OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tuva xalq maqollari (64)

Tuvalar (o‘zlarini tыva, soyot va uryaxaylar deb ataydilar), Rossiyadagi turkiy xalq. Tuvining tub xalqi (235,3 ming kishi, 2002). Rossiya Federatsiyasidagi umumiy soni – 243 ming kishi (2002). Shuningdek Mongoliya (25 ming), Shinjon (3 ming)da yashaydilar. Tuvalarning umumiy soni – 270 ming kishi. Tuva tilida so‘zlashadi. Dindorlari — lamachilar.


• Mahmadonalik ― foydasiz, kamgaplik ― zarar emas.
• Izlasang ― topasan, istasang ― erishasan.
• Ertaning moyidan bugunning choyi afzal.
• Dangasalikdan ― maqtanchoqlik, ochko‘zlikdan ― o‘g‘rilik.
• Irodasiz kuch yo‘q, tuzsiz maza yo‘q.
• Toshgan suvda baliq bo‘lmaydi, maqolda yolg‘on bo‘lmaydi.
• Tuya butani yesa echki ajablanarkan, echki qoyaga chiqsa tuya hayratlanarkan.
• Kigiz kengayadi, odam o‘sadi.
• Bugun bir marta bug‘u o‘ldirgan joyda har kuni ov qiladi.
• Tog‘ otni qiynaydi, fe’l-atvor ― odamni.
• Ko‘ngilchanlikni jazolab bo‘lmaydi.
• Orqa tuyoq old tuyoq ortidan boradi.
• Taxtani randalasang ― tekshir, gapirishni boshlasang ― o‘ylab ol.
• Bo‘rini podani asrashga qo‘yma, cho‘michni ochko‘zga berma.
• Haqiqatdan afzal so‘z yo‘q.
• Badguzumonlikdan kasallanadilar, umiddan tuzaladilar.
• Taqlidchi ― aks-sado kabi, tadbirkor ― igna kabi.
• Qorovul xondan battar.
• Baliq boshidan sasiydi, terak o‘zagidan chiriydi.
• It jutdan semiradi, lama kasallikdan.
• Shoshgan sichqon sutda cho‘kadi.
• Inson o‘ladi, jasorati qoladi.
• Rahbar jazo bilan semirmaydi, it ― so‘lak bilan.
• Shamol bo‘lmasa, giyoh ham qimirlamaydi.
• Uquvsizga tong ham tunday.
• Boy kambag‘aldan so‘ramaydi.
• Kasallik kichik bo‘lsa-da, azobga yetaklaydi, olov kichik bo‘lsa-da, yong‘inga olib keladi.
• Yolg‘izlik ― zaiflik, birlik ― kuch.
• Shodlik kunda yig‘lab, qayg‘uli kunda kuladilar.
• Tuya qarib, bo‘taloq o‘sadi.
• Suv burnigacha yetsa, buzoqcha ham suzib yuboradi.
• G‘oz ortidan quvigan qarg‘a oyog‘ini muzlatib qo‘yibdi.
• Tog‘ baland bo‘lsa ham yemiriladi, dengiz chuqur bo‘lsa-da quriydi.
• Yerga go‘ng solsang, hosil beradi.
• Kichkina dangasa katta dangasa bo‘lib ulg‘ayadi.
• Ona sutini ichgan ey do‘stim, nega kibrlanasan?
• Ko‘p yashagan ko‘p ko‘radi.
• Yomon qarindoshdan yaxshi do‘st afzal.
• Sendan oldin yiqilgan do‘sting ustidan kulma.
• Yeyishni boshladingmi ― oxirigacha ye, gapirishni boshladingmi ― oxirigacha gapir.
• Hamma egri ham tuya emas.
• Tog‘ni ko‘rmasdan dalani tashlama, suvni ko‘rmasdan etikni yechma.
• Bitta uchqun ― alanga emas, bitta odam ― xalq emas.
• Uchqundan ― yong‘in, yomg‘irdan ― toshqin.
• Yursang ― omadga erishasan, yurmasang ― o‘zing aybdorsan.
• Olish oson, berish qiyin.
• Ishdan so‘ng ovqat shirin.
• Bo‘rttirish ko‘pikka o‘xshaydi.
• Yaxshi kutib olib, yomon kuzatadilar.
• Xalqning yo‘li keng.
• Bola o‘zi yiqilsa, yig‘lamaydi.
• Keyin o‘sgan shox avval o‘sgan quloqni yirtadi.
• Irmoq qo‘shilib ― daryo bo‘ladi, odam qo‘shilib ― kuch bo‘ladi.
• Qarilik ― shodlik emas.
• Kattalarni hurmat qil, kichiklarni tarbiyala.
• Qari ot yo‘ldan adashmaydi.
• Yomon tildan ehtiyot bo‘l.
• To‘qqa qo‘zichoqning dumbasi ham qattiq.
• Otarga cho‘pon kerak, odamga ― do‘st.
• Ozg‘in ot semiradi, kasal odam tuzaladi.
• Xalqdan o‘rgan, yerdan foydalan.
• Kuchli bo‘lsang ham ko‘kragingni kerma.
• Sigiring sut bermasa ham idishni tayyorlab qo‘y.
• Ota ko‘rmaganini bola ko‘radi.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.