Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Olmas Umarbekov. Tun (hikoya)

12.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Ko'zni ayollarga tikishdan va ularni tomosha qilishdan tiymoq kerak. Aqlning so'nishiga, hayo pardasini yirtilishiga va eng muhimi ibodatning "mazasi" yo'qolishiga asosiy sabab shudir.
Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy
 
 

Olmas Umarbekov. Tun (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
TUN

U endi shoshilmasdi. Otishmalar ancha orqada qolib ketgan o‘rmonga esa u orziqib kutgan qorong‘ilik cho‘kkan edi. Shunday bo‘lsa ham uzoq yugurishdan va haligacha butun vujudini iskanjaga olgan qo‘rquvdan yuragi dukillab urar, charchagan tizzalari har qadam bosganida bukilib ketay, bukilib ketay der edi.
Atrof jimjit. Onda-sonda orqadan o‘q tovushi eshitilib qoladi. U shunday yaqqol eshitilardiki, go‘yo yoningda otishayotgandek bo‘lib yurakni battar g‘ulg‘ulaga solardi. Har o‘q otilganda, u orqasiga o‘girilar, ammo oyoqlari yurishdan to‘xtamasdi, kuchi boricha, sudralib bo‘lsa ham, oldinga intilardi. Shu alfozda u ancha yurdi, otishma bu-tunlay tindi yo unga shunday tuyuldi, daraxtlar orasidan sarg‘ayib bir-ikkita yulduz ko‘rindi. Yurak urishi bir oz sekinlashdi. Kichkina bir tepalikka chiqqanda, to‘xtadi, birpas dam olgisi keldi. Ammo hamon tarqalmagan qo‘rquv bilan orqasiga qaradi. Orqada hech nima ko‘rinmasdi. Hammayoq qorong‘ilik va jimlik ichiga g‘arq bo‘lgan edi. U buni sabrsizlik bilan kutgan bo‘lsa ham, endi yuragiga g‘ulg‘ula tusha boshladi. Odatda shunday jimlikdan so‘ng hammayoqni itlarning tovushlari tutib ketardi. Nemislarning o‘zlaridan ko‘ra itlari uni ko‘proq qo‘rqitardi. Lagerdagi itlarni u yaxshi bilardi, qancha odam ularga qurbon bo‘lmadi, kochganlarning deyarli hammasini shu itlar topdi. Uning o‘zini ham birinchi marta qochganda itlar talagan edi. Bu gal qanday bo‘lar ekan? Nahotki, yana tutib olishsa? U shuni o‘ylab, hozirgina bosib o‘tgan yo‘liga tikildi. Qorong‘i parda va soqchilardek qaqqayib turgan daraxtlar tanasidan boshqa hech narsa ko‘rinmadi, hech qanday tovush ham eshitilmadi. Shu topda agar yuz chaqirim narida biron narsa tiqillasa u eshitar, biron narsa g‘imirlasa, bexato ko‘rardi. Lager hayoti uning butun vujudini ko‘z bilan quloqqa aylantirib qo‘ygan edi. Shuning uchun ham atro-figa yana bir qarab chiqib, bir oz taskin topdi, ammo o‘tirmadi. Oldinda, pastlikda nimadir ingichka kumush tasmadek yaltiradi. Nahotki yo‘l bo‘lsa? U beixtiyor cho‘chib tushdi. Hozir yo‘l uning dushmani edi. Shu dushman uni yakindagina sheriklaridan ajratdi, yana asirlikka giriftor qildi. Qanday bo‘lmasin, undan tez o‘tib olish kerak. Dam olish xayolidan ko‘tarilib, u pastga otildi. Tepalikdan tushganida kumush tasma yo‘qoldi. Yo‘qoldi-yu, u yengil tortdi. Kumush tasma yo‘l emas, jilg‘a edi. Suvning ohista jildirab oqayotganini u aniq eshitdi va yuragini benihoya sevinch qopladi. Bir necha oydan beri u jilg‘aning ovozini birinchi marta eshitishi, bir necha oydan beri tayyorgarlik ko‘rib kelgan qochishning birinchi marta muvaffaqiyatli amalga oshganiga ishonishi edi. Shundagina u nihoyatda chanqaganini, lablari qurib, yorilib ketganini sezdi. U yutindi, ammo hech narsa tomog‘idan o‘tmadi. Og‘zi qaqrab ketgan edi. Jilg‘aga yetib keldi-yu, engashdi va shoshib ikkala qo‘lini suvga tikdi. Ammo hovuchida suv ololmadi. Ikkala qo‘li band, ikkala qo‘lida u taglari yeyilib, egilib qolgan lagerining yog‘och kavushlarini ushlab olgan edi. Ularni ko‘rdi-yu, tishlari alamdan g‘ijirlab ketdi: birpas tikilib turdi-da, bor kuchi bilan uloqtirdi. Kavushning ikkala poyi qandaydir daraxtning shoxlariga ilindi, keyin birin-ketin do‘p etib, yerga tushdi. Shundagina u rasmana cho‘kkalab, qo‘llarini yana suvga soldi, muzdek suv tirsaklarigacha ko‘mdi, hovuchini og‘ziga olib bormasdanoq, vujudini orombaxsh sokinlik qoplay boshladi. Yuz-ko‘zi, qurigan lablarida qotgan ter sho‘ri aralash u necha hovuch suv ichdi, bilmaydi. Lekin hech mahal esini taniganidan beri bunchalik shirin suv ichmagan edi. Jilg‘a unga yangitdan quvvat berdi, charchoqlari unutilgandek bo‘ldi. Endi u hamma narsaga, hatto o‘limga ham tayyor edi. Biroq endi u tirikligicha qo‘lga tushmasligini bilardi. Shunga ahd qilgan edi. Nemislarning o‘zi ham endi uni tutib olishsa, omon qo‘yishmasdi.
Nemislar xayoliga kelishi bilan u yana xavotirlanib atrofga quloq soldi. Jilg‘aning sokin, butun dunyo tashvishlariga befarq jildirashidan boshqa hech narsa eshitilmadi. Nahotki qutulgan bo‘lsa, u shunga ishongisi kelardi, ammo lagerda orttirilgan tajriba, birinchi marta qochgandagi tahlika umr bo‘yi olis o‘rmon etagida qolib ketgan sheriklarining jasadlari hali suyunish ertaligidan, hali necha marta o‘lim unga yuzma-yuz kelishidan darak berib turardi. Nemislar hali tinchishmaydi. Hozir ular, albatta, butun lagerni oyoqqa turg‘azishadi, tiriklarni ham, o‘liklarni ham tong otishi bilan yana sanab chiqishadi, uni topishmagach, o‘rmonni tit-pit qilishadi, hamma postlarga, otryadlarga xabar berishadi, xabar berishgandir ham. Bugun esa bo‘ldi, bugun o‘rmonga boshqa kirishmadi, kirishga qo‘rqishadi. Tun qochoqlarniki. Unga o‘xshaganlarniki. Ertaga boshqa gap. Ertaga u mabodo qo‘lga tushadigan bo‘lsa, faqat o‘ligi tushadi. Ertagacha esa hali vaqt ko‘p. Butun tun uning ixtiyorida.
U shunday xayollar bilan osmonga qaradi. Yangi oyning taqadek nim rang gardishi g‘arbda ko‘rindi. Yulduzlar ko‘paydi. Ammo hamon o‘rmon yorishmagan, yuz metr narida nima bor, nima yo‘q bilib bo‘lmasdi. U oyga qarab tonggacha taxminan qancha vaqt borligini hisoblab chiqdi va o‘zi kutmagan xotirjamlik bilan oyoqlarini suvga soldi. Soldi-yu, og‘riqqa chidolmay ingrab yubordi. Tovonlari va pan-jalariga kimdir pichoq solib yuborgandek bo‘ldi. Darrov tortib oldi. Nega bunday bo‘lganini u endi bildi. Ikkala oyog‘i ham olis yo‘lda tilinib, taram-taram bo‘lib ketgan edi. Ikkinchi marta ohista suvga tushirganda og‘riq uncha bilinmadi va beixtiyor, shunday oyoqlarini tizzalarigacha suvga solib jilg‘a labiga chuzildi. Turish kerakligini, bu yerdan tezroq ketish kerakligini bilsa ham, hozir hech qanday kuch uni turg‘aza olmas, uch yillik urush, asrlar kabi chuzilgan dahshatli asirlik davomida erishgan shu birgina daqiqalik oromini buzolmas edi. U rohat bilan ko‘zlarini yumdi, ammo uxlab qolishdan qo‘rkib, darhol ochdi, shuning o‘zi, shunday yotishning o‘zi bir olam baxt edi. Qancha chuzilar ekan bu baxt? Yillarmi, oylarmi, kunlarmi? Yo shu tunning o‘zimi? Buni u bilmasdi, bilishni ham istamasdi. Ikki tomonga yoyilgan qush qanotidek qo‘llari tagidagi mayin, nam maysalar, yumshoq tuproq, oyoqlaridagi har bir mo‘yni silab oqayotgan beg‘ubor jilg‘a, tepada, sokin osmonda miltillab turgan yulduzlar, bugundan boshlab, uning sirdoshi, xaloskori, do‘sti bo‘lib qolgan qorong‘i o‘rmon uni olis xayollarga g‘arq qilgan edi. Ko‘z oldiga onasining surati keldi. Nega o‘zi emas? Nega uning yurish-turishi, o‘qishdan kelishini poylab, eshik tagida o‘tirishi, kechalari bir necha marta turib, ustidan sirg‘alib tushgan ko‘rpasini tuzatishi emasu, oddiygina, bozordagi besh daqiqalik omonat suratxonada oldirilgan xira surati keldi? Balki bu suratdan onasi unga qandaydir dard bilan, suratkashning talabi bilan kulishga harakat qilsa ham, ko‘zlarida tashvish, cheksiz g‘am bilan qarab turganidandir? Kim biladi, balki shundaydir. Har holda bu surat hech qachon ko‘z oldidan ketmaydi. Hozir ham shunday bo‘ldi, uni qo‘liga olib gaplashayotgandek bo‘ldi. Bir uchi ezilgan, oddiygina surat. Boshida oq doka ro‘mol, sochi ko‘rinmaydi, balki oqarib, dokaga qo‘shilib ketgandir? Kulmoqchi bo‘lganidan yuzidagi ajinlar battar tortilib ketgan, old tishlari tushib, shunday milklari ko‘rinib turibdi. Suratni birinchi marta ko‘rganida uning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. Ham sevindi, ham rahmi keldi. Keyin ko‘nikib ketdi. Bo‘sh qoldi, uni gimnastyorkasining cho‘ntagidan olib tikiladi, gaplashadi, keyin yana ehtiyotlik bilan gazetaga o‘rab cho‘ntagiga solib ko‘yadi. Asir tushgan kuni undan ajradi. Yil bo‘ldi shunga. Shundan beri xayolidan shu surat ketmaydi. Hozir ham shu surat ko‘z oldiga keldi-yu, ammo endi u onasiga emas, onasi unga achinib tikilayotgandek bo‘ldi. Nega achinadi? Shu ahvolga tushganigami yo yolg‘iz o‘zi qutulib ketayotganigami? Bunga u aybdor emas. Ahvol shunday bo‘lib qoldi. Uning omadi keldi, boshqalarniki kelmadi. Tag‘in kim biladi, sog‘ qolganlar ham bordir? Balki ertaga uchrashib qolishar?
Uning xayoli bo‘lindi. Yuragini yana g‘ashlik qoplay boshlaydi.
— Front olis, Ziyamat. Partizanlarga qo‘shilish kerak.
Leytenantning oxirgi gapi shu bo‘ldi. Ziyamat boshqa uni ko‘rmadi, ovozini eshitmadi ham. Otishma boshlani-shi bilan birinchi u yiqildi. O’q shunday orqa miyasiga tegdi.
— Saidmursal! Do‘stim! — deganicha, Ziyamatning gapi og‘zida qoldi.
Leytenant ko‘z yumdi. Ziyamat uni ko‘tarib o‘rmongacha olib bormoqchi bo‘ldi, lekin:
— Qoch! Esingni yedingmy?! — degan ovoz uni to‘xtatdi, kimdir yelkasiga turtdi.
U leytenantning burishgan va birpasda qorayib ketgan yuziga qaradi-yu, o‘rnidan turdi, negadir yog‘och kavushlarini yechib, qo‘liga oldi-da, o‘rmon tomonga yugurdi. Oldinda kimdir yiqildi, kimdir ovozi boricha dodladi. Ziyamat shu ovoz kelgan tomonga yugurdi, ammo kech qolgan edi. Sherigi allaqachon jon taslim qilgan edi. Boshqa hech kim ko‘rinmadi. Orqadan «Xalt! Xalt!» degan ovozlar, o‘q tovushlari borgan sari yaqinlashib kelardi. Ziyamat alanglab, atrofga qaradi. Oldinda chakalakzor ko‘rindi, uning ketida o‘rmon. U bor kuchini to‘plab shu tomonga yugurdi. Yuz-ko‘zlari, qo‘llari tilinib-timdalanib, o‘rmonga yetib kelganda yon-verida hech kim qolmaganini payqadi, quvlab kelayotgan nemislarning chinqiroq ovozlari, avtomat tovushlari esa hamon birdek eshitilardi. Ziyamat nafasini rostlamoqchi bo‘lib to‘xtadi va orqasiga o‘girildi, shu zahoti avtomat o‘qlari vizillab shunday boshi ustidan o‘tib ketdi. U shoshib egildi, o‘qlar endi beli ustidan vizillab o‘ta boshladi. «Tamom!» — o‘yladi u qo‘rquv va qandaydir o‘zi anglamagan sovuqqonlik bilan. Shunday bo‘lsa ham, u yotdi, peshonasi nimagadir do‘q etib tegdi, ammo u parvo qilmadi. Ovozlar endi orqadan emas, chap tomondan eshitila boshladi, o‘qlar tingandek bo‘ldi. Ziyamat o‘rnidan dast turdi-yu, o‘ngga qarab yugurib ketdi. Ko‘p o‘tmay yana otishma boshlan-di, itlarning hurishi eshitildi. Ziyamatning yuragi orqasiga tortib ketdi. U o‘kdan ko‘ra itlardan ko‘proq qo‘rqardi. Uning nazarida hozir o‘qqa chap berish mumkin edi, itlarga esa chap berib bo‘lmasdi. Ular is bilsa bo‘ldi, o‘ljasini topmasdan qo‘ymasdi, ayniqsa, lagerdagi itlar shunday edi. U buni ko‘rgan, hatto boldirining bir parchasidan ajralib, o‘z boshidan o‘tkazgan edi. Lagerga keltirilganining ikkinchi kuni edi o‘shanda.
Ular kun bo‘yi tosh tashishdi. Minglab odam tog‘ni yo‘nar, guldirab pastga, jarlikka tushayotgan toshlarni minglab odam, xuddi zanjirdek tizilib, ilon izi yo‘ldan tepaga olib chiqardi va yana shu jarlikka, faqat yo‘lga yaqin tomonga tashlardi. Yarim och, yarim yalang‘och, qiltillab o‘zidan og‘ir toshlarni ko‘targan asirlar orasida kimlar yo‘q edi?! Ziyamat ularni ko‘rdi-yu, vahmi uchib ketdi. Uning nazarida butun dunyoning erkaklari shu yerga keltirilib kishanlangandek edi. Yonma-yon o‘tib qolishganda, kirtaygan ko‘zlari demasangiz, hamma go‘yo bir qolipdan chiqqan, odam zotidan ancha yiroq qandaydir dahshatli maxluqlarni eslatardi. Hammaning soch-soqoli o‘sgan, hammada olataroq, ham oldi, ham orqasiga raqamlar osilgan yag‘ir kiyim. Oyoqlarida toshdan battar taraqlaydigan yog‘och kavush... Kechagina ular odam edi, kechagina ularning tili bor edi. Bugun esa ularda na til, na ism bor. Faqat raqam. Ziyamatda ham shunday raqam. U endi Ziyamat emas, ikki ming yetti yuz o‘n oltili rakam edi. Bundan buyoq u shunday, o‘lgunga qadar ikki ming yetti yuz o‘n oltili raqam bo‘lib qoladi. Ulim esa uzoq emas, yelkasida turibdi. Qochish kerak. Ziyamat barakka kirishi bilan qo‘lansa hid dimog‘iga urildi-yu, shu fikr miyasiga quyildi. Lekin qanday qilib? Bironta odam yuzlab soqchilar, elektr toki yuborilgan tikan simlar bilan o‘ralgan bu do‘zaxdan qochib qutulganmikan? Barakda hech kim uning bu savollariga javob bermadi. Barak tinch, faqat orqa tomonda kimdir ingrab yig‘lardi.
Kun peshindan oqqanda u butunlay darmoni quriganini payqadi. O’q tekkan chakkasi qulog‘i aralash lo‘qillab og‘riy boshladi. Birpas o‘tirgisi keldi. Biroq buning iloji yo‘q edi. It yetaklagan avtomatli soqchilar mahbuslarning har bir harakatini kuzatib turardi. Yiqilganlarning deyarli hammasi o‘sha zahotiyoq otilardi.
Ziyamat yengilroq bir toshni ko‘tarib, yelkasiga bir amallab qo‘ydi-da, tepaga yura boshladi, ammo oyoqlari qaltirab, yurishi sekinlashdi. «Nahotki shunday o‘lib ketsam? — o‘yladi u xavotirlanib. — Yo‘q, chidash kerak, chidash. Keyin qochaman. Hech kim qochmagan bo‘lsa, men birinchi bo‘laman. Unda o‘lsam, mayli».
Lekin yurish borgan sari qiyinlashdi, yelkasidagi tosh og‘irlashdi. Tepaga ko‘tarilganda ko‘z oldi qorong‘ilashdi, gandiraklab, toshni tashlashga ulgurolmay orqasiga gurs etib yiqildi. Shu zahoti it huridi va oyog‘iga nimadir sanchildi. Ziyamat hovliqib o‘rnidan turishga intilar, it esa oyog‘iga mahkam yopishganicha irillardi. «Shnel! Shnel!» — qichqirdi qoya ustidagi soqchi. Kimdir qo‘ltig‘iga kirdi. Ziyamat bir amallab o‘rnidan turdi, it qaytib ketdi. Qo‘lti-g‘iga kirgan kishi toshni yelkasiga qo‘yib qo‘ydi. «Rahmat», — deb yubordi Ziyamat shunda o‘z tilida. Sherigi indamadi, faqat o‘z toshini ko‘targanicha, «yuring», deganday oldinga ishora qildi.
Ular toshlarni jarlikka uloqtirib pastga tushishayotganda, sherigi sekingina so‘radi:
— Qaerdansiz?
— Toshkentdan, Shayxantavurdan, — shunday sekingina javob berdi Ziyamat.
— Men Turkistondan. Voronejda qo‘lga tushdim. Siz-chi?
— Kurskda. Ismingiz nima?
— Saidmursal.
— Meniki Ziyamat. Bu yer qaer?
— Yugoslaviya.
— Atrof o‘rmon ekan, — Ziyamat shunday deb, sherigining qochish haqidagi fikrini bilmoqchi bo‘ldi.
— Partizanlar ham bor. Ziyamat uni tushundi.
— Urinmadingizmi?
— Hozircha chora yo‘q. Barakda gaplashamiz. — Saidmursal «gap tamom» degandek, oldinga o‘ta boshladi. — Chidash kerak. Oyog‘ingiz qon.
Ziyamat shundagina it boldiridan bir parchasini uzib olganini sezdi. Biroq nachora? Chidash kerak. U shu fikr bilan o‘zini bosdi, zirqiragan og‘riqqa e’tibor qilmaslikka urindi.
Kech kirib, jarlikni tuman qoplay boshlaganda, tepada zang urildi. Mahbuslar yana zanjirdek tizilib, yuqoriga ko‘tarila boshladi. Jarlikni aylanib o‘tib, tosh yo‘lga chiqishganda, Ziyamat o‘ng tomoni pastlik, quyuq chakalakzor ekanligini ko‘rdi. «Qochish kerak!» Yashin tezligida miyasidan shu fikr o‘tdi-yu, beixtiyor yoniga qaradi. Soqchi undan besh metrcha narida edi. O’rtada qator mahbuslar, Saidmursal ko‘rinmadi. «O’zim urinib ko‘raman, — hayolidan o‘tkazdi va orqasiga qarab qo‘ydi. Orqadagi soqchi ham besh metrcha masofada edi. Qochsa bo‘ladi. Faqat bironta muyulish kelganda, shunda oldindagi ham, orqadagisi ham ko‘rmay qolishi mumkin edi. Shu xayol bilan u yuz metrcha yurdi. Nihoyat, u kutgan muyulish keldi. Oldindagi mahbus aylanishi bilan, Ziyamat bir siltanib, o‘zini chakalakka otdi. Gurs etib tushdi-yu, pastga dumalab ketdi. Avtomat tarilladi. Itlar dahshat bilan huriy boshladi. Ziyamat o‘rnidan turib, qayoqqa chopishni mo‘ljallaguncha bitta it yetib kelib, yopishdi. Ko‘p o‘tmay nemislarning ovozlari chakalakzorni tutib ketdi. «Tamom», — o‘yladi Ziyamat itning bo‘g‘ziga kuchining boricha yopishar ekan.
Lekin u bu gal ham tirik qoldi. Hushiga kelganida korong‘i bir muzxonada yotganini ko‘rdi. Qanday azoblarni boshidan kechirmadi u o‘shanda. Bir hafta och qo‘yishdi, kaltaklashdi. Hamma yog‘i momataloq bo‘lib ketdi. Joni kattiq ekan, o‘lmadi. Bir haftadan so‘ng yana tosh tashishga haydab ketishdi.
— Baxtli ekansiz, — dedi Saidmursal uni ko‘rib. — Omon qoldingiz. Endi mening buyrug‘imni kuting!
Buyruq bir oydan keyin keldi. Ziyamat bilmagan ekan, lagerda butun bir tashkilot mavjud ekan. Saidmursal uning rahbarlaridan biri ekan. Buni u kartserdan chiqqan kuni kechqurun bildi. Barakda yig‘ilish bo‘ldi. Qochish va partizanlarga qo‘shilish, keyinchalik butun lagerni ozod qilish leytenant Saidmursal Xudoyberganov boshliq asirlarga topshirildi. Qochish kartoshka kovlagani olib chiqiladigan kunga belgilandi. Kartoshka o‘rmon etagiga ekilgan edi. Nihoyat shu kun yetib keldi. Nemislar ellik kishini mashinalarga bosib olib ketishdi. Ziyamat ham shular orasiga tushdi. Kun botguncha hamma jon-jaxdi bilan ishladi. Lekin hammaning ko‘zi Saidmursalda edi. Nemislar ularning berilib ishlayotganlarini ko‘rib, tushdan keyin ancha beparvo bo‘lib qolishdi. Kun botganda Saidmursal signal berdi, hamma o‘zini chakalakzorga urdi. Ziyamat yonida turgan soqchini yuz-ko‘zi aralash tushirib, yiqitdi-yu, sheriklari ketidan yugurdi...
...Ziyamat o‘rnidan turdi. Oyoqlarining og‘rig‘i qolgan, bosh og‘rig‘i ham ancha tingan edi. U chuqur nafas oldi-da, osmonga qaradi. Oy tikkaga kelibdi. Demak, tun endi yarim bo‘libdi. Hali vaqt ko‘p, tonggacha u ancha yo‘l bosishi mumkin. Lekin qayoqqa yuradi? Partizanlar qaysi tomonda? Buni u bilmasdi. Hamma yoq qorong‘i. Begona o‘rmon, begona yer. Biroq u endi ancha tinch edi. Har holda endi u erkin. Erkinlikda o‘lim ham havfli emas.
U jilg‘ani tizzasigacha suvga botib kechib o‘tdi va birinchi marta yengil nafas olib yo‘lga tushdi.
Tongga hali erta edi. O’rmon hamon tun qo‘ynida, churq etgan tovush eshitilmasdi. U to‘ngaklarga, shox-shabbalarga qoqilib-qoqilib borar ekan, tongda qaerdan chiqib qolishini o‘ylardi. O’rmon tugab, bironta qishloq chiqib qolarmikin, yo toqqa tutashib ketarmikan? U ko‘proq ikkinchisini, juda bo‘lmaganda, o‘rmonning tugamasligini istardi. Qishloqda nemislarning bo‘lishi turgan gap. Balki uning atrofida soqchilar ham bordir. Ha, albatta, nemislar soqchi qo‘ymasa tinchimaydi. Yshqilib, qishloqdan chiqib qolmasin, unda hamma urinishlari barbod bo‘ladi. Partizanlarning esa qishloq yoki uning atrofida bo‘lishi mumkin emas. Ular yo tog‘da, yo o‘rmonda. Kim biladi, balki tonggacha ularga duch kelib qolishi ham mumkin. Koshki edi shunday bo‘lsa!
Allaqaerda parovoz jonholatda qichqirdi. Ziyamat diq-qat bilan quloq soldi. Gudok, aftidan, orqa tomondan eshitildi. Nahotki, lager shunchalik yaqin bo‘lsa? Ancha yo‘l bosdi-ku! Uning yuragi orqasiga tortib ketdi. Nazarida, adashib ketib, bir joyda aylanayotgandek tuyuldi. La-gerdan qochishga qochib, tamom qutulay deganda, nahotki yana qo‘lga tushsa?! U shunday o‘ylab, atrofga hadiksirab qaradi. Yo‘q, hech narsa bilib bo‘lmaydi. Hamma yoq daraxt, archa, qora qayin, yana qandaydir daraxtlar... Lager yonida ham shunday edi, bu yerda ham shunday. Yo‘q, u adashmagan, yulduzlarga qarab yurdi-ku! U tanlagan yulduzlar hamon oldinda. Yo‘q, adashmagan. Innaykeyin, adashgan bo‘lsa, itlarning ovozini eshitardi. Ular tun bo‘yi tinmay akil-laydi. Bu fikr unga ancha dalda bo‘ldi, qadamini tezlatdi. Bir chaqirimcha yurgandan so‘ng, o‘rmon siyraklashdi, oy bir oz oqarib, daraxtlarning uchlarida ko‘kimtir tutun ko‘rindi. «Tongga yaqin qolibdi, — o‘yladi Ziyamat. — Oldinda nima ekan — yo‘lmi yo qishloq? Nima bo‘lsa ham tezroq bilgan ma’qul». Shu xayol bilan u chopib ketdi. Lekin yarim chaqirimcha ham yurgani yo‘q ediki, keng asfalt yo‘l ustidan chiqib qoldi. Shu zahoti orqaga qaytdi, yuragi dukillab ura boshladi, peshonasini sovuq ter qopladi. Yaxshiyamki, bironta postga to‘g‘ri kelmadi. Endi nima qilish kerak? U o‘yga toldi.
Chindan ham uning oldida jiddiy muammo turardi. Yo‘l bo‘ylab borish kerakmi yo uni kesib o‘tib, to‘g‘riga — o‘rmon ichidan ketishi kerakmi? Yo‘l to‘ppa-to‘g‘ri uni nemislar qo‘liga olib borib topshirishi aniq edi. Ammo to‘g‘rida nima bor? Io‘l aylanib, shu yoqqa o‘tgan bo‘lsa-chi? Tog‘li joyda to‘g‘ri yo‘l kamdan-kam bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham u to‘g‘ri yo‘lni kesib o‘tishga qaror qildi. Ohista o‘rmondan chiqib, yo‘lga qaradi. Yo‘l jimjit, qora asfalt oy yorug‘ida erigan saqichdek yaltirardi.
Shu payt olisda nimadir sarg‘ayib ko‘rindi. Ziyamat shoshib o‘zini orqaga oldi. Baland to‘nka yoniga yotib, yo‘lga tikildi. Sarg‘ayib ko‘ringan narsa chiroq edi. Ko‘p o‘tmay u ikkita bo‘ldi. Ziyamat mashina kelayotganini angladi. Motorning guvillagan ovozi ham eshitila boshladi. Minutlar soatdek chuzilib, nihoyat, mashina yaqinlashdi. Uning yorug‘ida Ziyamat yo‘lning narigi beti ham kattagina o‘rmonligini ko‘rib oldi. Og‘ir yuk ortilgan beso‘naqay mashina uning ro‘parasiga yetib kelganda, Ziyamatning ko‘zlari qamashib ketdi. Qo‘li bilan yuzini berkitdi. Mashina uzoqlasha boshladi. Shundagina ko‘zlarini ochdi va yana ehtiyotlik bilan yo‘lga tikildi. Ammo boshqa mashina ko‘rinmadi. Ziyamat to‘g‘ri qarorga kelganiga ichida suyunib, yo‘lni kesib o‘tdi va yana o‘rmon ichiga kirdi.
U ancha yo‘l bosdi. Lekin o‘rmonning keti ko‘rinmasdi. Tong ota boshladi. Quyoshning iliq nurlari daraxtlar orasidan o‘tib, yerga nayzadek sanchildi. Ziyamat to‘xtadi. Endi yurish xavfli edi. U yana kech kirishini yo bironta baxtli tasodif yuz berishini kutishga qaror qilib, atrofiga qaradi. O’zidan sal narida, chap tomonda, voronka sifat o‘ra ko‘rindi. U shu yoqqa yurdi. O’ra kattagina edi. Eski bir daraxtning ildizini kovlab olishgan bo‘lsa kerak, ichi ham chuqurgina, odam o‘tirsa ko‘rinmas edi. U shu o‘raga tushdi va huzur bilan oyoqlarini cho‘zib o‘tirdi. Endi u qutulganiga, nemislar qidirib kelmasligiga to‘la ishongan edi. Shuning uchunmi, o‘tirishi bilan badani bo‘shashdi, ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumildi.
Qirq uchinchi yilning yozi, nemislarning hujumi oldidan, u xuddi mana shunday o‘z okopida o‘tirgan edi. Unda egni but — oyog‘ida etik, qo‘lida avtomat bor edi, hozirgidek yalang oyoq va yupun emas edi. Nemislar o‘shanda tunlari ham hujumni to‘xtatishmasdi, bir vzvoddan ikkinchi vzvodga o‘tish amri mahol edi.
Ziyamatning vzvodi tepalikka joylashgan bo‘lib, dushmanning asosiy e’tibori shu tomonda edi. Kombatning asl niyati ham shu edi. Shuning uchun ham u vzvodga bitta ortiqcha pulemyot bergan edi.
— Husanov, senga og‘ir bo‘ladi, — dedi u dushman tongda yana hujumga o‘tganda. — Mahkam tur. Nemislar bu yerda katta kuch bor, deb o‘ylashsin. Tushundingmi?
— Tushundim, o‘rtoq kombat! Buyrug‘ingiz bajariladi.
— Vaziyat o‘zgarsa, kapitanning o‘zi keladi.
— Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq kombat!
Kombat ketdi. U kecha kechqurundan beri rota komandiri kapitan Kravtsovning o‘rnida edi. Kravtsov qo‘lidan o‘q yeb, sanbatga olib ketilgan edi.
Ziyamat Kravtsovni ham, kombat Sinichenkoni ham yaxshi bilardi. Gospitaldan qaytishi bilan uni shu batalonga vzvod komandiri qilib yuborishgan edi. Ikki yillik jang davomida u o‘z komandirlarini yaxshi ko‘rib qolgan va har doim ularning jangdagi sovuqqonligi va botirligini ko‘rib qoyil qolardi. Kombat anchagina kamgap bo‘lib, Kravtsovning aksi edi. U doim aniq va qisqa ko‘rsatma berar, kapitan esa juda uzokdan kelardi. Asosiy maqsadga ko‘chguncha odam qon bo‘lib ketardi. «Xo‘sh, ahvollar qalay, azizim!» U shunday deb gap boshladimi, tamom, biron oyair topshiriq bermoqchiligini hamma bilib olardi. So‘kadigan bo‘lsa, avval qo‘shni rotalardan gap ochardi, qo‘shni rotaning kechagina kelgan, hali dushman bilan hatto yuzma-yuz ham kelmagan soldatini ko‘klarga ko‘tarib maqtardi, keyin, sen-chi, deb, gunohkor jangchini so‘kib ketardi, bechoraning gap eshitmagan bironta urug‘-aymog‘i qolmasdi. Shunga qaramay uni soldatlar yaxshi ko‘rishardi. Bunday hurmatga u jangda bevosita ishtirok etishi bilan, soldatni ayashi, uning ahvolidan doimo xabardor bo‘lib turishi bilan erishgan edi.
Qo‘shni rota ikki kun avvalgi og‘ir jangdan so‘ng, mudofaaning ikkinchi liniyasiga o‘tganda, shu tepalikni egallashni Kravtsov Ziyamatga topshirdi.
Tungi tinchliqdan foydalanib, Ziyamat o‘z vzvodini qiyinchiliksiz tepalikka olib chiqdi. Lekin shu payt qattiq otishma boshlandi. Artilleriya qo‘shilgandagina nemislar anchagina jimidi. Shunday kapitan yaralandi. E’tiroziga qaramay, shaxsan kombatning buyrug‘i bilan sanbatga olib ketishdi.
— Husanov, joyingdan siljima, — dedi u keta turib.
Ziyamat uning buyrug‘ini bajardi. Kun bo‘yi nemislar yetti marta hujum qilishdi. Lekin bir marta ham tepalikka yaqinlashib kela olishmadi.
...To‘p ovozlari tindi. Bir zum hamma yoqni jimlik qopladi. Qishloq tomondan allaqanday qushning chivchivi eshitildi-yu, yana tindi. «Bulbulga o‘xshaydi», — xayolidan o‘tkazdi Ziyamat va ko‘z oldiga Qorasuvdagi hovlisi keldi. Hozir uzumlar yetilib yotibdi u yerda. Husayni ham, shivilg‘oni ham. Chug‘urchiq ko‘proq shivilg‘oniga keladi. Zang‘ar, qaysi uzumni yeyishni biladi. Birpas qaramadingmi, talab ketadi. Onasi ishkomga to‘rttami-beshta eski chelak osib, tizginlarini ayvonning ustuniga bog‘lab qo‘yardi. Bironta kush ko‘rdimi, shu tizginni tortardi, butun bog‘ko‘chani chelaklarning taraq-turug‘i, chug‘urchiqlarning chag‘-chag‘i bosib ketardi. Hozir kim qarayotgan ekan boqqa?
— Mana shunisi odamni xunob qiladi, — dedi kimdir.
Ziyamat xayoli bo‘linib, yoniga qaradi. PTR ushlagan jangchi jahl bilan tamaki tutatar ekan, pastdagi yalanglikdan ko‘zini uzmasdi.
— Nimasi, Volodya? — so‘radi Ziyamat.
— Artpodgotovkadan keyingi jimlik-da, qon bo‘lib ketadi kishi. Oliftagarchilik qilmasdan kela qolishsa, o‘ladimi la’natilar!
— Hovliqma, hozir kelishadi.
Ziyamat shunday deb ulgurmagan edi, oldinda tank ko‘rindi.
— Aytmadimmi!
— Xuddi shunday, o‘rtoq komandir! — jangchi bolalarga xos quvonch bilan tankni mo‘ljalga ola boshladi. — Kela qol, azizim, kela qol.
— Shoshilma.
Tank o‘n metrcha ham yurmagan ediki, yonida ikkinchisi paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, to‘rtta bo‘ldi. Keyin yana ikkita qo‘shildi. Ular har galgidek, yoyilib emas — ikki qator bo‘lib kelardi.
— «Tigr»larga o‘xshaydi, — dedi Volodya.
Ziyamat indamadi. Nemislarning bu mashhur tanklarini u birinchi marta ko‘rayotgani yo‘q edi. Agar yon tomonidan otilsa, avtomat bilan ham ularni ishdan chiqarish mumkin edi.
— Pulemyotlarni hozirlang! — buyruq berdi u. — Mening komandam bilan otilsin!
Masofa borgan sari qisqardi. Yuz metrga yetganda, tanklar o‘t ochdi. Transheyani achchiq tutun, chang qopladi.
— Yigitlar! Boshladik! — qichqirdi Ziyamat va o‘zi birinchi bo‘lib o‘t ochdi.
Oltmish metrga kelib qolgan birinchi tank to‘xtadi. Lyuk ochilib, nemis tankchisining kallasi ko‘rindi. Avtomat tirilladi, u ikki qo‘lini yozib, tank ustiga ag‘darildi. Shu payt ikkinchi qatorda kelayotgan tank yonib ketdi.
— Men! Men yondirdim! — qichqirdi Volodya.
Ammo Ziyamat uni eshitmadi. Shunday yonida snaryad portladi. Ko‘zlariga nimadir yopishdi. Yengi bilan artar ekan, yana snaryad gumburlaganini eshitdi.
— Volodya! Galiulin!
Hech kim javob bermadi. U ko‘zini ochganda, bitta tank tepalikka ko‘tarilayotganini ko‘rdi. Tankning uzun stvoli xuddi uni nishonga olayotgandek edi. Ziyamat shoshib o‘zini chapga oldi. Shunda u Volodyaning transheya ichida tuproqqa belanib yotganini ko‘rdi.
— Volodya!
Ammo Volodya jim edi. Ziyamat PTRga yetguncha, yonidagi granatani olib pastga, tankning g‘ildiraklarini poylab uloqtirdi. Tank to‘xtadi, bir siltanib orqasiga qayrilmoqchi bo‘lganida, yonib ketdi. Lekin shu zahoti undan sal narida boshqasi ko‘rindi. U tepalikka ko‘tarilmadi. To‘xtab, tepalikni o‘qqa tuta boshladi. Boshqa tanklar ham shunday qilgan bo‘lsa kerak, Ziyamatning gir atrofida snaryadlar yorila boshladi. U endi vzvoddagilardan kim bor, kim yo‘q, bilolmay qoldi. Bir amallab PTRni topib, transheyadan boshini ko‘tardi. Pastda yana bir tank va uning atrofida nemislar ko‘rindi. U tankning tuynugini poylab, PTR ni bo‘shatdi. Tank portladi. Shu payt kimdir uni turtdi va nimalardir deb qichqirdi. Ziyamat eshitmadi. Bitta tank shunday ustidan o‘tib ketdi. Ziyamat chaqqonlik bilan orqasiga o‘girilib, uni nishonga oldi. Ammo PTR otilmadi. O’q tugagan edi. Shu payt cho‘ntagidagi granata esyga keldi. Oldi-yu, tezlik bilan uloqtirdi. Granata shunday lyuk ustiga tushdi. Orqadan avtomat tovushlari eshitildi. Nemislar transheyaga juda ham yaqinlashib qolishgan edi. Ziyamat ularni aniq ko‘rdi. Darhol avtomatini yelkasidan olib, ota boshladi. Uch-to‘rt nemis shu zahoti yiqildi. Boshqalari yotib oldi. Hujum yana tingandek bo‘ldi.
— Stepanov! — qichqirdi Ziyamat yuzidagi terni sidirar ekan.
Hech kim javob bermadi.
— «Nahotki, ular...» — Ziyamat shunday deb o‘yladi-yu, o‘z xayolidan o‘zi cho‘chib ketdi va shoshib atrofiga qaradi.
Transheyaning u turgan joydan bo‘lak hamma yeri buzi-lib, uyum-uyum tuproq bo‘lib yotardi.
Oldinda yana tanklar paydo bo‘ldi. Endi ular yolg‘iz emas, har birining orqasida avtomatchilar bor edi.
Ziyamat ularni ko‘rib, avtomatiga yangi disk qo‘ydi. Cho‘ntagidan so‘nggi granatani olib, kamariga qistirdi.
— O’rtoq komandir! — qichqirdi shu payt kimdir. Ziyamat tanidi.
— Galiulin! — sevinib chaqirdi u.
— Menman, o‘rtoq komandir!
— Yoningda kim bor?
— Stepanov bor edi. Snaryad qorniga tegdi. Boshqalarni ko‘rmayapman.
— Chaqirib ko‘r. Galiulin qichqirdi.
— Hech kim javob bermayapti.
— Dadil bo‘l, oshna. Kelishyapti, ko‘ryapsanmi?
— Ko‘ryapman. Ikkita granatam qoldi, o‘rtoq komandir.
— Tankni poyla.
— Tushundim, o‘rtoq komandir! O’zingizda-chi?
— Bitta!
U boshqa hech narsa aytib ulgurmadi. Kuchli portlash uni siltab tashladi. Og‘ir bir narsa boshiga tushdi. O’ziga kelib, o‘rnidan turganida, transheya ustidan tank o‘tib ketayotganini ko‘rdi, granatani olib ulgurmadi, bir nemis ustiga tashlandi. Ziyamat bor kuchini to‘plab, uni uloqtirdi-da, atrofini o‘rab kelayotgan nemislarni nishonga ola boshladi. Nemislar yotib olishdi. «Tirik olishmoqchi she-killi? — o‘yladi Ziyamat. — «Olib bo‘psanlar, ablahlar!» Galiulin! Bardam bo‘l!» — u shunday deb qichqirdi-da, qo‘lidagi granatani nemislar g‘uj bo‘lib yotgan tomonga uloqtirdi. Shu payt chakkasiga nimadir urildi, u ko‘zlari tinib yiqildi va hushidan ketdi.
Ko‘zini ochganida, o‘rmonda yotganini ko‘rdi. «Xudoga shukur, tirik ekanman», — xayolidan o‘tkazdi u. Ammo bu tiriklik juda qimmatga tushdi unga. U hali asir tushganini, o‘ziga o‘xshagan yuzlab asirlar ichida yotganini bilmasdi. Bilganda esa, butun vujudi bo‘shashib ketdi.
Bir haftadan so‘ng asirlarning hammasini yuk vagonlarga bosishdi. Eshelon qo‘zg‘alganda olisda dahshatli to‘p ovozlari eshitildi.
— Biznikilar! — dedi kimdir zavq va shu paytning o‘zida cheksiz o‘kinch bilan. — Tanidim! Bizning to‘plar!..
Hech kim unga javob bermadi. Eshelon g‘arbga yo‘l oldi.
Ziyamat ko‘zini ochganda, kun tikkaga kelgan edi.
O’rmon jimjit. Hech nima ko‘rinmaydi. Nima qilish kerak? Nahotki, qorong‘i tushganga qadar kutishga to‘g‘ri kelsa?.. U hech qanday qarorga kelmay, o‘rnidan turdi. Shu payt olisda ola echki yetaklagan bir odamning qorasi ko‘rindi. Ziyamat shoshib o‘zini daraxtning panasiga oldi. Kim ekan u? Qaerdan paydo bo‘lib qoldi? Qishloq nahotki shunchalik yaqin bo‘lsa? Echki bir yo‘qolib, yana ko‘rindi. Uning egasini Ziyamat endi yaqqol ko‘rdi. U chol edi. Bu Ziyamatni tinchitdi. Chol unga yaqinlashdi. Bekinishning mutlaqo iloji qolmadi. Ko‘z-ko‘zga tushdi. Chol xuddi Ziyamatdek, joyida qotib qoldi. Ancha vaqt ular bir-biriga tikilib turishdi. Nihoyat, Ziyamat chidamadi. Imladi. Ammo chol joyidan qimirlamadi. Echki uning qo‘lidan tushib ketgan chilvirni sudrab, qochib ketdi. Chol parvo qilmadi. U, sehrlangan odamdek, Ziyamatga tikilib qolgan edi.
— Ya plen, ponimaesh? Plen... — dedi sekin Ziyamat ko‘kragiga qo‘lini bigiz qilib.
Chol uni tushunmadi.
— Ya plen! Ponimaesh? — dedi yana Ziyamat. — Rus, rus... Moskva!..
Cholning ko‘zlarida tabassum paydo bo‘ldi.
— Az b’lgarin, — dedi keyin va Ziyamatga yaqinlashdi.
— Partizan... menga partizanlar kerak, — dedi Ziyamat, chol uning oldiga kelgach.
— Partizan? — so‘radi chol unga tikilib.
— Ha, partizanlar kerak, — dedi yana Ziyamat.
Chol «tushundim» degandek, boshini qimirlatdi. Ziyamat ko‘nglida bir olam sevinch bilan uni quchoqladi va o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yubordi.
1970
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89435194

Yandex