Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - E'tiqodimni nega o'zgartirdim?

23.07.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• Bo‘riga yaxshilik qilsang, seni g‘ajib tashlaydi.
• Katta bo‘lak tomoqqa tiqiladi.
• Stolga ortiqcha ovqat qo‘yganing bilan uning oyoqlari tolib qolmaydi.
• Otangni urgan tayog‘ing kun kelib o‘g‘lingga kerak bo‘lib qoladi.
• O’ng ko‘z chap ko‘zni yoqtirmadi, natijada oralaridan burun o‘sib chiqdi.
Digor xalq maqollari
 
 

E'tiqodimni nega o'zgartirdim? Chop etish uchun E-mailga yuborish
 Ozod Sharafiddinov

Eskigan, chirigan tamallar
Yo‘qlikka egri yo‘l izlarkan,
Nega men undan yuz o‘girmay?
BOTU

1996 yil boshlarida «Trud» gazetasida Rossiya Kommunistlar partiyasi rahbari Gennadiy Zyuganovning suhbati bosildi. Unda quyidagi gaplar ham bor edi: "Butun umrini tinch yashab, mamlakati, xalqi haqida yaxshi gaplar gapirib kelgan, keyin aynigan odamni ko‘rsam, hazar qilaman. Agar u butun umri davomida yolg‘on gapirgan bo‘lsa, har kuni uyiga qaysi yuz bilan kirdi ekan, yaqinlari bilan qanday muloqotda bo‘ldi ekan?  Odam oltmish yoshga kirganida, chinakamiga ko‘zi ochilishi va o‘tmishni qahru g‘azab bilan qoralab, oyoqosti qilishi mumkinligiga negadir aqlim bovar qilmaydi".
Avvaliga bu gaplarga unchalik e’tibor berganim yo‘q — bamaylixotir yuraverdim. Lekin negadir yuragim g‘ashlanaverdi, allaqaerim zirapcha kirgandek lo‘q-lo‘q qilib tinchlik bermasdi. O’ylab qarasam, bu achchiq gaplar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mening sha’nimga aytilgan ekan. Axir, men o‘ttiz yillik partiya a’zosi edim, oltmish yoshga kirganda partiyadan chiqdim, butun umrim mobaynida mamlakat haqida, xalq to‘g‘risida yaxshi gaplar aytib kelgan edim, bugun esa o‘zimning kommunistcha o‘tmishimni astoydil qoralash bilan bandman. Mana, e’tiqodimni o‘zgartirganim uchun o‘rtoq Zyuganovning malomatiga qolib o‘tiribman, Zyuganovning dashnomi achib turgan yaraga tuz sepganday bo‘ldi. Negaki, e’tiqodsizlik chindan xam yomon narsa. O’zim ham bo‘lar-bo‘lmasga e’tiqodini yangilayveradigan beqaror va beburd odamni yomon ko‘raman. Ayniqsa, shaxsiy manfaat yo‘lida do‘stini, og‘a-inisini, ustozini chaqsa kepakka sotib yuborishdan toymaydiganlardan men ham hazar qilaman. Biroq e’tiqodingiz hayot sinoviga dosh berolmagan va sizni allaqachon boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygani isbotlangan, muqaddas deb hisoblab kelgan bayrog‘ingizning soxtaligi bilinib qolsa, nima qilmoq lozim? Shunda ham odam misi chiqqan e’tiqodiga ko‘r hassasiga yopishganidek yopishib olmog‘i kerakmi? Shunda ham Qo‘qon bozoridagi o‘jar dehqonga o‘xshab, "dig‘onim — dig‘on" deb bezrayib turaverishi zarurmi? Yo‘lingizda to‘sin uchrab qolsa, "men faqat to‘g‘ri yuraman" degan aqida bilan borib unga peshonangizni urish donolikdan emas-ku, axir!
Shunday qilib, men oltmish yoshimda e’tiqodimni o‘zgartdim va Zyuganovning malomatiga qoldim. Nachora, bu ham bir ko‘rgulik-da! O’rtoq Zyuganov menga ta’na toshlarini otib, ancha-muncha xumordan chiqib olgan bo‘lsa ajab emas. Ammo masalaning "lekin"i shundaki, o‘sha kezlarda e’tiqodini o‘zgartgan birgina men yoki Eshmat bilan Toshmat emas edi. Undaylar minglab, yuz minglab, hatto millionlab edi. O’zingiz hisoblab ko‘ring, bir zamonlar RSDRP, keyin—RKP (b), undan so‘ng — VKP (b) va nihoyat, KPSS degan nom bilan dovrug‘ qozongan partiya safida 80-yillarning oxiriga kelib taxminan 20 million a’zo bor edi. 20 million-a! Aytmoqqa oson! Bu sanoq o‘rtacha nufusli Ovrulo mamlakatining aholisiga teng keladi.
Bugun shuncha odamning hammasi bo‘lmasa-da, mutlaq ko‘pchiligi kommunistik mafkuradan uzil-kesil yuz o‘girib, e’tiqodini o‘zgartirdi. Tuzukroq o‘ylab qarang, ma’naviy suyanchig‘i barbod bo‘lgan, ixlos bilan ishongan ideallari sarob bo‘lib chiqqan salkam 20 million odam! Hayotining yarmidan ko‘pini yashab qo‘ygach, birdan shuncha umr bexuda ketganini anglab qolgan, dunyoni poklashdek oliy niyatga xizmat qilyapman deb o‘ylagan, aslida esa o‘zi butkul «kirlanib» bitgan 20 miilion odam! Bashariyat tarixida hali hech qachon bunaqa kata falokat, bunchalik behudud fojia ro‘y bergan emas edi va, ehtimolki, bundan keyin ham hech qachon ro‘y bermas. Bu shunday mislsiz falokat, shu qadar ulkan ma’naviy yemirilishki, uning oqibatida kurralar mehvaridan chiqadi, jamiyatning ruhiy muvozanati buziladi, qanchadan-qancha odam to‘satdan o‘zini junun vodiysiga tushib qolganday his qiladi va yangi suyanch tog‘larini izlab har tomon sarsari yuguradi. Shundoq ekan, beqiyos falokatdan aziyat chekkan million-million odamdan "hazar qilish" bilan masala hal bo‘larmikan? Ular "o‘z o‘tmishlarini oyoqosti qilmoqdalar" deya ta’na toshini otgan bilan ish bitarmikan? To‘g‘ri, o‘tmishni qoralashdan foyda yo‘q. Chunki o‘tmish — o‘tmish-da! U allaqachon tarixga aylangan. Uning biror kemtigini butlab qo‘yish mumkin bo‘lmaganidek, biror besunaqay joyini pardozlab, tekislab ham bo‘lmaydi. Undan faqat saboq olish mumkin.
XX asr so‘nggida yuz bergan bu mislsiz ma’naviy halokat juda ko‘p odamlarni garangsitib, sarosimaga solib qo‘ydi. Olimlar, mutafakkirlar uning sabablarini o‘rganishga kirishdi. Xozirning o‘zida bu to‘g‘rida o‘nlab, yuzlab salmoqli tadqiqotlar maydonga keldi. Kelajakda ular yanada ko‘proq yaratilar. Albatta, ulkan tarixiy evrilishlar silsilasida birgina odamning boshidan o‘tganlari maxsus e’tibor berib o‘tirishga arziydigan katta voqea emas. Masalan, men nega e’tiqodimni o‘zgartdim, bu jarayonda qanday iztiroblar chekdim, qanday o‘ylar, o‘kinchlar, afsusu nadomatlar ko‘nglimdan kechdi — buning kimga ham qizig‘i bor deysiz? Ammo hamma titrab-qaqshab zulmatni qoralayotgan chog‘da bittagina shamchiroq yoqilsayu o‘sha zulmatning bir chekkasi sal bo‘lsada yorishsa nima qipti? Daryolar irmoqlardan, irmoqlar tomchilardan tashkil topadi. Shundoq ekan, bir odamning achchiq tajribasi ham nimagadir asqotib qolishi mumkin-ku! Xamma bo‘lmasa ham, loaqal nevara-chevaralarim o‘qib, men boshimdan kechirgan adashishlar va xatoliklar yo‘liga qadam qo‘yishdan o‘zlarini tiyarlar.

* * *
Abdulla Qahhorning iborasi bilan aytganda, men partiyaga chaqiriq qog‘ozi bilan kirgan emasman. Binobarin, mening kommunistcha e’tiqodim ham qandaydir majburiyatlar tufayli, kimlarningdir qiyin-qistovi bilan shakllangan emas. Aksincha, esimni tanibmanki, men yurgan yo‘llar to‘ppa-to‘g‘ri partiyaga olib keluvchi yo‘llar bo‘lgan edi. Balog‘at yoshiga qadam qo‘yishim bilanoq partiyaga a’zo bo‘lish, kommunistlar safida odim otmoq hayotimning bosh maqsadiga aylangan edi. Meni bunga hech kim majburlagani yo‘q, lekin butun turmush tarzim, maktabda kechirgan hayotim ham, oilamizdagi sharoit ham, umuman, men yashab nafas olayotgan muhit boshidan oyog‘igacha butkul menda shu ishtiyoqni tug‘dirdi va yashnatib avj oldirdi.
Bugun yillar qa’ridan nazar tashlasam, bolaligim qirmizi alvonlar yal-yal tovlanib, tantanavor musiqa sadolari yayrab turgan, gullarga to‘liq, charog‘on nurlarga ko‘milgan muazzam go‘shadan chiqib kelayotgandek tuyuladi. Ayniqsa, maktab yillari... Baraban sadolari, gorn ohanglari, pioner bo‘yinbog‘larining hilpirashi, quvnoq qo‘shiqlar, saflarda shaxdam yurishlar... Qomatlar tik, boshlar mag‘rur ko‘tarilgan. Tom ma’noda o‘zimizni baxtiyor his qilardik. To‘g‘ri, ustimiz yupungina edi, qornimiz birda to‘ysa, birda to‘ymay qolar edi. Ko‘cha-ko‘ylarda ham, dala-dashtlarda ham betashvish, hamma narsadan mamnun odamlardan ko‘ra, tund, qovog‘i soliq, peshonasi tirishgan, tajang odamlar ko‘proq ro‘para kelardi. Ular qandaydir musibat ostida ezilganday ko‘rinardi. Ammo bu tashvishlar bilan bizning ishimiz yo‘q edi. Biz baxtiyor edik va baxtiyorligimiz uchun mehribon otamiz — dohiy Stalinga rahmatlar aytishdan bo‘shamasdik. Tabiiyki, u paytlarda biz dunyoni bolaning ko‘zi bilan ko‘rar, ko‘rganlarimizni bolaning aqli bilan idrok etar edik — bizni istalgan ko‘yga solsa bo‘lardi, bizdan istalgan qo‘g‘irchoqni yasash mumkin edi. Bizga nimani uqtirsalar, shuni haqiqat deb qabul qilardik. Quloqdan kirgan pand-nasihatlar, ko‘zimiz ko‘rgan shioru chaqiriqlar yuragimizga bajarilishi shart bo‘lgan harbiy buyruqlardek o‘rnashib qolardi.
Keyin balog‘at yoshiga yetdik. Kechagi yurish-turishimizda o‘yinga moyil tomonlar kuchli bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning hammasi jiddiy tus oldi. Biz o‘zimizni ancha ulg‘aygan, hamma ishni mustaqil hal eta oladigan odamlar sifatida his qildik. Komsomolga kirdik. Bu — hayotimizning ilk bosqichidagi eng jiddiy, eng ahamiyatli voqea edi. So‘rovnomalar to‘ldirdik, ijtimoiy kelib chiqishimizni bayon qildik, majlislarga masala bo‘ldik, rayon komsomol qo‘mitalarining byuro majlislarida tik turib savollarga javoblar berdik, nizomda aytilgan talablarni og‘ishmay bajaraman, deb qasamyod qildik va uni ado etishga baqadri imkon tirishdik ham. Komsomol bileti biz uchun eng muqaddas ashyo edi — uni ko‘z qorachig‘iday asrardik. Komsomollik yillarimiz urush davriga to‘g‘ri keldi. Biz hali ham yupun, chala qursoq edik, yashash sharoitimiz juda qoloq va og‘ir edi. Turmushda hali tuzukroq ro‘shnolik ko‘rganimiz yo‘q, xonadonlarimizda birimiz ikki bo‘lgani yo‘q, yurtimiz ham obodonchilikdan yiroq edi. Biz bularning barini urushga yo‘yardik-da, hamon o‘zimizni baxtiyor hisoblardik. To‘g‘ri, yuragimizning allaqaerida shu baxtimiz kemtikligini g‘ira-shira his qilardik. Lekin "Nega shunaqa? Bu kemtiklik nimada?" deb o‘z-o‘zimizdan so‘ramasdik. So‘rolmasdik ham. Birov man etgani uchun emas, balki so‘rab o‘rganmagan edik. Umuman, sovetcha hayotimizning biror jihatiga shubha bildirish, biron ishimizga shak keltirish yoki aqidamizdan gumon qilish bizga yot edi. Biz baxtiyor edik, chunki bizga "Senlar — baxtiyorsan" deb uqtirishgan edi. Biz Stalinning farzandlari edik.
Stalinga sadoqatimiz shu qadar ulug‘ ediki, uni hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmasdi. Birov "Stalin uchun jon berishing kerak" desa, ko‘pchiligimiz sira ikkilanmasdan "Men tayyor!" deya oldinga chiqardik. Biz ana shunday sadoqatli va fidokor edik.
Ancha yillar o‘tib ketgandan keyin bildim — fashistlar Germaniyasidagi bizga tengqur yoshlar ham Gitlerga sadoqatda xuddi o‘zimizga o‘xshar ekan, ular ham o‘zlarining fashistcha ideallari yo‘lida jon fido qilishga tayyor turarkan. Qiziq, bir-biriga ashaddiy dushman ikki mamlakat, bir-biri bilan hayot-mamot jangi olib borgan ikki partiya o‘z yoshlarini bir xil yo‘lda tarbiya qilibdi, ularni bir xil fazilatlar egasi qilib yetishtirmoqchi bo‘libdi. Keyin-keyin ulg‘ayib, tajriba orttirib, besh-olti ko‘ylakni yirtgandan keyin mulohaza yuritib bildimki, sadoqat deganlari ham, shak, gumon deganlari ham har xil bo‘lar ekan.
Sadoqat deganlari juda yaxshi, qimmatli fazilat, ammo u ko‘r-ko‘rona, aql o‘txonalarida toblanmagan bo‘lsa, fazilat deb atash qiyin. Bunday "fazilat"dan faqat kulfat kelishi mumkin. Xuddi shuningdek, har qanday erkin fikr, aqliyot bobidagi har qanday kashfiyot gumondan, shakdan boshlanadi, lekin "gumon" ham ko‘r-ko‘rona bo‘lsa, me’yor va chegaradan chiqib ketsa, odamni behalovat qiladi, hamma narsadan yuz o‘girib, har qanday ke’matni oyoqosti qiluvchi, hatto iymonini ham sustlashtiruvchi maxluqqa aylantiradi. Ammo biz bu haqiqatlardan tamom bexabar edik, komsomolga, Stalinga, kommunizmga sadoqatimiz bilan hech narsani o‘ylashga, fikr yuritishga qobil bo‘lmagan, buning o‘rniga har qanday buyruqni so‘zsiz bajarishga tayyor turgan manqurtsifat odamga aylanib borayotganimizni bilmas edik.
Yana yillar o‘tdi. Urush tugadi. Biz maktabni bitirib, talaba bo‘ldik.
Talabalik chindan ham oltin davr. Besh yil mobaynida onadan butunlay yangi tug‘ilganday bo‘lasiz. Har kuni bir yangi kashfiyot yuz ochgandek, aqlga aql qo‘shilgandek bo‘ladi. Ochiq ko‘zlar yangidan ochiladi — hayrat bilan amin bo‘lasizki, olam avval ko‘rib yurganingizdan bo‘lakcha! Lekin sezasizki, eski, ko‘nikkan odatlaringiz sizni tark etishga shoshmaydi, ayniqsa, asosiy masalalarda siz hamon o‘sha-o‘shasiz! Qalbingizni ko‘pdan chirmab kelgan kishanlar yana ham mustahkam bo‘lsa bo‘libdiki, aslo bo‘shashmabdi. Gazetalar, radio, jild-jild kitobu risolalar, kino ekranlari hamon qulog‘ingizga sotsializmning buyuk afzalligi, dohiymizning donoligi, partiyaning qudrati haqidagi cho‘pchaklarni quyishdan toliqqani yo‘q. Albatta, siz ham bu gaplarning haqligiga zarracha shubha qilmaysiz va faqat bizda — dunyoning oltidan birini tashkil qiluvchi ulug‘ mamlakatdagina baxtlar saltanati qurilganiga iymon keltirasiz.
Kommunistik g‘oyalar talaba nigohida jozibador ranglar bilan namoyon bo‘lardi. Bu jozibaga aloqador narsalar mohiyatini anglamoq uchun kitob titishdan charchamas edik. So‘ng bildikki, "kommunizm" degan so‘z aslida lotincha bo‘lib, "umumiylik, mushtaraklik, birgalik, ahillik" degan ma’nolarni bildirar ekan. Kommunistcha g‘oyalarda insoniyatning eng olijanob orzulari, inja tilaklari mujassam ekan. Axir, inson inson bo‘lganidan beri yaxshilikni qo‘msaydi. Yaxshilik saltanatini barpo etishni orzu qiladi. Bu saltanatda hamma teng, bir-biriga mehribon, g‘amxo‘r bo‘ladi. Unda har qadamda, har ishda adolat qaror topadi, zulm, haqsizliklar unutiladi, odamlar urush neligini esdan chiqaradi. Hamma yurtlar, hamma elatlar, hamma xalqlar bir-biriga qo‘lni berib, bir-biriga ko‘maklashib, bunyodkor mehnat bilan band bo‘ladi.
Haqiqatan ham, qanday olijanob g‘oyalar! Umumbashariy g‘oyalar. Ularni rad etish, ularga qarshi chiqish mumkinmi axir?! Ammo bilmaysizki, hayot boshqa — unda har qadamda qalbakilikka, aldamchilikka ro‘para kelasiz. Unda ko‘pincha gap boshqayu amal boshqa, suvrat o‘zgachayu siyrat bo‘lakcha. Hayotda bir hovuch yovuz kuchlar bor—ular qora niyatlarini niqoblab, ana shu umuminsoniy, olijanob g‘oyalarni o‘zlariga shior qilib olganlar, ularni o‘zlaricha talqin qilib, shu g‘oyalar soyasida davru davron surishga jahd qilganlar. Ular odamlarning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalanib, o‘zlarining qora maqsadlariga erishishda ulardan vosita sifatida foydalanmoqchi bo‘lganlar.
Biroq bu haqiqatni siz ancha keyin, ko‘p yillar o‘tgandan so‘nggina anglaysiz — buni anglash uchun butun umringizni sarflashingiz, ko‘pdan-ko‘p qurbonlar berishingiz, ko‘p iztiroblar va azob-uqubatlar chekishingiz kerak bo‘ladi. U paytlarda esa hali oldiga poxol solsa ko‘nib ketaveradigan, har narsaga laqqa tushadigan, osongina aldanaveradigan, ko‘zi ochiq bo‘lsa ham, aslida hech narsani ko‘rmaydigan yoshgina tolib yigit edingiz. Hali hayotning past-balandini uncha ko‘rmagansiz, achchiq-chuchugini yetarli tatimagansiz, hali oyog‘ingiz yerda bo‘lsa ham, ko‘nglingiz samolarda — romantik xayollar og‘ushidasiz. Shuning uchun yoshingiz ulg‘ayib, komsomol safini tark etishingiz bilanoq kommunistlar partiyasiga kirishga qat’iy ahd qilasiz...
Shunday qilib, men yigirma yoshga to‘lib-to‘lmay — 50-yillarning boshida partiyaga kirish harakatiga tushib qoldim. Bir qarashda bu yo‘lda men uchun hech qanday to‘siq yo‘q edi: partiyaning dasturi va nizomi bilan tanishman, ularni tan olaman; o‘qishlarim yaxshi, jamoatchilik ishlarida faolman; ijtimoiy kelib chiqishim ham yomon emas — qarindosh-urug‘lar orasida biron gumon tug‘diradigan yo‘q; komsomol tavsiya bergan, meni biladigan kommunistlar ham tavsiya berishga tayyor.
Xullas, hammasi joyida. Yo‘q, baribir, bo‘lmadi — hozir ziyolilardan kamroq qabul qilyapmiz, degan rad javobini oldim. Darhaqiqat, o‘sha kezlarda ziyolilar yana "qovun tushirgan" edi — ularning ichidan bir guruh xalq dushmanlari chiqib qoldi. Buni qarangki, bu galgi xalq dushmanlarining hammasi o‘zimiz yaxshi bilgan, yaqindan muloqotda bo‘lgan, elu yurt oldida katta hurmatlarga sazovor Shayxzoda, Said Ahmad, Shuhrat, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Hamid Sulaymon kabi odamlar edi. Odam olasi ichida deganlari shu ekan-da! Bo‘lmasa, Hamid Sulaymon bizga G’arb adabiyotidan bir yil dars bergan edi. Hali rosa g‘o‘r ekanmiz — bir yil shu odamning ma’ruzalarini eshitibmiz-u, bir marta ham dushmanligini payqamabmiz-a! Asl qiyofasini zo‘r mahorat bilan yashirib yurar ekanlar-da! Shuncha tanish-bilishlar qamalgan bo‘lsa-da, biz bir daqiqa ham ularning aybdorligiga shubha qilganimiz yo‘q, chunki ongimizga "shonli chekistlarimiz sira xato qilmaydi!" degan gap singdirilgan edi. Shuning uchun biror kishi qaysarlik qilib, biron qamalgan odamning gunohkorligiga shubha bildirsa, g‘ashimiz kelardi.
Saida Zunnunova degan yosh shoira bizning fakultetda o‘qirdi. Endigina ilk kitobi chop etilgan, umidli ijodkor hisoblanardi. U andijonlik bo‘lib, yaqinda Said Ahmadga turmushga chiqqan edi. Rahbariyat shoiradan eridan voz kechishni, ko‘pchilik oldida erini qoralashni talab qildi. Negaki, talabalar safi g‘oyaviy sog‘lom bo‘lmog‘i kerak, unda xalq dushmanlarining xotinlariga o‘rin yo‘q edi. Saidasi tushmagur esa, o‘zi jinqarchaday bo‘laturib, "Chiqadigan erim yo‘q, erim gunohsiz!" deb oyoq tirab turib oldi. Saidaga achinamiz — harqalay, nima bo‘lganda ham o‘zimizga o‘xshagan toliba, turmushga chiqib, hali biron bir ro‘shnolik ko‘rgani yo‘q, endi esa "he" yo‘q, "be" yo‘q, boshi ochiq qolsa alam qiladi-da! Bunaqa desangiz, topgan eri dushman chiqib qolgan bo‘lsa, nima deysiz! Boringki, Saida eridan ajramadi — uni universitetdan haydadilar. Biz esa tomosha qilib, baqrayib turaverdik.
Xullas, men universitetni tugatganimdayoq partiya a’zosi bo‘lmog‘im kerak edi, lekin bir guruh dushman ziyolilar bunga xalaqit berdi.
Shunaqa tashvishlar bilan talabalik ham ortda qoldi. Keyin Moskvaga ketdim. Jahon adabiyoti institutining aspiranturasida o‘qidim. Bu yerda ham peshqadamlardan edim. Hatto ikki yil davomida institut komsomol tashkilotining kotibi ham bo‘ldim. Tabiiyki, partiyaga kirish orzusi hamon ko‘ngilda jo‘sh urib turardi va hatto yanada kuchliroq o‘t olardi. Buning boisi quyidagicha edi: institutimiz Borovskiy ko‘chasida joylashgan bo‘lib, Krasnopresnensk rayoniga karardi. VKP (b) tarixining qisqa kursini xatm qilgan har bir so‘takka yaxshi ma’lumki, Krasnopresnensk rus inqilobining markazlaridan biri bo‘lgan. 1905 yilgi inqilob kunlarida rus proletariati barrikadalarda turib ekspluatatorlarga qarshi qonli janglar qilgan. Hozir o‘sha joylarda hatto "Barrikada" degan kinoteatr ham bor. Qisqasi, qutlug‘ joy. Ana shunday tarixiy manzilda joylashgan institutda o‘qishning o‘zi qanday buyuk sharaf! Shu rayonda partiyaga kirsangiz-chi, savobiga nima yetsin! Bu bilan butun umr faxrlanib yursangiz arziydi! Bu yerda ham ishlarim ancha siljib qolgan edi — hatto rayon qo‘mitasi kotibining suhbatidan ham o‘tgan edim, faqat byuro majlisidan o‘tsam, bas, murodim hosil bo‘lardi. Ammo partiyaga kirish bu gal ham nasib qilmagan ekan — 1953 yilning mart oyida Stalin vafot etdiyu hayotimizdagi juda ko‘p narsa ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Tabiiyki, Krasnopresnensk raykomining Toshkentdan kelgan bir o‘zbekni partiyaga qabul qilishdan ko‘ra muhimroq tashvishlari boshidan oshib yotardi. Shunday qilib, 1955 yilda Toshkentga qaytdim va shu yilning sentyabr oyidan boshlab Toshkent Davlat dorilfununida ishlay boshladim. Bu yerda faoliyat boshlashim bilanoq, albatta, yana o‘sha ishtiyoq — partiyaga kirish orzusi meni tinch qo‘ymadi. Nihoyat, 1959 yilning yanvar oyida orzuim ushaldi — men partiya a’zosi bo‘ldim.

* * *
Ha, men partiyaga a’zo bo‘ldim. Hayotimda juda katta o‘zgarish sodir bo‘ldi — o‘zimni niyatlari pok, vijdoni toza, olijanob, mard, fidokor va sodiq odamlar guruhiga qo‘shilgan, ular bilan birga dunyoda ulug‘, eng baxtiyor, eng adolatli jamiyat qurishdek katta ish yo‘lida hammaslak bo‘lgan odam deb hisoblay boshladim. Men partiyaga biron mansab yoxud imtiyoz ta’masida kirganim yo‘q edi. Partiya maboda, biror imtiyoz bersa, hamisha janglarda oldingi safda bo‘lish, jabhalarning eng og‘ir joylarida cholishish, mas’uliyatning eng mushkulini zimmaga olish imtiyozini berishini yaxshi bilardim. Kommunist degani men uchun eng faol ijodkor, eski dunyoni tag-tugi bilan barbod qilib, o‘rniga yangi dunyo yaratuvchi kurashchi edi. Avvallari u men uchun yetib bo‘lmas yuksaklikdagi narsa edi, endi esa men shunday odamlar bilan hamsaf, hamnafas bo‘ldim. Bugun bularning hammasi juda anoyi, go‘l odamning havoyi gaplaridek tuyuladi, lekin o‘sha kezlarda bularning bari chinligiga astoydil ishonar edik.
1959 yil men uchun ana shunday ko‘tarinki kayfiyat bilan boshlandi, ammo yilning oxiriga borib kutilmagan voqealar boshimga tushdiki, ular mendagi ishonchning tomiriga bolta urdi, birinchi marta tanlagan yo‘limning to‘g‘riligiga shubha qila boshladim. To‘g‘ri, hali shubha-gumonlarimni hech kimga oshkor etmagan esam-da, lekin baribir gumon qurtlari meni ich-ichimdan kemira boshlagan edi. Voqea bunday bo‘lgan edi. Tabiiyki, men partiyaga kirganim bilan hali o‘zimni eski kommunistlarga teng deb hisoblamas, yosh kommunist deb bilar edim. Yosh kommunist esa yoshi ulug‘ hammaslaklariga yetib olish uchun, ularga munosib bo‘lish uchun o‘n chandon ortiqroq xizmat qilmog‘i, partiyaning hamma topshirig‘ini yelib-yugurib, ortig‘i bilan ado etishga tirishmog‘i kerak. Men shundoq bo‘lishga harakat ham qildim: ma’ruzalarimning mazmundor va talabalarga manzur bo‘lishi uchun qayg‘urdim, jamoatchilik ishlarini sidqidildan bajardim, munaqqid sifatida faol ish yuritdim, hatto Moskvada o‘zbek adabiyoti dekadasida qatnashib, u yerdan "Shavkatli mehnati uchun" degan medal bilan qaytdim.
Oradan ko‘p o‘tmay, mening yelib-yugurishlarim sezildi —jamoamizda menga hurmat ancha oshganday bo‘ldi. Shuning natijasi o‘laroq meni boshlang‘ich partiya tashkilotiga kotib qilib sayladilar. Bu menga bildirilgan juda katta ishonch edi. Ayni chog‘da zimmamga haddan ziyod mas’uliyat ham yukpangandi. Bundan buyon men jamoamiz hayotining hamma sohasi uchun javobgar edim. Hammaslaklarimning ishonchini oqlamaslikka haqqim yo‘q edi. Shunday qilib, g‘ayratimni o‘n chandon orttirib ishlay boshladim. Partiya byurosining majlislarini muntazam o‘tkazib tura boshladim: ularda yengil-elpi masalalar emas, o‘qish-o‘qitish va tarbiyaning eng muhim masalalarini muhokama qildik; partiya xo‘jaligini, umumiy majlislarning qarorlarini, byuro majlislarining qaydnomalarini tartibga keltirdim; har bir byuro a’zosining biron tayinli ish bilan shug‘ullanishiga erishdim; mehnat intizomini qattiq nazorat qila boshladik; yotoqlardagi ahvol bilan shug‘ullandik; fakultet bo‘yicha yagona siyosiy-tarbiyaviy ishlar rejasini tuzdik va shu reja asosida ish yurita boshladik. Men bu ishlarga bosh-qosh bo‘lgan ekanman, azbaroyi xudo, buning evaziga biron mukofotga erisharman yoxud biron maq-tovga sazovor bo‘larman deb aslo o‘ylagan emasman. Mening nazarimda boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi — yosh kommunist astoydil g‘ayrat bilan yeng shimarib ishlashi, rohat-istirohat unga butunlay yot bo‘lmog‘i kerak edi. Albatta, o‘shandagi ishlarimizda qandaydir nuqsonlar ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin biz astoydil "to‘g‘ri qilyapmiz" degan ishonch bilan ishlardik.
Oradan ko‘p o‘tmay, bu ishlar kimlargadir ma’qul bo‘lmaganday, kimlarningdir ensasini qotirayotganday bo‘ldi. Ba’zan-ba’zan "Yugur, ha, yugur, quruq qolyapsan" deganday istehzolarni ham imi-jimida sezib qolardim. Yana qaytarib aytyapman, bu gaplardan o‘sha paytdagi ishlarimiz mutlaqo nuqsonsiz edi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Jamoamiz uncha katta emas, lekin kommunistlardan tashqari, umuman, partiyasiz o‘qituvchilar va talabalarni qo‘shib hisoblasak, uncha kichkina ham emas edi. Har qanday o‘rtacha jamoa kabi, bizning jamoada ham har xil odamlar, har xil yoshlar bor edi. O’sha kezlarda vaziyat anchagina murakkab edi. Yaqindagina XX s’ezd bo‘lib o‘tgan, unda Stalin shaxsiga sig‘inish qattiq tanqid qilingan edi. Bu hol jamiyatda fikriy uyg‘onish jarayonini boshlab yubordi. Har xil tarzda eski aqidalarni taftish qilish boshlandi. Biri-biridan qaltis savollar ustma-ust yog‘ila boshladi. Ular javob berishni talab qilardi. Albatta, bunaqa savollarning berilmagani, yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qolavergani tuzuk edi, ammo buning iloji yo‘q — g‘isht qolipdan ko‘chgan, to‘g‘on o‘pirilgan edi. Shunday sharoitda partiya boshlang‘ich tashkilotlarda bunaqa shakkokliklarning bo‘lmasligiga alohida ahamiyat berdi. Ammo qayoqda deysiz!
Kunlardan birida dorilfunun kutubxonasining katta daftarida "Sotsialistik realizm — soxta metod! Undan voz kechish kerak!" degan yozuv paydo bo‘lib qoldi. Bu ham mayliya, muallif yozuvning tagiga katta qilib "Filologiya fakultetining talabasi Dolgov" deb ism-sharifini ham yozib qo‘yibdi. To‘polon bo‘lib ketdi. Qidirsak, talabalarimiz ichida Dolgov chindan ham bor ekan va haligi gaplarni haqiqatan ham u yozgan ekan. Partkomga yugurishlar, raykomga chopishlar boshlandi. Gap gorkomgacha borib yetdi. Juda xunuk voqea ro‘y bergan, bu — jamoamizning butun faoliyatiga qora chiziq tortgandek gap edi. Chunki sotsialistik realizmni inkor qilish sovet tuzumini inkor qilish bilan barobar edi. Buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshkora aksilsho‘roviy faoliyat deb baholasa bo‘lar edi. Zudlik bilan Dolgovni qayta tarbiyalash boshlandi — o‘zi bilan bir necha marta suhbatlar o‘tkazib, gapini qaytarib olish taklif qilindi. Ammo Dolgov yomon o‘jar ekan, gapida turib oldi. Hatto sovet adabiyotidan ko‘p yillar dars berib kelgan, kitoblar yozgan dongdor professorlar ham bu talabaga "sotsialistik realizm bor narsa" deb ishontira olmadilar. Nima qilmoq kerak? Bunaqa shakkok talabani daf qilmasa, ko‘z ochib yumguncha boshqalarni ham yo‘ldan ozdirishi hech gap emas, 30- yoki loaqal 40-yillar bo‘lganda-ku, bunaqalar bilan tegishli joylarda gaplashilib, tezda dami o‘chirilardi. Ammo endi zamon boshqa — muhit jinday iliy boshlagan, biz ham bo‘y-bastimizga demokratlarning liboslarini o‘lchab ko‘ra boshlagan edik. Shuning uchun mustaqil fikrga ega bo‘lish vajidan talabani o‘qishdan haydash noqulayroq edi. Yuqori tashkilotlardan maslahat bo‘ldi — Dolgovni bir-ikki yilga zavodga jo‘natinglar, hayotni ko‘rsin, chiniqsin, keyin, hushi joyiga kelganda qaytarib olarsizlar. Shunday qildik. Dolgov shu ketganicha tinchib ketdi. O’shandan keyin desangiz, talabalar ichida bunaqangi namoyish qiladigani boshqa chiqmadi. Tinchidik.
Tinchidig-u, bu voqeadan mening yuragimda chandiq qoldi. Men o‘sha paytga qadar soddaligimga borib, ishchilar jamoasiga a’zo bo‘lish — har bir inson uchun ulug‘ mukofot, shon-sharaf ishi, deb o‘ylab yurar edim. Partiyaviy rahbarlarimiz bir oz boshqacharoq o‘ylar ekanlar — biror gunoh qilib qo‘ygan nobop odamni jazolash uchun ishchilar jamoasiga jo‘natar ekanlar. Demak, zavod va fabrika ham o‘ziga xos ahloq tuzatish mehnat lageri ekan-da! Ana xolos!
Bu noxush voqeaning zahri ketib ulgurmasdan jamoamizda yana bir voqea ro‘y berdi — ikkita professor ko‘pchilik oldida aytishib qolib, biri ikkinchisini qattiq haqorat qilibdi. Albatta, professor odamning janjallashib yurishi uyat gap, lekin nachora — hayot-da! Ba’zan shunaqasi ham bo‘ladi. Buning vahima qiladigan joyi yo‘q. Ikkala janjalkashni chaqirib, "Bunaqa qilmanglar, uyat!" deb tanbeh berib ko‘yaqolsa-ku, bas! Lekin bu gal ham to‘polon bo‘lib ketdi. Gap shundaki, professorlardan biri yuqoriroq doiralarga yaqin ekan. Shuning uchun "yuvindixo‘r" degan ta’na unga qattiq botibdi. U partiya Markaziy Komitetiga shikoyat yozibdi. Darhol shahar partiya komitetining komissiyasi tuzildi. Komissiya raisi Oktyabr rayon komitetining birinchi kotibi edi. Komissiya qattiq ishladi, faqat ikki professor mojarosini emas, butun fakultet hayotining hamma tomonini atroflicha chuqur o‘rganib chiqdi. Taomilga ko‘ra, komissiya bizning ham mulohaza va takliflarimizni inobatga olgan holda shahar partiya qo‘mitasi byurosining qarori loyihasini tayyorlab bermog‘i kerak ekan. Bunday loyiha tayyorlandi — unda ahvol xolisanillo baholangan va ma’qul takliflar aytilgan edi. Biroq byuro majlisida ish birdan chappasiga ketdi. Fakultetda keksa jurnalistlardan Rasul Muhammadiy degan odam ishlardi. Beayb — parvardigor deganlaridek, domlasi tushmagur bir oz mayda gapga moyilroq edilar. Fakultetdagi Tursun Sobirov degan domla bilan sira chiqishmas edilar. Bu to‘g‘rida ikkovlari bilan ham bir necha marta gaplashdik, hatto masalani partbyuro majlisida ham ko‘rib chiqib, ikkovlariga jiddiy tanbeh bergan bo‘ldik. Shu domla gorkom byurosida so‘zga chiqdiyu yolg‘on-yashiqlarni qo‘shib juda qattiq gapirdi. U kishining gapiga qaraganda, fakultet juda katta o‘pirilish girdobida va hech kim ahvolni tuzatish yo‘lida hech narsa qilayotgani yo‘q ekan. U Tursun Sobirov bilan o‘rtalaridagi mojaroni juda muhim, printsipial tortishuv tarzida bayon etdi-da, bu masalada partbyuro unga mutlaqo yordam bermayotganini aytdi.
— Hay, hay, bu gap g‘irt yolg‘on-ku! — dedim men o‘rnimdan sapchib turib.
— O’tiring! — deb jerkib berdi majlisni boshqarib borayotgan gorkom kotibi Qayum Murtazoev. — Sizga so‘z berilgani yo‘q! So‘z berilganda gapirasiz.
Rasul Muhammadiyning gapi vaziyatni keskin o‘zgartirib yubordi, shunday taassurot qoldiki, go‘yo komissiya ahvolni tuzukroq o‘rganmagan, loyihada ko‘p kamchiliklar xaspo‘shlab ko‘rsatilgan. Murtazoev qalamning keti bilan stolga bir-ikki urdi-da, tanaffus e’lon qildi. Tanaffus chog‘ida byuro a’zolari qarorni o‘zgartirish haqida kelishib oldi, shekilli, tanaffusdan keyin Murtazoev fakultetdan ikki-uch kishini qattiq jazolash haqida taklif kiritdi. Bular ichida men ham bor edim.
— Boshlang‘ich tashkilot kotibi Ozod Sharafiddinovga shaxsiy varaqasiga yozish sharti bilan qattiq vigovor e’lon qilinsin. Rozimisizlar, o‘rtoqlar? Qani, o‘rtoq Sharafiddinov, o‘zingiz nima deysiz? Rozimisiz?
Buni eshitdimu hang-mang bo‘lib qoldim. Chunki shaxsiy varaqaga yoziladigan qattiq vigovor juda og‘ir jazo edi. U odamga umrbod yopishtirilgan tavqi-la’nat bilan barobar edi. Albatta, bir-ikki yil yaxshi ishlasangiz, bu jazoni bergan tashkilot uni olib tashlardi. Biroq buning siz uchun hech qanaqa ahamiyati yo‘q edi. Bundan keyin siz boshqa biron ishga o‘tar chog‘ingizda yoxud chet elga borishingizga to‘g‘ri kelib qolganda yo boshqa biron sabab bilan so‘rovnoma to‘lg‘azadigan bo‘lsangiz, albatta, "Partiya jazosi olganmisiz?" degan savolga javob berishingiz talab qilinardi. "Xa, olganman" degan javob esa darhol qarshingizdagi istiqbol eshigini butkul tambalab tashlardi — siz eski hammom, eski tosligingizcha qolaverardingiz. Men yosh kommunist bo‘lsam ham bu jazoning naqadar dahshatli ekanini, bu jazoga mustahiq bo‘lgan kishi o‘z-o‘zidan ikkinchi darajali odamga aylanib qolajagini yaxshi bilardim. Murtazoevning savolidan keyin dunyom butunlay ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketganday bo‘ldi, tizzalarim qaltiradi, rangim bo‘zardi. Bir zumda xayolimdan allaqancha o‘ylar quyunday o‘tdi. Kotibning savoliga nima deb javob berishimni bilmasdim. Nogahon bir fikr, to‘g‘rirog‘i, bir savol miyamga keldi.
— O’rtoq kotib! — dedim hayajonimni bosolmay. — Menga gorkom byurosiga e’tiroz bildirishim mumkin emas deb tushuntirilgan edi. Shuning uchun savolingizga nima javob berishni bilolmay qoldim. Faqat bitta iltimosim bor, men partiyaga kirganimda hukumat meni yuksak mukofot — medal bilan mukofotlagan edi. To‘qqiz oy partiya safida bo‘lganimdan keyin menga shaxsiy varaqamga yozish sharti bilan qattiq vigovor berilyapti. Qanday qilib medalga sazovor bo‘lgan yigit to‘qqiz oy partiya tarbiyasini ko‘rib, qattiq vigovor oladigan darajada tuban ketishi mumkin? Shuning mantiqini tushuntirib bersanglar, mayli, har qanday jazoga tayyorman.
— Nima deyapsiz? — dedi kotib. — Nega to‘qqiz oy?
— Shunaqa-da! Partiyaga kirganimga endi to‘qqiz oy bo‘ldi.
Kotib qattiq g‘azablandi. Qo‘lidagi qalamning keti bilan stolga qattiq urdi.
— Qani, dorilfunun partkomining kotibi bormi? O’rnidan tursin!
Partkom kotibi o‘rnidan turdi.
— Siz qanaqa odamsiz o‘zi?! — Endi uning boshida kaltak qasir-qusur sina boshladi. Ish bunaqa tomonga aylanib ketishini men xayolimga ham keltirmagan edim. Xijolat ichida g‘o‘ddayganimcha turibman. — Siz ustavni bilasizmi? Bu kishini kotib qilayotib qayoqqa qaragan edingiz? Axir, ustavda aniq yozib qo‘yilgan-ku — bir yillik staji bo‘lmasa, boshlang‘ich tashkilotga kotib qilib saylab bo‘lmaydi!
Men qolib ketdim, gapning quyug‘ini bechora partkom kotibi eshitdi. Nihoyat, byuro a’zolari uni so‘ka-so‘ka charchashdi shekilli, yana menga qaytishdi.
— Qani, nima deysizlar? Sharafiddinovni nima qilamiz? — dedi Murtazoev.
— Oddiy vigovor bera qolaylik, — dedi byuro a’zolaridan biri.
Men yana e’tiroz bildirmoqchi bo‘lib o‘rnimdan qo‘zg‘algan edim, yonimda o‘tirgan keksagina odam qo‘limdan tortib o‘tqazib qo‘ydi.
— Bas, bo‘ldi, yengillik qilaverma. Noiloj joyimga o‘tirdim. Men bergan savolga hech kim javob bermadi. Lekin meni jazolashdi. Oddiy vigovor deganlari partiyaviy jazolar ichida eng yengillaridan, lekin baribir jazo edi. Bir yildan keyin vigovor olib tashlandi. Yengil tortdim — go‘yo badanimga yopishib olgan allanechuk kirdan poklanganday bo‘ldim. Ammo shu bir yil mobaynida tanamga yuvgan bilan ketkazib bo‘lmaydigan allaqancha yangi kirlar yopishib ulgurgan edi.
O’sha kungi byuro majlisidan keyin yuragimda bir narsa chirt uzildi — nazarimda, e’tiqodimning bir tomiri uzilgan edi. Keyinchalik men uni asliga qaytarishga ancha urindim, ammo g‘isht qolipdan ko‘chganidan so‘ng buning iloji yo‘q ekan. Axir, partiya, uning rahbar idoralari mening uchun oliy sajdagoh edi, men unga sadoqatli farzandday xizmat qilmog‘im, u ham meni o‘z farzandiday ardoqlamog‘i kerak edi. Eng muhimi, partiya o‘z a’zolarining har qanday savollariga haqqoniy javob bermog‘i, har qanday mushkulotini adolat bilan yechib bermog‘i lozim edi. O’sha kuni shu ishonchim darz ketdi. Men partiya uchun jonimni jabborga berib, shunchalik xizmat qilsam-u, bir og‘iz "rahmat" o‘rniga jazoga mustahiq bo‘lib o‘tirsam?! Adolat deganlari shumi hali? Bu uchiga chiqqan nohaqlik emasmi? Siz partiyani boshingizga ko‘tarib ardoqlaganingiz bilan partiya oldida qilcha ham qadringiz yo‘q ekan-da! Sidqidildan unga qilgan xizmatlaringiz nimayu o‘zingiz nimasiz? Buvim rahmatli aytib yuradigan bir naql bo‘lardi: "Qoziqning uchi ham bo‘lma, boshi ham bo‘lma: uchi bo‘lsang — yerga kirasan, boshi bo‘lsang — to‘qmoq yeysan. Qoziqning beli bo‘l, bolam". Bu menga burjua axloqining aqidasi bo‘lib tuyular va men uni hazm qilolmas edim. Ammo jonajon partiyam og‘ushida kechirgan hayotim meni bu masalaga boshqacha qarashga undadi. Unchalik go‘l bo‘lmaslik kerak ekan, tevarak-atrofingizga ko‘zni kattaroq ochib qarash lozim ekan. Ko‘zni kattaroq ochib qarasam, qarshimda shunday haqiqatlar namoyon bo‘la boshladiki, ular oldida aqlim shoshib qoldi. Ko‘zni kattaroq ochib qarasam... partiyaning hayoti insoniy mantiqdan xoli, haqiqat va adolatdan yiroq, ko‘pincha yolg‘on asosga qurilgan hayot edi. Nafaqat partiya hayoti, partiya rahbarligida barpo etilgan jamiyat hayotida ham sog‘lom aqlga zid, har qanday mantiqdan tamoman uzoq ishlar ko‘p edi. Ularning tagiga yetaman deb harchand urinmang, urinishlaringiz bekor ketardi.
Bir necha yil mobaynida fakultetimiz Hadradagi besh qavatli katta bir imoratda faoliyat ko‘rsatdi. Bir vaqtlar uning yonida "Rodina" kinoteatri bo‘lardi. U 40-yilda qurib bitkazilgan, juda ko‘rkam, old tomonida baland-baland ustunlari bor, peshtoqlari ovrupocha imoratlarnikiga o‘xshatib ishlangan edi. Odamlar bu kinoteatrni juda yaxshi ko‘rar, unda har doim yangi filmlar namoyish etilar va hamisha gavjum bo‘lardi. Kunlarning birida to‘satdan kinoteatr yopildiyu uni ta’mir qila boshladilar.
Biz hayron bo‘ldik — kinoteatr yangi bo‘lsa, hali biror joyi darz ketmagan bo‘lsa, uning nimasini ta’mir qiladilar? Bunaqa narsani bizdan so‘rab o‘tirarmidi? Shunday qilib, ta’mir davom etaverdi. Biz yarim vayrona holga keltirilgan kinoteatr manzarasiga ko‘nikib ham qoldik. Sekin-asta bir yil o‘tdi, ikki yil o‘tdi, uch yil o‘tdi. Ta’mir esa sira oxiriga yetmaydi. "Nega bunday?" deb surishtirsak, bu yerda ta’mir bo‘layotgani yo‘q, Hamza nomidagi teatrga yangi bino qurilayotgan ekan. Hamza teatri chindan ham yangi binoga muhtoj edi, bu binoni chindan ham Hadra maydonining biror joyiga qurmoq darkor edi. Ammo nega endi kelib-kelib "Rodina" kinoteatrining o‘rniga qurmoq kerak? Nega yap-yangi, muhtasham, shaharga ko‘rk berib turgan bir binoni olib tashlab, uning o‘rniga butunlay boshqa bir binoni qo‘ndirmoq zarur? O’sha binoni boshqa joyga qursalar, Eskishahardagi muhtasham binolar soni bittaga ko‘payar edi-ku! Yana bir masala — Hamza teatrining yangi binosi qurib bitkazilguncha o‘tgan vaqt ichida "Rodina" kinoteatri ishlab turganda, bunaqa teatrlardan ikkita-uchtasini qurishga yetadigan daromad tushardi-ku! Nega buning hisobi qilinmadi? Bu tarixiy "ta’mirlash" siri keyin ayon bo‘ldi. O’sha kezlarda davlat har doimdagidek kamxarjroq bo‘lib qolgan ekan. Shunga ko‘ra har xil tomoshaxonalar qurishga mablag‘ bermay qo‘yibdi. Lekin ta’mirlash uchun har qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, berar ekan. Qaysi bir uddaburron kattamiz shundan foydalanibdiyu Hamza teatriga yangi bino kurishga mablag‘ undiribdi... Ruslar bunaqa ishni "afera" deydi. Afera — o‘g‘irlikning bir turi hisoblanadi. O’zbekchada buni "firibgarlik" deydilar. Firibgarlik ilgarigi jamiyatlarda uyat ish deb bilingan. Faqat bizdagina kommunistik partiya rahnamoligida xo‘jalik yuritishning barcha sohalarida qo‘llasa bo‘laveradigan oddiy ishlar qatoriga kirdi. Bunday firibgarliklar hammaning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lar, lekin hech kim bunga qarshi lom-mim deb og‘iz ochmas edi.
Har yili talabalar paxtaga — hasharga olib chiqilardi. Bunga hamma ko‘nikib qolgan, hatto har yili "Qachon paxtaga jo‘naymiz?" deb sabrsizlik bilan kutadiganlar ham bo‘lardi. Chunki paxtaga chiqishning o‘ziga yarasha nash’asi ham bo‘lardi. Ammo rejani bajarish kechiksa, talabalar yog‘in-sochinli kunlarga qolib ketsa, sovuq boshlanib qolsa yomon bo‘lardi. Ayniqsa, dekabr oyiga qolib ketsak, ahvol juda og‘irlashardi. Ertalablar — yer muzlagan, qahraton ayoz, kun iligandan keyin esa muzlar erib, hamma yoq bilch-bilch loyga aylanadi. Oyoqqa botmon-botmon loy ilashib, yurib bo‘lmaydi. Lekin sho‘rlik talabalar shunda ham dalani tark qilmaydi, ushuqdan ko‘karib ketgan panjalariga uhlay-uhlay terimda davom etadilar. Ba’zan esa paxta qolmagan bo‘ladi. Ammo rahbarlarimiz shunda ham daladan ketishga ruxsat bermaydi. Talaba ertalabdan kechgacha dalada bo‘lmog‘i kerak. Bolalar ichida kasal ko‘payadi, intizom bo‘shashadi. Lekin baribir ruxsat yo‘q.
Mashinalarda raykom kotiblari va boshqa kattalar izg‘ib yuradi.
— Qani, bu talabalarning rahbari kim?
— Men,— deyman botqoq daladan sudralib chiqib kattamizning oldiga borar ekanman.
— Nega terim sur’ati pasayib ketdi? Mana kechagi ma’lumotnomangiz, kishi boshiga yarim kilogrammdan ham tushmayapti. Bu qanaqasi bo‘ldi?
— Ko‘rib turibsiz-ku, dalada paxta qolmagan. Kun bo‘yi qirtishlaganda yarim kilo chiqmaydi. Umuman, bunday sharoitda talabalarni dalada tutishdan nima ma’no bor?
Kattamiz menga yeb yuborguday o‘qrayib qaraydi, rangi bo‘zaradi, ijirg‘anib deydi:
— Sizni kim rahbar qilib qo‘ygan? Partiyaning paxta siyosatini tushunmas ekansiz. Siz bilan boshqacha gaplashamiz!
Kattamiz ketganidan keyin ancha vaktgacha "partiyaning paxta siyosati"ni tushunib olishga tirishib miyamni ishlataman — miyalarim tors yorilib ketguday bo‘ladi. Bu tirishishlar oqibatida faqat bir narsani tushunib yetaman — qish dalasida paxta sira qolmagan bo‘lsa-da, kattalarimizga "paxta yo‘q" deb bo‘lmas ekan, ularga faqat "xo‘b bo‘ladi, bajaramiz!" deb turmog‘ingiz kerak ekan. Shundagina ularning qahr-g‘azabidan omon qolishingiz mumkin. Shunday qilib, halovatingizni saqlab qolish, behuda jazolarga mustahiq bo‘lmaslik uchun jinday yolg‘on suqilib kirdi, kerak bo‘lsa-bo‘lmasa undan "unumli" foydalana boshladik, hatto san’at sohasida ham boshdan-oyoq yolg‘onga asoslangan, yolg‘onga sajda qilib yaratilgan, yolg‘onni bayroq etgan asarlar paydo bo‘ldi. O’nlab-yuzlab misollar keltirish mumkin. Mana bittagina misol. Hamza haqidagi davomli filmni eslang. Nomi "Olovli yo‘llar" edi, shekilli. Hamza — qurolfurush, kurashchi, Rabindranat Thakurning do‘sti, Misr inqilobining tashkilotchilaridan va hokazo va hokazo. U inqilobchilik bobida shunaqa cho‘qqilarga ko‘tariladiki, hatto Leninni ham bir cho‘qishda qochiradigan darajaga yetadi. Nazarimda, bu filmning nomi "Hamza mavzuidagi xomxayollar" deb qo‘yilsa to‘g‘riroq bo‘larmidi? Qizig‘i shundaki, shunday film ham jamiyatda hech qanday e’tiroz tug‘dirmadi, aksincha, uning to‘g‘risida matbuotda ko‘pdan-ko‘p maktovli maqolalar e’lon qilindi. Filmni yasaganlar ham, uni tomosha qilganlar ham xijolat chekib, bir-birlaridan ko‘zlarini olib qochmadilar. Negaki, yolg‘on gapirish, yolg‘onga sajda qilish jamiyatda allaqachon odat tusiga kirib ketgan edi.
Jonajon partiyamning bag‘rida yurib kashf etgan haqiqatlarimdan biri shu bo‘ldiki, u tili boshqa, dili boshqa partiya ekan. Katta-katta majlislarning qarorlarida, tantanali yig‘inlarda, shiorlar va xitoblarda bir xil gap aytilardi-da, amaldagi ish unga sira to‘g‘ri kelmas edi. Masalan, partiyani aldash, unga yolg‘on gapirish eng og‘ir gunohlardan hisoblanardi, ammo partiya a’zosi har qadamda yolg‘on gapirmasa, boshiga falokat yog‘ilar, kuni o‘tmas edi. Deylik, o‘tmishda ota-bobolarimizdan birortasi ruhoniy yoki savdogarlik bilan shug‘ullangan badavlatroq odam bo‘lgan bo‘lsa, buni albatta yashirmoq darkor edi. To‘g‘risini aytib qo‘ysangiz, boshingiz malomatdan chiqmasdi. Nazarimda, partiyaga haqiqatni gapiradigan rostgo‘y va samimiy odamlar emas, balki kerakli gapni gapiradigan, rahbarlarga ma’qul gaplarni aytadigan, zarur fursatda har qanday yolg‘onni qo‘llashdan tap tortmaydigan chechan va uddaburronlar kerak edi. Keling, yaxshisi, men bir voqeani aytib beray, xulosani o‘zingiz chiqarib oling.
Bir domlamiz bo‘lardi — Tohiriy degan. Bu odam yaxshi ma’nodagi eski ziyolilardan edi. U kishi pedagogikadan dars berar, lektsiyani artistona mahorat bilan o‘qir, tom ma’noda qomusiy bilimlarga ega edi. Talabalar u kishini juda yoqtirar, ma’ruzalarini maroq bilan tinglar, tevaragidan sira odam arimasdi. Domla yoshi bir joyga yetib, ishni tark etar muddati yaqinlashganda partiyaga kirishni ixtiyor qilibdilar. Ancha yelib-yugurishlardan keyin hujjatlar tayyor bo‘lgan.
Kunlardan birida dorilfunun partkomining majlisida domlaning arizasi ko‘rildi. Odatdagidek, domla partiyaning dasturi va nizomini tan olishini aytdi, savollarga javob qaytardi. Majlis ahlidan kimdir hammani qiziqtirgan bir savolni o‘rtaga tashladi:
— Nega shu paytgacha partiyaga kirmay, qariganda bu ishga ahd qildingiz?
Domla sira kutilmagan bir javobni berdi:
— Shu paytgacha o‘zimni partiyaga noloyiq deb hisoblab keldim, negaki men yaqin-yaqingacha millatchi edim. Endigina shu illatdan qutuldim.
Birdan bomba portlaganday bo‘ldi — majlis ahlining ko‘pchiligi "millatchi" degan so‘zni eshitgan bo‘lsa ham, tirik millatchini ko‘rmagan edi. Umuman, bunday davrada "men millatchi edim-u, endi tuzaldim" degan gap ilgari yangramagan bo‘lsa kerak. Hamma hang-mang bo‘lib qoldi. Domlasi tushmagur, "Partiyani aldab bo‘lmaydi, uning qarshisida samimiy bo‘lmoq kerak" deb o‘ylab bor gapni oshkora aytdi-qo‘ydi. Aytdi-qo‘ydi-yu, lekin ishning pachavasini chiqardi — sobiq millatchini, albatta, partiyaga qabul qilmadilar. "Axir, u millatchiligidan xalos bo‘lgan-ku! Shunday bo‘lmasa, o‘tmishini bu qadar rostgo‘ylik bilan aytib o‘tirmasdi. Uni samimiyati uchun jazolamaylik" degan gaplar o‘tmadi. Keyin ancha vaktgacha xar xil partiyaviy yig‘inlarda sobiq millatchini partiyaga olishiga sal qolgani haqida gapirib, dorilfununga ta’na toshlarini yog‘dirib yurdilar.
Partiyaning ichki hayotida yolg‘on, aldov va g‘irromlikning avj olishi jamiyat hayotida ko‘pdan-ko‘p illatlarning tomir otishiga sabab bo‘ldi. Odamlar oshkora tilyog‘lamalik, qalb amriga qarshi borib, vijdonini yutib ish tutish va faqat o‘z manfaatini o‘ylab faoliyat ko‘rsatish kabi qusurlardan hazar qilmay qo‘ydilar.

* * *
Men nafaqat oliy o‘quv yurtida dars bergan pedagogman, ayni chog‘da tanqidchilik ham qilganman. Faoliyatimning ancha qismi Yozuvchilar uyushmasi bilan bog‘liq kechgan. Bu yerdagi katta-katta yig‘inlarda yozuvchi do‘stlarimning ikkiyuzlamachiligini, riyokorligini ko‘rib ko‘p iztiroblar chekkanman.
Bir kuni Yozuvchilar uyushmasida katta yig‘in bo‘ldi. Unda Pasternak degan rus yozuvchisining xiyonatkorona ishlarini qoralashimiz kerak edi. Boris Pasternak shoir va tarjimon edi. She’riyat muxlislarining aytishicha, u juda iste’dodli, o‘ziga xos, yaltoqilikdan uzoq shoir bo‘lgan. U o‘zbeklar o‘rtasida uncha mashhur emas edi. Va umuman, bu shoirning rasmiy doiralar bilan muomalasi chatoq bo‘lib, uni imkoni boricha sanoqqa qo‘shmaslikka, kitoblarini chiqarmaslikka, o‘zining borligini sezmaslikka harakat qilardilar. Shu odam "Doktor Jivago" degan roman yozibdi. Romanda inqilobni qoralabdi, oq gvardiyachilarni tuzukkina odam sifatida tasvirlabdi. Bunaqa asarning bizda nashr bo‘lishi mumkin emas edi — uni chet ellardagi allaqaysi burjua nashriyotlari bosib chiqaribdi, unga hatto Nobel mukofoti berilibdi. Shundan keyin adabiyot olamida katta hangomalar boshlandi. Partiyaning buyrug‘i bilan Moskvada taniqli yozuvchilardan bir guruhi Pasternakka ochiq xat yozib, uni vatanfurushlikda, g‘oyasizlikda, burjua mafkurasiga moyillikda aybladi. Nobel mukofotidan voz kechishga undadi.
Mamlakatdagi barcha respublikalar Yozuvchilar uyushmalarida uni qoralab yig‘inlar o‘tkazildi. Albatta, endi — bugungi kunda bunday yig‘inlar o‘tganining hech ajablanadigan joyi yo‘q deb qaraymiz. Zero, sho‘rolar zamonida qolipga sig‘magan yozuvchi hamma vaqt har xil yo‘llar bilan qoralanib kelgan. Meni lol qoldirgani boshqa narsa edi — bizning uyushmamizdagi yig‘inga bel bog‘lab kelganlar ichida Pasternakni biladigan odamlargina emas, umrida uning nomini eshitmagan zotlar ham "zo‘r hujum"ga shay turardi. Ular orasida "Doktor Jivago" romanini o‘qiganlar esa umuman yo‘q edi. Shunga qaramay, so‘zga chiqqanlar "Men "Doktor Jivago"ni o‘qigan emasman, lekin Pasternakni butunlay qoralayman, bunaqa xoinga sovet yozuvchilari safida o‘rin yo‘q!" deb hayqirdilar. Majlis Pasternakni yakdillik bilan qoraladi. Yozuvchilar, ya’ni xalq nazarida eng peshqadam, eng fikri ochiq, eng xalqparvar ziyolilar yig‘inida bir odam topilmadiki, "Ey birodarlar, asarni hech qaysimiz o‘qimagan bo‘lsak, gap nima to‘g‘rida borayotganidan bexabar bo‘lsak va umuman, Pasternakning o‘zini tuzukroq bilmasak, uning fikr-mulohazalarini eshitmagan bo‘lsak, qanday qilib uni qoralashimiz mumkin? Bu vijdonga, insofga xilof ish-ku!" desa...
O’shanda biz donolik bilan emas, johillik bilan Pasternakning yuziga tupurgan edik. Endi ayon bo‘lmokdaki, o‘shanda... Pasternakning emas, o‘zimizning basharamizga tuflagan ekanmiz.
Afsuski, partiyaning ichki hayotidan ham, umuman, o‘sha davrlardagi jamiyat hayotidan ham bunaqa misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ularning bari biz partiya rahbarligida sotsialistik jamiyat emas, allaqanday to‘nkarilgan teskari jamiyat qurganimizdan dalolat beradi. To‘g‘ri, hayotimiz avvalgidan birmuncha durust bo‘lib qolgan edi. Yeb-ichishimiz ham, yashash sharoitlarimiz ham xiyla epaqaga kelib qolgan edi. Biroq jamiyat hayotida yolg‘on-yashiqning kuchayishi, insoniy qadr-qimmatning kamayishi, haromxo‘rlik va nopoklikning avj olishi axloqni xarob etib, e’tiqodlarning tomirini qurita boshlagan edi.
Men onamni "aya" derdim. Ayam Qo‘qonning yonginasidagi Oxunqaynar qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan, so‘ng taqdir taqozosi bilan avval Qo‘qonga, keyin Toshkentga kelib qolgan. Ayam chamasi o‘n yilcha savdo sohasida mehnat qilganlaridan keyin — 1938 yilda partiyaga kirdilar. U kishi partiyaga chin yurakdan ixlosmand edilar. Ayolliklariga qaramay, u kishini tom ma’noda partiyaning soldati desa bo‘lardi. Partiya qaysi ishga, qanday lavozimga qo‘ymasin, ayam ularni gap-so‘zsiz, e’tirozsiz bajarar, partiyaning har bir topshirig‘ini sidqidildan ado etishga tirishar edi. Biz oilada to‘rt farzand edik; ochig‘ini aytganda, bolalikda ona mehriga to‘yganmizmi-yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Biz uyqudan turmasdan ayam ishga ketgan bo‘lar, kechqurun u kishi ishdan qaytganda biz uxlab qolardik. Shu alfozda yillar o‘tdi — biz ulg‘aydik, uyli-joyli bo‘ldik, ayam ham salkam yarim asrlik a’zolik stajiga ega bo‘lgan partiya faxriysiga aylandilar. Ammo bir kun kelib, keksalik kor qildimi yo ko‘p yillik "qadrdon" kasallari — diabet yengdimi, har holda ayam yotib qoldilar. Butun umri odamlar orasida — harakatda, faoliyatda o‘tgan odam yotib qolmasin ekan. Negaki, tashqi dunyodan uzilib, to‘rt devor ichiga qamalib qolishdan yomoni yo‘q. Biz — farzandlar, albatta, qo‘limizdan kelgancha ayamning ahvolini yengillatishga harakat qildik, lekin u kishi alam va iztiroblar ichida hayotdan ko‘z yumdilar. Keyin o‘ylab qarasam, u kishining umriga zavol bo‘lgan narsa faqat qand kasalining tajovuzlarigina emas ekan. Shak yo‘q, o‘lim haq! Ammo odamni qismatidan besh kun burun bu dunyo bilan vidolashuvga majbur qiladigan sabablar ham ko‘p ekan. Ayamning hadeganda tilga chiqavermaydigan allanechuk og‘ir pinhoniy bir dardi bor edi. Ko‘pincha ishdan qaytib, huzurlariga kirsam, ko‘zlari namiqqan, yuzlari tund bo‘lardi.
— Yana yig‘ladingizmi, aya?
— Yo‘q, bolam, nega yig‘lay? Shunchaki siqildim-da, — derdilar ayam shikasta ovozda.
Bir kuni o‘zlari yorildilar:
— Nega bunday-a, o‘g‘lim? Men ellik yillik umrimni partiyaga bag‘ishladim, sochimni supurgi, qo‘limni kosov etib, uning xizmatini qildim, endi esa partiya shiramni so‘rib olib, po‘stimni tuflab tashladi. Shuncha xizmatlarim qumga singib ketdimi?
Darhaqiqat, ayam yotib qolganlaridan keyin u kishi a’zo bo‘lgan tashkilot ayamni hisobdan chiqarib, mahalladagi maktabning partiya tashkilotiga kiritib qo‘ygan edi. Bu to‘g‘rida bir odam kelib xabar berib ketdi-yu, undan keyin boshqa hech kim kelmadi. Oradan oylar o‘tdi. Partiya a’zosi har oyda a’zolik badali to‘lab turmog‘i kerak. Bu — partiya a’zosi uchun so‘zsiz bajarilishi lozim bo‘lgan temir qonun edi. Agar uch oy a’zolik badali to‘lanmasa, u o‘z-o‘zidan partiyadan chiqib ketardi. Ayam shundan qattiq bezovta bo‘ldi va meni maktabga jo‘natdi.
— E, domla, shunga tashvish qilib yuribsizmi? — dedi kotib beg‘amgina ohangda. — Nafaqadagi odam bor-yo‘g‘i yigirma tiyin badal to‘laydi. O’zimiz to‘lab yuboryapmiz.
Ayamning kuyganicha bor edi — partiya o‘zining xastalikka uchrab, ishga yaramay qolgan a’zosidan butunlay yuz o‘girgan edi. Men esa u kishining alamli savoliga tuzukroq javob topib berolmay garang edim. Ha, bizning partiya uchun odam cho‘t emas edi — inson qadri haqida og‘izda ko‘p balandparvoz gaplar aytilsa-da, amalda zarur bo‘lib qolsa, u har qanday odamning bahridan o‘tib ketaverardi.
Oradan ko‘p o‘tmay shunga o‘xshash ko‘rgulik o‘zimning boshimga tushdi.
80-yillarning boshlarida odamlarga chorbog‘ tarqatish rasm bo‘ldi. Bir guruh yozuvchilar ham bu nasibadan quruq qolmadi. Ular orasida men ham bor edim. Rostini aytsam, menga bir shapaloq yer tekkaniga juda suyundim — odam yoshi o‘tib borgan sari yerga yaqinroq bo‘lishni xohlab qolarkan. To‘g‘ri, jinday uzoqligi bor — Toshkentdan o‘ttiz besh chaqirim keladi. Nima qipti, yigirma yildan beri gijinglatib minib yurgan mashinam bor, har qanday uzog‘imni yaqin qiladi.
Yer tashlandiq, zarang ekan, tuprog‘i sho‘x. Bunisini ham eplaymiz. Joyimiz do‘ngroq ekan — suv chiqishi qiyin. Bu ham shashtimizni qaytara olmadi. Ammo ishni biror boshpana barpo etishdan boshlamoq kerak edi. Butun oila a’zolarimiz bahamjihat ishga kirishdik. Qurilish materiallari topish qiyin edi, ularni topsangiz, mashina topilmaydi, mashina topilsa, sabil qolgur pul topilmay xunob qiladi. Harqalay, yoru do‘stlar, oshna-og‘aynilar jonga ora kirdilar. O’sha yili yozi bilan har kuni chorbog‘da hashar bo‘ldi va bu hasharlarda ishtirok etmagan bironta yosh ijodkor yoxud shogird qolmadi. Xullas, imoratni ko‘pchiliklashib tiklab oldik. Lekin uning pardozdan chiqib uzil-kesil bitishiga hali uch-to‘rt qovun pishig‘i bor edi. Shapaloqdek yerni epaqaga keltirish, boshpana bo‘ladigan mo‘‘jazgina bir kulbani bitirib olish bunaqa qiyin bo‘lishini bilganimda, chorbog‘ deganini sira ham havas qilmagan bo‘lardim. Ammo na iloj — boshlagan ishni oxiriga yetkazish kerak.
Shu ahvolda kunlar o‘tib turardi, kunlardan birida gazetada "Chorbog‘chilar" degan feleton chiqib qoldi. Qarasam, uch-to‘rt kishi qatorida mening ham familiyam bor. Feletonchisi tushmagur rosa boplabdi — uning gapiga qarasa, menday rasvo, menday boylikka ruju qo‘ygan maxluq yo‘q, nafsim hakalak otib, ikki qavatli shohona qasr qurib olibman. Yo tavbangdan ketay, yolg‘on ham evi bilan-da... Ammo partiya tashkiloti uchun matbuotda chiqqan material jiddiy signal hisoblanardi. Asosiy mashmashalar feleton chiqqanidan keyin boshlandi — partiya majlisida masalam ko‘rildi, ketma-ket partkomu raykomlarga chaqirildim, izohnomalar, tushuntirish xatlari yozdim. Nihoyat, mendan uyning ikkinchi qavatini buzib tashlash talab qilindi. Yaxshimi, yomonmi, o‘z qo‘ling bilan barpo etgan narsani buzish juda og‘ir bo‘lar ekan. "Tayyor bitgan imoratni nega buzmoq kerak, undan ko‘ra uni olinglar, bolalar bog‘chasi qilasizlar", dedim. "Yo‘q", dedilar. "Bo‘lmasa, bolaxona qurganim uchun jarima to‘lay, loaqal yo‘limizni asfalt qilishga xarjlarsizlar", dedim. "Yo‘q", dedilar. "Buzing, bo‘lmasa, partiyadan o‘chiramiz". Men, albatta, partiyadan o‘chishni istamas edim. "Mayli, buzaman. Loaqal, yozgacha ruxsat beringlar", dedim. "Yo‘q!" Bahorning iliq kunlaridan birida uch-to‘rt kishi bo‘lib bolaxonani qo‘porib tashladik. Lekin tomni yopolmadik. Keyin yog‘ingarchilik boshlandi. Aksiga olib, o‘sha yili bahor juda seryog‘in bo‘ldi. Yozgacha imoratning bari sho‘ralab, shuvoqlari ko‘chib tushdi, devorlari ham uqalanib yaroqsiz holga keldi. Uch oy oldin bejirimgina turgan imorat bomba tushgan vayronaga aylandi-qoldi.
O’sha paytdagi iztiroblarimni eslasam, hozir ham kuyib-o‘rtanib ketaman. Chorbog‘ degan narsadan butkul ko‘nglim sovidi. Har gal o‘sha vayronani ko‘rganda chalasiga o‘zim o‘t qo‘yib yuborgim keladi. Lekin bundan ham yomonroq alam qilgani boshqa narsa bo‘ldi. Qanday gunohim bor ediki, meni shunchalar badnom qildilar? O’g‘rilik qilgan bo‘lmasam, birovning haqini yemagan bo‘lsam, chorbog‘ni qurib, daromad manbaiga aylantirgan bo‘lmasam? Axir, mening yoshimdagi donoroq do‘stlarim sira jonlarini koyitmay, hatto oylik ijara haqini to‘lamay, hukumat qurib bergan hashamatli chorbog‘larda yashayapti-ku! Men bo‘lsam, hukumatni chiqimdor qilmay deb hammasini o‘z mehnatim bilan qurib yuribman. Va rahmat eshitish o‘rniga yana feleton bo‘lib o‘tirsam! Meni elu yurt oldida badnom qilsalar! Axir, odamlar nazarida jinday obro‘ga ega bo‘lsam, men buni yillar mobaynida halol mehnatim, to‘g‘riligim evaziga misqollab to‘plagan edim. Mening obro‘yim men a’zo bo‘lgan partiyaning obro‘yi emasmidi? Nega partiya meni bu adolatsizlikdan himoya qilmadi? Demak, unga mening obro‘yim ham, o‘zim ham kerak emas ekanman-da! O’shanda men bu savollarning birontasiga javob topganim yo‘q. O’ylashlar oqibatida afsusu nadomatlarga to‘liq yana bir xitob tug‘ildi, xolos: "Bu dunyo bunchalar telba-teskari bo‘lmasa?!"
Albatta, bunaqa xo‘rliklar va nohaqliklarga dosh berish qiyin edi. O’ylay-o‘ylay bir narsadan tasalli topdim — bunaqa ishlar hayotimizda yangilik emas-ku! Sen-ku partiyaning bir oddiy a’zosisan, sendan yuz chandon katta odamlar, tom ma’nodagi ulug‘ odamlar ham bunaqa teskari qismatdan bena-sib qolmaganlar-ku! Ularning ham hech qanaqa gunohlari yo‘q edi.
Shunday deb o‘ylaganimda ulug‘ inson va ulug‘ olim Habib Abdullaevning qismati ko‘z oldimda gavdalanardi. Dunyoga dong‘i ketgan olim. Oltin topishning samarali yo‘llarini kashf etgan; u topgan konlardan million-million daromad ko‘rilgan va hozir ham ko‘rilmokda. Uning rahbarligida Fanlar akademiyasi ham beqiyos o‘sdi. Bunaqa olim yuz yilda bir tug‘iladi, millat u bilan har qancha faxrlansa arziydi. Bunday olim xorijiy mamlakatlardan birontasida yashaganida, shubhasiz, juda katta izzat-ikrom ko‘rgan va farovon hayot kechirgan bo‘lardi. Ammo shunday odam ellik yoshga kirib-kirmay olamdan o‘tdi. Ha, umri qisqa ekan. Ammo uning umrini qisqa qilishga o‘zimiz ham ancha-muncha hissa qo‘shdik-ku! O’zining halol puliga anchayin imorat qurgani uchun uni badnom qilgan, tuproqqa qorishtirgan o‘zimiz edik-ku! Go‘yo bir tomonda sonmingta Habib Abdullaev qalashib yotibdiyu bunisini uloqtirib tashlab, o‘rniga yangisini qo‘yib qo‘yish mumkinday. Olim tevaragida g‘iybat qozoni qaynab yotganda partiyadan "Hoy birodarlar, bir katta olim durustroq uy qurib olgan bo‘lsa nima bo‘libdi? Bu o‘zimizga obro‘ olib keladi" degan sado chiqmadi-ku!
Yo‘q, arzimagan "gunohlar" bahonasida odamlarni yomonotliq qilish, burnini yerga ishqab, qanotini qayirib olish partiyaning sevimli ishlaridan edi. Har xil yo‘llar bilan odamni xo‘rlash, tahqirlash va shu tarzda "popugini pasaytirib" qo‘yish bizning hayotimizda oddiy ish bo‘lib qolgan edi.
Shu gaplarni yozyapmanu ko‘z o‘ngimda ulug‘ san’atkorimiz Shukur Burhonovning nuroniy siymosi gavdalanadi. O’ylaymanki, yurtimizda bironta odamga uning kimligini tushuntirishga hojat bo‘lmasa kerak. Shukur Burhonov betob kunlardan birida uning ishtirokisiz, orqasidan majlis qilibdilar-da, ishdan bo‘shatib, "patta"sini uyiga eltib beribdilar. Holbuki, san’atkorning butun umri shu teatrda o‘tgan, u hayotini teatrdan tashqarida tasavvur ham qilolmasdi. Buni qanday tushunib, qanday izohlash mumkin? Har qancha uzrli sabablar ro‘kach qilinmasin, ular Shukur Burhonni teatrdan quvgan odamlarning bag‘ritoshligini oqlay olarmikan? Axir, biz bag‘rikeng, sersaxovat, mehridaryo xalq sifatida tanilgan edik-ku! Dini islom, musulmon axloqi asrlar mobaynida bizga odamiylikni, rahmdillikni, shafqatni singdirib kelgan edi. Nega endi bugunga kelib shu qadar mehrsiz va bag‘ritosh bo‘lib qoldik? Yaqinlarimizga qancha ko‘p ozor yetkazsak, shuncha ko‘proq huzurlanamiz. Bu illat bizga qachon, qanday yopishgan? Sho‘rolar zamonida keng tomir yoygan insonga loqayd qarash, uni qadrlamaslik shunday oqibatlarga olib kelmadimi?
Albatta, bu mulohazalar kimgadir ma’qul bo‘lmasligi, kimdadir e’tiroz tug‘dirishi mumkin. Kimdir "Mubolag‘a ham evi bilan-da! Uch-to‘rtta hodisani sanab, shundan insonga loqayd qarash partiya amaliyotining umumiy tamoyili bo‘lgan deyish mumkinmi?" deb o‘ylayotgandir ham. Bunga nima deb javob bersa bo‘ladi? Mening gaplarimda mubolag‘a yo‘q, birodarlar. Sizlarni bunga yana bir bor amin qilmoq uchun quyidagi dalilni keltiraman. Sizlar, albatta, Dinmuhammad Qo‘naev haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. U katta-katta kashfiyotlar qilgan atoqli geolog olim edi. Ammo keng xalq ommasiga geolog bo‘lib emas, yirik davlat arbobi va dongdor partiya xodimi sifatida ko‘proq tanilgan edi. Qo‘naev qirq yildan ziyodroq rahbarlik lavozimlarida ishladi, shundan yigirma bir yil mobaynida partiya Markaziy Komiteti Siyosiy Byurosiga a’zo bo‘ldi. Albatta, bu odam partiyaning ichki hayotini yaxshi bilgan, uning bu borada aytgan gaplarini sira shubha tug‘dirmaydigan dalil tarzida qabul qilsa bo‘ladi. Yaqinda Almatida uning "Mening davrim to‘g‘risida" degan xotiralar kitobi chiqdi. Unda shunday satrlar bor: "Sen hokimiyat kursisida o‘tirgan bo‘lsang, hurmatga sazovor, munosib odamsan. Mansabdan ketishing bilan seni ertasigayoq unutib yuboradilar. Ko‘p hollarda esa mening ahvolimga tushasan — yangi chiqqan rahbarning qutqusi bilan mening ustimga har xil bo‘lar-bo‘lmas ayblar to‘nkadilar va o‘zimni oqlagani biron og‘iz gap aytishga mutlaqo imkon bermadilar."
Qo‘naevning boshiga tushgan mojarolar partiya o‘z a’zolarini qanday "qadrlagan"ini yaqqol ko‘rsatadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas edi. Kommunistik partiya rahbarlari og‘izda gumanistik aqidalarni alqagan bo‘lsalar-da, amalda odamlarga o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida bir vosita deb qaraganlar. Shuning uchun kommunistik jamiyat qurish yoki uni himoya qilish yo‘lida million-million odamlarni qurbon qilib yuboraverganlar. Ular bu qilmishlarini oqlash uchun maxsus nazariyalar ham to‘qib chiqarganlar.
"Odamlar davlat mashinasining murvatlari va parraklaridir" degan edi Stalin. Buyuk dohiy yana bir joyda: "Bizda almashtirib bo‘lmaydigan odam yo‘q!" degan shiorni oldinga surgan edi. Bugunga kelib bu gaplar naqadar aksil-insoniy mazmunga ega ekani ayon bo‘ldi. Axir, bu dunyoda insondan buyukroq, insondan mo‘‘jizaviyroq jonzot yo‘q! Insonning chiqiti bo‘lmaydi, uning biri — tosh, biri — gul. O’z o‘rnida ikkovi ham kerak. Ammo kommunistik partiya inson taqdiri haqida gap ketganda bu aqidani butkul unutar edi.
Qars ikki qo‘ldan degan gap bor. Partiyaki o‘z a’zosini qadrlamasa, a’zolar o‘z partiyasini nechuk qadrlasin?
Men nafaqat munaqqid va adabiyotshunosman, balki muntazam ravishda tarjimachilik bilan ham shug‘ullanganman. Tarjima qilgan asarlarim orasida Leninga bag‘ishlanganlari ko‘p. U paytlarda men Lenin haqidagi ocherk va hikoyalar, qissalar va romanlarni o‘zbek kitobxoniga yetkazishni juda muhim ish deb hisoblardim. O’zbek yoshlari bu kitoblarni o‘qib dohiydan ibrat olsa, unga o‘xshagan barkamol bo‘lishga harakat qilsa qanday yaxshi! U kezlarda ko‘pgina sovet kishilari kabi Leninni parvardigordek benuqson deb bilardim. Jinday tili chuchukligini aytmasa, boshqa aybi yo‘q edi. 20-yillardayoq matbuot sahifalarida "Lenin payg‘ambarmi, yo‘qmi?" degan mavzuda juda jiddiy bahs o‘tgan. Har holda, uning butun dunyo mehnatkashlarining dohiysi ekaniga sovet kishilarida zarracha shubha yo‘q edi. Lekin bir gal menda allanechuk gumon paydo bo‘lgan.
O’shanda men birinchi marta xorijiy safarga chiqib, Misrga borgan edim. Safar davomida misrlik oddiy odamlar bilan muloqotda bo‘lishga harakat qildim. Leninning tasviri zarblangan nishonlardan ancha-muncha olib olgan edim. Misrliklar nishonlarni bajonu dil olishdi, u yoq-bu yog‘ini aylantirib tomosha qilishdi, so‘ng rasmni ko‘rsatib "Bu kim?" deb so‘rashdi. Qiziq-a, ular mehnatkash bo‘laturib, o‘z dohiylarini tanimadilar. "Bu — Lenin" deyman ranjiganimni bildirmaslikka tirishib. Ular esa menga baqrayib turaveradilar. "Lenin kim?" deb so‘raydilar. Keyin-keyin bildimki, xorijda Leninning shuhrati unchalik emas ekan, u yerdagi odamlar Leninsiz ham binoyidek kunlarini ko‘rib turar ekanlar. Bizning nazarimizda esa, Lenin bo‘lmasa, yer yuzida hayot to‘xtab qoladiganday edi. Mabodo, olamda biron mangu turadigan narsa bo‘lsa, bu — Lenin bo‘lmog‘i kerak edi.
Keyin oshkoralik va qayta qurish boshlandi. Ilgari yashirib kelingan haqiqatlar yuzaga chiqa boshladi. Ko‘zimiz ochildi. Lekin... Shu o‘rinda Cho‘lponning bir bayti esga tushadi:
Nechun ochildi ko‘zim, qayga ketdi uyqularim?
Bu uyg‘onishda to‘lib-toshdi, oshdi qayg‘ularim.

Ko‘zimiz ochilib ko‘rdikki, Lenin bobo ham o‘zimiz qatori ekanlar, ko‘pda benuqson emas, aksincha, ancha-muncha jinoyatlarga qo‘l urishdan qaytmagan, ancha-muncha odamning hayotiga zomin ham bo‘lgan ekanlar. Lenin bobo ham nafs balosiga giriftor bo‘lgan osiy bandalardan ekanlar, faqat yeb-ichish, molu dunyo orttirish kasaliga emas, butun dunyoni o‘z bichimiga moslab qayta qurish dardiga mubtalo bo‘lgan ekanlar. U kishi faoliyat maydoniga kirib kelishlari bilanoq Arximedning mashhur gapini o‘z manfaatlariga moslab, "Menga tayanch nuqtasini bering, butun dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilaman!" deb hayqirgan edilar. Keyin partiyani o‘zlari uchun shunaqa tayanch nuqtasi qilib oldilar, partiya a’zolari va partiyaga a’zo bo‘lmagan oddiy odamlarni o‘zlarining xomxayollarini ro‘yobga chiqarishda vosita deb bildilar. Bu g‘aroyib hodisani idrok et-moqchi bo‘lib harchand urinaman, lekin tagiga yetolmayman. Qandoq bo‘ldiki, Rossiya imperiyasidek katta bir mamlakat bir hovuch nayrangbozning tuzog‘iga ilindi? Nechuk es-hushi joyida, aqli raso million-million odamlar bolsheviklar to‘qigan afsonalarga chippa-chin ishondi? O’tmish haqida qancha ko‘p o‘ylasam, bunaqa savollar shuncha ko‘proq paydo bo‘ladi.
Ammo biz savol berib o‘rganmagan edik. Negaki savol bermoq uchun odam sinchkov bo‘lmog‘i, har narsaning tagiga yetishga tirishmog‘i kerak, fikrlaydigan odam bo‘lmog‘i shart. Biz ayni shu fikrlash masalasida oqsar edik, yuqoridan aytilgan yoxud matbuotda yozilgan har qanday gapni tahlil chig‘irig‘idan o‘tkazmay, haqiqat deb qabul qilishga ko‘nikib qolgan edik. Buning natijasida har xil yolg‘on-yashiqlar, bo‘lar-bo‘lmas afsonalar ongimizga singdirilardi. Har kuni takror-takror aytaverganidan keyin yolg‘on ham rostga o‘xshab qolar ekan. Gap quruq bo‘lmasin, bir-ikkita misol keltiray.
Ko‘p yillar mobaynida "Ulug‘ Oktyabr inqilobi insoniyat tarixida yangi davr ochdi" degan ibora bizning "bismillo"miz bo‘lgan. Har bir ma’ruzada, har bir maqolada, har bir kitobda bu gap qayta-qayta ta’kidlanar, qayta-qayta quloqqa quyilar edi. Lekin hech kim "1917 yil oktyabrida o‘zi inqilob bo‘lganmi yoxud shunchaki davlat to‘ntarishimi? Yo bir hovuch sarguzashttalab unsurlar uyushtirgan fitnamidi u? To‘ntarish yoki fitna bo‘lsa, uni "ulug‘" deb bo‘ladimi? Bu to‘ntarish ochgan "yangi davr" nimalarda aks etadi?" degan savollarni bermas edi.
Ko‘p kitoblarda O’zbekistondagi fuqarolar urushi haqida gap ketganda "Farg‘ona vodiysida shonli askarlarimiz yuz ming bosmachini qirib tashladi" deb yozilardi. Buni o‘qib, "O’, frunzening shovvozlari-ey! Rosa bosmachilarning ta’zirini bergan ekan-da" deb yuraverganmiz. Holbuki, jinday fikr yuritilsa, jinday tahlil qilinsa, bu safsataning misi chiqadi: ajabo, yuz ming bosmachi qirilgan bo‘lsa, tirik qolgani qancha ekan? Boring, ana, bosmachilarning beshdan biri qirilgan bo‘lsin. Unda qo‘lda qurol bilan sho‘rolarga qarshi kurashgan bosmachilar 500 ming kishini tashkil qiladi-ku! Vodiy aholisining hammasi oyoqqa turgan ekan-da! Unday bo‘lsa, butun xalqni "bosmachi" deb bo‘ladimi? Sho‘ro hukumati ham xalqning xohish-irodasiga qarshi o‘rnatilgan ekan-da?!
Fikrlashdan qochish, "och qornim — tinch qulog‘im" falsafasi odamni loqayd qiladi. Firqa arboblari esa bundan foydalanib, ommani o‘zlarining nog‘orasiga istagancha o‘ynataveradilar. Hech kim ularning mushugini "pisht" deyishga jur’at qilolmay qoladi.
Qayta qurish avj olgan kezlarda Satin degan bir kimsani allaqaerdan topib kelib, Toshkent shahar partiya qo‘mitasiga kotib qilib qo‘ydilar. Bu zotning o‘zbeklarda qasdi bor ekanmi, har qalay, ko‘p odamni qiyratdi. U odamni ayblaganda da’volarni qalashtirib tashlar, lekin dalil-isbotini o‘ylab ham o‘tirmas edi. Bir kun katta bir yig‘inda Toshkent dorilfununini millatchilik uyasi sifatida ta’rifladi va buning daliliga "Talabalarning 50 foizi o‘zbek ekan" degan gapni aytdi. Na o‘sha majlisda, na yig‘indan keyin bironta odam chiqib, "Dorilfunun talabalarining yarmi o‘zbek bo‘lsa, juda oz ekan, axir, dorilfunun boshidanoq mahalliy millat bolalariga oliy ta’lim berish maqsadida tuzilgan" degan gapni aytmadi. Shu tarzda Satin ham millatchilarni fosh qilish ishiga munosib hissasini qo‘shdi.
Qayta qurish davri ko‘p davom etgani yo‘q. Ammo besh-olti yillik qisqa muddat mobaynida nafaqat Lenin to‘g‘risida, balki partiyaning boshqa dohiylari to‘g‘risida, partiyaning o‘zi haqida shunaqa haqiqatlar ochilib ketdiki, ular e’tiqodimizning qolgan-qutganini ham barbod etdi. Bu davrda e’lon qilingan hujjatlarda jinoyatkorlar bir to‘da ekani, yetmish yil mobaynida dunyoning oltidan bir qismini yovuzlik saltanatiga aylantirgani, odamlarni iymon va vijdondan, faollik va halollikdan mahrum etgani uzil-kesil isbot qilindi. Partiya quladi. U yelga uchragan tutunday g‘oyib bo‘ldi. Undan xotira sifatida mamlakat tarixida sira bitmas bir yara bo‘lib qora o‘pqon qoldi. Partiya quladi-yu, uning xarobalari ostida millionlab oddiy partiya a’zolari qoldi. Men shulardan biri edim. Men partiya asoratidan qutuldim — endilikda bo‘lar-bo‘lmas majlislarda soatlab qadalib o‘tirishlarga, hisobot berishlarga, yolg‘on gapirishlarga, o‘zimda yo‘q fazilatlarni sotishga, riyokorlikka hojat qolmadi. Ammo bu — o‘ttiz yil mobaynida vujudimga singib ketgan partiyaviy illatlarning qo‘lansa bo‘yidan butkul xalos bo‘ldim degan ma’noni bildirmaydi. O’ttiz yil davomida ko‘nglimga jo bo‘lgan, ongimga o‘rnashib olgan og‘ular hamon fikrimni zaharlashda davom etmoqda. Partiya safida o‘tgan o‘ttiz yillik umrimni sarhisob qilib, "Nima orttirdimu nimalardan mahrum bo‘ldim?" degan savolni qo‘ysam, orttirganim bir hovuch bo‘lsa, yo‘qotganim tog‘day beqiyos!
Men partiyaga juda katta orzu-umidlar bylan kirgan edim. Maqsadim —mansab emas, imtiyozlar emas, balki maslakdosh do‘stlar bilan birgalikda ulug‘ ishlarni amalga oshirish, ma’naviyat yuksakliklarida parvoz qilish, inson degan nomga dog‘ tushirmay yashash edi. Ming afsuski, bu orzular ushalmadi. Aksincha, partiya safida yurib, jinday riyokor, jinday aldamchi, jinday ikkiyuzlamachi bo‘lib qoldim, mehnat qilish o‘rniga o‘zimni mehnat qilayotganday qilib ko‘rsatishni o‘rgandim, safsatabozlikka, ko‘zbo‘yamachilikka ko‘nikdim.
Oskar Uayld degan ingliz yozuvchisining "Dorian Greyning portreti" degan ajoyib romani bor. Roman qahramoni Dorian Grey — bo‘y-basti kelishgan, har qanday qiz bir ko‘rsa oshiqu beqaror bo‘lib qoladigan barkamol yigit. U mustaqil hayotga endi qadam qo‘yar ekan, Iblis bilan uchrashadi; Iblis uning iymoni evaziga to vafotiga qadar butun navqironligi va jozibadorligini saqlab qolishni va’da qiladi. Dorian rozi bo‘ladi — umrini ayshu ishratda, huzur-halovatda o‘tkazadi, sira qarimaydi — umrining oxirigacha yoshlikdagi barkamolligini saqlab qoladi. Nihoyat, vaqt-soati yetib, olamdan o‘tadi. U o‘lim to‘shagida yotar ekan, ko‘z o‘ngida yillar davomida shakllangan: haqiqiy qiyofasi namoyon bo‘ladi. Bu qiyofa odamni jirkantiradigan darajada xunuk - peshonalar tirishgan, ko‘zlar chaqchaygan, pastki lablar osilib tushgan, so‘yloq tishlar yirtqich hayvonnikidek turtib chiqqan... Huzur-halovat, rohat-farog‘at, maishatning bahosi bu...
Dorian Greyning o‘lim to‘shagida namoyon bo‘lgan asl qiyofasi — iymonsizlik va ma’naviyatsizlikning qiyofasi. Men partiya saflarida kechirgan hayotimga yakun yasamoqchi bo‘lsam, har gal Dorian Greyning asl qiyofasi ko‘z oldimda gavdalanaveradi. Partiyaning soxta talablari, shafqatsizligi, g‘ayriinsoniyligi meni ikkiyuzlamachi, riyokor qildi, iymondan mahrum etdi, qing‘ir yo‘llarga boshladi. Shundoq ekan, nechuk men bunday partiyadan kechmay? Nechuk e’tiqodimni o‘zgartirmay? Buning uchun mendan hazar qilish kerakmi? Aksincha, meni va menga o‘xshash boshqa millionlarni shu ko‘yga solgan partiyadan hazar qilmoq kerak emasmi? Ha, ko‘zlar juda kechikib ochildi, aql kechikib kirdi. Lekin men kechikib bo‘lsa ham ko‘zim ochilganiga shukrlar qilaman.
Kompartiya tarqab ketganidan keyin yangi partiyalar tuzildi. Meni ham ular safiga kirishga taklif qildilar. "Meni qo‘yinglar, birodarlar,— deb javob berdim. — Keling, endi bu yog‘iga adashsam, o‘zim adashay, o‘zim tuzatay va o‘zim javob beray". Mendan so‘rashlari mumkin — xo‘p, kommunistik e’tiqoddan voz kechibsiz, boshqa partiyalardan bosh tortibsiz, endi e’tiqodsiz yashamoqchimisiz? Nega endi e’tiqodsiz yashar ekanman? Aksincha, bugun iymonim butroq, e’tiqodim mustahkamroq bo‘lib qoldi. Bugun men umumbashariy qadriyatlarga, yaxshilikka, halollikka, diyonat va insofga e’tiqod qo‘ydim. Mening baxtimga, menga o‘xshagan millionlarning baxtiga jonajon yurtimiz boshida mustaqillik bayrog‘i hilpiray boshladi. Mustaqillik bizga erkinlik olib keldi va shu bilan birga, har birimizga yuksak mas’uliyatlar yukladi. Endi biz teranroq va dadilroq fikrlaydigan bo‘lmog‘imiz kerak, ma’naviyatimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur. Biz yangi, mustahkam va yuksak iymonga ega bo‘lmog‘imiz darkor. Yangi iymonga ega bo‘lmoq uchun esa butunlay poklanmoq shart. Buning uchun qolgan umr yetib bersa, bas!

"Tafakkur" jurnalining 1997 yil 10-sonidan olindi.

 
« Oldingi   Keyingi »

Tabriknoma yo'llang
Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 80525845

Yandex