Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Olmas Umarbekov. Hotamtoy (hikoya)

12.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Millatchilik — iblislar panoh topajak eng so‘nggi panoh, demak. Millatchilik — jaholat, demak. Millatchilik — bir xalqni boshqa bir xalqqa nisbatan nafrati, demak. Shu boisdan, juda ko‘p fojialar ana shu millatchilikdan kelib chiqadi.
Tog‘ay Murod
 
 

Olmas Umarbekov. Hotamtoy (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
HOTAMTOY
(Ertaknamo hikoya)

Xolposhshaning dadasi o‘gay onasi bilan bozordan yangi palto, etik olib kelib berishdi. Etik baland qo‘njlik, ichi jun, issiq edi. Rangi ham chiroylik, paltosiga o‘xshagan och qizil. Ammo palto allambalo edi. Yoqalari keng, tikkatik, qaytarma cho‘ntaklari katta. Qizini yangi kiyimda ko‘rib, dadasining ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.
— Ona qizim!.. — dedi u va quchoqlab peshonasidan o‘pdi.
— Umringiz uzoq bo‘lsin, katta qiz bo‘lib shunaqa paltolardan qo‘sha-qo‘sha kiying! — dedi o‘gay onasi uning yelkasiga qoqib. — Shunday ko‘rdim-u, mahkam yopishdim! Dadangiz ham savdolashib o‘tirmadilar, so‘raganini berdilar-qo‘ydilar. Bo‘lmasam boshqalar ilib ketardi!...
— Rahmat, —dedi uyalib Xolposhsha va eshik yonidagi tosh oyna oldiga borib o‘ziga qaradi.
Hech kim uni oltinchi sinf o‘quvchisi demasdi yangi kiyimda. Kamida to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi, kap-katta qiz der edi.
— Ko‘chaga chiqib kelsam maylimi? — so‘radi u oynadan ko‘z uzmay.
— Boring, tasaddiq, aylanib keling, — dedi o‘gay onasi.
Holposhsha ehtiyotlik bilan oyoq bosib ko‘chaga chiqdi. Qishning o‘rtasi bo‘lishiga qaramay, kunlar uncha sovuq emas edi. Ammo har kuni bo‘lmasa ham, kun ora, ikki kunda bir qor uchqunlab qolar, yerni yupqa muz qoplar edi. Hozir ham havo bulut, quyosh tafti sezilmas, ammo yer quruq edi. Xolposhsha eshikni yopib, katta ko‘cha tomon yurdi. Dam olish kuni bo‘lganidanmi, ko‘chada hech kim ko‘rinmas, har kuni ularning derazalari tagida o‘ynab, gaplashib turadigan mahalla qizlari bugun ko‘rinmasdi. «Balki ular katta ko‘chadadir?» — o‘yladi o‘zicha Xolposhsha. Ammo katta ko‘chada ham o‘rtoqlari ko‘rinmadi. Uylariga kirgani esa uyaldi. Yangi kiyimlarini ko‘rsatgani kelibdi, deb o‘ylashlari mumkin. Hozir yangi kiyim kiygan odam birovga yoqadi, birovga yoqmaydi.
Xolposhsha orqasiga qaytdi. Etik kattaroq, lopillab turardi. Lekin baribir yangi, issiq. Qishning yarmini u yupqa yozgi tuflida, kalishda o‘tqazdi. Endi etikni maza qilib kiyadi, uchiga ozgina paxta tiqib qo‘ysa bo‘ldi, lopillamaydi. Palto bo‘lsa, xuddi quyib qo‘ygandek. Buning ustiga qalin ham emas, yupqa ham emas. Ayni Toshkent qishlarida kiyadigan palto.
Uyiga ikki hovlicha qolganda, o‘rtog‘i Zulayhoning singlisi temir darvozalaridan mo‘ralab qichqirdi:
— Holposhshapa! Moro bo‘sin!
— Rahmat! — dedi og‘zi qulog‘iga yetib Xolposhsha. Ertasiga maktabga yangi kiyimlarini kiyib bordi. Ammo sinfida uni hech kim tabriklamadi, e’tibor ham bermadi. Faqat ona tili o‘qituvchisi yozuv taxtasi yonida osig‘liq turgan kiyimlar orasida uning paltosini ko‘rib maqtadi:
— Kimniki bu? Chiroyli ekan! Shunda uch-to‘rtta qiz baravariga:
— Xolposhshaniki! — deyishdi.
— Buyursin. Eskitib-eskitib kiy, qizim! — dedi o‘qituvchi.
Bir hisobda o‘rtoqlarining uni yangi kiyimlar bilan tabriklashmagani ham yaxshi bo‘ldi. Uyalib ketardi, o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmay qolardi.
Tanaffus paytlary qizlar paltolarini xuddi kattalardek yelkalariga tashlab dahlizga chiqib ketishardi. Xolposhsha bunday qilmadi. Lekin har gal sinfga qaytganida, beixtiyor paltosiga qarab qo‘yardi. Palto chiroqning yorug‘ida turli rangda tovlanib, ko‘zini qamashtirardi.
Katta tanaffusdan keyin sinfga kirib, paltosiga qaradi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Kimdir hafsala bilan yenglari, ikkala cho‘ntagi, yoqalarini oq bo‘r bilan chizib chiqqan edi. Xolposhsha shoshib paltoni ilgakdan oldi, ammo nima qilishini bilmay joyida turib qoldi. Hechkimga qaramasa ham, ko‘pchilik, butun sinf unga tikilib turganini sezdi. Tomog‘iga kelib tiqilgan yig‘ini zo‘rg‘a ushlab, partasi tomon yuraboshlagan edi, o‘qituvchi kirib uni to‘xtatdi.
— Dars payti palto bilan qayoqqa ketayapsan? Ilib qo‘y joyiga!
Xolposhsha shunday qildi. Ammo dars tugaguncha ko‘zlarini oqqa bo‘yab tashlangan paltosidan ololmadi.
Qo‘ng‘iroq chalinganda, u yugurib borib paltosini oldi-da, partasi ustiga yozib ro‘molchasi bilan arta boshladi. Qizlar uni o‘rab olishdi, dahlizga chiqishmadi.
— Hafa bo‘lma, dog‘ bo‘lmaydi, — dedi kimdir.
 Kimdir Xolposhshani yoniga o‘tib, paltoning ikkinchi tomonidan arta boshladi.
Nihoyat darslar tugadi. Ammo Xolposhsha ketishga shoshilmadi. Paltosini sinchiklab qarab chiqdi. Oqarib turgan joylarini yana artdi. Hech qaerda dog‘ qolmaganini ko‘rganidan keyin sinfidan chiqdi.
O’rtoqlari allaqachon ketib bo‘lishgan edi. U katta ko‘chani kesib o‘tib, o‘z ko‘chalariga burilganda, oldidan ikkita yigit chiqdi. Ikkalovi kalta palto kiygan olifta yigitlar edi. Xolposhsha ularni ko‘rib beixtiyor to‘xtab qoldi. Yuragi dukullab urib ketdi. Yigitlar unga yaqinlashib, iljayishdi. Bittasi uning yelkasiga bir qo‘lini qo‘ydi-da, ikkinchi qo‘li bilan paltosining tugmalarini yecha boshladi.
— Nima qilayapsiz? — ko‘rquv aralash so‘radi Xolposhsha.
— Ovozingni o‘chir! — ilonga o‘xshab vishilladi ikkinchi yigit. Shu payt nimadir chirq etdi. Uning qo‘lida pichoq yaraqlay boshladi. — Baqirsang, biqiningdan darcha ochib qo‘yaman.
U gapini tugatguncha birinchi yigit Xolposhshaning ustidan paltosini yechib bo‘lgan edi.
— Etigi ham yangiga o‘xshaydi, qara! — dedi ikkinchi yigit.
— Yech! — do‘q qildi birinchi yigit. — Yo o‘zim yechib olaymi?
Xolposhsha qo‘llari qaltirab etigini yecha boshladi.
— Jon akalar! Rahm qilinglar. Boshqa kiyadigan hech narsam yo‘q. Dadam zo‘rg‘a olib berganlar kecha.
— Ovozingni o‘chir! Omon qolganingga sevin.
 Qayoqdandir «Jiguli» mashinasi paydo bo‘lib yonlarida to‘xtadi. Ikkala yigit palto bilan etikni qo‘ltiqlab, o‘zlarini mashina ichiga otdilar. Mashina chiyillab, siltandi-da, uchib ketdi.
Xolposhsha yupqa paypoqda, jigarrang ko‘ylagi, qora fartugida qoldi. Dahshatli voqea sodir bo‘lganini u endi tushundi, ammo ko‘ziga yosh kelmadi. Mashina ketgan tomonga qaraganicha joyidan qimirlamadi.
Ikkinchi smenadagi bolalar gur etib oldidan o‘tishganida, o‘ziga keldi. Uyiga oyog‘i tortmadi, cho‘chidi. Og‘ir kasallikdan so‘ng, besh yil oldin qazo qilib ketgan onasi tirik bo‘lganida balki cho‘chimasdi. O’gay onasidan ham cho‘chigani yo‘q, ko‘proq uyaldi. U dadasidan ham ko‘ra shu o‘gay onasi xarxashasi bilan yangi etik, palto olib kelishganini bilardi. O’gay onasi uni yaxshi ko‘rardi. Shunday bo‘lsa ham u maktabiga qaytdi. Dars boshlangan, hovlida hech kim yo‘q edi. U dahlizga ko‘tarilib, o‘z sinfi tomon yurdi. Baxtiga sinf bo‘sh edi. Ichkariga kirib, eshikni yopishi bilan xo‘rligi kelib ketdi, o‘zini to‘xtata olmay yig‘lab yubordi. Ancha yig‘ladi. Ro‘molchasi jiqqa ho‘l bo‘ldi. Keyin o‘z joyiga o‘tirib, lo‘qillab og‘riy boshlagan boshini qo‘llari ustiga qo‘ydi.
O’gay onasi, ona tili o‘qituvchisi, yana allakimlar uni qidirib topishganda, qorong‘i tushgan, yuz-ko‘zlari, butun badani olovdek yonardi.
— Bosh-ko‘zingizdan sadaqa, bolam! Shunga kuyasizmi? Bitta palto ekan-ku, men sizga o‘ntasini olib beraman. Faqat qo‘rqitmang, ko‘zlaringizni oching, bolajonim!
Alaxsirab yotgan bo‘lsa ham Xolposhsha o‘gay onasini tanidi.
— Kechiring, oyi...
— Qizginam, bolajonim!
O’gay onasi uni quchoqlab, issiq peshonasi, yonib turgan lablaridan o‘pdi.
Xolposhsha ikki hafta isitmalab yotdi. Keyin sekin o‘ziga kela boshladi. Ko‘zlari tinikdashganini, issig‘i bosilganini ko‘rib o‘gay ona o‘zida yo‘q sevinib ketdi.
— Juda qo‘rqitib yubordingizu, qizim, — dedi u jilmayib. — Kasalxonaga olib ketishmoqchi edi, bermadim. Uyda o‘nglanib ketasiz.
U Xolposhshaning yoniga o‘tirib, muzdek peshonasiga qo‘lini qo‘ydi.
Xolposhsha minnatdorlik bilan ko‘zlarini unga qadadi.
Yuradigan bo‘lganida militsiyadan, prokuraturadan kelishib, o‘sha o‘g‘ri yigitlarni so‘rashdi. Xolposhsha ularni tanimasligini, ikkalovi jinsi shim — kalta paltoda ekanlari, boshlarida qunduz telpak, oyoqlariga to‘tirang kedi kiyib olishganini, bittasining pichoq o‘qtalganini, ingichka qora mo‘ylovi borligini aytib berdi.
— Ko‘rsangiz taniysizmi? — so‘rashdi undan.
— Tanisam kerak. Taniyman, — dedi Xolposhsha.
 Hovliga tushib, ko‘chaga chiqadigan bo‘lganida birdan sovuq tushdi. Chilla chiqishiga oz qolgan bo‘lsa ham bu kutilmagan sovuq qalin qor olib keldi. Surunkasiga ikki kun yog‘di.
O’sha kunlari undan xabar olgani kelgan tuman shifokori bilan o‘gay onasining gaplarini eshitib, kayfiyati buzilib ketdi.
— Iltimos, opo‘si. Spravkasini cho‘zib bering. Oyog‘ida hech narsa yo‘q bu qorda kiyadigan. Yakshanbada bozorga borib oyog‘iga, eniga u bu olib beraman. Ozgina pul yig‘ib qo‘ydim.
— Bo‘pti, opa. Xafa bo‘lmang, — dedi vrach. — Eng muhimi, qizingiz oyoqqa turdi.
O’sha kuni Xolposhsha deyarli uxlolmay chiqdi.
Dadasi, o‘gay onasiga u juda achinib ketgan edi. Xayolidami, tushidami o‘sha olifta yigitlarni ko‘rdi. Qidirib topdi. Ikkalovi bilan mushtlashib, kiyimlarini qaytarib olib keldi. O’g‘ri yigitlar yig‘lab, undan kechirim so‘rashdi, ikkinchi bunday ahmoqlik qilmaslikka va’da berishdi. Shu tushi yo xayoli ta’siridami, u tongga yaqin uxlab qoldi. Uyg‘onganida uyda hech kim yo‘q edi. Oldida bir tovoq qovoq somsa bilan choy turardi. Choynakning tagiga xat qistirib qo‘yilgan edi.
«Xolposhsha, ishga bormasam bo‘lmaydi. Dadangiz ham ketdilar. Tushlik ovqat qozonda. Isitib iching».
Xolposhsha o‘rnidan turdi. Yuvinib endi choy ichgani o‘tirgan edi, ko‘cha eshik taqilladi.
Xolposhsha oyisining ro‘moliga o‘ranib, hovliga tushdi.
— Kim? — so‘radi u.
Hech kim javob bermadi. To‘pig‘igacha qorga botib Xolposhsha eshikka bordi.
— Kim?
Yana hech kim javob bermadi.
U eshikning zanjirini olib, ko‘chaga qaradi.
Hech kim yo‘q edi.
Xolposhsha hayron bo‘lib eshikni zanjirladi. Orqasiga o‘girilganda eshikning yonida turgan tugunga ko‘zi tushdi. Tugunning ustida xat bor edi.
Konvertni yirtib, o‘qiy boshladi:
«Hurmatli Xolposhsha! Boshingga tushgan tashvishdan, anchagina betob bo‘lib yotganingdan xabarimiz bor. Qayg‘urma. Endi senga hech kim tegmaydi, hech kim xafa qilmaydi. Lekin bilib qo‘y, hali bu hayotda kuchi ojizlargagina yetadigan noinsoflar, haromxo‘rlar oz emas. Ming afsus, ularning bir guruhiga sen duch kelib qolding. Endi xavotir olma. Yaxshi o‘qi. Sarpolaring muborak bo‘lsin. Hotamtoy».
Xolposhsha qattiq hayajon bilan uyga ko‘tarilib tugunni yechdi. O’g‘ri yigitlar yechib olgan paltodek yumshoq, issiq qizil palto chiqdi undan. Paltoning tagida tasmalik, xuddi shunday qizil rang etik turardi. Uning tagida esa tsellofanga o‘ralgan bir nechta ko‘ylak bor edi. Tugunning eng tagida qog‘oz quti ko‘rindi. Darrov ochdi. Bu yelkaga tashlab yuradigan, xuddi etigining rangidagi yarimoy nusxa sumka edi.
Xolposhsha negadir cho‘chib, narsalarni qo‘ydi-da, xatni yangidan o‘qib chiqdi. Xat unga yozilganiga, narsalar unga olib kelinganiga shubhasi qolmadi.
Avval uyalinqirab etikni kiydi. Loyiq keldi. Keyin paltoni kiydi. Palto ham xuddi unga atab tikilgandek edi.
Toshoyna oldiga borib, o‘ziga qaradi.
Anchagacha ko‘zlarini uzolmay turdi. Keyin shu turishida boshiga oyisining ro‘molini tashlab hovliga tushdi. Oyoqlari ostidagi qalin qor g‘archillab ketdi.
Ko‘chaga chiqdi. Hech kim ko‘chada ko‘rinmadi. Katta ko‘chaga — borgani qo‘rqdi. Bir pas u yoq-bu yoqqa qarab turdi-da, ohista uyiga kirmoqchi bo‘lganda, kimdir uni chaqirdi.
— Xolposhshapa!
Ikki hovli narida turadigan o‘rtog‘i, darvozalari oldi-da unga qarab turardi.
— Moro bo‘sin!
— Rahmat, — dedi Xolposhsha va shuncha kundan beri birinchi marta jilmaydi... — Rahmat!...
Xayolidai notanish mehribon odam Hotamtoy o‘tdi. U bunday odamni ertaklarda eshitgan edi. Haqiqiy hayotda ham bor ekan. Uning chin yurakdan aytgan ikkinchi rahmatini shu haqiqiy hayotdagi Hotamtoyga bag‘ishlagan edi.
1993 yil.
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89433716

Yandex