OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadqodir Abdullayev: G’alabaga ishonch – yarim g’alaba

 U barcha-barchaga suyukli, hatto ojizlarga ham! U ulkan shon-shuhratning doyasi. U sportchining muddaosi, ko‘rgan mashaqqatlari-yu, boshidan kechirgan zahmatlari evaziga erishgan xush mukofot. Mard insonlar jilg‘a daryoga shoshilgandek unga intilishadi. Hayotda mustahkam baxt nashidasini totishni xohlagan har bir inson unga intilish yo‘lida sportchi bo‘lishi kerak. Uning o‘zi ulkan omad, ammo omad kuchlilarga kulib boqishini unutmaslik zarur. Uning nomi bir so‘z bilan — g‘alaba deyiladi! 

***

2000 yilda olis “yashil qit’a”ning Sidney shahridagi ringda Olimpiada o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgan Muhammadqodir Abdullaevni bugun tanimaydigan yurtdoshimiz bo‘lmasa kerak. O‘sha ajoyib kunlarda gurillab o‘t olgan shuhrat va shijoat nuri uni bugun ham yangi-yangi g‘alabalarga undayotgani, o‘z ustida tinimsiz izlanishlar olib borishiga chorlayotgani, tabiiy. Sidneyda o‘zbek bayrog‘ining barcha davlatlar tug‘idan yuqori ko‘tarilishini ta’minlagan havaskor sportchimiz ayni kez boksning professional (63 kg.gacha o‘ta yengil vazn sohiblari o‘rtasida) WBO (World Boxing Organization) tasnifi bo‘yicha janglar o‘tkazmoqda. 

M.Abdullaev 1974 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. Murg‘ak tasavvurida boksni gavdalantira olgan bolakayning yillar o‘tib, Sidneyda yulduzga aylanishini hech kim, hatto o‘zi ham xayoliga keltirmagan bo‘lsa kerak. Biroq bunday mahobatli zafarga erishish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi, hech bo‘lmaganda yurakning bir chekkasida mavhum mujdalarga qorishiq oppoq orzular bo‘lishi lozim. 

Muhammadqodirda yosh o‘sgan sayin sayqallanib, to‘lishib boruvchi qobiliyat bor edi. Buni isbotlash uchun u qadar ko‘p yillar talab etilmaganligi ko‘pchilikka ma’lum. Andijonliklarga xos chapanilik, polvonlik xislatlari qurshovida ulg‘aygan yigit o‘zini ruhan boks olamiga baxsh etdi, bolalik va yoshlik ayyomlarining aksariyat kunlari  boks bilan birga o‘tdi. U qo‘lqop kiyib, qaddini ringda tutishni mashq qilayotgan kezlarda Mayk Tayson, Roy Jons, Xollifild, Lennoks Luis kabi yulduzlar mojarolari bilan boks sokin spektakllardan favqulodda syujetlarga to‘lib-toshgan dramalarga aylanib bo‘lgandi. Ana shunday xavfli mintaqada g‘olib bo‘lish tugul g‘olib rolini o‘ynash ham murakkab edi. Lekin bunga parvo qilmay, shaxdam-shaxdam qadam tashlab, ko‘zlagan marrasi tomon intilayotgan M. Abdullaev 1996 yil havaskorlar o‘rtasida Gavanada o‘tkazilgan jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi va bu natija uning faoliyati solnomasiga “debocha” bo‘ldi.

U xalqaro, mintaqalararo va ichki chempionatlarda faol ishtirok etadigan bo‘ldi. G‘alaba qilishning eng yaxshi uslubi — mag‘lubiyatlardan tegishli va xolis xulosa chiqara bilish. U ikki bora Osiyo o‘yinlarida ishtirok etib, ikkisida ham shohsupaga ko‘tarildi. Ularning biri — VIII Osiyo o‘yinlari Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgandi.

Shundan so‘ng Muhammadqodir bir qator muhim g‘alabalarni qo‘lga kirita boshladi. Xususan, 1999 yilda o‘tgan Osiyo chempionatida zafar quchdi hamda dunyo birinchiligi uchun kechadigan bahslarga yo‘llanma oldi.  2000 yil Belfastda o‘tkazilgan jahon chempionatida ham Muhammadqodir Abdullaev bo‘sh kelmadi, u Osiyodagina emas, balki butun dunyoda ham tengsiz ekanligini isbotladi. Bu nufuzli turnir unga Sidney eshiklarini ochib berdi. 

U yoqda esa nimalar sodir bo‘lgani ko‘p bora gapirildi. Istiqlol sharofati bilan gurkiragan navqiron sportchilar qatori yurtimiz dong‘ini olam uzra yoygan M. Abdullaevga Prezidentimizning Avstraliyada erishgan mislsiz yutug‘iga to‘yona sifatida 100 000 dollar miqdoridagi mukofoti berildi. 

Shu yilning o‘zida Muhammadqodirga dunyoning turli obro‘li boks maktablari rahbariyatidan taklifnomalar tusha boshladi. Ularning ichida Germaniyaning Gamburg shahridagi Universum Box Promotion klubi ham bor edi. Muhammadqodir Abdullaev shunisini tanladi. Boks muxlislariga yaxshi ma’lumki, ushbu boks dargohidan dunyoning ko‘plab mashhur sportchilari yetishib chiqqan. Ular orasida aka-uka Klichko, Artur Grigoryan ham bor. M. Abdullaev professional boksdagi debyut bahsini 2000 yil 11 sentyabr kuni Nyu-York shahrida puerto-rikolik eski mag‘lub raqibi(Sidneydagi olimpiya o‘yinlarida ular o‘zaro uchrashgandi) Migel Anxel Kottoga qarshi o‘tkazdi va yana bir bor g‘alabaga erishdi. 

Shu o‘rinda aytish joizki, Muhammadqodir bugungi nufuziga o‘z-o‘zidan erishgani yo‘q. Uni tadqiq etish uchun albatta bokschining murg‘ak bolaligida kechgan yillar tilga olinishi talab etiladi. Faylasuflardan biri: “Buyuklar meni kechirsinlar-u, ammo insonning oqu qarosi bolaligidayoq ma’lum bo‘ladi. Undagi quyma xarakter o‘zgarmaydi”, deganda hayotiy tajribalaridan kelib chiqib so‘zlaganligi sir emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, M.Abdullaev ham o‘quvchilik kezlarida kelajagini — ertangi kunini belgilab olgandi. 

Muhammadqodir har tong barvaqt turib, o‘zi tug‘ilib-o‘sayotgan qishlog‘i joylashgan so‘lim go‘shalarni yugurib aylanishni, sof havosidan to‘yib-to‘yib nafas olishni, saratonda-da muzdek o‘ynoqlab oqadigan tip-tiniq soylarda maza qilib cho‘milishni, sutdek beg‘ubor osmonga uzoq vaqt tikilib, qishloq sayhonliklarida istagancha yotishni yaxshi ko‘rardi. 

M.Abdullaevning ota-onasi dastlab uning xatti-harakatlaridan bir maqsadni anglay olmagan bo‘lsa-da, uni o‘z holiga qo‘yishga qaror qilishdi. Lekin shunchaki tashlab qo‘yishmadi — uni o‘zlaricha o‘rgandi. Va alaloqibat Muhammadqodirning o‘zi uchun ajratilgan darsxona devorlariga gir aylantirib mashhur bokschilarning suratlarini yopishtirib chiqqanidan bolakayni ko‘proq nima qiziqtirishi oydinlashdi. O‘shanda ular farzandining peshonasiga bitilgan bitikni yaxlit o‘qigandek bo‘lishdi go‘yo: “U olim emas, hisobchi emas, yurist ham emas, mashhur bokschi bo‘ladi!”. Ular to‘g‘ri uqishgandi. Shundan so‘ng bolakayning otasi qishloqda ochilgan boks to‘garagiga qatnashi uchun imkoniyat yaratib berdi. Muhammadqodir u yerda ham ko‘p injiqliklar qilardi, ammo bu holatlar avvalgisidan farqli edi — u torgina qishloq doirasidagi boks mashg‘ulotlaridan, ko‘hna jihozlardan, eskirgan uslublardan qoniqish hosil qilolmasdi, kundan-kunga murakkablik kasb etuvchi to‘garaklarga qatnashishni istardi. Sababi — u ham o‘zidan kim chiqishini bilib bo‘lgandi: bokschi!

Mana shunday favqulodda xotiralar, bokschining ko‘pchilik muxlislariga mutlaqo mavhum bo‘lgan esdaliklari ham qaysidir ma’noda M.Abdullaevni tarbiyaladi. Uni kindik qoni to‘kilgan tuproqqa mehrli, sadoqatli bo‘lishga undadi hamda uning o‘zi ham buni uddaladi.

Men yaqinda bokschining hamqishlog‘i bilan tasodifan uchrashib qoldim, aynan shu maqolani yozishni niyat qilib yurganim bois, savollar ham bir talay edi. Qarangki, u kishi mahalladoshini bolaligidan bilarkan. Uning ushbu so‘zlari bokschimizning suratini chizib bergandek: 

“Muhammadqodir bolaligidan sho‘x edi, har kuni bir talay bolalarni yig‘ib olib, turli o‘yinlarni o‘ynab, qiy-chuvlashib yurishardi. Men o‘sha paytlardayoq unda yuksak qobiliyat borligini fahmlagandim. Miqtigina, kichik jussali bolakayning mahalladagi tengdoshlaridan tortib, o‘zidan kattalarga ham so‘zini o‘tkaza olishi ko‘pchilikni hayratga solardi. Hashar, tadbirlar o‘tkazilayotganda u hamisha bir etak o‘rtoqlari bilan yordamga yetib kelardi. Unda yetakchilik xislati bo‘rtib turardi. Ayni kunda xalqimiz ham undan minnatdor. Bu — katta gap!”. 

Sportchimizning bolaligiga alohida to‘xtalishdan ko‘zlangan maqsad — bu dunyoga sog‘ vujud bilan kelgan har bir inson, shaksiz, iqtidorli, degan g‘oyani ilgari surishdir! Biroq ushbu iqtidor qaysi soha uchun berilgani anglansa bo‘lgani, o‘zining totli mahsulini bermasdan qolmaydi.     

Muhammadqodir  “O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi”, “O‘zbekiston iftixori” kabi davlatimizning qator unvonlari bilan taqdirlangan. 

M. Abdullaev bilan bugun butun elu xalqimiz faxrlanadi. Ana shunday oliy baxt barchaga nasib etsin. 

Zohidjon Xolov,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.