Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929)

17.12.2018 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Ochko'z kishida hayo, muruvvat qilmagan odamda din, aqllida faqrlik, yolg'onchida izzat, baxlda rohat, qanoatli kishida g'am bo'lmas.
Hazrati Ali r.a.
 
 

Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929) Chop etish uchun E-mailga yuborish
http://www.ziyouz.com/rasmlar/poets/hamza.jpgHamza Hakimzoda Niyoziy (1889.6.3, Qo‘qon — 1929.18.8, Farg‘ona viloyati Shohimardon qishlog‘i) — shoir, yozuvchi, pedagog, teatr arbobi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1926). Solkashon mahallasidagi eski maktab va madrasada (1896—1906), keyin qisqa muddat Namangan madrasasida (1908) tahsil ko‘rgan. 1909 yilda Kogonda matbaada ishlagan. So‘ngra Toshkentga kelib, usuli jadid maktablarining o‘quv dasturi bilan tanishgan va shunday maktablarni dastlab Qashqardarvoza mahallasida (1910), keyin Qo‘qon shahrining Hojibek guzarida (1911) va Marg‘ilonda (1914) ochgan. Hamza keyingi hayoti va faoliyati davomida qisqa muddat Qo‘qondagi rus-tuzem maktabida o‘qituvchi, «Sho‘roi islom» tashkilotining ozuqa sho‘‘basida mirza, «Kengash» va «Hurriyat» jurnallarida muharrir (1917), Farg‘ona viloyati madaniy-maorif bo‘limida xodim (1918), Turkiston fronti siyosiy boshqarmasi ixtiyoridagi O‘lka musulmon siyosiy truppasida rejissyor (1919), «Dor ush-shafaqa» maktabida mudir (1920), Buxoro viloyati maorif va harbiy targ‘ibot-tashviqot sho‘‘basi qoshidagi teatr truppasida rahbar (1921), Xorazm viloyatidagi kasaba soyuzlarining madaniy-ma’rifiy muassasalarida mudir (1921—24), Farg‘ona maorif qo‘mitasi qaramog‘idagi ong-bilim sho‘‘basida mudir o‘rinbosari (1924) singari turli lavozimlarda xizmat qilgan. 1926 yildan erkin ijod bilan shug‘ullangan. Ammo rahbar idoralarning topshirig‘i bilan 1928 yil avgustdan Shohimardonda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borgan va so‘nggi safari chog‘ida halok bo‘lgan.
Hamzaning adabiy ijodi 1905—06 yillarda boshlangan. Hamza 1908 yil qo‘shni o‘lkalarda nashr etilgan ilg‘or gazetalar va ulardagi taraqqiyparvarlik g‘oyalari bilan tanishgan. Ma’rifatli kishilar ta’sirida «milliy she’rlar» yoza boshlagan. Hamza shu yili «eski podsholar turmushidan» olingan «Haqiqat kimda?» degan «roman» ham yozgan (bu asar o‘sha vaqtdayoq yo‘qolgan). Hamza 1905 yildan mumtoz shoirlarga ergashgan holda g‘azallar yoza boshlagan. 1914 yilda tartib berilgan qo‘lyozma devoniga shoirning 1905—14 yillarda «Nihoniy» taxallusi bilan yozgan 214 ta she’ri kiritilgan.
1908—10 yillarda Hamza adabiy va ijtimoiy faoliyatini jadidchilik harakati bilan uzviy bog‘lagan. Hamza yangi usuldagi maktablar ochish va bu maktablar uchun yangi tipdagi o‘quv qo‘llanmalari yaratish yo‘li bilan xalqni ma’rifatlashtirish maqsadida Qo‘qon va Marg‘ilonda ochgan maktab o‘quvchilari uchun «Yengil adabiyot», «O‘qish kitobi» (1914) va «Qiroat kitobi» (1915) o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlagan.
Hamza katta yoshdagi kishilar uchun «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi» umumiy nomi ostida «gul» to‘plamlarini e’lon qilgan (1915—19). Hamza mazkur majmualari (8 bo‘limdan iborat) bilan o‘zbek she’riyatiga yangi mazmun va yangi g‘oyalar olib kirgan va, ayniqsa, jadid adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Hamza ijodining mazkur 2-davrida nasr va dramaturgiya sohasida ham jiddiy izlanishlar olib borgan. Uning «Yangi saodat» (1914, nashri — 1915) asari ayrim olimlar tomonidan o‘zbek adabiyotidagi roman janrining ilk namunasi sifatida talqin qilinib kelingan. Lekin bu asar aslida ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan qissa bo‘lib, unda kambag‘al yigit (Olimjon)ning ilm tufayli oilaviy baxt-saodatga erishganligi mahorat bilan tasvir etilgan.
Hamza 1914-16 yillarda «O‘ch» (1914), «Zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari» (1915), «Ilm hidoyati», «Mulla Normuhammad domlaning kufr xatosi», «Ochlik qurbonlari» (1916), «Muxtoriyat yoki avtonomiya» (1917) singari kichik sahna asarlarini yozgan.
Hamza sovet mafkurasi hukmronlik qilgan davrda «o‘zbek sovet adabiyoti»ning, teatrining asoschisi sifatida ko‘kka ko‘tarilgan. Hamza nomi bilan bog‘lanib kelingan O‘lka sayyor drama truppasi aslida Skobil (Farg‘ona) sayyor truppasi deb atalib, unga G‘afur Musaxonov rahbar bo‘lgan. Hamza shu truppada dramaturg, rejissyor va suflyor bo‘lib xizmat qilgan. Shu vaqtda u «Kim to‘g‘ri?», «Tuhmatchilar jazosi», «Boy ila xizmatchi» , «Ishchilar hayotidan» (1918), «Loshmon fojiasi» (1916—18, 3 bo‘limli), «Farg‘ona fojiasi» (1918—20, 4 bo‘limli), «Qizil qon ichida yosh go‘daklar», «Mahbus to‘raning holi» (1919) singari pesalarni yozgan (bu asarlarning aksari bizgacha yetib kelmagan). Agar Hamza «Zaharli hayot» dramasida shu davrdagi tomoshabin didini inobatga olib, hatto fojiali holatlar tasvirida ham melodrama va sentimentalizmdan keng foydalangan bo‘lsa, «Tuhmatchilar jazosi», ayniqsa, «Boy ila xizmatchi» singari pesalarida realizm tomon yaqinlashgan. Ammo Hamza ko‘p o‘tmay, targ‘ibot va tashviqot yo‘nalishidagi «Pastki sho‘rolar saylovi munosabati ila yozilg‘on Cho‘pcharlar», «Pastki sho‘rolar tuzmasida saylovg‘a kirolmagan bir eshon o‘pkasiga javoban», «Burungi saylovlar» (1926) singari pesa va instsenirovkalarni yozishga katta e’tibor bergan. Hatto Sovet davlatining jahon inqilobi to‘g‘risidagi soxta g‘oyasiga ishonib, «Jahon sarmoyasining eng oxirgi kunlari» (1927) pesasini yozgan. Hamza shu davrda jadidchilik g‘oyalari va jadid adabiyoti mezonlaridan uzoqlashgani sayin avval erishgan badiiyat marralarini ham boy bera boshlagan. Biroq 1926 yili Hamza o‘zbek dramaturgiyasida muayyan iz qoldirgan 2 asar: «Maysaraning ishi» komediyasi va «Paranji sirlaridan bir lavha yoki Yallachilar ishi» dramasini yaratgan.
Sinfiylik va partiyaviylik adabiy asarning qimmatini belgilovchi asosiy mezon hisoblangan davrlarda Hamzaning «Boy ila xizmatchi» pesasi butunlay qayta yozib chiqilgan. Sotsialistik realizm metodi talablari asosida «qayta tiklangan» bu asar uzoq yillar davomida Hamza dramaturgiyasining yuksak namunasi sifatida taqdim etilib kelingan.
Hamza haqida doston (Oybek asari, 1948), roman (K.Yashin asari, 1989), teatr spektakli (K.Yashin va A. Umariy asari, 1941), kinofilm (stsenariy mualliflari K.Yashin va S.Muhamedov, rejissyor Z.Sobitov, 1960), 16 seriyali badiiy film (stsenariy mualliflari K.Yashin, B.Privalov va Sh.Abbosov, rejissyor Sh.Abbosov, 1975—84) va hujjatli film (stsenariy muallifi L.Qayumov, rejissyor N.Otaullaeva, 1960) lar yaratilgan. Toshkent va Qo‘qon shaharlari hamda Farg‘ona vodiysidagi teatr, maktab, ko‘cha va shirkat xo‘jaliklariga, Toshkent shahridagi metro stantsiyasiga shoir nomi berilgan.
Naim Karimov


BIR KELUB KETSUN

Sabo arzimni yetkur, mohitobon bir kelub ketsun,
Tamomi husn elining shohi-sulton, bir kelub ketsun.

Tutarga bir dami suhbat asiru notovon birlan,
Darig‘ tutmay nigorim bo‘lsa imkon, bir kelub ketsun.

Necha kundan beri ko‘rsatmayin vaslin sog‘inturdi,
Tarahhum aylasun ul sho‘xi jonon, bir kelub ketsun...

Qafas ichra vsiram andalibdek dog‘i hajridan,
Agar bir marhamat qilsa guliston, bir kelub ketsun.

Va yo qilmoq esa qurbon bu zulmu kori boridan,
Olib qo‘liga xanjar mardi maydon, bir kelub ketsun.

Firoqi firqatidan yetdi boshim bistari g‘amga,
Ko‘rarga ul hakimi kobiliston bir kelub ketsun.

Ketub tandan madorim, gul yuzim chun za’faron o‘ldi,
Dilimni quvvati, dardimga darmon, bir kelub ketsun.

Agarchi mandan o‘tgan bo‘lsa har sahvu xato dildor,
Kechursin, tovba qildim, yuz pushaymon bir kelub ketsun.

Nihoniyga necha ahdu vafolar bog‘lagan erdi,
Degil ko‘p qilmasun ahdini yolg‘on bir kelub ketsun.
1908 yil.


O‘RGULSUN QULING

Qay kuni ko‘rdimki man diydor, o‘rgulsin quling,
Ul zamon o‘ldum asir afgor o‘rgulsun quling.

Oh urib ketdim o‘zimdan qolmadi sabru qaror,
Ashki selobim erur anhor, o‘rgulsun quling.

Muncha ham zolim ekansan, qayrilub bir boqmading,
Termulib qoldim yo‘lingda zor, o‘rgulsun quling.

Men o‘zimcha bo‘lmadim, jono giriftoring sani,
Bor ekan xilqatda bu asror, o‘lgulsun quling.

Rahm qil, insof qil, andak xudodan sharm qil,
Berma ko‘p bechoraga ozor, o‘rgulsun quling,

Barchaga bu ishq savdosi barobar mug‘bacha,
Qilmagil bechoralardan or, o‘rgulsun quling...

Naylasun yozmay Nihon darding, o‘zing bir ko‘rmasa,
Lylasa arzi dilii izhor, o‘rgulsun quling.
1911 yil.


BU FALAK

Bu falak charxini osti bir qiziq bozor ekan,
Har kasing sarmoyai g‘am qo‘lida tayyor ekan.

Lek arzondir mashaqqat, rohatin naqdi baland,
Shunchalik aybi hukmdori ajal makkor ekan.

Begimiz o‘lsin tavoze’ pesha bo‘lsa kofidir,
Har eshik ochiq anga davlat eli dildor ekan,

Chashmi xo‘p, boshi nigun har bir haqiqat oshiqi,
Ko‘hna po‘sh o‘lsa ayoq ostida xasdan xor ekan.

Jismi sidqim havzi haqlik ichra botmoz bilmadim,
Jomi havzu suvdamu qaysida bir sir bor ekan.

Tushsa har shayga muhabbat garchi o‘lsun nopisand,
Tolibini nazdida gavharcha qadri bor ekan.

Dardi sirring loaqal qilma vujudingga ayon,
O‘z vujudingdan chiqon dushman ishi dushvor ekan.

Har xirad ahlini so‘zi bir muammo go‘yyo,
Donish ahlin pandini rad aylamoq bekor ekan...
1911 yil.


AYRILMASUN

Hech kim mendek ilohi, yoridan ayrilmasun,
Munisi g‘amxor o‘shal dildoridan ayrilmasun.

Orzusiga yetolmay, topmasin umri xazon,
Misli bulbul vaqt o‘tub, gulzoridan ayrilmasun.

Mehr qo‘yganda kimarsa bo‘lmasun hech benasib,
Tovusi bog‘i chaman raftoridan ayrilmasun.

Chug‘z yanglig‘ xonavayron o‘lmasun mandek kishi,
Chok o‘lub bag‘ri sadafdek boridan ayrilmasun.

Tiri sayyodi ajaldan siynasi majruh o‘lub,
Ohuyi mushki Xo‘tan totoridan ayrilmasun.

Ayrilub tan rohati ko‘z uyqusida ham yana,
Dilbari joni shirin guftoridan ayrilmasun.

Dod derman termulub, ko‘kka boqub, yo‘qdur iloj,
Dushmaning ham bir guli ruxsoridan ayrilmasun.

Bormu bir mardi xudo siynamga ursa xanjari,
To Nihon ul rahmati asroridan ayrilmasun.
1911 yil.


ARZIMNI AYTAY

Arzimni aytay bodi saboga,
Yetkur salomim gulgun qaboga.

Ko‘rdum yuzingni ketdim o‘zimdin,
Tushdim o‘shal dam domi qazoga.

Ohim eshutub toqat tutolmay,
Tushti malaklar raqsi samoga.

Hajrida yig‘lab bag‘rim ezildi,
Boqmaydi bir yo‘l man benavoga.

Avvalda o‘tdi shumluq o‘zimdin,
Dedim asiring qoldim baloga.

Bir ko‘igli qattiq zolim ekansan,
Parvosi yo‘qdur ohu navoga.

Ushshoq elini qonini to‘kmoq,
Odat bo‘lubdur ul bevafoga.

Kirgay raqibni so‘ziga doim,
Solgay jafolar man mubtaloga.

Bechoralarga qilmas tarahhum,
Bazmi muyassar nooshinoga.

Bilmam na qilsa, kechsa bu jondan,
Yetsa bo‘lurmu qoshi qaroga.

Qilding Nihoniy ko‘p ahdu paymon,
Har kim yomondur soldik xudoga.
1911 yil.


SOG‘INUB

Ey dilbaro, ishqing bila devona bo‘ldum sog‘inub,
Bulbul kabi tun kechalar giryona bo‘ldum sog‘inub.

Bir necha kunlardan beri ko‘rmay visoling, ey pari,
Turlik balo ming g‘am bila hamxona bo‘ldum sog‘inub.

Hech kim maningdek kuymagan hajring o‘tiga, ey sanam,
Tanho tutashdim man o‘zim so‘zona bo‘ldum sog‘inub.

Tushdi sani deb boshima jabru sitam, hadsiz azob,
Aqlu hushimdan oqibat begona bo‘ldum sog‘inub.

Kelgay eding, ey mahliqo har damda ahvolim so‘rab,
Bir necha kundur kelmading, hayrona bo‘ldum sog‘inub.

Kim desa jononing kelur bu haftaning oxirlari,
Atrofidan ming aylanub, parvona bo‘ldum sog‘inub.

Tashlab g‘arib devonani muncha uzog‘ etding safar,
To kelg‘ucha qoplar yutub, biryona bo‘ldum sog‘inub.

Izlab sani har ko‘chada sandan xabar bersa kimi,
El ichra ko‘p sharmanda ham afsona bo‘ldum sog‘inub.

Ming shukrkim kelding bu kun sihhat salomat, shodmen,
Aylay Nihoniy jon fido, qurbona bo‘ldum sog‘inub.
1912 yil.


EY KO‘NGIL

Ey ko‘ngil istar esang zulmat qulubingga chirog‘,
Ahli donish suhbatidan bo‘lmagil hargiz yirog‘.

Quvvati bozu bila behuda urma na’ralar,
Mardi maydon gar esang nafsingni o‘ldur beyarog‘.

Asli toat shul: o‘zingdan o‘zgapi xushnud qil,
Muttaqimai deb kishilar bagriga solma tarog‘.

Matlabiig rahmat esl xulqu adabda qoin ul,
To iki dunyoda topgil davlati fazlu farog‘.

Yo‘q jahonda hech kas ozor alamdan chekmagan,
Bu Nihon, yorab, petar mahsharda bo‘lganda so‘rog‘,
1913 yil.


MAKTAB

Erur ilmu adab, fazlu hunar osori maktabdan,
Yetar har rutbai oliy esa takror maktabdan.

Hama gulshan uza yomg‘ur yog‘ub chun sabzazor etsa,
Taraqqiy gulshani obod o‘lur anhori maktabdan.

Hama izzu, sharofat ham saodat konidur maktab,
Yetar iki jahonda matlabing zinhor maktabdan.

Qayu millatda maktab o‘lmasa beshak xarob o‘lgay,
Hama millatda shul-chun guftugo‘ bisyor maktabdan.

Hama ilmu maorif ganjini devoridir maktab,
Hama hikmat chiqar bu mahzani asrori maktabdan.

Chiqib turmakda har kun yuz tuman asbob-ashyolar,
Tamoman asli beshak mevai ashjor maktabdan.

Qo‘shar iisop qatoriga qilub insonlarni inson;
O‘qub ilmu adab bo‘lgay kerak hushyor maktabdan.
1914 yil.


TOSHBAQA VA CHIYON


Toshbaqa birla bo‘lib o‘rtoq chiyon,
Ahd etishib do‘st bo‘lishib jonajon.

Bir kuni qilmoqchi bo‘lishdi safar,
Bog‘lashubon chiqdi ikovi kamar.

Yo‘lda chiyon toshbaqaga lof urub,
Dediki: «Boqsam agar o‘ylab turib,

Mancha sanga suyguli yo‘q mehribon,
Sen tanu go‘yo anga men misli jon».

Bul aroda yo‘l tushib anhorga,
Qoldi chiyon hayrati dushvorga.

Toshbaqa boqib dedi: «Ey oshno?
Nega ko‘rindi yuzingda jofa?»

Dedi chiyon «Suzmoqa yo‘q odatim,
Qolmoqa ajrab yana yo‘q toqatim.

Toshbaqa dedi: «Yema g‘am, min meni,
To ko‘tarib suvdan o‘tarman seni».

Toshbaqani mindi chiyon yotqizib,
Toshbaqa ketdi suv ichiga suzib.

Yo‘lda chiyon toshbaqadek do‘stiga
Urdi bir-ikki nishini po‘stiga…

Toshbaqa bildi, dedi: «Fe’li yomon,
Ne harakatlar qilasan bu zamon?»

Dedi chiyon: «Zahar soluv odatim,
Odatimi tarkiga yo‘q toqatim.

Garchi turubsan menga xizmat etib,
Men solaman zahrimi fursat topib.

Toshbaqa dedi: «Bu na fosid xayol
Qayt bu ishingdan, bali, nishingni ol.

Do‘st debon, dushmanning qilma ishin!
O‘yla senam, oqibating kelmishin!

Dedi chiyon: «Bo‘lmasa o‘z xohishim,
Boshqa nasihatga meni yo‘q ishim.»

Toshbaqa ham bildiki, bo‘lmas boqib,
Sho‘mg‘idi bir, ketdi chiyon ham oqib.

Hissa: kimi g‘ayrni ulfat etar.
O‘z-o‘zicha boshiga kulfat yetar.
1914 yil.


TO‘G‘RI SO‘ZLA

To‘g‘ri so‘zla, ey o‘g‘ul,
Til burmag‘il yolg‘ong‘a hech.
Bir masal bor: to‘g‘ri so‘zlar
Boshini kesmas qilich.
1914 yil.


ONA

Parcha go‘sht erdik tug‘ulgan vaqtimizda,
Onamizning bag‘ri o‘ldi taxtimizda.

Tutdi emchak shirin uyqudan so‘chib,
Kechalar sovuq beshiklarni quchib.

Ikki-uch yil bag‘ri uzra ko‘tarib,
Katta qildi o‘zi mehnatda horib.

Jonu dilda asradi bizni suyub,
Dedi bizni, boshqa orzuni qo‘yub.

Og‘risa bir joyimiz yig‘lab yurib,
Har eshikni kezdi doru axtarib.

Ya’ni, yo‘q bizga anodek mehribon,
Sinagi qalqon, bosh uzra soyabon.

Bizga ham lozim ani shod aylasak,
Bizga qilgan xizmatin yod aylasak.
1914 yil.


RAMAZON

Keldi ayyom muborak barcha jon dilshoddir,
Ruhlari ham har azobu qahrdan ozoddir.

Ro‘zai mohi sharifing hurmatindan bexilof,
Osiy, g‘ayri osiyga haq rahmati bunyoddir.

Vu saodat kunda yo‘qdir bizda ehson sunnati,
Ummatidan Ahmading ruhn bukun noshoddir.

Ag‘niyolar ag‘niyo ahbobiga bergay zakot,
Amri haq ahkomi shar’a o‘zlari ustoddir.

Kambag‘allar qichqirursa, dema ovozi zakot,
Bari boy xizmatchisin zarbindan doddir.

Darbadarlik, bevatanlik zarbi yetmasmi anga!
Boz anga dashnomu ta’na xanjari muzdoddir.

Oh, qilding ey jaholat, ilmsizni oqibat
Parcha nonga boshini xam, nomusi barboddir.

Iyd kuni barcha yasangay turfa alvonlar kiyib,
Osmon, go‘yo, oyoq ostida baraftoddir.

Kambag‘allar titrashib yurgay yalang‘och izg‘ishib,
Oh,— bu faqirlik, asorat onlari sayyoddir.

Dil shikasta, bag‘ri xun ko‘zida yoshi shash qator,
Otasiz, baxtsiz yetimlar holiga faryoddir.

Ey musulmon, senga vermish, anga yo‘qmi qudrati!
Lek andin azmoyish, sendin istibdoddir.

O‘ylama, o‘lguncha har kim bu razolatda ketar,
Shohlar bir kun gado, bir kun gado shahzoddir.

Bir yetimga teva bo‘lmoq shoh Ahmadga nadir,
Bir yetim dilshoddir, dargohi akbar shoddir.

Haq quli bo‘lsang haqiqat rishtasin tutg‘il mudom,
Zohiru botin haqiqat nahridin oboddir.

Ey Nihon, bo‘yla musulmonlik ila sharmandasen,
Zohiring taqlid-ummat, botining ifsoddir.
1914 yil, 10 avgust.


O‘QI!

Ko‘zimizga ko‘rinib turgan hama asboblar
Hech biri bo‘lmas edi, gar bo‘lmasa, zinhor uquv.

Yer ichida ko‘milib yotgan hama oltin, kumush
Yuzaga chiqdi bari bois anga axbor, o‘quv...

Gar dilingda o‘ylagan orzuga yetmoq istasang,
Qimmat umring qilmagil behudaga bekor, o‘qi!

Qo‘y o‘yin, sayru tamoshoni, g‘animat yoshliging.
Shum fe’llardan o‘zingii aylagil bezor, o‘qi!

Ey o‘g‘il, dunyoda bo‘lmoq istasang olijanob,
O‘qig‘il maktab kelib, zinhor o‘qi, ming bor o‘qi!
1914 yil.


ILM ISTA

Kim bilurdi odamu olam nadir, hayvon nechik?
Bo‘lmasa erdi agar insonda bu osori ilm.

Qaysi bir mavjuda boqsang bilmoqa kayfiyatin
Lozim o‘lgay topmaqa avval o‘qib axbor ilm...

Olamning xurshidi kundir, odamning xurshidi ilm,
Olamning zulmoti tundir, odamning nodori ilm.

Har murodu maqsadingga yetmoq istarsan murod,
Ko‘z ochib bedor bo‘l, darkor ilm, darkor ilm!

Ul haqiqat oyiniga sayqal istarsan Nihon
Ilm ista, ilm ista, istag‘il zinhor ilm!
1914 yil.


KITOB

Har ko‘ngilning orzusi shul erur obihayot
Qadrini bilgan kishiga, shubhasiz, jondir kitob.

Har murodning boshidir, har muddaoning gavhari,
Har marazlarning shifosi ya’ni luqmondir kitob.

Ko‘zni nuri, dil huzuri, dillaring darmonidir,
Har qorong‘u dilga go‘yo mohitobondir kitob.

Har balodan asrag‘uchi eng muhim qimmat yarog‘.
Tiri vahshat, xanjari zillatga qalqondir kitob.

Har kishi yoshlikda qilsa ozgina g‘ayrat agar,
Tez zamonda oshno bo‘lmog‘i osondir kitob.
1914 yil.
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 74857587

Yandex