Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Olmas Umarbekov. Qaytar dunyo (hikoya)

12.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Hayotning har lahzasi go`zal, Umrning har dami g`animat.
Anvar Obidjon
 
 

Olmas Umarbekov. Qaytar dunyo (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
QAYTAR DUNYO

Yaqinda yuz bergan bir voqea sabab bo‘lib, otamni eslab ketdim, uni bevaqt o‘limga olib kelgan kulfat, kasalmand onam boshliq oilamiz chekiga tushgan og‘ir kunlar to‘g‘risida o‘ylab, yuragimdagi jarohat yangilandi.
Otam asli parkentlik, uch aka-ukaning kenjasi edi. Kenjaligi tufayli otasidan, ya’ni bobom Do‘simbek polvondan qolgan uyda turar, amakilarim esa shu uyning ikki qanotidan o‘zlariga hovli-joy qilib olishgan edi. Qarindosh-urug‘larning aytishlaricha, otam ham, amakilarim ham inqilobdan oldin, o‘sha davr sharoitiga chaqib aytganda, o‘zlariga to‘q yashagan ekanlar, har birining bitta-ikkitadan sigiri, besh-o‘ntadan qo‘yi bo‘lgan ekan, ota kasblari dehqonchilikda esa butun qishloqning ularga havasi kelar ekan. Har yili shirinligidan tilni yoradigan bozorning old qovun-tarvuzi ularniki bo‘larkan. Qurbilari yetganidanmi, yo tasodif yordam berdimi, ikki amakim uylarining tomini oq, yaltiroq tunuka bilan yoptirib olishgan ekan. Usta o‘zbek bo‘lmasa kerak, baland tomdan yo‘lkalargacha tushgan oppoq tarnovlarning tepasiga bittadan tunuka xo‘roz qoqib qo‘yibdi. Bunday xo‘rozli tarnov Parkentda boshqa yo‘q ekan.
Amakilarimni men ko‘rmaganman. Otamdan, hali aytganimdek, qarindoshlarimiz hikoyalaridan bilaman. Hamma ularni hurmat bilan polvon, der ekan. Shu jumladan, otamni ham. Bilishimcha, gap faqat hurmatda emas edi. Otamni ko‘rgan odam uni chindan ham polvon derdi. Bo‘yi baland, ko‘krak, yelkalari keng, qadam bosganida, yer gursillardi. Bir to‘yda qop-qop unni ustma-ust gardaniga qo‘yib, bolaxonaga olib chiqqanini o‘zim ko‘rganman. Amakilarim otamdan ham tikroq, yo‘g‘onroq ekan. Ularni «polvon» deyishlariga yana bir sabab bor edi. Muhtojlik sezganda, Toshkentga borib, janggohda kurash tushib kelishar ekan, shu bilan, kam-ko‘stlarini butlab olishar ekan. Qanchalik rost, bilmayman, lekin aytishlaricha, amakilarimning kurash tushib yelkalari yerga tegmagan. Faqat bir marta, katta amakim mashhur Saksovul polvonga o‘zi yiqilib bergan ekan. O’shanda Parkentda oq tunuka Saksovul polvondan yiqilgani evaziga, degan gap tarqalgan ekan. Bu, albatta, shunchaki mish-mishlardan. Lekin katta amakimning Saksovul polvondan yiqilgani rost. Shundan gap ochilganda, otam tutaqib ketardilar: «Tunukani Saksovul polvon olib kelib bergan bo‘lsa bergandir. Bilmayman. Ammo-lekin akam shu tunukani deb yiqilmaganlar. Yerdan dast ko‘tarib Saksovulga qarasalar, ko‘zlari yoshmish. Rahmlari kelib, shundoq ustilariga tashlabdilar-qo‘yibdilar!»
Lekin oftobda ko‘zni qamashtirib, olis-olisdan yaltirab ko‘rinadigan shu oq tunuka tomli, sinch devor uylarda uzoq yashash amakilarimga nasib qilmadi. To‘ntarish shamoli Parkentni ham alg‘ov-dalg‘ov kilib yubordi. Xalq ikkiga ajrab ketdi. O’z qo‘li, mehnatiga ishongan amakilarimga oshiqcha mol-mulk kerak emas edi, yarim och yashashni ham istashmasdi. Shuning uchun u tomonga ham, bu tomonga ham o‘tmay, o‘z ishlari bilan yuraverishdi. Ammo bu ko‘pga cho‘zilmadi. Yigirma uchinchi yili kechasi don-dun qidirib tog‘dan tushgan qo‘rboshining yigitlari bilan olishuvda katta amakim, To‘laganbek polvon halok bo‘ldi. Yigirma to‘qqizinchi yilda Qoplonbek amakimning ham boshiga tashvish tushdi. O’z yerida qovun uzib turgan paytida qishloq aktivi va militsiya kelib, uni qamoqqa oldi. Otam o‘shanda oyog‘iga eski mahsi tortib, og‘ilxona tomiga qamish bosayotgan ekanlar. Eshitibdilar-da, mahsida militsiya idorasiga yuguribdilar. Ammo u paytda kim kimga quloq osardi? Hamma o‘zicha haq edi. Buning ustiga kamdan-kam odamda ikkita sigir, o‘nta qo‘y bor edi. Mardikor ishlatmay, o‘z xo‘jaligini o‘zi tebratib kelgan amakim kolxozga kirmagani, shuncha qoramoli bo‘lgani uchun quloq qilinib, mol-mulki, uy-joyi kolxozga o‘tib ketdi. O’zi, xotini, ikkita bolasi bilan Ukrainadagi Nikolaev degan shaharga surgun qilindi. O’sha tomonda amakim kartoshka, yeryong‘oq ekishni o‘rganadi. Daryoning qirg‘og‘ida sholikorlik qiladi. Uncha-muncha paxta ham ekib turadi. Uch-to‘rt yil deganda yangi sharoitga ko‘nikib, turmushini tuzatib oladi, tanish-bilish orttiradi. Mehnatkashligi, mirishkor dehqonligi mahalliy xalqqa yoqib, ancha obro‘-e’tibor qozonadi. Otamga uning oxirgi xati urushning ikkinchi yili kelib tekkan. Partizan otryadidan yozgan ekan. Urushdan keyin otam uni ko‘p qidirdilar. Hatto Nikolaevga borib ham keldilar. Ammo na o‘zidan, na oilasidan darak topildi. Hatto uyidan ham nishon qolmagan edi. Qarindosh-urug‘, tanish-bilishlar janoza ochishni bir necha bor maslahat berishdi. Otam ko‘nmadilar. Birontasining daragi chiqib qolsa, yo o‘zi kirib kelib qolsa, ko‘ziga qanday qarayman, deb turib oldilar. Oradan, mana, shuncha yil o‘tib ketdi, ammo hech qanday darak chiqmadi. Ba’zilarning taxmini bo‘yicha, Nikolaevda qolgan barcha bolalarni Germaniyaga haydab ketishgan, ayollarni xutorlarning o‘zida otib tashlashgan. Ba’zilar esa bombardimon payti hammalari halok bo‘lishgan, bo‘lmasa uylar bitta qolmay vayron bo‘lmasdi, deyishadi. Amakim haqida yana bir taxmin yuradi. Go‘yo, nemislar kelishi bilan ularga qo‘shilgan emish. Ular bilan birga keyin Germaniyaga o‘tib ketgan emish. Sayyoh bo‘lib borganlar uni ko‘rganmish. Lekin hech kim otamning oldida, bizning oldimizda bunday degan emas. Amakimning biron jangda halok bo‘lgani haqiqatga yaqin edi. Lekin qaysi jangda, qaerda, qachon? — hech kim bilmaydi.
Otam amakimni oilasi, ruxsat berilgan ikki bo‘g‘cha yuki bilan temir yo‘lga kuzatib kelgan kunlariyoq, yarim kechada arava qo‘shadilar, oyimni, yetti yashar opamni o‘tqazib, Toshkentga yo‘l oladilar. Uydagi biron narsaga tegmaydilar, og‘ilxonada sigir-buzoq, qirda qo‘ylar qolganicha qoladi. Nega hech narsa olmadilar, qancha so‘ramaylik, hech qachon otam aniq bir javob bergan emaslar. Nazarimda, u kishining bu ishida tobutkash, bir lagandan osh yeb kelgan hamqishloqlariga zardasi, begunoh, qishloqning biron ma’rakasidan qolmaydigan, och-yalang‘ochga doim yordam qo‘lini cho‘zib kelgan akasiga achinish bor edi. Balki xato qilayotgandirman? Balki yangi hokimiyatdan norozi bo‘lganlaridan shunday ish tutgandirlar? Lekin otamni yaxshi bilganimdan bunga qo‘shilishim qiyin. O’limlarigacha boshlariga ne-ne kunlar tushmasin, otam hukumatga norizolik bildirganlari yo‘q.
Xullas, qup-quruq aravada uch kishi tonggi g‘ira-shirada bobomning singlisi, ammamiznikiga kirib kelishadi.
Ammam Toshkentning Mirobod mahallasiga, ziyolilar xonadoniga kelin bo‘lib tushgan, eri, qaynotasi yonida o‘qituvchilik qilardi. Qaynotasi o‘sha davrdagi ilg‘or fikrli ziyolilardan bo‘lib, asrning boshida ota-bobosidan meros qolgan ichkari-tashqarilik katta hovlining yarmini ajratib, yangi usulda maktab ochgan edi. Maktabda faqat o‘g‘il bolalar emas, qiz bolalar ham bepul o‘qitilardi. Ammam shu qizlarga rahbarlik qilar, bundan tashqari hamma sinflarda o‘zbek tilidan dars o‘tardi. Uchinchi sinfni bitirgunimcha, men ham uning qo‘lida o‘qiganman. Ammamning olamdan o‘tganiga yarim asr bo‘lganiga qaramay, men hamon uni yaxshi eslayman. U ham otamga o‘xshab novcha, burni katta, ammo o‘ziga yarashgan edi, yirik ko‘zlari doim kulib turardi. Bo‘yi, jussasiga yarasha, ovozi ham bardam edi, shoshmasdan, so‘zlarni dona-dona qilib gapirardi uni eshitganimda, ko‘z oldimda g‘alati bir manzara jonlanardi: keng, bepoyon cho‘l. Bo‘ynilariga ko‘ng‘iroq osilgan qator tuyalar karvoni bitta-bitta bosib kelayapti... Bu manzarani eslatadigan, u o‘rgatgan bir she’r haligacha esimda:
Bu na kun bo‘ldikim, quloq kar, tilim lol,
Rus lisonin bilmayin ko‘zimiz mo‘ltir-mo‘ltir.
Millat bari arbokashdir, yo hammol,
Afti-angori qaro, kiygani juldir-juldir...
Ammam, uning qarindoshlari qochoqlarni yaxshi kutib olishdi. Darrov bitta xona ajratib berishdi. Qudaboboning taklifi bilan otam o‘z ot-aravasi bilan maktabning xo‘jalik ishlarini qiladigan bo‘ldi. Keyin u shu maktabda qolib ketdi. Umrining oxirigacha xo‘jalik ishlari mudiri bo‘lib yurdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay otam shu mahallaning etagida bo‘sh yotgan yerni sotib oldi. Otasidan qolgan besh g‘ishtlik mashhur polvon qolipda o‘zi g‘isht quyib, imorat soldi. Havas qilib qo‘yganidanmi, yo o‘rtancha amakimni quloq qilganlarga o‘chakishgandanmi, o‘rtasiga katta ayvon tushgan ikki xonali uyning tomini — qaerdan topdi, bilmayman — oq, yaltiroq tunuka bilan yoptirdi. Ayvonning chekkalaridan tushgan ikkita tarnovning tepasiga ikkita tunuka xo‘roz ham qoqtirib qo‘ydi.
Men shu uyda tug‘ilganman. Uning har bir g‘ishti, har bir yog‘ochi menga aziz va qadrdon edi. Nonquti, idish-tovoqlar terib qo‘yilgan keng va baland tokchalar, ikkala xonaning to‘ridagi gulli dorpechlar bilan to‘silgan taxmonlarni hozir ham ko‘rib turgandekman. Har kuni ertalab o‘rinlarni yig‘ishtirib shu taxmonlarga taxlash opamning bo‘ynida edi. Ko‘rpalarni ko‘tarsa ham, bechora, to‘shaklarga kuchi yetmasdi. Meni chaqirardi. Ikkalamiz inqillab-kuchayib yig‘ishtirardik. Men uyalardim, xotinlarning ishi, deb. Qochardim. Opam hovlini boshiga ko‘tarib, orqamdan quvlardi. Tutolmasa, ayvonning ostonasiga o‘tirib olib, kap-katta, bo‘yi yetgan qiz yig‘lardi. Oriq, kasalmand oyim aralashganlaridan keyingina qarashardim. Oyimning shu uydalik paytlari xotiramda qolgan. Qishda ayvonning o‘rtasiga quriladigan tancha yonida o‘tiruvdilar, yozda ostonaga yaqin joyda. Oldilarida doim sariq samovar shaqillab qaynab turardi.
Urush boshlanishidan bir-ikki oy oldin hovlimizning o‘rtasidan vodoprovod o‘tdi. Odam zo‘rg‘a hatlab o‘tadigan zovur qazildi. Qulochga sig‘maydigan quvurlar yotqazildi. Otam ishchilar bilan gaplashib, o‘zimizga ham vodoprovod o‘tkazib oldilar. Urush boshlangan kuni suv keldi. Men bunaqa shirin, muzdek suvni sira bilmayman. Nima uchun bizning hovlimizdan o‘tkazilganini ham bilmayman. O’tkazishdi-yu, zovurlarning ustini yopish eslaridan chiqib ketdi. Quvurlar ochiq qoldi, yozdan kelasi yili erta bahorgacha hovlida tog‘-tog‘ bo‘lib, tuproq uyulib yotdi. Otam bir necha marta turli idoralarga borib keldilar. Hech kim yopishni o‘ylamadi. Yomg‘irgarchilik tugashi bilan o‘zlari yopdilar. Hovli yana ochilib ketdi. Suvning ta’rifi mahallaga yoyildi. Qo‘ni-qo‘shnilar ovqatga, choyga biznikidan suv olib ketadigan bo‘lishdi. Yoz kunlarining birida, o‘qishdan kelsam, oyim vodoprovodni sharqiratib ochib, tagida o‘tiribdilar. Meni ko‘rib uyalib ketdilar.
— Parkentdan ketganimizdan beri oqar suvda cho‘milgim kelardi. Bosimi yaxshi ekan, xuddi daryoga o‘xshaydi.
Hali-hali ko‘rib turgandekman, oyimni so‘lg‘in ko‘zlarida orzusi ushalgan odamning iliq tabassumi, taskini bor edi.
Oyim, otam singari odamlarning arzimagan narsadan tinim, quvonch topganini shu voqealarni menga eslatib yuborgan, oilamizning kulfatlariga sababchi bo‘lgan kishi umrida biron marta ko‘rganmikan? Shunday tinim, quvonchlar o‘sha odamlar uchun chinakam baxt bo‘lganini tasavvur qilganmikan? Yo o‘z niyatlari yo‘lida hammani xor qilib, ustidan bosib, toptab ketaverganmikan? Shunday kishilarning chanqaganga bir piyola suv, ochqaganga bir burda non berganini, o‘lim chiqqan uydan borib hol so‘raganini bilmayman...
Avval men uni tanimadim. O’ttiz yildan ziyod vaqt o‘tgan, unutgan edim. Keyin ko‘rimsiz edi. Rangi ham buzuq edi, endigina zaxdan chiqqan qurbaqaning rangiga o‘xshardi. Ijroqomga ertaroq kelib, zarur hujjatlar bilan tanishib o‘tirsam, uyalinqirab kotiba qiz kirdi.
— Sizni bir odam so‘rayapti. Qabul qilarmishsiz.
— Qabul kuni kelsin, — dedim boshimni ko‘tarmay.
— Juda iltimos qilyapti, — dedi yana kotiba. — Qabul qila qoling, veteran ekan.
Veteranlardan u qo‘rqardi. Ularning ba’zilari bilan gaplashishga esa mening toqatim yo‘q edi.
— Hay, kirsin.
Shu zahotiyoq past bo‘yli, to‘ladan kelgan, dumaloq yuzi ko‘kimtir bir kishi pildirab xonaga kirdi.
— Salamalaykum, rais uka!
U uzun majlis stolini yosh yigitdek chaqqonlik bilan aylanib o‘tdi-da, ro‘paramga kelib, qo‘lini uzatdi. O’rnimdan turib, qo‘lini oldim. Nazarimda barmoqlari birtekisda bolta bilan chopib tashlangandek, kichkina qo‘lining suyagi yo‘q edi.
— Keling, o‘tiring.
U taklifimni kutmasdanoq ikki qo‘li bilan stulni surib, o‘tirib oldi. Tezroq maqsadga o‘tish niyatida so‘radim:
— Keling?
U munchoqdek kichkina ko‘zlarini menga qadab iljaydi.
— Rais uka, sizni ko‘rganimdan xursandman. Ko‘p yaxshi gaplar eshitaman. Baraka toping. Martabangiz bundan ham baland bo‘lsin.
— Otaxon!..
Uni bo‘lmoqchi edim, ammo gap bermadi.
— Bir paytlar Qorasuv odam nazar-pisand qilmaydigan kichkina rayon edi. Endi qarang, bay-bay, bay!... Ana qurilish, mana qurilish! Rais uka, men ham uzoq yillar ijroqo‘mlarda ishlaganman. Elliginchi yillarda hatto rayijroqo‘m raisining muovini ham bo‘lganman. Butun qurilish ishlari menda edi. Mehmonxona, yo‘l, kombinat!..
Shu payt uni tanigandek bo‘ldim. Basharasiga tikildim.
— Frunze rayonida ishlamaganmisiz? — aniqroq bilish uchun so‘radim.
Savolimdan u xursand bo‘lib ketdi.
— Ha-da! O’sha eng og‘ir rayonda, eng og‘ir yillari ishlaganman. Mehmonxonani ko‘rsangiz hozir, havasingiz keladi. Ko‘chalar-chi? Ikki baravar kengayib ketdi. Lohutiy, Shota Rustaveli... Joniz rohat qiladi.
Ha, bu o‘sha, otam ne-ne qiyinchiliklar bilan qurgan, men tug‘ilgan uyni buzdirgan odam edi. Qo‘chqorov. Ali Qo‘chqorov. O’zini unutibman-u, ismi-sharifi yodimda qolibdi. Nima qilish kerak? Yoqasidan ko‘tarib, tepib-tepib, haydaymi? Haqqim yo‘q. Bechora onamga, otamga ko‘rsatgan hunarini eslataymi? Nima derdi? Topshiriqni bajarganman, deydi. Menda ayb yo‘q deydi, Qiziq, meni u taniganmikan? O’sha, uyi buzilib, bevaqt o‘lib ketgan devdek odamning o‘g‘li ekanimni bilarmikan? Taqdirni qarang, rayijroqom raisi o‘rinbosari buzdirgan uyning egasi hozir rayijroqom raisi bo‘lib o‘tiribdi, va o‘sha, boshiga kulfat yog‘dirgan odamni qabul qilayapti!.. Qaytar dunyo, deb shuni aytsalar kerak. Nima ish bilan kelgan ekan? Shu savol xayolimga keldi-yu, alamlarimdan chiqish niyatida uning gapini bo‘ldim.
— O’rtoq Qo‘chqorov! Vaqt ziq. Xizmat?
— I-ya!? Meni bilasizmi? — u sevinib ketdi.
— Sizni Mirobodda ko‘pchilik biladi. Ayniqsa, uyi buzilganlar. Men mirobodlikman.
U kinoyani tushunmadi. Dumaloq qo‘llari bilan birpasda nam bo‘lgan ko‘zlarini arta boshladi.
— Barakalla! Barakalla! Rahmat sizga, rais uka!..
— Ishga o‘taylik. Xizmat? — yana so‘radim.
Bu gal qo‘polroq so‘raganimni u sezib, maqsadiga o‘tdi.
— Bizni uyni ustidan ko‘cha o‘tadigan bo‘pti. Yo‘q-yo‘q, hech qarshi emasman. Ko‘cha xayrli ish. Lekin... Lekin qariganimda bir parcha bo‘lsa ham yerda bo‘lay deyman. Opoqingiz ham shu gapni eshitib, tinchini yo‘qotib qo‘ydi. Domda turmayman, deydi., Tobutimni qandoq olib chiqishadi, deydi. Bolalar boshqa gap. Ammo bizga, keksalarga rahm qiling, rais uka.
— Nima, ko‘chani boshqa joydan o‘tkazaylikmi? — jahl bilan so‘radim. — Yo uchastka berishmayaptimi?
— Uchastka berishayapti, rais uka. Quloq soling. Ammo olisda. Innaykeyin qari odamni imorat qurishga qurbi yetarmidi? Yo‘lniyam boshqa yoqdan o‘tkazish kerak emas, joyida qolaversin...
— Nima deysiz, bo‘lmasa? — hayron bo‘ldim.
 Qo‘chqorov o‘rnidan turib, stol ustidan men.tomon egildi va sirli ohangda dedi:
— Arxitektor bola uzoq qarindosh chiqib qoldi. Yo‘l sizning uyingizdan o‘tishini bilganim yo‘q, deydi. Agar rais rozi bo‘lsalar, bir metr chetga burib yuboraman. Shunda uyingiz ham qoladi, yo‘lga ham ziyon yetmaydi, deydi. Ota-onangiz rohatingizni ko‘rsin, rais uka, xo‘p deng. Bir og‘iz gapingiz. Umr bo‘yi duoyingizni qilib o‘taman.
U joyiga o‘tirib, ko‘zlariga yana yosh oldi. Chindan ham qaytar dunyo! O’ttiz yil burun, men, student yigit, xuddi shunday ko‘z yoshi qilib, xuddi shunday iltimos bilan shu odamning oldida turgan edim. Ammo mening ko‘z yoshlarim achchiq alam yoshlari edi. Eslatsammikan?
— Arxitektor bilan gaplashaman, qani nima der ekan, — dedim zo‘rg‘a o‘zimni bosib olib.
— Gaplashib ovora bo‘lasizmi? — Qo‘chqorov yana jonlanib ketdi. Kichkina ko‘zlari o‘ynay boshladi. Aftidan, meni, rozi bo‘ladi, deb o‘yladi shekilli. — Siz menga xo‘p desangiz bo‘ldi, uyog‘ini o‘zim tinchitaman. Baraka toping, rais uka.
— Bari bir arxitektor bilan gaplashmasam bo‘lmaydi, — o‘z gapimda turdim men. — Yo‘lni bir metr chekkaga surib yuborish nimaga olib kelishini bilmayman. Surishtirishim kerak! Keyin bu loyiha ijroqo‘mda tasdiqlangan.
— E, uka! Ispolkomni biz ham bilamiz, — men tomon egilib o‘tirgan Qo‘chqorov gavdasini rostladi, kalta panjalarini stol ustiga tirab, yelkalarini ko‘tardi. — Rais nima desa ispolkom a’zolari shuni qiladi. Qilmasa, keyingi safar saylanmaydi.
U miyig‘ida kulib qo‘ydi.
— Hozir ispolkomlar o‘zgarib ketgan, davr boshqa.
— Mening gapimga quloq soling, rais uka! Rais-rais! Shunday bo‘lib kelgan. Shunday bo‘lib qoladi. Aks holda hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketadi. Xo‘p, deng, jon uka!
Unga biron narsani tushuntirish foydasiz ekanini ko‘rib, o‘rnimdan turdim.
— Arxitektor sizga javobimni aytadi. Boravering.
U menga angrayib qarab qoldi. Qo‘lini olib xayrlashayotganimda ham ko‘zini mendan uzmadi. Undan o‘girilib, joyimga o‘tirganimdagina, sekin so‘radi:
— Xo‘p deysizmi? Ishonsam bo‘ladimi? A, rais uka?
— Siz boravering. Maslahat qilamiz, — shunday deb, eshik tomonga qichqirdim. — Surayyo!
Kotiba qiz kirdi.
— Bularni kuzatib qo‘ying. Meni, Po‘latov, rayon arxitektori bilan ulang keyin.
Qo‘chqorov eshik oldida to‘xtadi.
— Rais uka, bir yaxshilik qiling. Savob bo‘ladi.
 Yaxshilik, savob... Men ham unga o‘zim bilgan eng sara gaplarni topib yalingan edim. Kasal onamga rahm qiling, juda bo‘lmaganda bir yil sabr qiling, degan edim.
O’shanda universitetning ikkinchi kursida o‘qirdim. Lektsiya ketayotgan mahali dekanatdan bir ayol kelib, meni chaqirib ketdi. Hayron bo‘lib, dekanatga kirsam, opam yig‘lab o‘tiribdi. Qo‘rqib ketdim. Xayolimdan darhol onam o‘tdilar.
— Nima bo‘ldi?
— Uyimizni buzishvotti! Oshxonani buzib bo‘lishdi!
— Kim buzvotti? Nega?
O’zini yo‘qotib qo‘ygan opamning yelkalarini siltab so‘radim.
— Raispolkommi odamlari.
— Dadam uydamilar?
— Ha, chaqirib keldim maktabdan. Lekin dadam indamay o‘tiribdilar. Shuniychun senga keldim. Bir narsa qilish kerak. Endi qayoqqa boramiz.
Opam ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Sudrab ko‘chaga olib chiqdim. Zo‘rg‘a bitta mashinani tutib, uyga keldim.
Chindan ham uyimiz to‘polon edi. Tomda, devorlarning ustida lom, bolta ko‘targan odamlar yuribdi. Yana qandaydir odamlar hovlidagi daraxtlarni kesishayapti. Tomdan, hovlining burchagidagi yarim ag‘darilib bo‘lgan oshxonadan chang osmonga ko‘tarilayapti. Barzangi-barzangi yigitlar ko‘chirilgan tunukalarni bir chekkaga taxlash yo‘q, taraqlatib hovliga otishayapti. Nima qilishni bilmay, angrayib qoldim. Keyin ovozim boricha, butun vujudimni titroq bosib, tomga qarab qichqirdim:
— To‘xta! To‘xtalaring!
— Foydasi yo‘q, o‘g‘lim.
Shunday yonimdan sokin tovush eshitildi. Bu otam edilar. Ko‘cha devorga yaqin o‘rikning tagida o‘tirgan ekanlar, ko‘rmabman.
— Foydasi yo‘q, — qaytardilar yana otam. U kishini men hech qachon bunday xomush ko‘rmagan edim. — Melisa ham chaqirdim, hech narsa qilisholmadi. Qo‘llarida qog‘ozlari bor.
— Qaerda turar ekanmiz?
— Chilonzorga, domga borarmishmiz. Istamasak, Do‘mbiroboddan olti sotix yer berisharmish.
Otam nihoyatda xotirjamlik bilan gapirdylar Ammo sezib turibman, ichlari yonib ketayapti. Hali-hali esymda, o‘zlarini ovutish niyatida yonlarida olib yuradigan o‘zbekcha pichoqlari bilan xivich yo‘nayaptilar. Dili vayron bo‘lgan, hamma narsadan umidi uzilgan odamgina shunday ish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
— Nima qilamiz?
— Oyingizni bilasiz, o‘g‘lim, — otam meni doim sizlab gapirardilar. — Oyingiz domga chiqmaydilar. Menga ham bir parcha yer bo‘lsa bo‘lardi.
Shu payt nimadir gumburlab ketdi. Ijrokom ishchilari tunuka aralash to‘sinlarni ham buzib, hovliga tashlay boshlashgan edi.
Qanday qilib, tomga ko‘tarilganimni, ikkinchi bir to‘sinni ko‘chirayotgan odamning boshini ko‘tarib turib, ko‘kragiga musht tushirganimni bilmayman. U gandiraklab tomning zihiga yiqildi. O’rnidan turib hujum qilsa kerak, deb o‘ylab, qo‘limg‘a oyog‘im ostida yotgan lomni oldim. Lekin ishchi engagini ushlab sekin o‘rnidan turdi, uning buyrug‘ini kutib turgan sheriklariga parvo qilmanglar, degandek qo‘l siltadi-da, menga qaradi.
— Bekor urding, o‘g‘lim. Bizda ayb yo‘q. Kichkina odammiz biz. Buyruqni bajaryapmiz. Sen raysovetga bor. Kattalar bilan gaplash. Qo‘chqorov bilan gaplash. Shunday mustahkam imoratni buzib, biz ham ezilib ketayapmiz. Hali yuz yil qilt etmay turardi uylaring. Bor, vaqtni ketkazma. Poylab turamiz kelguningcha.
O’sha zahotiyoq pastga tushib, ko‘chaga yugurdim. «Qo‘chqorov, Qo‘chqorov! Kim ekan Qo‘chqorov?» Hansirab ijrokom tomon ketayapman-u, o‘zimdan o‘zim so‘rayman. Kim bo‘lsa ham gapi gap bo‘ladigan, ishni hal qiladigan odam bo‘lsa kerak. Ishqilib o‘zida bo‘lsin. O’zida bo‘lsa tushunishi kerak. Axir, nohaqlik, jinoyat yuz berayapti-ku? Tushunishi kerak? Shunday ishonch, shunday umid bilan rayijrokom binosiga yetib keldim. Qo‘chqorov ijrokom raisining o‘rinbosari ekan. Qabulxonasida yettitami, sakkizta odam o‘tiribdi. Ularga parvo qilmay. hansiraganimcha, eshikni shartta ochib, ichkariga kirdim. Uzun xonaning to‘rida qorachadan kelgan bir odam gazeta o‘qib o‘tiribdi. Tepasida Stalinning rasmi osig‘liq. Trubka chekib, menga qarab turibdi.
— O’rtoq Qo‘chqorov! Aka! — nafasim tomog‘imga tiqilib turganidan zo‘rra gapirardim. — Yerdam bering! Uyimizni buzishayapti. Ispolkomning qarori bor emish. Yordam bering, jon aka! Onam kasal yotnbdilar. Hozir boradigan joyimiz yo‘q. Dadam... Dadam...
— Qaerda uylaring? — so‘radi gapimni bo‘lib Qo‘chqorov.
— Sapyornaya ko‘chasida, — shoshib javob berdim. — Yigirma ikkinchi uy.
— Bekning uyimi? — u gavdasini rostlab menga tikildi.
— Ha, men Sulaymonbek akaning o‘rillari bo‘laman. — Yuragimda kandaydir iliqlik paydo bo‘ldi, shu odamning o‘zini topganimdan sevinib ketdim. «Bu hal qiladi, jinoyatni to‘xtatadi!» degan fikr yashin tezligida xayolimdan o‘tdi. — O’qishda edim. Kelishibdi-yu, buzaboshlashibdi. Tomning yarmini buzib bo‘lishdi. Meni buyoqqa, sizning oldingizga kelganimni bilishadi. Javobingizni kutib turishibdi. Jon aka! Yordam bering. Shu yilcha qoldiring. O’zimiz buzib beramiz keyin.
Qo‘chqorov indamadi. Qo‘lidagi gazetani shildiratib, uyoq-buyog‘ini ko‘rgan bo‘ldida, o‘rnidan turdi, Shunda hayron qoldim. U pak-pakana, liliputdek odam edi. Buning ustiga semizligidan tep-tekis to‘nkaga o‘xshardi.
U keng stolni aylanib o‘tib, xonaning burchagida turgan, o‘zi kabi pakana seyf ustidagi ikki qulflik eski qora charm portfelini oldi-da, men tomon yurdi. Uning niyatini bilmay, ro‘paramga kelgunicha yuragim ezilib ketdi. Ro‘paramga kelganda, menga qaramadi ham. Jussasiga kelishmagan yo‘g‘on ovozda:
— Qani, yur! — dedi va eshik tomon yo‘l oldi.
Yuragim qinidan chiqib ketay dedi uning gapini eshitib.
— Rahmat. Rahmat, o‘rtoq Qo‘chqorov! — dedim sevinchim ichimga sig‘may va orqasidan chiqdim.
Qabulxonadagilar gurr etib o‘rinlaridan turdilar. Qo‘chqorov hech kimga qaramadi:
— Ikki soatdan keyin kelaman.
Bironta odam so‘z qaytargani yo‘q.
Uyga yetay deb qolganimizda, Qo‘chqorov kimnidir ko‘rib qoldi. Ikkovlari quyuq ko‘rishishdi, keyin gapga tushib ketdilar. Qo‘chqorov ikki gapning birida qo‘llarini beliga tirab, kichkina dumaloq boshini orqaga tashlab kulardi va har zamon-har zamonda bizning uy tomonga qarab qo‘yardi. Men esa betoqat edim, ichimni it timdalardi, tezroq uyga borib, otamni tinchitgim kelardi. Oxiri chidolmadim, yaqinroq kelib ruxsat so‘radim. Qo‘chqorov ham, uning sherigi ham hayron bo‘lib menga tikilishdi, lekin hech narsa deyishgani yo‘q. Men uyga yugurdim.
Otam hovlining o‘rtasidagi yaqindagina suvokdan chiqqan supaning zihida o‘tirardilar. Supaning o‘rtasidagi xontaxta yonida esa oyim ishchilarga choy quyayotgan edi. Opam yozgi o‘choqboshda ovqat qilayapti.
Birinchi bo‘lib meni haligi men urgan ishchi ko‘rdi.
— Keldingmi, o‘g‘lim? Mana, hech narsaga tekkanimiz yo‘q. A, opa, to‘g‘rimi?
Oyim minnatdor bo‘lib, jilmaydilar.
— O’rtoq Ko‘chqorovning o‘zlari kelayaptilar! — dedim men ham minnatdor ohangda. — Yaxshiyam meni ispolkomga yubordingiz. Hozir o‘zlari keladilar. Ko‘chada ushlanib qoldilar.
Otam mehribonlik bilan menga qaradilar.
— Rahmat, o‘g‘lim.
Ko‘p o‘tmay Qo‘chqorov kirib keldi. Hamma beixtiyor o‘rnidan turib ketdi.
Qo‘chqorov hech kim bilan so‘rashmadi. To‘ppa-to‘g‘ri haligi men urgan ishchining oldiga kelib baqirdi:
— Samad! Nega yalpayib o‘tiribsanlar? Bir hafta burun kelishlaring kerak edi bu uyga. Plan nimaligini bilasanlarmi senlar?! Turlaring! Bugunoq tugatlaring!
Uning gaplaridan men hang-mang bo‘lib qolgan edim. Makkorlik bilan meni yosh bola qilib addagani ham mayli, ota-onam oldida, ishchilar oldida meni u bu gaplari bilan sharmanda qilgan edi. Hech kimga qarolmay, iliklarimgacha bo‘shashib, supaga o‘tirdim.
Qo‘chqorov otamga o‘girildi.
— Sulaymonbek! Bekligingizni tashlang. Sal yerga tushing. Bil’aks akangizning yo‘lidan ketasiz. Faqat Ukrainaga emas, Sibirga. Hukumat sizga, bir oy burun qaror yubordi. Tamom-vassalom! Odamlarni o‘rtaga qo‘yib, o‘g‘lingizni ispolkokga yuborib nima qilasiz? Bilib qo‘ying, uyingizning ustidan sovet ko‘chasi o‘tadi, sovet mehmonxonasi tushadi shu yerga!
O’zidan ikki baravar baland odamga bo‘yni singudek bo‘lib pastdan yuqoriga qarab, savlatliroq ko‘rinish uchun oyoqlarini yirib, dag‘al muomala qilayotgan ko‘rimsiz pakana bir kishining holati g‘ayri tabiiy, kulgili holat. Ammo o‘shanda bunday ko‘ringani yo‘q. Hammamiz ichimizda g‘azabimiz qaynayotgan bo‘lsa ham jim uni eshitardik.
— Hamma to‘polon qilsa ham, siz qilmang. — U hovridan tushgandek bo‘lib maslahat berdi. — Urushda bedarak ketganlarning ko‘pi qaerdaligini yaxshi bilamiz. O’shayoqlarda ham dushmanlik qilib yurishibdi. Akasi dushman bo‘lgandan keyin, ukasi kim bo‘lardi?
Men yalt etib otamga qaradim. Shu paytgacha, og‘irlik qilib, sukut saqlab turgan otamning yirik qo‘llari musht bo‘lib tugildi. Shundan keyingi uning harakatlarini aniq aytib berolmayman. Bir mahal Qo‘chqorovning kalta oyoqlari tepamizda, boshimiz ustida pildiray boshladi. Otam uni boshlari uzra dast ko‘targanlaricha, ko‘cha eshik tomon uch-to‘rt qadam bosdilar, keyin bir siltanib uloqtirdilar. Ko‘chqorov uchib borib, somon tiqilgan qopdek do‘p etib yo‘lkaga tushdi. Bir-ikki dumalab o‘rnidan turar ekan, yo‘tal aralash «melisa! melisa»! deb qichqirdi va oqsoqlanib ko‘chaga qochib chiqib ketdi.
— Haromi!
Otamning aytgan gaplari shu bo‘ldi. Birdan gandiraklab ketdilar. Yugurib borib qo‘ltiqlaridan oldim. Bir amallab supaga o‘tkazdim. Ammo o‘tirolmadilar, yotib, oyim uzatgan yostiqqa boshlarini qo‘ydilar. Opam muzdek vodoprovod suvida sochiq ho‘llab keldi. Peshonalariga qo‘ydik. Doktor chaqirishga ko‘nmadilar. Esimni taniganimdan beri birinchi marta, u kishini shunday, betob holda ko‘rishim edi, xo‘rligim kelib ketdi. Ichimda yig‘ladim ham. Hovlida esa taqira-tuqir yana boshlangan, ijrokom ishchilari endi hech ikkilanmasdan, hech narsani ayamasdan uyni buzishga tushgan edilar.
— Kamolbek, — chaqirdilar bir mahal otam. — Shu yerdamisiz?
— Shu yerdaman, dada!
Ko‘kraklariga qo‘limni qo‘ydim. Otam ko‘zlarini ochmoqchi bo‘ldilar, ammo ocholmadilar. Timiskilanib, tirsagimdan ushladilar,
— Bitta ishingiz bor, o‘g‘lim...
— Xo‘p bo‘ladi, dada! — dedim qo‘llarini silab.
— Ahmadjon tunukapurush degan odam bor. Maktabning ro‘parasida turadi. Shundan ikki yarim ming qarzim bor. Uzib qo‘yish kerak.
— Xo‘p bo‘ladi, dada, — dedim men, ammo gapimni eshitdilarmi, yo‘qmi, bilmayman. Tirsagimni ushlab turgan qo‘llari shilq etib ko‘rpacha ustiga tushdi.
— Dada!!
Bor ovozim bilan qichqirib yuborganimni o‘zim bilmay qoldim.
Birpasda uyimizni qiy-chuv bosib ketdi. Otam o‘shanda oltmishga kirgan edilar. Mahalla imomi, keksalar ikki yosh qo‘shib, payg‘ambar yoshida, deb chiqarishdi. Yettilarini ham shu, o‘zlari qurgan, endi esa yarmi buzilib vayron bo‘lib yotgan uyda o‘tkazdiq. Ertasiga ammamning o‘g‘illari yana o‘z hovlilariga bizni ko‘chirib olib ketishdi. Ijrokomning ikki xonalik kvartiraga bergan orderi supada, eski sholchaning tagida qolganicha qoldi.
Otamizga yil oshi berganimizdan so‘ng, oyim, tog‘alarimning qistovi bilan opam ammamizning nevarasiga turmushga chiqdi. Turmushlari yaxshi. Pochcham ikkalovi bobolaridan qolgan, ammo endi ancha kengaygan maktabda o‘qituvchilik qilishadi. Beshta farzand ko‘rishgan. Hammasi o‘g‘il. Qonga tortar ekan. Jiyanlarim ham gavdali, polvon yigitlar. Endi oila qurib, bola-chaqalik bo‘lib ketishgan. Oyimning maslahati bilan bo‘lsa kerak — amakilarim, otam bir joyda yashaganlarini maqtab-maqtab gapirardilar, — o‘sha hovlining o‘zida, opam bilan yonma-yon turishadi.
Opamning to‘yidan keyin yil o‘tmay, oyim ikkalamiz Do‘mbiroboddagi uchastkaga ko‘chib bordik. Kanikul payti zominlik kursdoshim Abdukarim degan, xuddi mening jiyanlarimga o‘xshagan pahlavon yigit bilan otamdan qolgan polvon qolipda g‘isht quydik. Eski uydan deyarli butun g‘isht chiqmadi. Buldozer solib ag‘darilgandan keyin butun chiqarmidi? Tunukalarning ham yarmidan ko‘pi qoqishga yaramadi, lom bilan ko‘chirib ilma-teshik qilib yuborilganidan chiqindiga chiqib ketdi.
Oyim imorat bitganini ko‘rmadilar. Hovlining etagida omonat qurilgan hujrada otamning o‘limidan o‘n yil o‘tgach, qanday tinch yashagan bo‘lsalar, shunday tinch qazo qildilar. Uyni xotinim ikkimiz bozordan bittadan yog‘och, bittadan taxta tashib, qurib oldik. Hali ham bitdi deyish qiyin, hali ham chalasi ko‘p. Ammo uyning ikki chetidan yo‘lkalarga tushgan ikkita tarnovni tom yopilgan yiliyoq qoqtirib qo‘yganmiz. Ikkalovining tepasida otamdan qolgan ikkita xo‘roz turibdi. Shamol ko‘tarilgan paytlari ikkalovi tebranadi. Qanot yozib, qichqirgandek bo‘ladi. Ularning ovozini eshitaman, otam ko‘z oldimga keladilar, bolaligim o‘tgan eski hovlini eslab ketaman.
Uchinchi kursga o‘tganimda dilimda turgan otamning vasiyatini bajarish imkoniyati tug‘iddi. Matematikadan o‘tkazilgan konkursda g‘olib chiqib, ikki ming so‘m mukofot oldim. Bo‘lajak xotinim bilan Ahmadjon tunukafurushning uyiga bordik. Otam tengi odam ekan. Shunga qaramay, biz borganimizda, baland paxsa devorga minib olib tunuka karnizni tuzatayotgan edi. Ezilib ketdim. Hech ish qilmasalar ham, otam o‘z tengdoshlari qatori yursalar bo‘lmasmidi?!
Ahmadjon ota avval olmayman deb turib oldi. Qistaganimizdan so‘ng olib, duo qildi, bizga baxt tiladi.
— Otangiz yaxshi odam edi, — dedi ketayotganimizda, — Mabodo, zarurat bo‘lib qolsa, keling. Men yo uyda bo‘laman, yo otangiz, Sulaymonbekning choyxonasida.
Hayron bo‘lib unga qaradim.
— Ha, otangiz bosh bo‘lib, choyxona qurganmiz, — dedi usta meni tushunib. — Shundoq Mirobodning belida. Har kuni qari-qartanglar o‘shatda bo‘ladi...
Mana shunga chorak asrdan oshdi. Ahmadjon tunukafurush o‘lib ketdi. Otamning tengqurlari, tanish-bilishlaridan deyarli hech kim qolmadi. Qo‘chqorov yuribdi. Yurish-turishidan, gaplaridan hali tetik. Men unga o‘lim istaganim yo‘q. Yashasin, bola-chaqasining rohatini ko‘rsin. Lekin nega yaxshi odamlar kam yashaydi? Nega ularning hayoti ko‘pincha azob-uqubatda o‘tadi? Kimning adolatsiz hukmi, qanday bemantiq qonun shunday qoladi? Yaxshiga kun, yomonga o‘lim yo‘q.Kim buni to‘qigan?
O’sha, Qo‘chqorov kelib-ketgan kuni arxitektor bilan gaplashdim. Yo‘l bir oz surilsa bo‘lar ekan. Shunday qiling, dedim. Dedim-u, o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. Chap yuzingga urganlarga o‘ng yuzingni tut, deganlari shu bo‘lsa kerak. Nima zarurati bor edi? Kim meni urishardi yo‘l loyihadagidek qolsa? Hech kim. Lekin bilaman, o‘zim azob chekardim.
Ertasiga ertalab ishxonaga kelsam, ijroqom eshigi oldida Qo‘chqorov turibdi. Meni ko‘rib qarshimga yurdi.
— Sizni kutib turuvdim. Rais uka, rahmat! Martabangiz bundan ham baland bo‘lsin, dard ko‘rmang.
Men indamay yonidan o‘tib ketmoqchi edim, to‘xtatdi.
— Uka!... Sizga aytadigan zarur gaplarim bor... Rayon...
O’zimni tutolmadim, tutoqib ketdim:
— Xalq dushmanining o‘g‘liga qanday gapingiz bo‘lishi mumkin? Men Sulaymonbek akaning o‘g‘liman.
— To‘xtang, to‘xtang, uka! Qaysi Sulaymonbek? — U dakkam-dukkam qoshlarini chimirib menga yopishdi. — Hali-gi...
— O’sha, o‘sha! — dedim zarda bilan va yumshoq qo‘llarini siltab qo‘limni bo‘shatdim-da, ichkariga kirib ketdim.
Kun bo‘yi o‘zimni bilmay, qilgan ishlarymda tayin bo‘lmay yurdim. Shu kichkina, badbashara, do‘ppisini deb kel desa, boshi bilan olib keladigan beshafqat odam tufayli ko‘rgan kulfatlarimizni xayolimdan haydayman, lekin yana bo‘lmaydi. Qaytar dunyo! Nimasi qaytar? Yaxshining bevaqt o‘limi-yu, yomonning umri boqiyligimi? Qaytar emas, vafosiz dunyo.
Shunday, noxush xayollar bilan kunni kech qildim. Uyga ketay deb turganimda, kotiba qiz kirdi.
— Bir guruh qariyalar siz bilan uchrashishni iltimos qilishayapti.
— Kimlar?
— Mirobodliklar. Borishga qiynalamiz. Iloji bo‘lsa o‘zlari kelsalar, deyishayapti. Sulaymonbekning choyxonasida kutisharmish. Borasizmi?
Bu gapni eshitib, yengil tortib ketdim, ko‘kragimdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Sulaymonbekning choyxonasi... Demak, otam tirik. Yaxshilik qolar ekan, toptab bo‘lmas ekan uni.
— Boraman, albatta boraman. Qaytar dunyo!
— Nima? — hayron bo‘lib so‘radi kotiba.
— Xalkda shunday gap bor, — tushuntirdim o‘zimcha. — Qaytar dunyo. Bir kun gapirib beraman.
U hech narsani tushunmadi.
1990.
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89434088

Yandex