OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Материалы

Iogann Kristof Fridrix Shiller (1759.10.11, Nekkar bo‘yidagi Marbax — 1805.9.5, Veymar) — nemis shoiri, dramaturg, tarixchi, san’at nazariyotchisi. Nemis mumtoz adabiyotining asoschilaridan. Lyudvigsburgdagi lotin maktabini tugatgach (1772), harbiy maktab (akademiya)ning huquq va tibbiyot bo‘limlarida o‘qigan. Akademiyadagi maslaqdosh do‘stlari bilan birga «muxolif poetik klub» tuzgan. Shillerning o‘zaro insoniy munosabatlardagi nafrat va g‘arazgo‘ylikni tasvirlovchi «Qaroqchilar» (1781) singari dastlabki asarlari shu klubda muhokama etilgan. Mazkur tragediyada uslubiy har xillik (shekspirona tragizm, barokko san’atiga xos istioraviylik, Russo asarlariga xos notiqlik) ka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsada, u nemis dramaturgiyasida siyosiy yo‘nalishga ega bo‘lgan yangi lirik drama janrini boshlab bergan. 
Shiller tibbiy akademiyani tugatgach (1780), Shtutgartga polk feldsheri etib yuborilgan. Ammo «Qaroqchilar»ning Mangeym shahrida namoyish etilishiga ruxsatsiz ketgani uchun hibsga olingan va unga ijod bilan shug‘ullanish man etilgan. Shiller 1782 yil gertsog ta’qibidan qochib ketib, «Luiza Miller» («Makr va muhabbat»ning dastlabki nusxasi) dramasini tugatgan. 1783 yil Mangeymga borib, shahar teatrida dramaturg lavozimini egallagan, dastlabqi pesalarini shu teatr uchun qayta ishlab bergan va «Reyn Taliyasi» jurnalini nashr etgan. Ammo moddiy barqarorlikka erishish niyatida dastlab Leyptsigga, keyin Drezdenga ko‘chib o‘tgan. U shu davrda tarixiy o‘tmish mavzui bilan qiziqib, «Fieskaning Genuyadagi fitnasi» (1783), «Don Karlos» (1783—87) dramalarini, vatanparvarlik g‘oyalari kuylangan she’rlari («Shodlik uchun», «Uzlat», «Yengilmas armada» va boshqalar)ni, «Ruhnazar» (1786) romanini yozgan, «Ajoyib isyonlar va fitnalar tarixi» turkumida kitoblar yaratishga kirishgan (1j., 1787), «Birlashgan Niderlandlarning ispan hukmdorligidan chiqish tarixi» ustida ish olib borgan.
1787 yil Veymarga ko‘chib borishi hamda Gyote bilan yaqin aloqada bo‘lishi Shiller ijodi va dunyoqarashida yangi davrning boshlanishiga sabab bo‘lgan. U 1789 yilda Gyote yordami bilan Yen universitetida tarix professori lavozimini egallab, «Jahon tarixi nima va u qanday maqsadda o‘rganiladi?» degan mavzuda ma’ruzalar o‘qigan. I.Kant asarlari ta’sirida «San’atdagi fojiaviylik to‘g‘risida» (1792), «Nafosat va qadr-qimmat to‘g‘risida», «Tantanavorlik to‘g‘risida» (1793), «Insonni estetik tarbiyalash to‘g‘risida xatlar» (1795), «Sodda va sentimental she’riyat to‘g‘risida» (1796) singari ilmiy ishlar yaratgan. Shillerning talqiniga ko‘ra, estetik tarbiya kishilar o‘rtasida insoniy munosabatlarning barqarorlashishi, ularda insonparvarlik fazilatlarining shakllanishiga xizmat qilishi zarur. Uning 80—90-yillar lirikasida xuddi shu yo‘nalishdagi histuyg‘u va kechinmalar ifodalangan.
Erkin dunyoni barpo etish orzuideali bilan real voqelik o‘rtasidagi ziddiyat Shiller ijodidagi yetakchi kolliziyani tashkil etadi. Mazkur kolliziya Shillerning nafaqat tragediyalari, ayni paytda she’riy asarlarining ham zamirida yotadi.
Shillerning tragediya janridagi eng yaxshi asarlaridan biri «Mariya Styuart» bo‘lib, uning syujeti 16-asrdagi Angliya hayotidan olingan. Shiller bu ruhiy-falsafiy tragediyasida yunon tragediyasiga xos kompozitsiyadan foydalangan. Janna d'Ark jasoratiga bag‘ishlangan «Orlean qizi» (1801), antik tragediya an’analarini rivojlantirish maqsadida yozilgan «Messian kelini» (1803) tragediyalari, shuningdek, milliy ozodlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan «Vilgelm Tell» (1804) xalq dramasi ham Shiller ijodida muhim o‘rinni egallaydi.
Shillerning «Qaroqchilar» (1921, 1955, 1975), «Makr va muhabbat» (1921, 1936, 1951, 1959) va «Mariya Styuart» (1976) tragediyalari hozirgi O‘zbek milliy teatri sahnasida qo‘yilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.