Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.
Ziyo istagan qalblar uchun - Abdulla Qodiriy. Uloqda (hikoya)

22.11.2019 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
• Ayol soya kabidir. O'zini ta'qib etgandan qochadi, undan ketganning orqasidan chopadi.
Kongo maqoli
 
 

Abdulla Qodiriy. Uloqda (hikoya) Chop etish uchun E-mailga yuborish
O'zbek nasri onlayn antologiyasi - Abdulla Qodiriy (1894-1938)
ULOQDA1

I

Kecha dadamdan so’rab qo’yganim uchun bugun akam ham «kerak emas, borma» degan jekirishini qilmadi. Choyni naridan-beri ichib, otxonaga yugurdim.
Dadam bilan oyim:
— Oyog’ing olti, qo’ling yetti bo’lib qoldiyov! — deb kulishib qoldilar.
Qashlog’ichni oldim-da, qora qashqqamni yalang’ochlab uyoq-buyog’ini qashlab chiqdim. Jonivor tipir-tipir qiladi, bosh chayqaydi, yer tepinadi, dum silkitadi... Shuning bilan mening ko’nglimga: «Xudo xohlasa kelasi yilga bir uloqlar chopayki, hamma meni: «Turg’un chavandoz», deb atasin degan orzular tushadi.
Ulug’ hayitdagi hayitlikka oldirgan mo’g’ul egarcha bilan g’alaticha qilib toychamni egarladim. Tog’amga yalinib-yalpog’lanib oldirgan o’rus yuganni artib-surtib soldim-da, o’zim chetroqdan turib kam-ko’stini kuzatdim:
— Quyushqoni ham o’rnida, egar ham yaxshi qo’ngan, qorinbog’i ham jips, yugan ham to’ralarnikidek! Lekin umuldirig’ining yo’qligi biroz ko’nglimni g’ash qildi. Anchagina o’ylab turganimdan keyin, akamning yugan uchun asrab qo’ygan qayishi esimga tushib, sekingina yerto’ladan haligi qayishni olib chiqib, umuldiriq yasadim.
Endi toycham juda ham gijinglab, xuddi to’ralarnikidek bo’lib ketdi. Uyoq-buyog’ini supurgandan keyin ustunga qantarib qo’ydim. Endi qoldi: oq jujuncha kamzulimni, o’rischa shimni, amirkon etikni, baxmal to’ppini kiyish... Ana shundan keyin otga minsak chin to’racha bo’lamiz-da!
Oyimning bir qiziq odati bor: har qachon yangiroq kiyim kiymoqchi bo’lsam, ko’zini ola-kula qilib: «Qaqshag’ir, kir qilasan, to’y-po’yga borganda kiyarsan!» — deb qarg’ay boshlaydi. Ozgina «shayton yig’isi» qilmaguningcha ish o’nglanmaydi. Bu gal ham o’shandog’ yig’idan qilib olganimdan keyin, kiyimlarimni kiyib, shohi qiyiqchamni belimga bog’lab oldim. Oyimga bildirmasdan sekingina uyga kirib, dadamning kumush chopqon qamchisini ichimga tiqib, tashqariga chiqdim.
Xizmatchi go’sht keltirib turgan ekan. Otxonadagi qora qashqani ko’chaga chiqarib turishga buyurib, go’shtni oyimga kirgizib berdim-da, tashqariga qarab chopdim.
Oyim orqamdan:
—    Kiyimlaringni kir qilma, toyingni qattiq choptirma, uloqchilar orasiga kirib, biror hodisaga yo’liqma, o’rtoqlaring bilan bir chetda turib tomosha qil! — deb javrab qoldi.
Xizmatchidan otni olib mindim. To’nimning etaklarini yig’ishtirib, qashqachamning choviga bir-ikki qamchi bergan edim, jonivor shataloq otib ketdi. Xizmatchining: «Ha, barakalla! Chavandoz!» degan tovushini eshitib, qattiqroq qamchilab edim, jonivor qashqacham ko’tarib ketayozdi.

II

Chuqur ariqdan toyimni sug’orib chiqayotganimda bir io’da uloqchi-chavandozlar uchrab qoldilar. Ularning ba'zilari akamning o’rtoqlari edilar, men bilan so’rashdilar. Ulardan biri akamning qayerdaligini so’ragan edi, men ertalab uloqqa ketganligini aytdim.
—    Bizning Mahkamboy uloqqa juda ham ishqiboz-da! — dedi haligi yigit.
—    Yo’l bo’lsin, boyvachcha? — deb so’radi mendan yana beri. Men uyalinqiradim:
—    Uloqqa! — dedim.
—    Barakalla, chavandoz! Barakalla, Turg’un chavandoz! — deyishdi ular. Ayniqsa meni «chavandoz» deb atashlari juda ham kayfimni keltirib, ichimdan: «Otangga rahmat», — deb qo’ydim.
Biz bir durkum otliq boramiz. Jonivor toycham boshqa otlardan qolishmaydi va goho ularning otlaridan o’tib ham ketadi. Toycham o’ta qolsa: Otingiz juda ham yo’rg’a ekan-da, boyvachcha», — deb menga piching otishadilar.
Ha kim har narsadan bahs qiladi, orada menga ham so’z qotib qo’yadilar. Men uyalaman. So’z urinib yana Mahkam akam ustida to’xtaldi:
Shu    choqqacha    ko’p    uloqchi    ko’rdim,    lekin Mahkamdek uloqqa serzavqini ko’rmadim! — dedi bittasi.
—    Mahkam boyvachchaning ota-bobosi uloqchi bo’iib kelgan-da! — dedi Sobir tegirmonchining o’g’li.
—    Axir, o’n ikki yashar ukasini ko’rmaysizmi, shu yoshidan uloq chopmoqchi!
Bu so’zdan mening a'zoyi badanim jimirlashib ketdi va oz qoldiki kulib yuborsam.
—    Dadam Mahkamning bobosining uloq chopshini gapiraversa kishi hayron qoladi, — dedi yana bir mo’ylovi shopdek yigit, — yuz, ikki yuz chavandoz ichidan yoppa-yolg’iz uloqni ajratib chiqar ekan-da!
—    U vaqtning odamini uloqning piri desang-chi! — dedi Sobir tegirmonchining o’g’li.
—    Oting yaxshi va bilagingda kuch serob bo’lsa, sen ham uloqning piri bo’lasan! — dedi yana biri.
Men bobomning maqtovini eshitib, kekkayib bormoqdaman... Shu paytda orqamizdan ot shatalog’i eshitilib, qayrilib qaragan edik, oldiga bir ola echkini o’ngargan, ko’kragi ochiq, yaktakchan, saman otliq bir yigitni ko’rdik. U bizga yetib to’xtadi va hamma bilan ot ustida turib so’rashdi.
—    Bu hafta yordamlashasiz-da, karvon! — dedi kulimsirab To’g’on aka.
—    Ha, bo’lmasam-chi, sizdek og’aynilarga ko’maklashmasam bo’ladimi! — dedi haligi yigit va to’zumsizlandi: — Qani, ildamroq yuringlar!
Yigit bilan birgalashib ketdik. Biroz borgach, bizning otimizning oyog’i bilan chavandoz yigitning sabri tugadi shekilli, otiga birdan shartillatib qamchi berdi va qushdek uchib ketdi. Biz, faqat uning: «Men tezroq boray», — degan so’zini eshitib qoldik.
Endi so’z haligi chavandozning oti to’g’risida boshlandi.
—    Valadning oti juda ham chopqir-da, — dedi To’g’on aka, — uloqchi bo’Iganingga yarasha shundaqangi oting bo’lsa!
—    Xuddi bodirafrafdek uchadi! — dedi mo’ylovi shopdek yigit.
Shu vaqt nima uchundir hamma birdan sharaqlab kulib yubordi. Kulgi sababiga tushunmasam-da, men ham ularga qo’shilib kulishdim.
—    Bodirafrafmi, bodisarsar? — deb so’radi undan allakim.

III

Biz, akamga «Do’mburovot» guzarida uchradik. Akamlar samovarchiga palov damlab qo’yish uchun o’zaro pul yig’ib berishgandan keyin, biz yana yo’lga tushdik.
Dalaning ko’chasi qishdan boshqa vaqtda suv ko’rmagani uchun ikki gaz keladigan bilq-bilq guppon tuproq, yigirma-o’ttiz uloqchi birdaniga yo’l bosib, qaysi otini choptirib, qaysi Io’killatib boradi.
Ko’chani to’zon qoplagan, kishi kishini tanimaslik holga kelgan. Men bo’lsam uyga qaytib borganimda: «Kiyimlaringni pes qilibsan!» — deb oyimning qarg’ishidan qo’rqib boraman.
Talaygina yo’l bosgandan keyin uloq chopiladigan joyga yetdik. 0'zi, to’rt tarafi ko’z ilg’amaytirg’on darajada katta va sayhon bir yer ekan. Bu joyga juda ko’p xalq yig’ilgan, bundagi uloqchi otliqlar bilan tomoshachi yayovlarning had-hisobi yo’q.
Katta sadaqayrag’ochning tagida ikkita bordondek samovarga o’tin qalab qaynatadilar. Undan nariroqda bir-ikki kishi uch-to’rt qop bodringni bir-birisiga tirab qo’yib: «Mirza qiron bodiring! Kasir-kusir bodiring!» deb maqtashadilar.
Akamlar sadaning ostiga — samovarchining palosiga otdan qo’ndilar. Kun qizig’ida turish qiyin bo’lgani uchun, men ham toycham bilan sadaqayrag’ochning bir bag’riga borib turdim. Tevarakdagi kishilar bir menga va bir toychamga qaraydilar. Men uyalib toychamning yolini tarayman. Tevaragimdagi kishilar orasida vag’ir-vug’ur gap, to’zumsizlanib uloqning boshlanishini kutadilar. Birisi: «Bugun uloq qizimaydi», — desa, ikkinchisi: «Bekor aytibsan, bugun uloq juda ham qiziydi, chunki Salim bilan Murod chavandozlar kelar emish», — deydi. Yana biri: «Ha, ha! Agar Salim kelsa, uloq juda ham qizir ekan!» — desa, allakim: «Salimning oti qozoqi ot, qamchi ko’tarmaydi, hayt desa bas!» — deydi. Tag’in birov: «Ular uch kishi edi, ikki yildan beri biri ko’rinmay qoldi, ana o’shanisiga chavandoz bolasi bas kelolmas edi!» — desa, yana allakim: «o’lma, o’lma! Men ham shuni ko’pdan beri ko’rmayman, girdig’umdan kelgan, yerdan bichib olgandek yigit-a?» «BaIli, balli! Otangga rahmat, xuddi o’sha yigit, qancha so’rog’lasam hech kimdan daragini bilolmadim!»
Shu yigitning ustida anchagina janjal bo’lib oldi, biri: «o’lib ketgan», — desa, ikkinchisi: «Tirik!» — deb qichqiradi. Ularga yana birisi qarshi turib: «Ot bosgan, doktorxonada o’lgan!» — deydi, so’firoq bir odam: «Birovga yomon nafas qilmanglar!» — degan edi, allaqaysi kishi: «o’lsa o’lgandir, bunga nima janjal!» — deb qo’ydi, tag’in birov: «Bekor ham o’ltiribmiz-da!» — deb kuldi. Yana: «Sirasi-sirasi!» Tag’in shovqin-suron, yana: «Ha, ha!» Tag’in: «Yo’q, yo’q»...
Bir kishining: «Ana uloq keldi!» deb yuborishi bilan hamma tip-tinch bo’lib, uloqqa qarab qoldi. Yana bir ozdan keyin: «Ulog’i yosh ekan! Yaxshi chavandozga uchurvoq ham bo’lmaydi!» «Shunisi tuzuk, shunisi!» — deganjanjal boshlagan ham edi, maydonga ikki chavandozning ot o’ynatib kirishi hammaning tovushini o’chirib qo’ydi va sekin-sekin: «Salim chavandoz!» «Murod chavandoz!» degan shivirlashishlar eshitilib qoldi.
—    Qorasi Salimmi, cho’tiri?
—    Salimning bilagi kuchlikka o’xshaydi! Chavandozlaming birisi ko’k chovkar va ikkinchisi ola
otga mingan bahaybat chapani yigitlar edilar. Bular kelgandan keyin xalq chidamsizlanib qoldi:
—    Ana endi chin uloq ko’rasan! — deyishadilar.
—    Bukun qiyomat ulog’i bo’lar ekan! — deb boshlarini chayqatib qo’yadilar.
—    Murodning otini ko’r, xuddi qanoti borga o’xshaydi.
—    Ko’k chovkarni aytasanmi, to’ruqnimi?
—    Har ikkalasiga ot yetmaydi, ikkovi ham yaxshi zot!
—    Qulog’i chimirilgan ot chopqir bo’iadi!
—    Quloqda gap yo’q, gap zotda!
—    Yo’q, yo’q! Serkishnovda, o’zim sinab ko’rdim!
—    Qora ot chopqir bo’ladi, deganlar, qorasi yaxshi, qorasi!
—    Dadam rahmatlik ot olganda tuyog’iga diqqat qilar edi, gap tuyoqda.
Bahslashadilar, har kim o’z yonidagi bilan talashadi. Men ham shu to’g’rida o’ylab, ularning aytgan nishonlarini qora qashqamdan qidirib topsam suyunib, topmasam kuyunib turaman.
Mahallamizdagi o’rtoqlarimdan Nurxon, Haydar soqov, Shokir mishiqilar ham otlarini lo’killatib kelib qoldilar. Biz to’rtovimiz otlarimizni qator qo’yib, uyoq-buyoqdan gaplashib turdik. Nurxon dadasidan ola yo’rg’ani so’raganda qilgan bahonasini aytib kuladi. Haydar soqov saman otining yo’lda Shokir mishiqining baytaliga qarab kishnaganini aytib, Shokirni masxara qiladi. Kulishamiz. Shokir bo’lsa burnini torta-torta: «Uyalib ketdim, bundan so’g’un biya minmayman», — deb qizarib-bo’zardi. Otimning umuldirig’iga ularning havaslari kelib, bahosini so’rashdilar, men: «o’n besh tanga», — deb, kumush qamchini ham ko’rsinlar uchun o’ynagansimon egarning qoshiga «taq-taq» urib qo’yaman. Ular: «Qani, qani, kumushmi?» — deb qamchinni qo’limdan olib ko’radilar. Men sekingina boshimni qimirlatib, o’zimda allanima sezinaman. Ularning otlariga, o’zimnikiga, kiyimlariga, kiyimimga qarab, o’zimni ulardan allaqancha yuqorida ko’raman. Haydar soqov tutila-tutila... «Kelinglar, bir choptiraylik», — dedi. Nurxon ko’nmasa ham tortib olib ketishdi. Ulaming orqasidan Shokir ham baytalini yugurtirdi. Chidab turib bo’lmas ekan, ular orqasidan toychamga bir qamchi berib yuborgan edim, jonivor ikki yamlab bir yutub, o’n odimda ularni yo’lda qoldirib ketdi. Anchagina uzoqlashganimdan so’ng orqamdagilarga qaragan edim, hammaning ko’zida men ekanman. Yana qattiqroq haydadim. Qirning bir chekkasiga borib otimni to’xtatdim, talay vaqtdan keyin ular otlarini lo’killatishib yonimga yetdilar. Bu yerda otlarimizning chopqirligi to’g’risida so’zlashdik. Nurxon, otining chopmasligiga akasining issiq holda suv berganini sabab qilib ko’rsatdi. Haydar soqov bo’lsa Eson ko’knorining o’g’lini so’ka-so’ka:
— Bozorga un uchun borayotganimda bexos tom boshidan guvala tashlab yubordi. Shundan beri qamchi bilan yuz ming ursang ham jonivor qulog’ini chimirib, hurkib tura beradi! —
dedi.
Mening qashqacham to’g’risida, Haydar aytadi: «Sening, — deydi, — otingga hech ot bolasi yetmaydi!» — deydi. Nurxon aytadi: «Otdan sening baxting bor ekan, lekin, — deydi, — yem-hashakni o’zing ber, xizmatkorga ishonsang otingni buzib qo’yadi, o’rtoq, men senga bir aytib qo’ydim», — deydi.
Shu yerda uzoqqina so’zlashib turgandan keyin yana otni keyinga qarab qo’ydik. Tag’in ulardan o’zib ketdim. Xalqqa yaqinlashgandan keyin «meni ham tanib qo’ysinlar» deb qashqachamni ust-ustiga qamchilashim bormi, shamol-da, shamol... endi xalq bir o’zimga va bir qora qashqamga tikila boshladi. Men bo’lsam, «meni endi taniysizlar!» deb toyimning yolini qamchi sopi bilan tarab tura berdim.

IV

Tomoshachilar orasida yana ola-g’ovur qo’pti: «Ana, uloqning solig’ini yig’ayotibdilar!», «Uloq hozir boshlanadi!», «Murod chavandoz ham turdi!»,  «Salim qalpog’ini kiydi!», «Ro’zi qassob» uloqni bo’g’izlamoqchi, pichog’ini qayrayapti!», «Boyvachchalar ham qo’zg’alishdilar!», «Salim choponini yechmoqchiga o’xshaydi!», «Hay barkalla, shovvozlar!»
o’rtoqlarim bilan men ham uloqning tezroq boshlanishini kutmoqdamiz. Chavandozlarning qaysisi to’nini yechmoqda, ba'zisi otining ayilini tortmoqda va qaysi birovlar uloqning solig’ini bermoqda edilar. Akam ham shohi sallasi bilan beqasam to’nini menga berib, o’zi o’rtaga ot o’ynatib ketdi.
Uloqchilar birin-sirin o’rtaga g’uj bo’la boshlagan bo’lsalar ham, hanuz uloq o’rtaga kirmagan edi. Hamma tomoshachilar sabrsizlanib: «Shu tobgacha tuya bo’g’izlasa ham bo’lar edi, ulog’i yaxlab qoldimi?» — deyishadilar.
Oradan talay vaqt o’tgandan keyin, bo’g’izlangan ulog’ini oldiga o’ngarib Orif sarkor va uning orqasidan boyagi mashhur chavandozlar qalpoqni chakkaga qiya qo’yib, egarga qiyshiq o’ltirib o’rtaga kirdilar. Tomoshachilar uloqni ko’rganlari on: «Xoh, jonivor, bormisan!* deyishdilar.
Oradan allakim: «Uloqning qoni yaxshi yuvildimi?» — deb so’ragan edi, Orif sarkor:
— Xotirjam! — dedi va uloqni shalq etib yerga tashladi, so’ngra xalqqa yaqinroq kelib: «0g’aynilar! Bola-chaqalarni chetga chiqaringlar, ot oyog’ida qolgudek bo’lmasin, o’zlaring ham ehtiyotroq joyda turinglar, hayvon bilan bo’lgan ish qiyin!» — deb aytdi.
Orif sarkor xalqdan fotiha olib, otini yugurtirib to’daga ketdi. Tomoshachilar to’dadagi o’z yaqinlariga: «Bukun g’ayratlaringni ko’ramiz-da!» — deb baqirishdilar.
Uloq boshlandi...
Birisi oladi, ikkinchisi tortadi. Ikkinchisining yoniga uchinchisi va to’rtinchisi qo’shilib, birdan sakkiz tomonga tortqilashadilar, oraga chetdagi uloqchilar ham siqilishib kirib, yana uloqni buydalashadilar. Juda qiziq... har kim uloqni o’z taqimiga bosish harakatida, lekin uloqning dumidan, oyog’idan, yolidan tortuvchilar juda ham ko’p. To’dadan olib chiqish juda qiyin. Ba'zan uloqni to’dadan olib chiquvchi ham ko’rinib qoladi, biroq uning ketidan uloqchilar chug’ur-chuqdek yopirilishib o’n-o’n besh qadamda tutib oladilar. Yana tortish boshlanadi.
Bu yoqdagi tomoshachilar: «Taqimga bos, taqimga!», «Otning boshini qo’y, choviga qamchini shig’ab ber!», «Bo’sh kelma, mahkam tut!», «Yuganini bo’shat, qamchingni tishlab ol, yoningga alahsima!», «01ding, olding!», «Berma, chapga burul, chapga!», «Tut, qo’yma!», «Voy to’ymagur, berib yubording-a, o’z ko’nglingda sen ham uloqchisan-da!», «Oting harom qotsin, otmi, eshakmi — bu harom o’lguring?»... deb har xil tovushda baqirishadilar. Uloq yerga tushib ketib qolsa, tomoshabinlardan ba'zisi yugurib borib yerdan uloqni azod ko’tarib oladi, ukasimi, oshnasimi — ishqilib birorta yaqin kishisiga tutqizmoqchi bo’ladi. Lekin boshqa chavandozlar uloqni undan olmoqchi bo’lib ustiga duv yig’iladilar, u bermaslikka tirishadi, boshqalar o’rtaga sanjob qilib siqadilar. Bechora anchadan keyin oqsoqlanib yoki qo’lini silab o’rtadan arang chiqib ketadi.
Otasi bolasini, akasi ukasini tanimaydi, chang-to’zon, terlangan, pishilgan, har kim uloqni taqimiga bosish qayg’usida. Bosh yorilib, ko’z chiqqan bilan, otdan yiqilib qo’li singan bilan parvoyi-falak... Ishqilib, uloqni taqimga bosilsa bo’ldi... Taqimga bosish o’zi juda ham nash'alik-da!
Lekin taqimga bosish har kimga ham muyassar bo’lavermaydi, taqimga ko’proq bosuvchilar boyagi chavandozlar; azoblanib, o’layozib bo’lsa ham uloqni taqimga bosgach, otga qamchi berib ellik-oltmish odim nariga qochib boradilar-da, yana orqadagilar tarafidan o’ralib olinadilar. Yana tortish.
Uloq boshlanganidan biror soat vaqt o’tgan edi. Birdan uloqchilar suv quygandek tinchib, tortish o’rnida to’planishib qoldilar. Biz, otliq-yayov tomoshabinlar ham hammamiz o’rtaga yugurishdik. Men keyinroq borganim uchun otliq-yayov xalq o’rtani sirib olgan edi. Men chekkada qoldim. Har qancha urinsam ham o’rtaga kirishning epi bo’lmaganidan keyin odamlarning og’ziga qarab turdim. Lekin uloqchilar orasidagi hodisa hammaga ham noma'lum edi. Har kimning yuzida taajjub va bir-birisidan: «Nima gap?» — deb so’rashar edi.
Bir necha daqiqadan keyin: «Qimirlatmang, qimirlatmang!» — degan tovush eshitilib, xalq yana taajjubga tushdi.
—    Nari bo’linglar, hovv! — deb o’rtadan birov baqirdi. Xalq bir chetlik bo’lib, yo’l ochdi.
—    Nima gap, nima gap?
—    Hech narsa emas... Esonboyni ot bosipti!
—    Qo’rqinchli emasmi?
—    Yo’q, sag’al.
Kishilar bir-biriga qarab: «Falokat-falokat», — deyishdilar. Nari tur-beri tur qilib, besh-olti kishi otga bosiriq bo’lganni o’rtadan olib chiqdilar. Kishilarning ko’magi ostida keltirib, sadaning ostiga yotqizdilar.
Darrov   bir   kishi   aravaga   yuborildi,   bittasi   o’ziga kelarmikan, deb o’lgudek bo’lib yotgan Esonboyning yuziga suv sepib ko’rgan edi, qimir etmadi.
—    Besh-olti otning tagida qoldi-da, bechora!
—    o’nta otning tagida qolsa ham hech gap emas-ku, biroq qaltisroq joyidan bosganga o’xshaydi...
—    Umri boqi bo’lsa hech gap emas.
«Bechora bulturgi hayitda menga yarim so’m hayitlik bergan edi. Ilohi yaxshi bo’lsin», deb ko’nglimdan o’tkazdim.
Arava keldi. Esonboy akani aravaga yotqizdilar. Akam uch-to’rtta o’rtoqlari bilan arava yonida Esonboyni kuzatib shaharga jo’nab ketdi.
—    Sho’r paxta qilsin, kepak qizdirib bossin, — deb xalq
chuvurlashib qoldi.
Ular jo’nagandan keyin uloq yana boshlanib ketdi. Men uloq tugaguncha tomosha qilib turdim. Lekin yaxshiki endi hech kimni ot bosmadi.

* * *

Kecha meni ot qoqqan ekan, o’rnimga kirishim bilan tirrakdek qotib uxlabman. Ertalab oyim: «Tur, tur tezroq, dadang kelsa nah o’ldiradi!» — deb ustimdan ko’rpamni tortib tishladi. Men uyquli ko’zim bilan: «Dadam bozor ketmadimi?» — deb so’ragan edim, oyim:
—    Esonboyning janozasida! — deb javob berdi.
Mening uyqum o’chdi.

________________
1 Bu hikoya 1915- yilda yozilgan edi. Bolalik dayrimning yodgori bo’lgani uchun ortiqcha o’zgartirishlar kiritmadim (A. Q.).
 
« Oldingi   Keyingi »

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 1
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 83416869

Yandex