OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Behzod Biybolayev

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/behzod_biybola.jpgBiybalayev Behzod Bohodirovich  1986-yil 10-noyabrda Toshkent viloyati, Bekobod tumanida tug’ilgan.  2003-2006-yillarda Bekobod texnika iqtisodiyot kasb xunar kollejida tahsil olgan.  Hozirda Toshkent Moliya institutida ta’lim oladi.  She’rlari  respublika gazetalarida ko’p bora chop etilgan.


OYQIZ

Xovurni o‘ynaydi entikkan sabo, 
Xorg‘in chayqaladi atirgul yolg‘iz. 
Yurakning ostidan bo‘y cho‘zar savol: 
Sen qachon bag‘rimga botasan oyqiz?! 

Umr qisqa kelsa-uzayar armon, 
Boshi berk ko‘chada qoladi orzu. 
Ag‘anar oyog‘i kelib osmondan, 
Toshlarning boshini yegan tarozu. 

Umiding kimda-yu, ilinjing kimda, 
Kimlar yashar sening zoringda oyqiz? 
Yulduzlar ohudek yig‘lagan tunda, 
Shukr qildim sening boringga oyqiz? 

Visolingni istab qilgandim safar, 
Eng baland cho‘qqiga tutashdi yo‘lim. 
Nahotki bu yo‘lning oxiri xatar? 
Nahotki bu yo‘lning oxiri o‘lim? 

Xayolim - qaldirg‘och og‘zidagi jon, 
Tuyg‘ular - yuzimda o‘rmalagan iz. 
Sekin bosib kelar dilimni xufton, 
Sen qachon bag‘rimga botasan Oyqiz???

DARYO

Daryoga tikildim, go‘zal daryoga, 
Eng toza hislarim qo‘zg‘oldi bir zum. 
Eng nafis mavjini poyimga to‘shab, 
Daryo shivirladi: Ko‘zlaringni yum.. 

Kiprik qoqmoqqa vaqt topmadim bir on, 
Daryo suluv qizday etardi araz. 
Sen meni tushungin, axir, daryojon, 
Bunday go‘zallikdan ko‘z yumib bo‘lmas... 

O‘ynoqi to‘lqinlar-dilim dilbari, 
Qaniydi bag‘rida qolsaydim mangu. 
Yuzimni yuvardim, yuvganim sari 
Qitig‘i kelganday qiqirlardi suv... 

28.10.2012


BALKI…

Balki siz hech qachon meni sevmassiz, 
Lekin uzoqlashib qayga ketaman?! 
Bugun orzularning bo‘yidan mastsiz, 
Men esa sevishda davom etaman! 

Siniq oy har tunda tig‘ini charxlab, 
Nur uchun jonimni qilganda ta’ma, 
Olis-olislardan turib, erkalab 
Men sizni sevishda davom etaman... 

Quyosh - yer yuzining musavviridir, 
Uni deb bo‘y cho‘zar dunyoi-chaman. 
Nomimni toptasa qachondir, kimdir, 
Shunda ham sevishda davom etaman! 

Sovuq qish ortimdan etganda ta’qib, 
Suv bo‘lib tog‘larga singib ketaman. 
Bir kun poyingizda jilg‘adek oqib 
Men sizni sevishda davom etaman! 

Do‘stu-dushmanimga bildirmaymanu, 
Sizning qoshingizda boshim egaman. 
Sizni sevmoqlik bu - eng ajib tuyg‘u, 
Siz borsiz - sevishda davom etaman! 

Balki siz hech qachon sevmaysiz meni, 
Sizdan ko‘ngil uzib qayga ketaman?! 
Taqdir keltirsa xam boshimga neni
MEN SIZNI SEVISHDA DAVOM ETAMAN!!! 

15.09.2012


TASKIN


Hayot hidi kelib uyg‘ongan bog‘da, 
Uyg‘oq jilg‘alarga mehr ulashdim. 
Navqiron nihollar gullagan chog‘da, 
Men dunyoga, dunyo menga yarashdi. 

Bir ajib tonglarim otdi bahordek, 
Maysalarni cho‘g‘day ko‘zga qaratdi. 
Tabiatning menda ginasi bordek 
Bir go‘zal, bir go‘zal sanam yaratdi. 

Qish kabi musaffo, tiniq edi u, 
Sochiga qo‘nmoqqa qorlar talashdi. 
Qarshisida dunyo yig‘ladi yum-yum, 
Menga esa hatto hijron yarashdi. 

12.01.2012

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.