OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikki o't orasida

Ikki siyosiy yetakchi Makka shahrida sulhga kelishganidan keyin muxtoriyatda milliy birlik hukumati tashkil etilishi ovozasi tarqaldi. Koalitsion hukumat tarkibiga XAMAS, FATH harakati vakillari, shuningdek, siyosiy guruhlarga mansub bo‘lmagan «partiyasiz» arboblarning kirishi mo‘ljallangan. Milliy birlik hukumatiga ayni paytda muvaqqat tartibda iste'foga chiqqan Ismoil Xoniya boshchilik qiladi.

Bir qarashda yangi hukumatning tuzilishi bilan barcha muammolar xamirdan qil sug‘urgan kabi hal bo‘ladigandek:

XAMAS boshchiligidagi hukumatni terrorchilikda ayblayotgan AQSh va Isroil tomoni turli siyosiy guruhlardan iborat ijroiya hokimiyatini tan oladi va muzokaralarga kirishadi;

XAMAS hokimiyatni to‘liq egallaganidan keyin noni yarimta bo‘lgan FATH harakati hukumatdagi ma'lum o‘rinlarni yana qo‘lga kiritadi;

xalqaro hamjamiyat, xususan, AQSh va Isroil tomonidan keskin tanqidlardan zada bo‘lgan XAMAS tashkiloti ham yangi birlik hukumati tuzilishi bilan tanbeh va malomatlardan qutuladi.

Biroq bu bor-yo‘g‘i dastlabki tasavvur va xulosalar, xolos. Aslida esa FATH va XAMAS o‘rtasidagi qurolli ixtilof zamirida yuzaga kelgan milliy tarqoqlikni bartaraf etish oson kechmasligi ayon. Nega desangiz, Falastinda turli siyosiy guruh vakillaridan iborat milliy birlik hukumatining tashkil etilishi amalda hech narsani hal qilmaydi. Dunyoning buyuk davlatlari muxtoriyat hukumatini e'tirof etishi va to‘xtatib qo‘yilgan moliyaviy ko‘makni yana davom ettirishi uchun yagona talab qo‘yilgan: Falastin hukumati Isroil davlatini qonuniy deb tan olishi kerak! Yarim asrdan ziyod­roq vaqt mobaynida o‘z hududi va davlati uchun kurashayotgan falastinliklar, xususan, murosasiz va jangariligi bilan tanilgan XAMAS harakati uchun bu talab hayotiy maslagingdan voz kech de­yish bilan barobar. O‘ta ehtiyotkor va shamol yo‘nalishini yaxshi farqlaydigan Mahmud Abbos boshchiligidagi FATH tashkiloti-ku, har doim ham yetti o‘lchab bir harakat qiladi. «Afsonaviy» Yosir Arafotdan kurash «estafeta tayoqchasi»ni meros qilib olgan harakat Isroilga qarshi kayfiyatini ustalik bilan yashira oladi. XAMASning esa yo‘rig‘i boshqa: tashkilot bino bo‘lganidan beri Isroil davlati, «sionistlar tuzumi»ga qarshi oshkora kurashib kelyapti.

Xullas, hozirgi sharoitda yangi hukumat tuzish harakatida yurgan Ismoil Xoniya murakkab ahvolda, ta'bir joiz bo‘lsa, ikki o‘t orasida qolgan. Bir tomondan, u rahbarlik qiladigan yangi hukumat Isroil davlatini tan olishi kerak (Agar Xoniya janoblari bunga jur'at qilsa va yahudiy davlatining qonuniyligini e'tirof etsa, XAMAS harakati uni bir kun ham bosh vazirlik lavozimida qoldirmasligini yaxshi biladi). Ikkinchi tomondan, Ismoil Xoniya Falastinda katta ta'sirga ega bo‘lgan siyosiy guruhlar bilan til topishishi, xususan, ularning Isroil davlatiga qarshi siyosatini ham ma'lum darajada qo‘llashi zarur. Bunday holatda esa, ya'ni yangi bosh vazir XAMAS harakati talabidan kelib chiqib, yahudiy davlati qonuniyligini rad etsa, muxtoriyatga xalqaro hamjamiyat bir tsent ham moliyaviy ko‘mak bermaydi. O‘zi oxirgi paytlarda shundoq ham barcha moliyaviy ko‘makdan mahrum etilgan Falastin xalqining ahvoli anchayin og‘irlashgan, el orasida qashshoqlar yanada ko‘paygan.

Yana sanoqli kunlardan keyin Ismoil Xoniya yangi milliy hukumat tarkibini e'lon qilishi va o‘z siyosiy maqsadlarini ommaga oshkor etishi zarur. G‘arb mamlakatlari - AQSh va Yevropa Ittifoqi muxtoriyatdagi siyosiy jarayonlar va ularning pirovard natijasini diqqat bilan kuzatib turibdi. Oddiy falastin xalqi ham o‘z mamlakatidagi siyosiy o‘yinlarga befarq emas. Ular ham Ismoil Xoniya atalmish arbob murakkab vaziyatdan qanday chiqib ketishi mumkinligini xavotir, hadik va qiziqish bilan kutishyapti.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.