OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Arman xalq maqollari (468)

Armanlar (o‘zlarini xay deb atashadi) — Kavkazorti xalqi, Armanistonning (3,1 mln. kishi, 2001) va Tog‘li Qorabog‘ning (146 ming kishi) asosiy aholisi. Shuningdek Rossiya Federatsiyasi (1,13 mln. kishi, 2002), Gruziya (380,2 ming kishi, 2004), AQSh (700 ming kishi), Fransiya (270 ming kishi), Eron (200 ming kishi), Suriya (170 ming kishi), Liviya va Turkiya (150 ming kishidan) va b. mamlakatlarda ham yashaydilar. Umumiy soni — 6,5 mln. kishi. Arman tilida so‘zlashadi. Dindorlari — asosan xristian-monofisiylar.


• Agar itning uyati bo‘lganida ishton kiyib olardi.
• Bozorda mol bilan birga qalb ham sotiladi.
• Hatto oy ham nuqsonsiz emas.
• Xursand bo‘lganingda mozorga bor, xafaligingda ham o‘sha yerga bor.
• Bolaning onasi o‘gay bo‘lsa, otasi ham begonalashib qoladi.
• "Dada, bu yetishmovchilikka yana qancha chidashimiz kerak?" ― "Qirq kun" ― "Keyin-chi?" ― "Ko‘nikib ketamiz".
• Ehsonni shunday qilki, hatto ko‘ylaging bilmasin.
• Odamlar yalaydigan darajada shirin bo‘lma, odamlar tupuradigan darajada achchiq ham bo‘lma.
• Men ro‘mol o‘rashni o‘rgangunimcha erim mendan ketib qoldi.
• Shovqinsiz va shildiramagan suvdan qo‘rq.
• Kambag‘alni kambag‘al tushunadi.
• Kambag‘al "mushuk jigarni yeb qo‘ydi" desa hech kim ishonmadi, boy "mushuk temirni yeb qo‘ydi" desa ishonishdi.
• Kambag‘alga hamma aql o‘rgatadi, hech kim non bermaydi.
• Ishyoqmas ovqat payti ― sog‘lom, ish payti ― kasal.
• Qiz bolaning oq badani yetti kamchilikni to‘sadi.
• Kattadan emas, boladan qo‘rq.
• Kasallik yugurib kelib, emgalab chiqib ketadi.
• Bemor kasal emas, uning xo‘jayini kasal.
• Katta baliq katta dengizda yashaydi.
• Takada ham soqol bor.
• Itga suyak tashla ― jim bo‘ladi.
• Mehmon kelmaydigan uyga la’nat bo‘lsin; kechqurun kelib ertalab ketmagan mehmonga ham la’nat bo‘lsin.
• La’natdan ming marta yomon duolar ham bor.
• Vijdonli jallod ham bo‘ladi, vijdonsiz qozi ham bo‘ladi.
• Ba’zida sukut ― oltin, so‘z ― kumush bo‘ladi, ba’zida esa so‘z ― oltin, sukut ― kumush bo‘ladi.
• Tez yursam telba deydilar, sekin yursam ― ko‘r.
• Mevasiz daraxtga tosh otmaydilar.
• Qarovsiz cherkovga shayton xo‘jayin.
• Hammaning oldida eshakning dumini kesma: birov "qisqa" desa, boshqasi "uzun" deydi.
• O‘z uyingda xizmatkorsan, boshqa uyda xo‘jayinsan.
• Qo‘shningning itiga tosh otma: xo‘jasini esla.
• Tuxumdan soch qidiradi.
• Qalpoq katta, ichi bo‘sh.
• Tuya bukrisni ko‘rmaydi.
• Tuya ham katta, lekin uni tizzalatib yuk yuklaydilar.
• Tuyaga deyishdi: "Tabriklaymiz, seni podshoh chaqiryapti". "Bilaman ― debdi u ― Yo Koxbga tuzga yuboradi, yo Sharurga guruchga".
• Bahorda qo‘zichoq yaxshi, kuzda ― jo‘ja.
• Shamol toshdan hech narsa ololmaydi.
• Shamol sovuqdan o‘libdi.
• Ozgina sharob ham bulbul qilib yuboradi.
• Xalq bilan birgalikda qora kun ham pasxaga aylanadi.
• Xotiningni urishdan oldin choponingni yech-da, uni urib, qayta kiyib ol.
• Og‘izni ochishdan avval ko‘zingni och.
• Suv doim o‘ziga chuqur joy topib oladi.
• Suv tashqarini tozalaydi, yosh ichkarini.
• Suvni boshidan to‘xtatiladi.
• Suvni ko‘rsa baliq bo‘lib ketadi, mushukni ko‘rsa ― sichqon.
• Ho‘kiz o‘lsa terisi qoladi, odam o‘lsa ― nomi.
• Bo‘ri yomg‘irli kundan xursand.
• O‘g‘ri butun dunyoni o‘g‘irlangan deb o‘ylaydi.
• Vaqt uni bilgan insonga ― xazina.
• Nodonning barcha yaxshiligini bitta tuyaga yuklasa bo‘ladi.
• Hamma vaqtga qaraydi, vaqt esa hech kimga boqmaydi.
• Hamma xo‘roz katagida baralla kuylaydi.
• Ikkinchi xotin ― yamoq.
• Bir marta ichish ― yaxshi, ikkinchisi ― yetarli, uchinchisi ― kulfat.
• Qayerda qo‘rquv bo‘lsa, uyat ham o‘sha yerda.
• Ko‘z ko‘rganidan qo‘rqadi.
• Kalla katta ― miya ingichka.
• Qaynoq sutdan kuygan qatiqni ham puflab ichadi.
• Kulol ko‘zaning dastagini qayerga xohlasa o‘sha yerga o‘rnatadi.
• Ko‘za yerga tushib sinmadi, lekin ovozini hamma eshitdi.
• Xudo "ha" dan rozi bo‘ldi, "yo‘q"dan ham rozi bo‘ldi, lekin "ha va yo‘q"ni la’natladi.
• Mehmon nonga emas, mezbonning ko‘ziga boqadi.
• Xudojo‘yning ham, gunohkorning ham dalasiga do‘l birday yog‘adi.
• Ber ― qo‘rqma, ol ― uyatma!
• Gapirishi uchun bir tiyin berishgan edi, hozir ikki tiyin berib ham to‘xtatolmaysan.
• Hadya qilingan sirka asaldan shirin.
• Qiz bola kesilmagan tarvuzga o‘xshaydi.
• Qizni qarining ko‘zi bilan tanla, otni ― yoshning.
• Puldan tog‘lar ham qo‘rqadi.
• Qishloqning iti shaharda dumini qisib yuradi.
• Suv yoqasida daraxt tez o‘sadi va tez nobud bo‘ladi.
• Eshigingni yopib yur, qo‘shningni o‘g‘ri tutma.
• Bolalar yig‘i bilan o‘sadi.
• Uzun til umrni qisqartiradi.
• Ahmoq uchun bitta nodon mingta oqildan afzal.
• Echkiga bitta echki bir poda qo‘ydan afzal.
• Sevgi uchun arman ham turk ham barobar, qalb uchun qiz va o‘g‘il barobar, aql uchun ― bilimli va omi.
• Qo‘y uchun dumbasi yuk emas.
• Yomon otaga jazo ― yomon farzand.
• Yaxshi hunarni qabrga o‘zing bilan olib ketma.
• Ayolsiz uy ― suvsiz bulut.
• Uyda sherday, ko‘chada mushukday.
• Qarz uyga burgaday kiradi, o‘sib tuyaday bo‘lganda uydan chiqolmay qoladi.
• Boyning qizini xotin qilish qiyin, lekin ilintirish oson.
• Qiz bola ― boshqa uyning chirog‘i.
• Do‘st yuzingga qaraydi, dushman ― oyog‘ingga.
• Ahmoq choxga tosh tashlasa, hech kim olib chiqmaydi.
• Ahmoq to‘yga borib debdi: "Bu yer uyimdan yaxshi ekan".
• Ahmoq aytdi ― aqlli ishondi.
• Ahmoqqa har kuni ― Yangi yil.
• Ahmoqona so‘z va yomon xotin ― egasining mulki.
• Agar uzun sochlarda kuch bo‘lganida echki payg‘ambar bo‘lardi.
• Agar ho‘kiz o‘zi ishlaganining hammasini yeganida, dunyo kambag‘allashib qolardi.
• Agar hamma xotinlar tejamkor bo‘lganida uyning devorlari puldan bo‘lardi.
• Agar kal davolashni bilganida avval o‘z boshini o‘ylardi.
• Agar oldingi odam keyingisi nima deyishini bilganida edi, umuman gapirmasdi.
• Agar shakarning tishi bo‘lganida o‘zini yeb qo‘yardi.
• Agar xolangning soqoli bo‘lganida senga tog‘alik qilardi.
• Agar mehmon kutib tursa, mezbon ovqat olib keladi.
• Yerdan oltin topib olsang ham avval sanab, so‘ng ol.
• Xo‘jayining eshak bo‘lsa ham unga "chosh" dema.
• Agar dehqon belini egmasa, doni qiyshiq o‘sadi.
• Mushukni tomdan tashlab yuborsang ham beli bilan tushmaydi.
• Erkak yozda ishlamasa, sigir qishda o‘ladi.
• It uzum yeyishni o‘rgansa, bog‘ bo‘shab qoladi.
• Itning dumini kesib tashlasang ham u qo‘zichoqqa aylanmaydi.
• Farzand onasi uchun kaftida tuxum pishirib bersa-da, volidasining haqini ado etolmaydi.
• Agar buzoq sigirdan oldinda yugurib ketsa, bo‘riga yem bo‘ladi.
• Omadli odam taqir qoyani ham ko‘kartira oladi.
• Tish og‘rig‘idan qutulmoqchi bo‘lsang, ildizini Quyoshga ko‘rsat.
• Ba’zi narsalarni o‘rganmasdan turib qilib bo‘lmaydi, ba’zilarini qilmasdan turib o‘rganib bo‘lmaydi.
• Ba’zi so‘zlarni bir pud asal bilan ham totli qilolmaysan.
• Hali ot sotib olmasdan egarni yasaydi.
• Oshqozon to‘q, ko‘z esa hali to‘ymadi.
• Semiz qo‘zi keskir pichoqqa munosib.
• O‘qlangan quroldan bir kishi qo‘rqadi, o‘qlanmaganidan ― ikki kishi.
• Ahmoqni ishga qo‘ysang, senga ko‘proq ish orttiradi.
• Meni chaqmaydigan ilon ming yil yashasa ham mayli.
• Ilon o‘z zahri bilan o‘ladi.
• Hunar bilgan tushlikkacha och yuradi, bilmagan ― oqshomgacha.
• Oltin iflos joyda ham yarqiraydi.
• Xo‘rozsiz ham tong otadi.
• Ilondan ham dori tayyorlaydilar.
• Shohning tovog‘iga ham pashsha tushadi.
• Mushuk ham kulfat paytida sherga aylanadi.
• Yaproq ham shamolsiz shitirlamaydi.
• Sen ham usta, men ham usta ― kirimizni kim yuvadi?
• Bo‘ridan qo‘rqib qishloq qurmaydilarmi?
• Pardan qo‘rg‘on tiklaydilar.
• Burganing mushtidan xudo asrasin.
• Burgani deb gilamni yoqmaydilar.
• Hamma o‘z mushtini toshdan deb o‘ylaydi.
• Tog‘ qanchalik yuksak bo‘lmasin, undan yo‘l o‘tadi.
• Cho‘chqani qanchalik avaylama, bir kuni boshiga pichoq keladi.
• Tosh o‘z joyida og‘ir.
• Ayolning makrini aravaga yuklashgan edi, u ham ko‘tarolmadi.
• Kambag‘al tovuq yeyayotgan bo‘lsa, u kasal, yoki tovuq kasal.
• Xudo rizq berayotib kimning farzandi ekanligingni surishtirmaydi.
• Baliqni qachon tutsang ham u yangi.
• Sharob kirsa ― sir chiqib ketadi.
• Qishloq oqsoqoli bo‘sh qolsa yo xizmatkorini uradi, yo orqasini qashiydi.
• Qiz turmushga chiqishni xohlasa, ko‘zani uradi; yigit uylanishni xohlasa ― o‘zga yurtga ketadi.
• Osh bo‘lganda ― ishtaha yo‘q, ishtaha bo‘lganda ― osh.
• Xotin farzand tug‘sa, uyning devorlari ham xursand bo‘ladi.
• Boshing og‘risa, oyog‘ing og‘rig‘ini ham unutasan.
• Boshqa yurtga otlansang, o‘sha yurtda kiyiladigan qalpoqdan kiy.
• Quyosh chiqsa yulduzlar berkinib oladi.
• Qush donni ko‘rsa qafasni unutadi.
• Itni o‘ldirmoqchi bo‘lsalar uni qopag‘on deydilar.
• Kimgadir choh qazimoqchi bo‘lsang o‘z bo‘yingcha qazi.
• Cho‘ponning moyi ko‘paysa, tayog‘iga ham surtib oladi.
• Qo‘shningnikida to‘y bo‘lsa, eshigingni kengroq och.
• Harakat qilmay faqat umid qilaversang ochlikdan o‘lasan.
• Agar bo‘ri yeb qo‘ymasa, eshak Quddusgacha boradi.
• Echkicha ma’rab omon qoldi, qo‘zichoq indamay o‘lib ketdi.
• Qo‘ng‘iroq uzoqdan yaxshi jaranglaydi.
• Uzuk barmoqqa mos bo‘lishi kerak.
• Mushuk o‘zi uchun sichqon ovlaydi, egasi esa "mening mushugim zo‘r ovchi-da", deb o‘ylaydi.
• Mushuk go‘shtgacha yetib borolmay, "bugun ro‘zaman" deydi.
• Mushuk o‘zi haqida yomon tushlar ko‘rmaydi.
• Dehqonni shaharning noni bilan boqib bo‘lmaydi.
• Qon suv bilan yuviladi, qon bilan emas.
• Bo‘ridan qo‘rqqan qo‘y boqmaydi.
• Suvga yiqilgan yomg‘irdan qo‘rqmaydi.
• O‘limdan doim qo‘rqib yuradigan tiriklar orasida o‘likdir.
• Xohlaganini gapiraveradigan o‘zi xohlamaganini eshitadi.
• Dengizdan oshgan daryoda cho‘kmaydi.
• Otasining puliga uylangan xotinning qadrini bilmaydi.
• Topgan bir marta adashadi, yo‘qotgan ― ming marta.
• Itiga bir bo‘lak non bermagan qo‘yini bo‘riga yediradi.
• Kattalarni tinglamagan ochdan o‘ladi.
• Uy qurmagan ustunlarni o‘zi o‘sib chiqqan deb o‘ylaydi.
• Eng yaxshisini qidirgan eng yomoniga uchraydi.
• Sotib olgan ― topadi, sotgan ― yo‘qotadi.
• Birov bergan sharobni ichgan ikki marta mast bo‘ladi.
• Yo‘lga erta chiqqan va erta uylangan afsus qilmaydi.
• O‘z sharafini asrolmagan birovnikini ham saqlolmaydi.
• Birovning qoshig‘i bilan osh yegan og‘zini kuydiradi.
• Tovuq tushida o‘zini g‘alla maydonida ko‘rarkan.
• Huriyotgan it tishlamaydi.
• Hurish ham hunar.
• Ko‘zidan ayrilgan ko‘z og‘rig‘idan ham xalos bo‘ladi.
• Ot o‘ynasa chavandozni maqtaydilar, qilich o‘ynasa ― qo‘lni.
• Otni yurishidan, qizni nigohidan biladilar.
• Aql bo‘lgandan ko‘ra a’mo ko‘z bo‘lgan afzal.
• Yaxshi nomni yo‘qotgandan ko‘ra ko‘r bo‘lgan afzal.
• Qo‘shnimda ikkita sigir bo‘lsa, menda uchta bo‘lsin, bo‘lmasa bitta ham sigir bo‘lmagani afzal.
• Qirq marta avliyodan so‘ragandan bir marta Xudodan so‘ragan afzal.
• Sinalmagan farishtadan sinalgan shayton afzal.
• Ahmoq quvontirganidan dono yig‘latgani afzal.
• Nodon bilan bazm qurgandan dono bilan tosh tashigan afzal.
• Nodon ruhoniydan aqlli osiy afzal.
• Qiz bolani badnom etishdan cherkovni buzgan afzal.
• Qo‘shnim menga yordam berishi uchun uni yaxshi ko‘raman.
• Qurbaqadan nega doim qurillashini so‘rashdi. U: "men o‘z ovozimga oshuftaman", dedi.
• Kichkina odamlar katta tushlar ko‘radilar.
• Kichkina xo‘tik katta eshak bo‘ladi.
• Ayiq aytarkan: "Ikki ahil birodardan boshqasidan qo‘rqmayman".
• Meni hech kim tinglamaydi, chunki mening soqolim yo‘q.
• Murdaga ham kengroq joy kerak.
• Qilich ishlatilmasa zanglab qoladi.
• Qotilning quroli egasiz qoladi.
• Dunyo Sulaymonga ham vafo qilmadi.
• Menga mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroqcha ilib qo‘yadigan sichqon kerak.
• Ko‘p yesang ham kam gapir.
• Ko‘r farishtani hech kim ko‘rgan emas.
• Ekkan "bo‘lishi mumkin", lekin ko‘karmadi.
• O‘zimning qattiq nonim sizning yog‘li oshingizdan afzal.
• Duo bilan bo‘rining og‘zini yopolmaysan.
• It dengizdan ichgani bilan suv kirlanib qolmaydi.
• Er og‘ir kunga kerak, ko‘ylak ― sovuq kunga.
• Sichqon kichkina bo‘lsa-da katta tushlar ko‘radi.
• Sichqon o‘z uyasida sherga aylanadi.
• Ikki ahmoqqa bitta aql ham yetadi.
• Ho‘l joyga yotmaydilar.
• Dunyoda Quyosh bitta, uyda boshliq bitta.
• Yuvosh eshakka ikki kishi minadi.
• Ozroq yuklab, tezroq qayt.
• Nasihat bigiz emas, boshqa suqib bo‘lmaydi.
• Echkiga sharob ichirishdi ― u bo‘ri bilan urushgani ketdi.
• Zo‘rlab ochirilgan atirgulning hidi bo‘lmaydi.
• Mastni urma, o‘zi yiqiladi.
• Sinalmagan odamga qarz berma.
• Haddan tashqari shirin bo‘lma ― seni pashsha bosib ketadi.
• Eshakning narhi ming dinorga ko‘tarilsa ham odamlar orasida eshak bo‘lma.
• Yoz yomg‘iriga va qishdagi oftobga ishonma.
• Hamma qora kiygan ham pop emas.
• Quddusga borgan hamma ham hoji bo‘lib qolmaydi.
• Bilishingni hammaga aytma.
• Yaxshi gap eshitishni xohlasang, yomon gapni aytma.
• Birovning qo‘li bilan olov ushlama.
• Hamma bulutdan ham yomg‘ir yog‘avermaydi.
• Farzanding bo‘lmasa ― qalbing ham yo‘q.
• Qizil rang hamma narsaga ham mos tushavermaydi.
• Suyak va go‘sht orasiga tushma.
• Baxtingga va davlatingga ishonib qolma.
• Ichma, o‘rtoq ― birovga kulgi bo‘lmaysan.
• O‘tgan kunga achinma.
• Chuqurga birovning arqoni bilan tushma.
• Ko‘p yashagan emas, ko‘p yurgan ko‘p biladi.
• Hamma tuxumda ham ikkita sariq bo‘lmaydi.
• Chaqirilmagan bazmga borma.
• Tug‘ilmagan bolaga kiyim tikma.
• Kutilmagan mehmon o‘z cho‘ntagidan yeydi.
• Chaqirilmagan mehmon tikan ustida o‘tiradi.
• Omadsiz dengizga borsa, u qurib qoladi.
• Pastga o‘zim o‘tirmayman, tepada esa joy yo‘q.
• Miskin miskinni yomon ko‘radi, Xudo ― ikkisini.
• Kechki o‘g‘rini kunduzi ushlaydilar.
• Kechasi o‘g‘irlab, kunduzi "Xudoyim, o‘zing kechir" deydilar.
• Ertangi ishni ertaga o‘ylaymiz.
• Bitta dushman mingta do‘stdan ko‘p.
• Bitta nodon savol bersa, qirqta dono javob berolmadi.
• Bittasi uyatdan gapirmadi, boshqasi qo‘rqdi deb o‘yladi.
• Yetti qaynog‘adan bitta ko‘r er afzal.
• Biri butun bog‘ini ayamaydi, boshqasi bitta uzumni qizg‘onadi.
• Yolg‘izlik faqat Xudoga yarashadi.
• Qo‘shnining yettita sigiridan o‘zingning bitta sigiring afzal.
• Bitta yaxshi qiz yettita o‘g‘il bolaga teng.
• Tupuk bilan yong‘inni o‘chirolmaysan.
• Onaning bitta duosi yettita popning la’natini kesadi.
• Bir qo‘lda xochni ushlab, ikkinchi qo‘lda o‘g‘irlaydilar.
• Ba’zi qushlarni go‘shti uchun yeydilar, ba’zi qushlar esa go‘sht yeydi.
• Sovuqdan toliqqan ilon birinchi bo‘lib o‘zini isitganni chaqadi.
• U burgadan ham yog‘ oladi.
• Eshak qaysarlik qilsa ― ur, yuradi; ot qaysarlik qilsa qo‘y, o‘zing ketaver.
• Eshak bir marta yiqilgan joyidan qaytib yurmaydi.
• Eshakni yo‘qotdilar, lekin egarni qidiryaptilar.
• Eshakni to‘yga taklif qildilar. U aytdi: "suv tashish kerak shekilli-a?".
• Eshakka rayhonni hidlagani bergandilar, uni yeb qo‘ydi.
• Eshakka "egarni to‘g‘rila" degandilar, u egarni o‘girib qorniga taqib oldi.
• Suvdan foyda katta, zarar ham katta.
• Ahmoqdan hatto sa’va cho‘lga qochib qutuldi.
• Och mushukdan sichqon qochib qutulolmaydi.
• Og‘riqdan tirnoq o‘sadi, quvonchdan ― soch.
• Nodonning ko‘zidan toshlar ham yoriladi.
• Ahmoq xotindan shayton ham qochadi.
• Kimdan baxt yuz o‘girsa, uning oti ham eshakka aylanib qoladi.
• O‘tkir sirkadan idish ham yoriladi.
• Qoshiqdan og‘izgacha yo‘l uzoq.
• Yomon qo‘shnidan ko‘chib qutulasan.
• Ochiq idishni it ham yalaydi, mushuk ham.
• Qo‘chqor qimmat turishini bo‘ri qayerdan bilsin?
• Kambag‘alda o‘tin yo‘qligini qor qayerdan bilsin?
• Birinchi bo‘lak doim laziz.
• Ko‘p qo‘shiq bilaman, lekin ovozim yo‘q.
• Piyoda otliqdan kularkan.
• Mevali daraxtni doim sug‘oradilar.
• Yarmida haqiqat bo‘lmagan hazil yomon.
• Yomon odam pasxada ham yomon.
• Tepaga tupursam mo‘ylovimga tegadi, pastga tupursam ― soqolimga.
• Buyurtma bilan farzand qilolmaysan.
• Qalpoq ostida qanday bo‘lmasin bitta kalla bor.
• Tilning suyagi yo‘q, yolg‘on gapirayotganda urib turgani.
• Qo‘shninga bitta sigirni bersang, xudo senga ikkita beradi.
• "Farzand muborak!" dedi tulki tovuqqa. "Rahmat! ― dedi u ― faqat, xudo haqi, mendan uzoqda yur".
• Tirikligida ishtoni ham yo‘q edi, o‘lgandan so‘ng maqbara qurishdi.
• Suvga tushmasdan suzishni o‘rgana olmaysan.
• Kulfat ko‘rmay baxtga erishmaysan.
• Ho‘l bo‘lmasdan baliq tutolmaysan.
• Tuzni topishguncha go‘sht tugab qoldi.
• Qarimaguncha keksani tushunmaysan.
• Yurak og‘rimaguncha ko‘zdan yosh chiqmaydi.
• Semiz oziguncha ozg‘inning joni chiqadi.
• Buqaning shoxi o‘smaguncha suzmaydi.
• Aqlli yechinguncha nodon daryodan oshadi.
• Aqlli o‘ylanguncha nodon o‘g‘lini uylaydi.
• Noningni nonim ustiga qo‘y, shunda tepadan ham, pastdan ham yeysan.
• Tushlikdan keyin bo‘tqa arzon bo‘ladi.
• Tushlikdan so‘ng qo‘lga suv quymaydilar.
• Tulkini tovuqxonani qo‘riqlashga qo‘yishdi.
• Bittasi ochilishi uchun yetti eshikni taqillat.
• Qizini yo‘qotdi, ammo marjonidan afsusda.
• Yo‘qolgan soch arqon bo‘lib qaytadi.
• Devor qiyshiqligi uchun sigirning suti yo‘q.
• Uyda keksani hurmat qil, agar keksa bo‘lmasa bitta tosh qo‘yib, uni keksadek hurmat qil.
• Shohning qasrini ko‘rib kelib, o‘z kulbasini yoqib yubordi.
• Haqiqatni doim yo ahmoqdan eshitasan, yoki yoshdan.
• Haqiqatni hazil bilan aytish kerak.
• Huquq bor, qonun yo‘q.
• Kirishdan oldin chiqishni o‘yla.
• Yaxshi moy va guruch bo‘lsa, oshpaz ham yaxshi bo‘ladi.
• Xotinning sepi qo‘ng‘iroqqa o‘xshaydi, undan o‘tsang jaranglaydi.
• Onaning la’nati o‘tmaydi ― ona suti to‘sqinlik qiladi.
• Iltimos bilan cho‘chqani arpa maydonidan quvolmaysan.
• O‘tgan yilgi o‘likni hozir ko‘mmaydilar.
• Bo‘sh arava qattiq silkinadi.
• Yo‘lga tushish ― sendan, qaytish ― Xudodan.
• Quruq qoshiqni og‘izga olib bormaydilar.
• Quruq so‘z bilan osh qilolmaysan, unga moy va guruch kerak.
• Odamni "eshak" degandan ahmoq degan afzal.
• Ming marta urishsa ham bir marta haqiqatni aytishga qo‘yishsin.
• Ishlayotgan och qolmaydi.
• Atirgul uchun tikanga ham chidaydilar.
• Yaralangan uxlab qoladi, qorni och uxlolmaydi.
• Qalbning zangi yuzga uradi.
• Shaytondan yetti kun avval tug‘ilgan.
• Kambag‘alga buloq ham suv bermaydi.
• Urmoqchi bo‘lgan qo‘lingni o‘p-da, boshingga qo‘y.
• Baliq suvda o‘sadi.
• Baliq boshidan sasiydi, suv boshidan loyqalanadi.
• Baliq hali suvda, u esa qozonga yog‘ quyadi.
• Baliqni qarmoq bilan tutadilar, odamni ― so‘z bilan.
• Baliqni sirpanib ketmasligi uchun boshidan ushla.
• Yaqinlaring bilan yeb-ich, lekin savdo qilma, dushmaning bilan savdo qil, ammo bazm qilma.
• It bilan do‘stlash, ammo qo‘lingdan tayoqni tushirma.
• Yaxshi xotin bilan to‘yga borma, o‘z uyingda doim bayram; yomon xotin bilan azaga borma, o‘z uyingda doim aza.
• Oqsoq eshak bilan ham karvon yuraveradi.
• O‘zi tuxumdan chiqib, yana tuxumdan mamnun emas.
• O‘zi otxonada uxlab qoladi, yana tushida Avliyo Georgiyni ko‘radi.
• O‘zi odamga o‘xshamaydi, lekin so‘zi bilan odamlari o‘ldiradi.
• Ahmoqqa maysani pishirib ber, agar yesa, yana pishirib ber.
• Kelin va qaynisingil urushib qoldi ― er ikki tosh orasida qoldi.
• Ustida rido, ichida shayton.
• Yaxshilik qilib daryoga ot, odam bilmasa baliq bilardi.
• Avval o‘zingga igna sanch, so‘ng boshqaga ― bigiz.
• Otga o‘tirib Xudoni unutadi, otdan tushib ― otni.
• Badjahl odam tez qariydi.
• Yurak dasturxon emas, hammaning oldida yozolmaysan.
• Yurak ― ko‘zgu. Sinsa qaytib yig‘olmaysan.
• Eshakka minish ― uyat, undan tushish ― ikki marta uyat.
• Otaning la’natidan qo‘rq.
• Yetimni hamma uradi.
• Bir baliq boshqasiga aytyapti: "Menga qara, biroz suril!" ― "Qayerga surilay, ikkalamiz ham bitta qozonda qovurilyapmiz-ku!".
• Eshak qancha o‘sgani bilan ot bo‘lib qolmaydi.
• Yer ustida qancha bo‘lsa, ostida ham shuncha bor.
• Sigirga xo‘jayin kerak, farzandga ― ota.
• Og‘zingdan hali chiqmagan so‘z ― o‘zingniki, chiqqani ― birovniki.
• Shunday kulki, men ham kulay.
• O‘lim quloqning uchida turadi.
• Kulgi ― yaxshi, agar yig‘i bilan tugamasa.
• Baquvvat ot yomon tepadi.
• Ustida ko‘ylak yaltiraydi, qorni ochlikdan qiynaladi.
• Qor oyoqlar muzlashi uchun yog‘adi.
• U men bilan urushgan, faqat soyam bilan do‘st.
• Devordan yiqilsang ― o‘lmaysan, nonsiz ― yo‘qolasan.
• It bo‘rini ko‘rmaguncha oqsoqlanaveradi.
• It o‘zini boqishgan joyda huriydi.
• Itni urmasang seni tishlamaydi.
• It o‘z go‘shtini yemaydi.
• Oziga rozi bo‘lsang ko‘piga erishasan.
• Eshak Quddusda qirq marta bo‘lib ham eshakligicha qoldi.
• Qo‘shni ― qo‘shnining oynasi.
• Oldin ko‘zga yoqish kerak, so‘ng ― yurakka.
• Oldin so‘zni og‘izda pishir, so‘ng chiqar.
• G‘iybatchi bir qop yong‘oqqa o‘xshaydi: qancha silkitsang shuncha ko‘p jaranglaydi.
• Odilga jazo yo‘q.
• Tulkidan guvohni so‘rashdi, u dumini ko‘rsatdi.
• O‘z bog‘ingdan yog‘och qirq, o‘z qishlog‘ingdan do‘st tanla.
• Eski do‘st dushman bo‘lmaydi, eski dushman do‘st bo‘lmaydi.
• Eski qo‘shni tug‘ishgan bilan teng.
• Xo‘roz tomga chiqib aytar ekan: "Mening ovozimga bu uylar qanday chidarkin?".
• Azobni qoyalarga berilgandi, ular chidolmadi, so‘ng uni odamlarga berildi.
• Kambag‘allikda yashash uyat emas, iflos joyda yashash ― uyat.
• Baxt yomonga yaxshilik beradi, yaxshiga ― yomonlik.
• Boy ilonni yesa, "dori" deyishdi, kambag‘al yesa, "och ekan" deyishdi.
• Ot sotilayotgan joyda eshakka o‘rin yo‘q.
• Sening o‘qituvchilarning ― mening o‘quvchilarim xolos.
• Arava o‘tinga ketdi: olib kelsa ― yaxshi, kelmasa ― o‘zi o‘tin bo‘ladi.
• Odam o‘ziga qilganini dushman dushmaniga ham qilmaydi.
• Ko‘rganing eshitganingdan ishonchli.
• Dengizga cho‘kayotgan ilonga ham yopishadi.
• Dengizga cho‘kayotgan dengiz ko‘pigiga ham yopishadi.
• Yuraksiz qo‘rquvdan ayiqni ham "dada" deb yuboradi.
• Mingta yolg‘on bitta rostchalik bo‘lolmaydi.
• Yugurayotganning yo‘li bitta, quviyotganniki ― mingta.
• Miskinning yuragi bor, lekin qo‘li yo‘q.
• Xudoning bir ming bitta eshigi bor: mingtasi yopilsa, bittasi ochiladi.
• Sharobdan so‘rashdi: "Sen ko‘proq muruvvat qildingmi yoki vayron qildingmi?". Sharob javob berdi: "Qanchasiga muruvvat qilganimni bilmayman, lekin vayron qilganlarimning sanog‘i yo‘q".
• O‘g‘rining cho‘ntagi teshik.
• Qarg‘adan so‘rashdi: "Qushlar ichida eng go‘zali kim?". U javob berdi: "Mening jo‘jam".
• Ahmoqning sochi erta oqaradi.
• Haqiqatni gapirganning boshidan shox o‘sib chiqadi.
• Ahmoqdan so‘rashdi: "Arak daryosidan nechta tovuq suv ichadi?". U o‘ylab-o‘ylab javob berdi: "417 yarimta".
• Yerning ham qulog‘i bor.
• Kimning dardi ko‘p bo‘lsa, u ko‘p gapiradi.
• Yolg‘onchining tili qisqa.
• Yolg‘onning oyog‘i bor, lekin u to‘g‘riga yurmaydi.
• Eshakdan so‘rashdi: "Sening otang kim?". U javob berdi: "Otamni bilmadim-u, onam ― ot".
• Sichqondan so‘rashdi: "Nega kichkinasan?". U javob qildi: "Mushukdan qo‘rqqanimdan".
• Kallasi bo‘shning tili uzun.
• Musofirda non bo‘lishi kerak, cho‘ponda ― olov.
• Qo‘shnining iti ham yaxshi bo‘lishi kerak.
• Qo‘shnining noni shirin.
• Qarining mingta og‘rig‘i bor.
• Mehmonxonani bitta qil, lekin do‘stlarni ko‘paytir.
• Qalpog‘imda changni ko‘rib, meni tegirmonchi deb o‘yladingmi?
• Aql soqol bilan birga o‘smaydi.
• Aqlni xudo beradi, uni sotib ololmaysan.
• Uddaburon quyonni aravada ham tuta oladi.
• Qushni qo‘yib yuborsang qayta tutolmaysan.
• Chanqog‘ini qondirayotganni ilon ham chaqmaydi.
• Qulog‘i bor-u, teshigi yo‘q.
• Ahmoqning noni dononing qornida.
• Xotinning xo‘jayini ― er, erning xo‘jasi ― qarz.
• Yaxshi og‘riq bo‘lmaydi.
• Yaxshi xotinning bahosi yo‘q.
• Yaxshi otga yem beradilar, yomon otga ― kaltak.
• Qisqa so‘z va uzun arqon yaxshi.
• Yaxshi ho‘kiz bo‘yinturug‘idan ma’lum, yaxshi xotin ― belanchagidan.
• Yaxshi farzand ota uyini quradi.
• Janjal ko‘rmoqchi bo‘lsangiz kambag‘alning uyiga boring.
• Uy yonib ketsa mayli, sichqon qolmasin.
• Tilning suyagi bo‘lmasa-da, o‘zi qancha suyaklarni sindiradi.
• Eshak yetti xil suzishni bilsa-da, suvni ko‘rishi bilan unutadi.
• O‘zing kambag‘al bo‘lmasang-da, kambag‘al qo‘shning bor-ku.
• Shakar shirin bo‘lsa-da, nonning o‘rnini bosolmaydi.
• Asal shirin bo‘lsa-da, har kuni yeyish ziyon.
• Aqlli bo‘lsang ham ahmoqdan so‘rashdan uyalma.
• O‘zi bitta igna olmoqchi, bir pud temirning narhini so‘raydi.
• Gullagan daraxtdan gul tushadi.
• Suvning qadri suv quriganda bilinadi.
• Jo‘ja tuxumidan ma’lum, bola ― beshigidan.
• Odam odamning yuziga qaraydi, Xudo ― ko‘ngliga.
• Qancha kambag‘allashsang, shuncha yaxshi kiyin.
• Eshakning yuki qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha tez yuradi.
• Qora harflar qizil kunlarni olib keladi.
• Shaytonga ko‘ylak kiygizadi.
• Rostgo‘ylik bozorda sotilmaydi.
• Toza oltin zanglamaydi.
• Nasli toza xotinni eridan biladilar.
• Ko‘rga nima kerak? Ikki ko‘z!
• Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi.
• Begonaning xotini go‘zalroq ko‘rinadi.
• Boshqaning mehnati bilan to‘q bo‘lolmaysan.
• Begona murda uxlayotgandek tuyuladi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.