ltirardi yum-yum yig‘lab, o‘ltirardi qon yutib.

16
Tashqarida esa, dushman o‘t qalardi gulxanga.

17
— Opa, ko‘rding, — der Xristo, — sotqinlik qilganim yo‘k, jasur otam makonini aytganim yo‘q dushmanga, lekin, opa... chidolmayman yana shunday qilishsa, — shunday dedi sho‘rlik bola, daryo bo‘ldi yoshlari.

18
— Qo‘y, yig‘lama, o‘zingni bos, — yupatdi Liliana. — Otang kabi mardligingni o‘zim ko‘rib turibman. Qo‘y yig‘lama, o‘zingni bos, sen haqiqiy gayduksan!

19
Dushman yana uyga kirdi Xristoni ezish-chun. Uyga kirdi va lol bo‘ldi Lilianani ko‘rib.

20
— Sen qaerdan paydo bo‘lding? — dushman so‘radi undan. Qiz qaddini rostlab dedi:
— Men shu yerlik bo‘laman, Bay Krumning qiziman men, ataman Bay Krumning...

21
— So‘yla yo‘qsa, ey, go‘zal qiz, otang ketdi qayoqqa?

22
Liliana boshin egdi, nelarnidir o‘yladi, hushsiz yotgan ukasiga termildi mehr bilan. Keyin dedi:
— Mayli, aytay, faqat bitta shartim bor: sotqinligim bilinmasin, ukam buni bilmasin!

23
Shu zahoti qilich uzdi Xristoning boshini, bu dahshatni ko‘rib turdi Liliana darchadan. Yurak-bag‘ri zardob bo‘ldi, yosh qopladi yuzini, ammo, nima qilsin sho‘rlik, o‘zi shuni istadi.

24
Dushman dedi:
— Endi gapir, go‘zallarning go‘zali, xizmatlaring evaziga oltinga g‘arq bo‘lursan.

25
Liliana indamadi, birdan ko‘zi chaqnadi, birdan yovni hayron qilib, qah-qah urdi va dedi:
— Men ukamdan cho‘chigandim, hali go‘dak degandim, nima qilsang qilgin endi, sotqin yo‘kdir bu uyda!
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89505014

Yandex