OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Jon Maksvell Kutzee – adabiyot sohasida 2003 yil Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Janubiy Afrikaga borib qolgan gollandiyaliklar oilasida 1940 yili tug‘ilgan. Keyptaun universitetining matematika fakultetini bitirib, Angliyaga, keyin AQShga boradi. U yerda adabiyot professori bo‘lib ishlaydi. AQShda 10 yil bo‘lib, Keyptaunga qaytadi va bu yerda 2003 yilgacha yashaydi.
Ko‘p yillar vatanidan uzoqda bo‘lsa ham yozganlari nuqul Janubiy Afrika haqida. Yurtdoshi, 1991 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Nadin Gordimer singari aparteidga qarshi kurashmagan, ijodkor sifatida kuzatgan, xolos. Avtobiografik kitoblarida yozishicha, tevaragidagi tarang ijtimoiy vaziyatlarni bolalik paytlaridayoq sezgan, «xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar»ni ko‘rgan. Ikki irqning to‘qnashuvi sababli tug‘ilib o‘sgan yurti yomonotliq bo‘lganini, ikkala tomon ham bag‘ritoshlikda bir-biridan qolishmaydigan harakatlar qilganini yozadi.
Ko‘zga ko‘ringan romanlari: «Varvarlarni kutib», «Mikael K.ning hayoti», «Sankt-Peterburglik mohir», «Sharmandalik», «Elizabet Kostello».
«Sankt-Peterburglik mohir» romanida F.M.Dostoyevskiyni bosh qahramon qilib tasvirlagan. Nobel qo‘mitasi J.M.Kutzee ijodiga quyidagicha baho bergan: «Puxta o‘ylangan kompozitsiya, boy dialoglar va analitik mohirlik Kutzee romanlariga xos. Ayni paytda, u hamma narsani shubha ostiga oladi, g‘arb tamaddunining qahri qattiq ratsionalizmi va sun’iy axloqini ayovsiz tanqid qiladi. U – intellektual halol; to‘g‘ri va noto‘g‘rini ajratib olish, tanlash azoblari, harakat va beparvolik muammolari haqida fikr yuritadi».

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.