Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Olmas Umarbekov. Garov (hikoya)

15.07.2020 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• Yiqilmoq ayb emas, yiqilib qolmoq - ayb.
• Ko'zlar o'zlariga, quloqlar boshqalarga ishonadilar.
• Qadah ichiga dengizga g'arq bo'lganlardan ko'p kishi g'arq bo'ladi.
Nemis maqollari
 
 

Olmas Umarbekov. Garov (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
GAROV

Obidjon akaning oltmish yilligiga atab berilgan ziyofat kutilgandan ham yaxshi o‘tdi. Avvalo aytilgan odamlarning hammasi keldi. Buyurilgan ovqatlar hammaga manzur bo‘ldi. Mashshoqlarning ikkala to‘pi ham kecha oxirigacha xizmat qildi. Maqtovlar-chi! Obidjon akaning o‘zi sha’niga aytilgan gaplardan quvonib, g‘ururlanib o‘tirdi. Ziyofatga ajoyib joy tanlanganini aytmaysizmi? Anhor labiga tushgan peshayvonli choyxona oromijon joy ekan. Buning ustiga sovg‘a-salomlar ham ziyofatga yarasha bo‘ldi. Ko‘pchilik konvert tutqazdi. So‘ng Obidjon aka xotini Zaynabxon jlan yarim kechagacha shu konvertlarni ochib, ko‘rishdi. O’n ming so‘mlik konvert chiqmadi, hisob. Ko‘pchilik qirq-ellik mingdan solibdi. Hammasi tag‘in tahi buzilmagan besh ming, o‘n minglik qog‘ozlar.
Zaynabxon olishning bermog‘i ham bor, degan mulohaza bilan erinmasdan bir daftar tutib, hammasini yozib chiqdi. Ikki yarim millionga yaqin pul yig‘ilibdi. Gap pulda emas, sovg‘alarda emas, odamlarning ularga bo‘lgan munosabati, hurmatida edi. Er-xotin boshlari tog‘dek ko‘tarildi, turli o‘ylarga borib, ikkilanib bergan ziyofatlaridan xursand bo‘lishdi. Obidjon aka kuyovlarini ham maqtadi!
— Baraka topishsin kuyovlarim! Hammasi chopib-chopib xizmat qilishdi, — dedi u gap orasida yirik qo‘llari bilan ko‘kragini silab, — Sodiqjon ham, Hafiz ham tinim bilishmadi.
— Ilgaridan ular shunaqa, — Zaynabxon eriga boshqacha mehr bilan qarab qo‘ydi. — Innaykeyin siz har kuni oltmishga qirarmidingiz?
— Baribir baraka topishsin. O’zimga kelib olay, bir ikkalovini qizlaring bilan chaqiraman, o‘tirishamiz. Nima deding?
— Nima desangiz shu.
Zaynabxon pullarni qiyiqqa o‘rab, erining yostig‘i tagiga qo‘ydi.
— Nima qilyapsan?
— Menda tursa, ishlatib qo‘yaman, — kuldi Zaynabxon.
— Ishlataver. Seniki shu pul, — Obidjon aka tugunni qaytarib, xotinini yuzidan o‘pib qo‘ydi. — Aytganday, o‘g‘ling, Sanjar ko‘rinmay qoldimi?
— Voy uyam rosa xizmat qildi. E’tibor bermagansiz-da. — Zaynabxon shunday dedi-yu, xavotirga tushib o‘rnidan turdi.
— Qayoqqa?
— Qarab qo‘yay. Yotgan bo‘lsa kerak, hoynahoy!
— Uyg‘otib yuborma tag‘in!
Zaynabxon yotoqxonadan chiqib, zalga o‘tdi, undan o‘g‘lining xonasiga kirdi. Qorong‘u bo‘lganidan o‘g‘lining bor-yo‘g‘ligini bilolmadi. Timirsikilab yurishga botinmay, chiroqni yoqdi. Krovat bo‘m-bo‘sh edi. Zaynabxon ezilib ketdi. Avvalo eriga hozir u yolg‘on gapirdi. Qolaversa, shunday muborak kunda Sanjar nomigagina xizmat qilib, keyin g‘oyib bo‘lib qoldi. Nega bu bola bunaqa chiqdi? Undan qo‘rqmaydi, va’dasida turmaydi. Aytsammikan ota-siga? Yo‘g‘-e, shunday kunda-ya?
Obidjon aka uyg‘oq edi.
— Yotibdi ekanmi? — so‘radi u.
Nima desin?
— Yotibdi. Siz ham uxlang, — Zaynabxon eri tomonga qarashga uyalib, o‘rniga cho‘zila qoldi.
— Endi uyqu kelarmidi? Hali zamon tong ham otib qoladi. Kunduzi uxlarman. Ertaga ishga bormasam ham bo‘lar? Harholda yubilyarman-ku.
Obidjon aka kuldi. Zaynabxon ham jilmaydi. Ammo xayoli yana o‘g‘liga qochdi: «Qayoqda yurganiykin?» U ham eriga o‘xshab endi uxlolmasligini bilardi. Hozirgina undan baxtli, undan tinch odam yo‘q edi. O’g‘lining qaytmaganini ko‘rib, halovati yo‘qoldi. «Yolg‘iz o‘g‘il — erka o‘g‘il». Zaynabxon kim shunday deganligini eslashga urindi, ammo topolmadi. Kim aytgan bo‘lsa ham to‘g‘ri aytgan ekan. Zaynabxon o‘ttiz besh yoshida Sanjarni ko‘rdi. Shunga o‘n to‘qqiz yil bo‘pti. Ikkala qiz institutni bitirishdi, turmush qurib, ota-ona qanotlari ostidan uchib chiqib ketishdi. Zaynabxon ikkalovidan ko‘ngli to‘q. Ikkalovining yaxshi uyi, ikkitadan bo-lasi bor. Katta kuyovining tagida mashina. Kichigi ham undan qolishmaydi. Buning ustiga ikkalovi ham Obidjon aka aytgandek, mehr-oqibatli chiqishdi. Tez-tez xabar olib turishadi. Shundan bo‘lsa kerak, o‘g‘ilni arzanda qila boshlashdi. Ayb o‘zlarida. Nima yeyman, nima kiyaman desa, muhayyo. Yolg‘ondan yo‘talsa ham doktor chaqirishadi, kechasi bilan tepasida mijja qoqmay o‘tirib chiqishadi. Aftidan, Sanjar uyda kimligini juda tez anglab oldi. Zaynabxon u otasi bilan gaplashayotganida, o‘g‘lining ko‘zlarida kinoya, aniqroq qilib aytganda, behurmatlik paydo bo‘lganini sezib qoldi. Birinchi marta payqaganida yuragi bir «shuv» etib ketdi. Keyin yaxshiroq qaradi. Kuzatishlari to‘g‘ri chiqdi. Ota-ona orzusi, niyatlari uni mutlaqo qiziqtirmay qo‘ygan, zarurat, odob nuqtai-nazaridangina bularga quloq solar edi shekilli.
Eri ranjimasligi uchun Zaynabxon bu kuzatishlarini unga aytmadi, ichiga soldi. Keyin o‘zini ovutdi, o‘g‘lidagi o‘zgarishni yoshlikning o‘tkinchi alomatlari, deb hisobladi. Ammo kech kelib birovlarnikida yotib qola boshlagach, qattiq tergashga o‘tdi. Sanjar va’da berdi-yu, ammo va’dasining ustidan chiqmadi. Endi jiddiyroq gaplashish kerak shekilli. U shularni diliga tugib, ko‘zlarini yumdi. Ammo qani uyku kelsa. Shunday bo‘lsa ham o‘zini zo‘rlab, anchagacha ko‘zlarini ochmadi. Boshini ko‘targanda, tong ota boshlagan, yonida eri shirin uxlab yotardi.
Zaynabxon oyoq uchida zalga o‘tib, yana o‘g‘lining xonasiga kirdi. O’g‘lining ko‘rpa-yostig‘i kecha kanday taxlangan bo‘lsa, shunday turardi. Zaynabxon tutoqib ketdi. «Shundog‘ kunda ko‘chada yuradimi odam?» Hozir agar Sanjar oldida bo‘lgani-da, yuz-ko‘zi aralash shapaloq tortib yuborardi. «Yo opalarinikidamikan?» Zaynabxon zalga chiqib, osma soatga qaradi. Endi olti bo‘layotgan edi. Qizlari hali yotishgan bo‘lishsa kerak, hozir bezovta qilmagani ma’qul. «Tentak bola! Erka bo‘lmay ketgur! Qayoqlarda yuradi?» Zaynabxon erini uyg‘otib yubormaslik uchun yotoqxonaga qaytib kirmadi. Hovliga tushib, o‘choqboshiga bordi. Gaz plita ustiga tunuka choynakni qo‘yib olov yoqdi. Ziyofatdan ortgan narsalar ikkita tog‘orada turardi. Ochib ko‘rdi. Kichik kuyovi qaerdandir yoptirib kelgan tandir somsaga kecha dili ketgan, lekin yeyolmagan edi. Shundan bittasini olib tishladi, ammo chaynolmadi. Sanjar esiga tushib, ishtahasi ham bo‘g‘ildi. Zalga ko‘tarilib, qizlariga telefon qila boshladi.
— Sharifa? — Bu kichkina qizi edi. — Uyg‘otvordimmi? Yaxshi yetib bordinglarmi? Bolalar tinch ekanmi? Sodiqjon rosa charchagandir? Tinchlik. Ha, adang yotiptila. — Zaynabxon qizining savoliga javob berarkan, beixtiyor, yotoqxonaga qarab qo‘ydi. — Ukang mabodo senikidamasmi? Yo‘q? Zaripanikidadir-da? Mayli, yot. Kelganda tilpon qilarman.
Katta qizi Zarifa ham onasini eshitib, yupatishga o‘tdi:
— Ko‘p ezilavermang. Sanjar katta yigit. O’rtoqlari birin-ketin uylanishvotti, bitta-yarimtasinikida yotib qolgandir? Hafiz akamlarga aytaman, hali turganlarida surishtirib beradilar.
Zaynabxon e’tiroz bildirdi.
— Qo‘y, hozircha keraymas. Kechgacha kelmasa, unda tilpon qilarman.
U yana o‘choqboshiga o‘tdi. Kunduzi mahalladagi erkaklar chiqib qolishi, institutdan bitta-yarimta kelib qolishi mumkin. Hamma narsa bo‘lsa ham issiq ovqat qilib qo‘ygani yaxshi. Zaynabxon shunday o‘y bilan muzxonadan uch-to‘rt bo‘lak sersuyak go‘sht ajratib olib, qozonga soldi. To‘ldirib suv quydi-da, qaynab chiqishini kuta boshladi. Beixtiyor hayoli yana o‘g‘liga qochdi. O’zini chalg‘itish niyatida kechagi ziyofatni, sovg‘a-salomlarni eslashga urindi, ammo dilidan baribir o‘g‘li ko‘tarilmadi. Biron mashina urib yuborib, zim-ziyo ko‘chada qonga belanib yotgan, bir yomon odamlar bilan yoqalashib, militsiyaga tushgan bo‘lsa-chi? Militsiyaga tushsayam ishqilib omon bo‘lsin. Suv biqirlab qaynab, qozondan toshib chiqdi. Zaynabxon olovni pasaytirib, tuxumdek ikkita piyozni to‘g‘rab qozonga soldi-da, tuvoqni yopdi. Oshxonadan chiqqanda, kimdir ko‘cha eshikni qoqqandek bo‘ldi. Zaynabxon beixtiyor «hozir!» deb yubordi va yugurib borib eshikni ochdi. Tavba, hech kim yo‘q edi. Eshikni qiya yopdi-da, uyga ko‘tarildi. Zalga kirganida, yotoqxonadan erining xurragi eshitilib, ko‘ngli biroz yozildi. Yaxshi ham eri bor. Bo‘lmasa yuragi tars yorilib ketmarmidi. Ishqilib umri uzoq bo‘lsin, tog‘dek bo‘lib uni suyab, hech narsada qiyinchilik sezdirmay kelyapti. Ba’zi-ba’zida yuragim deb qolsa, Zaynabxon o‘zining yuragini hovuchlaydi, xavotirga tushib ketadi. Koshkiydi eri turguncha Sanjar ham kelib qolsa! Kechqurun uyda, yotibdi, deb aldadi. Endi so‘rasa nima deydi? O’qishga ketdi, deydimi? Yosh bola yig‘laydi, katta bola tig‘laydi, deb bekorga aytishmagan ekan. Yig‘lasa, yupatasan, mana bunday yuragingni tig‘lab tursa, nima qilasan? Zaynabxon oyoq uchida yotoqxona oldiga borib, ichkariga qaradi, eri chalqancha yotib tinch uxlardi. Eshikni ohista yopdi-da, nima qilishini o‘ylab, yana hovliga tushdi. Ozgina savzi to‘g‘raydi. Hech qanday suyuq ovqat oshning o‘rnini bosmaydi.
Zayiabxon oshxona oldidagi o‘radan bir tog‘oracha savzi oldi, keyin shoshmasdan archib, to‘g‘ray boshladi. Yaxshi ham shunday qilgan ekan, erining mahalladagi oshnalari birin-ketin kirib kelishdi. Hammalari uy kiyimida, birov kalish sudragan, birov turklarning latta kovushini ilgan... Birrovga chiqqan odamlar kechgacha o‘tirishdi. Zaynabxon ularning chiqqanidan xursand bo‘ldi. Eri ular ketguncha o‘g‘lini so‘ramadi. Hamma tarqaganda o‘zi o‘g‘lining xonasiga borib keldi-yu, ammo gap ochmadi. Zaynabxon yuragi g‘urmishlab, katta qiziga telefon qila boshladi. Zarifaning eri hali ham qaytmabdi.
Zaynabxon uyning ichida qiladigan ishi yo‘q edi, noiloj hovliga tushdi. Erining o‘zi uni tinchita boshladi.
— Xunob bo‘laverma. Kap-katta yigit. O’rtoqlari bilan yurgandir!
Zaynabxon xavotir olayotganini endi yashirmadi:
— Keyingi paytlar sal o‘yinqaroqbo‘b ketdi.
— Hechqisi yo‘q, yoshlik-sho‘xlik. O’zini tiyib oladi. Faqat hadeb tergayverish kerak emas, uydan bezdirib qo‘yamiz.
Zaynabxon bugun o‘g‘lining uyda tunamaganini aytmoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tiyib qoldi. Bo‘lar ish bo‘ldi, yuraklarini qisib nima qildim, dedi.
Salqin tushdi. Er-xotin ko‘tarilib, televizor qo‘yishdi. «Tvin Piks» amerika filmining navbatdagi seriyasini ko‘ra boshlashdi. Film yarmiga borganda, erini uyqu bosa boshladi. Zaynabxon qistadi:
— Kep qolar... siz yota qoling.
Ammo Sanjar kelmadi. Yarim kechada telefon jiringladi. Erini ayab, uxlayotgandek bo‘lib yotgan Zaynabxon shoshib o‘rnidan turdi. Obidjon aka ham uyg‘oq ekan, boshini ko‘tardi.
— Man olaman! — Zaynabxon yugurib zalga chiqdi.
U katta kuyovi Hafiz bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Kechqurun telefon qilmadi, balki hozir biron gap topgandir? Zaynabxonning yuragi birdan o‘ynab ketdi. Yaxshi xabar bo‘lsa, yarim kechada telefon qilmasdi. Zaynabxon beixtiyor osma soatga qaradi. Ikkidan qirq minut o‘tibdi. Ishqilib tinchlik bo‘lsin. Telefonda begona odam ovozi eshitildi:
— Bemahalda telpon qilganim uchun uzr...
— Kim bu?! Qayoqqa tilpon qilyapsiz? — shoshib so‘radi Zaynabxon.
— Obid akani chaqirvoring.
— Nima ishingiz bor edi? Kimsiz? — yana so‘radi bo‘shashib Zaynabxon.
— Kimligimni ahamiyati yo‘q. Eringizni chaqiring!
 Bu gal notanish odam dag‘alroq gapirdi. Zaynabxon noxush voqea yuz berganini va bu voqea o‘g‘liga taalluqli ekanini darrov payqadi. «O’zi omon bo‘lsin ishqilib!» dilidan o‘tkazdi va erini chaqirdi.
— Obid aka! Sizni so‘rashyapti!
Eri allaqachon uning yoniga kelgan, nima gapligini sabrsizlik bilan kutib turgan edi. Shoshib trubkani oldi.
— Eshitaman! Kim?
— Bizni tanimaysiz. Biz o‘g‘lingizni tanishlarimiz, — bo‘g‘iq ovoz bilan gapirayotgan odam xirillab kulgandek tuyuldi. — Mo‘ltirab eshikka tikilib o‘tiribsizlarmi er-xotin?..
Obidjon aka bo‘shashib ketdi.
— Sanjar?! Nima bo‘ldi unga?!
— O’g‘lingiz otday. Mana, ro‘paramda o‘tiribdi. — U yana xirillab kulgandek bo‘ldi. Obidjon aka trubkani qulog‘iga mahkamroq bosdi. — Faqat... Bir oyog‘iga zanjir solib, stolga bog‘lab qo‘yibmiz. Qochib ketmasin deb.
— Nega? Nega bog‘lab qo‘yibsizlar? Nima qildi u? Telefonni unga bering. Talab qilaman!
— O’zingizni bosing, aka. Talab qiladigan hozir biz! Ovoz birdan tinib qoldi.
— Gapiring! Nega jimib qoldingiz? Sanjar! O’g‘lim!
— Nima gap o‘zi, Obid aka? — erining qo‘liga yopishib so‘radi Zaynabxon.
Eri javob bermadi.
— Gapiring! Nega jimsiz? — qichqirdi u trubkaga va butun vujudi quloq bo‘lib unga yopishdi. Bir necha daqiqa o‘tgach, nimadir taraqladi-da, xirildoq ovoz paydo bo‘ldi.
— Kechirasiz. Gapirasanmi, desam, o‘g‘lingizni gaplashgisi yo‘q sizlar bilan.
— Nega? — hayron bo‘ldi Obidjon aka.
— Gap bundog‘, aka! — xirildoq ovoz chuqur nafas oldi. — O’g‘lingiz yutqazib qo‘ydi. Agar u sizga kerak bo‘lsa, sakkiz milyon opkelib berasiz. Bo‘lmasa o‘ligini Bo‘zdan topasiz.
— Nima?! — Obidjon aka beixtiyor shunday deb yubordi. Aslida hirildoq ovoz egasining nima deganini yaxshi
eshitdi, tushundi. Ammo og‘zidan shu savoldan bo‘lak hech narsa chiqmadi.
— Tushundingizmi? — qaytardi xirildoq ovoz. — Qaytaraymi?
— Yo‘q, yo‘q, tushundim, — dedi Obidjon aka, o‘g‘lini nima qilishlari mumkinligini yana bir bor eshitishdan qo‘rqib. Ovoz egasining qanday odamligini bilmasa ham gap ohangidan dangalchiligiga ishondi. — Qachon?
— Kechasi o‘nda.
— Bugunmi?
— Shundog‘. Bugun kechasi o‘nda.
— Buncha pulni shu vaqtda...
Hirildoq ovoz uni bo‘ldi.
— Oka! Boshqa shaharlardan kelgan birodarlar bor, shoshib turishibdi. Shuyam pul bo‘ldimi hozir? Yo‘q bo‘lsa, qarz-qurz qiling. Qaerga kelishingizni eshitvoling. Eshitvotsizmi?
— Eshitaman.
Obidjon aka telefon yonida turgan qalamni qo‘liga olib, xotiniga ishora qildi. Zaynabxon darrov daftar olib kelib uzatdi.
— Mirobod bozorini bilasiz, — tushuntira boshladi xirildoq ovoz. — Vokzalga qaragan darvozani yonida suvratxona bor. Shuni orqasi yalanglik. Sho‘tta turasiz. Ropa-rosa o‘nda. O’zimiz oldiyizga kelamiz. Okajon, tag‘in melisa-pelisa qilib o‘tirmang. Organga aytadigan bo‘lsangiz, yo bironta odamni boshlab kelsangiz, puldanam ajriysiz, o‘g‘lizdanam. Kelishdikmi?
Obidjon aka boshini qimirlatdi.
— Yaxshi.
— Yashang!
Obidjon aka bir narsa demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edi, ulgurmadi, xirildoq ovoz egasi trubkani qo‘yib qo‘ydi.
Zaynabxon devorga suyanib dag‘-dag‘ titrardi. U chala-chulpa bo‘lsa ham qanday falokat yuz berganini anglagan edi.
— Eshitding-a? — dedi Obidjon aka.
Zaynabxon bo‘shashganicha boshini egdi. Shuncha pul albatta ularda yo‘q edi. Nari borsa uch million chiqishi mumkin. Qolganini qaerdan topishadi. Obidjon akaning esiga mashinalari keldi. Bir-ikki joyi urilgan bo‘lsa ham besh yil burun olgan «Moskvich»lari bor. Motori soatdek ishlaydi, ballonlari ham o‘ziniki, hech qaeridan yog‘, suv oqmaydi. Bozordagi pattachi o‘rtog‘i bir-ikki og‘iz solgan edi. O’shandan qarz olsinmikin? Mashinani, mayli, istagan payti olib ketsin. Erining xayoli nimalarga ketganini sezib, Zaynabxon taklif qildi:
— Qizlarni chaqiraymi?
— Aytamizmi?
— Voy aytmay bo‘ladimi? Hafiz, Sodiqjonlar qidirib yurishibdi-ku Sanjarni. Keyin ikkalovlaridan shuncha pul chiqib qolar?
— Mayli.
Zaynabxon telefonga yopishdi.
— Yo‘q, to‘xta, — Obidjon aka uning qo‘lidan ushladi. — Tong otsin. O’g‘ling tirik. Shundan xursand bo‘lishimiz kerak. Bu bir. Ikkilamchi, ketini o‘ylab ish qilishimiz kerak. Pul masalasiga kelsak... kechagi konvertlarikki yarim millionmidi? Demak, cho‘ntaklarni qoqishtirsak, uch million o‘zimizdan chiqadi. Yana besh milyaion topish kerak. Buncha kuyovlarda yo‘kdir, so‘rab uyaltirmaylik. Raufxo‘jaga mashinani sotamiz. Nima deding?
— O’zingiz bilasiz. Ishqilib, aldashmasmikin?
Obidjon aka gapni tushundi.
— Ularga pul kerak. O’g‘lingni nima qilishadi? Ziyofat payti ko‘rinmay qoluvdi, qimor o‘ynagani ketgan ekan-da kasofat... Qimor ham ko‘knoridek gap. Vaqtida o‘ynamasa xumori tutadi.
Zaynabxon kecha erini aldaganidan, bugun esa o‘g‘li emas, o‘zi garov tushgandek uyalib, boshini egganicha o‘tirardi. Tong yorishguncha u shunday o‘tirdi. Eri ham o‘rnidan turmadi. Ikkalasini-da noxush o‘ylar o‘z girdobiga tortib ketgan edi.
...Peshingacha pulning hammasi jamlandi. O’zlarida bori taxmin qilganlaridek, uch million chiqdi. Qolganini ikkala kuyov kechgacha topib kelamiz, desa ham Obidjon aka ko‘nmadi. Raufxo‘janiki nakd, dedi. Chindan ham o‘ylagandek chiqdi. Raufxo‘ja u og‘iz ochishi bilan ichkari uyga kirib ketib, birpasda qiyiqqa besh million o‘rab chiqdi. Faqat, hammasi mayda, yog‘ bosgan, g‘ijim pul edi. Uyda qizlari militsiyaga xabar berish haqida bir-ikki og‘iz ochib ko‘rishdi, lekin Obidjon aka rozilik bermadi. Gap o‘g‘lining hayoti ustida ketyapti, qimorbozlardan har narsa kutsa bo‘ladi. Militsiya borligini bilib qolishsa, Sanjarni sog‘ qo‘yishmaydi! Kichkina kuyovi birga borishni, yo borib bir chekkada turishni taklif qildi. Obidjon aka bunga ham ko‘nmadi. U ancha tinchigan, ertalabkiga qaraganda xotirjam ko‘rinardi. Katta qizi osh qildi. Obidjon aka hech narsa bo‘lmagandek, ishtaha bilan yedi.
— Harholda, ada, birga boray? — yana iltimos qildi ovqatdan so‘ng Sodiqjon.
— Sizga dalda bo‘lardi, — qo‘shiddi kuyoviga Zaynabxon.
— Tushunsalaring-chi. Ular bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Yonimda bironta odam borligini sezishsa, Xudo ko‘rsatmasin, o‘ldirib qo‘yishlari mumkin uni.
Hech kim boshqa bu hakda og‘iz ochmadi.
Soat to‘qqizdan chorak o‘tganda, Obidjon aka hammani yig‘di, xotiniga tilovat qildirib, o‘rnidan turdi. To‘g‘ri kabinetiga borib, yozuv stoli tortmasida yotgan chust pichog‘ini qini bilan olib, shimining cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Harholda yaxshi odamlar oldiga ketayotgani yo‘q. Keyin hovliga tushdi.
Katta kuyovi «Moskvich»ni ko‘chaga olib chiqdi.
— Mashinani darvoza oldiga ko‘ying, ko‘rinib turadi, — maslaxat berdi Zaynabxon.
Obidjon aka indamay rulga o‘tirdi. Sumkani orqa o‘rindiqqa tashladi. Har ehtimolga qarshi Zaynabxon erining to‘nini sumka ustiga yopdi, shu bilan go‘yo pulni berkitgan bo‘ldi.
...Bozor oddi qorong‘u, jimjit edi. Obidjon aka katta yo‘ldan tushib, suvratxona eshigi og‘zida mashinasini to‘xtatdi. Bu yer ham qorong‘u, faqat yuz qadamcha naridagi oziq-ovqat do‘koni ichida chiroq miltillab turardi.
Obidjon aka mashina soatiga qaradi. O’n minut kam o‘n bo‘libdi. Tushsa, belgilangan joyga borsa bo‘ladi. Eshikni ochib, bir oyog‘ini yerga qo‘yganda, o‘ylanib qoldi. Pulni olib boradimi, yo ko‘rishganlaridan keyin mashinada beradimi? Avval ko‘rishish kerak, Sanjarni surishtirish kerak, keyin nima deyishsa, shunday qiladi.
Shu qaror bilan mashinadan tushib, eshikni qulfladi. Suvratxonani aylanib o‘tib, yalanglikka chiqdi. Ro‘parada, eski uylar o‘rnida qad ko‘tarayotgan ko‘p qavatli bino qorayib turardi. Atrof jim-jit. «Sanaymiz, deyishsa-ya?» — xayolidan o‘tkazdi u yon-veriga bir-bir qarab chiqib... Unda mashinaga borishadi, chirog‘i bor, sanash oson. Yo‘q, sanashmaydi, shunday sumkani olishadi-yu, juftakni rostlashadi. Qo‘rqishadi bu yerda sanashga...
Obidjon aka soatyga qaradi, ammo qancha tikilmasin, necha bo‘lganini ko‘rolmadi. Ko‘rganda nima foyda edi? Vaqtida keldi. Buyog‘i endi tonggacha bo‘lsa ham kutadi. Boshqa iloji yo‘q: «Sanjar, Sanjar. Nima qilib qo‘yding, o‘g‘lim?»
Obidjon aka bugungacha o‘g‘lidan o‘pkalamagan edi. Uning o‘yinqaroq, ko‘cha odami bo‘lib ketayotganini payqagan, ammo bunday qaltis ishlar bilan shug‘ullanadi, deb o‘ylamagan edi. Qachon yo‘ldan toydi ekan? Nega ota bo‘lib u bilolmay qoldi?
Kimdir orqasida yengil yo‘taldi.
— Keldingizmi?
O’girildi. O’zidan kichikroq, qotmadan kelgan odam bir qadam narida qorayib turardi. Yuz-ko‘zi ko‘rinmadi.
— Obkeldingizmi? — so‘radi u. Telefonda boshqa odam gaplashgan edi.
— Mashinada, — dedi Obidjon aka.
— Obkeling!
— Sanjar qani?
— Uyga qaytishingiz bilan izingizdan kirib boradi. Obidjon akaga javob yoqmadi. U shu yerning o‘zida o‘g‘lini berishlarini kutgan edi. Demak, undan cho‘chishdi, po‘lni olib kelmaydi, deb o‘ylashdi. Nima qilish kerak? Beraveradimi? Aldashsa-chi? Sanjar omonmikan o‘zi? O’ldirib yuborgan bo‘lishsa-chi?
— Sanjarni olib kelasizlar. Qani u? — dedi u.
 Yigit boshini o‘girib mashina tomonga qaradi. Obidjon aka shunda payqadi, u yuziga xotinlarning paypog‘ini tortib olgan edi.
— Mashinada kim bor? — javob bermay so‘radi yigit.
 Ovozi tanishdek tuyuldi. Obidjon aka uni qaerdadir eshitgandek bo‘ldi. Balki studentdir? Hozir hech narsaga ajablanmasa bo‘ladi.
— Mashinada hech kim yo‘q. Yolg‘iz kelganman. Sizlar ham va’dalaringda turinglar-da!
— Pulni obkeling. Sanjar ketingizdan boradi.
Obidjon aka pulni olib kelishdan boshqa iloji yo‘q edi. Shunday qildi.
— Mana. Sakkiz million.
Yigit sumkani olib, indamay yangi tushayotgan imorat tomon yura boshladi.
Shu tob uning kallasida sanchiq turdi.
— To‘xtang! — u yigitning qo‘lidagi sumkaga mahkam yopishib oldi.
Yigit to‘xtadi.
— Nima?
— Ishonmayman sizlarga! Men bilan borasan! Shu pul sizlarniki! Lekin o‘g‘lim uyga kelgandan keyin beraman!
Bilak ingichka, tesha sopidek edi. Obidjon aka hayron qolib, qattiqroq qisdi. Sumka yerga to‘p etib tushdi. Yigit kuch bilan siltanib qo‘lini bo‘shatdi. Engashib sumkani ko‘tardi-da, bir sakrab o‘zini chetga oldi. Obidjon aka uning qochmoqchi ekanini tushundi. Qochsa, yetib ololmaydi. Shu fikr xayolidan o‘tib, «To‘xta!» — deb qichqirdi, ammo yigit quloq solmadi, yangi tushayotgan imorat tomon qocha boshladi. Obidjon aka shundan cho‘chigan edi. Qochib ketsa, Sanjarni sog‘ qo‘yishmaydi. U yigitning ketidan yugurdi, yigirma qadamcha bosib, yetgandek bo‘ldi, yelkasiga yopishib, to‘xtatishga urindi. Yigit unga qaraganda ancha epchil edi, faqat tez chopishga sumka xalaqit berardi. U siltanib yelkasini bo‘shatmoqchi bo‘lganida, nimadir chap biqiniga sanchildi, nafasi tiqilib bo‘shashganicha, cho‘kkalay boshladi.
Obidjon aka qo‘lida paydo bo‘lib qolgan pichoqni oyog‘i ostiga tashlab, yigitga yopishdi. Uning pichoq urish xayolida yo‘q edi, yigitning qochayotgani sabab bo‘ldimi, tutolmayman, deb cho‘chidimi, qanday pichoqni olib, biqiniga bigizdek sanchdi — bilmaydi.
— To‘xta! — beixtiyor qichqirdi u yana, shundagina yigitning cho‘kkalayotganini ko‘rdi, shoshib qo‘ltig‘idan oldi.
— Ada! — dedi kutilmaganda yigit. — Ular o‘zimni yuborishgan edi, yolg‘iz kelmaysiz, deb...
— Sanjar?! Senmisan, Sanjar?! — qichqirib yubordi Obidjon aka uni bag‘riga bosgancha.
— Ada... Kechiring...
— Sanjar! O’g‘lim! Nima qilib qo‘ydim o‘zi?! — Obidjon aka ehtiyotlik bilan o‘g‘lini yotqizib, yoniga cho‘kkaladi. — Sanjar!..
— Ada! Kechiring.
Uning oxirgi iltijosi shu bo‘ldi.
Fonarlarni yoqib, bir guruh militsiya xodimlari bilan Sodiqjon yetib kelganda, u o‘g‘lining qonga belangan jasadi ustida o‘tirardi.
— Sanjardan ajrab qoldiq, — dedi u sekin ovozda... O’zim, o‘z qo‘lim bilan o‘ldirib qo‘ydim!..
Shunday dedi-yu, yuz bergan fojiani endi tushunib yetdi shekilli dodlab yubordi:
— Sanjar! O’g‘lim! O’g‘ilginam!
Uning faryodidan tun larzaga keldi.
1994 yil
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 89506917

Yandex