Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.

Ziyo istagan qalblar uchun - Oskar Uayld. Kentervillik arvoh (hikoya)
29.11.2014 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Ko`pgina buyuk haqiqatlar avvaliga masxaralangan.
Shou
 
 
Oskar Uayld. Kentervillik arvoh (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
Moddiy va ruhiy uzviy chatishib ketgan romantik voqea

1

Amerikalik elchi mister Xayren B.Otis Kentervil qasrini sotib olishga qaror qilganida hamma uni o‘ta bema’ni bu ishdan qaytarishga urindi, chunki qayerda arvoh borligi barchaga ma’lum haqiqat-ku, axir. Hatto eng mayda-chuyda narsalarni ham o‘z o‘rniga qo‘yishga odatlangan mard Kentervilning o‘zi oldi-sotdi hujjatini tuzish paytida mister Otisni bu haqda ogohlantirib qo‘yishni o‘z burchi deb bildi.
– Bilasizmi, gap nimada, – deya so‘z boshladi Lord Kentervil. – Buvimning singlisi, gersoginya Bolton ismli bir beva xolam bo‘lardi. U bir kuni o‘z xonasida tushlik uchun kiyinayotganida to‘satdan yelkalariga ikkita qoqsuyak qo‘l kelib tushgan. Boyaqish azbaroyi qo‘rqqanidan asabiy tutqanoq dardiga uchrab, o‘zini o‘nglay olmay o‘tib ketdi. Sizga ochig‘ini aytsam, mister Otis, arvoh hozirda hayot bo‘lgan oila a’zolarining ko‘pchiligiga ham ko‘ringan. Uni mahalliy ruhoniy, Kembrijdagi Qirollik kolleji magistri Ogastas Damper hazratlari ham ko‘rganlar, Gersoginyaning boshidan kechgan bu dahshatdan so‘ng xizmatkorlarning bari bizni tashlab ketdi. Ledi Kentervil esa umuman uyqusizlikka uchradi: Xudo bergan kechasi unga yo‘lak va kutubxonadan allaqanday noma’lum shovqin eshitiladigan bo‘lib qoldi.
– Bo‘pti, milord, – deya javob qildi mister Otis, – arvohni ham jihozlar qatoriga qo‘shib qo‘ya qoling. Men pulga sotib olish mumkin bo‘lgan jamiki narsalari bor ilg‘or mamlakatdan kelganman. Qolaversa, yoshlarimiz sizlarning Eski Dunyoingizni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishga qodir o‘ktam avlod. Eng yaxshi aktrisalaringizu opera xonandalaringizni vatanimizga olib ketishayapti. Binobarin, Yevropada aqalli bittagina arvoh uchrab qolsa ham ko‘z ochib- yumguncha bizdagi biron muzeyda yoki sayyor tomoshaxonada paydo bo‘lishi aniq.
– Kentervillik arvoh har qalay mavjud, degan fikrdaman baribir, – dedi lord Kentervil jilmayib. –U sizlarning uddaburo impressaroilaringiz taklifiga uchmagan bo‘lishi ehtimol. Biroq bu yerda u naq uch yuz yil – aniqroq, bir ming besh yuz sakson to‘rtinchi yildan beri ma’lum va mashhur. Odatda, oilamiz a’zolaridan birontasining o‘limi oldidan, albatta, paydo bo‘ladi.
– Odatda, lord Kentervil, bunday hollarda oilaviy shifokor keladi. Hech qanday arvoh yo‘q; ser, va men tabiat qonunlari hamma – hattoki ingliz aslzodalari uchun ham bir xil, deb o‘ylashga jur’at etaman.
– Siz amerikaliklar tabiatga juda yaqinsizlar hali! – deya xitob qildi lord Kentervil, u mister Otis so‘zlarining nihoyasidagi kinoyani to‘liq ilg‘ayolmagandi, chog‘i. – Nimayam derdim, agar arvohli uy sizga ma’qul bo‘lsa, demak, hammasi joyida. Faqat, sizni ogohlantirganimni unutib qo‘ymasangiz. Bas.
Bir necha haftadan keyin oldi-sotdi hujjati imzolandi va London mavsumi yakunlangach, elchi oilasi bilan Kentervil qasriga ko‘chib keldi. Missis Otis o‘z vaqtida – 53-G‘arbiy ko‘chada yashovchi miss Lukretsiya R.Teppen degan nomda yurgan qizlik paytidayoq go‘zalligi bilan butun Nyu-Yorkka dong taratgandi. Endilikda esa u – o‘rta yoshlardagi, tarovatini hanuz yo‘qotmagan, ko‘zlari nurli, xushbichim xonim. Amerikalik ayollarning aksariyati vatanni tark etayotib, o‘zlarini surunkali xastaliklardan biriga uchragandek qilib ko‘rsatishadi, go‘yoki bu yevropacha nazokatu nafosatning belgilaridan biri emish. Missis Otis bunaqa narsani xayoliga ham keltirmaydi. U qaddi-qomati bag‘oyat kelishgan, butun borlig‘i g‘ayrat-shijoatga to‘lib-toshgan ayol. To‘g‘ri, uni haqiqiy ingliz ayolidan farqlash qiyin, bu esa, agar tildagi tafovutni hisobga olmaganda, endilikda Amerika bilan bizda hamma narsa bir xil ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
To‘ng‘ich o‘g‘ilga ota-onaning vatanparvarlik hissi jo‘sh urib ketib, Vashington deb nom berishgan, o‘zi esa bundan doimo afsuslanib yuradi. U oq-sariqdan kelgan, ancha ko‘rkam yigit, durustgina amerikacha diplomat bo‘lib yetishadigan siyoqi bor. Negaki, muttasil uch mavsum mobaynida Nyuport kazinosida nemischa kadrilga dirijyorlik qildi, hatto Londonda ham ajoyib raqqos sifatida tanildi. Xullas, gardeniya*ga va geraldika**ga aylanishib qolganini aytmaganda, boshqa hamma narsada mutlaqo sog‘lom fikr yuritadigan yigit.
Miss Virjiniya Ye.Otis o‘n olti yoshga qarab ketayapti. U sarv qomati naq ohudek latofatli, moviy ko‘zlari katta-katta, tiniq nigohli qiz. Ponini chiroyli minib yuradi, bir kuni keksa lord Biltonni Gayd-park atrofida ikki marta poyga o‘ynashga ko‘ndirib, naq Axilles haykali yonida undan jajji ot tanasining bir yarim barobari masofasida o‘zib ketdi. Buni ko‘rib turgan yosh Cheshir gersogi shunaqangi qoyil qoldiki, o‘sha zahotiyoq menga turmushga chiqsangiz, deb so‘radi. Biroq gersogni otaliqqa olganlar uni o‘sha kuni kechqurunoq ko‘zda yoshlari bilan Itonga qaytarib yuborishdi.
Oilada Virjiniyadan keyin yosh egizaklar ham bor, ular uzluksiz suratda savalab turilgani sababli “Yulduzlar va yo‘l-yo‘l belgilar” degan laqab olishgan. (Bu o‘rinda AQShning seryulduz va yo‘l-yo‘l bayrog‘iga ishora etilayapti – Tarj.) Shu bois ham bu sho‘x-shaddod bolakaylar, muhtaram elchini hisobga olmaganda, oilada e’tiqodi eng kuchli respublikachilar edi.
Kentervil qasridan temir yo‘lning eng yaqin bekati Askotgacha bo‘lgan masofa yetti milga teng, biroq mister Otis bekatga ot-ulov yuborishi to‘g‘risida telegraf orqali o‘z vaqtida buyruq bergani tufayli oila a’zolari qasrga tomon xushnud kayfiyatda yo‘lga tushishdi. Iyulning so‘lim oqshomi, havo qarag‘ayzorning iliq, muattar hidiga to‘yingan. Ahyon-ahyonda o‘z ovozidan masrur o‘rmon kabutarining nozik ku-kulashi eshitiladi, paportniklarning shitirlagan changalzorida tustovuqning olachipor ko‘kragi ko‘zga tashlanib qoladi. Mitti olmaxonlar baland daraxtlar tepasidan mo‘ralaydi, quyonlar pastak o‘t-o‘lan orasiga yashirinib olgan yoki oppoq dumchasini dikkaytirgancha yo‘sin bosgan so‘qmoqlar bo‘ylab tiraqaylab qochib ketadi. Biroq yo‘lovchilar Kentervil qasriga olib boradigan xiyobonga kirib ulgurmagan ham edilarki, birdaniga osmonni bulut qoplab, atrofga g‘alati sukunat cho‘kdi. Zag‘chalarning ulkan galasi ularning boshi uzra besas uchib o‘tdi, uyga yaqinlashib qolganlarida esa yomg‘ir yirik-yirik tomchilarini asta-sekin tashlay boshladi.
Ostonada kelguvchilarni qora shoyi ko‘ylak kiygan, oq ro‘mol tang‘ib, peshband bog‘lagan sarishtagina kampir kutib oldi. Bu uy boshqaruvchisi miss Amni bo‘lib, missis Otis uni ledi Kentervilning iltimos-o‘tinchiga binoan avvalgi o‘rnida qoldirgan edi. Ayol eski an’anaga muvofiq, oila a’zolarining har biriga chuqur ta’zim qildi va:
– Kentervillar qasriga xush kelibsizlar! – dedi.
Ular xodima ortidan uy ichiga yo‘l olishdi va Tyudorlar davriga xos haqiqiy xolldan o‘tgach, kutubxonaga kirib qolishdi. U uzunchoq va shifti pastak xona bo‘lib, devorlariga qora eman taxtasi qoplangan, eshik ro‘parasida kattagina vitraj bor edi. Bu yerda choy ichishga hamma narsa tayyorlab qo‘yilgan ekan. Ular yomg‘irpo‘shlari bilan sharf-larini yechib, dasturxon atrofida joylashib olgach, missis Amni choy quyguniga qadar, xonani ko‘zdan kechira boshlashdi.
Shu payt missis Otis kamin yonidagi polda vaqt o‘tishidan qorayib ketgan qizil dog‘ni ko‘rib qoldi va u qayerdan paydo bo‘lganini bilolmay, missi Amnidan so‘radi:
– Bu yerga biron nima to‘kilgan, shekilli?
– Ha, xonim, – deya javob qildi keksa boshqaruvchi shivirlab, – bu yerga qon to‘kilgan.
– O, qanday bema’nilik! – deya xitob qildi missis Otis. – Men mehmonxonamda qonli dog‘lar bo‘lishini istamayman. Uni darhol yuvib tashlashsin!
Kampir kulimsiradi va yana o‘sha sirli ohangda shivirlab javob berdi:
– Sizlar ledi Eleonora Kentervilning qonini ko‘rib turibsizlar. Uni ming besh yuz yetmish beshinchi yili eri ser Simon de Kentervil xuddi shu joyda o‘ldirgan edi. Shundan so‘ng ser Simon yana to‘qqiz yil yashadi va keyin birdaniga, mutlaqo sirli ravishda g‘oyib bo‘lib qoldi. Uning tanasi umuman topilmadi, ammo gunohga botgan ruhi hali-hanuz qasrni kezib yuribdi. Bu yerga keluvchi sayyohlar va boshqa ziyoratchilar mana shu abadiy o‘chmas qon dog‘ini nihoyatda qiziqib tomosha qilishadi.
– Bu qanday bema’nilik! – dedi Vashington Otis. – Pinkertonning beqiyos Dog‘ yo‘qotgichi va namunaviy tozalagichi uni bir daqiqaga qolmay yo‘q qilib tashlaydi!
U shunday deb tizzalab oldi va to qo‘rqib ketgan boshqaruvchi xalaqit berib ulgurmasidanoq, labbo‘yoq idishchasiga o‘xshovchi kichik qora tayoqchada polni qira boshladi. Bir daqiqaga borar-bormas, dog‘dan asar ham qolmadi.
– “Pinkerton” pand bermaydi! – dedi yigitcha bu ishga qoyil qolgan oila a’zolariga tantanavor tarzda o‘girilar ekan. Ammo u gapini tugatib ulgurmay, nimqorong‘i xona (chaqmoqning o‘tkir yog‘dusidan) yorishib ketdi, momoqaldiroqning dahshatli guldurosi hammani oyoqqa turg‘izib yubordi, missis Amni esa hushini yo‘qotdi.
– Naqadar rasvo iqlim, – dedi amerikalik elchi bamaylixotir ohangda va uchi kesilgan uzun sigarasini o‘t oldirdi. – Qadimgi vatanimizda aholi shunchalik ko‘payib ketganki, hattoki tuzukroq ob-havo barchaga birdek yetishavermaydi. Angliya uchun yagona najot yo‘li – aholini chetga ko‘chirish, deb bilib kelganman hamisha.
– Azizim Xayram, – dedi missis Otis, – mabodo bu ayol sal narsaga hushidan ketaversa, nima qilishim kerak?
– Nima qilarding, idishni sindirib qo‘yganida bo‘ladigandek, maoshidan bir marta chegirib qol, – deb javob berdi elchi, – darrov aqli kiradi.
Chindan ham ikki-uch lahza o‘tgach, missis Amni hushiga keldi. Biroq, larzaga tushganidan o‘zini hali butkul o‘nglab ololmagani shundoqqina sezilib turardi, aks holda mister Otisga xonadoningizga falokat tahdid solayapti, deb tantanavor bashorat qilishiga balo bormidi.
– Ser, – dedi u, – men shunday narsalarni ko‘rishimga to‘g‘ri kelganki, o‘rnimda har qanday taqvodorning tepa sochi tikka bo‘lib ketardi. Bu yerning dahshatidan qancha-qancha kechalarda mijja qoqmay chiqqanman.
Lekin mister Otis bilan uning rafiqasi muhtarama xodimani biz arvohdan qo‘rqmaymiz, deb ishontirishdi. Shunda keksa uy boshqaruvchisi o‘zining yangi xo‘jayinlariga Parvardigorning marhamatini tiladi va uning maoshini oshirishsa yomon bo‘lmasligiga shama qilishni ham unutmagan holda, majolsiz oyoqlarini ohista bosib, o‘z xonasiga yo‘l oldi.

2

Tuni bilan bo‘ron uvillab chiqdi, ammo aytarli hech qanday voqea bo‘lmadi. Biroq ertalab oila nonushtaga to‘planganida hamma yana o‘sha qo‘rqinchli qon dog‘ini ko‘rdi.
– Namunaviy tozalagichga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas, – dedi Vashington. – Men uni nimalarda sinab ko‘rmaganman, axir. Bu o‘rinda chindan ham arvohning qo‘li borga o‘xshaydi.
U dog‘ni yana yo‘qotdi, lekin ertasiga ertalab dog‘ yana o‘z o‘rnida paydo bo‘lib qolgandi. Shu kuni kechqurun mister Otis uxlagani ketishdan avval kutubxona eshigini o‘zi qulflab, kalitini yoniga solib qo‘ydi. Biroq ertasiga ham yana o‘sha ahvol takrorlandi. Endi butun oila arvohlar masalasiga qiziqib qolgandi. Mister Otis ruhlar mavjudligini inkor etish bilan fikr qotib qolishiga yo‘l qo‘ymadimmikan, deb o‘ylay boshladi. Missis Otis arvohlar hayotini o‘rganuvchilar jamiyatiga a’zo bo‘lish niyati borligini bildirdi. Vashing-ton esa “Mayers va Podmor” firmasiga jinoyat oqibatida paydo bo‘lgan qon dog‘lari uzoq muddat saqlanishi xususida uzundan-uzoq maktub bitdi. Mabodo shundan keyin ham oila a’zolarida arvohlar mavjudligi to‘g‘risida biron-bir shubha qolgan bo‘lsa, shu kechasiyoq u butunlay tarqab ketdi.
Serquyosh, issiq kun ham nihoyasiga yetdi va oqshom salqini tushganida Otislar sayr qilgani yo‘l olishdi. Ular uyga kech soat to‘qqizlarda qaytib, yengil taom bilan kifoyalanishdi. Arvohlar haqida umuman gap ochilmadi, chunki davradagilar ruhlar moddiylashuvidan oldin ko‘pincha bo‘ladigan yuqori sezgirlik darajasida emasdi mutlaqo. Keyinchalik mister otis menga aytib berganiga qaraganda, oliy tabaqaga mansub ma’rifatli amerikaliklar doimo nimalar haqida gapirishsa, ular ham o‘sha oqshom aynan shu narsalar to‘g‘risida miss fanni Davenport aktrisa sifatida Sara Bernardan o‘lsa o‘ligi ortiqligi; hatto eng yaxshi ingliz xonadonlarida ham jo‘xori, marjumak noni va bo‘tqasi dasturxonga tortilmasligi; jahon madaniyatining shakllanishida Bostonning ahamiyati; temir yo‘lda yuk tashishda chipta tizimining afzalliklari; Londonning cho‘ziluvchan tallafuziga nisbatan Nyu-Yorkning mayin talaffuzi yoqimli ekanligi va hokazo mavzularda gapirib o‘tirishgan. G‘ayritabiiy narsalar haqida mutlaqo gap bo‘lmagan, ser Simon de Kentervil to‘g‘risida-ku, hech kim churq etib og‘iz ochmagan. Soat o‘n birda oila a’zolari dam olgani tarqalishgan va yarim soatdan keyin uyda chiroqlar o‘chirilgan.
Biroq ko‘p o‘tmay, mister Otis yo‘lakdan, u yotgan xonaning shundoqqina eshigi oldidan eshitilayotgan g‘alati shovqindan uyg‘onib ketdi. Nazarida temirlar jaranglashini ilg‘agandek bo‘ldi va bu tovush daqiqa sayin yanada yaqqolroq yangray boshladi. U o‘rnidan turdi, gugurt chaqib, soatga qaradi: roppa-rosa tungi bir edi. Mister Otis pinagini buzmagan ko‘yi temirni ushlab ko‘rdi – u doimgidek bir maromda urib turardi. Yo‘lakdagi g‘alati shovqin hanuz tinmas, endi qadam tovushlari aniqroq eshitila boshlagandi. Elchi oyog‘iga shippakni ilib, zarurat buyumlari saqlanadigan joydan qandaydir uzunchoq shisha idishcha oldi va borib eshikni ochdi. Uning ro‘parasida, Oy yog‘dusida qo‘rqinchli qiyofadagi bir chol turardi. Ko‘zlari cho‘g‘dek yonayapti, uzun, oppoq sochlari patila-patila bo‘lib yelkasiga tushgan, almisoqdan qolgan bichimdagi yag‘ir ko‘ylagi tilka-pora, kishan urilgan qo‘l-oyoqlaridan zalvorli va zanglagan zanjirlar osilib turibdi.
– Ser, – dedi mister Otis, – sizdan shuni o‘tinib so‘rashga majburmanki, bundan keyin zanjirlaringizni moylab yursangiz. Shu maqsadda “Demokratik partiyaning balqiyotgan quyoshi” nomli mashina moyi-dan bir shishachani siz uchun olib chiqdim. Ishlatgan zahotingiz ko‘ngildagidek natija beradi. Buni bizning taniqli ruhoniylarimiz tasdiqlashgan, yorlig‘i bilan tanishib ko‘rgach, bunga shaxsan o‘zingiz ham ishonch hosil qilishingiz mumkin. Men shishachani shamdon yonidagi manavi stolcha ustida qoldiraman, mabodo yana kerak bo‘lib qolsa, bu vosita bilan sizni ta’minlab turishni o‘z burchim deb bilaman.
Qo‘shma Shtatlar elchisi shunday deb, shishachani marmar stolcha ustiga qo‘ydi, keyin xonasiga kirib, eshikni yopdi va to‘shagiga cho‘zildi.
Kentervillik arvoh kutilmagan bu munosabatdan qotib qolgandi. Keyin g‘azab ichida shishachani olib parket polga urdi, so‘ng o‘zidan mudhish yashil yog‘du taratganicha, og‘ir ingroq bilan yo‘lak bo‘ylab oldinga intildi. Biroq u eman yog‘ochidan yasalgan keng zinapoyaning yuqori maydonchasiga endi chiqib ulgurgandi hamki, lang ochilgan eshikdan ikkita oq sharpa otilib chiqdi va ulkan yostiq uning boshi ustidan shuvillab uchib o‘tdi. Ruh fursatni boy bermay jon halpida to‘rtinchi o‘lchamga o‘tishga ulgurdi va devorning taxta qoplamasi ichiga singib, yashirinib oldi. Uyga sukunat cho‘kdi.
Arvoh qasrning chap qanotidagi maxfiy hujrasiga yetib borgach, Oy nuriga suyanib, birpas nafas rostladi va keyin qanday ahvolga tushib qolgani to‘g‘risida o‘ylay boshladi. Uch yuz yillik sharafli va benuqson xizmati mobaynida uni hatto biron marta ham bu qadar tahqirlashmagan edi. Arvoh o‘zi uchun shirin xotiralarga berilib ketdi beixtiyor...
... Beva gersoginya boshdan-oyoq zeb-ziynatlaru javohirlarga ko‘milib, ko‘zguda o‘ziga mahliyo bo‘lib turganida uni o‘lguday qo‘rqitib yuborgandi. Mehmonlar uchun ajratilgan yotoqxonaning darpardasi ortidan bor-yo‘g‘i bir kulib qaraganida to‘rtta oqsoch naq jazavaga tushib qolgan. Mahalliy ruhoniy bir kuni kechqurun kutubxonadan chiqib kelayotganida qo‘lidagi shamni kimdir puflab o‘chirib qo‘ydi – bechora asab xas-taligiga uchrab, haligacha ser Uilyam Gallning qo‘lida davolanadi. Keksa madam de Tremulyak bir tongda bexosdan uyg‘onib ketganida kamin yonidagi oromkursida uning kundaliklarini o‘qib o‘tirgan skeletga ko‘zi tushib qoldi; shundan keyin kampir boyaqish miya yallig‘lanishi xastaligi bilan olti oy ko‘rpa-to‘shak qilib yotdi, cherkovga intildi va mash-hur shakkok mose va Volter bilan aloqani butunlay uzdi.
Lord Kentervilni tunda kiyimxonada, tomog‘iga valet qartasi tiqilganidan bo‘g‘ilib qolgan holda topishdi – qariya jon berar chog‘ida xuddi shu qarta bilan Krokford qimorxonasida Charlz Jeyms Feksni ellik ming funtga chuv tushirganiga iqror bo‘ldi va bu qartani uning tomog‘iga Kentervillik arvoh tiqib qo‘yganini aytib berdi. Arvoh o‘zining buyuk ishlaridagi har bir qurbonni – qasr sarkoridan tortib sohibjamol Statfildgacha esladi. Sarkor bufet xonasining derazasini yam-yashil qo‘l taqillatayotganini ko‘rgan zahotiyoq o‘zini otib qo‘ygandi. Ledi Statfild esa oppoq terisida qolgan beshta barmoq izlarini yashirish uchun hamisha bo‘yniga qora barqut ro‘molcha tashlab yurishga majbur edi. Keyinchalik u qirol xiyoboni adog‘idagi, zog‘ora baliqlari bilan mashhur bo‘lgan hovuzga o‘zini tashlab, o‘lib qutuldi.
Arvohning butun borlig‘ini har qanday haqiqiy rassomga yaxshi tanish bo‘lgan tuyg‘u – o‘z ijodidan masrurlik, sarxushlik tuyg‘usi qamrab olgan edi. U o‘zining eng yaxshi rollarini xayolidan birma-bir o‘tkazar ekan, lablarida achchiq kulgu o‘ynardi. U oxirgi marta Qizil Ruben yoki chaqaloqlarni bo‘g‘ib o‘ldiruvchi qiyofasida chiqqandi. Birinchi martasida esa Jibon Daroz yoki Beksley Botqog‘idagi qonso‘rar rolida namoyon bo‘lgan. Arvoh yana bir voqeani – iyunning osuda bir oqshomida tennis maydonchasida o‘z suyaklari bilan kegli o‘ynab, tomoshabinlarni larzaga solganini esladi.
Mana endi, shuncha voqea-hodisalardan keyin qasrga manavi la’nati amerikaliklar kelib, unga mashina moyini tiqishtirishsa, yostiq uloqtirishsa-ya! Bunga toqat qilib bo‘ladimi, axir! Arvoh shunchalik xo‘rlanganini tarix ko‘rmagan hali! Xullas, u qasos olishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi va tong otgunicha qilt etmay, chuqur o‘y-xayollarga g‘arq bo‘ldi.

3

Ertasiga ertalab, nonushta paytida Otislar arvoh haqida ancha uzoq suhbatlashib o‘tirishdi. Qo‘shma Shtatlar elchisi sovg‘asi rad etilganidan jindek ko‘ngli og‘rigandi.
– Men arvohni ranjitmoqchi emasman, – dedi u, – lekin shu masalaga bog‘liq holda bu uyda shuncha yillar yashagan odamga yostiq uloqtirish o‘taketgan odobsizlik ekanini ham aytmasdan o‘tolmayman. – Afsuski, mutlaqo haqqoniy bu tanbehni egizaklar qattiq xoxolash bilan kutib olishdi. – Ammo shunga qaramay, – deya davom etdi elchi, – agar ruh qaysarlik qilaversa va “Demokratik partiyaning balqiyotgan quyoshi” nomli mashina moyidan foydalanishni istamasa, uni zanjiru kishanlardan xalos etishga to‘g‘ri keladi. Eshik ortida shaldir-shuldur qilib turishganidan keyin uxlab bo‘lmayapti.
Biroq haftaning oxirigacha ularni hech kim bezovta qilmadi, faqatgina kutubxonadagi qon dog‘i har kuni ertalab yana paydo bo‘lib, hammaning g‘ashiga tegayotgandi. Buning sababini tushuntirish qiyin, chunki har kuni kechqurun xona eshigini mister Otisning o‘zi qulflaydi, deraza qopqalari esa mustahkam tambalar bilan yopiladi. Ikkinchi tomondan, dog‘ rangining o‘zgarib turishi ham izoh talab qiladi. U ba’zan qora-qizil, boshqa paytlari esa qirmizi tusga kiradi. Bir kuni yepiskopal cherkovning isloh qilingan Amerikacha erkin ko‘rinishiga mansub va soddalashtirilgan marosim bo‘yicha oilaviy ibodat qilish uchun hamma pastda yig‘ilganida dog‘ zumrad-yashil tusda ekanligini ko‘rishdi. Ranglar kutilmagan tarzda almashinib turishi, tabiiyki, oila a’zolarini judayam qiziqtirib qoldi va ular har kuni kechqurun erta tongda qaysi rang paydo bo‘lishi ustida garov o‘ynay boshlashdi. Yolg‘iz jajji Virjiniyagina bu o‘yinlarga qo‘shilmasdi, qon dog‘ini har gal ko‘rganida u nima uchundir ma’yuslanib qolardi, u yashil tusga kirgan kuni esa sal bo‘lmasa yig‘lab yuboray dedi.
Dushanbaga o‘tar kechasi ruh o‘zini ikkinchi marta namoyish etdi. Oila endigina yotganida birdaniga xolldan dahshatli gursillash eshitilib qoldi. Hamma qo‘rqib ketib, pastga yugurib tushganida taglikda turgan ritsarlik sovuti qulab, yirik-yirik qismlari polda yotganini, baland suyanchiqli oromkursida esa Kentervillik arvoh tizzalarini silaganicha og‘riqdan afti burishib o‘tirganini ko‘rishdi. Egizaklar shu zahotiyoq kamonchadan merganlik bilan bittadan o‘q uzib qolishga ulgurishdi – ular bu qadar mahoratga husnixat o‘qituvchisini nishonga olib, uzoq davom etgan jiddiy mashqlar tufayli erishishgan edi. Qo‘shma Shtatlar elchisi esa arvohga to‘pponcha o‘qtalib, Kaliforniya odati bo‘yicha “Qo‘lingni ko‘tar!” dedi.
Ruh irg‘ib turdi-da, alamli hayqiriq bilan ular orasini tumandek yorib o‘tdi, Vashingtonning qo‘lidagi shamni o‘chirib, hammani zulmat qo‘ynida qoldirdi. U zinapoyaning yuqori maydonchasiga chiqib, biroz nafas rostlagach, o‘zining mashhur iblisona qahqahasini ishga solishga qaror qildi, chunki bu unga bir necha marta muvaffaqiyat keltirgandi. Aytishlaricha, shu mash’um qahqaha tufayli lord Reykerning yasama sochi bir kechada oqarib ketganmish. Ledi Kentervilning uch nafar guvernant ayollari qasrda hali bir oy ishlamay turib qochib ketishlariga ham ana shu mudhish xoxolash sabab bo‘lgani shubhasiz. Ana shu voqealarni eslagan arvoh shu darajada iblisona qahqaha urdiki, qasrning qadimiy gumbazlari ko‘chib tushishiga oz qoldi. Biroq dahshatli aks sado tingan zahoti eshik ochilib, uning ro‘parasiga oqish-zangori kapotedagi missis Otis chiqib keldi.
– Tobingiz qochgan ko‘rinadi, – dedi u. – Siz uchun doktor Dobellning damlamasidan keltirdim. Agar oshqozoningiz azob berayotgan bo‘lsa, u yordam qiladi.
Ruh unga qahr bilan qaradiyu qora itga aylanishga shaylandi, chunki bu iste’dodi unga katta shon-shuhrat keltirgandi. Misol uchun lord Kentervilning amakisi, mo‘‘tabar Tomas Xorton bedavo telbalik dardiga yo‘liqqaniga oilaviy shifokor ana shu hodisani sababchi qilib ko‘rsatgan. Biroq yaqinlashib kelayotgan qadam tovushlari arvohni bu niyatidan voz kechishga undadi. Natijada u fosfor yanglig‘ zaifgina yog‘dulana boshlash bilan kifoyalanishiga to‘g‘ri keldi va egizaklar yetib kelayotgan lahzada qabristonda eshitiladigan og‘ir ingroq bilan g‘oyib bo‘lishga ulgurib qoldi.
Boshpanasiga yetib borganida u o‘zini mutlaqo yo‘qotib qo‘ydi va qattiq iztirobga tushdi. Egizaklarning tarbiyasizligi va missis Otisning dag‘al moddiyunchiligi uni bag‘oyat sarosimaga solgandi, biroq sovutni kiyishga muvaffaq bo‘lolmagani unga hamma narsadan ko‘proq alam qilardi. U, hatto hozirgi amerikaliklar ham sovut kiygan arvohni ko‘rganda jilla qursa o‘z milliy shoirlari Longfellening hurmati uchun jindek cho‘chib qo‘yishsa kerak, deb taxmin qilgandi. Kentervillar shaharga ketgan paytlari arvoh shoirning nafis va huzurbaxsh she’riyati ustida soatlab o‘tirganlari behuda emas, albatta. Keyin, u yog‘ini surishtiradigan bo‘lsak, bu uning o‘z sovuti-ku, axir! Ser Simon de Kentervil o‘shanda – Kenilvortda o‘tgan turnirda mana shu sovutda bag‘oyat shavkatli bo‘lib ko‘ringan va hatto yosh malikaning o‘zidan beqiyos zo‘r maqtovni eshitish sharafiga muyassar bo‘lgan edi. Mana endilikda zalvorli ko‘krak zirhi va po‘lat dubulg‘a unga juda og‘irlik qilib qolibdi – sovutni kiyganida u tosh sahnga yiqilib tushdi, tizzalari va o‘ng qo‘l barmoqlari ezilib ketdi.
Arvoh mazasi bo‘lmay chinakamiga yotib qoldi va bir necha kungacha xonasidan chiqqani yo‘q, faqat kechalari qon dog‘ini yetarlicha tartibda saqlab turish uchungina borib kelardi, xolos. Biroq o‘z-o‘zini mohirona shifolashi tufayli tezda sog‘ayib ketdi va endi elchi bilan uning oila a’zolarini uchinchi marta qo‘rqitib ko‘rishga qaror qildi. Shu maqsadda o‘n yettinchi avgust jumani belgiladi va bir kun avval allamahalgacha kiyimlarini ko‘zdan kechirib chiqdi. Oxiri qizil pat qadalgan baland, keng hoshiyali shlyapani, bo‘g‘zi va yenglarida qon dog‘lari bo‘lgan kafanni hamda zanglagan xanjarni tanladi. O‘sha kuni kechga borib jala quyib berdi, shamol shu qadar quturdiki, eski uyning barcha deraza-eshiklari naq nari borib, beri kelardi. Ammo bunday ob-havo uning uchun ayni muddao edi.
Rejani quyidagicha tuzdi. Birinchi navbatda Vashington Otisning xonasiga ohista kirib boradi, oyoq tomonida bir nimalarni to‘ng‘illaganicha turaveradi, keyin yuraklarni uvishtirib yuboruvchi musiqa sadolari ostida o‘z bo‘g‘ziga uch marta xanjar uradi. Vashingtonga nisbatan uning alohida bir alami bor, chunki Kentervilning mashhur Qon Dog‘ini jin urgur allaqaysi bir Pinkortonning namunaviy tozalagichi bilan o‘chirishni ana shu yigitcha odat qilib olganini u judayam yaxshi biladi. Mana shu beaql va beodob o‘smirni qo‘rquvdan taxta qilib qo‘yganidan keyin Qo‘shma Shtatlar elchisi bilan rafiqasining yotoqxonasiga o‘tadi. Muzdek ter bosgan qo‘lini missis Otisning peshanasiga turtganicha, uning dir-dir titrayotgan eriga daxmaning dahshatli sirlarini shivirlab aytaveradi.
Jajji Virjiniyaga nisbatan qanday yo‘l tutishini hozircha aniq o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Chiroyli va oqko‘ngil bu qiz uni biron marta ham ranjitmadi. Bu o‘rinda javon ichidan turib bir necha marta bo‘g‘iq ingrashning o‘zi kifoya qilar, hoynahoy. Mabodo qiz shunda ham uyg‘onmasa, arvoh akashak bo‘lib qolgan titroq barmoqlarida uning ustidan choyshabni tortadi.
Egizaklarning esa yaxshilab ta’zirini berib qo‘yish kerak. Avvalambor ularning ko‘kragiga o‘tirib olib, vahimali tushlar ta’sirida tipirchilashlarini ko‘rib bir miriqadi. Keyin, zumrashalarning karavoti bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun o‘rtada muzdek va ko‘karib ketgan murda bo‘lib qaqqayib turib oladi. Tirmizaklar azbaroyi dahshatdan o‘lar holatga kelib qolmagunlaricha shu alfozda turaveradi. So‘ngra ustidagi kafanni irg‘itib, oppoq suyaklarini namoyish qiladi, bitta ko‘zini gir-gir aylantirganicha xonada u yoqdan-bu yoqqa yuraveradi – Besas Dannil yoki o‘z joniga qasd qilganning skeleti rolida xuddi shunday qilgandi. Bu juda kuchli rol bo‘lib, uning mashhur Telba Martin yoki Maxfiy Sir rolidan aslo qolishmaydi, tomoshabinlarga bir necha marta qattiq ta’sir ko‘rsatgan.

Soat o‘n yarimda ovozlar pasayganiga qarab, u butun oila dam olishga tarqalganini tushundi. Lekin o‘qtin-o‘qtin kuchli qiyqiriq va xoxolash unga allamahalgacha xalaqit berib turdi – egizaklarning sho‘xligi, o‘yinqaroqligi hatto uyquni ham kalaka qilayotgandek edi. Biroq o‘n birdan chorak o‘tganda uyga sukunat cho‘kdi, roppa-rosa yarim tunda esa arvoh ishga chiqdi.
Boyqushlar derazaga kelib urilishar, qarg‘a qari eman tepasida qag‘illar, shamol qadimiy qasr atrofida gir aylanib, bezovta ruhdek ingrar va sarsonu sargardon kezardi. Otislar esa hech nimadan xavotirlanmagan ko‘yi xotirjam uxlashmoqda, hattoki elchining xurrak tovushi yomg‘ir shatirlashiyu bo‘ron uvillashini bosib ketgan. Ruh ajin bosgan lablarida zaharxanda kulgu bilan devorga qoplangan taxta orasidan ohista chiqdi. O‘zining va o‘ldirgan xotinining gerblari zarhal bilan tushirilgan fonusni ko‘targanicha deraza yonidan biqinib o‘tayotgan paytida oy bulutlar ortiga yashirindi. U mudhish soya yanglig‘ hanuz olg‘a intilar, hattoki tungi zulmatning o‘zi ham unga jirkanib qarayotgandek tuyulardi.
To‘satdan uni kimdir chaqirgandek bo‘ldi-yu, turgan joyida toshdek qotdi, – yo‘q, qo‘shni fermada it vovullagan ekan. U o‘z yo‘lida davom etarkan, XVI asrning endilikda hech kimga tushunarsiz so‘kishlarini to‘ng‘illaganicha va zang bosgan xanjarni havoda sermaganicha borardi. Nihoyat, badbaxt Vashingtonning xonasiga olib boradigan yo‘lak boshlanuvchi muyulishga ham yetib keldi. Shu yerda biroz nafas rostladi. Shamol uning oppoq sochlarini to‘zg‘itar, qabr hidi anqigan kafanida ta’rifga sig‘mas darajada dahshatli burmalar hosil qilardi. Soat o‘n ikkidan chorak o‘tdi va arvoh intiqom lahzasi yetib qolganini sezdi.
U mamnun holda hiringlab muyulishdan o‘tdi va bor-yo‘g‘i bir qadam qo‘yganini biladiki, ayanchli faryod urgancha o‘zini orqaga tashlab, dokadek oqarib ketgan yuzlarini uzun, qoqsuyak qo‘llari bilan berkitib oldi. Uning naq ro‘parasida dahshatli sharpa, telbaning alahsirashiga ko‘rinadigan maxluq haykaldek qilt etmay turardi. Boshi tap-taqir, silliq, dumaloq yuzlari murdanikidek oppoq, mudhish tirjayishi basharasida bir umr qotib qolgandek. Ko‘zlaridan qip-qizil nur sochiladi, og‘zi olov qaynayotgan quduqdek, arvohnikiga o‘xshab ketuvchi mash’um libosi – qordek oq kafan baquvvat tanasini chirmab olgan. Sharpaning ko‘kragiga osilgan taxtachada qadimiy harflarda allaqanday yozuv bitilgan. Alamli mag‘lubiyat, yaramas illatlar, vahshiylarcha yovuzliklar haqida bo‘lsa kerak u, hoynahoy. Sharpa o‘ng qo‘lida yarqiroq po‘lat shamshirni baland ko‘tarib turibdi.
Kentervil ruhi shu paytgacha hech qachon arvohlarni ko‘rmagandi, shundan o‘lguday qo‘rqib ketdi, vahimali sharpaga ko‘z qiri bilan yana bir bor nazar tashladiyu tiraqaylab qochib qoldi. Oyog‘ini qo‘liga olib yugurar ekan, kafaniga o‘ralashib hansirardi, zanglagan xanjarni yo‘l-yo‘lakay elchining boshmog‘i ustiga tushirib yubordi va uni ertalab qasr sarkori topib oldi. Xonasiga yetib kelib o‘zini xavfsizlikda sezgan ruh qattiq to‘shagiga kirib, boshini choyshabga burkab oldi.
Biroq ko‘p o‘tmay unda Kentervillarning azaliy jasorati uyg‘ondi va tong yorishgan zahoti borib, o‘sha arvoh bilan gaplashishga ahd qildi. Atrofdan adirlar kumushrang tusda ko‘zga tashlangani hamono qo‘rqinchli sharpani uchratgan joyiga qaytdi. U o‘ylab ko‘rib, arvohlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshiligini tushundi, yangi sherigining yordamida egizaklarni jilovlab olishdan umid qildi.
Ammo arvoh o‘sha joyga yetib kelganida ko‘z o‘ngida mash’um manzara namoyon bo‘ldi. Sharpa allaqanday bir kulfatga uchragan ko‘rinadi. Ko‘zlaridan nur yo‘qolib, bo‘m-bo‘sh chanoqlar qolgan, yarqiroq shamshir qo‘lidan tushib ketgan, o‘zi esa qandaydir g‘alati, beo‘xshov bir tarzda devorga suyalib turibdi. Kentervil ruhi yugurib borib uni quchoqlab olgandi – o, qanday dahshat! – sharpaning boshi uzilib, polda dumalab ketdi, tanasi qoq o‘rtasidan bo‘lindi. Arvoh qarasaki, qo‘lida bor-yo‘g‘i oq choyshabni tutib turibdi, oyog‘i ostida esa supurgi, oshxona pichog‘i va ichi bo‘sh qovoq yotibdi. U aqlga sig‘mas bu evrilishni qanday tushunishni bilolmay, garangsigan qiyofada, titroq qo‘llari bilan yozuvli taxtachani oldi va unda tong g‘ira-shirasida quyidagi dahshatli so‘zlarni o‘qidi:

Otis firmasining ruhi!
Haqiqiy va o‘ziga xos yakkayu yagona arvoh!
Soxta arvohlardan ehtiyot bo‘ling!
Shu arvohdan boshqa bari – qalbaki!

Hamma narsa ayon bo‘lgandi. Demak, uni aldashibdi, yosh boladek laqillatishibdi, boplab chuv tushirishibdi! Arvohning ko‘zlari Kentervillarning avvalgi o‘ti bilan yondi, u tishsiz milklarini g‘ichirlatib, zaif qo‘llarini osmonga cho‘zib, qasam ichdi – qadimiy nutqlarning eng yaxshi namunasiga rioya etgan holda, xo‘roz ikki marta qichqirishga ulgurmay turib, bu uyda qon to‘kiladi va qotillik xonama-xona besas keza boshlaydi, deb ont ichdi!
Bu dahshatli qasam so‘zlarini aytib ulgurgan ham ediki, yaqin oradagi qizil cherepitsali tom ustida xo‘roz qichqirdi. Ruh bo‘g‘iq ovozda, zaharxandalik bilan uzoq va miriqib kuldi, keyin kuta boshladi. Biroq, bir necha soat kutsa hamki, xo‘roz negadir boshqa qichqirmadi. Va nihoyat, soat yetti yarimlarda xizmatkorlarning qadam tovushlari eshitilib, arvohni karaxtlik holatidan chiqarib yubordi, u xonasiga qaytib, amalga oshmagan rejalari va puchga chiqqan umidlariga qayg‘ura boshladi. Keyin qadimgi ritsarlik haqidagi eng sevimli kitoblaridan bir qanchasini ko‘rib chiqdi, ularda esa har gal shu qasam aytilganda xo‘roz ikki marta qichqirishi kerakligi yozilgandi.
– Ha, bo‘yning uzilgur befarosat parranda! – deb yanidi u. – Bir kuni kelib, nayzam tomog‘ingga sanchiladi-yu, ana o‘shanda o‘lim oldidan xirillashingni eshitaman.
Shundan so‘ng u qo‘rg‘oshin tobutiga qulay joylashib olib, qoron-g‘u tushgunicha yotdi.

4

Ertalab ruh o‘zini juda ezilgan bir holatda sezdi. Butun bir oy mobaynidagi kuchli zo‘riqish o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlagan edi. Asablari qaqshagan, tiq etgan tovushdan sapchib ketadigan bo‘lib qolgandi. Besh kun xonasidan chiqmadi, bor-e, menga nima, deb qon dog‘idan ham xabar olmay qo‘ydi. Modomiki qon dog‘i Otislarga kerak emas ekan, demak, ular unga munosib emas. Aftidan, Otislar g‘ayritabiiy hodisalarning ramziy ma’no-mazmunini anglab yetishga mutlaqo layoqatsiz bo‘lgan sho‘rlik moddiyunchilarga o‘xshab ketadi. Samoviy belgi-alomatlar bilan astral*** jismlarning holati masalasi bahs talab etmaydigan alohida soha, albatta, ochig‘ini aytganda, uning vakolat doirasiga kirmaydi ham.
Biroq haftada bir marta yo‘lakda paydo bo‘lish hamda har oyning birinchi va uchinchi chorshanbasida bog‘ tomonga qaragan deraza yonida har balolarni to‘ng‘illab o‘tirish arvohning muqaddas burchi. Ammo u mana shu vazifalaridan o‘z qadrini yerga urmagan holda voz kechishning hech bir ilojini topolmayapti-da. To‘g‘ri, yer yuzidagi umriga gunohga botib yashadi, lekin endi bu dunyoda hamma narsaga vijdonan, sidqidildan yondashadigan bo‘lib qoldi. Shu sababli ham keyingi uchta shanbada u odatiga ko‘ra yarim tundan soat uchga qadar hamon yo‘laklarni aylanib yurar, biroq uni hech kim ko‘rmasligi, sharpasini eshitmasligi uchun barcha ehtiyot choralarni qo‘llardi. Shu maqsadda hasharotlar kemirib tashlagan yupqa pol taxtalari g‘ichirlamasligi uchun etik kiymay, yengil qadam tashlab yurar, egniga keng va qop-qora barqut yomg‘irpo‘sh tashlab olgandi. Oyoq-qo‘llaridagi zanjirlarni “Demokratik partiyaning balqiyotgan quyoshi” nomli mashina moyi bilan yaxshilab moylab turishni ham hech qachon unutmasdi.
Aslini olganda-ku, xavfsizlikning bu so‘nggi chorasini qo‘llashga ko‘nikishi oson kechgani yo‘q. Ammo har qalay bir kuni kechqurun, oila a’zolari ovqatlanib o‘tirishgan paytda, mister Otisning xonasiga kirib, bir shisha mashina moyini ko‘tarib chiqdi. To‘g‘ri, u o‘zini biroz xo‘rlangandek his qildi, lekin bu holat tezda o‘tib ketdi. Pirovard-oqibatda esa oqilona ish tutish tuyg‘usi ustun keldi va u mazkur ixtiro muayyan afzalliklarga ega ekanini, ma’lum darajada unga foydasi tegishi mumkinligini tan oldi.
Biroq arvoh qanchalik ehtiyotkor bo‘lmasin, uni tinch qo‘yishmasdi baribir. Masalan, qorong‘uda yurganida yo‘lakka tortib qo‘yilgan arqonga hadeganda qoqilib ketaveradi. Bir gal esa, Qora Isaak yoki Xogley o‘rmonlari ovchisi rolida kiyinib chiqqanida sirpanib ketib, qattiq lat yedi. Chunki tirmizak egizaklar gobelenlar zaliga kiraverishdan tortib, to eman yog‘ochli zinapoyaning yuqori maydonchasiga qadar polga moy surtib chiqishgan ekan. Bu arvohni shunchalik g‘azablantirib yubordiki, u o‘zining oyoqosti qilingan qadr-qimmati va haq-huquqlarini so‘nggi bor himoya qilishga va Itonning bu bezbet talabalari ko‘z o‘ngida o‘zining Jasur Ruper yoki Boshsiz Graf nomli mashhur rolida namoyon bo‘lishga ahd qildi.
Bu rolni o‘ynamay qo‘yganiga yetmish yildan ham oshdi. Oxirgi martasida sohibjamol ledi Barbara Modish uni ko‘rib o‘takasi yorilgan va qallig‘i hozirgi lord Kentervilning bobosiga turmushga chiqishdan voz kechib, ko‘rkam yigit Jek Kaslton bilan Grenta-Gringa qochib ketgandi. Barbara bu ishini dahshatli arvoh g‘ira-shirada ayvonda bamaylixotir sayr qilib yurishiga yo‘l qo‘yib beriladigan oilaga o‘laqolsam qadam bosmayman, deb izohlaydi. Ko‘p o‘tmay bechora Jek Vondsvort yaylovida lord Kentervilning o‘qiga uchdi, Barbara esa yuragi vayron bo‘lib, bir yilga borar-bormas Tanbrij-Uelsda olamdan o‘tdi.
Xullas, bu rol har tomonlama muvaffaqiyatli chiqishi kerak. Biroq buning uchun g‘ayritabiiy olam yoki til bilan aytganda, “oliy darajadagi tabiiy olam” – joiz bo‘lsa, juda murakkab grim kerak edi va u bunga naq uch soat vaqt sarfladi. Nihoyat, hamma ish bitdi va u o‘zining ko‘rinishidan mamnunlik tuydi. To‘g‘ri, bu libosga zarur bo‘lgan charm botfort – tizzagacha yetadigan keng qo‘njli etik unga biroz kattalik qilar, ustiga-ustak, egar to‘pponchalaridan biri ham allaqaysi go‘rga g‘oyib bo‘lgandi, ammo umuman olganda, qiyofasi yomon emasdek tuyulardi.
Soat ikkidan roppa-rosa chorak o‘tganida arvoh devorning taxta qoplamasi ichidan chiqib, yo‘lak bo‘ylab biqinib ketdi. Gulqog‘ozlar va darparda rangi tufayli “Zangori yotoqxona” deb nom olgan egizaklar xonasiga yetib borganida eshik qiya ochiqligini ko‘rdi. Arvoh butun vajohati bilan mumkin qadar ko‘proq dahshat solishga shoshilib, eshikni lang ochdi... va shu zahotiyoq suv to‘la bahaybat ko‘za boshiga ag‘darildi. Ko‘za-ku chap yelkasiga tegar-tegmay o‘tdi-ya, ammo boshdan-oyoq shiltai shalabbo qilgani rasvo bo‘ldi. Shu lahzadayoq egizaklar yotgan joydan qiyqiriq va xoxolash yangradi.
Arvohning asablari dosh berolmasdi. Oyog‘ini qo‘lga olganicha xonasiga yugurdi-yu, ertasiga shamollab yotib qoldi. Xayriyatki, boshsiz chiqqani, aks holda jiddiyroq shikastlanishi hech gap emasdi. Shugina ko‘ngliga taskin berardi.
Endi u qo‘pol amerikaliklarni qo‘rqitishdan butunlay umid uzdi. Aksari payt oyog‘iga latta shippak ilib, shamollab qolmaslik uchun bo‘yniga katta qizil sharf o‘rab, egizaklar hujum qilib qolsa, deb har ehtimolga qarshi kichik bolta ko‘targan holda yo‘laklarni kezib yurishning o‘zi bilan kifoyalanishga majbur edi.
O‘n to‘qqizinchi sentyabrda arvohga so‘nggi zarba berishdi. O‘sha kuni u hech kim bezovta qilmaydi, deb ishongan joyi – xollga tushdi va Qo‘shma Shtatlar elchisi bilan rafiqasining Saronida ishlangan hamda Kentervillar ajdodlarining suratlari o‘rniga qo‘yilgan yirik fotosuratlari ustidan kulib o‘tirgan bo‘ldi. Arvoh oddiygina, ammo batartib kiyingan – u yer-bu yerigina qabrda chirib ketgan uzun kafanga o‘ralib olgan edi. Pastki jag‘iga sariq ro‘mol bog‘lagan, qo‘llarida esa fonus bilan go‘rkovlar belkuragi.
Aslida u o‘z ijodining eng yaxshi namunalaridan biri – dafn etilmagan Ion yoki Sertseydagi Murdalar o‘g‘risi rolida kiyinib olgandi. Bu rolni Kentervillarning bari juda yaxshi eslashadi va buning sababi ham bor – aynan o‘sha kezlari ular qo‘shni lord Rafford bilan urishib qolishgandi. Soat uchdan chorak o‘tganida arvoh butun vujudi quloqqa aylanib tinglasa ham tiq etgan biron tovush eshitmadi. Shunda u qon dog‘idan nima qolganini ko‘rish uchun kutubxonaga oyoq uchida o‘tib borayotgandi, qorong‘u burchakdan birdaniga ikkita sharpa otilib chiqdi va uning boshi ustida qo‘llarini jazava bilan siltagancha, naq quloqlari ostida “U-u-u!” deb chinqirib yubordi.
Nogahoniy hujumdan esankiragan, borlig‘ini vahima qamrab olgan arvoh zinapoyaga otildi, ammo bu yerda uni Vashington bog‘da ishlatiladigan katta dori purkagich bilan kutib turgan ekan. Har tomonlama dushmanlari qurshovida qolgan ruh jonholatda katta temir pechka ichiga o‘zini urdi – yaxshiyamki, unga o‘t yoqilmagan ekan! – va mo‘ri orqali boshdan-oyoq kir-chir, kafani uvada, qalbi alam-iztirobga to‘liq bir alfozda o‘z manziliga bir amallab yetib oldi.
Shundan keyin u kechalari tashqariga chiqishni bas qildi. Zumrashalar yana bir necha marta pistirma qo‘yishdi, ota-onalari va xizmatkorlarning qattiq noroziligiga qaramay, har kuni kechqurun yo‘lakka yong‘oq po‘choqlarini sochib chiqishdi, ammo bularning hech biridan naf bo‘lmadi. Chamasi, ruh o‘zini shu qadar tahqirlangan deb bilardiki, uy egalariga boshqa ko‘rinishni istamasdi. Shu sababli mister Otis demokratik partiyaning tarixi bo‘yicha ko‘p yillardan beri yozayotgan asari ustida ishini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Missis Otis dengiz sohilida ajoyib sayr uyushtirib, butun graflikni qoyil qoldirdi, chunki dasturxondagi jamiki taomlar mollyuskadan tayyorlangan edi.
Bolakaylar lakrose, poker va boshqa xil amerikacha milliy o‘yinlarga berilib ketishdi. Virjiniya esa o‘z poni otida xiyobonlar bo‘ylab, ta’tilining so‘nggi haftasini Kentervil qasrida o‘tkazayotgan yosh Cheshir gersogi bilan birgalikda sayr qilib yurardi. Hammalari arvoh bu yerdan ketib qoldi, deb ishonishdi va mister Otis bu haqda lord Kentervilga yozma ravishda ma’lum qildi. U esa javob maktubida bu voqeadan xursandligini bildirdi va elchining muhtarama rafiqasiga tabrik yo‘lladi.
Biroq Otislar yanglishgandi. Arvoh uyni tark etmagan, garchi endi deyarli majruh ekaniga qaramay, ularni butkul tinch qo‘yishni hatto xayoliga ham keltirmasdi. Mehmonlar orasida yosh Cheshir gersogi borligini bilganidan keyin esa bu ahdi yanada qat’iylashdi. Chunki bu gersog bir vaqtlari Kentervillik arvoh-la tong otguncha qimor o‘ynab chiqaman, deb polkovnik Karberi bilan yuz gineyga garov bog‘lagan o‘sha lord Frensis Stiltonning jiyan nabirasi bo‘lardi-da. O‘shanda lord Stiltonni ertalab lomber xonasi polida falajlanib yotgan holda topishgan. Shundan keyin u yana uzoq yillar yashadi, ammo “olti dubl” degan ikkita so‘zdan boshqasiga tili aylanmadi sirayam.
Har ikkala nufuzli xonadonning sha’niga dog‘ tushmasligi uchun bu voqeani bosti-bosti qilib yuborishga har tomonlama urinib ko‘rishdi, ammo shunga qaramay, u o‘z vaqtida katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Bu to‘g‘ridagi tafsilotlarni lord Gettaning “Regent shahzoda va uning do‘stlari haqida xotiralar” asarining uchinchi jildidan topish mumkin. Tabiiyki, arvoh Stitonlarga avvalgi ta’sirini hanuz yo‘qotmaganini isbotlab bermoqchi bo‘ldi. Qolaversa, ularga uzoqroq qarindoshligi ham bor: uning jiyani ikkinchi oilasida monsenor de Balkliga turmushga chiqqan, Cheshir gersoglarining butun urug‘i shu odamdan boshlangani esa hammaga ma’lum.
Arvoh hatto, Vampir-rohib yoki Qonsiz Benediktchi nomli mash-hur rolini tiklash ustida ishlay boshladi; Virjiniyaning yosh muxlisiga shu qiyofada ko‘rinishga ahd qildi. Bu rolda u shunchalik dahshatli ediki, yangi 1764 yil arafasidagi o‘sha mash’um kunda unga ko‘zi tushib qolgan keksa ledi Startap jon achchig‘ida bir necha bor qichqirishga ulgurgan-u, keyin hushidan ketgan. Uch kundan keyin esa u Kentervillarni, o‘zining yaqin qarindoshlarini merosdan mahrum qilgancha va bor mol-mulkini londonlik bir dorixonachiga qoldirgancha, olamdan ko‘z yumgan.
Biroq, egizaklar oldidagi qo‘rquv so‘nggi daqiqada arvoh o‘z xonasidan chiqishiga yo‘l qo‘ymadi va yosh gersog qirol yotoqxonasida xotirjam uxladi. U tushida Virjiniyani ko‘rdi.

5

Bir necha kundan keyin Virjiniya oltin sochli oshig‘i bilan Brokley yayloviga otda sayr qilish uchun bordi va jonli ihota orasidan o‘tayotib, amazonka libosini yirtib oldi. Shu sababli ham uyga qaytgach, hech kimga ko‘rinmay, yordamchi zina orqali o‘z xonasiga chiqmoqchi bo‘ldi. Ammo eshigi qiya ochiq gobelonlar zali yonidan yugurib o‘tayotganida nazarida xonada kimdir bordek tuyuldi. Onasining oqsochi ba’zan shu yerda u-bu narsa tikib o‘tirardi, unga ko‘ylagini tiktirib olishni o‘yladi. Qiz shu xayolda ichkari kirganida esa Kentervillik arvohni ko‘rib, hayratdan qotib qoldi.
U deraza yonida shamol daraxtlarning omonat oltin libosini ayovsiz yulqib tashlayotgani va sarg‘ish-qizg‘ish yaproqlarni uzun xiyobon bo‘ylab chirpirak qilib uchirib ketayotganini ma’yus kuzatib o‘tirardi. Boshini qo‘llariga tiragan, butun borlig‘idan og‘ir iztirob sezilib turibdi. U jajji Virjiniyaga shu qadar yolg‘iz va shu qadar ojiz qariya bo‘lib ko‘rinib ketdiki, qiz avvaliga yugurib borib, xonasiga yashirinib olishni o‘ylagan bo‘lsa ham endi unga achindi, yupatgisi keldi. Virjiniyaning qadam tashlashi shunchalik yengil, hamdardlik tuyg‘usi shunchalik kuchli ediki, to o‘zi gap boshlamagunicha, arvoh uni hatto payqamadi ham.
– Sizga judayam rahmim kelayapti, – dedi qiz. – Ammo ertaga ukalarim Itonga qaytishayapti, agar o‘zingizni yaxshi tutsangiz, endi sizni hech kim xafa qilmaydi.
– Men o‘zimni yaxshi tutishimni so‘rash bema’nilik, – deb javob berdi ruh u bilan gaplashishga jazm etgan chiroyligina qizchani ajablanib ko‘zdan kechirar ekan. – Ha, ha, g‘irt bema’nilik! Mabodo zanjirlarimni shaldiratishim, qulf teshigidan ingrashim, tunlari daydib yurishimni aytmoqchi bo‘lsang, bu mening vazifam-ku, axir! Mavjudligimning butun mazmun-mohiyati aynan ana shunda, agar bilsang!
– Bunda hech qanaqa ma’no yo‘q, qanchalik yomon odam bo‘lganingizni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Siz xotiningizni o‘ldirganingizni bu yerga ko‘chib kelgan kunimizning o‘zidayoq missis Amni aytib bergandi.
– Nima bo‘pti, – deya ijirg‘anib javob qildi ruh, – bu oilaviy masala, hech kimga daxli yo‘q.
– O‘ldirish umuman yaxshimas, – dedi Virjiniya. Yangi Angliyadagi qaysidir ijodidan unga meros bo‘lib o‘tgan puritancha axloq-odob, bunday voqealarga toqat qilolmaslik qizda goho yaqqol sezilib qolardi.
– Sizlarning sariq chaqaga qimmat, maza-matrasiz qarashlaringizga zarracha toqatim yo‘q! Xotinim o‘lguday ahmoq, noshud, uquvsiz edi. Kiyimlarimni aqalli biron marta ham durustroq kraxmallab bera olmagan. Ovqat pishirishga-ku umuman no‘noq edi. Bir gal Xogley o‘rmonidan bir yoshli, manaman degan erkak bug‘uni ovlab kelganimda undan nima pishirib berganini bilasanmi? Ha, mayli, endi gapirib nima qildim – o‘tgan ishga salavot. Men-ku, xo‘p, xotinimni o‘ldiribman, lekin uning ukalari meni ochdan o‘ldirishgani ham u qadar iltifotdan bo‘lmaydi har qalay.
– Ular sizni ochdan o‘ldirishganmi hali?! O, janobi ruh, kechirasiz, ser Simon demoqchi edim, rosayam ochiqib ketgandirsiz, hoynahoy? Sumkamda ozroq buterbrod bor edi. Mana, marhamat!
– Yo‘q, rahmat. Allaqachondan buyon hech narsa yemay qo‘yganman. Lekin baribir sen juda oqko‘ngil ekansan, mana shu tarbiyasiz, axloqsiz, vijdonsiz, jirkanch oila a’zolaring orasida eng yaxshisi o‘zingsan.
– Bunday deya ko‘rmang aslo! – deb qichqirdi Virjiniya yer tepinib. – Siz o‘zingiz tarbiyasiz, axloqsiz, jirkanch ruhsiz! Ana endi vijdonga keladigan bo‘lsak, o‘sha bema’ni qon dog‘ini chizish uchun mening qutichamdan bo‘yoqlarni kim o‘g‘irlaganini o‘zingiz juda yaxshi bilasiz. Oldiniga barcha qizil bo‘yoqlarni, so‘ngra boshqalarini oldingiz va men quyosh botishi manzaralarini chizolmay qoldim. Keyin zumrad-yashil va sariq bo‘yoqlarni ham gum qildingiz. Oxiri faqat to‘q yashil bo‘yoqlargina qoldi-yu, Oy manzaralaridan boshqa hech nimani chizolmayapman, bu esa o‘lguday zerikarli, chizish ham juda qiyin. Bundan qanchalik jahlim chiqmasin, hech kimga aytganim yo‘q. Umuman olganda, bularning bari nihoyatda kulgili narsa: qani, o‘zingiz ayting-chi, zumrad rangli qonni qayerda ko‘rgansiz, axir?
– Bo‘lmasa nima qilishim kerak edi? – dedi ruh endi bahslashishga urinmay. – Hozirgi vaqtda haqiqiy qonni topish osonmas, akang o‘zining namunaviy tozalagichini tiqishtiraverganidan ke-yin men ham sening bo‘yoqlaringdan foydalanishimga to‘g‘ri keldi, boshqa ilojim qolmagandi. Endi qon rangiga kelsak, bu har kimning ta’bi, agar bilsang. Misol uchun Kentervillarning qoni zangori, butun Angliya bo‘yicha eng zangorisi (aslzodalikka ishora – Tarj.). Darvoqe, siz amerikaliklarni bunaqa narsalar umuman qiziqtirmaydi-ku.
– Siz hech narsani bilmas ekansiz. Yaxshisi, Amerikaga borganingiz, u-bu narsa o‘rganganingiz ma’qulroq edi. Dadam sizga bepul chiptani bajonidil to‘g‘rilab beradi. To‘g‘ri, har xil iforlarga va, chamasi, arvohlarga aloqador narsalarga boj haqi juda katta, lekin sizni hech qanaqa to‘lovsiz o‘tkazib yuborishadi. Chunki bojxona amaldorlarining bari – demokrat. Nyu-Yorkda esa sizni ulkan muvaffaqiyat kutadi. Oddiygina boboy uchun yuz ming dollar berishga, oilaviy arvoh uchun esa undan ko‘proq pul to‘lashga tayyor turgan ko‘plab odamlarni bilaman.
– Sizning Amerikangiz menga yoqmasa kerag-ov.
– Nima, u yerda qadimiy va g‘aroyib hech narsa yo‘qligi uchunmi? – kinoya bilan so‘radi Virjiniya.
– Nega endi – bor. Kemalar flotingizni qadimiy, ma’naviyatingizni g‘aroyib deyish mumkin!
– Xayr, unaqada. Hozir borib dadamga aytay, egizaklarni yana bir haftaga uyda qoldirsin.
– Meni tashlab ketmang, miss Virjiniya! – deya xitob qildi ruh. – Shu qadar yolg‘izman, shu qadar baxti qaromanki!.. Ochig‘i, endi nima qilishni ham bilolmay qoldim. Uxlashni istayman, ammo ilojim yo‘q.
– Bu yana nimasi?! Buning uchun to‘shakka yotib, shamni o‘chirsangiz bas. Uxlamay o‘tirish qiyin, ayniqsa cherkovda. Uxlash esa judayam oson, hatto chaqaloqning ham qo‘lidan keladi.
– Uch yuz yil bo‘ldi uxlamaganimga, – dedi ruh g‘amgin ovozda, Virjiniyaning go‘zal moviy ko‘zlari hayratdan katta-katta ochildi. – Uch yuz yilki orom bilmayman, qalbim qaqshab ado bo‘ldi!
Virjiniyaning ko‘ngli bo‘shashib ketdi, nozik lablari gulbarglar singari titradi. U ruhga yaqin kelib tiz cho‘kdi va uning qarimsiq, serajin yuziga qaradi.
– Bechora arvohginam, – dedi u shivirlab, – nahotki yotadigan, uxlaydigan biron joyingiz bo‘lmasa-a?
– Yiroq-yiroqlarda, qarag‘ayzor ortida mo‘‘jazgina bog‘ bor, – dedi ruh osuda va orzu qilayotgandek ohangda. – U yerda maysalar qalin va bo‘liq, tun va tong yulduzlari oqarishib ko‘rinadi, u yerda bulbul kechasi bilan sayrab chiqadi. U tong otguniga qadar chahchahlaydi, osmonda billurday Oy yarqiraydi, bahaybat daraxtlar esa uxlab yotganlar ustida qo‘llarini cho‘zib, ularning oromini qo‘riqlaydi.
Virjiniyaning ko‘zlariga yosh to‘ldi, yuzini qo‘llari orasiga yashirdi.
– Bu O‘lim Bog‘imi? – deb so‘radi shivirlab.
– Ha, O‘lim Bog‘i. O‘lim go‘zal bo‘lishi kerak. Mayin va nam tuproq orasida yotasan, tepangda maysalar shitirlaydi, sukunatni tinglaysan. Kechagi, ertangi kunni bilmaslik, vaqtni unutish, hayotni bergan azoblari uchun kechirish va orom bag‘riga singib ketish naqadar yaxshi-ya! Sen menga yordam berishing mumkin. O‘lim darvozasi senga osongina ochiladi, chunki senda Muhabbat bor, Muhabbat esa O‘limdan kuchli!
Vujudiga muzdek bir nima tekkandek Virjiniya seskanib ketdi, o‘rtaga jimlik cho‘kdi. Qiz nazarida qo‘rqinchli bir tush ko‘rayotgandek edi.
Yana ruh tilga kirdi, uning ovozi shamol epkiniday, xo‘rsiniqday eshitilardi:
– Kutubxona derazasiga bitilgan qadimiy bashoratni o‘qigandirsan?
– O, necha martalab o‘qib chiqdim! – deya qiz boshini adl ko‘tardi. – Uni yoddan bilaman. Qadimgi va qora harflarda yozilgani uchun birdaniga o‘qish qiyin. U yerda bor-yo‘g‘i olti satr bor:

Bu yerda oltinsoch bolakay
Chin qalbdan ko‘z yoshi to‘kkani hamon
Duosi g‘am ila anduhni quvgay.
Bog‘da o‘rik gullar begumon –
Shunda bu uy shodlanar tamom,
Ruh-chi, uxlab topajak orom.

Faqat, bularning bari nimani anglatishini men bilmayman.
– Buning ma’nosi shuki, – dedi ruh mahzun ohangda, – sen mening gunohlarim uchun ko‘z yoshi to‘kishing kerak, illo o‘zimda ko‘z yoshi yo‘q, menga bag‘ishlab duo o‘qishing kerak, illo o‘zimda e’tiqod yo‘q. Ana o‘shanda, agar sen doimo oqko‘ngil, mehribon, bokira bo‘lsang, O‘lim Farishtasi menga shafqat qiladi. Kechalari dahshatli maxluqlar yoningga kelib, qo‘rqinchli so‘zlarni shivirlay boshlaydi, ammo senga zarar yetkaza olishmaydi, chunki do‘zaxning jamiki yovuzliklari go‘dakning pokligi oldida ojizdir.
Virjiniya javob bermadi, ruh esa uning oltin sochli boshi nechog‘li quyi solinganini ko‘rib, yanada qattiqroq iztirobga tushdi. Birdan qizcha o‘rnidan turdi. Uning rangi oqarib ketgan, ko‘zlarida esa ajoyib bir o‘t chaqnardi.
– Men qo‘rqmayman, – dedi u qat’iylik bilan. – Farishtadan sizga shafqat qilishini so‘rayman.
Ruh shodligidan oh urib, darhol o‘rnidan turdi, qizning qo‘lini olib, ko‘hna taomil bo‘yicha ta’zim qildi va lablariga bosdi. Uning barmoqlari muzdek edi, lablari kuydirib yuborganday bo‘ldi, ammo Virjiniya seskanmadi va ortiga qaytmadi, ruh esa uni nimqorong‘i zal bo‘ylab boshlab ketdi. Rangi unniqib ketgan yashil gobelenlardagi kichkina ovchi-tasvirlar o‘zlarining shokilalar bilan bezatilgan burg‘ularini chalib, uni ortga qaytarmoqchi bo‘lishdi. “Qayt ortingga, jajji Virjiniya! – deb qichqirishardi ular. – Qayt ortingga!”
Biroq ruh uning qo‘lini mahkam tutib olgandi, qiz ko‘zlarini yumdi. Tasviri kaminga o‘yib tushirilgan chaqchayma ko‘zli va kaltakesak dumli maxluqlar undan ko‘z uzmay shivirlashardi: “Ehtiyot bo‘l, Virjiniya, ehtiyot bo‘l! Seni qayta ko‘rarmikanmiz yana?” Ammo ruh oldinga tobora tezroq intilar, Virjiniya ularning gapini eshitmasdi.
Ular zal adog‘iga yetib kelishganida ruh to‘xtadi va qandaydir tushunarsiz so‘zlarni ohista aytdi. Qiz ko‘zlarini ochib, devor tumandek erib ketganini, uning orqasida esa zimziyo jarlik borligini ko‘rdi. Muzdek shamol kelib urildi va qiz kimdir uning yengidan tortqilayotganini sezdi.
– Tezroq, tezroq! – deb qichqirdi ruh. – Aks holda kechikamiz!
Taxta qoplama ular ortidan bir zumda yopildi va gobelenlar zali huvillab qoldi.

6

Oradan o‘n daqiqa o‘tib, choyga bong urilganda Virjiniya pastga tushmadi va missis Otis uni chaqirib kelgani lakeylardan birini yubordi. U qaytgach, yosh xonimni topolmaganini aytdi. Virjiniyaning oqshom dasturxoniga gul terib kelish odati bor edi, shu bois missis Otis avvaliga umuman xavotirlanmadi. Ammo soat oltiga zang chalganida ham undan darak bo‘lavermagach, ona bezovtalanib, egizaklarning opalarini izlash uchun bog‘ga yo‘lladi, o‘zi esa mister Otis bilan uyni boshdan-oyoq aylanib chiqdi. Olti yarimda bolalar qaytib, Virjiniyaning hech qanday izi topilmaganidan xabar berishdi. Hamma nihoyatda xavotirlangan, nima qilishni bilmasdi. Shu payt mister Otis lo‘lilar taboriga o‘z mulkida to‘xtash uchun ruxsat berganini eslab qoldi.
U darhol katta o‘g‘li bilan ikki nafar xizmatkorni olib, lo‘lilar to‘xtagan Blekfel o‘tlog‘iga yo‘l oldi. Qattiq hayajonga tushgan kichkina gersog qanday qilib bo‘lmasin ularga qo‘shilishga urindi, biroq mister Otis to‘palon chiqishi mumkinligini o‘ylab, bunga yo‘l qo‘ymadi. Lo‘lilar joyida yo‘q edi, ammo gulxan qoldig‘i hali iliq ekaniga va maysalar ustida idish-tovoqlar sochilib yotganiga qaraganda, ular shoshilinch suratda jo‘nab ketishganga o‘xshaydi. Mister Otis o‘g‘li bilan xizmatchilarga yaqin-atrofni ko‘zdan kechirishni tayinlab, o‘zi uyga yugurdi va butun graflik bo‘yicha barcha politsiya nozirlariga telegramma yo‘llab, daydilar yoki lo‘lilar o‘g‘irlab ketgan yosh qizchani axtarib topishni so‘radi.
So‘ngra ot keltirishlarini buyurdi va xotini bilan bolalarni dasturxon atrofiga zo‘rlab o‘tqazib, o‘zi qarol hamrohligida Askotga boradigan yo‘lga chiqdi. Lekin ular ikki mil masofani ham o‘tishmagandiki, orqadan ot dupuri eshitildi. Mister Otis o‘girilib qarab, kichkina gersog ponida quvib kelayotganini ko‘rdi, uning shlyapasi yo‘q, yuzlari esa bo‘g‘riqib ketgandi.
– Ma’zur tutgaysiz, mister Otis, – dedi bola nafasini rostlar ekan, – Virjiniya topilmaguncha tomog‘imdan ovqat o‘tmaydi. Xafa bo‘lmang-u, lekin bultur bizning unashtirilishimizga rozilik bildirganingizda mana bunaqa voqea ham yuz bermagan bo‘lardi. Siz meni orqaga qaytarib yubormassiz har qalay, to‘g‘rimi? Men uyga qaytishni istamayman, umuman, hech qayerga ketmayman!
– Elchi bu yoqimtoy quloqsiz bolaga qarab, kulgusini tutib turolmadi. O‘smirning sadoqati unga qattiq ta’sir qilgandi, keyin egar ustidan engashib, uning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
– Nachora, nimayam qilardim, – dedi u, – modomiki ortga qaytishni istamas ekansiz, safimizga qo‘shib olishimizga to‘g‘ri keladi. Faqat Askotda sizga shlyapa sotib olmasak bo‘lmaydi.
– Menga shlyapa kerakmas! Menga Virjiniya kerak! – deb kuldi kichkina gersog va ular temir yo‘l bekati tomon ot surib ketishdi.
Mister Otis bekat boshlig‘idan bu yerdan qiyofasi Virjiniyaga o‘xshab ketuvchi qizchani ko‘rgan-ko‘rmaganini surishtirib bilishni iltimos qildi, biroq afsuski, hech kim tayinli javob ayta olmadi. Shunga qaramay, bekat boshlig‘i yo‘ldagi barcha bekatlarga telegraf orqali xabar berdi va mister Otisni qidiruv ishlari uchun hamma choralarni ko‘ramiz, deb ishontirdi. Egasi endigina yopmoqchi bo‘lib turgan do‘konchadan kichkina gersogga shlyapa sotib olgach, elchi Beksli qishlog‘iga yo‘l oldi. Unga yetkazilgan bir xabarga ko‘ra, bekatdan to‘rt mil masofadagi bu joyda jamoaga qarashli kattagina o‘tloq bo‘lib, lo‘lilar tez-tez yig‘ilib turisharkan. Mister Otisning hamrohlari qishloq politsiyachisini uyg‘otishdi, ammo undan tuzuk-quruq biron ma’lumot olisholmagach, uyga qaytishdi. Ular qasrga soat o‘n birlarda horigan, ezilgan, xavotir, iztirobga to‘lgan holda yetib borishdi.
Darvoza oldida Vashington bilan egizaklar fonus ko‘tarib kutib olishdi: boqqa allaqachon qorong‘ilik tushgandi. Virjiniyaning hech qanday izlari topilmabdi. Lo‘lilarga Brokley o‘tlog‘ida yetib olishibdi, lekin ular orasida qiz yo‘q ekan. Lo‘lilar qarorgohdan shoshilinch jo‘nab ketganlarini Cherton yarmarkasiga kechikib qolishdan qo‘rqqanlari bilan izohlashdi, chunki u ochiladigan kunni adashtirib yuborishgan ekan. Qizcha yo‘qolganini bilib, lo‘lilarning o‘zi ham tashvishga tushishdi va to‘rt kishini qidiruvga yordam berish uchun qoldirishdi, zotan, ular o‘z mulkida to‘xtashga ruxsat bergani uchun mister Otisdan bag‘oyat minnatdor bo‘lishgandi.
Shundan keyin qasrning har bir burchagini, hatto zog‘orabaliqlari bilan mashhur bo‘lgan havzani ham sinchiklab tekshirib chiqishibdi. Xullas, Virjiniya bu kecha ularning yonida bo‘lmasligi yaqqol ko‘rinib turardi. Mister Otis va bolalar boshlarini quyi solgancha uyga qarab yurishdi, qarol ular ortidan ikkita ot bilan ponini yetaklab kelardi. Xollda tashvishli qiyofadagi xizmatkorlar kutib olishdi. Kutubxonadagi divanda esa missis Otis xavotir va qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotar darajada yotar, uy boshqaruvchi kampir uning chekkalariga atir surtib o‘tirardi. Mister Otis xotinini tamaddi qilib olishga ko‘ndirdi va dasturxonga ovqat tortishni buyurdi. Bu juda g‘amgin davra edi. Hamma dilgir kayfiyatda, hatto egizaklar ham sho‘xligini unutib jim bo‘lib qolishgan, chunki opalarini nihoyatda yaxshi ko‘rishardi.
Ovqatlanib bo‘lishgandan keyin mister Otis tunda baribir hech nima qilib bo‘lmaydi, ertalab esa o‘zim telegraf orqali Skotland-Yarddan zudlik bilan izquvarlarni chaqiraman, deb kechkina gersogning o‘tinib so‘rashlariga ham qaramay, hammani uxlashga jo‘natdi. Ular yemakxonadan chiqishayotgan paytda cherkov soati yarim tunga zang chala boshladi va so‘nggi zang tovushi yangrashi bilan birdaniga nimadir harsillab-tarsillab ketdi-yu, baland xitob ovozi eshitildi. Momaqaldiroqning dahshatli guldurosidan uy larzaga keldi, allaqayerdan samoviy musiqa ohanglari yangradi va shu lahzadayoq zinapoyaning yuqori maydonchasida taxta qoplamaning bir bo‘lagi gursillab qulab tushdi va devor ichidan rangi oqarib ketgan, qo‘llarida jajji quticha ushlagan Virjiniya chiqib keldi.
Ko‘z ochib-yumguncha uni hamma o‘rab oldi. Missis Otis qizini bag‘riga mahkam bosdi, kichkina gersog otashin bo‘salarga ko‘mib tashladi, egizaklar esa gir aylanib, yovvoyilarning jangovar raqsiga tusha boshlashdi.
– Qayerda eding, Virjiniya? – deya qat’iy ohangda so‘radi mister Otis, u qizim bizga qandaydir qaltis hazil qildi deb o‘ylayotgandi. – Biz seni izlab Sesl bilan Angliyaning yarmini kezib chiqdik, onang esa qo‘rquvdan o‘layozdi. Bizga boshqa bunday hazil qilma hech qachon!
– Faqat ruhni laqillatsa bo‘ladi, faqat ruhni! – deb qiyqirishdi egizaklar telbalarcha irg‘ishlashar ekan.
– Bormisan, jonim bolam, topilding-ku, axir, Parvardigorga shukr, – derdi missis Otis titrayotgan qizini o‘pib, to‘zg‘ib ketgan oltin sochlarini siypalab turar ekan. – Endi yonimdan ketmagin sirayam, xo‘pmi?
– Dada, – dedi Virjiniya xotirjam ohangda, – men butun oqshomni ruh bilan birga o‘tkazdim. U o‘ldi, borib uni ko‘rishlaringiz kerak. Hayotligida juda yomon yashagan, biroq gunohlariga tavba qildi va menga ajoyib javohirlarga to‘la mana bu qutichani esdalikka taqdim etdi.
Hammalari Virjiniyaga hayrat aralash indamay tikilib turishar, lekin u o‘ta jiddiy qiyofada edi. Qiz shunday deb ularni devordagi teshikdan olib o‘tdi va uning ortidagi tor maxfiy yo‘lakchadan boshlab ketdi. Vashington stol ustidagi shamni olib, qatorga qo‘shildi. Nihoyat, Otislar emandan yasalgan va katta-katta mixlari zanglab ketgan zalvorli eshikka yetib kelishdi. Virjiniya qo‘l tekkizishi bilan eshik ochilib ketdi va ular shifti gumbazsimon, darchasiga panjara o‘rnatilgan pastak bir xonaga kirib qolishdi.
Tosh sahnda dahshatli skelet yotar, u devorga o‘rnatilgan bahaybat temir halqaga zanjir bilan bog‘langan edi. U o‘zining uzun barmoqlarini qadimiy likopga va kosaga cho‘zayotgandek ko‘rinar, ammo idishlar qo‘l yetmaydigan qilib qo‘yilgan edi. Ichini yashil tusli mog‘or qoplagan kosa bir paytlari suvga to‘la bo‘lganga o‘xshaydi. Likopchada esa bir hovuch gard qolgan, xolos. Virjiniya skelet yonida tiz cho‘kib, kichkina kaftlarini birlashtirib, ohista ovozda duo o‘qiy boshladi. Boshqalar esa sir-asrori endigina ochilgan dahshatli fojia manzarasiga qaragancha lol qotib turishardi.
– Qaranglar! – deb qoldi shu payt egizaklardan biri, u darchadan tashqariga nazar tashlab, bu hujra qasrning qaysi qismida ekanligini aniqlashga urinayotgan edi. – Qaranglar! Qurigan o‘rik daraxti gullabdi! Oy yog‘dusida uning gullarini aniq ko‘rayapman!
– Parvardigor uni kechirdi! – dedi Virjiniya o‘rnidan turib, uning chehrasi allaqanday nurdan yorishib ketgandi.
– Siz farishtasiz! – dedi yosh gersog uni bag‘riga bosib, o‘par ekan.

7

Ana shu g‘aroyib voqealardan to‘rt kun o‘tgach, yarim tun kirishiga bir soat qolganida Kentervil qasri oldidan motam safi yo‘lga tushdi. Tobut qo‘yilgan aravani oltita qora ot olib borar, har birining boshiga o‘rnatilgan jig‘a – yirik tuyaqush pati salobat bilan silkinib turardi. Qo‘rg‘oshin tobut ustiga Kentervillar gerbi zarhal ip bilan tikilgan hashamdor qirmizi yopqich tashlangan. Ekipajlarning har ikki tomonida mash’ala tutib borayotgan xizmatkorlarni ham qo‘shganda marosim chuqur taassurot qoldirardi. Marhumning eng yaqin qarindoshi, motam marosimiga Uellsdan yetib kelgan lord Kentervil dastlabki karetada jajji Virjiniya bilan birga joylashgan. Ular ortidan Qo‘shma Shtatlar elchisi bilan rafiqasi, undan keyin Vashington bilan uch bola borishayapti. Oxirgi karetada missis Amni o‘tiribdi, arvoh uni ellik yildan ziyod qo‘rqitib kelganidan keyin uni qabrga kuzatib qo‘yishga kampirning haqqi borligi shunday ham ayon, axir.
Ulkan daraxt tagida qazilgan katta qabr tepasida ruhoniy Ogastes Dempir janoza duosini teran tuyg‘u bilan o‘qidi. Paster tugallaganida xizmatkorlar Kentervillar urug‘ining qadimiy odatiga ko‘ra, qo‘llaridagi mash’alalarni o‘chirishdi. Tobutni qabrga tushirishayotganda Virjiniya yaqin kelib, o‘rikning oq va nafarmon gullaridan to‘qilgan katta xochni qopqoq ustiga qo‘ydi. Shu lahzada Oy bulutlar orasidan ohista suzib chiqib, mo‘‘jazgina qabristonni kumushrang yog‘duga to‘ldirdi, yiroqdagi daraxtzorda esa bulbul sayray boshladi. Virjiniya ruh hikoya qilib bergan o‘lim Bog‘ini esladi. Uning ko‘zlari yoshga to‘ldi va to uyga qaytgunlaricha lom-mim demadi.
Ertasiga ertalab lord Kentervil Londonga qaytish uchun tayyorlanayotganida mister Otis arvoh Virjiniyaga sovg‘a qilgan javohirlar xususida so‘z ochdi. Qimmatbaho toshlar, ayniqsa, XVI asr zargarlik san’atining noyob namunasi – Venetsiya ustalari yasagan gardishdagi yoqut marjon beqiyos darajada go‘zal edi. Umuman, javohirlar qiymati shu qadar yuksakki, mister Otis qizi ularni qabul qilishiga aslo ruxsat berolmaydi.
– Milord, – dedi u, – “murdaning qo‘li” haqidagi qonun mamlakatingizda yer mulkiga ham, oilaviy javohirlarga ham birdek qo‘llanishini bilaman. Binobarin, ushbu javohirlar sizlarning urug‘ingizga tegishli ekaniga yoki har qanday holda ham sizlarga qaytarilishiga zarracha shak-shubham yo‘q. Shu sababli ularni Londonga olib ketishingizni va bundan keyin o‘z mulkingizning biroz g‘alatiroq sharoitda bo‘lsa ham yana o‘zingizga qaytarilgan bu qismi, deb bilishingizni so‘rayman. Endi mening qizimga keladigan bo‘lsak, u hali yosh bola va Xudoga shukrki, har xil qimmatbaho yaltir-yulturga hozircha qiziqmaydi. Bundan tashqari, missis Otis menga ma’lum qilishiga ko‘ra, mana shu yaltir-yulturni juda katta pulga sotish mumkin emish, o‘z o‘rnida aytib o‘tishim zarurki, rafiqam yoshligida bir necha qishni Bostonda o‘tkazgan bo‘lib, zargarlik san’atini juda yaxshi biladi. Mana shu aytganlarimdan kelib chiqqan holda, lord Kentervil, bu javohirlar oila a’zolarimdan birontasining qo‘liga o‘tishiga rozi bo‘lolmayman, buni o‘zingiz ham tushunib turgandirsiz. Umuman olganda, britan aslzodalari nufuzini saqlab turish uchun zarur bo‘lgan mana shu bema’ni yaltir-yulturning hammasi respublikacha dunyoqarashning qat’iy va menimcha, metindek mustahkam prinsiplari ruhida tarbiya topgan odamga mutlaqo ortiqcha. Biroq, o‘rni kelganida shuni ham yashirmay, ochiq aytib o‘tayki, Virjiniya qutichaning o‘zini sizning ijozatingiz bilan albatta, yo‘ldan ozgan baxtiqaro ajdodingizdan bir xotira sifatida saqlab qo‘yishni judayam xohlayapti. U eski, to‘kilib tushay deb turgan buyum bo‘lgani uchun qizimning iltimosini rad etmassiz balki. Men esa o‘z navbatida tan olamanki, Virjiniya o‘rta asrlarga bu qadar qiziqib qolganidan nihoyatda hayratdaman. Buning sababi yolg‘izgina bir narsa – missis Otis Afina safaridan qaytib kelayotganida qizim London chekkasida dunyoga kelgani bilan izohlash mumkin, xolos.
Lord Kentervil muhtaram elchining gaplarini chuqur diqqat-e’tibor bilan tinglar ekan, ora-sira kulgusini yashirish uchun oppoq mo‘ylablarini silab qo‘ygan bo‘lardi. Mister Otis so‘zlarini tugatganida esa lord Kentervil uning qo‘lini mahkam qisib, shunday dedi:
– Qimmatli ser, ajoyib qizingiz mening badbaxt ajdodim ser Simon uchun juda katta ish qildi, mening o‘zim ham, barcha qarindoshlarim ham hozirda kamdan-kam uchraydigan jasorat hamda fidoyilik namunalarini ko‘rsatgani uchun undan benihoya minnatdormiz. Javohirlar so‘zsiz unga tegishli, mabodo men ularni o‘zimga olgudek bo‘lsam, ishonchim komilki, qari gunohkor ikki haftaga ham bormay qabridan chiqib keladi va qolgan hayotimni naq do‘zaxga aylantirib yuboradi. Endi bu boylik kimga tegishli, degan masalaga kelsak, vasiyatnomada yoki boshqa biron yuridik hujjatda ko‘rsatib o‘tilmagan buyumlar bu hisobga kirmaydi, javohirlar haqida esa hech qayerda hech qanday gap yo‘q. Ishoning, ularga sarkoringizning qanchalik haqqi bo‘lsa, mening ham shunchalik haqim bor. Missis Virjiniya ulg‘ayganida bu bezaklarni mamnuniyat bilan taqishiga esa aslo shak-shubham yo‘q. Qolaversa, mister Otis, siz bir narsani unutib qo‘ydingiz: bu qasrni jihozlari va arvohi bilan birga qo‘shib sotib oldingiz, binobarin, arvohga tegishli hamma narsa o‘z-o‘zidan sizning tasarrufingizga o‘tib bo‘lgan allaqachon. Garchand ser Simon kechalari katta faollik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, yuridik jihatdan u mar-hum, binobarin, siz uning butun mol-mulkini qonuniy asosda meros qilib olgansiz.
Mister Otis lord Kentervilning bu raddiyasidan nihoyatda o‘kindi va undan bu masalani yana bir bor yaxshilab o‘ylab ko‘rishni iltimos qildi. Biroq olijanob ser o‘z fikrida sobit turdi va pirovard-natijada javohirlarni qizi uchun qoldirishga elchini ko‘ndirdi. Xullas, 1890 yil bahorida yosh Cheshir gersoginyasi turmush qurishi munosabati bilan qirolicha qabulida bo‘lganida hammaning ko‘zi u taqqan zeb-ziynatlarda edi. Zotan, Virjiniya amerikalik ma’naviyati yuksak qizlarning barchasiga mukofot tariqasida beriladigan gersoglik tojiga sazovor bo‘ldi. U o‘zining yosh muxlisiga u balog‘at yoshiga yetishi bilanoq turmushga chiqdi. Har ikkala yosh shu qadar ajoyib, bir-birini shu qadar sevardiki, keksa markiza Dambltondan boshqa hamma ularning baxtidan quvondi. Bir tomondan, kampirshoni ham tushunish kerak: erga tegolmay o‘tirib qolgan yettita qizidan birini gersogga uzatish g‘amida bir emas, uch marta tushlik ziyofati berib, anchagina pulga tushgandi-da.
Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, norozilar safida avvalboshda mister Otis ham bor edi. Chunki u, nazorat mulohazalarga borib, har qanday unvonga hanuz dushmanlik ko‘zi bilan qarar, o‘z iborasi bilan aytganda, “huzur-halovatga berilgan aslzodalarning zaiflashtiruvchi ta’siri respublikacha oddiy hayotning metindek mustahkam negizlariga shikast yetkazishi mumkinligidan xavotirlanardi”. Biroq uni bu fikridan qaytishga tezda ko‘ndirishdi va mister Otis qizining qo‘lidan tutib, Gannover-skverdagi Avliyo Georgiy cherkovining mehrobi yoniga boshlab kelganida, menimcha, butun Angliya bo‘yicha undan-da mag‘rurroq odam topilmasdi.
Asal oyi o‘tganidan so‘ng gersog bilan gersoginya Kentervil qasriga kelishdi va ertasi kuni qarag‘ayzor yaqinidagi tashlandiq qabristonga yo‘l olishdi. Ular ser Simonning qabr toshiga nimalar deb yozish kerakligini uzoq o‘ylab ko‘rishdi va, nihoyat, marhum ism-familiyasining bosh harflarini hamda kutubxona derazasiga bitilgan she’rni o‘yib tushirishga qaror qilishdi. Gersoginya qabrni o‘zi keltirgan gullarga ko‘mib tashladi, uning tepasida biroz turishgach, ular yarim vayrona eski cherkovga kirishdi. Gersoginya yiqilib yotgan ustun ustiga o‘tirdi, eri uning oyoqlari ostida joylashib, sigareta tutatganicha, uning tiniq ko‘zlariga uzoq tikilib qoldi. Keyin u sigaretani uloqtirib yubordi-da, gersoginyaning qo‘lidan tutdi:
– Virjiniya, xotinning eridan yashiradigan siri bo‘lmasligi kerak.
– Mening ham sendan yashiradigan hech qanday sirim yo‘q, azizim Sesl.
– Yo‘q, bor, – dedi u jilmayib. – Ruh ikkovingiz qamalib olganingizda nimalar bo‘lgani to‘g‘risida menga hech qachon gapirib bermagansan.
– Bu haqda umuman hech kimga hech narsa aytmaganman, Sesl, – dedi Virjiniya jiddiylashib.
– Bilaman, lekin menga aytishing mumkin-ku, axir.
– Mendan bu to‘g‘rida so‘rama, Sesl, chindan ham senga aytib berolmayman. Bechora ser Simon! Undan shu qadar minnatdormanki!.. Yo‘q, kulma, Sesl, haqiqatan ham shunday. U men uchun Hayot nimayu o‘lim nimaligini, Muhabbat nima uchun Hayot va O‘limdan kuchli ekanligini kashf etib berdi.
Gersog o‘rnidan turib, rafiqasini ohista o‘pdi.
– Mayli, bu sir ichingda qolaversin, faqat qalbing meniki bo‘lsa bas, – dedi u shivirlab.
– U doimo seniki, Sesl.
– Biroq bu voqealarning barini bir kuni kelib, farzandlarimizga aytib berasan-ku, axir! To‘g‘rimasmi?
Virjiniya qip-qizarib ketdi.

Ruschadan  Rustam Obid tarjimasi
____________
* G a r d e n i ya – mangu yashil butalar.
** G e r a l d i k a – gerbshunoslik.
*** A s t r a l – narigi dunyoga oid, mistik jism.
 
Keyingi »
Yangi kiritilgan asarlar (jahon adabiyoti)
Eng ko'p o'qilgan asarlar

E'lonlar

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 4073
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 40295323

Do‘stlarimiz
"Yoshlik" jurnaliga obuna bo'ling!
Ayol.uz

Sayt rivojiga hissa