OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zayniddin Zidan: Go’zal lahzalarda aks etgan umr…

 U maydonga tushib, to‘p tepgan chog‘da butun stadion uzra qiyqiriqlar jonlanardi,  ko‘pchilik uni ko‘rish uchungina, takrorlanmas fintlariyu original “raqs”larini miriqib tomosha qilishni istagani tufayligina futbol ko‘rishga oshiqishardi. Frantsiyadami, Italiya «kolizey»laridami va yoxud Ispaniya “teatr”larida o‘tkaziladigan dramatik uchrashuvlargami otlangan ishqibozlar yo‘lda so‘raganlarga «spektaklga ketayapmiz” — deya javob berishardi. Futbol va spektakl orasida qanday o‘zaro hamohanglik bor?! Nahot, tekis maydon ila dumaloq to‘p “kadri” ortida oldindan tayyorlangan syujet mavjud bo‘lsa?! Yo‘q, unday emas! Futbol chindan ham spektakllar darajasidagi dilbarlikka erishdi Yevropada! Uning dunyo e’tirof etgan eng usta aktyori kechagina maydonning har qarichi uchun kurash olib borayotgandi... 
Maydonlarda yangi kun boshlandi, biroq u Frantsiyada porlagan chinakam futbol afsungari Zayniddin Zidansiz boshlandi. Spektakllardan endi qandaydir fayz qochgandek, ma’no chekingandek! Endi jazoirlik mega-yulduzning muxlislari futbolga ketayotganliklarini shunchaki, “futbolga ketayapmiz” —  deb bildirayotgan bo‘lsa, ajab emas. Qarang, kunlarning tez o‘tayotganini: bugun Zidandek shaxs o‘yini haqida “hozirgi zamon fe’li”da gapirishning sira ham iloji yo‘q, chunki u futbolni tark etdi.

BIRINCHI TAYM:
Ot o‘rnini toy bosar...


Futbol atalmish xilqat qa’rida qo‘pol hodisotlar, ko‘ngilsizliklarning izg‘ib yurishini kim ham xayoliga keltiribdi, deysiz?! Axir shuhrat bor joyda hamisha hasadning badbo‘yi kezib yuradi... Chindan ham bugun futbol dunyo uzra globallashuv jarayonini o‘tab bormoqda, uning o‘zga sport turlarini takrorlamaydigan noyob xarakterlari tug‘ilishi bilanoq butun jahonni zabt etmoqda. 
Xo‘sh, futbolning shu qadar ommalashib ketishiga kim, nima, qanday voqea-hodisalar sabab?! Uning sabablari kabi sababchilari ham bir talay. Zayniddin Zidan ana shularning biridir.
Buyuk futbolchi faoliyati davomida raqiblarning undan foydalanishlari ko‘p marotaba uchragan. Mishel Platinidan so‘ng deyarli ta’tilga chiqqan Frantsiya futbolini Zidanning chinakamiga qayta jonlantirishini o‘sha davrda kimlardir angladi, ayrimlar shunchaki qo‘l siltabgina qo‘yishgandi. Ular Frantsiyada Platini bir marta tug‘iladi, deb yurishardi. Ammo Misheldan ham o‘tib ketishga qodir Zayniddinning paydo bo‘lishini ular kutishmagandi. 
1998 yili bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida frantsuzlar oltin kubokning peshonasidan o‘pgandagina butun yevropaliklar Frantsiya bundan buyon Zidandan iboratligini bilib qolishdi. Zidan degani hatto Braziliyadek «sariq devlar»ga  ega terma jamoani ham karaxtlik ko‘chasiga haydaganida esa dunyodagi «katta futbolchi»lar tizzalariga tayanib qolishdi. 
Bu o‘xshashi yo‘q charm to‘p ustasining tan olinishidan alomat edi. 
Siyosiy arenada go‘yo orasidan qil o‘tmas do‘stlardek tuyuladigan Yevropa davlatlari garchi ikkinchi jahon urushidan so‘ng «aka-uka» bo‘lib ketishgan esa-da, jang tugamagandi, balki u pinhoniy tarzda futbol maydonlariga ko‘chgandi. Endilikda kurashni harbiy qurollar bilan jihozlangan askarlar emas, birgina to‘p bilan g‘alabani hal qilishga qodir «futbol askarlari» rivojlantirardi. Shu bois 1997 yili Frantsiyada tinchgina o‘ynab yurgan jazoirlik futbolchini 2006 yilda Italiyaning «A» seriyasidan diskvalifikatsiya qilingan «Yuventus» jamoasi sotib oldi. Bu tashqi tomondan oddiy xariddek ko‘rinsa-da, aslida undan o‘zga maqsadlar ko‘zlanilgandi. Bu g‘ayri maqsad Angliya, Germaniya, Italiya va Ispaniya oliy ligalarida shu qadar ommalashib ketgandiki, uni ayrim yevropalik mutaxassislar «futbol mafkurasi» deb ham atay boshlashdi. Xuddi shu mafkura Italiyaga 2006 yili yozda Germaniya yashil maydonlarida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha o‘n sakkizinchi jahon chempionatida juda qo‘l kelib qoldi. 
Bu “buzoq mamlakati” vakillarini chempion qildi! 

TANAFFUS:
Jazoirni yig‘latgan quvonch...


Futbol sayyorasining tirik afsonasi 1972 yil 23 iyunda Frantsiyaning asosan ko‘proq 1, 2-jahon urushlari davridagi migratsiya va boshqa turli sabablar bilan Sharqiy Afrika mamlakatlaridan ko‘chib kelgan muhojirlar istiqomat qiluvchi hududi — Marsel shahrida tug‘ildi. Bolaligidanoq futbolga mehr qo‘ygan bolaning shuurida olamga tatigulik orzular kurtagi ko‘z yorganda, fikrlar teranlashib, ko‘cha futbolidan ancha mahorat to‘plangandi ham. Biroq bu saviya bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmasligini chuqur his etgan jazoirlik “frantsuz” Marseldagi bolalar sport-klubiga qatnay boshladi. U bir vaqtning o‘zida ikki klubda tahsil oldi: «YuS Sent-Anri» va «Septem-le-Vallon» deb nomlanardi jamoalar. Zidan ko‘p o‘tmasdan shahar markazi Eks-an-Provansda «balo-g‘at»ga yo‘llanma olish uchun tanlovda qatnashdi va bir ovoz bilan o‘sha davrlarning o‘rtamiyona klublaridan biri «Kann»ga qabul qilindi. Bu voqea sodir bo‘lganda u 14 yoshga to‘lib ulgurmagandi: 1986 yil 20 may. Klub u qadar shuhratga ega bo‘lmasa-da, Zayniddin Zidan undan futbol olamida qanday yashash kerakligini o‘rgandi.
Zidanga ilk shuhratni keltirgan gol 1991 yil 8 fevral kuni “Nant” jamoasi darvozasiga urilgan to‘p bo‘ldi. 1992 yil “Bordo” Zidanning o‘yinlariga qiziqib qoldi va uni zudlik bilan o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Yosh futbolchi uchun bu yuksalish faslining ibtidosi edi. So‘ngra Zidanning xaridorlari haqli ravishda ko‘paya boshladi, boisi 1998 yilgi jasorat! Bu voqelikdan bir yil oldin “Yuventus” Zidanni katta miqdordagi mablag‘ hisobiga “o‘ziniki” qilib olgandi. 
Lekin futbolchining Ispaniyada chop etiluvchi “Xala Madrid” jurnaliga bergan intervyusida Turinning eng go‘zal go‘shalarida ajoyib uyi bo‘lgan esa-da, o‘zini doimo begonadek his qilib yashagani yozilgan. Buning sababi nima edi?
Italiyalik futbol ixlosmandlari Zidanni yoqtirishmasdi. Ular umuman kelgindilarni yomon ko‘rishadi, o‘z futbolchilaridan har qachon past o‘ringa qo‘yib kelishgan. Formasining raqami — 10, ampluasi — yarim himoyachi bo‘lgan Zidan “Yuve”ni tark etib, 2001 yili “Real”ni yoqlaganda, sobiq jamoasining sobiq prezidenti Janpero Boniperti shunday degandi: “Uni biz — Turin ahli hech qachon xush ko‘rmaganmiz, lekin pinhona bo‘lsa-da, hamisha uning tengsiz mahorati qoshida ojiz qolaverardik”. 2000/01 yilgi Italiya “A” seriyasida “Yilning eng yaxshi legioneri” nominatsiyasi berilgani ham qaysidir ma’noda Zayniddinning tan olingani bilan barobar emasmi!
Zidanning futbolchilik faoliyati samarasiz ketmadi: 1 marotabadan La Liga, Yevropa Kubogi, Italiya superkubogi, Ispaniya superkubogini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2 martadan Qit’alararo Kubok, Yevropa superkubogi, Italiya chempionligini haqli ravishda o‘ziniki qilishga erishdi. Bundan tashqari, 1998, 2000, 2003 yillarda FIFA tomonidan “Yilning eng yaxshi o‘yinchisi” deb e’tirof etildi. 1998 yil unga dunyoviy musobaqada ko‘rsatgan betakror o‘yini va 2000 yil Yevropa chempionatidagi driblinglari evaziga 2 marotaba nufuzli “Oltin to‘p” ham topshirildi. 2004 yilning may oyida UYeFA tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga asoslanib, Zayniddin Yevropaning so‘nggi 50 yillikdagi eng yaxshi o‘yinchisi, deb tan olindi. 18-jahon chempionatidagi shijoati va g‘ayrati inobatga olinib, u «Chempionatning eng yaxshi o‘yinchisi» nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.
Umuman, Zidan butun faoliyati davomida faqat muvaffaqiyatga erishgan desak, u qadar to‘g‘ri bo‘lmaydi, sababi u “xayrlashuv”iga qadar 13 bora hakamlarning qizil kartochkalari bilan “siylanish”ga ham ulgurgan. 

IKKINCHI TAYM: 
Zayniddin Zidan va Italiya uchrashuvi...


Buni shu kunga qadar hech bir OAV to‘g‘ri yoritib,  to‘g‘rirog‘i, sharhlab berolmadi. U Zidan va Italiya termasi a’zosi — himoyachi Marko Materatstsi o‘rtasida jahon chempionati finalida bo‘lib o‘tgan “bosh va ko‘krak dueli” (110-daqiqa)ni  tavsiflaydi. Futbol olamidagi oddiy muxlis sifatida nega bu xunuk voqea ro‘y bergani haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi?! Ehtimol ko‘nglingizda Materatstsiga nisbatan nafrat ham ko‘z ochgandir. Lekin bechora himoyachini ayblashga shoshilmay turing... asl aybdorlar boshqalar! 
Bu tadbirda juda katta ma’no bor. Futbol qanchalik mukammallashib borgani sari uning sarhadlarida firibgarlik, 
pastkashlik yashirin tarzda oyoqqa turar ekan. Bu bir tomondan fojeaga ham yetaklashi, bir tomondan esa futboldagi raqobatni kuchaytirishi mumkin. Lekin Italiyaning “finalda tug‘ilib qolgan antiqa hiyla”si ko‘pchilik futbol muxlislariga ayon bo‘lmasa-da, g‘azablanishlariga sabab bo‘ldi. 
Italiyaliklar, ma’lumki, millatparvar xalq hisoblanishadi, ulardagi vatanga bo‘lgan muhabbatni tasvirlash qiyin. Yo‘q, ular vatanni so‘zda yoki ko‘zda sevishmaydi, o‘zlari bilib-bilmay sevishadi, ardoqlashadi. Bu Marchello Lippiga qo‘l ostidagi Del Pero, Kannavaro, Totti, Buffon singari dunyoviy yulduzlarni bitta jamoaga birlashtirishda foyda berdi. Ular maydonda, haqiqatan ham, bir tanu bir jon bo‘lib o‘ynashdi. 
Buning mutlaqo aksi: Frantsiya terma jamoasidan ichki ahillik, jipslikni kutish qiyin edi. Sababi sodda: misol uchun Zidanning vatani Frantsiya emas — Afrikaning shimolidagi Jazoir mamlakatidir. Demakki, qolgan o‘yinchilarning ham ko‘pchiligi frantsiyalik emas, ehtiyoj sababli ushbu mamlakat fuqaroligini qabul qilishgan, xolos. Bu— birinchi mag‘lubiyat edi. Ammo shu ahvolida ham faranglar chempion bo‘lishlari muqarrar ekanligini italiyaliklar juda yaxshi bilishardi (axir frantsuzlar kimsan, Braziliyani dog‘da qoldirishdi!). Shunday ekan, ularni qanday bo‘lmasin, to‘xtatib qolish choralarini, yo‘llarini topish kerak edi. 
O‘ylab-o‘ylab, oxir nozik tomon topildi!
Italiyaliklar yangi futbolning yangi hiylasini shu tariqa sahnalashtirishga kirishdi. Uning asosiy rol ijrochisi sifatida biroz asabiyroq bo‘lgani uchun sho‘rlik Materatstsi munosib topildi. Lippi tomonidan unga maydonda futbol o‘ynashdan ham ko‘ra ko‘proq Frantsiya jamoasi “yuragi” Zayniddinning asabiga “o‘ynab”, biror jiddiy mojaro chiqarish buyurilgandi. Materatstsidan buni kutsa bo‘lardi, u ishonchni vaqtida oqladi. Kutilmaganda Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Teri Anridek strategik taktikaga ega o‘yinchisini almashtirishga ahd qildi. Bu sinchkov muxlis dilida allaqanday shubha-gumon uyg‘otgan bo‘lishi ham g‘alati emas. “Arsenal”chi maydonni tark etdi deguncha, Materatstsi vatan uchun o‘z missiyasini amalga oshirishga kirishdi. Axir o‘yinda Zidanni qo‘riqlash ham unga topshirilgandi. Bu bekorga emas. Zidanning asabiga tegish qiyin ish emas. Uning ustiga, Materatstsidek “bolakay”dan haqorat tinglash Zidanni qalqitmasdan qolmasdi. Shunday ham bo‘ldi.
Yo‘l-yo‘lakay qilingan xiraliklardan charchagan Zidan Materatstsining so‘nggi haqoratlariga chiday olmadi va butun dunyo uni kuzatib turganini unutdi. “Inter” klubi o‘yinchisini qo‘l-oyoq ishlatmay(bosh bilan, xuddi xo‘rozlardek, e’tibor bering, Frantsiya terma jamoasi libosida ham xo‘rozning rasmi bor), poyiga to‘shalishiga majbur etdi. Xuddi shu narsani 110 daqiqa kutgan “qahramon” yerda ancha vaqt chayqalib-chayqalib, to‘lg‘ona boshladi. Uni ko‘rgan hakam Zidanning dunyoviy nufuzi bilan qiziqib ham o‘tirmadi — o‘zicha tartibga qat’iyan rioya qiluvchi harbiy kabi qizil kartochka ko‘rsatib yubordi. Shuning o‘ziyoq Italiya deyarli chempion, deganini bildirardi. Kim biladi deysiz, ehtimol, o‘sha hakam hamon nima qilib qo‘yganini bilolmay karaxt yurgandir yoki Italiyadan “suyunchi”sini olgandir?! 
Italiya shu taxlit to‘rtinchi bor jahon chempioni bo‘ldi. Lekin o‘sha kuni Italiyaning finalga munosib o‘ynaganini ham e’tirof etish kerak. Lotoreya bahslarida omad doim ham kuchlilarga emas, omadlilarga kulib boqishi esa ko‘pdan ma’lum. Bundan tashqari, Italiya terma jamoasi penaltilarni amalga oshirishda professional hisoblanadi, hech bo‘lmaganda ularning darvozaboni — Buffon shu nomni oqlaydi.
Xulosa shuki, Pele, Maradona, Gullit, Marko van Basten, Mishel Platini nomi eslanganda, Zidan ham, albatta, qayd etiladi.
Yo‘q, Zayniddinni eslash uchun ushbu futbolchilarni eslash ham shart emas, futbolni yodga olishning o‘zi kifoya qiladi. Usiz futbol mukammal emas, go‘yo! 
O‘yin hali tugagani yo‘q!

Zohidjon Xolov
"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.