Indigo bolalar fenomeni «kelajak davr avlodi»ning istilosi boshlandimi?
 Yer yuzida g‘ayritabiiy qobiliyatli bolalarning tug‘ilishi tobora ko‘p kuzatilmoqda. Frantsiyada ularga umumqabul qilingan o‘zini tutish qoidalari «yopishmagan»ligi uchun bu kichkintoylarni «teflonli», Britaniya orollarida «mingyillik bolalari», Rossiyada esa «nur farzandlari» deb atashadi. Yana ularga indigo bolalar nomi ham berilgan. E'tiborlisi, kimdir ular yangi insoniyat davri farzandlari deb jar solsa, qolganlar bu bolalarda izohlab bo‘lmas xavfni ko‘radi.

Biroq bu ikki taraf ham indigo bolalar ajoyib, mutlaqo yangicha psixologik fazilatlarni namoyon etuvchi o‘g‘il-qizlar ekanligini inkor etolmaydi.

Kator rivojlangan mamlakatlarda bunday bolalar bilan ishlash hukumat darajasidagi masalaga aylanib ulgurgan. Milliy intellektual salohiyat masalalari bo‘yicha komissiyalar noodatiy qobiliyat, yuqori darajadagi zakovatga ega indigolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘ymoqda. Xo‘sh, nega endi turli nodir qobiliyatli bolalarni aynan «indigo» deb atash urfga aylandi?

«Yangi irq» vakillari

Psixologlar lug‘atiga indigo bolalar atamasi amerikalik ekstrasens Nensi Enn Tepp tomonidan 1982 yili «Hayotingizni yaxshiroq tushunishda ranglarning o‘rni» nomli kitobi yozilganida kiritilgan edi. Asarda insonlar aurasining rangini ta'riflayotgan muallif ilk marotaba inson qaysi psixologik guruhga mansubligiga qarab uning atrofidagi qobiqning rangiga e'tibor qaratadi. Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, bugun dunyo olimlarining katta qismi inson tanasini qandaydir ko‘rinmas qobiq - aura o‘rab turadi, degan fikrga ko‘shilmoqda. Aniqlanishicha, sangviniklarda - qizil, melanxoliklarda - moviy, flegmatik guruhi vakillarida - oq va xoleriklarda - sariq rangli aura bo‘larkan. Mana, endi inson qalbi va ruhining ko‘rinishi hisoblangan aurani o‘rganish borasidagi tadqiqotlardan noyob qobiliyatli bolalarda u ko‘kimtir siyohrang (indigo) rangida ekanligi ma'lum bo‘ldi. Bu amalda ham tasdiqlanadi: ilm-fan yutuqlari bo‘lgan eng so‘nggi texnologiyalar yordamida kichkintoylar suratga olinganida Kirlian usuli orqali ularning auralari binafsha rangdaligi ko‘rindi. Shundan, «indigo bolalar» nomi tug‘ildi. Qizig‘i, avvallari insoniyat tuzilishida binafsharang aura kuzatilmagandi. Shuningdek, «yangi irq» bolalarining ko‘z qorachig‘i ham yumaloq emas, noodatiy tarzda yulduzcha shaklida ekan.

Tabiatan kelajakni ko‘ra olish qobiliyatiga ega Nensi Enn Temp ko‘plab psixoterapevtlar bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib boradi, San-Diego va AQSh universitetlarida dars beradi. 20 yil davomida izlanishlar olib borgan Nensi indigo bolalarni 5-7 yoshligidan kuzatadi. Tempning ta'kidlashicha, bugungi kunda 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 97 foizi, 15dan 25 yoshgacha bo‘lganlarning 70 foizi indigo toifasiga kiradi.

Ular qachon paydo bo‘lgan?

Genial shaxslar har doim bo‘lgan, har bir tamaddunda kuzatilgani ma'lum. Motsart, Leonardo da Vinchi, Vinsent Van Gog, Abu Nasr Forobiy - bular indigo toifasidagi insonlar bo‘lgani ehtimoldan xoli emas. Ammo hozircha «yangi avlod vakillari» deb yuritilayotgan indigolarda mislsiz tafakkur iqtidori bilan birgalikda ekstrasensorika, telekinez va hatto teleportatsiya qilish qobiliyatlari ham kuzatiladi.

Indigo bolalarning keskin ravishda ko‘p tug‘ilishi o‘tgan asrning 70-yillarida boshlagan, bungacha ular sanoqli edi. Bu toifadagi bolalar kundan-kunga ko‘payib borayotgan bugungi kunda rasmiy statistikada ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, ularning soni 60 millionga yaqinlashib qolgan degan ma'lumotlar bor. Undan-da qiziqroq faktlarni ham keltirish mumkin: bugun ellik yoshlilarning 1 foizi, o‘ttiz yoshlilarning 10 foizi, 25 foiz o‘n-o‘n ikki yoshlilar indigo. Biroq jahonning eng taniqli olimlari o‘ta yuksak iste'dod, geniallik doimo miya tuzilishi, shaxsning psixologik rivojida og‘ish borligini bildiradi degan fikrda. Oldin bu kabi yuksak qobiliyat mingdan bir insonga berilardi, milliondan bittada u keraklicha shakllanib, o‘n milliondan faqat birgina shaxs haqiqatda dahoga aylangan.

Bolakaylarning eng umumiy jihatlari ular o‘z qadr-qimmati haqida zarracha ham ikkilanmay, ota-onasiga ham ochiq aytadilar. Xatti-harakatlarini izohlashni lozim ko‘rmay, faqat faoliyat erkinligini tan oladilar. Ijodkorligini susaytirish, bosim o‘tkazishga harakatni sezganda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi. 3-4 yoshida ba'zi 60 yoshlilarning qo‘lidan kelmaydigan darajada kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtirib olish qobiliyatiga ega. Tanbeh, tartib-qoidalarni buzganlikdagi ayblovlarga parvo qilmay, nimaga ehtiyoj sezayotganini yashirmaydilar va h.k. Qolaversa, indigo rangdagi aurali bolalar telepatik tarzda masofadan turib bevosita aloqa qilish, insonning ichki organlarini rentgen kabi ko‘rish, kitobni oyoqlari, hatto tovonlari bilan ham o‘qish, koinotdan ham ma'lumot olish qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Aslida kim bu kichkintoylar?

Bu bolalar ota-onalari ularning yoshida bo‘lgandan ham aqlliroq ekanligi rostmi? Nega unda dunyoning eng iste'dodli bolalari bugun «e'tibor kamligi sindromi» (ADD) kasalligiga duch kelgan? Minglab olimu mutaxassislar (doktor, pedagog, psixolog va h.k) indigo bolalar to‘g‘risidagi haqiqatni ochib berishga qaratilgan g‘oyalarni o‘rtaga tashlab, tadqiqotlar olib boramoqdalar.

Aytish kerakki, noyob qobiliyatli bolalarning g‘ayritabiiyligi chaqaloqligidayoq seziladi, ular kichkinaligidanoq kimligi, hayotga nima uchun kelganligini tez anglashadi. Doktorlar ularning ko‘zlaridagi kattalarga xos nigohni ko‘rib hayratga tushadilar. Odatda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar nigohini bir joyga jamlay olmasa, indigolar atrofdagilar ko‘ziga bolalarga xos bo‘lmagan sinchkovlik bilan tikilib turadilar. Ulg‘aygan sari o‘zlarini tutishi, xulq-atvori tengdoshlariga nisbatan o‘sha bolalikda kuzatilgan qaysarlik va shitob bilan o‘zgarib boraveradi.

Biz esa ularni boricha qabul qilishimiz, tan olishimiz, ulardagi qobiliyatni hurmat qilgan, mehr ko‘rsatgan holda hayotga moslashishida yordam berishimiz darkor. Negaki, hayotga ijobiy nazar bilan boqadigan, umuman olganda, aqlan va jismonan sog‘lom har bir shaxs zarur hollarda o‘zidagi istalgan xususiyatni o‘zgartirishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, eng mislsiz, aql bovar qilmas har qanday ijtimoiy o‘zgarishlar ibtidosi ma'lum bir insonning ongi va qalbidan boshlanadi.

Bir necha yil avval turli hududlarda «magnit bolalar» haqidagi ma'lumotlar tarqala boshladi. Masalan, Masha Yepifanova (Nijniy Novgorod) o‘z tanasida turli metaldan yasalgan buyumlarni ushlab tura olarkan, tanga, qoshiq va sanchqilarni o‘ziga «yopishtirib» olib kun bo‘yi ham yurishi mumkin. Uning dugonasi Tanya Svirina esa mayda narsalardan tashqari metal oshxona jihozlarining qopqoqlarini ham o‘zida «ushlab» tura oladi. Saratovlik magnit bola Kolya Tenkaev tanasida dazmollarni ko‘tarib yuradi. Novosibirsklik Anna Zvereva 12 yoshda bo‘lib, u qo‘llar va tovonlari bilan turli og‘irlikdagi narsalarni o‘ziga tortish qobiliyatiga ega. E'tiborlisi, ular bunday qobiliyatlarida ajablanarli jihatni ko‘rmaydilar.

Biomagnitizm ustida izlanishlar olib boradigan olimlarning fikricha, «magnitlik» qobiliyatiga ega bolalarning dunyoga kelishi borgan sari ko‘p kuzatilmoqda. Haqiqiy «magnit bolalar inqilobi» yuz bergan davr esa o‘tgan asrning 90-yillariga to‘g‘ri keladi. Ilm ahli zamonaviy bolalar bilan yuz berayotgan ko‘plab bunday hodisalarni izohlab berolmagani kabi mazkur vaziyat bo‘yicha ham aniq asosli javob berolgani yo‘q. Doktorlar esa mutlaqo noto‘g‘ri tashxis qo‘yishgacha borishmoqda.

Shizofreniyami yoki ajoyib qobiliyat?

Bulat Husainov ismli g‘aroyib bola Qozonda tug‘ilgan. To‘qqiz oylik paytida yuzgacha sanay olgan bu bolakay, ikki yoshligida rus, tatar va ingliz tillarida yuzgacha sanashni bilgan. Bundan tashqari, u Ojegovning izohli lug‘atini o‘qishni yoqtirgan. Ikki yoshga yetmay bog‘chaga borgan Bulat Shainskiyning qo‘shiqlarini kuylayotganini ko‘rganda tarbiyachilar hayratdan qotib qoladilar.

Bolakay g‘oyat noyob xotiraga ega ekanligini atrofdagilar u endigina 1 yoshu 8 oylik bo‘lganida sezishgan. Birinchi sinfga borganida esa uning ota-onasiga farzandlarini ruhiy bemorlar shifoxonasida ro‘yxatdan o‘tkazishni maslahat berishadi. Nima emish, bolakay g‘alatiroqmish?! Shifoxonada esa «autizm» atamasi bilan tanish bo‘lmagan vrachlar bolaga «bolalar shizofreniyasi» deb tashxis qo‘yishadi. Aytib o‘tish o‘rinli, g‘arb psixiatriyasida «autizm» degan tushuncha mavjud bo‘lib, bu kasallik emas, aksincha inson qalbining ma'lum bir holati sifatida izohlanadi. Birgina misol, Bill Geytsning qo‘l ostida eng yuqori informatsion texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadigan qator iste'dodli autist dasturchilar bor. Bulatga kelsak, u maktabda faqat a'lo baholarga o‘qiydi, she'r yozadi, akvariumdagi baliqlar «suhbati»ni tinglashni juda-juda yoqtiradi.

Ana shunday ajoyib kichkintoylardan biri Boris Kipriyanovich Volgogradda yashaydi. U uch yoshligidayoq ajabtovur tarzda chuqur astronomik bilimlarini namoyish etib, Mars sayyorasining tuzilishini to‘liq tasvirlab bergan. Qolaversa, u kelajakni ham bashorat qiladi. Vunderkindlardan yana biri Saveliy Kosenko 10 yoshida Bauman nomidagi universitetining talabasi bo‘ladi. Bolakay ikki yoshida o‘qiy olgan, yetti yoshida kompyuter dasturlarini tuza boshlagan. Ekstern holda 5ta sinfni tugatadi, o‘n yoshida o‘qishga kirish bilan birgalikda fizikadan darslik ham yozgan, Ginnes rekodlar kitobiga ham kiritilgan. 16 yoshida Saveliy universitetni tugatadi, qizig‘i shundaki, o‘smir bir paytning o‘zida ikki fakultetda o‘qigan edi.

Bugun 4 yoshidan boshlab «falsafiy» she'rlar yozgan genial iste'dodli Nina Turbina ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan bo‘lsa kerak. U to‘qqizga kirganida «Qoralama» nomli she'rlar to‘plamini chop ettirib, butun sobiq ittifoqqa dong‘i ketadi. Shundan so‘ng u ertaklardagidek mashhurlikka erishdi: she'rlari 12 ta xorijiy tilga tarjima qilinadi, o‘zi esa «Oltin sher» («Zolotoy Lev») mukofotini oladi. Ungacha bunday nufuzli mukofotga rus ijodkorlaridan faqatgina Anna Axmatova sazovor bo‘lgan edi. Ushbu nodir qobiliyatli qizchaning kelajagi porloq ekanligiga hech kimning shubhasi yo‘q edi, biroq u 27 yoshida (2002 yil) ruhiy tushkunlikka duchor bo‘ladi va o‘z joniga qasd qiladi. Bunday misollarni yana o‘nlab, yuzlab, xatto minglab keltirish mumkin. Ammo muhimi bu emas, asosiysi ularning barchasi bugun indigo deb atalayotgan bolalar toifasida ekanligidir.

Bunyodkormi yoki vayronkor?

Psixologlar «binafsharang» bolalardan genial rassomlar yoki shafqatsiz jinoyatchilar, savdoyi olimlaru mantiq chegarasidan osonlikcha hatlab o‘tadigan g‘ayrioddiy shaxslar yetishib chiqishi mumkin, degan fikrda. Boisi, indigolar hech narsadan tap tormaydi, qo‘rquv hissi, taqiq ularga yot tushuncha, o‘z maqsadi yo‘lida hech nimadan qaytmaydi, chunki faqat va faqat o‘zlariga ishonadilar.

Mana bir necha yillardan buyon AQSh va Kanada kabi rivojlangan mamlakatlarda faoliyati indigo bolalarni aniqlashga yo‘naltirilgan maxsus markazlar bor, maxsus maktablar ham tashkil etilgan. Isroilda indigolar masalasi hukumat darajasidagi vazifaga aylangan. Frantsiyada salohiyat darajasi (IQ) 130 dan yuqori bo‘lgan yoshlar davlat hisobidan istalgan nufuzli oliy ta'lim maskanida tahsil olish huquqiga ega. Rossiyada mazkur masalaga bag‘ishlangan ilk keng doiradagi majlis 2006 yil kuzda o‘tkazilgan, unda bunday bolalarni tarbiyalash kontseptsiyasini ishlab chiqish taklifi o‘rtaga tashlangan.

Bu yerda yana bir ma'lumot o‘rinlidir, so‘nggi yillarda AQShda ongli ravishda o‘zlarini atrofdagilarga qarshi qo‘yib, norozilik bildirayotgan maktab o‘quvchilariga e'tibor kuchaymoqda. Boisi, AQSh, Yaponiya va Germaniyada o‘z maktabdoshlari, ustozlariga qarata o‘q uzgan o‘quvchilar indigo toifasiga kiradigan shaxslar ekanligi sir bo‘lmay qoldi. Sabab esa oddiy: atrofdagilar bu nooddiy insonlarni boricha qabul qilmagan edi, ular shu yo‘l bilan qasd olishdi.

Shundan so‘ng ko‘pchilikni indigolar jiddiy zarar, talofatlar ham yetkazishi mumkinmi, degan savol qiziqtira boshladi. Aslini olganda, ular tabiatan xavfli emas, vayronkor maqsadlarni ko‘zlamaydilar ham. Biroq agar jamiyat ularni qabul qilishni istamasa, ularga xos bo‘lmagan jihatlarni majburan singdirishga urinsa yoki jazolamoqchi bo‘lsa, indigolar tajovuzkorlikni namoyon etishi ehtimoldan xoli emas.

Indigolar aldashga bo‘lgan harakatni sezsa ham agressiv munosabat bildirishi mumkin, bundan keyin ularning ishonchini qaytarib olish juda mushkul, ba'zida esa imkonsiz ham. «Binafsharang aurali» bolalar o‘ta kuzatuvchan va zehni o‘tkir, ular ota-onasi, atrofdagilarning kamchiliklarini juda aniq sezib, bundan foydalanishdan toymaydi, vijdonan qiynalmaydilar ham. Negaki, bolalar ularga muhim vazifa yuklatilganiga qat'iy ishonib, to‘siqlardan qo‘rqmasdan, maqsadga erishish yo‘lida hech narsadan qaytmaydilar.

Hamma gap gen tuzilishida (mi)?!

Indigo bolalarning intellektual rivojlanish koeffitsienti hozirda o‘rtacha hisobda 130 ko‘rsatkichga teng, 20 yil avval esa bunday salohiyat darajasi 10 000dan bittagina odamda kuzatilgan va daholik belgisi hisoblangan. Bundan tashqari, bu toifadagi kichkintoylar shunchalik faol, tinib-tinchimaski, cheki yo‘q. Ko‘pincha hamma narsaga qiziquvchan bolakaylar bir sevimli mashg‘uloti bilan muntazam shug‘ullana olmaydilar. Ulardan farqli «yangi avlod bolalari»ni o‘zlari chindan ham qiziqqan narsadan ajratib bo‘lmaydi, qiyinchiliklar ularning shashtini so‘ndirmaydi, aksincha, yanada ko‘proq jalb etadi. Ular tanlagan yo‘nalishidan chetga chiqmay shitob bilan harakatlanib, maqsadi yo‘lida aql bovar qilmas yutuqlarga erishadilar. Qunt, serhafsalalik bilan fikrini jamlagan holda o‘z qiziqishini qondirmaguncha to‘xtamaydilar. Bolalarga yot tarzda chuqur tafakkur qilib, dunyoning tuzilishi, borliq haqidagi mulohazali fikrlarni bildirishadi, energiya, kuch-quvvatni bemalol boshqara olishadi.

Ma'lum bo‘lishicha, indigolarda bosh miyaning ikkala yarimshari ham teng rivojlangan bo‘lib, bu ularning imkoniyatlar ufqi nihoyatda keng degani. «Yangi irq vakillari»ning (shartli ravishda ularni shunday atasak) immunitet tizimi ham oddiy insonlarnikiga nisbatan ancha takomil. Tadqiqotlardan ma'lum bo‘ldiki, indigolar immuniteti oddiy bolalarnikidan 25 barobar kuchli ekan. Hayotda hatto shunday voqealar bo‘lganki, indigo bolalar o‘zlarini SPID kasalligidan davolay olgan. Mana, masalan, AQShda SPID bilan kasallangan ota-onadan tug‘ilgan chaqaloqning dastlabki tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan kichkintoyda ham infektsiya borligi aniqlanadi. Lekin bola olti yoshligida yana bir marta tibbiy tekshiruvdan o‘tadi, shunda unda virus butkul yo‘qolib ketganligi ma'lum bo‘ladi. Bundan keyingi natijalar yanada hayratlanarli edi: bolakay tanasidagi hujayralar ularga virus ta'sir qilganiga qaramay, kasal yuqmaydigan, ta'sir qilmaydigan sog‘ hujayralar kabi bo‘lgan. Shunda olimlar DNK tahlili o‘tkazmoqchi bo‘lishadi. Aniq bo‘lishicha, bolakayda 24ta kodon (genetik ma'lumot tashuvchisi) faoliyat yuritib, bu oddiy odamlarga nisbatan 4taga ko‘p degani.

Shu sabab, genetik olimlarning fikricha, hamma gap gen tuzilishidadir. Odatda odamlarning DNK molekulasida 64ta kodon, ya'ni genetik ma'lumot birligi mavjud bo‘ladi. Yangi irq vakillarida 35 va undan ortiq kodonlari to‘la faoliyat yuritsa, oddiy insonlarda faqatgina 20tasi ishlaydi. Aftidan, 64ta kodondan «uxlab yotgan» 44tasi zahira bo‘lsa kerak, ular «uyg‘ongan» zahotiyoq insonda yangidan-yangi fazilatlar, qobiliyatlar paydo bo‘ladi. Indigolarda tug‘ma davolash qobiliyati bo‘lib, ular bundan ko‘pincha hatto o‘zlari sezmagan holda to‘la foydalanishadi. Bunday bolakaylar o‘zgalar fikri, holati, qalbini ochiq kitobday o‘qiy oladilar, ularni boshqarishga bo‘lgan har qanday intilish, harakatning eng yashirin shaklini ham darhol sezib, bu holatni ildizidan bartaraf qilishga erishishadi. Hayratga soladigan intuitsiyaga ega indigolar eng murakkab vaziyatda ham yoshiga xos bo‘lmagan tarzda oqil qarorlarni qabul qila oladilar. E'tiborlisi, ular juda mustaqil hamda haqoratomuz vaziyatlarda ham o‘zlarini mag‘rur tutadilar. Indigolarning oddiy insonlardan farqli tomonlaridan yana biri - o‘ta botiniy qarama-qarshiliklar, ziddiyatlarga to‘la shaxslardir. Ularda bir paytning o‘zida mehr-muhabbat va nafrat, soddadillik va mug‘ombirlik, ma'lum bilimlarga zo‘r ishtiyoq va qolganlariga nisbatan butkul beparvolik mujassamlashgan bo‘ladi. O‘zlarini qiziqtirgan narsalarni yarimta so‘zdan o‘zlashtirib, ayniqsa, raqamli texnologiyalarni juda yaxshi tushunadilar O‘z qadrini juda yaxshi anglagan bu bolakaylar hech kimni tan olmay, buysunishni yoqtirmaydilar va ulardagi aynan shu jihat atrofdagilar g‘azabini keltiradi. Real hayotga mutlaqo boshqacha nazar bilan qarab, muammolarning boshqalar sezmaydigan jihatlarini e'tiborga olgan holda noan'anaviy va kutilmagan yechimlarni taklif etadilar.

Biroq bu ajoyib iste'dodli bolakaylarni universal bo‘lishiga qaramay, ko‘pincha kundalik hayot va maktabda muammolardan xoli deb bo‘lmaydi. Indigolar ta'limning avtoritar usullarini keskin ravishda inkor etib, aksariyat hollarda o‘qituvchini eshitmaydilar, ularda tez-tez axborot kanalining audial va vizual yopilishi yuz beradi. Ulkan intellektual potentsialga ega bo‘lsa-da, imtihonlarda qiyinchiliklarga duch keladi. O‘zlashtirolmaganligi uchun emas, fanlarni kerak, keraksizlarga ajratgani, kimningdir oldida (hatto imtihonda bo‘lsa ham) javob berishni o‘zlariga ep ko‘rmagani uchun. Jamiyatga moslashish ular uchun mushkul ish, odamlar orasida o‘zini tutish qoidalariga bo‘ysunishni istamaygina qolmay, o‘zgarishni va xatolarini tan olishni inkor qiladilar. Indigolar uchun eng muhimi tabiatan o‘zlariga o‘xshash insonlar orasida bo‘lish.

Buyuk inqilob yaratuvchilari

Mutaxassislar bir savolni o‘zlariga berishdan charchamayaptilar: xo‘sh, indigolarning Yer yuzidagi vazifasi nimadan iborat? Ular topgan eng maqbul javob: olamga yo‘qolib borayotgan uyg‘unlikni qaytarish indigolarning mavjudligi maqsadi. Aftidan, «yangi avlod» o‘z tafakkuri olamiga g‘arq bo‘lib, ruhiyat imkoniyatlarini to‘la egallab olish, boshqacha qilib aytganda, fikr va tuyularini boshqara bilish, bioenergetik tuzilmalar faoliyatini boshqarishni o‘rganish va qolganlar (hammani bo‘lmasa-da, har holda tayyorlar)ni ham bu kabi yangi bilimlarni o‘zlashtirishga o‘rgatish niyatida dunyoga kelgan.

Indigolar atrofga yorqin nur, sof energiya taratadilar, hukmronlikni xush ko‘rmay, tabiatan yaratuvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lishadi. Ular bor joyda doimo o‘zaro uyg‘unlik va bir-birini tushunish tuyg‘ulari hukmron. Eng yuqori texnologiyalar - kompyuter, televizor, mobil telefonlar, raqamli texnik jihozlar olamida bo‘lsa ham, hech qachon texnika taraqqiyotini insoniylikdan ustun qo‘ymaydilar. Boshqacha qilib aytganda, indigolarning borligi adolat mezoni mavjudligini ko‘rsatadi. Shu sabab, qalban nopok insonlargina ulardan ko‘rqib, xavfli hisoblaydilar, samimiy va ezgu niyatli insonlar uchun esa indigolar erishilgan yutuqlar safini yangilari bilan to‘ldirishda ayni muddao. Ammo hozirda yana bir muammo yuzaga kelib, mutaxassislar diqqat markazida turibdi. Aniqlanishicha, boshpanasiz, qarovsiz qolgan bolalar soni oshayotgan hozirgi davrda, ularning orasida indigolar ham yo‘q emas. Agar ahvol shu tarzda davom etaversa, unda kelgusida bizni nimalar kutmoqda?

Indigolar o‘zlari misolida umr bo‘yi odamlarga ezgu niyatli hayotni, ya'ni har bir insonning hissasi qo‘shilib, boshqalar bilan hamjihatlikda ilm-fan va madaniyatning barcha jabhalarida ulkan siljishlar amalga oshiriladigan insoniyatning Oltin asrini yaratish imkonini ko‘rsatib boradilar. Shundan, haqli ravishda ularni yangi davr, yangi olam yaratuvchilari va ona sayyoramizning ijobiy tomonga o‘zgarishdagi eng katta umidi deyish mumkin. Kattalardan talab qilinadigan asosiy narsa esa bu bolalarning hayotga moslashishida ko‘maklashishdan iborat. Zero, Robert Oker ta'kidlaganidek: «Biz bolalarga nimani emas, qanday o‘ylash, fikr yuritishni o‘rgatishimiz lozim. Vazifamiz bilim beribgina qolmay, ularga oqillikni ham o‘rgatishdir. Oqillik esa faqat bilimlar majmui emas, balki ulardan samarali foydalanish hamdir. Shu nuqtai nazardan, bolalarga dunyoni kashf qilishga va unda o‘z nuqtai nazaridagi haqiqatni izlashga halaqit bermaslik kerak. Tasavvurni takomillashtirish, vijdonlilik va mas'uliyatni shakllantirish, mehr asosida tarbiyalash - XXI asr ta'lim tizimining asosiy masalalaridan. Umuman olganda, insoniyatning kelajakdagi mohiyati ham shunda».

Nargiza Ibrohimova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.