O‘lmas Umarbekov. So‘nggi safar (hikoya)
SO’NGGI SAFAR

Iste’fodagi mayor Nizomiddin aka Nazarov xotini qabrini ziyorat qilib qaytayotgan edi, birdan yuragiga sanchiq turdi, nafas olishi og‘irlashdi, uzun go‘shtdor quloqlariga tiralib turgan antiqa telpagi ostidan muzdek ter xuddi mingoyokdek ikkala chakkasidan o‘rmalab tusha boshladi. Yurak sanchig‘idan ko‘ra Nizomiddin akani ana shu ter cho‘chitdi. Dastro‘mol olishga ham sabri chidamay, kaftlari bilan terni sidirib tashladi. Yurak sanchig‘i to‘rt-besh yildan beri bor edi. Sovuq ter nimadan bo‘ldiykin? Nizomiddin aka beixtiyor chakkalarini siladi. Kaftlari yana ho‘l bo‘ldi. Nima qilsa ekan? U shunday o‘yladi-yu, qabristonga kelganiga achindi. Qabriston sog‘ odamni ham kasal qiladi, yurakni o‘ynatib, xayolga ming xil noxush fikrlar keltiradi, deb o‘ylardi u. Shuning uchun ham xotinining yilini o‘tkazganidan beri o‘tgan besh yil ichida — bugungisini hisoblamaganda — ikki yoki uch marta kelgan edi.
Bugun ham kelishni o‘ylamagan edi. Tongga yaqin tush ko‘rdi. Ishdan qaytsa, xotini hovli supurayotgan emish. «Kasal odam nega turding?» — deb qo‘lidan supurgini olmoqchi bo‘lgan edi, xotini bermadi: «Qo‘ying, urishib qolamiz», dedi.
Nizomiddin aka bu kalta, yuluq tushdan ko‘ngli xira tortib uyg‘ondi-yu, qizi Vazira ishga ketishi bilan qabristonga yo‘l oldi. Ularning xilxonasi qabriston etagidagi ko‘rg‘oncha yonida edi. Bir hafta burun tun bo‘yi yoqqan qor, sovuqning nafasi ancha bosilganiga qaramay, hali erimagan, qabriston go‘yo oq ko‘rpa ostida edi. Faqat oftobro‘ya joylardagi ba’zi qabrlarning ustigina guvaladek qorayib turardi.
Nizomiddin aka qo‘rg‘onchaga kelib, kimning qabri qaerdaligini taxminangina esladi. Onasining qabri qo‘rg‘onchaning shunday oldida edi. Undan keyin ketma-ket otasi, ikkita amakisining qabri. Xotini onasining chap tomonida edi. Nizomiddin aka buni taxminsiz ham bilardi. Xotini qabriga yil o‘tishi bilan qabriston yonidagi ustaxonada katta marmar tosh buyurtirib, o‘zi qo‘ydirib ketgan edi. Tosh salobatli sarg‘ish edi. Faqat Nizomiddin akaga yoqmagan joyi — bu, familiyaning ostiga o‘yib solingan gul edi. Bu ham mayli. Rassom yigit uning «chiroyli bo‘lsin» degan gapini o‘zicha tushunib, gulning bir shoxiga kichkina qushning rasmini ham o‘yib qo‘ygan edi. Shu bachkana qush, xotinini eslaganda, yo qabristonga kelganda doim ta’bini xira qilardi. Bir buzdirib tashlab, yangi tosh qo‘ymoqchi ham bo‘ldi, lekin Vazira ko‘nmadi. Negadir unga xuddi shu gul bilan qush yoqib qolgan, hazil aralash mening qabrimga ham shunday rasmli tosh qo‘ydirasiz, degan edi.
Qor yopishib un sepilgandek yozuvlarni ham, rasmlarni ham bekitgan tosh oldida allavaqt turib, Nizomiddin aka ko‘chaga yo‘l oldi. Jimjit qabriston, oppoq qor, mehribon kishilar, ayniqsa, xotinining qabri, ilk bahor nafasini olib kelib dimoqqa urgan iliq shamol ertalabdan beri dilini qamrab olgan g‘ashlikni ko‘tarib yubordi, o‘zini qandaydir musaffo sayrgoxda yurgandek his qildi, nimjon, kasalmand, ammo shikoyatni bilmaydigan, shu tufayli dardini ichiga solib o‘lib ketgan xotini ham, butun mahallada polvon deb nom chiqargan basavlat otasi, jikkakkina, umri tinim bilmay o‘tgan onasi ham, hazilkash, jahllari burnilarining uchida turadigan amakilari ham hozir tirikdek tuyulib ketdi, xotini o‘limidan so‘ng birdan-bir azobi bilan yuragiga o‘rnashib olgan qarilik kayfiyati ko‘tarildi. «Juda yaxshi qildim kelib, — xayolidan o‘tkazdi u. — Tez-tez kelib turaman endi».
Shu xayol, shu ko‘tarinki kayfiyat qabristonning panjarali, baland temir darvozasiga yetganda ham uni tark etmadi. Darvozadan chiqdi-yu, negadir yuragi sanchib ketdi. Agar sovuq ter chiqmaganda bunga uncha e’tibor bermasdi. Mingoyoqdek badanini junjikib chakkalaridan o‘rmalagan ter uni xavotirga soldi. «Dam olish kerak bir joyda o‘tirib»,— dedi xayolan u.
Qabriston darvozasidan yuz qadamcha narida ariq bo‘yida choyxona bor edi. Xotini qabriga tosh qo‘ydirgani kelganda kirgan edi. Qabriston yonida bo‘lgani uchunmi, choyxonaning qandaydir tushunib bo‘lmaydigan osoyishtaligi, tekis, sokin suv, uzun taxta so‘ri yonidagi tanasi quchokqa sig‘maydigan, yarmi qurib, kallaklangan, qolgan yarmi seroftob kunlari butun choyxonaga soya berib, salqin qilib turadigan keksa majnuntol uni o‘shanda og‘ir xayollardan xalos qilgan, ko‘ngliga taskin bergan edi. Nizomiddin aka shu choyxonaga borishga, faqat sekin, yurakni aldab bitta-bitta qadam bosib borishga qaror qildi va yengil tortgandek bo‘ldi.
Choyxonada hech kim yo‘q edi. Pastak yog‘och panjarali devor yoniga yupqa kul bosgan qor uyub qo‘yilgan, hovli bo‘m-bo‘sh. Suvga qaragan peshoynalik chorsi ayvonda ham paxtalik chopon ustidan kalta oq xalat kiyib olgan choyxonachi choldan boshqa hech kim ko‘rinmasdi.
Nizomiddin aka ayvonga kirib deraza tagidagi ko‘rpacha ustiga o‘tirdi. Telpagini yechib, peshanasi, quloqlarining orqasini artdi. Oppoq batist ro‘molcha jiqqa ho‘l bo‘ldi. «Nimadan bo‘ldi ekan bu?» — yana o‘yladi u va shu o‘y bilan bo‘lib, choyxonachi yostiq, tunuka laganchada qand, konfet va choy olib kelib qo‘yganini sezmadi. Ho‘l ro‘molchani chakkasiga tutar ekan, yuz-qo‘li muzlab ketayotgandek bo‘ldi. Nahotki, bu o‘lim bo‘lsa? Beixtiyor xayolidan o‘tkazdi u. Ilgari shunday fikr xayoliga kelsa, darhol biron narsaga unnab, o‘zini chalg‘itishga harakat qilardi. Hozir esa bunday qilmadi, aksincha shu, to‘satdan kelgan xayolga ixtiyor berib, ko‘zlarini yumgan edi, choyxonachining yo‘g‘on ovozini eshitdi:
— Mazangiz yo‘qmi? Nizomiddin aka boshini ko‘tardi.
— Yo‘q, bir oz ter bosdi...
— Charchagansiz, — ishonch bilan dedi choyxonachi. — Issiq choy iching qand bilan. O’tib ketadi. Keksaygandan keyin odam shunaqa bo‘ladi! Goh o‘ti og‘riydi, goh bo‘ti.
Parvo qilmang. Kecha manam o‘lib qolamanmi devdim, yuragim sanchib. Mana, otdayman. Parvo qilmang. — Choyxonachi kuldi. — Hisob-kitob ham qilib o‘tiribman.
— Hisob-kitob? — tushunmadi Nizomiddin aka.
— Ha. Kimda nimam bor, kimga nima berishim kerak. O’limni o‘ylagan odam tinch bo‘lishi kerak-da. Haytovur hamma ishlarim saranjom ekan...
Nizomiddin aka «mening ham yuragim sanchib turibdi», demoqchi edi, choyxonachining so‘nggi gapi xayolini olib kochdi. «Darvoqe, mening ishlarim qalay? Saranjommi?» — dedi xayolan u va yurak sanchig‘i ham, sovuq ter ham bu savol oldida hech gap emasligini angladi, faqat nima uchun shu kungacha bu haqda o‘ylamayganiga, umuman, nima uchun odam bu hakda keksayib, o‘lim eshik qoqib kelgandagina bosh qotirishiga afsuslandi. Masalan, uning o‘zi ilgariroq, kuchga-g‘ayratga to‘liq, qo‘li uzun paytida bu haqda o‘ylaganida hayoti boshqacharoq bo‘larmidi? Tag‘in kim biladi, balki hayot qonuni shundaydir? Odam umrining oxirida shu savolga javob qidirishida, bosib o‘tgan yo‘liga nazar solishida qandaydir mantiq bordir?
Nizomiddin aka shularni o‘ylar ekan, yurak sanchig‘ini unutdi, mingoyokdek o‘rmalab g‘ashini keltirgan sovuq ter xayolidan ko‘tarildi, turmushi, oltmish besh yil ichida boshidan kechirganlari suv to‘lqinlaridek beshik-beshik bo‘lib ko‘z oldidan o‘ta boshladi.
U ko‘pchilik qatori yashadi. Birovni nohaq urishmadi, o‘zi ham birovdan nohaq urish eshitmadi. Yoshligi shaharda o‘tgan bo‘lsa ham, esini tanib, institutga kirgunicha sigir-buzoq ichida o‘sdi, ota kasbi — ot-arava haydadi. Albatta, erta saharda shirin uyquni buzib, yem-xashak keltirgani qishloqqa jo‘nash, ayniqsa bolaligida og‘ir botardi, o‘pkasi to‘lib, otasiga bildirmay yig‘lab ham olardi. Lekin na iloj, uyning to‘ng‘ichi, bormasa bo‘lmasdi. Shuning uchunmi, katta bo‘lganida sut-qatiqni yomon ko‘rib qoldi, ichmaydigan bo‘lib ketdi. Institutga kirdi-yu, ot-arava, sigir-buzokdan qutuldi. Shaharda mol boqishning o‘zi ham qiyinlashib ketdi. Bir kuni o‘qishdan qaytsa, otasi bilan onasi ichkari xonada derazalarning pardalarini tushirib olib, pul sanab o‘tirishibdi. Nima bo‘lganini u darhol tushundi. Yugurib og‘ilxonaga kirdi. Ovqatga to‘ymay, doim uning g‘ashiga tegadigan fildek targ‘il sigir ham, og‘ilxonani boshiga ko‘tarib, hech kimga tinim bermaydigan to‘rt oylik ola buzoq ham yo‘q edi. Ulardan qutulishni bolaligidan istab kelgan bo‘lsa ham, Nizomiddin akaning o‘shanda ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Uyga kirib, bekor qilibsizlar, dedi. Nazir karvon indamadi. Faqat kechki ovqat payti, hammaning xomush o‘tirganini ko‘rib:
— Mol boqish qiyin endi, — dedi bo‘g‘ilib.
Urush yillari kuygan bug‘doyzor, jo‘xorizorlar ichida, yo o‘rmon etagidagi o‘tzorlarda bitta-yarimta egasiz qolgan sigir yoki buzoqni ko‘rar ekan, Nizomiddin aka o‘sha huvillagan og‘ilxonasini eslab ketardi, ko‘zlaridan nimqorong‘i xonada pul sanab o‘tirgan ota-onasi o‘tardi va dilini qandaydir iliq o‘ksinish qoplardi, erta saharda turib, ko‘zlarida otasi sezmagan yosh bilan uydan arava haydab chiqish, hali deyarli uyquda bo‘lgan shaharning osoyishta salqini, har bir o‘t-o‘lani tanish bo‘lgan mol boqadigan joylar, qulupnay, bodring, yalpiz hidini anqituvchi qishloq, shudring bosgan polizlardagi xayol qochgan paytlari, yurakni yorgudek tars-turs ovozlar — endi uni hayajonga solar, bolaligi, umuman, yaxshi o‘tganligini, ko‘zlarida yosh mo‘ltiragan damlarni endi daryo yosh bilan ham qaytarib bo‘lmasligini achinib eslardi.
Institutni bitiradigan yili To‘qimachilik kombinatiga ishga kirdi va shu yili uylandi. To‘y unga quvonch keltirmadi. To‘y kuni otasi qazo qildi. Hovlida bazm, o‘yin-kulgi, idish-tovoqning taqir-tuquri, ichkarida esa aza... Buni to‘y tarqab, kelin bilan go‘shangaga kirganda bildi. Katta amakisi aytdi. To‘y buzilmasin, deb ilgariroq aytmagan ekan. Nazir karvon ozgina nafasim qisilib turibdi, deb karavotga chuzilibdi. Suyuq ovqat tarqatishayotganda, xabar olishsa — o‘lib yotgan emish. Shu sabab bo‘ldimi, Nizomiddin aka xotinini xush ko‘rmay qoldi. Xafa qilgani yo‘q, qattiq gapirmadi, lekin er bo‘lib bir marta erkalatmadi ham. Mastura opa ayollik lazzatini bilmay begonadek kelib, begonadek ketdi. Nizomiddin aka o‘zi ko‘mdi. Xotinining yosh (ellik birda) o‘lganiga achinsa ham, yig‘lamadi, yosh kelmadi ko‘ziga. Ular uchta farzand ko‘rishdi. To‘ng‘ich o‘g‘illari — Bahriddin Bekobodda injener, keyingisi — Badriddin Olmaliqda zavod direktori. Ikkalovi ham oila qurib, o‘zlaridan tinchib ketishgan. Qizlari — Vazira faqat ularning ichida omadsiz chiqdi. ToshMIda o‘qib yurib, turmush kurdi. O’qishni bitirmay, erining ketidan chet elga ketdi. Yil o‘tmay yolg‘iz qaytib keldi. Shu-shu otasi bilan birga. Nizomiddin aka nima uchun qizi eridan ajraganini bilmasdi. Vazira ham yorilib aytmasdi. O’zi yaxshi ko‘rib tekkan edi, shuning uchun alami ichida edi. Eridan gap ochilib qolsa, ko‘zlari g‘azabdan chaqnab ketar edi. Nizomiddin aka qizidan tashvishda emas edi. Hali yosh, baxtini topib ketadi, deb o‘ziga taskin berardi. Vazira uyga qaytib kelgan yili Nizomiddin aka onasidan ajradi. Eridan so‘ng o‘ttiz yil yashab, turmush qurmay o‘tgan onasi uning uchun mehr-sadoqat bulog‘i edi. Hech kimning o‘limi Nizomiddin akani bunchalik qaqshatib ketmagan edi. Uzoq vaqt u o‘ziga kelolmay yurdi, uydagi har xonadan onasining mayin, mehribon ovozi eshitilib turdi. Qizining borligi, o‘zining ancha yoshga borganliligina uni tinchitdi. Yaqin odamlarning o‘limi, yolg‘izlikni nazarga olmagan-da, Nizomiddin akaning oilaviy ishlari, choyxonachi aytganidek, saranjom edi. Uni ba’zan kiynaydigan narsa — xotiniga munosabati edi. Otasining bevaqt o‘limiga xotini mutlaqo daxldor emasligini u bilardi. Xotinining aybi shuki, u qaynata o‘lgan kuni kelin bo‘lib tushdi va Nizomiddin aka o‘zi sezmagan holda buni umr bo‘yi kechirmadi. Agar muhabbat qo‘yib uylanganda, kim biladi, turmushlari boshqacha bo‘larmidi? Bir kuni ishdan qaytganda ko‘rpa qavib o‘tirgan onasining yonida bir qizni ko‘rdi. Qiz oyoklarini bir tomonga yig‘ishtirib, tizzalarini berkitib turgan atlas ko‘ylagini torta-torta boshini yerdan ko‘tarmay nimanidir gapirardi. Nizomiddin aka salom berib, o‘z xonasiga o‘tib ketdi. Yechinib chiqqanida, qiz yo‘q edi. U qizning kimligi bilan qiziqmadi ham. Onasining o‘zi so‘radi.
— Mastura qalay? Yoqdimi?
— Qaysi Mastura? — tushunmadi Nizomiddin aka.
— Boyagi qiz-da, Obid tog‘aning kenjasi. Anchadan beri ko‘rmagan edim, ochilib ketibdi loladay bo‘lib.
Nizomiddin aka yelkalarini qisdi. Ana shu harakati masalani hal qildi. O’sha yiliyoq to‘y bo‘ldi. To‘ygacha u beparvo yurdi. To‘yning ertasi, otasini ko‘mib kelishganda, hovlini boshlariga ko‘tarib yig‘layotgan onasi, singlisi, qarindosh-urug‘lariga aralasholmay, ko‘ylagi singari qora peshanabog‘ining bir uchini tishlab nima qilishni bilmay bir chekkada jonsarak bo‘lib turgan xotinini ko‘rdi-yu, unga uylanganiga pushaymon yedi. Yillar o‘tdi, lekin bu pushaymon tarqalmadi, kanadek yopishdi-qoldi. Faqat bir marta Nizomiddin aka xotiniga nisbatan mehri tovlchnganini biladi. Urush tugab, uyga qaytgan edi o‘shanda u. Oydin kecha edi. Ular hovlida, baland taxta so‘rida yotishardi. Nizomiddin aka nimadandir cho‘chib uyg‘onib ketdi. Tun jimjit edi. Tikkaga kelgan to‘lin oy butun hovlini yoritib turardi. Mastura opa osmonga qarab tinchgina uxlardi. Uning hatto nafas olishi ham eshitilmasdi. Yostiq bilan bitta bo‘lib yotgan qora sochlari oy shulasida zulukdek tovlanardi. Bo‘ynigacha tortilgan yupqa choyshab ostida nozik, xushbichim badani aniq sezilib turardi. Nizomiddin aka beixtiyor tikilib qoldi, bag‘riga bosgisi, uzun, quyuq qoshlari, kichkina quloqlari aralash yuz-ko‘zlaridan o‘pgisi kelib, yonboshiga ag‘darilganda, xotini ko‘zlarini ochdi.
— Nima qilyapsiz? — so‘radi xavotirlanib.
— Senga qarayapman.
— Yomonmanmi?
Nizomiddin aka boshini qimirlatdi.
— Yaxshisan... chiroylisan...
Xotini kasal odamdek ohista jilmaydi, ko‘zlarida yosh yiltirab ketdi.
Bu voqea ularni yaqinlashtirgan bo‘ldi, lekin bari-bir Nizomiddin akaning dilidan sovuqlik ko‘tarilmadi. Yolg‘iz qolibgina, unga achina boshladi. Avvalo, uylanmasligi kerak edi. Uylandimi, unga yaxshi qarashi kerak edi.
Buni u endi, qariganda tushundi. Undagi xotiniga bo‘lgan sovuqlik, to‘g‘rirog‘i, befarqlik boshqa ayollarga ham tarqaldi. Shuning uchun u xotiniga xiyonat qilgani yo‘q. Faqat bir marta bir ayolga nisbatan ko‘nglida iliqlik paydo bo‘lgan edi. Buni ham u endi, qariganida, hayotini bir-bir ko‘z oldiga keltira boshlaganida angladi.
Bu voqea Belorussiyada bo‘lgan edi. Puxovichi degan joyda uning rotasi dushmanni quvib borayotib, Gorin daryosi oldida to‘xtab qoldi. Nemislar ko‘prikni buzib ketishgan edi. Nizomiddin aka shu ko‘prikni, uning yonidagi qog‘oz yopishtirilgan derazalari daryoga qaragan boloxonali yog‘och uyni butun tafsiloti bilan esladi. Uy suv yuvib qiyalashgan silliq qirg‘okdan besh-olti qadamgina narida bo‘lib, undagi ilon izidek yolg‘iz oyoq yo‘l daryoga chuzilib tushgan edi.
Mog‘or bosgan payraha tom, uning tepasida chirigan, don cho‘qilayotgandek egilib, tumshug‘i tomga tegib turgan tunuka xo‘roz, uyning ko‘cha tomonida qirqib tashlanganidanmi yo ko‘prik portlaganida uzilganidanmi, yerga tegay-tegay deb osilib turgan elektr sim, zinapoyali ostona yonida nam tortib yotgan arava shotisi hozirgina ko‘rgandek ko‘z oldidan o‘tdi.
Yangi ko‘prik solish haqida endi buyruq bermoqchi bo‘lib turganida uy tomondan ayol kishining ovozi keldi. Nizomiddin aka yoniga o‘girildi. Ostona oldida bola ko‘targan bir yosh ayol turardi. Qirg‘oqqa yaqinlashib uning gaplarini eshitdi. «Daryo chuqur emas, agar uyning to‘g‘risidan tushil-sa o‘tib ketish mumkin», — dedi ayol.
Nizomiddin aka u ko‘rsatgan joydan daryoga tushib, narigi sohilga o‘tdi. Suv belidan keldi. Tanklar o‘tishi mumkin edi. Lekin bu joyning bir qaltis tomoni bor edi. Daryodan ko‘tarilayotganda tanklar uyga tegib, buzib ketishlari mumkin edi. Yog‘och uyning bir joyi buzildi — butun uy buzildi, degan gap. Nizomiddin akaning boshi qotdi. Xuddi uning xayolini sezgandek:
— O’ylamang, uy buzilsa buzilar, — dedi ayol. — Men... — uning yupqa lablari titrab ketdi, — roziman...
Nizomiddin aka unga minnatdorlik bilan qaradi-da, daryo tomon yugurib ketdi. O’tish haqida buyruq berib, yana ayol yoniga qaytib keldi.
Ayoldagi nimadir, uzun, to‘pig‘iga tushib turgan rangsiz ko‘ylagimi, onasiniki singari ko‘m-ko‘k ko‘zlarini shovqin-suron bilan daryodan o‘tayotgan tanklar, soldatlarga kattalardek vazmin tikib, o‘rta barmog‘ini so‘rib turgan oriq bolami, unga yoqib qolgan, bir daqiqa bo‘lsa ham tinchlik huzurini bag‘ishlagan edi...
U kutgandek, birinchi tank oq uyning burchagini sidirib ketdi. Ayol beixtiyor qichqirib yubordi. Ammo uy mustahkam ekan, bir qimirladi-yu, joyidan qo‘zg‘almadi. Boshqa mashinalar ehtiyotlik bilan shu yerdan o‘ta boshladi.
— Erim qurgan, — dedi o‘zini bosib olib ayol.
— Qaerda u? — beixtiyor so‘radi Nizomiddin aka.
— Halok bo‘lgan... o‘tgan yili... — dedi ayol va bolasini mahkamroq bag‘riga tortdi.
Nizomiddin aka o‘zini noqulay sezib, bolaning boshiga qo‘lini qo‘ydi.
— Kak tebya zovut, mal?sh?
Bola boshini olib qochib, onasining yelkasiga yopishdi.
— Vanya... Ivan... — dedi ayol ma’yus kulimsirab.
— Mening ham o‘g‘lim bor...
— Kattami? — so‘radi ayol.
Nizomiddin aka hisoblay boshladi:
— To‘rt yosh bo‘lib qoldi. Lekin ko‘rganim yo‘q. Tanimasa kerak meni...
— Taniydi... Omon bo‘lsangiz bo‘ldi...
Ikkalovi jim qolishdi.
Butun rota o‘tib bo‘lgach, Nizomiddin aka ayolga qo‘lini uzatdi.
— Rahmat. Katta yordam berdingiz...
Nizomiddin aka uning ozg‘in qo‘lini qo‘llari orasiga olar ekan, yuragini nimadir timdalab ketdi. Vujudini rahm, minnatdorlikdan ham yuksak bir his, iliq bir hayajon qoplab oldi va nima deyishini bilmay iljaydi. Noqulay vaziyat ancha davom etdi shekilli:
— Kutib qolishdi, — dedi ayol qo‘lini tortib. Uning mayin, mehr to‘la ovozi uni o‘ziga keltirdi.
— Ismingiz nima?
— Tanya... — dedi ayol va yer ostidan unga qarab qo‘ydi.
— Tanya, uyingizni tuzatib beramiz. — Nizomiddin aka bolaning peshanasidan o‘pdi. — Albatta tuzatib beramiz!
Ayol ohista boshini qimirlatdi.
Minsk shahri ozod qilingach, Nizomiddin akalar polki rezervga o‘tdi. Imkoniyatdan foydalanib, Nizomiddin aka ikkita soldatiga Puxovichiga borib kelish uchun ruxsat oldi. Ular bir hafta ichida uyni tuzatib qaytishlari kerak edi. Rotada elliklarga borgan chimkentlik Sheken Omonkulov degan soldat bor edi. Nizomiddin akaning bu, harbiy ishga uquvi yo‘q odamga rahmi kelib yurardi. «Oqsoqol», — der edi ham hurmat, ham hazil aralash uni doim. Oqsoqolning beshta farzandi bo‘lib, hammasi qiz edi.
— Shiraq, — derdi oqsoqol ham o‘zini yaqin tutib Nizomiddin akaga. — Meni nemis az jerge solsangshi. O’lib-netib ketsam, beshov qiz ne qiladi?
Nizomiddin aka Puxovichiga shu oqsoqol bilan sibirlik bir polvon yigitni jo‘natdi. Ayolga yarim qop oziq-ovqat ham berib yubordi. Ammo ularni keyin ko‘rish nasib qilmadi. Brest yaqinida Nizomiddin aka sonidan yarador bo‘lib, Minskka jo‘natildi. U yerdan uiiga qaytdi. Lekin harbiy xizmatdan uni bo‘shatishmadi. Oblast harbiy komissariatida ishladi. Shu yerdan iste’foga chiqdi.
Nizomiddin aka daryo labidagi voqeani eslar ekan, ko‘z oldidan Puxovichiga jo‘natilgan soldatlar o‘tdi. Uyni tuzatib berishdimikan ular? U shunday o‘yladi-yu, hayotidagi eng nosaranjom ishi shu ekanini tushundi. Oqsoqol ham, sibirlik yigit ham ishonchli odamlar edi. Buning ustiga ular soldat edi. Buyruqni bajarmasdan ilojlari yo‘q. Ammo urushda nimalar bo‘lmaydi? Shu fikr butun vujudini bo‘shashtirib yubordi. Keyin ayol xayolidan o‘tdi. Tanya... Tatyana... Tirikmikin u? Tirik bo‘lsa, qanday ekan hozir? Nizomiddin aka qancha harakat qilmasin, o‘shanda hali o‘ttizlarga bormagan, oltin soch, zangori ko‘z ayolni boshqacha tasavvur qila olmadi. Buning zarurati ham yo‘q edi. Uning uchun hozir eng muhimi kechikib yodiga tushgan qarzidan kutulish, uyi buzilgan bevani va uning o‘g‘lini baxtli ko‘rish edi.
U shunday qarorga keldi-yu, tunuka laganchaga cho‘ntagidagi bor tangalarini tashlab, choyxonadan chiqdi. Ertasiga ertalab esa aeroportga yo‘l oldi. Oqshom payti u Minskka ko‘ndi. Qancha oshiqmasin, Puxovichiga qorong‘ida kirib bo-rishga oyog‘i tortmadi. Ko‘ngli negadir notinch bo‘lib ketdi. Shu notinchlik bilan mehmonxonada yotolmay ko‘chaga chiqdi.
Urush vayronalaridan Minskda asar ham qolmagan edi. Televizorda urushdan keyin qad ko‘targan yangi Minskni ko‘p ko‘rgan bo‘lsa ham, ko‘z oldida paydo bo‘lgan baland binolar, keng, kaftdek tekis ko‘chalar, turna qator o‘tib turgan mashinalar uni hayratga soldi. Yangi Minsk bunchalik deb, u kutmagan edi.
Erta tongda taksi yollab Puxovichiga jo‘nadi. Tushga yaqin shofyor keldik, dedi. Ammo u tushgan joy eski Puxovichi emas, butunlay o‘zgargan, katta shahar edi. Bu joy Puxovichi ekanligini yo‘l yoqasidagi o‘rmondan va shaharni qoq belidan kesib o‘tgan daryodan bildi. Gorin edi daryoning nomi.
Nizomiddin aka shaharga kirmay, mashinani katta yo‘lda qoldirib, o‘rmon tomon yo‘l oldi. Ko‘prik shu o‘rmonning etagida edi. O’rmon o‘zgarmabdi. Faqat daraxtlar katta bo‘lib ketibdi. Buniu qayinlardan bildi. O’shanda ular yosh edi, himoyasiz edi... O’rmondan chiqqanda bitta arava sig‘adigan tor yog‘och ko‘prik ko‘rindi. Ular dushmanni quvib kelgan asosiy yo‘l shu yerdan o‘tardi. Endi esa arava yo‘li bo‘lib kolibdi. Nizomiddin aka ko‘prikka keldi-yu, yuragi birdan shuvillab ketdi. Daryoning narigi sohilida hech qanday uy yo‘q edi. Uning o‘rniga yosh qayinlar o‘tkazilgan edi. U o‘z ko‘zlariga ishonmay, ko‘prikdan o‘tdi. Uy yo‘q edi. Ming xil fikr xayoliga keldi. Avval soldatlarni kelishmagan, deb o‘yladi. Ammo bunga ishonmadi. Keyin Tanyani o‘rmonning narigi tomonida qad ko‘targan yangi uylardan biriga ko‘chib chiqqan, deb faraz qildi. Koshki edi shunday bo‘lsa? U shunday o‘yladi-yu, shuncha yil ichida xat yozmaganiga achindi. Lekin Tanyaning ismidan boshqa hech narsa bilmaganini eslab o‘zini koyidi.
Nega o‘shanda familiyasi, adresini yozib olmadi? Nega oqsoqolga xat yozmadi? Axir uning familiyasini bilardi-ku?!
Shu xayollar bilan ko‘prik ustida ancha turib qoldi. Olisda otlik arava ko‘rindi. Nizomiddin aka uni kutdi.
Arava ko‘prikka yaqinlashganda, ustida o‘zi tengi mo‘ysafid oyoqlarini osiltirib o‘tirganini ko‘rdi.
— Kechirasiz, shu yerlikmisiz? Mo‘ysafid otning jilovini tortdi.
— Nima edi?
— Manavi yerda yog‘och uy bor edi... Mo‘ysafid uni gapirgani qo‘ymadi.
— Bilaman, Gilovichlar turishardi. O’tgan yili buzib tashlashdi. Kim kerak edi?
— Tanya, — sekin, ko‘rquv aralash so‘radi Nizomiddin aka.
— E, Tatyanami? O’ldi u. Ikki yil bo‘ldi.
 Nizomiddin aka bo‘shashib ketdi. Tomog‘iga kelib tiqilgan yig‘ini zo‘rg‘a tutib, ko‘prik panjarasiga suyandi.
— Tirikligida shuncha iltimos qilishdi, yangi uyga ko‘chib o‘t, deb. O’tmadi, — gapida davom etdi mo‘ysafid. — Yaxshi ayol edi marhuma. Shu yerda o‘laman, deb turib oldi. Shu yerda o‘ldi.
— O’g‘li-chi? O’g‘li bor edi-ku? — so‘radi Nizomiddin aka.
— Bor hali ham. Ivan Fedorovich, — dedi mo‘ysafid. — Harbiy uchuvchi. Uylangan. Qizi bor, Tanya. Onasining hurmati uchun shunday ism qo‘ygan. Har yili kuzda kelib ketadi.
— Qabrini bilmaysizmi?
— Nega bilmas ekanman? Bilaman. Hov anavi, qayinzorning etagida qabri. — Mo‘ysafid daryoning o‘ng sohilidagi kichik o‘rmonni ko‘rsatdi. — G’alati ayol edi marhuma. Qabriston bu yoqda qolib, ikki soldat ko‘milgan joyga ko‘masizlar, deb vasiyat qilgan ekan. O’sha joyga ko‘mdik.
— Ikkita soldat? — hayron bo‘lib so‘radi Nizomiddin aka.
— Ha, uyini tuzatib bergan ikkita soldat.
— Ular o‘lganmi?
— Halok bo‘lishgan. Uyni tuzatib ketishayotganda minaga duch kelishgan. Ikkalovi ham o‘sha zahoti o‘lgan. Tatyana o‘zi ko‘mgan ularni. Hov ana. Qabrlari shu yerdan ham ko‘rinib turibdi. Mana endi o‘zi ham yotibdi ularning yonida. Siz kim bo‘lasiz?
— Men... men ham shu yerda jang qilganman, — dedi bo‘g‘ilib Nizomiddin aka va bo‘shashganicha mo‘ysafid ko‘rsatgan o‘rmon tomon ohista yurib ketdi.
Yaqinda qad ko‘targan kichkina qayinzor etagida uchta qabr yonma-yon turardi. Chetda oqsoqol — Sheken Omonqulov qabri, o‘rtada — sibirlik polvon Ivan Starodub, uning yonida Tanya... Tatyana Gilovich... Uchalovining qabri ustida qizil rangga bo‘yalgan temir yulduz. Nizomidtsin aka ko‘zlaridan yosh quyilib lablariga tushganini sezmadi. Uzoq turdi qabrlar yonida. Hazilkash oqsoqolni ko‘z oldiga keltirdi, sibirlik polvon yigitni... Achindi ularga, ayni vaqtda ko‘ngli g‘urur bilan to‘ldi. Va’dalarining ustidan chiqishibdi, uni yolg‘onchi qilib qo‘yishmabdi. Keyin Tanyani ko‘z oldiga keltirdi. U uyi yonida bolasini ko‘targanicha mehr va umid bilan hamon unga tikilib turgandek edi...
Belorussiyada u besh-olti kun qolib ketdi. Brestda bo‘ldi, Minskda. Jang bilan bosib o‘tgan yo‘llarini bir boshdan esladi. Urushning barcha kulfatlari, jangchilarning matonati aks etgan Xatinda bo‘ldi. Qaerga bormasin, hamma yerda Tanyaning moviy ko‘zlari xayolidan ko‘tarilmadi. Bu ko‘zlarni u endi mutlaqo unutmasdi.
Hayotining so‘nggi damlarigacha endi bu ko‘zlar soldatlik va odamiylik burchiga sodiq qolgan jangovar o‘rtoqlari — oqsoqolni, sibirlik polvon yigitni eslatib turardi.
«IL-18» samolyoti xirmonga yoyilgan paxtadek bulutlar ustidan Toshkent tomon uchib borar ekan, Nizomiddin akaning vujudi alam va ayni vaqtda cheksiz g‘urur bilan to‘la edi. Shu alam va g‘urur bilan u olis safar oldidan dilini xira qilgan sanchiqni ham, siyrak sochlari orasida mingoyoqdek o‘rmalagan sovuq terni ham unutib yubordi.
1975