OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Osetin xalq maqollari (247)

Osetinlar (o‘zlarini — iron, di-goron deb ataydilar) — Rossiya Federatsiyasi (515 ming kishi, Shimoliy Osetiyada 445 ming kishi, 2002) va Gruziyadagi (164 ming kishi; Jan. Osetiyada 65 ming kishi) xalq. Umumiy soni 600 ming kishi (2002). Osetin tilida so‘zlashadi. Dindorlari — asosan, pravoslavlar, sunniy musulmonlar ham bor.


• O‘lim eshiklari hamma uchun ochiq.
• To‘qning ko‘ngli qo‘shiq istaydi.
• Katta qalbning og‘rig‘i ham katta bo‘ladi.
• Boshsizning o‘rmonida tulki xo‘jayin.
• Odamga doim nimadir yetishmaydi.
• Dard dardni dumida tashiydi.
• Cho‘ntak nochor bo‘lsa ham qalb boy bo‘lsin.
• Ayiqdan qochib bo‘riga tutildim.
• Oldinga qochsang, orqaga ham qarab qo‘y.
• Suvsiz charxpalak aylanmaydi.
• Suvsiz yer ham qimirlaydi.
• Yo‘ldoshi yo‘qqa tayoq ham yo‘ldosh.
• Shoxsiz echki o‘lgunicha o‘zini echkicha deb o‘ylaydi.
• Shoxsiz qo‘y shoxli qo‘y bilan urushib, quloqsiz qoldi.
• Sochingdan xavotirdamisan — urushma.
• Yosh bolaning sergapligi — toychoqning yugurishi.
• Qalb og‘rig‘i kuchni sindiradi.
• Kattani kichiklashtirish mumkin, kichikni katta qilib bo‘lmaydi.
• Urushsang nartlar kabi urish: saxardan shomgacha. (Nartlar — g‘ayriodatiy kuchga ega bo‘lgan osetin xalq eposi qahramonlari)
• Qo‘rqoq so‘kinadi.
• Aka ukaga qarz to‘lamaydi.
• Itga suyak tashla — u hurishdan to‘xtaydi.
• Uraverib yig‘lashga qo‘ymaydilar.
• Bazmga bir o‘zing borma.
• O‘z vaqtida olxo‘ri ham shirin.
• Nazoratsiz podaga bo‘ri xo‘jayin.
• Zulmatda zaif chiroq ham uzoq yonadi.
• Sabrda oltin yashirin.
• O‘zga ovulda kiyimingga qarab kutib oladilar, o‘z ovulingda ishingga.
• Boshga urib berilgan ilm — donolik emas.
• Bahorgi muz aldovchi bo‘ladi.
• Ayiqni ko‘rib turib, uning izini qidiradilar.
• Aybdor o‘z soyasidan ham qo‘rqadi.
• Birovning o‘rniga o‘lmaysan.
• Ovqat vaqtida it ham vovullamaydi.
• Suv ketar, toshlar qolar.
• Bulutning suvini yerdan bilib bo‘lmaydi.
• O‘g‘ri ham, bo‘ri ham yorug‘likdan qo‘rqadi.
• O‘g‘ri o‘z uyidan ham o‘maradi.
• Qarg‘a qarg‘ani uzoqdan taniydi.
• Qarg‘a uzoq yashasa ham qarg‘aligicha qoladi.
• Oldida ketayotgan — qolganlar uchun ko‘prik.
• Hatto Quyoshga ham to‘la ishonib bo‘lmaydi.
• Vaqt muddat bilmaydi.
• Hamma odamlar bir osmon ostida yashaydilar.
• Folbin o‘z taqdirini bilmaydi.
• "Salom"ni aytgan joyingda, "Xayr"ni ham unutma.
• Epchilga — ziyofat, dangasaga — tayoq.
• Ahmoq kalla oyoqni qiynaydi.
• Bosh faqatgina qalpoq kiyish uchun emas.
• Bukri doim to‘g‘ri bo‘lishga harakat qiladi.
• Ayiq to‘yib bo‘lgandan so‘ng "asal achchiq ekan" derkan.
• Achchiqni totmay turib shirinni bilmaysan.
• Mehmonni ertak bilan boqmaydilar.
• Hatto dushmaning uchun ham to‘g‘ri guvohlik ber.
• Hatto tovuq ham ichib olib, osmonga qaraydi.
• Hatto dengiz ham joyini o‘zgartiradi.
• Ikki shudring ham bir-biridan farq qiladi.
• Ikki aka-ukadan hatto ayiq ham qo‘rqadi.
• Adolat ishi — haqiqatni topish.
• Arzon go‘sht to‘g‘nab qolmaydi.
• Karga hamma kardek tuyuladi.
• Qorin uchun bahor kuzda.
• Dunyo uchun Quyosh ham kam.
• Yaxshilikni it ham unutmaydi.
• Yaxshi so‘zdan ilonning ham aqli kiradi.
• Ishonish — yaxshi, qattiq ishonish — xavfli.
• Chaqimchi do‘stini ham chaqadi.
• Munosib o‘lim sharafli.
• Ahmoqqa yashash oson.
• Ovchining va ayiqning xohishi tugamaydi.
• O‘z aqling bilan yasha, birovning oyog‘i bilan o‘ynama.
• Yaxshi so‘zga pul to‘lamaydilar.
• Igna yurgan joydan ip ham yuradi.
• Tashlandiq maydon faqat toshga kerak bo‘ladi.
• Uyalgan mehmon och qoladi.
• Agar odam xohlasa taqir qoyadan gul o‘sadi.
• O‘zingni bilmoqchi bo‘lsang, boshqalardan so‘ra.
• Quyon xushtakdan o‘lib qolmaydi.
• Yer qarzga qolmaydi.
• Qish qor yig‘adi, yoz uni ishlatadi.
• Ilonni vishillashidan biladilar.
• Yuzta tilni bilish yuzta aql demakdir.
• Tish og‘rig‘iga ayiq ham chidamaydi.
• Qishning tishi tosh kemiradi.
• Kasallik ham ikkinchi marta qaytmaydi.
• Yomonligim ham, yaxshiligim ham o‘zimniki.
• Zulmat yorug‘lik bilan tugaydi.
• Ho‘kizning ham og‘zi katta, lekin gapirolmaydi.
• Chirigan xodadan taxta ham chiqmaydi, o‘tin ham.
• Qo‘rqqanning ko‘ziga sichqon ham tog‘day ko‘rinadi.
• Qo‘rqqan ko‘z yaqinlarini ham tanimaydi.
• Yolg‘onga mingta yo‘l, haqiqatga — bitta.
• Bo‘riga o‘xshab: goh juda ham to‘q, goh haddan tashqari och.
• Tuhmatchini hamma yaxshi biladi, u esa "mening qandayligimni hech kim bilmaydi" deb o‘ylaydi.
• Qulfga kalitni tanlaydilar, kalitga qulfni emas.
• Qasamxo‘r qasamga ishonmaydi.
• Ahmoqlarni yo‘q qilishga kirishilganda ahmoq ham qo‘liga pichoq olgan ekan.
• Sen aql to‘plashga chiqqaningda men ortga qaytaverdim.
• Kimni sevsang — u qarindosh.
• Odamlar kimni sevsalar, uni Xudo yorlaqaydi.
• Echikini faqatgina oqligi uchun sotib olmaydilar.
• Sen kimga "Xayrli kun" desang, u senga "Xayrli kech" deyishni unutadi.
• Qiyshiq tayoq uzoqqa uchmaydi.
• Kim bor-yo‘g‘idan ayrilgan bo‘lsa, unga yashin qo‘rqinchli emas.
• Kim suvda yashasa unga toshqin yangilik emas.
• Kamchiliksiz er qidirgan ersiz qoladi.
• O‘z yurtida yashamagan hayot lazzatini bilmaydi.
• Bolalarni sevmagan boshqa hech kimni sevmaydi.
• O‘z xalqini sevmagan boshqa xalqni ham sevolmaydi.
• O‘z xatosini anglamagan boshqa xatoni ham qiladi.
• Qulf yasagan kalitini ham yasaydi.
• Sho‘rvadan kuygan suvni ham puflab ichadi.
• Xo‘rozning qichqirig‘i — tulkiga bayram.
• Yengil tosh yengil ko‘tariladi.
• Dangasa ishni kechqurun boshlaydi.
• Yolg‘onchi dengiz qa’riga ham yashirinolmaydi.
• Yolg‘onchini ko‘r ham ko‘radi.
• Tulkiga uning dumi guvoh.
• Ko‘p yashagandan ko‘p ko‘rgan afzal.
• Insonning la’nati Tangrining la’natidan yomon.
• Qurbaqaga itbalig‘i — Quyoshning nuridek.
• Kichkina bolta katta daraxtni qulatadi.
• O‘likni guvohlikka chaqirmaydilar.
• Ko‘rning orzusi — ko‘rish.
• Qop xaltaga juft emas.
• Ko‘p ishlagan ko‘p yashaydi.
• Dononing so‘zi mustahkam oyoqda yuradi.
• Donolik donolikni qidiradi.
• Donolik — baxtga payvand.
• Erkak o‘z uyida mehmon.
• Sichqon o‘ziga o‘zi mushuk qidiradi.
• Asalga pashshalar Bag‘doddan ham uchib keladi.
• Dengizda iz qolmaydi.
• Tikanakdan nok o‘smaydi.
• Birovning qanotida ucholmaysan.
• Umid — qo‘rg‘on.
• Odamlar orasida shunday joyni egallaki, hech kim senga kelib "biroz suriling" demasin.
• "Qo‘rqma" — kambag‘alning qo‘rg‘oni.
• Bo‘rilar bo‘lmaganida cho‘ponlar ham bo‘lmasdi.
• "Ko‘rmadim" — bitta so‘z, "ko‘rdim" — katta suhbat.
• Ikkala qirg‘oqni ham o‘zimniki demaguningcha, bittasi ham seniki bo‘lmaydi.
• Suvga tushmasdan suzishni o‘rganolmaysan.
• Birovning qo‘li bilan tikan yulma.
• Yo‘ldan adashish ayb emas, yo‘lda qolib ketish ayb.
• Otishni bilmagan otgan tosh o‘z boshiga tushadi.
• Hosilni omborga olib bormaguncha u bilan maqtanma.
• Buqa yo‘qligida buzoqcha ham sakraydi.
• Moylanmagan arava g‘ichirlaydi.
• "Yo‘q" — toshdan qattiq.
• Sen birovni eslamasang seni ham hech kim eslamaydi.
• U dunyoga kech qolishdan hech kim qo‘rqmaydi.
• Hech kim bir sakrash bilan narvonning uchiga yetgan emas.
• Hech narsani ko‘rmagan hech narsani bilmaydi.
• Qalpoqni hamma kiyganiday kiy.
• Olov o‘chadi, so‘z o‘chmaydi.
• Ahillik bilan qoyani yiqitsa bo‘ladi.
• Bir kishi o‘z ustidan kuladi, ikkitasi — bir-biridan, uchtasi — boshqa birovdan.
• Yolg‘iz odam to‘yda ham baxtsiz.
• Bitta asalari uyani to‘ldira olmaydi.
• Bitta qichqiriq bilan podani qaytara olmaysan.
• Yomon tog‘dan yomon toshlar qoladi.
• Ovchi o‘zi bo‘lmagan darani o‘ljaga boy deb hisoblaydi.
• Qo‘shiq yaxshi ijro etilganda go‘zal.
• Orzu qilish oson, amalga oshirish qiyin.
• Rostgo‘y ko‘zsiz ham ko‘radi.
• Mehmon oldida itingni urma.
• Daromad va buromad — aka-uka.
• So‘rash uyat emas, o‘g‘irlash uyat.
• Quruq qoshiq labni yirtadi.
• Kesilgan nonni birlashtirib bo‘lmaydi.
• Qurol o‘qsiz otilmaydi.
• Bitta tulkidan ikkita mo‘yna ololmaysan.
• Yuk yelkani la’nataydi, yelka — yukni.
• Biri urushsa, boshqasi jasorat haqida gapirib beradi.
• O‘nta zarbadan ko‘ra bitta yomon so‘z qalbni sindiradi.
• Yonib bo‘lgan o‘tin bilan uyni qizdirolmaysan.
• Yong‘oq daraxti ildizi bilan chiriydi.
• Asalni eng birinchi asalarichi totib ko‘radi.
• Qilich ostida oh chekishdan naf yo‘q.
• Bo‘sh cho‘ntak ishib turmaydi.
• Irg‘ish hali chopish emas.
• Yerning chirog‘i — Quyosh, odamning chirog‘i — ilm.
• Kambag‘alning qo‘li hech qayerga yetmaydi.
• Buqani eshak bilan qo‘shib qo‘ysang, buqa ham tepishni o‘rganadi.
• Majburiy qilingan ish ish emas.
• Yurakka ignaning uchi ham yetadi.
• Otda o‘tirgan piyodani o‘ylamaydi.
• Kuch quyoshgacha yetadi.
• Kuchli yig‘lashni bilmaydi.
• "Bilmayman" deyish uyat emas.
• Suvni qancha ko‘pirtirma, tugab qolmaydi.
• Shirin so‘zga hech kim to‘ymaydi.
• Otdan tushib eshakka mindi.
• Ko‘r merganlikni orzu qilarkan.
• Haddan tashqari yaxshilik ham yomonlikdir.
• Aytilgan so‘zni otilgan o‘q kabi ushlab bo‘lmaydi.
• "Ko‘mir" deganing bilan kuyib qolmaysan.
• Boshingga kulfat tushdimi — hamma sendan qochadi.
• Bo‘rining o‘limi hech kimga kulfat emas.
• Ilonning o‘limi boshida.
• Butun terini shilib bo‘ldim, dumiga kelganda pichoq sinib qoldi.
• It unga ism qo‘ygan odamga o‘xshaydi.
• It itni sevadi, eshakning ko‘nglida eshak bo‘ladi.
• Quyosh hammaga birdek nur sochadi.
• Quyosh va yer insonni boqadi.
• Quyosh ham uzoqda, lekin isitadi.
• Cho‘ponsiz poda — bo‘riga yem.
• Po‘lat olovda toblanadi, inson — kurash va qiyinchilikda.
• Eski suyak qattiq bo‘ladi.
• Qari qushni xo‘rak bilan tutolmaysan.
• Qari buqa kechasi ham molxonani topa oladi.
• Qari buqa jo‘yakda yurishni biladi.
• Qo‘rquv o‘limdan qutqarmaydi.
• Shuhratga intilib sharafsiz qolma.
• Dunyoni egallashga emas, uning ilmini olishga intil.
• Og‘rimasdan va qizg‘onmasdan yashagan — baxtli.
• Ishonmasga yashash oson.
• Kambag‘alning qorni bayram kuni og‘riydi.
• O‘g‘rining xotini ham o‘g‘irlangan.
• Mehmonning ko‘zi katta.
• Xasis ro‘za ham tutmaydi, bayram ham qilmaydi.
• Sening qorningda ham bayram, menda aza ham yo‘q.
• Begona joydagi ovqatning mazasi shirin.
• Buqa o‘lsa — go‘sht, chana sinsa — o‘tin.
• Ilon chaqishi qilich zarbasidan ham qo‘rqinchli.
• Aqlliga olov — issiqlik, nodonga — kuyish.
• Aqlli qiyin ishga shoshilmaydi.
• Aqlli o‘z xatosini o‘zi payqaydi.
• Cho‘kayotgan ho‘l bo‘lishdan qo‘rqmaydi.
• Mevalar ham o‘z vaqtida yaxshi.
• Maqtanchoq bo‘ridan qo‘rqmasdi, lekin sichqondan ham cho‘chib tushdi.
• Nonni chaynash ham oson emas.
• Yaxshi narsalarni ko‘chaga uloqtirmaydilar.
• Sotib olmoqchimisan — savdo qilma.
• Menga yaxshilik qilmoqchimisan — uni qora kunimda qil.
• Odam hamma narsani ko‘taradi.
• Inson mehnat uchun yaralgan.
• Odam odamga doim kerak.
• Odam — ko‘z va qalb.
• Hayvon qancha katta bo‘lsa, uning ovchisi shuncha ko‘p bo‘ladi.
• Yolg‘onchi rostgo‘yga do‘st emas.
• Shamol nimani olib kelsa, o‘shani olib ketadi.
• Ertalab ulgurmagan ishingni oqshomda tugat.
• Otangga nima qilsang, ertaga bolang ham senga shuni qaytaradi.
• O‘ylash uchun ham kalla kerak.
• Til toshni o‘yadi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.